Oltinchi adab:
Oilasining nafaqasini ta’minlashda haddan oshmaslik, nafaqadan qismaslik, lekin isrof ham etmaslikdir.
Alloh shunday deydi:
«Yeng, iching, faqat isrof qilmang!» (A’rof, 7/31)
Yana shunday deydi:
«Qo‘lingni bo‘yningga bog‘lab olma (xasislik qilma). Uni butunlay ochib ham yuborma (isrof etma)». (Isro, 17/29)
Rasululloh (s.a.v.) shunday deganlar:
«Sizning eng xayrlingiz, oilasiga eng xayrli bo‘lganingizdir». (Termiziy Hazrati Oishadan (r.a.) rivoyat etgan)
Yana shunday deydilar:
«Alloh yo‘lida xarjlaganing (bir) dinor, (bir) qul ozod etish uchun sarflaganing (bir) dinor, o‘z oilang uchun sarflagan (bir) dinoring ichida savobi eng kattasi o‘z oilang uchun sarf etgan dinoringdir». (Muslim Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat etgan).
Uy bekasi nafaqadan va ortib qolsa buzilishi ehtimoli bo‘lgan ortiqcha oziq-ovqatlarni faqirlarga berishi kerak.
Bu xayr qilishning eng past darajasidir.
Erkakning o‘zi tashqarida laziz, tansiq taomlar yeyishi va o‘zi yeydiganidan oilasiga yedirmasligi to‘g‘ri emas.
Oila boshlig‘i taomlanayotganda oila a’zolarini dasturxon atrofida to‘plashi va birga tanovul etishlari kerak.
Hazrati So‘fyon (r.a.) marhamat etadilar:
«Bizga tablig‘ etilganiga ko‘ra, Alloh va farishtalari to‘planib taomlanadigan uy ahlini duo kiladilar.
Uy erkagi oilasining ta’minotiga kirishar ekan, luqmani halol yo‘ldan topishi shart».