Uchinchi adab:
Xotinlardan kelish ehtimoli bo‘lgan aziyatlarning oldini olish uchun ular bilan hazillashib o‘ynashmoqni ko‘paytirish lozim. Chunki tegishib, hazillashish ayollar ko‘nglini xushnud qiladi.
Rasululloh (s.a.v.) xotinlari bilan hazillashardilar.
Aqllari, amallari va fe’llari xususida ularning saviyalariga tushgan bo‘lardilar.
Oisha (r.a.) onamiz bilan bellashar, musobaqalashar edilar. Ba’zan Oisha (r.a.) onamiz, ba’zan Rasululloh (s.a.v.) yengardilar. Oisha (r.a.) rivoyatiga ko‘ra, Xabashistondan ba’zi odamlar kelishib, Ashuro kuni bir o‘yin o‘ynadilar. Rasululloh (s.a.v.):
- Yo Oisha! Ularning o‘yinlarini tomosha qilasanmi, - dedilar.
- Ha.
Rasululloh (s.a.v.) ularga birovni jo‘natib, chaqirtirdilar; kelishdi.
Ikki eshik orasida turdilar va qo‘llarini eshik ustiga qo‘ydilar.
Oisha (r.a.) jag‘larini Payg‘ambarimiz qo‘llari ustiga qo‘ydilar va o‘yinni kuzatdilar.
Rasululloh (s.a.v.):
- Yo Oisha, bu qadari senga kifoyami? - deb so‘radilar.
Bu savolni ikki-uch bor takrorladilar. So‘ngra:
- Yo Oisha, bu qadari senga kifoya (etar), - dedilar. Oisha (r.a.) ham:
- Ha. Yetarli, - dedilar.
Shundan so‘ng Rasululloh (s.a.v.) ularga ishorat etdilar. Ular ketdilar.
So‘ng u Zot (s.a.v.) marhamat etadilar:
«Iymon jihatidan mo‘minlarning eng komili (mukammali) xushfe’l bo‘lgani va oilasiga xushmuomala qilganidir».
Odamlarning eng yaxshisi Muhammad Mustafo (s.a.v.)dir.
Rasululloh (s.a.v.) shunday deydilar:
«Sizning eng xayrlingiz, ayollarga yaxshi bo‘lganingizdir, men ayollarimga muomalada sizning eng yaxshingizman, eng xayrlingizman». (Nasoiy va Termiziy Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat etganlar).
Rasululloh (s.a.v.) marhamat etadilar:
«Shubhasizki, Alloh taolo o‘z oilasiga dag‘al va mutakabbir munosabatda bo‘lganlarni la’nat etadi (yomon ko‘radi)».