Imom G'azzoliy. Uylanish odobi  ( 131636 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 10 11 12 13 14 15 16 B


AbdulAziz  19 Oktyabr 2009, 11:30:15

Siddiqlarga kelsak, ularning nafslari ham siroti mustaqiym deyilgan to‘g‘ri yo‘lga erishgan. Nafsiga aldangan mag‘rur kishi o‘zini siddiq maqomiga yetgan deb o‘ylaydi va endi nafs tarbiyasiga ehtiyojim yo‘q deb gumon qiladi!

«Rasululloh (s.a.v.) shunday ro‘za tutardilarki, biz u zotning (sallolloxu alayhi vasallam) xech iftor qilmasalar kerak deya gumon qilardik. Yana, Rasululloh (s.a.v.) shunday iftor qilardilarki, biz u zotning (sallollohu alayhis vasallam) hech ro‘za tutmasliklarini so‘zlardik». (Buxoriy va Muslim Hazrati Oishadan (r.a) rivoyat etganlar).

Yana Oishaning (r.a) aytishlariga qaraganda, Rasululloh (s.a.v.) ba’zan oilalarining yonlariga borar va: «Yoningizda biror narsa bormi?» deb so‘rardilar. Ular: «Ha, bor», desalar Rasululloh (s.a.v.) ham yerdilar. Agar ular: «Yo‘q edi», desalar, Rasululloh (s.a.v.): «U holda, men ham ro‘zadorman», derdilar. (Abu Dovud va Termiziy Oishaddan (r.a.) rivoyat etganlar).

Yana Oishaning (r.a.) aytishlariga ko‘ra, Rasululloh (s.a.v.) biror narsa taqdim etilganda: «Men ro‘za tutishni istagan edim», derdilar va so‘ngra esa yerdilar». (Bayhaqiy Oishadan (r.a.) rivoyat etganlar).

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Oktyabr 2009, 11:30:32

Ma’ruf Karxiy hazratlari o‘zlariga hadya etilgan halol taomlarni yerdilar. U zotga dedilarki: «Birodaringiz Bishr bunday narsalarni yemaydilar». Ma’rufi Karxiy shunday javob berdilar: «Birodarim Bishrni taqvo o‘ragan. Meni esa ilm tutib olgan. Men Allohning saroyida bir mehmonman. Agar U yedirsa, men yeyman. Och qoldirsa, sabr etaman. Mening e’tiroz etishga va tanlashga haqqim yo‘q».

Malik ibn Dinor shunday deganlar: «Yigirma yildan beri mening uyimga tuz kirmagan».

Sirri Saqotiy hazratlari ham nafsi xohlagani holda qirq yil murabbo yemaganlar. Shayx bo‘lgan murshidi komil bir zot barcha sirlarni muridiga ochishi joiz emas. Unga faqat ochlik fazilatlarining anglatishi va so‘ng sekin-asta o‘rta yo‘lni tavsiya etishi kerak. Murshidi komil darajasiga yetgan bir zotning ortiq riyozatga ehtiyoji qolmaydi. Faqat shayton uning ko‘ngliga vasvasa solishga urinadi va: «Sen komil, mukkamal bir olimsan, sen bilmagan ne borki!» deydi.

Ibrohim Al-Xavvos xazratlarining esa, o‘zgacha bir odati bor edi. U zot muridiga tavsiya etgan riyozatini o‘zi ham bajarar edi. Hazrati Umar (r.a.) o‘g‘li Abdullohga odob o‘rgatar ekanlar, shunday tavsiyalar berdilar:
«O’g‘lim! Bir kun non va et ye. Bir kun non va saryog‘ ye. Bir kun non va zaytun yog‘i ye. Bir kun non va tuz ye. Bir kun nonning faqat o‘zini ye».

Xuddi shu sanalganlar o‘rta darajadagi taomlardir. Doimo go‘shtni va istagan taomlarni yemoqda ortiqcha isrof bor. Go‘sht yemoqni batamom tark etmoq ham to‘g‘ri emas. Bular orasida eng ma’quli o‘rta yo‘lni tanlashdir. Eng to‘g‘risini Alloh taolo biladi!\

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Oktyabr 2009, 08:39:23

YEGULIKNI KAMAYTIRILISHI VA RIYONING OFATLARI

Istalgan narsalarni tark etuvchi kishi ikki ulkan ofatga yo‘liqadi.

Birinchi ofat:
Istagan bir qism narsalarni nafsiga man’ etmaydi. Lekin joni istagan narsalarning ma’lum bo‘lishini ham istamaydi. Istagini maxfiy tutadi. Jamoat ichida yemagan narsalarni yolg‘iz qolganda yeydi. Bu maxfiy shirk. Va buyuk ofat. Qul bir narsani istasa, buni maxfiy emas, ochiqcha amalga oshirishi kerak. Chunki haqiqat budir. Ichki o‘y-tushuncha bilan tashqi amal nomuvofiqligi, zidligi riyo bo‘lgani uchun munofiqlik sanaladi. Uning jazosi jahannam azobidir. Kofirlardan ko‘ra ko‘p azob chekadi. Chunki kofir kufrini ochiqcha ifoda etadi. Munofiq imonsiz holda ichidagi kufrini yashiradi. Riyokorlik qiladi. Alloh taolo ularning jahannam tubiga tushajaklaridan xabar beradi, Niso surasida shunday marhamat etadi:

«Shubhasizki, munofiqlar jahannamning eng past tabaqasida (bo‘ladi)lar». (Niso 4/145).

Ikkinchi ofat:
Istaklarini to‘xtatadi. Lekin bu bilinishini, ma’lum bo‘lishini istaydi. Mashhur bo‘lmoqni yoqtiradi. Ba’zan yemoq istagiga to‘sqinlik qiladi, lekin undan ko‘proq yomon bo‘lgan maqom ishtiyoqiga bo‘yin egadi. Unga ergashadi. Bu ham maxfiy shirk. Xulosa sifatida ayta olamizki, yemoq xohishini tark etuvchi va riyokor kishi - yomg‘irdan qutulib do‘lga, chayondan qochib ilonga tutilgan kishiga o‘xshaydi. Riyo yemoq xohishidan ko‘ra ko‘proq zararlidir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Oktyabr 2009, 08:39:59

FARJNING SHAHVATI

Jimo istagi ikki foyda uchun insonga berilgan:

Birinchi foyda:
Uning lazzatini anglab, oxirat lazzatlari bilan muqoyasa qilinadi. Chunki agar jimo lazzati davom etgan bo‘lsa edi, badan lazzatlari ichida eng kuchli lazzat bo‘lar edi. Shubhasiz, olov iztirobi ham badanning alamlari ichida eng katta og‘riqdir. Jannatga havaslantirmoq va jahannamdan qo‘rqitmoq odamlarni yaxshilikka, baxtiyorlikka yo‘llaydi! Bu esa faqat his etilgan bir alam va idrok etilgan bir lazzat bilan mumkin bo‘ladi.

Ikkinchi foyda:
Nasl boqiyligi va borliqning davom etishidir. Lekin uni zabt etolmasa va me’yorga aylantirolmasa, unda dini va dunyosini halok etuvchi ofatlar bor. Aytilganki: «Insonning qamishi qalqqanda (turganda) aqlining uchdan biri ketadi». Rasululloh sallollohu alayhis vasallam shunday duo qilardilar:
«Yo Rabbiy! Qulog‘imning sharridan, ko‘zimning sharridan va qalbimning sharridan o‘zingga sig‘inurman!»

Payg‘ambarimiz (s.a.v.) xotinlar haqida shunday deganlar:
«Xotinlar shaytonning arqonlari (tuzoqlaridir). Agar shu shahvat bo‘lmasa edi, xotinlarning erkaklar qoshida, hech qanday nufuzlari bo‘lmas edi».

Said ibn Al-Musayyab (r.a) shunday deganlar: «Iblis xotinlar vositasi bilan insonlarni halokatga sudraydi. Alloh taolo buning mujodalasini qilmagan biror payg‘ambar yubormagandir. Menimcha, ulardan qo‘rqinchliroq bo‘lgan biror narsa yo‘q!»

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Oktyabr 2009, 08:40:15

Olimlardan bir zot shunday deganlar: «Shayton xotinga deydiki: Sen mening lashkarimning yarmi martabasidansan. Sen mening otgan va hech xato ketmagan o‘qimsan. Sen mening sirrimning makonisan. Ehtiyojlarimni qondirish borasida sen mening elchimsan!»

Shayton lashkarining yarmi shahvat, yarmi esa g‘azabdur. Shaxvatlarning eng kattasi ayol shahvatidir. Bu shaxvatning ham o‘ta ko‘pi, o‘ta ozi va o‘rtacha bo‘lgani bor.

Uning o‘ta ko‘pi; butun aqli, fikri-zikri xotinlar va ulardan foydalanishda bo‘lishidir. Bu esa kishini oxirat yo‘liga kirmoqdan mahrum etadi.

Uning o‘ta ozi; turli sabablarga ko‘ra xotinini jimo qilmoqdan uzoq yurishdir. Bu ham yomonlangan bir fe’ldir.

Uning o‘rtacha bo‘lgani - maqtalganidir. Aqlga va shariatga uyg‘un bo‘lgani ham shu. Shahvat o‘ta ko‘payganda uni ochlik va uylanish bilan tiyish kerak. Rasululloh sallollohu alayhissolatu vasallam shunday deganlar:
«Ey yoshlar! Uylanmog‘ingizni sizga tavsiya etaman. Kim uylanmoqqa imkoni bo‘lmasa, unga ro‘za tutishni tavsiya etaman. Chunki ro‘za u uchun bir qalqondir!» (Buxoriy va Muslim Abdulloh ibn Ma’suddan (r.a.) rivoyat etganlar).

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Oktyabr 2009, 08:40:37

* * *

Aytilgandiki, boy xotinga uylangan kishi unda shu xususiyatlarni, sifatlarni topadi.
1. Mahri ko‘p bo‘ladi.
2. Kelin olib borish kulfatli bo‘ladi.
3. Xizmatchilarning masrafi bo‘ladi.
4. O’zining xarajatlari ko‘p bo‘ladi. Undan ajrashmoqchi bo‘lsa, moli ketib koladi, molidan ham ajralib qolaman degan ko‘rquv bilan ajrashni amalga oshirolmaydi. Biroq kambag‘al bir ayolga uylangan kishi buning ziddini topadi. Ba’zilariga ko‘ra, ayollar shu to‘rt narsada erkakdan kam bo‘lishi kerak. Aks holda, erni kamsitadi va haqorat qiladi.

To‘rt xusus budir:
1. Ayol (xotin)ning yoshi.
2. Bo‘yi.
3. Moli.
4. Nasabi.

Quyidagi to‘rt xususda esa xotinlar erkaklardan ziyoda bo‘lishlari kerak:
1. Go‘zalligi.
2. Adabi.
3. Taqvosi.
4. Fe’li-ho‘yi va xulq-atvori.

Aytishicha, so‘fiy zotlardan biri badfe’l bir xotinga uylandilar. O’sha xotin har kun so‘fiy zotni xafa qilardi. U zot esa xotinning qiliqlariga qarshilik ko‘rsatmas, biror javob qaytarmasdilar. Uning barcha aziyatlariga sabr etardilar. Do‘stlari u zotdan so‘rashardi: «Nechun uni qo‘yib yubormaysiz?» U zot shunday javob berdilar: «Men uni qo‘yib yuborsam, uning aziyatlariga sabr etolmaydigan bir kishi bilan turmush qurishidan va o‘zining aziyat ko‘rishidan qo‘rqaman».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Oktyabr 2009, 10:32:09

FARJ VA KO’Z SHAHVATIDAN TIYILISH

Bilgilki, farj va ko‘z shahvati odam bolasida bo‘ladigan shahvatlarning eng ko‘pidir. Insonlarning ko‘pi yo ojizligi sababli, yo qo‘rquv tufayli, hayo qilgani yoki vujud salomatligini saqlash kerakligi uchun shahvat majbur qiladigan chirkin ishni bajarmoqdan chekinadilar. Diniy bir sababga tayanmagan xususlarda savob yo‘q. Yuqorida zikr etilgan to‘siqlarning bir foydasi bor, u esa, gunohlarning daf’ etilishidir. Chunki qay sabab tufayli bo‘lsa bo‘lsin, zinoning tark etilishi sababli gunohi o‘zidan daf’ etilgan bo‘ladi. Fazilat va mo‘l savob kuch-qudrati, imkoniyati yetgani holda Alloh taoloning rizosi uchun tark etishidadir. Bu daraja - siddiqlarning darajasidir. Bu sabab tufayli shunday deydilar: «Kim oshiq bo‘lib ham iffatini muhofaza etsa, ishqini pinhon tutsa va shu hol uzra o‘lsa, o‘sha kishi shahiddir!»

Go‘zal va aslzoda bir ayol bir odamni o‘z nafsi sari taklif etganida: «Men olamlarning parvardigori bo‘lgan Alloh taolodan qo‘rqaman!» degan kishi qiyomat kuni arsh soyasi ostida bo‘ladi.

Yusuf (a.s.) kuch-quvvati va rag‘bati bo‘lgani holda Zulayhodan qochishi ma’lum bo‘lgan voqeadir. Alloh taolo Qur’oni karimda u zotning (s.a.v.) bu harakatini maqtaydi. Yusuf (a.s.) shaytonga qarshi muvaffaqiyat qozonganlarning rahbari bo‘ldilar. Aytilishicha, Sulaymon ibn Yasor eng go‘zal yuzli insonlardan biri edilar. Bir kuni uyiga bir ayol keldi va nafsini unga arz etdi. Sulaymon ibn Yasor undan saqlandi va ayolni qoldirib, uyidan chiqib qochdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Oktyabr 2009, 10:32:41

Keyinroq o‘zlarining aytishlaricha, o‘sha kecha tushlarida Yusufni (a.s.) ko‘rdilar: «Siz Yusuf (a.s.) misiz?», dedilar. «Ha», dedilar u zot (a.s) va shu oyatni o‘qidilar:

«Qasamki, ayol uni (Yusufni) xohlagan edi. Agar Parvardigoridan bir ishorat ko‘rmasa edi, u ham uni xohlagan (bo‘lur) edi». (Yusuf, 12/24).

Buxoriyning Abdulloh ibn Umardan (r.a.) rivoyat etganiga ko‘ra, uch kishi bir joyga ketayotganda tunash uchun bir g‘orga kirdilar. O’shanda tog‘dan bir qoya uzilib tushib, ular panalangan g‘or og‘zini bekitib qo‘ydi. «Bizni bu qoya toshdan qutqaruvchi faqat solih amallarimizni eslab, o‘sha amallarimiz hurmatidan Alloh taologa duo qilmog‘imizdir», deyishdi. Bundan so‘ng ulardan biri shunday duo qildi: «Yo Rabbiy! Sen bilasanki, mening keksa ota-onam bor edilar: Ularga oqshom sut ichmasimdan avval o‘zim ichmasdim. Bola-chaqalarimga ham, boshqalarga ham sut ichirmasdim. Bir kun uzoqdagi bir daraxt tagida qolib ketdim. Ularga (sut bermoqqa) ulgurolmadim. Ikkalovi ham uxlab kolgan edilar, ular uchun yangi sut sog‘dim va boshlarida borib kutdim. Ulardan avval bolalarimga va boshqalarga ichirmoqni xush ko‘rmadim. Sut idishni ushlagan holda ota-onam uyg‘onishlarini kutdim. Nihoyat tong vaqti bo‘ldi. Bolalar oyoqlarimga o‘ralashib ochlikdan g‘inshirdilar. Oxir, ota-onam uyg‘ondilar va sutlarini ichdilar. Yo Rabbiy! Agar men bu ishni faqat Sening roziligingga erishmoq uchun qilganim rost bo‘lsa, bizga yordam ber va bizni bu g‘ordan, bu ahvoldan qutqar!»

Bundan so‘ng qoyatosh joyidan qimirladi va g‘orning oldi biroz ochildi. Lekin ular u yerdan chiqadigan darajada g‘or og‘zi kengroq ochilmadi. Ulardan ikkinchisi shunday duo qildi: «Yo Rabbiy! O’zing bilursanki, amakimning bir qizi bor edi. U men uchun insonlarning eng sevimlisi edi. Men unga murodimni aytim. Lekin u rad etdi. Nihoyat, bir yildan so‘ng yonimga kelishga majbur bo‘ldi: Men unga bir yuz yigirma dinor bermoqchi ekanimni aytdim. Ehtiyoji sababli majbur bo‘lganidan pulni afzal ko‘rdi va mening istagimga ko‘ndi. Biroq, men unga yaqinlashmoqchi bo‘lganimda: "œAlloh taolodan qo‘rq! Nikohsiz holda menga yaqinlashma" dedi. Shundan so‘ng men o‘zimni tortdim va o‘sha yomon ishni qilishdan voz kechdim. Unga bergan pullarimni ham qaytib olmadim. Yo Rabbiy! Agar men bu ishdan faqat O’zingning Rizoingga erishmoq uchun shunday yo‘l tutgan bo‘lsam, bizga madad ber va bu ahvoldan qutqar!

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Oktyabr 2009, 10:32:49

Bundan so‘ng qoyatosh o‘rnidan harakatlandi va g‘or oldi (og‘zi) yana bir oz ochildi. Lekin, baribir sig‘madilar va chiqmoqqa imkon topolmadilar.

Ulardan uchinchisi esa shunday duo qildilar: «Yo Rabbiy! O’zing bilasanki, men mardikor yollagandim. Hammasining haqlarini berdim. Lekin bittasi haqqini olmasdan chiqib ketdi. Men uning haqqini (ishlatdim va) ko‘paytirdim. Ma’lum vakglar o‘tib, o‘sha kishi keldi va:
- Ey Alloh taoloning quli! Haqqimni ber! - dedi. Men esa:
- Shu ko‘rganingiz; tuyalar, sigirlar, qo‘ylar va xizmatchilar hammasi sizning haqqingiz(sababi)dan ko‘paygan, - dedim.
U kishi:
- Ey Allohning quli, meni mazax qilyapsizmi yo hazillashyapsizmi? - dedi.
Men esa:
- Yo‘q, mazax ham, hazil ham qilganim yo‘q, oling! - dedim.
U hammasini oldi.
Yo Rabbiy!
Agar men bu ishni faqat Sening roziligingni ko‘zlab qilgan bo‘lsam, bu ahvoldan qutqar!
Bundan so‘ng qoyatosh tamoman surilib, g‘or oldi butunlay ochildi va ular g‘ordan qutulib, chiqib oldilar va yo‘llarida davom etdilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Oktyabr 2009, 10:33:18

* * *

Shahvatiga hokim bo‘lib, iffatini qo‘riganlarning fazilati shunday.

Zinoning boshi (boshlanishi) - shahvat bilan qaramoqdir. Shu sababli ko‘zni haromga qarashdan qo‘rish kerak.

Chunki, uni tiyish ham qiyin va hamda u barcha yomonliklarning bosh manbaidir.

Agar yomon maqsadi bo‘lmasa, birinchi qarash gunoh emas. Lekin, takror qaraladigan bo‘lsa, gunoh bo‘lur va undan hisob beriladi, so‘roqqa tortiladi.

Rasululloh (s.a.v.) shunday deganlar:
"Birinchi boqish o‘zingga, o‘zingning foydangga, ikkinchi qarash esa, senga qarshi, sening zararinggadir!" (Abu Dovud va Termiziy Hz. Buraydadan (r.a.) rivoyat etganlar).

A’lo ibn Zayd shunday deganlar:
"Sening ko‘zing bir ayol(ning oldi-orti)ga tikilmasin. Chunki unga qaramoq ko‘ngilga shahvat urug‘larini ekadi".

Odamlarning juda kamdan-kamigina nomahram ayolga va bolaga tikilmoqdan, qaramoqdan ko‘zlarini qo‘riy oladilar.

Me’yoriy tarzda qarash - tabiiy(hodisa)dir. Lekin qarashni cho‘zmoq va unga harakat (g‘ayrat) qilmoq durust bo‘lmagan holat va muomaladir.

Qayd etilgan