Tohir Malik. So'nggi o'q (qissa)  ( 141076 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 ... 28 B


shoir  15 Iyul 2006, 07:39:05

Solihov «men o‘g‘lingizdan emas, sizdan so‘ramoqchiman», demoqchi edi, ayolning maqsadini tushunib qoldi. Erkagi yo‘q uyga kirish odobdan emasligini unutayozgan, ish yuzasidan deb bostirib kiraverishga o‘rganib ketgan ekan. Ichkaridagi xasta ovoz unga bunday qilish yaxshi emasligini anglatib qo‘ydi. Cho‘ntagidan chaqiruv qog‘ozi olib yozdi-da, darvoza tirqishiga qistirdi.
— Bu qog‘ozni o‘g‘lingizga berib qo‘ying, ertaga idoraga borsin.
— Bilmasam, vaqtlari bo‘larmikin, ishdalar.
— Bu qog‘ozni ko‘rsatsa, ishdan ruxsat berishadi. Kechikmay borsin. Aytmoqchi, qaerda ishlaydi o‘g‘lingiz?
— O‘zlaridana so‘raysiz.
Solihov ajablanib bosh chayqadi-da, iziga qaytdi. Muyulishda bir fikr xayoliga kelib choyxonaga qarab yurdi. U yerda ikki yigit shaxmat surib o‘tirardi. Choyxonachi derazadan Solihovni kuzatib turganmidi, kirishi bilan darrov peshvoz chiqdi. Shaxmat o‘ynab o‘tirgan ikki yigit unga bir nazar solishdiyu salom berib, yana donalariga tikilishdi. Choyxonachi likopchaga besh-olti parvarda solib, bir choynak choy bilan keltirib qo‘ydi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:39:15

— Rahmatli Siddiq oxunnikiga fotihaga kelganga o‘xshaysiz. Kecha bosh hadmni berishdi. Yo‘lchivoy bugun ishdadir. Bechoralarga javr bo‘ldi. Binoyi yurgan edi. Qo‘li ochiq odam edi rahmatli. Shu hovlini sotib olganidan keyin, ko‘chib kelmay turib bir qo‘y so‘yib xudoyi qildi. Ko‘chib kelganidan so‘ng mahallaga osh berdi. Kimningdir qasdi bor ekan-da, a? Sizam oxunlardanmisiz deyman-a?
Solihov kulumsirab iyagini silab qo‘ydi.
— Oxunga o‘xsharkanmanmi?
— Odam odamga o‘xshaydi-da.
— Siddiqjon akaning sihatlari yaxshimidi?
— Ha, hali baquvvat edi rahmatli. Oqsab yurishi demasangiz to‘rt muchasi soppa-sog‘ edi. Haftada ikki marta ulfatlari bilan shu choyxonada oshxo‘rlik qilishardi. «Xitoyda lag‘mon yeyaverib sovug‘im oshib ketdi», deb hazil qilardi rahmatali.
— Ulfatlari shu mahallali kishilarmi?
— Murodilla aka, Ro‘zijon shu mahallada turishadi. Qolganlari har yerdan... — choyxonachi shunday deyishga deb qo‘yib Solihovga savol nazari bilan tikildi. — O‘zlari kim bo‘ladilar, juda surishtirib qoldilar?
— Men... militsiyadanman, qotilni izlab yuribman.
— Ha... shunday demaysizmi, sizni fotihachi deb o‘ylabman.
— Siddiq Sharipov ulfatlaridan birontasi bilan gap talashib qolmaganmidi?

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:39:22

— Be, yosh bolami ular. Aroq ichishmasa. Bari namozxon. Oshni yeb, choyni ichib, chaqchaqlashib o‘tirishardi. Oshni o‘zim quling o‘rgilsin qilib damlab berardim. «Qashqarda Islom oxunning lag‘monini, bu yerda Jo‘ravoyning palovini yemagan odam dunyoga kelmadim desa ham bo‘ladi», deb maqtashardi meni. Agar ulfatlar bilan o‘tirish niyatingiz bo‘lsa, choyxonani begona qilmang, xizmatingizga shaymiz. Sizdek odamlarga xizmatni qilsak, boshimiz osmonda-da.
— Gap-so‘zlarida Qashqardagi turmushlarini ham eslasharmidi?
— Ha, eslashardi. Lekin men tayin o‘tirib eshitmaganman gaplarini.
— Biron bir odamdan nolishganmi yo falonchi bekor keldi bu yurtga, deyishganmi?
Choyxonachi o‘ylandi. So‘ng «Yo‘q», deb bosh chayqadi.
— Siddiq Sharipovning o‘limidan oldin bu uyga notanish yoki yurish-turishi shubhali odamlar kelmaganmidi?
— Ochig‘ini aytsam, uylarini kuzatmaganman. O‘sha voqeadan keyin dam-badam qarab-qarab qo‘yadigan bo‘libman, o‘zim ham hayronman.
— Bir marta savdoyiroq odam bilan yoqa bo‘g‘ib turishganini ko‘rganman men, — dedi shaxmatchi yigitlardana biri. Aftidan, ularning ko‘zlari shaxmatda bo‘lsa ham quloqlari bu yoqda edi.
— Qaysi savdoyi? — dedi choyxonachi unga qarab.
— Peshonasiga yozib olgan-chi?
— He, esi yo‘q, qanaqasiga savdoyi bo‘lsin u, taqvodor odam, — choyxonachi shunday degach, Solihovga qarab izoh berdi: — Narigi mahallada Jahonqori degan odam borlar. Qiroatlari juda yaxshi-da. Odamlarga qo‘shilmayroq yurganlari uchun bular savdoyi deyishadi.
Solihov o‘rnidan turib, yigitlarga yaqinlashdi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:39:30

— O‘yinlaringizga xalal beraman endi, yigitlar, — u shunday deb cho‘ntagidan Jahongirning suratini olib ko‘rsatdi, — shu odammi?
— Ha, shu, — dedi yigit.
— Qachon ko‘rgan edingiz?
— Oxun aka o‘lmaslaridan o‘n kuncha oldin.
— Qay vaqtda?
— Ertalab azonda.
— Nima qilishayotgan edi?
— Savdoyi Oxun akani yoqasidan ushlab olgan ekan. Bir nimalar deyayotgan ekan, eshitmadim. Urushyapti, desam, sekin gapiryapti, tinchlik bilan turibdi, desam, yoqasini bo‘g‘ib olgan.
— Aniqroq ayting: bo‘g‘ib olganmi yo ushlab olganmi?
Yigit o‘ylandi.
— Aniqroq aytsam: Oxun akam choponda edilar. Oyoqlarida maxsi edi shekilli. Yo ishga ketayotgan mahallari bo‘lgan yo bomdoddan qaytgan mahallari. Savdoyi shu to‘nning kalta yoqasini changallab turgan bo‘ladi-da.
Solihov bulardan boshqa tayinli gap ololmadi. Yo‘lchivoyning qachon qaytishi noma’lum edi. Shu bois idoraga yo‘l oldi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:39:50

«Siddiq Sharipov oqsaydi... Siddiq Sharipov oqsaydi... Muhammadrizaevning akasi ham oqsagan, — deb o‘yladi mayor Solihov, — Jahongir tongda Sharipovning yoqasidan olgan... Ular Daydidaraga nima uchun borishgan? Muhammadrizaevning bosgan izlari bizga ma’lum. Sharipov-chi? Ota makonini tashlab ketgan. O‘ttiz yildan ko‘proq musofirlikda yashadi. Nima uchun ketgan edi? Nima uchun qaytib keldi? Ko‘ngliga g‘azab toshlarini yig‘ib ketgani aniq, bu toshlar erib, mehr suviga aylangani rostmi? Balki uni zo‘rlab olib ketishgandir? Yo‘lchivoy... Yo‘lda tug‘ilgani uchun shunday nom qo‘yilganmi? Qaysi yo‘lda tug‘ilgan? U ota yurtiga qanday ko‘ngilda keldi? Ishlarimiz xo‘b ajoyib. Dam otamizni ham tanimaymiz, dam ko‘nglimiz darvozalarini lang ochib yuboramiz. Bular og‘ir kunlarda yurtlarini tashlab ketishdi. Xalq bu yerda, o‘ttiz yil badalida ocharchilikni ko‘rdi — odamlar ochlikdan shishib o‘ldilar. Mozorlarga o‘liklar sig‘may ketdi. Xalq urushni ko‘rdi — dev yigitlar qirildi. Bir burda qora non uchun tongni tunga, tunni tongga uladi. Xalqning dasturxoniga endigina non chiqqan edi. Qozoniga endigina et tushgan edi — bular yetib kelishdi. To‘kis-tugal mol-mulklari bilan qaytishdi. O‘z yerlariga qaytishdi, o‘z xalqi bag‘riga qaytdi ular. Ular begonalar emas. Lekin shu dasturxondagi nonga haqlari bormi? Endi o‘zlarini hotamtoy ko‘rsatib mahallaga osh tortishga haqlari bormi? Aqalli birontasi xalq oldida tiz cho‘kib tavba-tazarru qildimi? Yo‘q! Ana shularning birini otib ketishdi. Men uning qotilini topishim kerak... Topaman ham. Jabrlanuvchi kim bo‘lishidan qat’i nazar, jinoyatchini topish — burchim. Lekin... jinoyatchi ham men o‘ylaganday fikr qilgan bo‘lsa-chi? Muhammadrizaevni so‘roqqa chaqirganimda u menga shu savolni bersa-chi? Nima deb javob qaytaraman? Oqlaymanmi?.. «Bular aldovga uchraganlar, musofirlikda dardlar chekishdi», deymanmi? «Olib qaytgan mulklariga qaraganda dardlar chekishganga o‘xshamaydi», desa-chi? «Bular orasida kambag‘alini ko‘rmadim», desa-chi?

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:39:59

Solihov bora-borguncha shu zaylda o‘zi bilan o‘zi bahslashdi. Xorijga ketib qolgan o‘zbeklar qayta boshlaganida Ramazonov bilan ham bahslashgan edi. O‘shanda Ramazonov «Ularni Vatan mehri tortib kelyapti. Ular Vatanni sotganlari yo‘q. Tinchliklarini ko‘zlab boshpana izlab ketishdi. Tarixda bunday voqealar ko‘p bo‘lgan. Butun-butun el-elat ko‘chgan. Shuharlarni, qishloqlarni huvillatib ko‘chib ketishgan. Biz ularni xoin, sotqin hisoblamaymiz-ku», degan edi. Solihov uning fikriga qo‘shilgan edi o‘shanda. Biroq ongida dastlab uyg‘ongan fikr bugungiga o‘xshab qo‘zg‘alib qo‘yardi.
Ertasiga belgilangan vaqtga Jahongirni ham so‘roqqa chaqirtirdi. Uning niyati Yo‘lchivoy bilan Jahongirni uchrashtirish edi. Biroq Yo‘lchivoy kechikdi. Solihov navbatchiga «Yo‘lchivoy Sharipov kelishi bilan meni ogohlantiring», deb so‘roqni boshladi:
— Bu yerdagi turish-turmushingizdan shikoyatingiz yo‘qmi? — dedi Solihov vazmin o‘tirgan Jahongirga zimdan tikilib.
— Turish-turmushim... — Jahongir hazin jilmaydi. — Avvallariga solishtirsam — shohona yashayapman. Harholda oyoq uzatib yotadigan o‘rnim bor. Endi sal eslaringiz kirganga o‘xshaydi. Oldin joyning hisobini qilmay olib kelib tiqaverardilaringiz. Ikki kishilik xonalarda yigirma kishilab yotganmiz. G‘ing demaganmiz. Endi turmalaringizga havasga kelib yotsa arziydi. Mening shikoyatim yo‘q, ammo bir iltimosim bor.
— Ayting.
— Zamon o‘zgardi, deyapsizlar-a? Agar shu gap chin bo‘lsa — iltimosimni bajaring. Sobitov degan bir bechorani qiyratib qamabsizlar. Bolalarini ko‘mishga ham qo‘ymabsizlar. Sobitovni bilasizmi, xotinini chopib tashlagan ekan.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:40:07

— Ha, eshitdim, gapiravering.
— O‘shani qanday bo‘lmasin, otishga hukm qilish kerak. Yordam beringlar.
Solihov bu gapni eshitib, ajablandi. Jahongirning peshonasiga uning yashirin maqsadi yozib qo‘yilganday qattiq tikildi.
— Nimaga? — deb so‘radi u Jahongirdan ko‘z uzmay.
Jahongir ham unga tikka qaradi. Shunda Solihov bu ko‘zlarda makr yo‘qligiga ishonch hosil qildi. Jahongirning ko‘zlarida makr emas, ma’sumlik bor edi.
— Unga rahm qilinglar, — dedi Jahongir. Endi uning ovozida dadillik yo‘q edi. Endi u ezilgan, xo‘rlangan bir odam ovozi bilan gapirardi. — Tirik qolsa jinni bo‘ladi. Xor bo‘lib o‘ladi. Otsalaringiz bir bechoraning jonini azoblardan qutqarasiz.
— Buni biz emas, sud hal qiladi, bilasiz-ku?
Solihov dard bilan aytilgan iltimosga shunday sovuqqonlik bilan javob qaytardi. U Jahongirning dardini hazm qila olmas edi. Uning qalbida bunday dardga, rahmga, mehrga o‘rin yo‘q edi. Jahongirning dardiga sherik bo‘lish uchun, yordam berolmagan taqdirda ham, jilla bo‘lmasa umidbaxsh javob qaytarish uchun u o‘sha bechora otaning alamlarini his qilishi kerak edi. Bu alamni Jahongirday his etish uchun esa farzand hajrida o‘ttiz yil kuyishi kerak edi. Solihovning boshidan bunday balolar o‘tmagan, alalxusus, uni bedardlikda ayblash ham noo‘rin bo‘lar.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:40:14

Jahongir Solihovga tikila turib, uning sovuqqon javobidan ajablanmadi. Tergovchilarning bundan battarini ko‘rgan, bundan battar sovuq gaplarni eshitgan. Yo‘q, gap ohangidan taajjublanmadi. Uning hayron qoladigan joyi boshqa yerda — «Olloh odamzodni bir-biriga rahm-shafqatda yaratgan ekan, qani bu rahm-shafqat, qaylarda qoldi?» Jahongir ro‘baro‘sidagi odamga shu savol nazari bilan tikilardi.
— Ha, bilaman, — dedi u nihoyat. Endi uning ovozida ezilish ohangi yo‘q edi. Endi u afsus bilan gapirardi. — Esiz, yaxshi zamonlar o‘tib ketibdi-da, a? Uch kishi, «ha», deb qo‘ysa masala hala edi. Zamon chatoq bo‘libdi, nachaynik.
Solihov bu gaplar kesatiqmi yo chinmi, farqlamay hayron edi. U yana bir narsaga hayron: kechagina o‘ziga so‘nggi o‘qni so‘rayotgan odam bugun boshqa kishi uchun ham tilanyapti. Bu mehribonchilikmi? Sobitovni azobdan qutqaring, deydi. O‘zi-chi, o‘zi nimadan qutulmoqchi? Solihov bu savolga Jahongirning ko‘zlaridan javob izladi. Hozirgi ma’sum ko‘zlarda endi hech bir ma’no yo‘q edi. «Odam zoti vasvasa holga yetganda ko‘zlaridan ma’no qochardi. Bu odamga nima bo‘ldi?»
Solihov xayolini yig‘ishtirib muddaoga ko‘chdi:
— Muhammadrizaev, akangiz oqsar edimi? — deb so‘roqni boshladi.
— Akam yo‘q mening, — dedi Jahongir e’tiborsiz ohangda.
— Xorijga ketib qolgan akangizni aytyapman. Ismi Olamgir edi shekilli? Yana ham aniqroq aytsam — ota bir, ona boshqa akangiz.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:40:23

— Yetti pushtimizda cho‘loq bo‘lmagan.
— Sharipov ham oqsamaganmi?
— Uni tanimayman, yurganini ko‘rmaganman, deb aytdim-ku?
— Muhammadrizaev, sizni Sharipovning uyi oldida ko‘rishgan. Erta saharda Sharipovni yoqasidan olgansiz. Orangizdan nima gap o‘tgan?
— Ayg‘oqchilaringiz aytishmadimi, to‘qib-chatishga usta-ku ular?
— Ular ayg‘oqchi bo‘lishganda, gapingizni qanday bo‘lmasin, eshitishardi. Ular o‘sha mahallaning yigitlari. Sizni tanishar ekan.
— Bu dunyoda kim ko‘p — og‘ziga kuchi yetmagan odam ko‘p. Til besuyak, benazorat, istagan paytdida tish hatlayveradi. Nachaynik, menga har gaplarni topib kelavermang. Men aytganidan qaytmaydigan odamman. Muhlatingiz tugayapti, agar ishni tezroq yumaloq-yostiq qilmasangiz holingizga maymunlar yig‘laydi. Keyin men bilan bunaqa yumshoq muomala qilib o‘tirmaysiz. Do‘q-po‘pisaga o‘tasiz, so‘kasiz, urasiz. O‘shanda men ham to‘nimni teskari kiyib olaman. «Men o‘ldirmaganman, qotil uchinchi iz egasi», deb turib olaman. O‘shanda siz meni qattiqroq ura boshlaysiz, qo‘llarimni qayirasiz, barmoqlarimga bolg‘a urasiz, burnimning uchiga papiros cho‘g‘ini bosasiz, tirnoqlarim orasiga aigna sanchasiz... Men aytganidan tonmaydigan odamman, baribir «o‘ldirmadim» deb turaveraman, ha, nachaynik, bu yog‘ini hisobga olmayapsiz. Xo‘p, deb turganimdan foydalanib qoling.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:40:31

— Sizga o‘xshagan bir dono muallim yetmay turuvdi. Menga kim aql o‘rgatarkin, deb garang edim. Rahmat sizga. Qarangki, fe’limiz bir ekan: men ham aytganidan qaytadigan odam emasman. Mayli, siz tonavering, sizni bexos sayratib yuboradigan dalillar bor hali. Qirqbelliklar Olamgirni unutishmagan. Bu yoqda Sergey Komlev bor.
Boshini egib o‘tirgan Jahongir tergovchiga yalt etib qaradi: kechadan beri Sergeyni eslayotgani bejiz emas ekan-da. Bular uning ham iziga tushishibdi-da?
— Unga tegmanglar, uning aloqasi yo‘q bu ishga.
— Sharipov — akangizmi?
Jahongir sonini ilon chaqqandek sapchib turib ketdi. Solihovga baqrayib qaradi. Tili darrov gapga qovushmadi.
— Siz... gapni... unaqa aylantirmang, nachaynik... Men uni tanimayman. Akam yo‘q mening, o‘lib ketgan u! Yigirma ikkinchi yilda! Dovonda qor bosib o‘lgan.
Solihov mo‘ljalni aniq olganiga ishonch hosil qildi.
— Yaxshi, — dedi u xotirjamlik bilan, — o‘zingizni bosing. Men gumonimni aytdim, buncha asabiylashmasangiz?
Telefon qo‘ng‘irog‘i jiringlab, navbatchi Yo‘lchivoy Sharipov kelganini ma’lum qildi.
— Yo‘lchivoy Sharipovmi, kiraversin, — dedi Solihov atayin ovozini ko‘tarib. Yo‘lchivoyning nomini eshitib, Jahongirning sarosimasi ortdi.
— Nachaynik, bugun boshqa javob bermayman. Qamoqqa qaytaring, Xudo xayringizni bersin, iloji bo‘lsa yolg‘iz xonaga qo‘ying.
— O‘ylab ko‘ramiz. Balki sizdan tilxat olib, chiqarib yuborarmiz.
— Nimaga? O‘ylab ish qiling, nachaynik!
— Qotilligingiz isbotlanmayapti, sizni uzoq ushlab tura olmaymiz. Hozir esa bir odam bilan sizni yuzma-yuz qilaman.

Qayd etilgan