Tohir Malik. So'nggi o'q (qissa)  ( 140949 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 28 B


shoir  15 Iyul 2006, 07:21:42

So'nggi o'q (qissa). Tohir Malik



Muallif: Tohir Malik
Hajmi: 463 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:22:00



SO‘NGGI O‘Q

Tohir Malik

Jahongir Zokirxo‘jani har eslaganida «musofirlikda oltin topish oson, jon taslim qilish qiyin», deb qo‘yardi. Aslida bu Zokirxo‘janing gapi. Tanasi kafan ko‘rmagan, lahad ko‘rmagan muslimning gapi. Qulog‘iga Olloh nomi bilan azon aytilgan, «Olloh» deb tili chiqqan, umri bo‘yi toat-ibodatda bo‘lgan muslim janozasiz ketdi. Inson bolasining boshiga turli kulfatlar tushishi mumkin. Bu dunyo azoblarini behad ko‘p totishi mumkin. Lekin Jahongirning nazarida, kulfatlarning eng beshafqati o‘sha Zokirxo‘jaga nasib etdi. «Bir hovuch ona tuproqqa zor bo‘lib ko‘z yumishni hech bir andaga nasib etmasin.» Bu ham Zokirxo‘baning gapi...


Nohaqlik, tuhmatlar jabrini ko‘p tortgan, ammo vijdoniga xiyonat qilmagan tabarruk inson, tog‘am Mirzakalon Ismoiliyning pokiza ruhiga xolis niyat ila baxshida etdim.

MUQADDIMA

«Bismillohir Rohmanir Rohiym!».
U shunday deb miltiq qo‘ndog‘ini yelkasiga tirab, bargga qarab oldi.
Kuzning sovuq nafasida titrab-qaqshab turgan yaproqlar qitday shabadaga ham tob berolmay chirt uziladigan ahvolga kelgan. Yomg‘irdan oldinroq uzilib xazonga aylangan barglar esa chirishga yuz tutgan. Bugungilari ham, agar shamol uchirib ketmasa, o‘z daraxtining poyida chiriydi.
Kun og‘ib shabada esmay qo‘ygan. Daydidaradagi do‘nglikda — tanho savlat to‘kib turuvchi chinorning eng pastki shoxidagi barg uzilgani hamon miltiq otiladi: kimdir — ikkisidan biri qulashi kerak...
Bir yoniga sal qiyshayib turgan yigit, garchi yagona bargga tikilib qolgan bo‘lsa ham uni ko‘rmaydi. Ukasi bilan otishishga shartlashib, qo‘liga miltiq olgach, titrab turgan barg o‘lim xabarchisiday tuyulib, ko‘z oldi xiralashgan. Endi u faqat Xudodan najot kutadi.
«Padarkushligim rost bo‘lsa, Xudo avval ko‘zimni ko‘r qiladi. Bargning uzilganini ko‘rmay qolaman. Jahonning qahri qattiq. U ayamaydi... Barg qani? Nimaga ko‘rmayapman? Xudo jonimni ukamning qo‘liga topshirdimi? Peshonamga yozilgani shumi?»
— Jahon... Jahongir!
— Nima deysiz? — Jahongir bargdan bir zumgina ko‘zini olib, akasiga qaradi.
— Ulushim ko‘milgan yerni aytaymi?
— Kerak emas.
— Jahon!
— Bargga qarang!..
«Talvasaga tushib qoldilar. O‘lim haqligini sezdilarmikan? Tepada Xudo kim haq, kim nohaqligini ko‘rib turibdi. Agar otamni bila turib atayin o‘ldirgan bo‘lsalar, omon qolmaydilar. Xudo jazosini beradi. Ammo jazosini mening qo‘llarim bilan berishiga qanday chidayman keyin! Otamning qabri sovimay turib, akamdan ham ayrilsam, kimga suyanaman? Akamning qazosini qo‘limga topshirib qo‘yib Xudo meni ham jazolamoqchi emasmikin? Nima uchun? Qaysi gunohlarim evaziga menga buni ravo ko‘rmoqchi? «Sen o‘ldirding-u, buning mukofotiga seni mahv etdilar. Endi qotilingning jonini qaerda olishar ekan...» Mashoyixlardan qolgan bu so‘zlar nahot chinga aylansa? Otamni akam o‘ldirdi. Men akamni... Mening jonim kimning qo‘lida? Barg qimirlamayapti. Barmoqlarim qotib qolay deyapi. Qancha kutamiz? Balki barg ertaga ham uzilmas? Balki qishi bilan qolib ketar? Axir hamma barglar ham uzilib tushavermaydi-ku? Akam bargga qarayaptilarmi?»
Jahongir akasiga ko‘z qirini tashladi. Olamgir miltig‘ining og‘zini yerga qaratgancha ukasiga ma’nosiz tikilib turardi.
— Aka, bargga qarang!

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:22:08

Jahongirning ovozi toshlarga urilmay, yomg‘ir suviga to‘ygan yerga singib ketgan bo‘lsa-da, Olamgirning nazarida aks-sado berganday tuyulib, seskandi. Ukasining ketma-ket ogohlantirishlari ko‘ngliga og‘ir botdi. Miltiqning og‘zini unga to‘g‘riladi.
— Mening tashvishimni chekmay qo‘yaver.
Olamgir bargga qaradi: titrab turibdi. «Uzilsa uzila qolmaydimi? Padariga la’nat!»
Olamgir alamini o‘sha jonsiz bargdan olmoqchi bo‘ldi. U dastlab ukasining gaplariga e’tiborsiz qaragan edi. Hech zamonda aka-uka Xudoning nomini o‘rtaga qo‘yib, bir-biriga miltiq o‘qtalib turadimi?
Xudo shohid, Olamgir otasiga beixtiyor o‘q uzdi.
Yarim kecha edi. Uyqusi o‘chib hovliga qaradi. Bog‘ tomonda sharpa ko‘rib, miltiqni olib chiqdi. Boqqa kirdi. Sharpa tut tomonga yurdi. Tut tomonga! Olamgirning ulushi o‘sha yerga ko‘milgan. Buni faqat o‘ziyu otasi biladi. Jahongirning ulushi esa boshqa yerga ko‘milgan. Bu faqat otasigayu Jahongirga ma’lum. Otasi o‘zining haqini ham chegirib olib qolgan. Shuni sho‘ro odamlariga berib, ularning da’volaridan qutulmoqchi. Qolgan umrini osoyishtalikda o‘tkazmoqchi. Qaysar chol! Xorijga o‘tishga qarshilik bildiryapti...
Sharpa tut oldida ivirsib qoldi. Olamgirning xayoliga kelgan yagona fikr shu bo‘ldi: o‘g‘ri! Ko‘z oldiga xumcha to‘la tilla tangayu zeb-ziynat keldi. Boshqa hech nima ko‘rinmay qoldi. «O‘g‘ri... o‘g‘ri... Hech vaqosiz qolyapsan, Olamgir!» degan ovoz qulog‘idan kirib, yuragini zirillatib, tovonidan chiqqanday bo‘ldi. Jonholatda tepkini bosib yubordi. Otasi ekanini qaydan bilibdi? Ukasi esa «Xorijga yo‘l bermaganlari uchun atayin otgansiz», deydi. Jahongirga o‘xshagan qaysar odam ularning yetti pushtida bo‘lmagandir. Tabiatan quv, irodasi beqaror bo‘lgan Olamgir esa, o‘jarlikning, jasurlikning afzalliklarini baholay olmas ham edi.
Otasi kamgap odam edi. Gapdan ko‘ra ishni ma’qul ko‘rardi. Bomdoddan shomga qadar daladan beri kelmasdi. Jahongir otasining qarol yollab ishlatganini bilmaydi. Zafarbek islom yo‘lida qilich yalang‘ochlaganda ham otasi qishloqni tashlab ketmadi. «Men dehqonman, men odamlarni boqishim kerak. Olloh mening zimmamga shu yumushni yuklagan. Yerdan yuz o‘girsam, Olloh mendan yuz o‘giradi. Qilich chopish, miltiq otishdan, odam bolasi qonini to‘kishdan Parvardigorning o‘zi asrasin», deb dangal aytdi. Atrof qishloqlarni tiz cho‘ktira olgan Zafarbek Muhammadrizoga tegmadi. Aksincha, do‘ppi tor kelganda yiqqan-terganini unga ishondi. Omonatga xiyonat qilmasin, deb Muhammadrizoning o‘ziga ulush sifatida zeb-ziynatlar, tilla tangalar qoldirdi. Muhammadrizo bularni beshga bo‘lib to‘rt qismini o‘g‘il-qizlariga atadi, bir ulushini o‘zi oldi. Kutilmagan boylikdan esi og‘ib qolayozgan Olamgir xorijga o‘tish haqida so‘z ochganida uning javobi qisqa bo‘ldi:
— Bir tovoq yovg‘on bilan odamning qorni to‘yadi. Xorijga borsang ham bir tovoqqa to‘yasan. Ikki tovoq yeyolmaysan, bo‘kib o‘lasan.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:22:16

Zafarbek shahid bo‘lgach, Muhammadrizo uning omonatini kenjasi Jahongirga ishondi. «Hatto sariq chaqasiga ham xiyonat qilma», deb tayinladi.
Jahongir turgan yerda, odam bo‘yi chuqurlikda Zafarbekning xazinasi ko‘milganini Olamgir bilsami...
Boyliklarning bo‘lib berilishi va boshqa-boshqa yerga o‘zga guvohlarsiz berkitilishi sabablarini aka-uka endi, bir-biriga miltiq o‘qtalib turgan onda anglab yetishdi: otasi oqil ekan! Agar shunday qilmaganida ular balki bargning tushishini kutib o‘tirishmasdi. Biron panada payt poylanardiyu tepki bosilardi, vassalom!
Daraxtning shapaloqdek bargi qari tilanchining uzatilgan ochiq kafti kabi titraydi.
Jahongir unga betoqat tikiladi.
Olamgir alamdan yonadi. Go‘yo hammasiga shu barg aybdor.
«Ukamning oldida past ketdim-a? O‘limni bo‘ynimga oldimmi? Qo‘rqdimmi? Ukamdanmi? Umrimda bunaqa past ketmagan edim. Birov eshitsa, «yigit bo‘lmay o‘l», deydi. Hu, padarla’nati!..»
Daraxt shoxlarining uchiga besh-oltita qarg‘a qo‘ndi. Ular qag‘illab go‘yo aka-ukaning tentakona qilig‘idan kulganday edi. Qarg‘alar yaxshiroq o‘rnashib olish uchun qanotlarini patillatishdi.
Aka-ukalar sergak tortishdi: qarg‘alar qo‘nganda shox silkinib barg uzilishi mumkin edi. Ammo barg ham ularni ermak qilayotganday titrab turaverdi.
Olamgirning nazarida barg titrayapti.
Jahongir nazarida esa zir qaqshayapti.
Uzilishdan darak yo‘q.
Shom cho‘kdi. Barg qorayib ko‘rinadi. Endi uzilsa ham darhol ilg‘ash qiyin...
Birdan o‘q ovozi yangradi. Jahongir cho‘chib akasiga qaradi. Olamgir bargga qarab yana o‘q uzdi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:22:24

— Yetar, bas! — dedi u xirildoq ovozda, — yig‘ishtir o‘yiningni. Gapimga ishonmasang, mana, otaqol meni. Mingdan-ming roziman!
— Aka, shartni buzmang!
— Tupurdim shartingga. Sen mishiqining gapiga kirgan men ahmoq, — Olamgir shunday deb, qirqma miltig‘ini qo‘yniga tiqdi. — Bir-birimizga o‘q uzishimiz Xudoga ham yoqmadi. Bo‘lmasa bitta bargning uzilishi shunchalik og‘ir ekanmi?
Akasining gapi Jahongirni o‘ylantirib qo‘ydi: xuddi shu fikr bundan sal ilgari uning xayolini ham yoritib o‘tgan edi! Xudo har ikkisining ko‘ngliga yaxshilik urug‘i sepgan bo‘lsa-chi? Shukr, uni bir gunohdan qutqarib qoldi! Jahongir ham miltig‘ini tushirib akasiga yaqin bordi. Olamgir uning uzr so‘rashini kutgan edi. Ammo Jahongir akasining ko‘ziga tikilib turdi-da, «Xudoga shukr qiling», degancha pastga qarab endi. Olamgir ukasining izidan g‘azab bilan qarab qoldi. Keyin uning orqasidan yugurib borib, yelkasidan ushlab to‘xtatdi. Jahongir o‘girildi. Ko‘zlar to‘qnashdi.
Bir-biriga o‘xshash ikki ko‘z, ikkovi ham qora, qisiqroq. Ammo nur o‘xshamaydi. Birining ko‘zi olazarak: joyida tek turmaydi. Biriniki badanni teshib yuborguday o‘tkir boqadi.
— Men akangman, ota o‘rnida otangman endi. Bizni qon qaqshatgan dushmanlarimizdan o‘ch olishimiz kerak!
— Mening dushmanim yo‘q... Otam... ham!
Jahongir akasining qo‘lini yelkasidan olib, yo‘liga ketdi. Olamgir zax yerga o‘tirib qoldi. Tishlarini g‘ijirlatib, qo‘ynidagi qirqma miltiqni oldi. Olamgir chidolmay miltig‘ini qattiq qisdi. Barmoqlari zirqiraganini, tirnoqlari orasida qon sirqirab ketganini sezmadi — u g‘azab otashida yonardi. Tuklari tikka-tikka bo‘lib ketgan, g‘azabini kimga sochishni bilmasdi. Kimga sochishni bilardi, ammo qanday sochish uning uchun qorong‘i edi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:22:34

U yana bir kecha kutar, o‘n kecha, ming kecha kutar, lekin alamini olmasdan tinchimasdi.
Otasining sho‘rolarga topshirmoqchi bo‘lgan boyliklari qayoqqa ketganini bilolmay garang yurgan Olamgir uchun bu mashmasha ortiqcha edi.
U yana bir necha nafasdan so‘ng o‘rnidan ohista turadi. Nazarida uni ezayotgan dardlar yelkasidan bosib yerga kiritib yuborguday bo‘ladi: oyoqlarini bazo‘r ko‘tarib bosadi. So‘ng dardi yengillashadi, qadamlari ildamlashadi. Ammo azobi susaymaydi. Sandalning issig‘ida ko‘z ilingan xotini uning g‘azab o‘qlariga nishon bo‘ladi. Choy ham zaharday tuyuladi — ichmaydi. Ko‘ziga uyqu kelmaydi. Yarim tunda boqqa chiqadi. Tut tomonga boradi. Otasi qulagan yer, boylik yashiringan yer... Ko‘ngliga vahm oralaydi. Chirt etgan tovushdan cho‘chib, tizzalariga titroq yuguradi. Shu ahvolda tutning tagini kavlaydi. Bel barobar chuqurlikka ko‘milgan xumcha ustidagi tugunchani ko‘rib avval hayron bo‘ladi. Tugunchani ochadiyu voqea ravshanlashadi. Demak, otasi fikridan qaytib, o‘zining ulushini ikkiga bo‘lgan, birini shu tut tagiga ko‘mgan ekan-da! Nimaga buni o‘g‘illariga bildirib qo‘ymadi? Nimaga?! Ko‘ngli yomon narsani sezib edimi? Bu savollarga faqat ota javob berishi mumkin, ammo qora yerdan sas chiqqanmi hech mahal?!
Bular keyinroq yuz beradi. Hozircha Olamgir zax yerda, g‘azabdan yonib o‘tiribdi...
Ota qanchayin oqil bo‘lmasin, oltin bor joyda odamnin hushi uchishini hisobga olmagan edi. U o‘zi uchun ham bir ulush oltin olib qolgach, tinchini yo‘qotdi. Birovning haqqini yeb o‘rganmagan bu odam Zafarbekning ehsonini hazm qila olmas edi. Zamon notinch bo‘lmaganida buni bolalariga ham ravo ko‘rarmidi? Qarigan chog‘ida u oltinni nima qiladi? Sho‘roga bersa, sho‘ro o‘qidan joni chiqqan Zafarbekning ruhi qaqshamaydimi?
«Bolalarimga bo‘lib bera qolay...» — Otaning niyati shu edi.
Hozir zax yerda o‘tirgan Olamgir bundan ham bexabar, umuman, umr bo‘yi xabar topolmaydi...

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:22:42

Chinor ostidagi voqeadan so‘ng ikki kun o‘tsa-da, Jahongir o‘ziga kelolmay ruhi siniq ahvolda yurardi. Ko‘z yumsa o‘sha uzilgisi kelmay titrayotgan bargni ko‘rardi. Barg qo‘qqisdan uziladi. Miltiq otiladi. Akasi qulaydi. Yana aza. Yana kafanlangan murda. Yana dod-faryod... O‘zi g‘aribgina bo‘lib, bel bog‘lab turibdi. Ko‘ngil so‘rashadi: «Ollohning irodasi...» Otasining qotilini hech kim bilmaydi. Akasining xunini hech kim so‘ramaydi. U bir umr dardini ichiga yutadi. To Ollohga omonatini topshirguncha tushiga qonga belangan akasi kiraveradi, yoniga chaqiraveradi...
Shukrki, Olloh Jahongirning g‘amini yedi. Uni bunday azoblarga tashlab qo‘ymadi. Ammo yo‘lini yoritib bermadi: u akasining oldiga borib tavba qilishni ham, adovatda qolishni ham bilmasdi.
Uchinchi kuni oqshomda o‘rik o‘tinning cho‘g‘ida bozillagan sandalda yonboshlab o‘tirardi. Hali moychiroqni yoqishmagan. Uylari nimqorong‘i. Tashqarida izg‘irin turgan. Jahongir xotiniga qaraydi. Xotini unga. Xadicha kelin bo‘lib tushganida bahor edi, o‘rik gullagan edi. Ana endi o‘sha daraxtning yozda qurigan shoxlarini yoqib, cho‘g‘ida isinib o‘tirishibdi. Xudo xohlasa, qish chiqmay uylari yangi mehmon bilan to‘ladi. Rahmatli otasi «Chaqaloqni «yangi mehmon» deyishning xosiyati yo‘q. Mehmon — ketadigan odam. Chaqaloq mehmon emas, uyning xo‘jasi. Birovni qutlasang «Uyning yangi xo‘jasi muborak», degin», deb nasihat qilardi. Akmal so‘fi esa «Dunyoga hammamiz mehmonmiz, hammamiz ketamiz, ketishni o‘ylamay, noma’qul ishlarga qo‘l urganimiz yomon», der edi. Akasining uch farzandi tezketar mehmon toifasidan bo‘ldi. Xudo akasining qismatini unga ravo ko‘rmasin, ishqilib...
Xadicha aka-uka adovatidan ham, qaynotasining qotilidan ham bexabar edi. Jahongirning to‘nglashib qlganini cholning bexos o‘limi bilan bog‘lardi. Hozir ham nojo‘ya gap aytib qo‘yib, alamiga alam qo‘shmay, deb indamay o‘tiribdi. Xudo eriga insof bersa, yuragidagi dardini olsa, balki bu kech bag‘riga kirar...

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:22:51

Qamchi dastasi ayvon ustuniga urildi.
— Jahon!
— Mulla akam... otam, — dedi Xadicha.
— Nimaga «otam» deysan? — dedi Jahongir achchiqlanib.
— Aytishdi.
— Dema! — Jahongir shunday deb o‘rnidan turdi. Tashqariga chiqdi.
— Shomni machitda o‘qiymiz. Otlan, — dedi Olamgir, — yangang shu yerda o‘tira turadi.
Jahongir akasiga ajablanib qaradi. Ko‘ngli qandaydir noxushlikni sezdi. Shunday bo‘lsa ham akasining amriga quloq tutib, ma’qul ishorasini qildi-da, orqasiga o‘girildi.
— Miltig‘ingni olvol, — dedi Olamgir. Keyin ukasining hayrat bilan yalt etib qaraganini ko‘rib, xotirjamlik bilan izoh berdi: — Zamon notinch, ehtiyot — shart.
Xadicha hamma gapni eshitib turgan edi. Erining qaytib kirishiga sandalning bir tomoniga qo‘yilgan paytava bilan etikni oldi-da, qoziqdagi to‘nga qo‘l yubordi. Erining namoz o‘qish uchun machitga chiqishi yangilik emasdi. Ammo namozga miltiq bilan chiqishi uni hayron qoldirgan edi. Jahongir xotinining hayratini anglab turardi, lekin izoh berishga hojat sezmasdi. Xadicha esa so‘rash huquqidan mahrum ekanini bilgani uchun og‘iz ochmadi.
Tashqaridan Olamgirning ovozi keldi:
— Bo‘laqol imillamay.
— Shomga xiyla vaqt bor shekilli? — dedi Xadicha eriga javdirab.
— Ishing bo‘lmasin! — Jahongir xotini tutgan to‘nni kiyib, qo‘sh belbog‘ bog‘ladi. Ko‘rpa orasiga qo‘l tiqib, qirqma miltig‘ini oldi-da, qo‘yniga yashirdi. Peshonasini quloqlari aralash qiyiq bilan tang‘igach, tashqariga chiqdi. Akasi ayvondan nari ketibdi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:22:59

Shohlari yalang‘och bo‘lib qolgan shaftoli oldida yangasi turibdi. Jahongir akasiga yaqin bordi. Yangasi uy tomon yurdi.
— Otni egarla, — deb buyurdi Olamgir.
Jahongir itoat bilan otxonaga yo‘naldi.
Ko‘chada ot pishqirdi. Jahongir akasining maqsadini anglamayotgan edi, ammo shom namozi bugun o‘qilmasligiga aqli yetib turardi. Otxonaga yaqinlashdi-yu, ichkari kirishga oyog‘i tortmadi.
«Xorijga ketmoqchimi? Unda yangamni biznikiga kiritib yuborgani nimasi? Yoinki adovatimiz sababini oydinlashtirib olmoqchimi? Nima bo‘lsa peshonamdan ko‘rdim!» Jahongir shu qarorga kelib, otni egarlab chiqdi.
Akasi otini yetaklab, guzarga emas, kunchiqar tomonga yurdi. «Ajdarqoyaga, — deb taxmin qildi Jahongir, — xilvat joy. Maqsadi nima? So‘raymi?» Ajdarqoyaga shom chog‘i hamma ham boravermaydi. Qishloq qabristonining shunday tepasida uchta qoya bor: xuddi ajdahoning uchta boshiga o‘xshaydi. Ko‘pchilik uni «murdalarni poylab yotgan uch boshli ajdaho» deydi. Toshdan hech kim hayiqmaydi. Ammo odamlarning nazarida qorong‘u cho‘kishi bilan toshlarga jon kirib qoladiganday...
Olamgir qabriston etagida otdan tushib to‘xtadi. So‘ng: «Begunoh ketganlarni o‘zing mag‘firat et, yo Ollohim, ishlarimizning xayrli oqibatini ber», deb yuziga fotiha tortdi.
Jahongir unga qo‘shildi.
Ular qoya tomon yurdilar.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:23:08

Qoya ortida to‘rt otliq kutib turardi. Ellik-oltmish qadam narida yana odamlar qorasi ko‘rindi. Jahongir otliqlarni tanidi: akasining ulfatlari — sho‘rodan jabr ko‘rgan boyvachchalar.
— Zaifalaringiz qani? — deb so‘radi ulardan biri.
— Hisob-kitob qilinguncha tayyor bo‘lib turishadi, — dedi Olamgir.
Jahongir shundagina akasining maqsadini angladi. «Xorijga ketmoqchi bular!»
— Jahon, ketmasak bo‘lmaydi, — dedi Olamgir yalinganday, — uy-joyimizni tortib olib, o‘zimizni begona yurtlarga ko‘chirishar ekan. Bu yerdan nasibamiz qirqilibdi, Jahon! Ishonmasang, ana, Murodilla akangdan so‘ra.
— Akang haq gapni aytyapti, — Murodilla shunday deb katta-katta qadam tashlab ularga yaqinlashdi. — O‘zim eshitdim. Erta-indin sazoyi qilib haydashadi hammamizni. Xotinlarimizni... o‘rtaga olishar ekan. Aldasam Xudo ursin.
Jahongir gangib qoldi.
— U holda... u holda...
— Uyda aytsam ishonmas eding. Shayxbuvamning o‘zlari bizni boshlab ketadilar. Ammo ungacha hisob-kitobli ishlar bor, — Olamgir shunday deb ukasini chetga tortdi. — Yur, omonatingni ol. Ayollarni boshlab kelaylik.
Jahongir bir qarorga kelmay otni yetaklab akasiga ergashdi.
— Nima qilmoqchisanlar? — deb so‘radi Murodilla.
— Sizlar ishni pishitgunlaringcha biz qaytamiz. — dedi Olamgir.
— Ha, tulki, qo‘rqyapsanmi? Sho‘rochilarda qasding yo‘qmi?
— Ha, bor. Ammo ular sendan ortarmikin?
— Tulkisan, Olamgir, tulkisan. Bo‘pti, boraver. Lekin xotinlarga qo‘shilib imillamalaring. Ha, ukangga tayinla. Qishloqda picha tura tursin. Biz uzoqlashganimizdan keyin o‘t qo‘ysin. Bizgaki buyurmagan qishloq yalangoyoqlarga ham buyurmasin. Uqdingmi?

Qayd etilgan