Tohir Malik. So'nggi o'q (qissa)  ( 141078 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 ... 28 B


shoir  15 Iyul 2006, 07:33:21

— Qarib bir qop o‘tin bo‘lib qolibsanmi, hozir ham uylanib olaver.
— Qishloqda erga tegishi mumkin bo‘lgan bittagina beva bor. Madad qallobning bevasi. O‘shanga uylanaymi? Qancha odamni quritdi u ablah. Meni qamashganda ham guvohlik bergan. Endi kelib-kelib shuning sarqitiga uylanamanmi?
— Men «o‘sha bevaga uylan» dedimmi, buncha chirillaysan?
— O‘shani eslasam qonim qaynab ketadi. U ablah sal barvaqtroq o‘lib ketdi-da, hozir tirik bo‘lgandami?..
— Qo‘lingdan nima kelardi? Sotganlar, qamaganlar, otganlar — hammasi yuribdi davrini surib. Nohaqlik bir dumalab haqiqatga aylandi deysanmi? Aylangan bo‘lsa ham po‘stinini almashtirdi. Ichi o‘sha-o‘sha. Iblis o‘lgani bilan uning qabri atrofida faryod urayotganlardan qo‘rqqulik. Ke, qo‘y shu siyosatingni, gapirgan bilan foydasi yo‘q.
— Sen bir umr siyosatdan qochib yurding. Shuning uchun ham kosang oqarmadi.
— Seniki oqardimi?
— Men boshqa toifaman. Sen alloma toifasan. O‘zingni chetga olganing uchun Xudo seni jazoladi.
— Chetga olmaganlarni-chi?
— Gapni aylantirma.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:33:32

— Sen ham chaynalaverma. Har bir odamning o‘z siyosati, o‘z maqsadi bo‘ladi. Men Xudodan «maqsadimga yetkar», deb so‘rab yashadim. Maqsadimga qaysi yo‘llar bilan yetkarish yolg‘iz Ollohning ishi. Shu azobli yo‘llarni ma’qul ko‘ribdimi, hazor-hazor shukr. Meni turmalarga qamadilar. Ammo ruhim ozodlikda yurdi. O‘risning sovuq yerlarida jismim azob cheqdi. Biroq ruhim erkinlikda qoldi. Chunki ruhimni Ollohning panohiga berib edim. Yomonlik jabrini faqat menu sen ko‘ribmizmi? Sen qahringni sochaverma, yuragingni keng qil.
— Yuragim keng, oshna. Menda bitta emas, ikkita yurak bor. Biri yomonlar uchun zulmat bo‘lib qorong‘ulikka o‘raydi, ikkinchisi quyosh bo‘lib yaxshilarga nur beradi, — dedi Damin. Xayoliga kelgan bu dono fikrdan o‘zi ham mamnun bo‘lib, tomoq qirib qo‘ydi. Jahongir uning mamnunligini sezdi. U bunday holda Daminning fikrini ma’qullamagan odam baloga qolishini bilardi. Biroq, oshnasining fikrini to‘g‘ri deya olmas ham edi. Shu sababli Daminga tikilib, picha kutdi.
— Xudo bitta, — dedi u bosiqlik bilan, — odamning tili ham, dili ham bitta. Ikki dilli, ikki tilli, ikki Xudoli odam riyokor bo‘ladi. Sen musulmon farzandisan. O‘sha bittagina yuragingni barchaga teng ulash. Shunda Ollohga yorug‘ yuz bilan ro‘baro‘ bo‘lasan.
Damin bu gaplarni eshitib, boshini egib oldi. U vujudida uyg‘ongan g‘azabni bosib o‘tirardi. Uzoq yo‘l bosib kelgan oshnasiga qattiq gap aytib, ko‘nglini xira qilishni istamadi. Tizgin bo‘shab ketsa «Olloh, Olloh, deb yurib ko‘rgan kunlaring shu bo‘ldimi», deb ko‘p gaplarni aytib yuborishi, oshnasining yuragidagi yaralarni tirnab qo‘yishi mumkin.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:33:41

— Endi menga ijozat ber, — dedi Jahongir. — Safsata sotib jig‘ingga tegmay. Dunyo sening ko‘zingga boshqacha ko‘rinadi, menikiga boshqa. Aytishganimizning foydasi yo‘q. Men senga bir gapni aytgani atayin keldim: qolgan umringni toat-ibodatda o‘tkaz. Shuncha kitob o‘qiganing yetar.
— Menga xat o‘rgatgan odamning gapimi bu! — Damin endi jahlini yashira olmadi. — Men kecha-kunduz uxlamay kitob o‘qishim mumkin, lekin sen yozib bergan oyatlarni yodlayman, desam uxlab qolaman.
— Yosh bola emassan, esingni yig‘. O‘ligim tanchada qarovsiz yotmasin, desang, toat-ibodat qil.
Jahongir yuziga fotiha tortib, o‘rnidan turdi.
— Shu ketishda shaharga jo‘naysanmi?
— Yo‘q, hozir Daydidaraga borama. Oqshomda yoningga qaytaman. Bir dardlashib yotamiz. Balki qishloqda butunlay qolarman.
— E, bormisan, oshnam. Qo‘y, o‘sha shaharingni. Qariganda bir-birimizga suyanib yashaylik.
Jahongir qaytgach, Damin guzarga tushib go‘sht olib chiqdi. Qozon osdi. Sabzi-piyozni qovurib, do‘stini kutdi.
Jahongir quyosh botmay turib qaytdi. Yo‘lda yiqilganmi, o‘ng yengi loy. Rangi oqargan. Ertalabki bosiqligi, xotirjamligi yo‘qolgan. Lablari uchadi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:33:48

— Nima balo, bezgak tutdimi? — dedi Damin, uni qarshi olib.
— Shunaqaga o‘xshaydi, etim uvishyapti, — dedi Jahongir.
Damin uni tanchaga o‘tqazib choy uzatdi. Jahongir bir qultum ichib piyolani patnis ustiga qo‘ydi. Boshini egib ancha vaqt jim o‘tirdi. So‘ng «Olloh, gunohimni o‘zing kechir», deb pichirlab do‘stiga qaradi. Endi lablari uchmadi. Biroq ko‘zlaridan nur qochgan, qarashlarida ma’no yo‘q edi.
— Olloh yuz o‘girdi yana mendan, — dedi bo‘g‘iq ovozda. U bor dardini ana shu so‘zlard ifoda etdi.
— Dardingni menga ayt, malham bo‘larman, balki, — dedi Damin.
— Dardim... bu mening dardim... hech kimni sherik qilmayman. O‘zim bilan birga ketadi.
Jahongir shunday deb yana boshini egdi. Damin uning xatti-harakatida bir sir yashiringanini sezsa ham so‘rashga jur’at etmadi. Bu sir birovga aytiladigan bo‘lsa, Jahongir aytardi. Indamayaptimi, demak, so‘rashning foydasi yo‘q.
— Men guruch solay, — dedi Damin vazmin ohangda.
— To‘xta, o‘tir... men ketaman.
— Nasibangni tashlab ketma.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:33:55

— Nasibam... nasibam qirqilganga o‘xshaydi. Endi, oshnam, boshqa ko‘rishmasak kerak. Yaxshi-yomon gaplarim uchun, bergan osh-tuzing uchun rozi bo‘l. Men sendan roziman.
— Bu nim deganing? O‘limni bo‘yningga olmoqchimisan?
— Bilmayman... men o‘lmayman o‘lmasligim kerak, deb yashadim. Xudoyim dilimga bir niyat solgan edi. Shu niyat ushalmaguncha Olloh jonimni olmaydi, derdim. Niyatim ushalmadi. Umr bo‘yi Ollohim bergan barcha azoblarga shukr qilib don yetishtirdim. Yetishtirdimu chumchuqqa oldirdim. Endi... bilmayman... Mendan gap so‘rama... Agar o‘tganimni eshitib qolsang, ruhimga duo bag‘ishlasang bas.
— Yozib berganlaringdan birini yodlab o‘qisam o‘qirman, lekin Xudoga ishonmayman-ku, bu yog‘i qandoq bo‘ladi?
— Ertami-kechmi, baribir ishonasan. Bandaning boshqa yo‘li yo‘q.
U shunday deb fotiha o‘qidiyu turdi. Damin unga qarshilik qilmadi.
Jahongir qabriston tomon yurdi. U shirin uyquday bir o‘limni orzu qilgan edi. Bu orzuga yetishishi ham gumon bo‘lib qoldi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:34:03

Damin so‘nggi diydor kunini, do‘stining so‘nggi gaplarini aytib sukutga toldi. Mayor Solihov uning singan ruhiga yana azob bermaslik uchun darrov savolga tutmadi. Jabborov bezovtalanib soatiga qarab qo‘ydi. Uni hozir bu jikkak odamning gaplari qiziqtirmas, aksincha loy yo‘ldan iziga qaytish tashvishga solayotgan edi. Solihov hamrohining bezovtaligini sezib, unga norozi qiyofada boqdi.
Solihov Daminning ahvol-ruhiyasiga tushunib turardi, biroq u aytgan gaplar bilan kifoyalanib chiqib keta olmas, shu uchun sukutga ko‘p erkinlik berolmas ham edi.
— Muhammadrizaev nima uchun qabriston tomonga ketdi?
— Ena-otasi o‘sha yerda.
— Qishloqda boshqa hech kimi yo‘qmi?
— Yo‘q. Akasi qochib ketgan. Opalarini quloq qilgansizlar. Jahon ularni ko‘p qidirdi, topolmadi.
— «Don yetishtirdimu chumchuqqa oldirdim», deb nimani nazarda tutgan ekan?
— Kim biladi, bu bir mataldir-da.
— «Sharipovni men o‘ldirmoqchi edim, boshqa odam o‘ldirib ketibdi», degan gap emasmi?
— Bilmadim. Sharipovingizni men tanimasam, Jahon uni menga gapirmagan bo‘lsa.
— Muhammadrizaevning miltig‘i bormidi?
— Miltiq nima qiladi unda? U xudojo‘y odam edi. Odam o‘ldirganiga men ishonmayman.
— O‘zi bo‘yniga olyapti-ku?
— Sizlarning qo‘llaringizga tushgan odam qotillikni bo‘yniga olish u yoqda tursin, onasiga uylanishga ham rozi bo‘lib ketadi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:34:11

— Damin aka, besh qo‘l barobar emas. Bu gaplaringiz o‘rinsiz. Biz «bo‘yningga ol», deb zo‘rlamadik. Uni izlaganimiz ham yo‘q. O‘zi kelib bo‘yniga oldi. Qotillik yuz bergan joyda etigining izi bor. Bizga bir narsa qorong‘i: u Daydidaraga nima maqsadda borgan? Agar o‘sha yerda ishi bo‘lsa, nima uchun to‘g‘ri boravermasdan siznikiga keldi? U yerdan nima uchun yana siznikiga qaytdi?
— Tushunmadingizmi? — dedi Damin zarda bilan. — U meni xudojo‘ylikka burmoqchi edi. O‘lsa orqasida mendan bo‘lak yaqini yo‘q. Shu gapni aytib qo‘ymoqchi bo‘lgan.
— Marhumni uning akasiga o‘xshatdingiz. Agar shu odam rostdan ham akasi bo‘lsa buni sizga aytarmidi, «Akamni o‘ldirib ketishibdi», demasmidi?
— Aytish lozim bo‘lganini aytardi, lozimmasini aytmasdi.
Daminning keyingi gapida keskinlik sezildi. Solihov ortiqcha savol-javobga o‘rin qolmaganini anglab, o‘rnidan turdi.
Ular qishloq soveti idorasiga kirmay izlariga qaytishdi.
— Bu Damin deganlari balki Rizaev bilan birga borgandir Daydidaraga? — dedi Jabborov.
— Balki borgandir, — dedi Solihov e’tiborsiz ohangda.
— Uslubingizga tushunmayapman, o‘rtoq mayor. Rizaev bo‘yniga oldi, etigining izi tasdiqlab turibdi. Bu tasdiq ham yetmasa, ana, oshnasi ham aytyapti. Borgan. Sarosimada qaytgan. Nima uchun sarosimada qaytgan? O‘likni ko‘rib qo‘rqib ketganmi? Be, bunaqalar o‘likdan qo‘rqmaydi. Otishga otib qo‘yib esxonasi chiqib ketgan. Balki Xudo oldida gunoh qilib qo‘yganidan qo‘rqqandir?

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:34:21

— Ha, kommunistman, shuning uchun ham partiyaga dog‘ tushirgan ishlarga befarq qaray olmayman.
— Siz Daminga o‘xshaganlarni butunlay oqlab yanglishasiz. Gapiga tushunmadingizmi? Jamiyatimiz emas, «jamiyatingiz» dedi. U o‘zini bizning jamiyatga mansub deb bilmaydi.
— Faqat ugina emas, ko‘pchilik shunday fikrlaydi. Chunki jamiyat tizgini uzoq vaqt bizga o‘xshaganlar qo‘lida edi. Bu, birinchidan. Ikkinchidan, jamiyatni o‘zgartirishdan avval odamlar ichki dunyosini, ruhiyatini o‘zgartirish, ong darajasini ko‘tarish lozim edi. Avval jamiyatni o‘zgartirib olib, so‘ng odamlarni shunga mos ravishda o‘zgartirish mumkin emas. Biz ana shu mumkin bo‘lmagan ishni amalga oshirish uchun tish-tirnog‘imiz bilan kurashdik. Damin akaga o‘xshaganlar xavfli emas. Aksincha «jamiyatimiz!» deb ko‘krakka urib, jar soladiganlar xavfli.
— Men bu masalada siz bilan murosa qila olmayman.
— Shuning uchun bahslashib yurmasdan, qotilni topishni o‘ylaylik. Haq-nohaqni ajratadigan eng odil hakam — vaqt.
Loy yo‘ldan borayotgan bu ikki odamning fikri, dunyoqarashi oyoqlaridagi poyabzallari kabi xilma-xil edi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:34:32

5. FARZAND

Turmada ruhi azob chekib, Xudodan o‘lim tilayotgan Jahongirning dardiga yana sherik bo‘lishga to‘g‘ri keladi.

— «Muhammadrizaev, beshinchi oktyabr kuni  Qirqbel qishlog‘iga nima uchun bordingiz?
— Do‘stimni ko‘rgani.
— U bilan nimalarni gaplashdingiz?
— O‘zi aytgandir.
— Men sizdan eshitmoqchiman.
— Olloh yo‘liga qayt, bedinlardan yuz o‘gir, dedim.
— Yana?
— O‘lib qolganimni eshitsang, ruhimga duo bag‘ishla, dedim.
— Daydidaraga nima uchun bordingiz?
— Ov qilgani.
— Miltiqsiz-a?
— Kim aytdi?
— Do‘stingiz.
— Bekor aytibdi, miltig‘im bor edi. U meni asrab qolmoqchi bo‘lgan.
— Marhum oqsab yurarmidi?
— Yo‘q.
— Qaerdan bilasiz, yurganini ko‘rdingizmi?
— Ko‘rmadim. Nachaynik, chalg‘itmang meni.
— Daydidarada do‘stingiz Damin ham bormidi?
— Yo‘q edi.
— Murda atrofidagi uchinchi iz kimniki?
— Bilmayman.
— Boring, damingizni oling...»

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:34:45

Tepasi temir to‘r bilan yopilgan uzun dahlizdan yurib kelayotgan Jahongirning xayolida shu savol-javob charx urardi. Har bir qadam tashlashi — bir savol. Har bir qadami uni mavhum olamga tortadi. Eshik sharaqlab ochiladi. Bu hibsxona eshigi emas — o‘sha mavhum olam eshigi. Undagi temir karavot ham, qattiq yostiq ham — barchasi mavhum. «Bu dunyochi? Bormi o‘zi bu dunyo? Xudo bu dunyoni nima uchun yaratdi? Odamlarni sinash uchun... Men o‘tolmayapmanmi bu sinovdan?..»
Jahongir shu o‘y bilan band bo‘lib ichkari kirdi. Karavotiga o‘tirdi. Hech kim undan «holing nadir», deb so‘ramadi. Jahongir atrofiga qaradi: unga e’tibor beradigan zot ko‘rinmadi. Avvalgi kuni shunday bo‘lishidan rizo edi. Bugun o‘kindi. Daminning yolg‘izlik haqidagi aytgan gapini eslab o‘tirganida shundaygina yuvingich yaqiniga qo‘yilgan karavot temiriga peshonasini bosib turgan odam o‘krab yubordi. Qamoqxona uchun bunaqangi yig‘i, dodlash, faryod urish yangilik emas. Erkdan mahrum bo‘lishni har kim har xil hazm qiladi. Birov tinmay xo‘rsinadi, birov oh uradi. Jahongirga o‘xshab avval ham qamoq jabrini tortganlar bunday manzaraga aytarli e’tibor bermaydilar. Chunki faryod urgan odam biroz fursat o‘tmay o‘zini bosib oladi, qilgan ishidan xijolat ham tortadi. Shu sababli g‘amga bandi bo‘lib to‘lg‘onayotgan odamni xoli qo‘yish kerak. Qamoqxonaning taomili shu. Biroq taomil deganlari har qadamda buzilgani kabi bu yerda ham chetlab o‘tilishi tabiiy. Faryod urayotgan kimsaga dalda beruvchi, yupatishga urinuvchi mehribonlar topildi. «Qo‘ying endi, o‘zingizni bosing», degan gaplardan keyin u battar avjiga chiqdi. Eshikka otilib, mushtlari bilan do‘mbira qila ketdi.
— Berahmlar, zolimlar! — deb qichqirardi u bor ovozi bilan. Qo‘yvorlaring meni, hech bo‘lmasa bolalarimni o‘z qo‘lim bilan qo‘yay yerga. Oxirgi marta bir ko‘ray bolalarimni!..
Odam temir eshikni ura-ura toliqdi. Uni karavotiga qaytardilar.

Qayd etilgan