Keyinroq o‘zlarining aytishlaricha, o‘sha kecha tushlarida Yusufni (a.s.) ko‘rdilar: «Siz Yusuf (a.s.) misiz?», dedilar. «Ha», dedilar u zot (a.s) va shu oyatni o‘qidilar:
«Qasamki, ayol uni (Yusufni) xohlagan edi. Agar Parvardigoridan bir ishorat ko‘rmasa edi, u ham uni xohlagan (bo‘lur) edi». (Yusuf, 12/24).
Buxoriyning Abdulloh ibn Umardan (r.a.) rivoyat etganiga ko‘ra, uch kishi bir joyga ketayotganda tunash uchun bir g‘orga kirdilar. O’shanda tog‘dan bir qoya uzilib tushib, ular panalangan g‘or og‘zini bekitib qo‘ydi. «Bizni bu qoya toshdan qutqaruvchi faqat solih amallarimizni eslab, o‘sha amallarimiz hurmatidan Alloh taologa duo qilmog‘imizdir», deyishdi. Bundan so‘ng ulardan biri shunday duo qildi: «Yo Rabbiy! Sen bilasanki, mening keksa ota-onam bor edilar: Ularga oqshom sut ichmasimdan avval o‘zim ichmasdim. Bola-chaqalarimga ham, boshqalarga ham sut ichirmasdim. Bir kun uzoqdagi bir daraxt tagida qolib ketdim. Ularga (sut bermoqqa) ulgurolmadim. Ikkalovi ham uxlab kolgan edilar, ular uchun yangi sut sog‘dim va boshlarida borib kutdim. Ulardan avval bolalarimga va boshqalarga ichirmoqni xush ko‘rmadim. Sut idishni ushlagan holda ota-onam uyg‘onishlarini kutdim. Nihoyat tong vaqti bo‘ldi. Bolalar oyoqlarimga o‘ralashib ochlikdan g‘inshirdilar. Oxir, ota-onam uyg‘ondilar va sutlarini ichdilar. Yo Rabbiy! Agar men bu ishni faqat Sening roziligingga erishmoq uchun qilganim rost bo‘lsa, bizga yordam ber va bizni bu g‘ordan, bu ahvoldan qutqar!»
Bundan so‘ng qoyatosh joyidan qimirladi va g‘orning oldi biroz ochildi. Lekin ular u yerdan chiqadigan darajada g‘or og‘zi kengroq ochilmadi. Ulardan ikkinchisi shunday duo qildi: «Yo Rabbiy! O’zing bilursanki, amakimning bir qizi bor edi. U men uchun insonlarning eng sevimlisi edi. Men unga murodimni aytim. Lekin u rad etdi. Nihoyat, bir yildan so‘ng yonimga kelishga majbur bo‘ldi: Men unga bir yuz yigirma dinor bermoqchi ekanimni aytdim. Ehtiyoji sababli majbur bo‘lganidan pulni afzal ko‘rdi va mening istagimga ko‘ndi. Biroq, men unga yaqinlashmoqchi bo‘lganimda: "œAlloh taolodan qo‘rq! Nikohsiz holda menga yaqinlashma" dedi. Shundan so‘ng men o‘zimni tortdim va o‘sha yomon ishni qilishdan voz kechdim. Unga bergan pullarimni ham qaytib olmadim. Yo Rabbiy! Agar men bu ishdan faqat O’zingning Rizoingga erishmoq uchun shunday yo‘l tutgan bo‘lsam, bizga madad ber va bu ahvoldan qutqar!