Birinchi namozni otam bilan o'qiganmiz, akalarim ham. Hali hanuz esimda, o'shanda besh yoshda edim...
Birinchi kaltakni onamdan yeganman, o'shanda onamga gap qaytargandim. Olti yetti yoshlarda edim... Shundan beri faqat xo'p deb kelgandim.
Birinchi muhabbatimni birinchi sinfda uchratganman, lekin muhabbat yetti yildan so'ng uyg'ongan. U so'nggisi hamdir...
Birinchi vijdonni onamga yolg'on gapirib, his qilganman. Uzoqqa cho'zilmagan, shu kuni yig'lab onamdan kechirim so'raganman. Shundan beri faqat rost gapirib keldim.
Birinchi marta mehnat darsidan qochganman. Yomon ko'rardim. Qulog'imda nuqsonim bor, aksiga olib domla ham juda past gapirardi, yozdirardi. Men esa yozolmasdim, tushunolmasdim. Jahli chiqsa ovozidan oynalar zirqirab ketardi...
Birinchi marta ikinchi sinfda ikki olganman. Daftarimning muqovasi yirtilib ketgani uchun. Kamiga ko'ylagimni ham yechib qo'yishgan.
Birinchi marta alifni katta akamdan o'rganganman. To'rtinchimi, uchinchimi sinfda o'qirdim.
Birinchi marta kasalxonaga ham qulog'im tufayli yotganman. Shundan beri to'rt yilki, limit bilan davolanib kelaman...
Xullas, juda ko'p ayb ishlarim bor, shodliklarim tez esimdan chiqadi, hamasiyam esimda qolavermaydi...