Imom G'azzoliy. Uylanish odobi  ( 131580 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 16 B


AbdulAziz  01 Oktyabr 2009, 14:43:34

Imom G’azzoliy

UYLANISH ODOBI

"Toshkent islom universiteti"
nashriyot-matbaa birlashmasi
Toshkent — 2009

So‘z boshi muallifi va mas’ul muharrir:
Abdulaziz MANSUR

Taqrizchilar:
tarix fanlari doktori Ubaydulla UVATOV
filologiya fanlari nomzodi Abdulla ULUG’OV

Mutarjim:
Yo‘ldosh ESHBEK

Muharrir:
filologiya fanlari doktori Bahodir KARIM

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo‘mitasining 368 raqamli tavsiyasi bilan chop etildi.

Uylanish odobi



Muallif: Imom G'azzoliy
Hajmi: 439 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish


MUNDARIJA

So’zboshi

BIRINCHI BOB
Nikohni tashviq etmoq
Nikohni tashviq etgan oyatlar
Nikohga aloqador hadislar
Sahobalarning qarashlari
Nikohdan ogoh etish
Nikohning foydalari
Nikohning birinchi foydasi
Nikohning ikkinchi foydasi
Nikohning uchinchi foydasi
Nikohning to‘rtinchi foydasi
Nikohning beshinchi foydasi
Nikohning ofatlari: birinchi ofati
Nikohning ikkinchi ofati
Nikohning uchinchi ofati

IKKINCHI BOB
Nikoh aqdining odoblari haqida
Nikohga to‘siq bo‘lguvchi hollar
Nikohda e’tibor beriladigan jihatlar

UCHINCHI BOB
Nikoh aqdi tuzilgach umrlarining oxirigacha turmush kechirish odoblari haqida
Erning xotin zimmasidagi haq-huquqlari

IKKINCHI KITOB
Shahvatning kesilishi (nafs tarbiyasi)
Ochlikning fazilati va to‘qlikning yomonligi
Ochlikning foydalari, to‘qlikning zararlari
Me’da shahvatini tiyishda riyozat yo‘li
Ochlikning hukmi va insonlarning hollari
Yegulikni kamaytirilishi va riyoning ofatlari
Farjning shahvati
Farj va ko‘z shahvatidan tiyilish

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Oktyabr 2009, 14:44:37

SO’ZBOSHI

Inson hayotini muayyan tartibga solib turguvchi mezonlar bor. Shariatimiz ko‘rsatmalarida shu o‘lchovlar o‘z ifodasini topadi, albatta. Inson hayotda yolg‘iz yashay olmaydi. Juft holda, er-xotin bo‘lib yashashning qonun-qoidalarini, shar’iy hukmlarini teran anglab olish o‘sha oilaviy hayotning baxt-saodatini ta’min etishi mumkin. Bo‘lajak er-xotinlar uchun shariatimiz qoidasiga ko‘ra nikoh o‘qiladi. Ularning bir oila bo‘lib yashashlari yuzasidan guvohlar oldida va’dalari olinadi. Zotan Qur’oni karimda nikoh xususida bir necha oyatlar keladi. Shuningdek, Rasululloh (s.a.v.): «Nikoh mening sunnatimdir. Kim mening sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emas», deya marhamat qilganlar va boshqa bir hadislarida uylanishga, ko‘payishga buyurganlar.

Umuman, nikohning fazilatlari va foydalari bor. Shunga binoan er va ayollarning zimmalaridagi vazifalar ham bir olam. Imom G’azzoliyning ushbu «Uylanish odobi» nomli kitobida ana shu masalalar yuzasidan batafsil ma’lumot beriladi.

Nikohda farzandli bo‘lish, shahvatdan tiyilish, uy ishlarining boshqarilishi, sulolaning ko‘payishi, nafs bilan kurashish kabi foydalar borkim, bular mazkur kitobda atroflicha sharhlanadi.

«Uylanish odobi» kitobining ikkinchi qismida inson o‘z nafsi bilan kurashishi, shahvatini tiyish yo‘llari, och yurishning foydalari ortiqcha to‘qlikning inson jismi hamda ruhiga keltiradigan zararlari to‘g‘risida mulohazalar bayon qilinadi. Nafsni tiyish, nafsga qarshi mujohada etishning eng savobli yo‘li inson o‘zini ochlik va suvsizlik bilan imtihon qilishidir. Nafsni turli-tuman noz-ne’matlar bilan tinimsiz siylashning oqibati yaxshilik bilan tugamaydi. Bunday badnafs kishi ochlarni, kambag‘al va bechoravash kimsalarni eslamaydi. To‘qlik uning ko‘ngil ko‘zini ko‘r qiladi. Oqibatda Yaratguvchini unutadi, ibodati sustlashadi. Ochlikda esa hikmat ko‘p. Bu xususda o‘tgan ulug‘larimiz ko‘plab purma’no fikrlarni bildirganlar. Mazkur kitobda keltirilgan ana shu fikr durdonalaridan, o‘gitlardan ma’rifiy ozuqa olish ruhiy, ma’naviy turmush tarzingizni pokiza mezonlar asosiga qurishda muhim dastur bo‘lishiga hamda yordam berishiga ishonchimiz komil.

Imom G’azzoliy hazratlarining ushbu kitoblaridan bahramand bo‘lish va undagi ko‘rsatmalarga amal etishni Alloh taolo siz azizlarga nasib aylasin!

Abdulaziz MANSUR

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Oktyabr 2009, 14:45:18

BIRINCHI BOB

NIKOHNI TASHVIQ ETMOQ

Islom olimlari nikoh fazilati haqida ixtilof etganlar.

Ba’zi olimlar nikohning Alloh taologa ibodatda yolg‘iz qolishdan afzalroq ekani qanoatiga borganlar.

Boshqa bir toifa olimlar nikohning fazilatini ta’kidlagan holda Alloh taologa ibodatda yolg‘iz qolishning afzal ekanini aytishadi.

Bu qarashlar orasidan haqiqat o‘rtaga chiqishi uchun avval mavzuga aloqador oyat va hadislarni zikr etamiz, so‘ngra nikohning foyda va zararlarini izohlaymiz.

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Oktyabr 2009, 14:46:21

NIKOHNI TASHVIQ ETGAN OYATLAR

Alloh taolo marhamat etadi:
«Sizlarning orangizdagi tul (erkak va ayol)larni va cho‘rilaringizdan yaroqlilarini uylantiringiz. Agar (ular) kambag‘al bo‘lsalar Alloh ularni o‘z fazli bilan boyitur. Alloh (fazlu karami) keng va doio Zotdir». (Nur, 24/32).
Bu yerdagi buyruq qat’iy emas, balki mandubdir, ya’ni qilsa savob, qilmasa gunohkor bo‘lmaydi yoki ijro etish - savob, tark etish - mubohdir. Hanafiy mazhabiga ko‘ra, uylanish uylanmasdan umrini ibodatda o‘tkazishdan afzal, balki sunnatdir. Shofe’iy mazhabi bo‘yicha uylanmay, umrini ibodatga bag‘ishlash afzal.

Bu oyatda amr bor. Yana shunday amr etilgan:
«Xotinlarni taloq qilganingizda (idda) muddatiga yetgan bo‘lsalar, (ey, ota-ona va qarindoshlari!) ular o‘zaro yaxshilikcha kelishib olgan bo‘lsalar, erlariga (qayta) nikohlanishlarida ularga tazyiq o‘tkazmangiz!» (Baqara, 2/32)

Bu oyatda nahy bor. Yana marhamat etiladi:
«Darhaqiqat, sizdan ilgari ham (ko‘p) payg‘ambarlar yuborganmiz va ularga xotinlar va zurriyotlar berganmiz». (Rad, 13/38).

Bu oyatda payg‘ambarlarning vasfi bor.
Yana shunday marhamat etilgan:
«Ular: «Parvardigoro, xotinlarimizdan va zurriyotlarimizdan bizlarga ko‘z quvonchini baxsh etgin va bizlarni taqvodorlarga peshvo qilgin», - deydigan kishilardir». (Furqon, 25/74).
Bu oyatda imtihon bor. Va avliyoning madhi bor. (Va vasfi bor - «bizlarni taqvodorlarga peshvo qilgin» deyilmoqda.)

Alloh taolo ulug‘ Kitobda uylangan payg‘ambarlarini zikr etgandir.
Hazrati Iso (a.s.) esa yer yuziga tushganda uylanadilar va bolalari bo‘ladi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Oktyabr 2009, 14:47:15

NIKOHGA ALOQADOR HADISLAR

Rasululloh (s.a.v.) marhamat etadilar:
«Nikoh - meniig sunnatim. Kim mening sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emasdir».

Yana shunday marhamat etadilar:
«Nikoh - mening sunnatim. Kim mening fitratimni sevsa, mening sunnatim bilan sunnatlansin». (Abu A’lo Abdulloh ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat etgan)

Yana shunday deydilar:
«Uylaning, ko‘paying. Chunki tushgan bir bola bilan bo‘lsa ham, qiyomat kuni o‘zga ummatlar oldida siz bilan faxrlangayman». (Abdulloh ibn Umardan (r.a.) Bayhaqiy rivoyat etgan).

Yana marhamat etadilar:
«Tirikchilikdan qo‘rqib uylanmoqni tark etgan kishi bizdan emas». (Anasdan (r.a.) Buxoriy va Muslim rivoyat etganlar).

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Oktyabr 2009, 09:57:56

Yana marhamat etadilar:
«Sizdan uylanmoqqa qodir bo‘lgan uylansin. Chunki bu ko‘zni tiydiruvchi va farjni sog‘lom etuvchi (buzuqlikdan saqlovchi)dir.
Yo‘qsa, imkoni yetmagan kishi ro‘za tutsin. Chunki ro‘za uning uchun qo‘ruvchi bir qalqondir».
(Abdulloh ibn Ma’suddan (r.a.) Buxoriy va Muslim rivoyat etganlar).

Yana marhamat etadilar:
«Dinidan va omonatdorligidan o‘zingiz rozi bo‘lgan ishonchli bir kishi huzuringizga kelganda (uylanishiga yordam so‘raganda) uni uylantirib qo‘yingiz». (Abu Hurayradan (r.a.) Termiziy rivoyati)

Yana marhamat etadilar:
«Kim Alloh taolo (rizosi) uchun uylansa va Alloh (rizosi) uchun uylantirsa, o‘sha kishi Alloh taolo do‘stligiga erishadi». (Muoz ibn Anasdan (r.a.) Ahmad ibn Xanbal rivoyati.)

Yana marhamat etadilar:
«Kim uylansa, dinining yarmini qo‘rigan bo‘lur. Qolgan yarmi haqida ham Allohdan qo‘rqsin». (Anasdan (r.a.) Tabaroniy «Avsod»ida rivoyat etgan)

Yana Rasululloh (s.a.v.) bildiradilarki, kishi o‘lganda barcha amal savoblari to‘xtaydi. Lekin uch amal savobi davom etib turadi, bulardan biri - solih farzandining xayrli ishlari va u haqdagi duolaridan borib turguvchi savob.
Solih farzand esa shar’iy nikoh tufayli dunyoga keladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Oktyabr 2009, 09:58:13

SAHOBALARNING QARASHLARI

Hazrati Umar (r.a.) marhamat etadilar:
«Zaiflik va fujurdan boshqa hech narsa nikohga mone’ bo‘lmaydi».
Bu ifoda ma’nosicha, din farqi nikohga mone’ emas.
(Usmonlicha yangi lug‘atda fujur - gunoh, zino, nomuslarni poy-mol etmoq kabi shaytoniy ishtaha. Dinsiz va ahloqsizlar ahvoli).
Mone’ bo‘lgan narsa - ikki ahvol (zaiflik va fujur) deyilmoqda.

Abdulloh ibn Abbos (r.a.) deydilar:
«Uylanguncha ibodat etganning ibodati to‘la va mukammal bo‘lolmaydi».
Ibodat kamoli qalbning keraksiz narsalardan ozod bo‘lishiga bog‘liq. Qalbning shahvatdan salomat bo‘lishi ham uylanish tufayli hosil bo‘ladi.

Hazrati Ikrima va boshqa sahobalar shunday deydilar:
«Agar uylanmoq istasangiz, sizni uylantiraman. Chunki bir qul zino qilgan vaqtda imon uning qalbidan so‘kilib chiqur, chiqarilur».

Abdulloh ibn Ma’sud (r.a.) shunday deydilar:
«Bordiyu, umrimdan o‘n kungina qolganini bilsam, Alloh taolo huzuriga uylanmagan holda bormaslik uchun uylangan bo‘lardim».

Hazrati Muoz ibn Jabalning (r.a.) ikki xotini vabodan vafot etadi.Hatto o‘zlari ham vaboga chalinadilar. Shunda ham u:
«Meni uylantiringizlar. Chunki men Alloh taologa uylanmagan holda yetishmoqni istamasman», deydi.
Bu ikki buyuk sahobaning uylanishni istashlari shahvat sababidan emas, balki nikohda fazilat ko‘rganlari uchundir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Oktyabr 2009, 09:58:52

Hazrati Umar (r.a.) ko‘p nikohlanar va shunday derdilar:
«Men faqat farzand ko‘rish uchun uylanaman».

Rasululloh (s.a.v.) sahobalardan biroviga:
- Sen uylanmaysanmi? - dedilar.
- Yo Rasululloh! Men faqirman, hech narsam yo‘q. Hamda sizning xizmatingizdan ajrab qolishni istamayman, - dedi u.
Rasululloh (s.a.v.) bir muddat sukut qildilar va takror so‘radilar.
Sahoba yana o‘sha javobni berdi. So‘ng biroz o‘ylanib shunday dedilar:
«Alloh taologa qasamki, Rasululloh (s.a.v.) mening dunyoim va oxiratim uchun menga eng muvofig‘ini yaxshiroq bilurlar.
Meni Allohga yaqinlashtiradigan narsani ham bilurlar.
Agar mendan uchinchi marta yana o‘sha savolni so‘rasalar, albatta o‘sha ishni qilaman».
Bundan so‘ng Rasululloh (s.a.v.) uchinchi marta so‘radilar:
- Uylanmaysanmi?
- Mayli yo Rasululloh! O’zingiz uylantirib qo‘ying... Rasululloh (s.a.v.) marhamat etdilar:
- Falon kishiga bor va: «Meni uylantirishingizni Rasululloh (s.a.v.) amr etdilar, degin.
U zot yana:
- Yo Rasululloh! Uylanmog‘im uchun hech vaqoim yo‘k, - dedilar. Shundan so‘ng Payg‘ambarimiz (s.a.v.) buyurdilar:
- Birodarimiz uchun bir miqdor oltin to‘plangiz! Eshitib turgan sahobalar lozim bo‘lgan oltinni yig‘ib keltirdilar va u zotni uylantirdilar. Rasululloh (s.a.v.) unga aytdilar:
- To‘y qil, ziyofat ber!
Sahobalar yana pul to‘pladilar, ziyofat uchun bir qo‘y sotib oldilar.
Bu voqea, Rasululloh (s.a.v.) uylanish mavzuini qat’iyan takrorlashlari nikoh fazilatiga dalolat etmoqda.

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Oktyabr 2009, 09:59:27

* * *

...Aytishlaricha, qadimda ibodatga berilgan solih bir zot o‘tgan ekan.
O’sha zamon payg‘ambariga bu zotning ibodatlari va yaxshi insonligi aytildi.
Allohning payg‘ambari u zot haqida shunday dedilar:
- U qanday yaxshi odamdir. Koshki, sunnat bo‘lgan bir narsani ham tark etgan bo‘lmasa.
Obid kishi bu so‘zlarni eshitgach, qayg‘urdilar va bu bilan Allohning payg‘ambari nimani qasd qilganlarini so‘radilar.
- Sen nikohni tark etgan kishisan, - dedilar Allohning payg‘ambari.
- Men atayin o‘zimni nikoh sunnatidan mahrum etmoqdaman. Chunki men faqir kishiman va zotan odamlarga yuk bo‘laman, - dedilar obid kishi.
Shundan keyin o‘sha payg‘ambar dedilar:
- Senga qizimni beraman.
Va qizini u zotga nikohlab qo‘ydilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Oktyabr 2009, 09:59:57

* * *

Bishr ibn Xars deydilar:
«Ahmad ibn Hanbal uch sabab tufayli mendan ustunroqdir:
Birinchisi: U zot ham o‘zlari, ham oilasi uchun halol talabida bo‘ladilar. Men esa halolni yolg‘iz o‘zim uchun istayman.
Ikkinchisi: U zot nikoh mavzuida keng ufq sohibidirlar. Men esa, bu mavzuda tor bir qarashga egaman.
Uchinchisi: U zot barchaning imomi sifatida tan olinganlar. Men u zotning yonlarida kim ham bo‘libman(ki)!»

Deydilarki, Ahmad ibn Hanbalning xotini Ummu Abdulloh vafot etdi. Ertasi kuniyoq uylandilar va dedilar:
«Bir kecha bo‘lsa ham yolg‘iz qolib, bo‘ydoq holda o‘lishni istamayman».
Bishr ibn Xarsga deyildiki:
«Sen nikohni tark etganing uchun odamlar sen haqingda mish-mish tarqatmoqdalar va: «U sunnatni tark etgan bir kimsadir», deyishmoqda.
U zot shunday dedilar:
«Ularga aytingki, farzlar bilan mashg‘ul bo‘lish, uni sunnatdan olib qo‘ygandir».
Boshqa payt u zotga yana tirg‘alishganda dedilar:
«Meni uylanishdan tutib turgan Alloh taoloning shu oyatidir:
«Ayollar uchun (belgilangan huquqlar) o‘z me’yorida erkaklar (huquqi)bilan tengdir». (Baqara, 2/228)
Bu holni Ahmad ibn Hanbalga aytganlarida u zot shunday dedilar:
«Qayda o‘sha Bishr ibn Xars kabi insonlar?!»
Rivoyatlarga qaraganda, u zot o‘limidan so‘ng tush ko‘rildi va undan so‘raldiki:
«Alloh taolo sizni qanday kutib oldi? Qanday muomala qildi?»
U zot javob berdilar: «Jannatda manzillarim shunday yuksaldiki, payg‘ambar maqomlari yaqinidan menga joylar ko‘rsatildi. Lekin uylanganlarning jannatdagi darajalariga yetolmadim».

Qayd etilgan