Partiyaning oltinlari. Igor Bunich  ( 154662 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 ... 41 B


Musannif Adham  15 Iyul 2011, 20:18:08

Leninning toqati toq bo‘ladi va 19 avgust kuni Unshlixtga quyidagi maktubni yo‘llaydi:

19. VIII. Mutlaqo maxfiy.
Urtoq Unshlixt! Iltimos — tegishli odamga topshirsangiz - u menga quyidagilarni jo‘natsin:
1) Qanaqa dalillar borligi haqida aniq ma’lumotnoma;
2) Shelexesning so‘rog‘i yoki so‘roqlaridan bir nusxa. Men bu to‘g‘rida yozgan edim. Tegishli odamga tanbeh bering. Bundan keyin imillamasin. Kommunistik salom bilan Lenin.

Ammo oltin ikki yo‘l bilan — xorijga va VChKning maxfiy omborlariga g‘oyib bo‘lishda davom etadi. Har ikki tomon ham bir-birini fosh qilish uchun imkoni bor hamma ishni qiladi, hatto, ayrim materiallarning G’arb matbuotida paydo bo‘lishiga ham yo‘l ochib berishadi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Iyul 2011, 20:19:22

«Nyu-York Tayms» 1921 yil 23 avgust sonida yozadi: «1917 yilda Rossiyadagi to‘ntarishga o‘zlarining nemis filiallari orqali mablag‘ bergan «Kun, Leyba va K°» banki minnatdor mijozlari tomonidan unutilgani yo‘q. Joriy yilning faqat birinchi yarmi mobaynida bank Sovetlardan 102 million 290 ming dollarlik mablag‘ oldi. Inqilob dohiylari AQSh banklaridagi o‘z hisoblariga qo‘yilgan omonatni tobora ko‘paytirib bormoqdalar. Masalan, Trotskiyning bor-yo‘g‘i ikkita Amerika bankidagi joriy hisobidagi pul so‘nggi paytda 80 million dollarga yetdi. Lenin masalasiga keladigan bo‘lsak, u o‘z jamg‘armalarini zo‘r berib Shveytsariya bankida saqlashda davom etmoqda, holbuki, bizning erkin qit’amizda yillik foizlar ancha yuqori».

1921 yilning oktyabrida Shelexesni otib tashlashdi. «Bechora zargar»ni Butunrossiya Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi qoshidagi Oliy Tribunalning Harbiy kollegiyasi sud qildi. Go‘yo Shelexes oddiy bir zargar emas, balki inqilob dohiylaridan biri yoxud marksizm nazariyotchisiga aylangan edi.

Ammo Lenin kurashni davom ettirishga urinadi. 1921 yilning 18 noyabrida u VChKga, Moskva ChKsiga va Moliya Xalq Komissarligiga buyruq yo‘llaydi:

«Hozirgi paytda turli-tuman davlat muassasalarida saqlanayotgan jamiki boyliklarni bir joyga jamlash maqsadida mazkur buyruq qo‘lga tegishi bilan uch kunlik muddat ichida hozir VChK ixtiyorida bo‘lgan jami qimmatbaho buyumlarni Goxranga topshirishni taklif qilaman. Xalq Komissarlari Sovetining Raisi V. Ulyanov (Lenin)».

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Iyul 2011, 20:19:53

Hech kimdan sado chiqmaydi. Bu ham mayli-ya, Leninga Goxrandan axborot kelmay qo‘yadi. Axborot o‘rniga «Goxranga - zarbdor mehnat!» qabilidagi shiorlar kela boshlaydi. Go‘yo «Vladimir Ilich, o‘zingizning «NEP»ingiz bilan shug‘ullanavering, biz sizga ortiq ishlamaymiz. O’ljaga biz ham sherik bo‘lishni istaymiz», deb pisanda qilishayotganday.

1921 yilning 2 dekabrida Lenin o‘zining sadoqatli Gorbunovini maxfiy topshiriq bilan VChKga Menjinskiy huzuriga yuboradi. Gorbunov unga Leninning maktubini topshiradi:

«Mutlaqo maxfiy.
Menga maxfiy ravishda Gorbunov orqali hozir Goxrandagi ahvol qanaqa ekani to‘g‘risida axborot yuborsangaz. Xalq Komissarlari Sovetining Raisi V. Ulyanov (Lenin)».

«Goxranda ishlar zarbdorlarcha bormoqda», — deb javob beradi Menjinskiy va ish ko‘pligini ro‘kach kilib, Gorbunovni huzuridan jo‘natib yuboradi. Harakatlar mantig‘i Leninga eslatadiki, u safdoshlarini o‘z tevaragida faqat bitta yo‘l bilan — ularni yangi ommaviy talovlarga jalb etish bilangina birlashtirishi mumkin.

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Iyul 2011, 20:20:35

Mamlakatda dahshatli ochlik bo‘roni qattiq xuruj etmoqda edi. Ochlik Volgabo‘yi va Ukrainaning juda keng hududlariga yoyildi. Taxminan, bolalarni ham qo‘shganda, 20 million odam ochlikdan o‘lish xavfi ostida qoldi. Kreml hukumati pul yo‘qligini ro‘kach qilib, amalda ochlarga hech qanday yordam ko‘rsatgani yo‘q.

«Hamyonimizda hemiri yo‘q» deb takror-takror aytardi Lenin minbarlardan ham, Aleksey Maksimovich Gorkiy bilan qilgan xususiy suhbatlarida ham, Amerika biznesmenlari bilan bo‘lgan mubohasalarda ham. Pul yo‘q, ammo ochlarning g‘alayonlari o‘ta shafqatsizlik bilan ommaviy otish orqali bostiriladi. 1921 yilning iyunida Yekaterinoslavning och temir yo‘lchilari ish tashladi. Ishchilarni pulemyotdan o‘qqa tutdilar. Ish tashlash joyida 240 odam qo‘lga olindi, ulardan 53 kishi o‘sha zahotiyoq Dnepr bo‘yida otib o‘ldirilib, suvga tashlandi. Qolganlarini Umumukraina ChKsi jazolash uchun talab qilib olib, Ukrainaning o‘sha paytdagi markazi Xarkovga olib ketishdi. Maxsus maqsadga xizmat qiluvchi qismlar (ChON) och qishloqlarga yopirilib kirib, hammani yalpi otib tashlashar, keyinchalik bu qishloqda «eser-mensheviklar fitna ko‘targan» deb hujjatlarni rasmiylashtirib qo‘yishardi. Mamlakat bo‘ylab boshpanasiz qolgan millionlab bolalar to‘da-to‘da bo‘lib daydib yurishardi. Ular bolsheviklarning ommaviy qirg‘inlari tufayli ota-onalaridan ajragan. Ochlik yangi-yangi hududlarni egallab, borgan sari kenfoq yoyilmoqda. 35 millionga yaqin odam ochlik girdobida halok bo‘lishi mumkin.

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Iyul 2011, 20:21:23

Petrograd, Odessa, Nikolaev shaharlarining elevatorlari yonida esa ajnabiy kompaniyalarning kemalariga g‘alla ortilmoqda. Bu g‘alla oltin evaziga chetga jo‘natilmoqda edi. Lenin ajnabiy birjalardagi ahvolni o‘rganib, oltin hisobida milliard so‘mlik rus yog‘ochlarini sotish imkoni bor-yo‘qligini aniqlaydi. Amerikalik «kontsessionerlar» dohiy bilan muloqotda Rossiya yerosti boyliklarini sotib olish tafsilotlarini aniqlaydilar. Eng mayda tafsilotlargacha, masalan, shaharlarda, konlarda rus ishchilariga qancha haq to‘lash kerakligigacha aniqlanadi. Amerikaliklar kuniga bir yarim dollardan to‘lashni taklif qilishadi. Lenin buni eshitib dahshatga tushadi. Zinhor-bazinhor bir tiyin ham to‘lash kerak emas. Biz o‘zimiz to‘laymiz. Siz, janoblar, tashvish chekmay qo‘yaveringlar. Amerikaliklar qandaydir nayrang bo‘layotganini his qilishadi. Qaerdaki hech qanaqa pul olishmas ekan, u yerda, albatta, allaqanday firibgarlik bo‘ladi. Mamlakat esa hamon ochlikdan qirilish yoqasida. Leninning «g‘alla monopoliyasi» haqidagi dohiyona bashoratlari juda ajoyib natijalar bermoqda. Mayda burjuaziya mafkurasining asosini, ya’ni dehqonlarni ochlik bilan butunlay holdan toydirish imkoni vujudga keldi. Bu otuvlardan yaxshiroqda! -Ochlikdan telba bo‘lgan olomon g‘alla omborlariga hujum qiladi. Yog‘och minoralardagi pulemyotlardan hech bir ogohlantirishsiz o‘t ochiladi va olomon shafqatsizlik bilan qiriladi. Atigi bir necha yiddan keyin bu dohiyona reja Stalin tomonidan takrorlanadi, ammo uniki bir necha barobar samaraliroq bo‘ladi.

20-yillardagi ochlikning ko‘lami va oqibatlari, ba’zi jihatlariga ko‘ra, 1932—1933 yillardagi sun’iy tug‘dirilgan ochlikka qaraganda yomonroq bo‘lgan. Lekin juda muhim farqi ham mavjud. Agar 1932—1933 yillardagi ochlik jahon afkor ommasidan butunlay yashirilgan bo‘lsa, 20-yillardagi ochlik, aksincha, bolsheviklar matbuotida har tomonlama keng yoritilgan. Matbuot hukumatning butkul ojizligini ta’kidlab, G’arbning insoniy yordamiga tavallo qilgan. Garchi partiya o‘zining aql bovar qilmaydigan behisob boyliklaridan bir tiyin sarflashni xayoliga keltirmagan bo‘lsa-da, uning ayrim vakillari o‘zlarining juda past darajadagi sinfiy ongini namoyish etib, qirilib borayotgan Rossiya bahonasida oziq-ovqat omborlarini va oltin xazinalarini ochmoqchi bo‘lishgan. Leninning Vladimir Bonch-Bruevich degan eski oshnasi bor edi. Bu noshud «Lenin saboqlari»ni o‘zlashtirolmay o‘tib ketdi. U Kreml hukmdorlarini qo‘lga kiritilgan o‘ljaning bir qismini xalq foydasiga sarflash kerakligiga ko‘ndirmoqchi bo‘ldi. Modomiki, biz davlat ekanmiz, deya uqtirmoqchi bo‘ldi u (nima ham deysan - zotiga tortadida, u chor amaldorining o‘g‘li, chor generalining ukasi edida) - hozir musodara qilingan mulk ham davlatniki, binobarin, bu mulkdan xalq foydasiga istifoda qilinmog‘i kerak. Unga sabr-qanoat bilan tushuntirishdi — davlatning puli yo‘q, u nazarda tutgan boyliklar esa «partiyaning oltinlari». Ularning egasi partiya, faqat partiya. Bu boylik partiya qo‘lidagi bo‘lajak mehnat va sarmoya kurashida muhim strategik quroldir. Yo‘q, tushunmadi, tushunadiganroq bo‘lsin deb qamab qo‘yishmoqchi bo‘lishgan edi, Lenin eski oshnasining  joniga oro kirdi («Kim burjuyligini o‘zim hal qilaman»). «Ilmiy ish» qilsin, deb kavushini to‘g‘rilab qo‘yishdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Iyul 2011, 20:22:11

«Inqilobning bo‘ron qushi» — qanotlari qayrilgan va yulingan Gorkiy ochlarga yordam so‘rab Leninning huzuriga kirishga muvaffaq bo‘ldi. «Ochlarga yordam qilishimiz uchun pulimiz yo‘q, - deb gapni cho‘rt kesdi Lenin. - Burjuaziyadan bizga vayronlik, muhtojlik, qashshoqlik meros qoldi». Shunday bo‘lsa ham, Gorkiyga ba’zi bir jon saqlab qolgan ziyolilardan ochlarga yordam qo‘mitasi tuzishga va G’arbdan madad so‘rashga ruxsat berdi.

Albatta, birinchi bo‘lib, Amerikadan sado chiqdi. Bu paytga kelganda Amerika Insoniy Yordam Ma’muriyatini (ARA) tuzib ulgurgan va urushdan keyingi Ovrupoga yordam berayotgan edi. 1921 yil dekabrida Qo‘shma Shtatlar Kongressi Rossiyadagi ochlar uchun yordamga deb 20 million dollar ajratdi va AQSh fuqarolarini o‘z shaxsiy mablag‘laridan Rossiyadagi ochlar foydasiga yordam ko‘rsatishga chaqirdi. AQShning bo‘lg‘usi Prezidenti Guver rahbarlik qilgan ARAning ixtiyoriga hukumat va xususiy odamlar tomonidan 45 million dollar o‘tkazildi. Bu ishga boshqa xalqaro tashkilotlar ham qo‘shildi. Ular o‘z vakillari orqali yordam qanday taqsim qilinayotganini qattiq nazorat qildilar va hammasi bo‘lib 137 million dollar sarflab, 22 million 700 ming kishini o‘limdan saqlab qoldilar.

Lenin «Ochlik» deb atalgan juda puxta o‘ylangan tadbirni oxirigacha yetkazishga yuragi betlamadi - ochlikdan «atigi» 6 million odam o‘ldi, xolos. Bu esa safdoshlarining Ilich jahon proletariatining dohiysi bo‘lishga ortiq yaramay qoldi degan taxminlari to‘g‘ri ekanini yana bir bor tasdiqladi. Ammo Lenin yana bir bor o‘zining so‘nmas dahosini namoyish etganda uning ham o‘ng tomonidagi, ham so‘l tomonidagi sheriklari rosa hayron qolishdi. Ochlik balosiga qarshi kurashda «sovet hokimiyati»ning butkul nochorligini ko‘rib, patriarx Tixon rahbarligidagi Rus Pravoslav cherkovi ortiq chidab turolmadi. 1917 yildan boshlab «oltin vasvas»iga yo‘liqqan «baynalmilalchilar» imperatorlarning sag‘analarini, podsholarning qabrlarini, qari avliyolarning go‘rlarini buzib oyoq osti qila boshlagandan beri cherkovning yangi hokimiyatga qarshi munosabati oshkora dushmanlik tusiga kirgandi. Lenin birinchi kunlardanoq cherkovga qarshi ochiq hujum boshladi, u cherkovni «davlatga mansublik» maqomidan mahrum etish haqida, cherkov va monastir yerlarini musodara etish to‘g‘risida, cherkovga «diniy marosimlar»ni o‘tkazishdan boshqa har qanday faoliyat bilan shug‘ullanishni taqiqlovchi dekretlar qabul qiddi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Iyul 2011, 20:23:04

Ammo vaqt-soati kelguncha oqlar bilan oshkora qurolli kurash borayotgan fursatlarda Lenin o‘zining ham, sheriklarining ham ishtiyoqlarini tiyib turishga majbur edi. Rus xalqining ko‘pchiligi o‘rtasida cherkov juda katta obro‘-e’tiborga ega edi va fuqarolar urushi kunlarida taqdirning omonat turgan tarozisining bir pallasiga bu obro‘-e’tibor og‘ir tosh bo‘lib tushishi mumkin edi. To‘g‘ri, o‘shanda ham ruhoniylarni otishgan, cherkovlarga o‘t qo‘yishgan, talashgan, lekin bularning bari uyushmagan holda qilingan edi. Rost, o‘shanda ham Lenin masalaning eng muhim jihatini bir daqiqa bo‘lsin unutgan emas. Cherkov o‘zining 900 yildan ortiqroq muddatdagi tarixi davomida behisob boyliklar to‘plagan edi. Shohlar va imperatorlar, asilzodalar va badavlat savdogarlar cherkovga juda katta miqdorda pul va boyliklar sovg‘a qilishgan, ikonalarni oltin va kumushga o‘rashgan, qimmatbaho duru javohirlar bilan bezashgan. Muqaddas kitoblarning muqovalari zarhal bezaklar bilan naqshlangandi. Bir necha avlodga mansub mohir zargarlar tomonidan zeb berilgan cherkov bezaklari ibodatxonalar, monastirlar va qavmlarning faxri edi. Cherkov jamoatchilik o‘rtasida juda katta ishlarni amalga oshirardi - u bepul kasalxonalar, yetimxonalar, maktablar, o‘quv yurtlari, qari-qartanglar uchun boshpanalar qurgan. Inqilobgacha Rossiyada xristian ma’naviyati quruq gap emas edi — XX asr boshiga kelganda kundalik turmushda odam o‘ldirish kamdan-kam uchraydigan voqeaga aylangandi. Mabodo biron uezdda qotillik ro‘y berib qolsa, bu to‘g‘rida hamma poytaxt gazetalari hayrat bilan hang-mang bo‘lib yozar edi.

Cherkov o‘sha kezdagi sharoitda tilini tiyib, «faqir kishi panada» qabilida ish tutishi kerakligini anglardi, ammo «ishchi-dehqon hukumati» ishchi va dehqonlarning ochlikdan qirilib ketayotganini xuddi Neron yanglig‘ xotirjamlik bilan tomosha qilib turganini ko‘rib ortiq chidayolmadi. Patriarx Tixon Leninga maktub yo‘llab, cherkov boyliklarining bir qismini ochlarga yordam uchun g‘alla sotib olishga sarflashini taklif qildi. Patriarx sho‘rlikning ancha anoyi odam bo‘lganini aytmay qo‘ya qolaylik — u hukumat cherkovning bu mablag‘ini oladi-yu, uni ochlarning ehtiyojlariga sarflaydi deb o‘ylagan.

Lenin qattiq g‘azabga keldi. Patriarxning maktubini u cherkovning dag‘dag‘asi deb qabul qildi. Dohiyning aynigan miyasida olijanob va fidoyi xatti-harakatlarni anglashga o‘rin qolmagan edi. Har qanday harakatni u faqat siyosiy hayot-mamot jangi nuqtai nazaridangina baholardi. Cherkov hukumatni xijolatga solib qo‘ygandi. Hukumat faoliyat ko‘rsatmayapti, shuning uchun cherkov «bizni tahqirlash maqsadida, o‘zining ta’sirini ko‘rsatib qo‘yish niyatida» boyagi takliflarini pesh qilmoqda. U go‘yo bizni nazorat qilayotganday. Bizga dashnom bermoqda. Yo‘q, hech narsa qilolmaysiz, mug‘ombir poplar! Hech narsa kelmaydi qo‘lingizdan! Biz boshqa yo‘ldan boramiz!

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Iyul 2011, 20:24:01

Apil-tapil Siyosiy byuroni yig‘ib, Lenin Patriarxning maktubini o‘qib berdi va cherkov a’yonlari bilan hisob-kitob qiladigan fursat kelganini aytdi. Cherkovni ochlarga yordam ko‘rsatish uchun o‘z boyliklaridan sarflashni xohlamayapti deb ayblash kerak, shuning uchun sovet hukumati cherkovning hamma boyligini musodara qilishga majbur. Siyosiy byuroga bu gaplar juda xush yoqdi. Axir, yaxshi-da! Lenin bo‘lajak tadbirning maqsadlarini ta’kidladi: partiya jamg‘armasiga oltin hisobida bir necha yuz million (bir necha milliard bo‘lsa ham ajab emas) so‘mlik mablag‘ qo‘shilar ekan. Hech kim qancha mablag‘ tushishini aniq bilmas edi. Bu esa jazavani zo‘raytirib, qat’iy harakatlarga undar edi.

Patriarx Tixon o‘zining olijanob taklifiga sovet hukumati nima deb javob berishini kutib o‘tirar ekan, Lenin 1922 yil 23 fevralda «Cherkov boyliklarini ochlar foydasiga musodara qilish haqida»gi dekretga imzo chekdi.

Bu dekret Ilichdan hafsalasi pir bo‘lganlarning hammasini, hatto, Stalinni ham g‘oyatda xursand qildi. Juda katta ishni amalga oshirish kerak edi. Mamlakatda 80 mingga yaqin xristian cherkovi bor edi. GPU otryadlari (endilikda VChKning nomini shunday atay boshlashgan edi) ibodatxonalar va monastirlar sari tashlandilar. Xudojo‘ylar o‘zlarining muqaddas buyumlarini jon-tanlari bilan himoya qilishdi. Hujum qilayotganlar zarracha ikkilanmay ularga qarshi o‘t ochishdi. Cherkovlarda qo‘lga ilinadigan boyliklarning hammasi tortib olindi, hatto, Ivan Grozniy va Romanovlar sulolasining birinchi podsholari davridagi buyumlar ham sandiqlar va qoplarga joylandi. Bezak tarzida o‘rnatilgan duru javohirlar ajratib olindi, tilla va kumush pullar musodara qilindi. Qadimiy ikonalar, noyob qo‘lyozmalar, XIII asrga mansub Injil yondirildi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Iyul 2011, 20:25:08

Ammo bularning bari hali holva edi. Lenin dekretidan gangib qolgan patriarx Tixon o‘ziga kelib «Rossiya Pravoslav cherkovining jamiki qavmiga» xitobnoma bilan murojaat qildi (28 fevral). «Cherkov nuqtai nazaridan bunaqa tadbir ashaddiy kufr hisoblanadi. Biz ibodatxonalardan muqaddas buyumlarning tortib olinishini ma’qullay olmaymiz. Hatto, ular ixtiyoriy tarzda tuhfa qilinganda ham, ularni olish mumkin emas, chunki umumjahon cherkovining qarori bilan muqaddas buyumlardan ibodatdan boshqa maqsadlarda foydalanish taqiqlanadi va ashaddiy kufr sifatida jazolanadi».

Hazrat patriarxning xitobnomasi cherkov minbarlaridan o‘qib eshittirildi, qo‘lma-qo‘l bo‘lib, og‘izdan-og‘izga ko‘chdi, uylarning devorlariga yopishtirildi. Xitobnoma xalqni qarshilik ko‘rsatishga undardi. Butun mamlakat bo‘ylab ibodatxonalar tevaragida haqiqiy qirg‘inbarot boshlandi.

Ammo qurolsiz xudojo‘ylar tish-tirnoqlarigacha qurollangan chekistlarga uyushgan tarzda qarshilik ko‘rsatolmas edi. Ko‘p joylarda olomonni pulemyot bilan tarqatib yuborishar, qo‘lga olinganlarni esa o‘sha kuniyoq otib tashlashardi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Iyul 2011, 20:25:50

Ammo oddiy rus kishilari o‘rtasida cherkovning obro‘yi nechog‘li baland ekanini tushungan va umumxalq isyonidan hadiksiragan hukmdor arboblar har doimgidek munofiqlik yo‘liga o‘tdilar va yolg‘on xitoblar bilan «xalqqa» murojaat qilib, «mehnatkash omma»ning qo‘ltig‘iga suv purkadilar. 1922 yilning 28 martida hukumat axboroti e’lon qilindi: «Cherkovni va xudojo‘ylarni qay bir yo‘sinda bo‘lmasin ta’qib qilish haqidagi fikr hukumatga butunlay yotdir. Boyliklar xalq mehnati bilan bunyod etilgan va ular xalqnikidir. Agar qimmatbaho buyumlar boshqa soddaroq buyumlar bilan almashtirilsa, diniy marosimlarni amalga oshirish bundan mutlaqo zarar ko‘rmaydi. Qimmatbaho buyumlar esa yetarli miqdorda g‘alla, urug‘, chorva, asbob-uskuna xarid qilishga imkon beradi. Bu esa o‘z navbatida faqat odamlarning hayotinigina emas, balki Volga bo‘yidagi va Sovet Federatsiyasining ochlikdan azob chekayotgan hamma joylaridagi dehqonlarning xo‘jaligini ham saqlab qoladi... Ammo hashamga ko‘milgan, tillaga, shohi atlaslarga, duru javohirlarga o‘rgangan cherkov rahnamolarigina bu xazinalarni millionlab halok bo‘layotgan odamlarni qutqarish ishiga berishni istamaydi. Har qanday qilib bo‘lsa-da, boyliklarni o‘z qo‘lida saqlab qolishni istagan cherkov rahnamolari jinoyatkorona fitnalar qilish va oshkora isyonlar uyushtirishdan ham toymayapti. Xudojo‘ylarning ehtiyojlariga avvalgiday diqqat-e’tibor bilan qarashda davom etgan holda Sovet hukumati cherkovning imtiyozli rahnamolari ishchi-dehqon davlati ichida cherkov sardorlari uchun alohida bir davlat tuzmoqchi bo‘lsalar, bunga bir daqiqa ham toqat qilib turolmaydilar».

E’lon qilingan murojaatnoma cherkov bilan xudojo‘ylar ommasi o‘rtasiga nifoq solishga qaratilgan edi. Ayni choqda, unda Pravoslav cherkovi rahbariyatiga oshkora tahdid ham mavjud edi. Odatdagidek, bu murojaatnomada Kremlda allaqachon qabul qilingan maxfiy qarorlarning aks-sadosi yaqqol sezilib turardi. Lenin juda ko‘tarinki ruhda edi. Uning avvalgi g‘ayrati va jangovar shijoati qaytib keldi. «Talanganni tala!» degan dohiyona shiorni maydonga tashlagan paytlaridagidek ko‘zlari yalt-yalt porlardi.

1922 yilning 19 martida u Siyosiy byuro a’zolariga, GPU rahbariyatiga, Adliya Xalq Komissarligiga va Inqilobiy tribunalga maxfiy dasturiy maktub yo‘llaydi. Bu vaqtda ularning hammasi cherkov boyliklarini tortib olish to‘g‘risidagi Dekretni yaxshiroq va hamjihatroq bajarish masalasida kengashga tayyorlik ko‘rmoqda edilar.

Qayd etilgan