Tohir Malik. So'nggi o'q (qissa)  ( 140970 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 ... 28 B


shoir  15 Iyul 2006, 07:34:57

— Bu qanday ko‘rgulik, bu qanday ko‘rgulik-a! — U odam shu gaplarni takrorlar, dam-badam peshonasiga urib qo‘yardi. Bir mahal u o‘rnidan turib atrofga alangladi:
— Odamlar, ichlaringda biron musulmon bandasi bormi, o‘zi? Hech bo‘lmasa shu yerda janoza o‘qib qo‘yaylik.
Hech kimdan sado chiqmagach, Jahongir unga yaqinlashdi:
— Birodar, janozani murdaning tepasida o‘qishgandir. Gaplaringizdan ma’lum bo‘ldiki, boshingizga kulfat tushgan. Endi siz bilan bizdan lozimi — tilovat qilib, marhumlar ruhiga bag‘ishlash.
U odam gapi bama’ni, ko‘rinishi esa qo‘rqqulik Jahongirga picha qarab turdi-da, xuddi jigarini ko‘rganday quchoqlab olib, ho‘ngrab yubordi.
— Ikki bolam bilan beva qoluvdim. Shularning issiq-sovug‘idan xabar olsin, deb uylanuvdim. Ming la’nat menday otaga. Peshonamdan otishsin, mingdan-ming roziman. O‘sha yalmog‘izni o‘ldirganim uchun emas, o‘shanga uylanganim uchun, bolalarimni o‘gay onaga topshirganim uchun otishsin. Bolalarimning ko‘z yoshlarini to‘ktirganim uchun otishsin. Menday otani Xudo do‘zaxda kuydirsin. Do‘zaxga tushmasam rozimasman. Bolalarim norasida ketdi, hur ketdi. Ular jannatga boradilar. Men borolmayman ularning yoniga, ularning ko‘zlariga qarolmayman, jannatga borishni istamayman, do‘zaxda kuyay men, do‘zaxda!!! U yalmog‘iz ikkovini ham bo‘g‘ibdi-ya! Shunaqa yalmog‘iz borligini hech eshitganmisiz? Men uni bolta bilan chopib tashladim. Qiyma-qiyma qildim uni. Endi meni otishsin, peshonamdan otishsin. Aql kirmagan bu kallani majaqlashsin!

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:35:08

Jahongir uning yelkasini silab, indamay turdi. U odam gapdan tingach «Farzandlaringizga duoi fotiha lozim», deb qo‘ydi. So‘ng yengini shimarib yuvingichka yaqinlashdi. Na tahoratga, na tayammumga imkon bor bu joyda, nomiga poklanib olishgina mumkin edi. Jahongir karavotga o‘tirib tilovat qildi. Savobini marhumlarga baxshida etgach, qamoqxonaga o‘lik sukunat cho‘kdi. Taqdir shu toshdevor, tosh boshpana ostiga to‘plagan nasroniylar, ibriylar ham sukutda edilar. Bunday g‘am, bunday dard ayniqsa bu sharoitda din, millat ajratmaydi. Odamga pichoq urayotganda qo‘li qaltiramagan qotillar ham bunaqa paytda, ozgina bo‘lsa-da, ruhiy kechinmalarga bandi bo‘ladilar.
Hozir bu qamoqxonada shunday vaziyat hukmron edi. Ertaga o‘z taqdirlari nima bo‘lishini, jigargo‘shalaridan necha ming chaqirim nariga, necha yilga ketishlarini bilmay ezilib o‘tirgan odamlar ruhi qiymalandi. Odatiy gurunglar barham topdi. Jahongir darrov joyiga qayta olmadi. U odam Jahongirni panohkoraday bilib qolgan edi. Uning nazarida Jahongirning duoi fotihasi hur bolalarini to‘g‘ri jannatga, rohat-farog‘atga boshlab bordi. Jannatda ular onalari bag‘riga kirdilar. Bu yorug‘ olamda ro‘shnolik ko‘rmaganlarini, uylariga o‘gay ona kelgani va bir kechada o‘lim topganlarini aytib berdilar. Shunda ona nima qildi? Uni — otani qarg‘adimi?..
U odamning ko‘nglidan shunday gaplar o‘tib, ko‘zlari yoshlanar edi. Jahongir uning yuragini kemirayotgan gaplardan bexabar, o‘zining dardi o‘ziga yetsa-da, bu dilxastani yolg‘iz qoldirib nari ketolmas edi. Jahongir garchi o‘z bolasini ko‘rmagan, qo‘liga olib suymagan bo‘lsa-da, taqdiri noma’lum farzand dog‘ida kuygan, o‘rtangan, alalxusus bu odamning alamlarini his qila olardi. Xotini Xadichaning ko‘zi yoridimi, bolasi kimlarning qo‘lida qoldi: xo‘rlandimi, zorlandimi? Daydidaradagi chinor ostida otasining bir dunyo boyligi bo‘laturib musofirlikda bir burda non deb qaqshadimi?.. U tirikmi, u bilan diydor ko‘rishish nasib etadimi? Bu savollarga yillar javob kutib yashash uchun odam metindan bo‘lishi kerak. Yo‘q, metinga hadeb bolg‘a uraversangiz, u ham darz ketadi, yoriladi, parchalanadi. Jahongir esa hayotining sitam bolg‘alari zarbalariga dosh berdi — darz ketmadi, yorilmadi, parchalanmadi. Yorilay deganda, parchalanay deganda umid degan tiriklik suvi uni hayotga qaytardi, yuragiga darmon berdi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:35:19

Nihoyat... umid bulog‘ining tiriklik suvi quridi. Yurakdan darmon ketdi. Parchalanish ayon bo‘lib qoldi.
Jahongir bu odamni so‘roqqa chaqirganlaridan so‘nggina joyiga qaytdi. Karavotiga yonboshlab, ko‘zlarini yumdi. Kechadan beri Zokirxo‘jani eslayotgani uchun yana o‘sha dimiqqan, badbo‘y, nimqorong‘i vagon ko‘z oldiga keldi.
Zokirxo‘ja bilan tanishgan kunning ertasi edi. Yoshi ellikdan oshmagan Zokirxo‘janing gaplarini eshitgan Jahongir madrasada olgan bilimlarim hech qancha emas ekan-da, deb o‘tirardi. Poezd to‘xtab qolgan, odamlarning gaplashishga ham xushlari yo‘q edi. Tepadagi darcha sari bo‘ynini cho‘zib tashqariga qarayotgan uzun bo‘yli qotma kishi ruschalab bir nimalar deb yubordi. Keyin boshini changallab o‘tirdi. Jahongirning nazarida kimdir tashqaridan turib uning yuziga tosh-posh otgandek edi. Shu sababli unga yaqinlashib: «Nima bo‘ldi, birodar», deb so‘radi. Uzun odam darrov javob bermadi, bosh chayqagan holda o‘zbekchani sal buzibroq:
— Uzing kara, — dedi.
Jahongir oyoq uchida turib temir panjarali darchadan tashqariga qaradi. Bekatda katta odamlarga nisbatan juldur kiyimli bolalar ko‘p edi. Ularning ayrimlari to‘p bo‘lib o‘tirar, ayrimlari panaroq joylarda qo‘nishib yotar, ayrimlari o‘lja ilinjida pisib yurar edi.
— Yetimchalarmi bular? — deb so‘radi Jahongir.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:35:31

— Ha, yetimchalar, — dedi uzun odam. — Parvadigor bizni urgan mayli, bolalarda gunoh nima? Revolyutsiya degan ajdarni bizga yuborgan, mayli. Bolalarga nima uchun yuborgan? Bolalarni kiynash urniga bizni uldirmaydimi? Parvardigor bolalarni bizni kulimiz bilan kiynagan. Bolalarni bizni kulimiz bilan uldirgan. Bola — kelajak. Sin kelajakni kurding? Kelajak yuk indi. Ular Turkestan kitishyapti. Nonga kitishyapti. Turkestan non beradi, uy beradi. Lekin baxtni kim beradi? Ota-onasini kim beradi?
— Ha, qiyin bechoralarga. Xor bo‘lib ketishibdi, — dedi Jahongir.
— Bolaga baxt bermagan hukumat xalkiga kelajak bermagan. Bu yamon, judda yamon. Bu bolalarda indi raxm-shafkat bulmaydi, dust bo‘lmaydi. Bularda nafrat ko‘p buladi. Kiyin, juda kiyin. Buyuk Rossiya xarob bo‘ldi.
— Kim xarob qildi? — dedi Jahongir. Uzun odam yana afsus bilan bosh chayqadi.
— Biz... biz...
— Siz bizning ham tinchimizni oldingiz.
— Yuk, siz tugri gapirgan emas. Turkestan hali tayyor emas bunaka uzgarishlarga. Uzbek partiya yo‘k, nima kilishini bilmagan uzbek. Yarmi bolshevik kushuladi, yarmi turk kushuladi. Mujik bilmaydi. Rus mujik ham bilmaydi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:35:42

Poezd vagonlari bir-biriga sharaqa-shuruq urilib, siltanib-siltanib o‘rnidan jildiyu ularning suhbati uzildi. Vagonda Jahongir bilan Zokirxo‘jadan bo‘lak o‘zbek yo‘q edi. Shu sababli ular bir necha kun ichida og‘a-inidan ziyoda bo‘lib ketishdi. O‘sha bekatdagi voqeadan so‘ng o‘zbek tilini biladigan Sergey ham ularga yaqinlashdi.
— Uzbekchani qaerdan o‘rgandingiz? — dedi bir safar Jahongir. U aslida «nimaga o‘rgandingiz?» deb so‘ramoqchi edi, savolim qaltis chiqmasin, deb lutfga o‘rab shunday dedi. Sergeyga bunday savollar ko‘p berilardi. U savolning mohiyatini ham bilib turardi.
— O‘zbekning suvi shirin, noni shirin, a? — dedi u Jahongirga. — Tili-chi? Tili bemaza bulish niga kerak? Tili-da shirin. Urganmagan — bu gunah. Man dvoryanin, potomstvennûy dvoryanin. Kup til bilgan — madaniyat. Bilmagan — mujik. Angalading? Zokirxo‘ja oka arab til bilgan. Bu — madaniyat. Men rus ofitseri, otishga kelmagan. Menga maqsad timuridlar tarixini urganish bulgan. Revolyutsiya hammasiga yul berkitgan. Anglading?
— Gapingizni-ku, angladim. Biroq olam ishlarini — anglamay garangman. O‘ris o‘risni qamasa, o‘zbek o‘zbekni qamasa. Bu ne hol bo‘ldi? Musulmon bilan nasroniy bir sassiq vagonda yotsa?
— Musulmon-xristianin — bitta odam, — dedi Sergey unga e’tiroz bildirib. — Xudo bitta. Musa paygambar, Isa paygambar, Muxammad paygambar — Xudo elchilari. Xudo bitta. Faqat siginamiz har xil. Ibodatxona-da har xil. No, xudo bitta. Muhimi shu. Barcha odam teppa-teng. Ajratish gunax. Tugrimi, mulla Zakirxodja oka?

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:36:01

— Olloh barchani baravar yaratgan, — dedi jimgina o‘tirgan Zokirxo‘ja ularning suhbatiga qo‘shilib. — Muso alayhissalom bilana Iso alayhissalomga aziyat yetkurgan odamlardan Tangri-taolo g‘azabda bo‘lgan. Bu yorug‘ dunyoda odamlar bir-birlariga mehr-muhabbatda bo‘lib, yovuzlik urug‘ini yanchishlari lozim. Bu — Ollohning irodasi.
— Sizga barakalla, Zakirxodja oka. Ular bizni notugri kamadilar. Men Rossiyani sevgan. Siz-da, Turkestanni. Bu gunax emas, buyuk ish! Ular ham sevgan. Bu ham buyuk ish! Ular boshkacha sevgan, biz boshkacha. Bir-birimizni otgan, kamagan — buyuk ish emas. Odam bir-biriga tushungan zarur. Shunda Rossiya ham, Turkestan ham gullagan. Tugrimi, mulla Zakirxodja oka?
Zokirxo‘janing xayoli boshqa yerdamidi yo suhbatga aralashgisi yo‘qmidi, harholda noxushgina bosh silkib qo‘yaqoldi.
Manzilga yetib kelib, muz o‘yib, ma’dan qazisha boshlaganda ham ular yonma-yon edilar. Mehnat azobini birga baham ko‘rdilar. Lozim bo‘lganda Sergey tilmochlik qildi. Zokirxo‘ja og‘rib qolganida Jahongir bilan navbatma-navbat xabar oldi. Zokirxo‘ja omonatini topshirganda «Ma’murlardan tobut undiraman», deb harakat qildi. Jahongir «Odam tuproqdan yaralgan, tuproqqa qo‘shilib ketishi kerak», deb to‘sqinlik qilmaganida balki undirardi ham. Jahongir: «Odam bolasi tug‘ilishi bilan yuvintirilib, oqqa o‘raladi, u dunyoga ketishida ham shunday bo‘lishi kerak. Xo‘jayinlarga ayt, oq surp topib berishsin», dedi. Odamgarchilik nimaligini bilmaydigan odamlar bir mahbusining o‘ligiga surp topib berar ekanmi? Jahongir shuning fahmiga yetmay, bir musofirni odam qatorida yerga qo‘ymoqchi edi, umidi ushalmadi. Musofirlikda, yana erksizlikda o‘lish hech bir kimsaning boshiga tushmasin ekan. Jahongir Zokirxo‘jadan ajrab qolganiga emas, uning xor bo‘lganiga yig‘ladi. Otasini yerga qo‘yganda ham bunchalik ezilmagan edi. Xorlik yomon ekan, erksizlik yomon ekan. Buni Jahongir o‘shanda aniq his etdi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:36:10

Muz o‘yib, ma’dan qazib qabargan qo‘llar g‘aribona qabr qazdilar. Sovuqda muzlab saksovuldek bo‘lib qolgan tanani yerga ohista qo‘ydilar. Jahongir muz qabr oldida ancha turdi. O‘shanda uning yonida Sergey bor edi. Murdani ko‘mish uchun faqat ikki kishiga ruxsat berilgan edi. Jahongir na shirin noni, na shirin so‘zi bo‘lgan soqchilaru xo‘jayinlarning fe’lini keyinroq tushundi. Ilgari bu yerlarga ozodlik, yangi turmush istaganlar haydab kelingan. Endi esa o‘sha ozodlikni, yangi turmushni berishni istamaganlar mahbuslar kiyimida. Avvalgi mahbuslar esa ular ustidan hukmron. Shunday ekan, rahm-shafqat, odamgarchilik haqida so‘z bo‘lishi mumkinmi?
Qor uchqunlarini chirpirak qilib o‘ynab yuzlariga urilayotgan shamol ham, badan-badanlaridan o‘tib ketgan sovuq ham ularni qabr yonidan tezgina quvishga ojiz edi. Ular bu damda faqat Zokirxo‘jani o‘ylamasdilar. Har biri o‘z taqdirini ham o‘ylar edi. Cho‘kichlarni sudrab izlariga qaytar mahallarida bu o‘ylarning bir chimdimi tilga ko‘chdi:
— Mulla Zakirxodja azoblardan kutulgan, — dedi Sergey, — indi kiynalmagan. Xudo bilan gaplashgan. Xudo uni jannatga yuborgan. Mulla Zakirxodja e’tikodiga sotkinlik kilmagan. Bu yakshi! Juda yakshi! No, juda ogir. Mulla Zakirxudja chidagan. Fakat Vatandan uzokda uldi. Bu chatok. Biz ulmasligimiz kirak. Bizga yashash kirak.
— Mening o‘lishim mumkin emas, — dedi Jahongir, — Xudo menga o‘lim bermaydi, yelkamda yumush bor. Olloh ko‘nglimga solgan. Xudo xohlasa bu yumushni ado etganimdan so‘ng otamning yonidan joy beradi. Yuragimda bundan bo‘lak armon yo‘q. Men uyimdan uzoqdaman. Siz yaqinsiz. Siz Rusiyadasiz. Bu yerlar sizning yurtingiz. Mendan ko‘ra sizga osonroq...

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:36:17

Jahongir «otamning yoniga qaytaman», deganda ko‘z oldidagi oppoq muzlar, muzlar ustida uchib yurgan oppoq qor uchqunlari avval qip-qizarib ketdi. So‘ng asta qoraydi. So‘ng muzlar yashil tus oldi. qor uchqunlari to‘zigan shaftoli guliday ucha ketdilar. Jahongir entikib to‘xtadi. Ana — Qirqbel! Ana — bog‘lari! Ana... do‘nglik — qabriston... Teparoqda ajdarqoya...
— Singa nima bulgan?
To‘zigan shaftoli barglari yana qor uchqunlariga, yashil bog‘lar muzliklarga aylandi.
— Singa nima bulgan?
— Ko‘zim tindi.
— Tizrok yurganimiz kirak. Poshli.
Tez yurishga majol yo‘q edi.
— Sen uzingni maxkam tut. Uzing aytgan-ku «ulishim mumkin emas». Znachit, maxkam tut. Maxkam tutmagan — ulgan.
Qorayib turgan yog‘och uyga yetib borib ichkari kirishgach, jonlari biroz orom oldi, ammo badanlariga issiq o‘tmadi. Mahbuslar ishda, xona bo‘sh edi. Bunday paytlarda pech yoqilmasdi. Pech tunda, mahbuslar muzlab o‘lib qolmasliklari uchungina yoqilardi.
— Men mulla Zakirxodjaga achingan, — dedi Sergey. — U yalgiz. Bolasi yuk. Juda achingan. Kim eslaydi uni? Senda bola bor?
— Bor...
Jahongir shunday deyishga deb, seskanib ketdi.
— Nechta ugil-kiz?
— Bilmayman... hali tug‘ilmagan edi.
— Kechir meni... Singa ogir. Juda ogir. Minga ham ogir. Minda bitta ugil, bitta kiz. Ular Samarkand kolgan. Men bilmagan, ularga nima bulgan. Sen eslaysan, vokzalda yamon yurgan bolalar eslaysan? Men ularni kurgan, bolalarimni eslagan. Men chet mamlakat ulgurmagan. Karindoshlar ketgan.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:36:24

— Chet mamlakatga? — Jahongirning ko‘z oldiga otasi keldi. — Nima bor chet elda?
— Chet mamlakat yakshi. Uzbeklar ham ketgan.
— Ketgan, bilaman. Vatanni tashlab ketish — xoinlik. Ular xoin! Ular qorin qullari. Bu yerda ham bir kosa ovqatga qorin to‘yadi, chet elda ham. Xorijda ikki kosa icholmaysan baribir. Dadam rahmatli shunday derdilar. Hovlingizdagi itga suyak tashlamasangiz ketib qolmaydi-ku? Ular esa ketishdi... Ko‘rarga ko‘zim yo‘q ularni... — Jahongir shunday deb tishlarini g‘ijirlatdi. Ko‘ziga Ajdarqoya, undagi odamlar ko‘rindi. Agar ular hozir shu yerda paydo bo‘lib qolishsa, yoinki aksincha, Jahongir umri bir necha oy iziga qaytib o‘sha yerda bo‘lib qolsa, ularni g‘ajib tashlashga tayyor edi. Vatandan uzoqlarga olib ketayotgan oyoqlarni chopib tashlar edi. Vatanga ola qaragan ko‘zlarni o‘yar edi, noshukr so‘zlarni aytgan tillarni sug‘urib olar edi, o‘t qo‘ygan qo‘llarni sindirar edi...
— Sen notugri gapirgan... Mujiklar bizni kiynagan. Biz kitgan, ular xarob bulgan. Sung biz kaytgan. Rossiyaga biz kerak. Judda kirak. Ayt, sen, pul, uy bizniki yo mujikniki?
— Hammasi Ollohniki. Olloh bizni sinash uchun birimizga oz, birimizga ko‘p bergan. Yo‘ldan ozganlar boriga shukr qilishmadi. Bu qiliqlari bilan qiyomatni chaqirishdi. Subhi mahsharda gunohlariga yarasha mukofotlarini olarlar, inshoolloh. Mening rahmatli otam topganlarini berdilar faqirlarga. Olloh shuni istagan ekan, berdilar. U dunyoga imonlari pok ketdilar. Olloh istasa bizga yana beradi. Mol-dunyoga hirs qo‘ygan inson boylikka ega bo‘ladi, ammo ruhidan ajraladi. Mol achchig‘ida yurtdan yuz o‘girish shaytanatdur. Shaytonvashlik inson bolasiga yot. Olloh har bir bandasini shayton domgohidan salomat saqlasin.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:36:32

— Sin tushunmagan, sin bilmagan. Mujikda gunoh kup. Ularga Xudo yuk. Sin Nuh paygambarni esla. Mujik unga kulok solmagan. Xudo tufon yubargan.
O‘sha kuni ular uzoq gaplashdilar. Bahslashdilar. Bir necha kundan so‘ng Sergey kutilmaganda yana shu mavzuga qaytdi.
— Sin tugri gapirgan, — dedi u Jahongirga, — Vatandan ketgan notugri. Vatan bitta, uni sotgan vakshiy. Sen tugri aytgan. Senga Vatan — Turkestan. Senga kiyin. Turkestan madaniyatga kutarish kerak. Madaniyat yuk, savod yuk.
Jahongir bu gapni eshitib, unga norozi qiyofada boqdi.
— Singa yokmagan bu gap, lekin tugri. Besh yuz yil aldin yukari bulgan savod, madaniyat. Keyin uxlab kolgan Turkestan. Turkestan hozir ham uxlagan.
— Uxlagani rostdir. Lekin madaniyatsiz, savodsiz deyishga haqqingiz yo‘q. Men qishloqda o‘sganman, katta shaharda madrasa ko‘rdim. Shuncha yil yurtimizda yashab har mahallada maktab borligini bilmadingizmi?
— Nu, maktablar yakshi emas.
— Al Xorazmiy, al Beruniy, ibn Sino, hazrat Navoiylar ham shunday maktablarda bilim olganlar.
— Kani ular, yangi Navoi kani?

Qayd etilgan