Tohir Malik. So'nggi o'q (qissa)  ( 141037 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 28 B


shoir  15 Iyul 2006, 07:31:22

Bu gap qo‘rboshiga malol keldi. Zokirxo‘jaga o‘qrayib qaradi;
— Boring, hozirligingizni ko‘ring. Madaminbekni pastdagi qishloqda qarshi olamiz. Qarorgohimizga kelib bu yerlarni bulg‘ab yurmasin.
Zokirxo‘ja qo‘rboshining bu qaroridan bildiki, uning niyati buzuq. Bir shumlikni diliga tukkan. Pastga tushib qishloq atrofiga qo‘yilgan pistirmalarni ko‘rgach, Xudodan qo‘rboshiga insof tiladi. Madaminbek bilan kelgan odamlar orasida akasini ko‘rib, adashganlarga rahm etishni so‘rab Ollohga nolalar qildi.
Qo‘rboshi g‘azabini ham nafratini ham yashirmadi. Madaminbek shunday bo‘lishini oldindan bilganmi, bu g‘azab, bu nafratni mayin jilmayish bilan yengmoqchi bo‘lib qo‘rboshining izidan uyga kirdi. Zokirxo‘ja ularga ergashmay, bir nafas hayalladi. Akasini chetga tortib shivirladi:
— Odamlaringiz shuginami?
— Ha. Biz sulhga keldik, hammamiz qurolsizmiz.
— Tezda keting bu yerdan. Hech kim omon qolmaydi. Sulhga umid qilmang.
Zokirxo‘ja shunday deb ichkari kirganida qo‘rboshi Madaminbekka dag‘dag‘a qilmoqda edi:
— Erkimizni o‘zimizga beradigan bo‘lsa, ikki yil qilich choparmidi? Yo‘q, bek, agar shu va’dalarga inongan bo‘lsangiz lodonsiz. Agar shu gapga ishonsak, nevara-chevaralarimiz bizni qarg‘ab o‘tadilar. Bu gapga ishongandan ko‘ra, bitta qolmay qirilib ketsalaring bo‘lmasmidi, deydilar. Sen lodon emassan, bek, sen — xoinsan!! Sening boshingni o‘z qo‘lim bilan uzaman. Bu dunyoda ko‘p gunohlar qildim. Endi Xudo yo‘liga bir savob qilay...

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:31:30

«Muzokara» deb atalmish bu uchrashuv kutilmaganda tez tugadi. Madaminbekning aytar gaplari o‘zi bilan ketdi. Kim haq, kim nohaqligi sir bo‘lib qoldi. Zokirxo‘ja tashqariga chiqib Madaminbekning chopib tashlangan odamlarini ko‘rdi. Shahidlar orasida akasini topmay, ko‘ngli bir qadar tinchidi. Akasining pistirmalarni dog‘da qoldirib, qishloqdan qanday chiqib ketganini bilmaydi. Qo‘rboshi Qashqardan panoh topib, o‘zi esa uyiga qaytgach, akasini bir martagina ko‘rdi. «Minnat bo‘lmasin», deb o‘sha mash’um kechani eslamadi.
Zokirxo‘jani hibsga olganlarini akasi ko‘rdi. Biroq oraga tushmadi. Bir og‘iz gapirmadi ham. Aytiladigan so‘zlar qiyomatga qoldi. U shundan alamda.
Sovuq o‘lkada terlamadan holdan ketib jon taslim qilayotgan Zokirxo‘ja umrining bir chimdimi haqidagi hikoyani Jahongirga aytib bergan edi. Boshga tushib ko‘z ko‘rgan o‘zga voqealarni esa xotirasining zimiston chodiriga o‘rab yer bag‘riga o‘zi bilan olib ketdi.
Zokirxo‘janing sovuq o‘lkadagi bir necha kunlik umri, bir chimdim hikoyasi necha yillardan beri Jahongir bilan tirik yuribdi. Jahongir Zokirxo‘janing omonat gaplarini topshiray deb uning akasini ikki marta qidirdi. Birinchi gal uchrata olmadi — uzoq safarda ekan. Ikkinchi marta xunuk xabar eshitdi — Mirsharopov bilan birga qamoqqa olinib, otib tashlanibdi — u xalq dushmani ekan...
Jahongir hozir ana shularni esladi. «Zokirxo‘ja akasiga so‘nggi so‘zini ayta olmadi. U ham shunday bo‘lgandir. Qiziq, akasi qo‘liga kishan urilganda Zokirxo‘jani yodga oldimi? Oraga tushib ukasini qutqarib qololmaganidan o‘kindimi? U dunyoda aka-uka uchrashib nimalarni gaplashdilar ekan?..» Shu savoldan Jahongirning yuragi hapqirdi. O‘zlari-chi? Hademay u dunyoda diydor ko‘rishganlarida nimalarni gaplashadilar?
Sasib ketgan qamoqxonada bedor yotgan Jahongirning miyasini shu savollar kemirar edi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:31:51

4. SIRTMOQNI KIM TASHLAGAN?

Parda-devor ortidagi ayol ko‘nglidan kechgan gaplardan bexabar mayor Solihovni Qirqbel qishlog‘ida nimalar kutyapti ekan?

Kechasi bilan ezib yoqqan qor aralash yomg‘irdan so‘ng iyig‘i chiqqan yo‘ldan mashina yura olmadi.  Yo‘l tikkalagani sayin g‘ildiraklari chirpirak bo‘lib aylanib, loyga botib qolaverdi. Bu ahvolda Qirqbel qishlog‘iga yetolmasligini sezgan mayor Sanjar Solihov mashinadan tushdi. Kapitan Jabborov ham noiloj unga ergashdi. Kapitan ehtiyot bo‘lib qadam bosishga qanchalik harakat qilmasin, birpasda oyog‘idagi botinka loyga botdi. Etik kiyib olmaganidan afsuslandi. «Yo‘lning bunaqaligi tushimga kiribdimi», deb o‘zini o‘zi oqladi. Harbiychasiga katta-katta qadam tashlayotgan mayorga yetib yurish qiyin edi. Mayorning yurishi aslida shundaymi yo atay tezlab ketyaptimi, Jabborov bilolmadi. Mayor orqada kelayotgan hamrohiga qaramasdi. Uning xayoli turmada o‘tirgan Jahongirda edi. Fe’li, xatti-harakati bir-biriga o‘xshagan jinoyatchini topish qiyin. U Jahongirga o‘xshagan nusxani shu paytgacha uchratmagandi. Peshonasida yozuvi bor bu odam uni aldab qorong‘i g‘orga kiritib yuborganday edi. Solihov Jahongir bilan bo‘lgan so‘nggi suhbatni o‘ylab borardi. Jabborov esa buni boshqacha tushunib «Men bilan gaplashgisi yo‘q ekan, nima qilardi tinchimni buzib», deb o‘yladi. Besh qadamcha orqada qolib kelayotgan Jabborov bir oz nafas rostlab olish maqsadida mayorni gapga tutdi:
— O‘rtoq mayor, bu qishloqqa avval ham kelganmisiz?
Solihov to‘xtab orqasiga o‘girildi.
— Yo‘q, birinchi kelishim, — dedi u, Jabborovning maqsadiga tushunmay. — Nimaga so‘rayapsiz?
— Yurishingizga qarab, yo‘lni bilarkansiz, deb o‘ylabman.
— Bu atrofda boshqa yo‘l ko‘rmaganim uchun tikka boryapman.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:31:59

Ikki chaqirim yo‘lni it azobida bosib o‘tishdi. Yaxshiki, qishloq soveti raisining xonasi issiqqina ekan. Hali qaynog‘i o‘lmagan choydan bir piyola ichib, onadan qayta tug‘ilganday bo‘lishdi.
Rais Solihovning gaplarini eshitgach, u ko‘rsatgan suratlarga diqqat bilan tikildi.
— Mana bu odamni ko‘rganman. Asli shu qishloqlik deb eshituvdim. Lekin o‘zi bilan hamsuhbat bo‘lmaganman. Bu odamni esa... — rais marhum Sharipovning suratiga ajablanib tikildi, — kimgadir o‘xshaydi, yo‘q, tanimadim bunisini.
— Bu odamning ismi Jahongir. Yoshi ellik oltida. Tug‘ilgan yeri shu Qirqbel qishlog‘i. Uni kim tanishi mumkin?
— Unimi?.. Damin aka. Qishloqqa kelsa, Damin akanikiga qo‘nar ekan. ammo-lekin... Damin aka ham o‘tirib chiqqan. Bir balosi bormi, deyman bularning. Chaqirtiraymi?
— Ha, tezlik bilan odam yuboring, — dedi Jabborov. — Bitta odam qo‘shib bersangiz o‘zim olib kelaman.
— Yo‘q, to‘xtang, — dedi Solihov Jabborovga qarab. — Bu yerga olib kelsangiz undan gap ololmaysiz. O‘zim boraman. — Mayor shunday deb raisga o‘girildi. — Damin aka deganingiz kim, nimaga qamalgan.
— Qishloqda muallimlik qilgan, deyishadi. Urush arafasida qamashgan. Man etilgan kitoblarni targ‘ib qilar ekanmi-ey. Xullas, aksilinqilobiy ishlar bilan shug‘ullangan.
— Aybini o‘zingiz ham aniq bilmas ekansiz.
— To‘g‘ri, bilmayman. Men bu qishloqda yangi odamman.
— Unda yo‘l ko‘rsating. Damin akanikiga o‘zim kirib chiqaman.
— Malol kelmasa, men ham borsam? — dedi Jabborov piching ohangida. Mayor uning «Ho‘v, akaxon, biz ham yuribmiz orqangizdan ergashi-ib», demoqchi ekanini tushundi.
— Siz... — Solihov unga javoban «botinkangizni quriti-ib o‘tiraturing», demoqchi edi, biroq begona odam oldida mulzam qilishni istamadi. Quruqqina qilib: — Yuring bo‘lmasa, — deb qo‘ydi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:32:10

Damin aka deganlari qishloqning adog‘ida yashar ekan. Qishloqdagi uylar yelkama-elka turgan odamlarday yonma-yon qurilgan, tomlari tomlariga ulanib ketgan. Do‘nglikka qurilgan bu uy esa xuddi moxovlarning boshpanasiday ajralib turardi.
Tomiga qalin loy bostirilgan, devorlari ancha nurab qolgan o‘yning eshigini Solihov asta taqillatdi. Dam o‘tmay eshik g‘ijirlab ochilib, ostonada jikkakdan kelgan, ko‘zlari chaqchayib turgan odam ko‘rindi. U notanish, kutilmagan mehmonlarga bir nafas ajablanib qaradi-da, taraddudini oshkor etib qo‘ymaslik uchun ularni darrov ichkariga taklif etdi. Daminning jussasi kichik bo‘lgani bilan ovozi guldirakday edi. Bu ovozni eshitib, bu jussani ko‘rgan odamning ajablanmasdan iloji yo‘q edi. Solihov ham ana shu ajablanish bilan uning izidan ichkari kirdi.
Imorat tashqaridan mung‘ayib ko‘ringani bilan, ichkarisi orasta edi. Tokchalarga kitoblar tartib bilan terilgan. Taxmonning yarmiga yetib-etmay ko‘rpa taxlangan. Uy to‘ridagi sandalga yopilgan biroz uringan ko‘rpa ustiga ozoda dasturxon yozilib, guldor patnis qo‘yilgan. Xonada bulardan bo‘lak ko‘zga tashlanuvchi jihoz yo‘q. Xonaning orastaligi uy egasining nozik ta’bidan darak berib turardi.
Poyabzallar yechilgach, mezbon ularni tanchaga taklif etdi. Mehmonlar joylashib o‘tirib olishgach, u daf’atan:
— Sizlar enkevededanmi? — deb so‘radi.
— Men oblast jinoyat qidiruv bo‘limidanman. Bu kishi — kapitan Jabborov, rayondan. Qiziq... bizni qaerdan bildingiz?
— Ko‘zlaringiz aytib turibdi. Ayniqsa, bu kishiniki. Tabib tabibmas, boshidan o‘tgan tabib deyishadi-ku? Sizlarga o‘xshaganlarni xo‘b ko‘rdim. Olam tinchidi, deb shukr qilib o‘tirsam, hali meni unutmabsizlar-da, a? Bu deyman, qolgan-qutgan gunohlarimni titkilib topganga o‘xshaysizlar.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:32:19

— Damin aka, sizning gunohingizni izlab kelmadik. Bir yumush yuzasidan bezovta qilib o‘tiribmiz. Daydidaradagi qotillikni eshitgandirsiz?
— Ha... — Damin shunday deb uf tortdi. — Jahongirni qamabsizlar, eshitdim. Jahongir menikiga kelib turardi. Buni ayg‘oqchilaringiz yetkazishgan, albatta. Hammayoqda ayg‘oqchilaringiz urchib yotibdi. Lekin aytib qo‘yay, Daydidaradagi ishdan bexabarman.
— Biz sizdan gumonsirayyotganimiz yo‘q. Ayrim narsalarni aniqlashda yordamingiz kerak, — dedi Solihov.
— Yordam bermasam-chi? — dedi Damin unga tik qarab.
— Bu endi vijdoningizga havola.
— Shunaqami? — Damin tiz cho‘kib, qo‘llarini patnisga tirab, Solihov tomon sal engashdi. Bo‘yin tomirlari o‘ynab ketdi. Shu turishida o‘ljasiga tashlanishga shay turgan qoplon vajohatiga kirdi. — Vijdonimg havolami? — uning ovozi titrab chiqdi. — Meni oborib tiqib qo‘yganlaringda vijdondan gapirmagan edilaring. Men nima uchun sakkiz yil o‘tirdim? Julqunboyni odamlarga o‘qib berganim uchunmi? Xo‘sh, Qodiriy dushman emas ekan-ku? Oqlandi-ku? Yoqib yuborgan kitoblaring zararli emas ekan-ku? Bular kimning vijdoniga havola? Daydidarada bir cholni otishibdi. Qotilni izlab yuribsanlar. Qodiriylarni otganlarni kim qidiradi, kim jazolaydi? Mening ko‘z oldimda jarga olib chiqib otishardi odamlarni. Gunohlarini bilmay ketishdi u bechoralar. Bu qabohat kimning vijdoniga havola?! Suvdan quruq chiqasanlar hammalaring. Bor gunohni mo‘ylovga to‘nkab o‘zlaring farishtaday yuribsanlar.
Ovozda paydo bo‘lgan titroq butun badanga ko‘chdi. Solihov «Mayli, dardini to‘kib olsin, keyin gaplashish oson bo‘ladi», deb indamay o‘tirdi. Jabborovning ko‘ngliga esa g‘ulg‘ula tushdi. Nazarida Damin aynan uni ayblayotganday, hozir uning yoqasidan olib «Barcha begunohlarning qotili shu», deya ayyuhannos soladiganday edi. Jabborov Daminga ham biroz hadik, ham biroz nafrat bilan qarab qo‘yar edi. «Mening qo‘limga tushganingda omon chiqmasding, g‘alamis, — deb o‘ylardi u. — Gapirib ol, kuning tug‘di. Hali biz gapiradigan zamonlar ham yana kelib qolar. Sendaqalarning tuxumini quritib yuborish kerak edi. Hechqisi yo‘q, shunday kun ham keladi...»

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:32:27

Damin hayajonga berilib so‘zini yo‘qotdi. Solihovning xotirjam o‘tirishi ta’sir etib, joyiga cho‘kdi. Chuqur xo‘rsindi.
— Damin aka, ho‘lu quruq baravar yondi, bilaman. Sizga tasalli bermoqchimasman. U kunlarni unuting, deyolmayman. Vaqti kelib aybdorlar yuzaga chiqishadi. Lekin biz hozir Daydidaradagi qotilni topishimiz kerak. Vazifamiz shu.
Bu gapdan keyin oraga sukut cho‘kdi. Damin ko‘rpaning bir chetini ko‘tarib otashxonadan choynakni oldi-da, chegalangan piyolaga choy quyib Solihovga uzatdi.
— Aybga buyurmang, inim, jahl kelsa, aql ketadi. Shunaqada odamgarchilikni unutib qo‘yarkansan. Bir tomoni qarichilik, bir tomoni o‘tmish... Shu uyda qishloqning kattayu kichiga to‘planardi. Men ularga Otabek bilan Kumushning qismatini o‘qib berardim. Qayta-qayta o‘qirdim, biroq baribir kelaverishardi. Bir kuni oqshomda ikki kishi bostirib kirdi. Qo‘limdagi kitobni tortib olishdi. Tokchadan ham bir-ikki kitobni saralab olib odamlarning ko‘z o‘ngida yoqishdi. Otabek ham, Kumush ham oh urib ko‘z o‘ngimizda yondi-ya! Voy, kitob ko‘r qilgurlar-ey, deyman, men-ku unsur ekanman, kitobda nima ayb? Uning ichida ertak, doston bor, alifbe bor-a!? Mana, Julqunboyni qayta chiqarishibdi. O‘qimasam ham bo‘lardi, chunki har bir harfi yod bo‘lib ketgan manga. Lekin qiziqib o‘qidim. Ko‘p joylarini tushirib qoldirishibdi. Bu qanaqasi bo‘ldi? Yozuvchini oqlaganing nima-yu, yozganini qaychilaganing nimasi? Shundan bo‘g‘ilib o‘tirgan edim, sizlar kirib keldingiz... Aybga buyurmanglar. Ana endi so‘raydiganingizni so‘rang, hovurim biroz bosildi.
Solihov yon cho‘ntagidan ikkita surat chiqarib Daminga uzatdi. Damin marhum Sharipovning suratiga uzoq tikildi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:32:37

— Kimgadir o‘xshatyapman.
— Uni ko‘rganmisiz? Balki Muhammadrizaev bilan birga kelgandir?
— Yo‘q, Jahongir yolg‘iz kelardi. Bu odam... oqsamaydimi? Chap oyog‘i sal kaltamasmi?
Solihov yelka qisdi: buni surishtirib ko‘rmagan edi. Damin jag‘ini silab yana suratga tikildi.
— Olamgirga o‘xshab ketadi.
— Kimga?
— Jahongirning akasi bo‘lardi. Ota bir, ona boshqa. U Jahon qamalgan yili chetga qochib ketgan. O‘likmi, tirikmi, daraksiz edi. Qosh-ko‘zi o‘xshab turibdi. Agar oqsoq bo‘lsa, shu — Olamgir. Bu odam ham kerakmi sizlarga?
— Daydidarada o‘ldirilgan shu kishi. Lekin uning ismi Olamgir emas — Siddiq Sharipov. Tug‘ilgan yeri — Yusufxona. Shunaqa qishloqni eshitganmisiz?
— Yo‘q, eshitmaganman, — dedi Damin bosh chayqab. — Daydidarada nima bor ekan unga?
— Shuni aniqlashimiz kerak-da. Damin, aka, to‘rtinchi yo beshinchi oktyabrda Muhammadrizaev uyingizga kelmaganmidi?
— Jahongirmi? Kelgan edi. Nima, rostdan ham uni qotil demoqchimisiz?
Solihov Jahongirning qotillikni bo‘yniga olayotganini aytib o‘tirmay «Shunaqa gumon bor», deb qo‘ya qodi. Damin peshonasiga shapatilib, bosh chayqadi.
— Voy sho‘rpeshona, peshonang buncha sho‘r bo‘lmasa, oshnam, endi bu ko‘rgulik bormidi senga?! Uni uch marta quruq gumon bilan qamadilaring. Bitta tirik jonga shuning o‘zi yetmaydimi?

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:32:47

— Damin aka, gumonga ishonib beayb odamni jazolamaslik uchun bu tomonlarga kelib yuribmiz.
Damin «bu odamlarga ishonsa bo‘larmikin», deganday kutilmagan mehmonlarga bir-bir qarab oldi.
— Jahon bilan bolalikdan oshnamiz. Mening savodimni shu oshnam chiqargan. Madrasa ko‘rgan alloma yigit edi. Jamiyatlaringga ko‘p foydasi tekkan bo‘lardi. Otasini kimdir kechasi otib qo‘ygan. Bir kuni, shunaqa kech kuz edi, oqshomda talato‘p boshlandi. Besh-o‘n kishi otildi. Shuning ustiga Jahongir kelib qoldiyu baloga uchradi. Talato‘pni boshlaganlar qochdi, jazoni Jahongir tortdi. Shundan beri u bechoraga kun yo‘q... Ha... gumonisirayotgan ekansiz, Jahongirning taqdir daftarini o‘qib chiqarsiz. Siz Jahon keldimi, yo‘qmi, deb so‘radingiz, a? Ha, keldi. Beshinchida ertalab keldi. Ustida yangi to‘n, boshida yangi do‘ppi. Oyog‘ida etik...

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:32:58

... Damin barvaqtroq ish boshlab tanchani ochmoqchi edi. Erta kelgan kuzning sovuq nafasini oyoqlari sezib sirqiray boshlagandi. Kech kuz, qish, erta bahorda uni bu azoblardan qutqaruvchi yolg‘iz panohi shu tancha. Sibirdan orttirib kelgan bu dardni faqat shu tancha oladi. Eshik-derazani lang ochib, namatni bir chetga surib endi bo‘yrani ko‘taraman, deganda Jahongirning ovozi eshitildi.
— Ha, ko‘chyapsanmi? — dedi u eshik og‘zini bulutday to‘sib.
— Endi ko‘chib qayga ham sig‘ardim, qishning g‘ami bu, oshnam, — dedi Damin bo‘yrani joyiga qo‘yib. Namatni qayta solaman deganda Jahongir unamadi.
— Meni senga Xudoning o‘zi yetkazdi. Kel, qarashvoray, — deb qo‘liga ketmon oldi.
Jahongir tanchani ochdi. Damin o‘choqqa o‘t qalab, qumg‘onni qo‘ydi.
Tanchaga cho‘g‘ tushib, bir piyoladan choy ichilgach, Daminning joni orom oldi. Jahongir tanchada uzoq o‘tira olmadi — oyog‘ini tortdi.
— Qanday o‘tiribsan, odamni yondiraman deyapti-ku?
— Ilohim oyoq og‘rig‘ini tortma, oshnam. Yildan yil yomon bo‘lyapti. Yolg‘iz yashashga qo‘rqadigan bo‘lib qoldim, — dedi Damin. — Bexos omonatimni topshirsam, shu tanchada sasib yotaveraman. Yolg‘izlik Xudoga xos, deb to‘g‘ri aytishar ekan. Odamzod kimlar bilandir birga yashashi lozim ekan. Endi ming oh uray, foydasi yo‘q. Xotinim birovga tegib ketgan ekan, men ham uylanavermaymanmi, etak-etak bolalarni tug‘dirib tashlamaymanmi?.. — Damin, ming la’nat, deganday qo‘l siltab qo‘ydi.

Qayd etilgan