Partiyaning oltinlari. Igor Bunich  ( 154911 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 ... 41 B


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:08:17

Mamlakat ichkarisida o‘tkazilgan tadbirlarning dovrug‘i kamroq bo‘lsa-da, lekin ular ham juda jiddiy hisoblanardi. Hamon Lenin zamonlaridan qolgan ishtiyoqlar ta’sirida Rossiyaning badavlat muzeylaridagi boyliklar G’arbga ko‘chishda davom etgan, lekin oradan ko‘p o‘tmay bunga chek qo‘yilgan. Bir mamlakatda sotsializm qurish mumkinligi haqidagi shior o‘rtaga tashlangandan keyin Stalinning siyosati yanada o‘zgaruvchan bo‘lib qoldi, ammo bu o‘zgaruvchanlik aholini talashning eski lenincha metodlarini yanada mukammallashtirdi. Qurolli otryadlar xonadonlarga bostirib kirib, oltin va qimmatbaho buyumlarni izlab, yalpi tintuvlar o‘tkazadigan vaqtlar allaqachon o‘tmishga aylangan edi. Otishmalaru baqirib-chaqirishlar bilan o‘tadigan bu g‘avg’olar endi kutilgan natijani bermay qo‘ygandi, chunki ko‘pchilik odamlar allaqachon shipshiydam qilib shilib bo‘lingan, agar mabodo birontasida hali biror-bir qimmatbaho narsa qolgan bo‘lsa, ular juda puxta yashirib qo‘yilgan edi. Har qanaqa tintuv bilan yerga ko‘milgan yoki devorlar ichiga berkitilgan boyliklarni togshb olishning iloji bo‘lmasdi. Ish boshqacha tus oldi — hammasi juda oddiy va bejirim qilindi. Hukmdorlar mamlakatda millionlab odamlarni go‘rga tiqqan dahshatli ochlikni vujudga keltirgach, ko‘pgina shaharlarda «Torgsin» («Savdo sindikati») degan magazinlar ochishdi. Unda makaron, yog‘, don-dun deganday ba’zi bir oziq-ovqat mahsulotlarini bemalol sotib olish mumkin edi. Faqat buning uchun oltin yoxud chet el valyutasi to‘lash kerak edi. Odamlar yashirib qo‘ygan boyliklarini o‘zlari qazib olib kelishar, bu yerda esa ularni GPU xodimlari kutib olishib, «bu tillalarni yoki chet el valyutalarini qaerdan oldingiz, axir, ularni allaqachon hukumatga topshirish buyurilgan edi-ku?» - deb so‘roqqa tutishardi. «Torgsin»ga borgan odamning uyida o‘sha kuniyoq tintuv o‘tkazilar va uy egasi qamoqqa olinardi. Lekin, rost, tillalari va valyutasini o‘z ixtiyori bilan topshirsa, qamoqdan ozod qilinardi.

Ana shu voqealarning avj pallasida uzil-kesil NEPning janozasini o‘qishdi. Mamlakatning hamma yirik shaharlarida «NEPman»larni GPUga chaqirib, ularga: «Janoblar! Sizlar qora kunimga yarab qolar deb tilla yiqqansiz. Qora kunlar keldi. Qani, topshiring uni davlatga!» - deb buyurishgan. Bu farmoyish yuqori tashkilotlarning ko‘zidan o‘tgan shekilliki, tarixga kirib qolibdi. Ba’zi bir nepmanlar ahvol jiddiyligini ko‘rib, «tilla ketsa ketsin, jon omon qolsin», deb bor-yo‘g‘larini topshirib qo‘ya qolishgan. Turli joylardagi ikkilangan odamlarga har xil yo‘l bilan nasihatlar qilingan. Ba’zi birlariga, hatto, sotsializmning siyosiy iqtisodidan ma’ruzalar o‘qib, ularni mamlakatlardagi hamma oltin qudratli sotsialistik davlatning qo‘lida jam bo‘lsa, har bir fuqaro badavlatroq, baquvvatroq va erkinroq yashaydi, deb uqtirishgan. Bu ma’ruzalar, albatta, turmalarda o‘qilgan. Lekin, baribir, yaxshi samara bergan emas. Ko‘pchilik sotsializm iqtisodiy jihatdan ma’qul tuzum ekaniga ishonishni istamagan. So‘z bilan ishontirolmagach, ish bilan ishontirmoqchi bo‘lishgan. Imkoni bo‘lgan joylarda sho‘rlik «NEPman»larni 60 gradusgacha issiq kameralarda saqlashgan, suv berishmagan. Boshqa joylarda to‘piqqacha suv chiqib turadigan muzdek kameralarga tiqib qo‘yishgan. Bunday murakkab usullarni qo‘llashni bilmaganlar yoki xohlamaganlar esa, mahbuslarni joni chiqqunicha kaltaklashgan. Boyliklarini asrab qolib, o‘lib ketishga rozi bo‘lganlar kamdan-kam edi. Ko‘pchilik taslim bo‘lib, yangi iqtisodiy sharoit davrida to‘plagan bor-budini topshirib qo‘ya qolgan. Ammo ko‘pincha fursat boy berilgan, chunki mahbuslarning qaysarligi GPU xodimlarida shubha uyg‘otgan. Mahbuslar bor-yo‘qlarini oxirigacha topshirgan bo‘lsalar ham, buni isbot qilib berolmas edilar. Qiynoq metodlari borgan sari noziklashib bordi va tilla irmoqchalar sotsializm xazinasini to‘ldirishda davom etdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:08:50

GPU organlariga Lenin tomonidan qoldirilgan vasiyatnoma-qo‘llanmadagi «Sovet tuzumining yashirin dushmanlari» bo‘limining 4- va 5-moddalariga quyidagilar kiritilgan edi: hamma sobiq yer egalari, hamma sobiq savdogarlar, magazin va do‘konlarning egalari, sanoat korxonalari va ustaxonalarning hamma sobiq xo‘jayinlari, yirik ijaradorlar, badavlat dehqonlar. Sotsialistik davlatning bu tabaqalariga ham «nepman»larga o‘xshash muomala qilishdi. Faqat ularga sotsializmning siyosiy iqtisodiyotidan ma’ruza o‘qishmadi. «E, bor-yo‘g‘imni 1918 yildayoq qoqishtirib olib bo‘lishgan», degan gaplarga masxaraomuz ohangda javob berishardi: «A, shunaqami? Hammasini qoqishtirib olishgan deng? Hech narsani qoldirishmaganmi? Yo‘g‘-e! Bunchalik emasdir. Bir eslab ko‘ring. Biror joyga ko‘mib qo‘yganingiz bordir. Biror kavakka tiqib qo‘yganingiz chiqib qolar. Esingizda yo‘qmi? Eslang, eslang! Hali vaqt bor». Eslashardi-da, nobud bo‘lishardi. Oxirigacha bardosh berganlar ham nobud bo‘lardi. Sababi, ular halokatga mahkum edilar. Halok bo‘layotib, davlatga biron narsa topshirib ketishsa, nur ustiga nur. Boshqasi bilan kimning ishi bor?

GPUdagi son-sanoqsiz tergovchilar va taftishchilar ustidan hech qanday nazorat yo‘q edi. Tortib olinayotgan boyliklarning qanchasi ularning kissalariga kirayotgani noma’lum edi. Bu rahbariyatning asabiga tegardi, ammo GPU va ilk NKVDning hamma shaxsiy xodimlarini o‘z tegirmonlaridan o‘tkazishga qaror qilingan edi. Shuning uchun «nepman»lar va turli-tuman sobiqlarning ishini olib borgan xodimlarni alohida tergov qilishga qaror qilindi. «Siz Sabatashnikovning ishini olib borgan edingiz. Qani, oxir-oqibatda u qancha tilla va valyuta topshirdi? Balki ko‘proq topshirgandir? Qani, esla, ablah!» Shunday deb to‘pponcha peshonaga tiraladi. Hammasini aniq eslashgan. Usul juda samarador edi. Bekorga bu usulni 1917 yildan beri charxlab kelishganmi?

Bu ishlarning gashti ham zo‘r edi-da! Loaqal podsho boyliklari bilan bog‘liq ishni eslang. Yurovskiy Yekaterinburgdan Moskvaga olib kelgani dengizdan bir tomchi edi, xolos. Imperator tushmagur, Tobolskda bo‘lgan vaqtida, soqchilar boshlig‘i sadoqatli polkovnik Kobilyanskiy orqali, fransuzlarning zaytun yog‘i solinadigan olti litrlik bir necha o‘nlab ma’dan idishlarida behisob boylikni gum qilgan ekan. Bu xazinani Romanovlar oilasi 300 yillik saltanatlari davrida to‘plagan edi. Polkovnik Kobilyanskiyni Xitoydan o‘g‘irlab kelishdi (keyinroq uni Sibirning allaqaeridagi lespromxozdan topdik, deb yolg‘on ayta boshlashdi. Go‘yo sobiq polkovnik u yerda hisobchimi yo qorovul bo‘libmi ishlagan emish). Ana o‘shanda ish boshlanib ketdi-ku! Sibirning muzlagan yo‘llaridagi quvla-quvlalar, tayga qa’ridagi tashlandiq xutorlardagi otishmalar, Moskvadan to eng olis, eng ovloq joylargacha qama-qamalar! Qancha odam jangovar Qizil bayroq nishoni oldi, qancha odam peshonasidan o‘q yedi. Polkovnikning o‘zini qiynab o‘ldirishdi, ammo fransuzlarning zaytun yog‘i solinadigan idishdagi boyliklardan bor-yo‘g‘i beshtasi topildi, xolos. Holbuki, idishlar 37 ta edi. Qolganlarini hanuz izlashadi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:09:20

Buxoro amirining oltini-chi? Xiva xoniniki-chi? Boku bankining oltinlari-chi? Musovotchilarning oltini-chi? Naxichevan xonining olmoslari-chi? Sanagan bilan ado bo‘lmaydi. Hammasiga Leninning qo‘li yetib ulgurmagan ekan. Ularga Stalinning qo‘li yetdi. Yillab o‘tkazilgan tergovlar, guvohlar va tergovchilarning sirli o‘limlari, aholisi boshdan-oyoq qirib tashlangan qishloqlar va ovullar, qayoqqa yo‘nalgani ma’lum bo‘lmagan sirli karvonlarni to‘xtatish maqsadida daralar ustiga samolyotlardan sepilgan zaharli gazlar, tabiatning jamiki qonunlariga ko‘ra shu daralarda jasadlari qolib ketishi muqarrar bo‘lgan yuzlab tuyalar va odamlarning sirli ravishda g‘oyib bo‘lishlari...

Ispaniyadan olib chiqilgan oltin, Boltiqbo‘yida esa Bessarabiyada bosib olingan boyliklar, Ovrupo ustiga rejalashtirilgan yurishda jamiki Ovrupo tillasini qo‘lga kiritish niyatlari... Minglab maxfiy papkalar, o‘n minglab ma’lumotlar, hisobotlar, loyihalar... Jangovar ordenlar va ismsiz qabrlar, maxsus in’omlar va turmaning yovg‘on sho‘rvasi, Stalinning yo‘lbarsniki singari targ‘il ko‘zlari va Tehron zindonlari. Odamni entiktiruvchi yuzlab romanlar va kinofilmlar uchun syujetlar...

Ammo bunga o‘xshash chiroyli oldi-qochdilar o‘rtoq Stalinning olamshumul rejalarini moddiy jihatdan ta’minlay olmas edi, albatta. Bu oldi-qochdilar nima bilan tugashini oldindan aytib berish mushkul edi. Chindan ham, Buxoro amirining oltinlari izidan tog‘liq qishloqlar bo‘ylab darbadar izg‘isang, natija nima bo‘lishini kim aytib bera oladi? Biron kulbada Buxoroning uch-to‘rtta qizil tillasini topishadimi-yo‘qmi? Yoki ayqash-uyqash tog‘ so‘qmoqlarida adashib qolgan otryadni yovuz arvohlar yutib yuboradimi?

O’rtoq Stalinning rejalari shunga o‘xshagan hodisalarga bog‘liq bo‘lib qolishi mumkin emas edi. Shuningdek, rejalarning ro‘yobga chiqishi polkovnik Kobilyanskiyning tergovga yordam berishiga yo bermasligiga ham qarab qolmasligi kerak.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:10:05

Eski zamonlarda Rossiya Sibir konlaridan yiliga taxminan 30 tonna tilla olardi. Ko‘p yillardan beri foydalanilgani uchun eski konlardan putur ketgan edi, alg‘ov-dalg‘ov yillarida esa konlar butunlay vayron bo‘ldi. Bundan tashqari eski konchining o‘zi ham bir qo‘lida miltiq, bir qo‘lida cho‘kich bilan yangi davlat tizimiga sira to‘g‘ri kelmasdi. Buning ustiga u ixtiyoridagi oltin qumni o‘qqa va mo‘ynaga almashtirar, o‘zi baquvvat va erkin edi. Yangi zamonlarda yangi usullar ham tug‘ildi.

Asr boshida geologlar Kolima daryosi havzasida katta-katta oltin qatlamlarini topishdi. Kolima daryosi Yoqutistonning sharqi-shimolida Muz okeaniga quyilardi. Bu kimsasiz o‘lka mangu muzlardan iborat bo‘lib, daryolar yiliga 285 kun muzdan xalos bo‘lolmasdi. Ibtidoiy holatdagi mahalliy aholi esa kam sonli edi va ko‘chmanchilik qilardi. Ular, asosan, baliqchilik bilan kun ko‘rishar, hatto, bug‘uchilik bilan ham shug‘ullanishmasdi. Chunki bu yerlarning og‘ir sharoitiga bug‘ular ham dosh berolmasdi. Shuning uchun bu yerlar na chor hukumatining, na xususiy tadbirkorlarning e’tiborini jalb qiddi. Bunday sharoitda ayni hududdagi konlarni ishga solish o‘zini oqlamaydi deb qaralardi. Umuman, bu yerda yashash mumkinligiga aql bovar qilmasdi. Ammo bolsheviklar tarix maydoniga kirib kelganlaridan keyin, ular har qanday ertakni ro‘yobga chiqarmoqlari kerak-da!

1932 yilning yozida 12000 mahbus Magadanga olib borib tashlandi. Ular Ukrainadan, Dondan, Rossiyaning Markaziy viloyatlaridan yig‘ilgan sobiq badavlat dehqonlar edi. Ularni GPUning 2500 askari ikki yuzta iskovuch it bilan qo‘riqlab kelgandi. Shuncha odamni bu yerga olib kelishdan maqsad Kolimada topilgan oltin zaxiralarini darhol ishga solish edi. Bu operatsiya kimning miyasiga kelgan-u, uni kim rejalashtirgan? Buni bilmadig-u, lekin mahbuslar ko‘ylakchan, soqchilar gimnastyorkada edilar. Faqat itlargina issiq po‘stinlarga ega edilar. Ammo bu ham ularni qutqarib qololmadi. Qo‘qqisdan sentyabrda tushgan sovuqdan hamma qirilib ketdi. Bironta ham tirik jon qolmadi, shu jumladan soqchilar ham, itlar ham nobud bo‘ldi. 1933 yilning yozida Magadanga 32 ming mahbus olib kelindi. Endi bularning ust-boshi bir oz durust edi. Ammo qishdan har elliktadan bittasigina omon chiqdi. 1934 yilning yozida yana 48 ming odam keldi. 1934—1935 yil qishida yana hamma mahbuslar qirilib ketdi, lekin soqchilar omon qoldi. 1935 yilning yozida 38 mingta odam olib kelindi. Sotsializm iqtisodiyotining asosi aynan ana shunda edi. Odamzod behisob sarflanaveradi. U ikki oygina mehnat qilsa bas, shuning o‘zi unga sarflangan xarajatni oqlaydi. Shu odamlar qilgan qullarcha mehnat stalincha iqtisodiyotni olg‘a siljitgan asosiy kuch edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:10:35

Oltin konlari ishlamoqda va mahsulot bermoqda edi. Oltin chiqarish borasida Moskvadan juda qattiq reja berilardi, rejani bajarmaganlar shafqatsiz jazolanardi. Kolimadagi qamoqlar tizimi barcha rahbariyatining boshi kundada edi. 1934 yildayoq oltin ishlab chiqarish 1913 yildagi darajaga yetdi. 1936 yilda bu darajadan ikki baravar o‘tib ketildi. Urush boshlanishiga kelganda oltin ishlab chiqarish 250 tonnaga yetdi. Bu vaqt mobaynida faqat Kolima konlarining o‘zidagina 600 ming odam qirilib ketdi. Ayniqsa, urushdan avvalgi to‘rt yil juda dahshatli bo‘ldi. Bu yillarda konlarga ommaviy tarzda shahar aholisi kela boshladi. Ularning konlardagi hayoti kamdan-kam hollarda besh haftadan ortiq davom etar edi.

Shu bilan birga Krasnoyarsk o‘lkasining shimolida behisob boyliklar topildi. 1935 yilda Norilsk saralash kombinatining qurilishi boshlandi. Norilsk rudasiga mamlakatda ham, xorijda ham ehtiyoj juda katta edi. Uni hozirga qadar valyutaga pullaydilar. Bu yerda ham hamma ish Kolima usulida amalga oshirildi. Mahbuslar qay kiyimda qamoqqa olingan bo‘lsa, shu ko‘yi kemalarga ortilib, Dudinka portiga keltirib tashlandi. Bu yerda sentyabrning boshidayoq sovuq 45 gradusga yetadi. Odamlarni kombinatga yo saflab piyoda haydab kelishardi, yo mashhur Dudinka-Norilsk temir yo‘lidan ochiq vagonlarga qalab keltirishardi. Ish joyiga mahbuslarning o‘ndan birigina yetib kelardi. Qolganlar yo‘lda nobud bo’lardi. Kelganlarning qo‘liga lom bilan cho‘kich tutqazishardi-da, sovuqda, achchiq izg‘irin shamolda o‘zlari uchun yerto‘la qazishga majbur qilishardi. Ertalab tong otguncha qolganlar ham qirilib ketardi. Ishni yangi kelganlar davom ettirardi. Ahvol shu tarzda benihoya cho‘zilaverardi. Shunday bo‘lsa-da, 1936 yildayoq Norilsk rudasini ortgan birinchi kemalar Ovrupo portlarida paydo bo‘ldi. Bu Stalinga baquvvat valyutada barqaror daromad keltira boshladi.

Hamma joyda ahvol shunday edi. Odamlar millionlab halok bo‘lmoqda edilar. Bu holat 1939 yilda Stalin «SSSRda, umuman olganda, sotsializm qurib bo‘lindi», deb aytishi uchun to‘la asos berdi. Stalin har jihatdan mamnun bo‘lishi mumkin edi. U o‘ylab topgan va rejalashtirgan tuzum benuqson ishlardi. Har qadamda mo‘‘jizalar yaratilardi. Turmalarning zax xonalarida o‘tirgan ixtirochilar va muhandislar yangi qurollarning loyihalarini yaratmoqda edilar. Bu ishlari uchun ular mukofot tariqasida bemalol non bilan yarim stakan qaymoq olishardi. Mahbus Tupolev yangi, olisga uchish jihatidan tengi yo‘q samolyotlar o‘ylab topmoqda edi. U yaratgan samolyotlar Shimoliy Qutb orqali Amerikaga uchib borishga qobil edi. Mahbus Ramzin jangovar kemalar uchun yangi qozonlar yaratmoqda, mahbus Korolev esa kelgusida fazoga uchadigan raketa texnikasi ustida ish olib bormoqtsa edi. Ular o‘z ahvollaridan mamnun edilar, imtiyozlarini qadrlar edilar, chunki millionlab boshqa mahbuslar shaxtalarda, konlarda, oltin yuvadigan joylarda bir luqma ovqat uchungina mehnat qilishardi. Bu luqma bilan ular ikki haftadan ortiq umr ko‘rolmasdilar. Bu sho‘rliklar ikki haftalik mehnat qilib, keyin o‘lib ketishlari avvaldan rejalashtirib qo‘yilganini, o‘rinlariga boshqa mahbuslar kelishini bilmasdilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:11:02

Qudrati beqiyos, soni behisob armiya yurishga tayyorgarlik ko‘rardi. O’sha paytlardagi bir mashhur qo‘shiqda aytilganidek: «O’rtoq Stalin bizni jangga yo‘llaydi, birinchi marshal bizga bosh bo‘lar!»

O’rtoq Stalin o‘z armiyasiga suqlanib qarar va undan o‘lguday qo‘rqardi. Sirasini aytganda, u armiyani yo‘q joydan bor qilgan va bu armiya o‘zining ham kulini sovurishi hech gap emasdi. Bahaybat harbiy sanoat kompleksi kun sayin quvvatini oshirib, mamlakatni yangi-yangi qurollar tizimiga ko‘mmoqda. Beqiyos bir tegirmon borgan sari aylanishini tezlatib, yo‘lida uchragan hamma narsani, shu jumladan, o‘zining yaratuvchisini ham majaqlab tashlashga qodir edi. Afsonalarda bir jodugar haqida hikoya qilinadi — u bir tosh jasadni tiriltirish uchun unga behad hayotiy quvvat baxsh etgan va behisob oltin sarflagan ekan. Jodugar shu jasad yordamida butun dunyo ustidan hukmron bo‘lib olmoqchi ekan. Stalin ham xuddi ana shu jodugar kabi o‘z qo‘llari bilan barpo etilgan qudrat qarshisida qonuniy iftixor tuyg‘ularini his qilardi.

Partiyaning oltini bilan xalq qonidan bino bo‘lgan ummon birlashib, butun insoniyatga tahdid soluvchi metin bir mushtni yaratdi. Qay bir bosqichda bu mushtdan Stalinning o‘zi dahshatga keldi va uni o‘zi majaqlab tashlamoqchi bo‘ldi. 1937 yilda Stalin mamlakatni qon dengiziga botirib, harbiy-sanoat kompleksining va kuchlanib borayotgan nomenklaturaning po‘lat quchoqlaridan xalos bo‘lishga kirishdi. Marshallar, armiya qo‘mondonlari, korpus komandirlari, diviziya komandirlari, xalq komissarlari, markazqo‘m a’zolari, viloyat qo‘mitalari, o‘lka qo‘mitalari, rayon qo‘mitalari kotiblarining boshlari sapchadek uchdi. Tabiiyki, ular bilan birga millionlab oddiy odamlarning ham yostig‘i quridi. Stalin dostonlardagi pahlavondek jang qildi, ammo undan farq qilaroq jangda yutqazdi. O’zi yaratgan qudratni majaqlashga kuchi yetmadi. Oltin bilan qonning qotishmasi haddan ziyod mustahkam bo‘larkan. Partiyaning oltini bilan xalqning qoni partiya ichida, armiyada, sanoatda shunday bir yengilmas nomenklaturani barpo etgan ediki, uni bitta boshini uzib tashlasang, o‘rniga uchta yangisi o‘sib chiqardi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:11:27

Ammo dohiy nomenklaturani yenga olmagan ekan, nomenklatura ham dohiyni yenga olmasdi. 1937 yil shuni ko‘rsatdi-ki, hamma nomenklatura tizimlari siam egizaklaridek bir-biriga bog‘lanib ketgan ekan. Modomiki, bir-birini majaqlab tashlashning imkoni yo‘q ekan, nomenklaturaning a’yonlari bilan uning ijodkori Stalin o‘rtasidagi o‘zaro munosabatni yo‘lga qo‘yish kerak edi. Bu aloqalar allaqachon jozibasini yo‘qotib bo‘lgan va apparat xodimlarining dohiylariga sadoqatidan iboratgina emas edi. Nomenklaturani Stalin barpo etgan edi, ammo Stalinning o‘zini ham nomenklatura bunyod qilgan edi. Muayyan muddatgacha Stalin buni anglab yetmadi. Nomenklatura Stalinning diktaturasi uchun ijtimoiy tayanch bo‘ldi, ammo zolim gruzinga muhabbati to‘lib-toshganidan, unga sadoqati cheksiz ekanidan shunday bo‘lgani yo‘q. Balki nomenklatura shu yo‘l bilan mamlakatda o‘zining kollektiv diktaturasini o‘rnatdi. Nomenklatura dohiyning buyruqlarini jonini jabborga berib ado etar ekan, bu buyruqlar nomenklatura manfaatlarini ko‘zlab berilyapti deb hisoblardi. Albatta, Stalin zarur bo‘lib qolsa, ulardan istalganini alohida olib majaqlab tashlashi, haydab solishi, tiriklay yondirib yuborishi mumkin edi, ammo nomenklaturaning hamma qatlamiga qarshi chiqa olmasdi. Buni u umrining oxirigacha ham yetarli anglamay o‘tdi. Bu mustabid qalban bunga qarshi edi. Hamma narsa ham uning xohishi va irodasiga bo‘ysunmasligiga u sira tan berolmas, shuning uchun vaqt-vaqti bilan nomenklaturaga qarshi yangi urushlar ochib turardi. Ammo endi bular ortiq urush emas, oddiy xurujlar edi. Bu xurujlarning har biri nomenklaturani yanada kuchliroq, Stalinni esa yanada ojizroq qilardi. Istasa-istamasa, u nomenklatura manfaatlarini ko‘proq o‘ylashga, uning hokimiyatini mustahkamlash, obro‘sini oshirish, imtiyozlarini kengaytirish haqida g‘amxo‘rlik qilishga majbur edi. Negaki, u o‘z qo‘g‘irchoqlari qo‘lida o‘yinchoq edi, xolos. Stalin bu qo‘g‘irchoqlarning xohish-irodasini bajarsagina, ular ham Stalinning xohish-irodasiga yurar edilar.

Stalin yaratgan nomenklaturaning xohish-irodasi esa, borgan sari ravshanroq ko‘rinmoqda edi. U butun mamlakatda o‘zining mustahkam hukmronligini ta’min etishni xohlardi. Bu hukmronlik dohiyning injiqliklari yoxud o‘zboshimchaliklariga bog‘liq bo‘lib qolmasligi kerak edi. Aksincha, dohiyning o‘zi nomenklaturaning irodasini bajarishi lozim edi. Dohiy bu vazifani bajarar ekan, hech qanaqa mol-mulkka daxldor bo‘lmasligi kerak edi, nomenklatura a’zolarining hayotigaku chang solishi mutlaqo mumkin emasdi. Shunday rivoyatlar bag‘rida Lenin siymosi saqlanib kelmoqda edi. U tevaragidagi a’yonlarning har qanday gunohidan o‘tar, shaxsiy boyish va kollektiv farovonlik yo‘lida qanday noma’qulchilik qilgilari kelsa, hammasiga yo‘l qo‘yib berardi. U haqiqiy dohiy edi. Nomenklatura qa’rida «partiya hayotining lenincha normalariga qaytish» istagi sekin-asta pishib kelmoqtsa edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:11:57

Stalin buni bilardi. U qudrati avj nuqtaga chiqqanda elu yurt oldida Leninni nemis josusi deb e’lon qilish va uning xotirasini yanchib, talqon qilib yuborish xohishiga tushib qoldi. Qamoqqa olingan Frits Platten zarur ko‘rsatmalarni berib ham bo‘lgan edi, ammo eng so‘nggi daqiqada Stalinning yuragi betlamadi. Nima qilganda ham «Stalin — bugungi Lenin!» edi-da. Stalin butun umri davomida, qo‘lidan kelganicha, Lenin merosiga qarshi kurashib keldi. «Lenin gvardiyasi»ni tag-tugi bilan yulib tashladi. Leninning «barchaning barobarligi» haqidagi nazariyasidan yuz o‘girdi. Toki biror odam bu tenglikni kutib, ovora bo‘lmasin. Aksincha, shuni ta’kidladi-ki, «har bir kommunist, agar u chin kommunist bo‘lsa, shuni anglamog‘i kerakki, iste’mol va shaxsiy hayot borasidagi tenglik mayda burjua unsurlari tomonidan o‘ylab topilgan bema’ni va ayanchli bir gap». Nomenklatura oyoq ustida turib uni olqishladi. U Leninning butun jahon miqyosida sotsializm qurish mumkinligi haqidagi qarashidan voz kechdi, chunki nomenklatura jahon proletar inqilobiga umid bog‘lab bir marta chuv tushgandi, Trotskiycha «uzluksiz inqilob» haqidagi safsatalar uning ensasini qotirardi, shuning uchun u o‘z o‘rnida mustahkamroq o‘rnashib olishni istar, o‘z kelajagini oqibati noma’lum bo‘lgan yangi voqealarga bog‘lab qo‘yishni istamas edi. Ular «bir mamlakatda sotsializm qurish mumkin» degan gapga mushtoq edilar. Shuning uchun Stalinning bu gapini zavq-shavq bilan qarshi olishdi. Marksizm nuqtai nazaridan qaraganda, Stalin formulasi uchchiga chiqqan bema’nilik edi. E, Marks bilan Lenin og‘ziga kelganini qaytarmay gapiravergan-da. Bugun ularning gaplaridan ma’no qidirish kimga kerak? Ammo shunga qaramay, sinfsiz jamiyatni kapitalizm ummoni o‘rtasidagi yagona orolday yaratish mumkin emasligi ham ravshan edi.

Ammo Stalin nomenklaturasi yangi formulani ayyuhannos solib muborakbod qildi, chunki bu formula uning hokimiyatini «sotsializm» so‘zi bilan munavvar qilib berardi. O’rtoq Stalinning sotsializmning bir mamlakatdagi g‘alabasi «to‘la bo‘lishi mumkin, lekin uzil-kesil bo‘lmasligi ham mumkin» degan gapi ularni zarracha xijolatga solmadi. SSSRda sotsializm g‘alabasi uzil-kesil bo‘lmasligi haqidagi tezisdan maqsad — qirib tashlanayotgan xalqning ko‘nglida allaqanday nosog‘lom va ro‘yobga chiqmaydigan umid uyg‘otish emas edi. Bu tezisdan foydalanib, «kapitalizmning qayta tiklanishi» mumkinligini pesh qilgan holda Stalinning ichki, harbiy va tashqi siyosatlarini asoslash nazarda tutilgan edi. SSSRda sotsializmning to‘la g‘alaba qilgani haqidagi fikr esa tuzumning barqarorligi va mustahkamligini tan olishga xizmat qilardi.

Ana shu nomenklatura Stalinning har tomonlama g‘amxo‘rliklarini ko‘rib turgan bo‘lsa-da, allaqanday «lenincha normalar»ni orzu qila boshladi.

Bo‘riga har qancha tarbiya berganing bilan...

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:14:56

Stalin ularning ustiga o‘zining qonsiragan iti - Yejovni qo‘yib yubordi. «Temir narkom» va uning yugurdaklari nomenklaturaning qonini rosa to‘yib ichishdi. Ammo hech narsa chiqmadi. Yejovni imi-jimida yo‘q qilishdi va oxirida shov-shuvsiz otib tashlashdi. Ammo hammaga ayon edi-ki, Yejovni allanechuk tushunib bo‘lmaydigan rahmdillik bilan tugatishdi. Bunaqa ko‘ngilchanlik zamonaga mos kelmas edi. Na gazetalarda uni qoralab la’natlashdi, na umumxalq yig‘inlarida «ilonning boshi yanchib tashlansin!» degan xitobu talabnomalar bo‘ldi, na hamma gunohini tan olgan sud majlislari o‘tkazildi, na kapitalizmni tiklashga uringani haqidagi odatiy ayblovlar aytildi, na otilgani haqida loaqal oddiygina axborot bosildi. (Uning otilgani 1988 yilga kelibgina ma’lum bo‘ldi. U paytlarda esa Yejovning taqdiri to‘g‘risida NKVD yo‘li bilan ikkita mish-mish tarqatilgan edi. Bularning biriga ko‘ra, u aqldan ozgan va jinnixonada kishanband ahvolda o‘tiribdi. Ikkinchi mish-mishga qaraganda esa, u ko‘kragiga «Men -bo‘qman» degan yozuvni ilganicha, o‘zini-o‘zi osib qo‘ygan. O’ylab qaraganda ikkala mish-mish ham chakki emas.)

Hali bu ham holva - Yejovning yaqin qarindoshlaridan birortasi ham jazoga tortilmadi. O’sha davrdagi mavjud tartiblarga qiyos qilinsa, bu juda g‘alati edi. Masalan, marshal Tuxachevskiyning nafaqat qarindoshlari, hatto o‘ynashlari ham sog‘ qolgan emas. Ularning hammasi qamoqqa olindi va nobud qilindi. Yejovning qarindosh-urug‘lari esa Moskvada bemalol yashab yuraverdilar, «temir narkom»ning akasi esa, hatto, urushdan keyin ham RSFSR maorifida vazir muovini bo‘lib ishlagan edi.

Yejovning o‘ziki shu qadar takalluf bilan gum qilingandan keyin uning yugurdaklari jabrlanish bir yoqda tursin, amal zinapoyalaridan ko‘tarilib ketishdi. Yejovning muovini Shkiryatov xo‘jayini daf bo‘lishi bilanoq Markazqo‘mga a’zo qilib saylandi va Markazqo‘m qoshidagi Partiya nazorati komissiyasi raisi lavozimini egalladi. Nomenklaturaga kiradigan bu amal juda katta mansab edi. Mashhur Vishinskiy ham izzat-ikromga ko‘mib yuborildi — u Markazqo‘mga a’zo bo‘ldi. Xalq Komissarlari Soveti Raisiga muovin qilib belgilandi va SSSR Tashqi Ishlar vaziri bo‘ldi. Bundan tashqari, u akademik qilib saylandi. Qonli fojialar davrining Molotov, Jdanov, Kaganovich kabi arboblari omon qolgani to‘g‘risida gapirib o‘tirmasa ham bo‘ladi. (Stalinning vafotidan keyin odamlarni ommaviy qirishda ma’lumu mashhur bo‘lgan Molotov va Kaganovichni partiyadan o‘chirish uchun Xrushchevga ancha jon kuydirishga to‘g‘ri keldi. Ammo partiyadan quvilgan Molotov bamaylixotir hamma imtiyozlardan foydalanishda davom etdi. U Granovskiy ko‘chasidagi hukumat uyida — juda keng-mo‘l kvartirada istiqomat qilar, Markaziy Qo‘mitaning «O’rmon bag‘rida» degan quling o‘rgilsin sanatoriyasida hordiq chiqarar va Lenin kutubxonasining 1-sonli qiroatxonasidan foydalanardi. Bu qiroatxona akademiklar va xorijiy olimlarga atalgandi, holbuki Molotov na akademik, na olim edi. Yaqinda ma’lum bo‘ldiki, KPSS Markazqo‘mining Ishlar boshqarmasi to bizning kunlarimizgacha Stalin, Jdanov, Beriya va ko‘plarning qarindosh-urug‘lariga mashinalardan, dala hovlilardan, maxsus oziq-ovqat ta’minotidan va maxsus xizmatlarning boshqa turlaridan bemalol foydalanishlariga yo‘l qo‘yib kelgan. Holbuki, bular siyosiy maqsadlarda elu yurt oddida jallod va qotil deb tan olingan edi. Nomenklatura saltanatining o‘z qonunlari va o‘z an’analari bor.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:15:34

Shak-shubhasiz, bu g‘alaba edi, ammo u to‘la va uzil-kesil emasdi. Mamlakat juda teran iqtisodiy va siyosiy tanazzul holatida edi. Ta’minotdagi uzilishlar va uzundan-uzoq navbatlar, hatto, Moskvada ham tez-tez ro‘y berib turardi. Faqat urush yo‘lida ishlayotgan sanoat o‘z dumini o‘zi tishlab olgan ilonga o‘xshardi va u davlat iqtisodiyotidan istisno qilingan edi. Raketalarni loyihalashdan boshlab oltin ishlab chiqarishgacha bo‘lgan hamma qatlamlardagi qullar mehnati mutlaqo samarali emas ekan. O’zlarini zo‘r iqtisodchi deb hisoblab yurgan partiya mafkurachilari buni ko‘rib, rosa hang-mang bo‘lib qolishdi. Mamlakatda to‘lov defitsiti borgan sari kuchayib bormoqda edi. Bu jahannam qa’riga Stalinning tevaragiga tikanli sim o‘ralgan imperiyasi qulab tushishi hech gap emasdi. Bundan ham yomoni shunda ediki, dohiy bilan uning nomenklaturasi bir-biridan to‘yib ketgani, hatto, tashqaridan qaragan odamga ham ayon bo‘lib qolgan edi.

Ammo Stalin, yaqindagina o‘zi ishonch hosil qilganiday, nomenklaturani mahv etishga qodir bo‘lmasa, nomenklatura Yejov to‘dasidan qolgan badanidagi jarohatlarini yalab-yulqab, dohiyni almashtirishga yana bir urinib ko‘rishi mumkin edi. Bu gal urinish muvaffaqiyatli chiqishi hech gap emasdi. Rossiya imperiyasining qabri ustida barpo etilgan Stalin imperiyasi binosining sirtidagi soxta jimjimador-ulug‘vor pardoz ko‘chib, uqalanib tusha boshlagan edi.

Uning tagidan ko‘rinib qolgan qing‘ir-qiyshiq g‘isht qatorlari sochilib ketay-sochilib ketay deb turardi. Chunki bu g‘ishtlarni terishda sement aralashmasi emas, insonlarning qoni ishlatilgandi. Uni saqlab qolish chorasini topish kerak edi. Yana Lenin uslubi qo‘l keldi — unga binoan siyosiy tanazzullar davrida, biror yangi talon boshlanardi va hamkorlar bu talondan ilhomlanib, dohiy atrofiga birlashardilar. Stalin umumovrupo miqyosida, keyinchalik esa butun jahon miqyosida bosqichma-bosqich davom etadigan tanazzul rejasini ishlab chiqdi. Bu reja uning nazarida, albatta, o‘ngidan kelishi kerak edi, chunki u o‘z siyosati harakatga keltiradigan muzyorar kema sifatida haddan ziyod ehtirosga beriladigan va ashaddiy urishqoq Adolf Gitlerdan foydalanishni ko‘ngliga tugib qo‘ygandi. Paydo bo‘lgan istiqbolni ko‘rib, Stalinning tevaragidagilar lol qolishdi.

Qayd etilgan