Tohir Malik. So'nggi o'q (qissa)  ( 140960 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 28 B


shoir  15 Iyul 2006, 07:23:17

Olamgir qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi-da, ukasining ortidan yurdi.
Qabriston yonidan o‘tayotganda Jahongir to‘xtadi. Do‘mpayib turgan qabrlardan «Bir tovoqdan oshiq icholmaysan... Tuproq — Ollohning munavvar ne’mati, suv — uning yorug‘ hayoti, havo — buyukligi. Bular jannat mulklaridir. Inson bolasiga bundan ziyoda boylik zarur emas», degan ovoz kelganday tuyuldi.
«Jannat mulkini tashlab ketamizmi? — deb o‘yladi Jahongir. — Akam xorijga o‘taman, deb buncha oshiqib qoldi? Qo‘lidagi boylikka ishonyaptimi? Yo...» Jahongir xayoliga kelgan fikrdan seskanib ketdi: «... Daydidara isini olib, Zafarbekning omonatini topgan bo‘lsa-chi?»
— Jahon, nimaga to‘xtading?
Jahongir akasining ovozini eshitib xayolini to‘plagan bo‘lsa-da, darrov javob bermadi.
— Nimaga to‘xtading? — dedi Olamgir yana.
— Omonatim... uyda emas, — dedi Jahongir tayin bir to‘xtamga kelib. — Siz uyga bora turing, men tezda qaytaman.
— Omonating qaerda?
— O‘zim bilaman.
Jahongir shunday deb otni yetakladi. Qabristondan uzoqlashgach, otga mindiyu Daydidara sari yeldirdi.
Olamgir esa uyga shoshildi. Xotini Xadichaga bor gapni aytib, yo‘l hozirligini ko‘rgandir. Bir-ikki ust-boshu yo‘lga oziq-ovqat olishsa bas. Qolganini xorijda xarid qilaverishadi. Oltin bo‘lsa bor. «Xudoning la’nati tekkan» bu yerlardan tezroq uzoqlashsa bo‘lgani.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:23:26

Oltin jilosi esini o‘g‘irlagan bu inson bolasi kindik qoni to‘kilgan tuproqni la’natlash tubanlik ekanini tushunib yetmasdi. U o‘ljasidan ayrilgan och bo‘ri kepatasida edi.
Jahongir chinorga yaqinlashib eng pastki shoxga beixtiyor qaradi. Ko‘r oydinda o‘sha barg qaltirab turibdi. «Haliyam uzilmabdi-ya! O‘zi-ku joni chiqib bo‘lgan, nimaga uzilmayapti ekan?» Jahongir yer kavlashga hech nima olmaganini endi bildi. Orqaga qaytgisi kelmadi. Etik qo‘njidan pichoqni chiqarib xum ko‘milgan yerni tatalay boshladi. Nam tortgan yerni ochish og‘ir emasdi.
U hansiraganicha, panjalari bilan tuproq tortadi. Xayolida titrab turgan barg. «Joni bo‘lmasa ham uzilmaydi. Biz jonimiz bo‘laturib uzilyapmiz. Qayoqqa uchib borib qo‘namiz, qaerda chiriymiz? Bizni kimlar toptarkin? Ha... biz ham bargmiz. Barg daraxtga mehmon. Biz — yorug‘ dunyoga... Qaerlarga uchib borarkinmiz? Uzilgan barg qayta shoxga ulanmaydi. Biz-chi? Qaytamizmi yo butunlay ketamizmi? E, Xudo, bu nima ko‘rgilik edi-ya!»
Panjalari lattaga tegib, seskandi. Apil-tapil tuproqni tatalay ketdi. Barmoqlari xumga tegdiyu «O‘zingga shukr» deb qo‘ydi. Xum tepasidagi tugunchani olib ajablandi: Boylikni ko‘mganda tuguncha yo‘q edi. Tugunchani ochib tilla tangalarni ko‘rdi. Loy kafti bilan peshonasiga bir urdi. U otasining nima uchun o‘q yeganini endi tushunib yetdi.
Qishloq tomondan o‘q ovozlari keldi. U tugunchani qayta bog‘ladi. Tuprog‘ini qoqdi. Chuqurga oyog‘ini osiltirganicha nest bo‘lib o‘tirib qoldi. Tugunni yuziga bosdi. Dimog‘iga otasining hidi urilganday bo‘ldi.
«... Ikki tovoq osh icholmaysan, bo‘kib o‘lasan».

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:23:36

«Ikki tovoq... ikki tovoq... Endi bir tovoq osh ham kerak emas. Bularni bizga qoldirdilar. Bizga... «Bir tovoq oshga zor bo‘lishmasin», deganlar. «Chirog‘imni yoqib turishsin», deganlar. Qaerda yoqamiz u chiroqni? Qishloqqa o‘t qo‘yar emishman hali. Arvohlarini chirqiratib qochamanmi. Xudoning xohish-irodasi shumi? Otam... Otaginam... Rozimisiz? Tashlab ketishimga rozimisiz?»
Jahongirning yuragida g‘imirlagan bir narsa bo‘g‘ziga ko‘tarildi, keyin avval xo‘rsiniq bo‘lib, so‘ng yig‘i bo‘lib tashqariga chiqdi. U to‘lib-to‘lib yig‘lardi. Otasini yerga qo‘yishayotganida ham bunchalik zorlanib yig‘lamagan edi. Erkak zoti shunchalik ezilib yig‘laydi, deb birov aytsa, balki ishonmas. Ammo hozir bu haqda o‘ylamas edi. U bolam deb o‘tgan ota ruhiga sodiq bo‘la olmaganidan kuyib yig‘lari. To‘lib-to‘lib, toshib-toshib, ho‘ngrab-ho‘ngrab yig‘lardi. Yig‘i bag‘ridagi dardni ko‘z yoshlariga qo‘shib chiqarib tashlash barobarinda fikrini ham tiniqlashtira borardi. Birdaniga ko‘z oldida yashin chaqnaganday bo‘ldi. Uch kundan beri qora tun bag‘ridagi yo‘li go‘yo biroz yorishdi.
«O‘ldirishim kerak edi. Bu dunyoda yakka-yolg‘iz qolsam ham, bir umr do‘zax azobida o‘rtansam ham o‘ldirishim lozim edi!»
Jahongir tugunchani joyiga qo‘yib, chuqurchadan chiqdi. Engashganicha panjalari bilan tuproq torta boshladi.
«Ulguraman hali... ulguraman... Ulguraman... Padarkush... Padarkush... Peshonasidan otaman. Arvohlarni chirqiratib qochyapti...»

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:23:45

Chuqurcha to‘lay deganda, tuproq ustiga chiqib tepkiladi. Yana tuproq tortdi. Keyin zax yerga yopishib yotgan barglarni tatalab olib tuproq ustiga sochdi. So‘ng qo‘lini etagiga artdi-da, otni tushovdan chiqardi. Pichoqni unutibdi. Iziga qaytdi. Pichoqni ola turib yana bargga qaradi: qaltirab turibdi — uzilmabdi. Hovliqib otga mindi. Achchiq qamchi bosdi. Ot old oyoqlariga tiralganicha tiyg‘ana-tiyg‘ana pastga endi.
U uyiga shoshilardi. Otishma ovozidan qishloq uyg‘ongandir, besaranjomdan, kimdir o‘lgandir, xalq g‘azabdadir, degan o‘y xayoliga kelmasdi. U Xadichani to‘xtatishga, Olamgirning peshonasiga o‘q qadashga shoshilardi. Hozir guzardan o‘tish o‘zi uchun xavfli ekanini bilmas edi. Bilmagani uchun ham yaqin ko‘zla, otni guzar tomonga burdi. Burdi-yu...
Odamlarning qorasi elas-elas esida.
Kimdir «Ana, o‘shalardan birining ukasi», deb baqirdi chog‘i. Keyin gardaniga tayoq tushdi. Yo‘q, oldin ot munkib yiqildi. So‘ng gardaniga urishdi. «Xadicha!» deb baqirdi. Yo‘q, «Ota!» deb baqirdi shekilli. Ko‘zoldi qorong‘ilashdi. «Arvoh urdi», deb pichirladi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:24:04

1. «QOTILMAN», DEGAN ODAM

Bu bobda mayor Sanjar Solihovning qotilga ishonmagani haqida gap boradi.

Tog‘larga oshiqmay kelgan bahor haqini qo‘ymadi — kech ketdi. Kech kelgan yoz shoshqaloq kuzning zahar nafasiga dosh berolmay chekina qoldi. Daraxt barglari shoshqich ravishda za’faron tus olib, mayllarini tentak shamolga bera qoldilar. Bo‘lar ish bo‘ldi: Daydidaraning asl xo‘jalari — izg‘irin, sovuq hukm o‘tkaza boshladi.
Mayor Solihov Daydidaraning qilig‘idan bexabar, shahardagi yupun kiyimi bilan chiqavergan edi. Murda topilgan joyni sinchiklab ko‘zdan kechirib, rayon jinoyatga doir qidiruv bo‘limi boshlig‘ining ma’lumotini eshitguncha sovqotib, tishlari takillab qoldi.
— Demak, ashyoviy dalil yo‘qmi? — dedi Solihov ma’lumotni tinglab bo‘lgach.
— Dalil yo‘q. Faqat ikkita iz qolgan. Biri eski etik izi. Qirq uchinchi razmer. Ikkinchisi botinka izi. Qirqinchi razmer.
— Etikning egasi Muhammadrizaevmi?
— Ha.
— Aybini darrov bo‘yniga olgani sizga ajablanarli tuyulmayaptimi?
— Yo‘q. Yoshi bir yerga borib qolgan, bo‘yin tovlashning foydasizligini fahmlagan, — dedi Jabborov.
— «Yoshi bir yerga borib qolgan» dedingizmi? — mayor qunishib bosh chayqadi. — Ellik olti yoshda taqdirga tan beradi, deb o‘ylaysizmi?
Kapitan Jabborov yelka qisdi. Mayorning shu oddiy haqiqatni bilmasligidan ajablandi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:24:20

— Retsidivist uchun bu juda ko‘p. Og‘ir jinoyat u yoqda tursin, birovga qarab qattiqroq aksirib yuborsa ham qamalishini yaxshi biladi. Tergovchini qiynamasa ishi oson ko‘chishi ham unga ma’lum.
— Yaxshi... — Solihov labini qimtib kapitanga tikilib qoldi. — Ishni sudga oshiraveraylikmi?
Kapitan markazdan kelgan bu odamning gapi chinmi yo piching ekanini fahmlay olmay gangidi. Keyin noiloj yelka qisdi:
— O‘zingiz bilasiz...
Bu javobdan Solihov g‘ijindi. Ko‘plarning toshyurakligi oqibatida qancha odam badnom bo‘ldi, qanchasi jon berdi. U damda qatag‘on edi, o‘ylashga, mulohaza yuritishga fursat yetmasdi. Endi-chi? Bir odamni ushlashibdi, u «Men qotilman», debdi. Bular esa ishonishibdi...
— Siz... urushda bo‘lganmisiz? — deb so‘radi Solihov dag‘al ohangda.
— Yo‘q... men urush ortida xizmat qilganman. Bir necha marta jangga boraman, deb...
— Bu gapning keragi yo‘q. Men boshqa maqsadda so‘radim. Endigina o‘n sakkizga to‘lib birinchi jangga kirgan yigitlar o‘limdan qo‘rqishardi. Bu tushunarli. Lekin «yoshi bir yerga borib qolganlar» ham o‘zlarini dushman o‘qidan pana qilishardi. Barvaqt o‘lim hech kimga yoqmaydi, birodar, hatto uchiga chiqqan jinoyatchi ham jondan to‘ymaydi. Umid bilan yashaydi. Lekin qanday umid bilan yashaydi — biz shuni bilishimiz kerak. Qani, ketdik bu yerdan. Bu turishda iligim to‘g‘nab qoladi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:24:31

Kapitan uning maqsadiga tushunmay qoldi. Bu deparaga u boshqa viloyatdan kelgan, Solihov bilan shunchaki tanishgan, ish yuzasidan esa birinchi marta yuzma-yuz bo‘layotgan edi. Hozir kichikroq lavozimda bo‘lsa-da, u o‘ziga yuqoriroq baho berardi. Harholda bu sohada ishlayotganiga yigirma yildan oshdi. Jamiyatni necha-necha «xalq dushmani»dan xalos etdi. Lavozimi ham, unvoni ham shu odamnikidan balandroq edi. Qandaydir «mahmadanalar» chiqib «hibsda yotganlar xalq dushmanlari emas», deyishdi, ularning gaplarini boshqa kaltabinlar yoqlashdi. Ishlar qaytadan qo‘zg‘aldiyu... oqibatda mana shu ovloqqa kelib qoldi. Kelishi bilan qotillikka ro‘baro‘ bo‘ldi. O‘ttiz ikki yildan beri bu qishloqda odam o‘ldirilmagan edi. Shu kapitan boyaqishni kutib turishganmi, oltmishni qoralagan bir odamni kuppa-kunduz kuni otib qo‘yishibdi. Qotil aybini bo‘yniga olib o‘tiribdi. Markazdan kelgan bu «ulug‘» nima deydi o‘zi? Kapitan bir kun ichida qotilni ushlab, tayyor oshni suzib bersa-yu, bu mayor oliftalik qilsa...
Kapitan shularni o‘ylab g‘ijindi. U o‘zini jabrlangan, xo‘rlangan, vaqtincha chekingan, deb his qilardi. Hali yana zamoni kelishiga, olg‘a intilishiga ishonchi katta edi. Mayorga aytar gaplarini o‘sha yaxshi kunlarga asrab, qiyalikdan sirg‘ana-sirg‘ana uning izidan pastga tusha boshladi.
Sirg‘anchiq qiyalikda tez yurganidanmi Solihovning badani qizib, sovuq ta’sir etmayotganday tuyuldi. Ammo tepasiga brizent tortilgan «Gazik» eshiklarining tirqishidan suqilib kirayotgan sovuq shamol baribir ustun kelib, rayon markaziga yetguncha bo‘lari bo‘ldi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:24:39

Solihov bir piyola choy ichib olgach, mahbusni olib kirishni buyurdi. Dam o‘tmay soqchi yigit baland bo‘yli, yelkalari keng, sochi ustarada qirilgan, boshyalang kishini boshlab kirdi. Solihov bu odamning oyog‘idagi biroz uringan xrom etikka, egnidagi qora shim, ko‘k ko‘ylakka tezgina razm solib oldi. Uni mahbusning kiyimlari emas, peshonasidagi yozuv hayratga soldi. Qamoq ko‘rgan odamlar ko‘kragiga, bilagiga igna bilan teshib suratlar soldirar, yozuvlar yozdirar edilar. Ammo peshonasiga yozdirgan odamni Solihov endi ko‘rib turishi.
Mahbus Solihovning o‘ziga qadalgan nigohini, ajablanayotganini sezdi. Liqillab qolgan o‘rindiqqa o‘tira turib ming‘irlagan ovozda dedi:
— Peshonamga «Alqasosu minal Haq», deb yozilgan. O‘qiyman deb o‘zingizni qiynamang. Arabcha harflarni bilmaydigan odamga yozdirgan edim. Yaxshi yozolmagan.
— Kimdan qasos olmoqchi edingiz? — deb so‘radi Solihov.
— Bu eski gap, nachaynik, eskini kavlamang.
— Harholda qiziqib qo‘yishim kerak: qasos olganmisiz?
Mahbus indamadi. Picha o‘yga berilib qoldi. «Qasos oldimmi? — deb o‘zidan o‘zi so‘radi. — Yillab kutgan fursatimni qo‘ldan chiqarmadimmi? Nima uchun yashovdim, shu fursat uchun emasmi? Endi-chi...»
Mahbusning bu fikrlarga berilishi bejiz emasdi. U Daydidaradagi qotillikni eshitganidan beri shu savollarga bandi. Savol beradi-yu, javob topa olmaydi. Miyasini, yuragini nimadir kemirayotganga o‘xshaydi, ba’zan esa alamga chiday olmay ingrab yuboradi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:24:46

Solihov uning indamay qolganini boshqa narsaga yo‘ydi. «O‘tmish xotiralar qiynayapti shekilli», deb o‘ylab, unga biroz tin berishni lozim topdi. Ammo mahbus bu imkoniyatdan foydalanmadi, unga tik qaradi:
— So‘raydiganingizni so‘rang, nachaynik?
Solihov stol ustidagi qog‘ozlarni tartibga solgan bo‘ldi. Keyin peroni siyohdonga botirib yoza boshladi.
— Men Sanjar Solihovman. Oblast jinoyat qidiruv bo‘limidanman. Daydidaradagi qotillik izini ochish bilan shug‘ullanaman. Qarshi emasmisiz?
— Menga baribir, siz shug‘ullanasizmi, boshqasimi — farqi yo‘q.
— Ismingiz?
— Jahongir Muhammadrizo o‘g‘li. Qirqbel qishlog‘ida o‘ruscha hisobda bir ming to‘qqiz yuz birinchi yilda tug‘ilganman. Volidai mukarramam o‘n oltinchi yilda, jannatmakon otam yigirma ikkinchi yilda olamdan o‘tganlar. Uylanmaganman. Qarindosh-urug‘larim qolmagan. O‘zim shaharda turaman. Maktabda qorovulchilik qilaman.
«Maktab ko‘rgan jinoyatchi ekanini yashirmaydi ham, — deb o‘yladi Solihov uning aytganlarini yozib olar ekan, — beradigan savollarimga birato‘la javob qaytara qoldi».

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:24:56

— 1957 yil beshinchi oktyabrda qaerda edingiz? — dedi Solihov Jahongirga sinovchan tikilib.
Jahongir javobni o‘ylab ham o‘tirmadi:
— Daydidarada.
— Nima qildingiz u yerda?
— Bolaligim o‘tgan yerlarni ko‘rgim kelib chiquvdim.
— Marhumni tanirmidingiz?
Bu safar Jahongir o‘ylandi.
— Yo‘q, — dedi u ezgin bir ohangda.
Solihov undagi o‘zgarishni sezdi. Toza qog‘ozga «Marhumni rostdan tanimaydimi?» deb yozib qo‘ydi.
— Tanimasangiz... nimaga o‘ldirdingiz?
— Shayton yo‘ldan urdi. O‘q xato ketdi. Arxarni mo‘ljalga oluvdim.
— Ov miltig‘ida otuvdingizmi?
— Ha.
— O‘q marhumning qaeriga tegdi?
— Bilmayman... qo‘rqib qochib ketdim.
Solihov Jahongirning yolg‘on gapira boshlaganini bildi. Shu sababli nafas rostlashga ham qo‘ymay savollarni yog‘dirib tashladi:
— Taxminan ham bilmaysizmi? U sizga orqa qilib turganmidi yo yuzma-yuzmi?
— Yuzma-yuz edi shekilli...
— Miltig‘ingiz qani?
— Daryoga tashlab yubordim...
Solihov yana savol beraman, deganda Jahongir qo‘lini ko‘tardi:
— Nachaynik, boshqa savol bermang, — dedi u qat’iy ohangda, — aybimga iqrorman. Uni men o‘ldirdim. Endi meni otib tashlayvering

Qayd etilgan