Partiyaning oltinlari. Igor Bunich  ( 154669 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 ... 41 B


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:15:56

Yirik Ovrupo davlatlari o‘zaro nizolar va hal qilib bo‘lmaydigan ziddiyatlar iskanjasiga tushib qolishgan edi. Ular sillalari qurib, o‘z-o‘zlarini mahv etsalar, bu Stalin armiyasi uchun zaiflashgan va himoyasiz qolgan Ovrupoga yo‘l ochib berardi. Bu esa imperializm davrida urushlarning muqarrarligi haqidagi Leninning karomatini tasdiqlashga imkon berar va shiddatkor hamda samarali harbiy hujum yo‘li bilan «butun jahon proletar inqilobi»ni amalga oshirishga dalda berardi. Buni bo‘lar-bo‘lmas markscha-lenincha markazlarsiz ham amalga oshirsa bo‘lardi.

Istiqbol chindan ham porloq edi. Allaqachon o‘lib bo‘lgan va qo‘lansa hidi ko‘pdan beri butun dunyoga tarqala boshlagan mafkuraviy aqidalarni tasdiqlashdan boshqa yana bir go‘zal imkoniyat paydo bo‘lardi: mamlakatdagi ahvolni ancha barqaror qilish, xalqni yanada laqillatish, hamisha norozi bo‘lib nolib yuradigan hamkorlarni o‘z tevaragiga jipslashtirish mumkin bo‘lardi; ommaviy qotilliklar va qashshoqliklar urush hisobiga o‘tkazib yuborilardi, qullar mehnatining zarurligi, haddan ziyod qattiq qonunlarning kerakligi asoslanardi. Atlantika sari g’olibona yurish o‘tmishdagi, hozirgi va bo‘lg‘usi jinoyatlar uchun javobgarlikdan ancha-muncha xalos etardi.

Tashqi siyosat bobidagi o‘tmishdagi jamiki yo‘l-yo‘riqlarni oyoq osti qilgan Stalin davlat kemasini keskin burib, Gitlerga yaqinlashish siyosatini yurita boshladi. U Ovrupo bo‘ylab shaxdam qadam tashlayotgan fyurerning orqasidan safga turib olishni, o‘z ulushini qo‘ldan chiqarmaslikni, fursati kelganda esa, o‘zining beqiyos sadoqati bilan sherigining hushyorligini bo‘shashtirib, orqasidan pichoq sanchib qolishni niyat qilgandi. Shunday qilsa, uning o‘zini majaqlab tashlab, zo‘r g‘alabalarining samaralaridan foydalanish mumkin bo‘lardi, qonga botgan va vayron bo‘lgan Ovrupo o‘ljaga qolardi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:16:30

Yana nomenklaturaning shodligi cheksiz. Chunki u Lenin zamonlaridanoq ma’naviy jihatdan bu narsaga tayyor bo‘lib kelgan: Ilohning o‘zi (yoxud tarixiy rivojlanishning markscha-lenincha qonunlari) ularning qismatini belgilab bergan. Bu qismatga ko‘ra nomenklatura butun dunyoni bahaybat birodarlik qabristoni ustiga qurilgan hududsiz bir qamoqxonaga aylantirib, uning ustidan hukmronlik qilishi kerak.

O’zining ilohiy donoligiga va haddan ziyod makkorligiga ishongan chalamulla dohiy mamlakatni shaxdam qadamlar bilan boshi berk ko‘cha tomon olib borardi. Buning oqibatida xalq shunday bir tuzoqqa ilindiki, hozir ham sho‘rlik mamlakatimiz bo‘lak-bo‘laklarga bo‘linib ketib, tuzoqdan xalos bo‘lolmay ingrab yotibdi.

Xalqaro mojarolarning murakkab tor ko‘chalari bo‘ylab sanqib yurar ekan, Stalin chin yurakdan katta ishlarni qilyapman, deb o‘ylardi. Holbuki, u boshqa qudratli va faol kuchlar qo‘lida bir qo‘g‘irchoq edi, xolos. Bu kuchlarning go‘daklikdagi «inga»sini Lenin adashib o‘lim oldidagi fig‘on deb o‘ylagan edi. Stalin o‘zining Gitler bilan olishuvi allaqachon boshqa qudratli kuchlar tomonidan rejalashtirib qo‘yilganini xayoliga ham keltirolmas edi. Bu kuchlar ham jahonga xo‘jayinlik qilishni bosh maqsad deb bilar, faqat bu xo‘jayinlik iqtisodiy xo‘jayinlik bo‘lishi kerak edi. Iqtisodiy hukmronlik usullari qarshisida avvalgi harbiy va mafkuraviy usullarning hammasi eskirib, xira tortib, samaradorligini yo‘qotib qo‘ygandi.

Bu reja avvaliga harbiy omilning iqtisodiy omildan ustun bo‘lishini nazarda tutardi, ammo sekin-asta harbiy omil kamayib borishi, bora-bora o‘rnini juda keng ko‘lamdagi iqtisodiy hujumga bo‘shatib berishi kerak edi. Reja taxminan yuz yilga mo‘ljallangan bo‘lib, Qo‘shma Shtatlar bilan Ovruponi iqtisodiy birlashtirishni ko‘zda tutardi. Rejaga ko‘ra, boshda Ovrupo va ayniqsa, Germaniya iqtisodiy jihatdan juda zaiflashmog‘i kerak edi, shundan keyingina yangi namunalar asosida qayta tiklanardi. Shu bilan birga rejada majburiy shart sifatida Britaniya imperiyasining uzil-kesil vayron bo‘lishi va jamiki eskirgan mustamlakachilik tuzumining yemirilishi nazarga olingandi. Rossiya masalasiga kelsak, Gitler bilan kelajakda bo‘lg‘usi jangda Rossiyaga ajratilgan roldan tashqari yana bir narsa nazarda tugalgan edi: Rossiya butunlay yakkalanib qo‘yilishi kerak edi. Keyin esa uning urishqoqligi zo‘rma-zo‘raki tarzda qo‘llab-quvvatlanib turilmog‘i shart. Shunday qilinsa, «rus xavfi» qarshisida qolgan dunyo jipslashishga majbur bo‘ladi. Reja mualliflarining o‘ylashicha, iqtisodiy va madaniy jihatdan yakkalab qo‘yilgan Rossiya boshqa dunyodan shu darajada orqada qolib ketadiki, ertami-kechmi (balki asr oxirida) so‘zsiz taslim bo‘lishga majbur bo‘ladi. Unga harbiy tazyiq o‘tkazishga hojat qolmaydi, chunki u iqtisodiy istiloga bardosh berolmaydi. O’z-o‘zidan ayon-ki, bunaqa rejada hodisalarning haqiqiy rivojidagi hamma narsani nazarda tutib bo‘lmaydi. Uni rivojlanish jarayonida yo‘l-yo‘lakay tuzatib, aniqlab borish talab etiladi. Yana shunisi ayonki, Iosif Vissarionovich Stalindek jo‘n va chalasavod davlat arbobi bunday reja uchun xuddi Gitler kabi koni topildiq edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:16:56

Kimda-kim bizning ruscha tafakkurimiz qoliplaridan kelib chiqib, bu reja faqat bir nusxada mavjud bo‘lgan edi, uning muqovasida maxfiyligi to‘g‘risidagi aql bovar qiladigan va qilmaydigan muhrlardan tangadek bo‘sh joy qolmagandi, o‘tgan 60 yil mobaynida bu reja bilan AQSh Prezidentidan yoxud «juhud massonlar»ning Ulug‘ Me’moridan pastroq rutbadagi bironta odam tanisha olmagan deb o‘ylasa, qattiq xato qiladi. Bu reja haqida hozirga qadar Amerika gazetalari ochiq va bamaylixotir yozishadi. Bu rejani AQSh kongressining byudjet komissiyasi barpo etgan. 1938 yilda bu komissiya mudofaa uchun xarajatlarni keskin ko‘paytirish imkoniyatlarini muhokama qilar ekan, shunday xulosaga keladi: «Ovrupodagi va Butun Ovrupo qit’asidagi vaziyat Qo‘shma Shtatlar hukumatiga jahon tanazzulining darajasini o‘z bilganicha boshqarib turishga g‘oyat noyob imkoniyat beradi. Buning uchun qurolli kuchlarga sarflanadigan xarajatlarni keskin ko‘paytirish shart emas, soliq to‘lovchilarning zimmasiga ortiqcha yuk ortish talab qilinmaydi. Buning uchun hukumat o‘z ixtiyoridagi moliyaviy mablag‘larni oqilona ko‘chirish tadorikini ko‘rsa bas. Shunday iqtisodiy istiloni amalga oshirmoq uchun ixtiyorimizdagi qurolli kuchlar bemalol kifoya qiladi».

Ammo byudjet komissiyasining xulosasiga «ishbilarmonlar Amerikasi» qo‘shilmadi. «Uoll-strit Jornel» 1939 yil iyulida tahririyat maqolasida shunday yozgandi: «Har million dollarni uch kishi — bitta dengizchi, bitta uchuvchi va bitta soldat qo‘riqlamog‘i kerak. Iqtisodiy istilo rejasi har qancha jozibador bo‘lmasin, uni bir yuzu yigirma ming kishilik qo‘g‘irchoq armiyamiz bilan amalga oshiramiz deb o‘ylashning o‘zi kulgilidir. Jahondagi hodisalarning shiddatli rivoji esa shundan dalolat bermoqdaki, bu hodisalar ketidan ulgurib yurmog‘imiz uchun ixtiyorimizdagi fursat juda kam. Dollar har qancha shiddatkor bo‘lmasin, vaqt undan ko‘ra shiddatliroq...»

Haqiqatan ham vaqt juda tez o‘tib borardi. 1944 yilning sentyabrida «Chikago Geralts Tribun» gazetasi mamnuniyat bilan qayd qildi: «Bugun o‘n minglab kemalarimiz va samolyotlarimiz ko‘p millionli armiyamizning frontdagi shiddatli hujumini ta’minladi. Bu front Normandiya, Afrika va Italiyadan Filippin va Okinavagacha butun kurrai zaminni qamrab oladi. Bugun biz ko‘lami va mahorat bilan bajarilishi jihatidan shu paytgacha dunyo ko‘rmagan harbiy operatsiyalarning guvohi bo‘lib turibmiz. Shunday fursatda biz insoniyat tarixidagi eng qudratli va eng samarador harbiy mashinani qanday maqsadda barpo etganimizni anglamog‘imiz kerak. 1911 yildayoq Prezident Taft «kemalar diplomatiyasi» «dollar diplomatiyasiga» yo‘lni bo‘shatib berib, o‘tmishga chekinyapti, deb ogohlantirgan edi». «Dollar bizning dushmanlarimizni miltig‘u zambaraklardan ko‘ra ko‘proq yiqitadi va shu bilan bizning ulug‘ respublikamizga butun dunyoda hukmron bo‘lishga yo‘l ochadi. Bunaqa hukmronlik Napoleonning tushiga ham kirgan emas. Hozir, Germaniya va Yaponiyaning halokati muqarrar bo‘lib qolganida, bahaybat Rossiya xarobalar ichida qonga botib yotganida, biz komil ishonch bilan: «Dollarning hukmronlik fursati keldi», - deb ayta olamiz» .

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:17:24

Bunga o‘xshash matn parchalarini behisob keltirish mumkin. Mana sizga yana bitta matn bo‘lagi. U «Krischen sayens monitar» gazetasining 1989 yil 15 avgust sonidan olingan: «Sovet Ittifoqiga qarshi ulug‘ dollar hujumi muvaffaqiyat bilan rivojlanib bormoqda. 30 mingta yadroli raketa va texnika jihatidan bekamu ko‘st qurollangan dunyodagi eng katta armiya to‘siq bilmaydigan dollardan o‘z mamlakatining hududini himoya qila olmadi. Dollar rus sanoatining yarmini mahv etib bo‘ldi, kommunistik mafkuraga zarba berdi va sovet jamiyatini ichdan yemirdi. SSSRning ortiq qarshilik ko‘rsatishga holi qolmadi va mutaxassislar yaqin ikki-uch yil ichida uning butunlay yemirilajagini aytishmoqda... Biz esa o‘sha prezident Taft qoralab bergan, prezident Ruzvelt jilolab oxiriga yetkazgan va hamma Amerika prezidentlari muntazam amalga oshirgan ulug‘ rejamizga yana bir karra tan bermog‘imiz kerak. Bu reja yuz yilga mo‘ljallangan edi, biz esa uni ellik yidda amalga oshirdik».

Moskvadagilarning bundan xabari bormidi? Ha, albatta. Ammo unga hech qancha ahamiyat bermay, kulib qo‘ya qolishganmidi? Yo‘q, unaqa bo‘lgan emas. Aksincha, amerikaliklarning bu kirdikorlariga juda jiddiy qarashgan, lekin yetarli tushunishgan emas. Stalin Marshall rejasidan qanaqa dahshat bilan yuz o‘girganini eslang. «Sovuq urush»ning avj pallasida biz Qo‘shma Shtatlardan ham ko‘proq «Uoll-strit» korchalonlariga qarshi kurashganimizni eslang. O’sha paytlardagi sovet gazetalarini varaqlab ko‘rsak, amin bo‘lamiz-ki, ayni «Uoll-strit» butun dunyoda xo‘jayin bo‘lishga va hamma jahon xalqlarini o‘ziga bo‘ysundirishga harakat qilgan. Stalin jahon iqtisodiyoti borasidagi chalamullaligiga qaramasdan xatarni yaxshi anglagan va bor kuchi bilan unga qarshi kurashishga intilgan. Ammo Bismark aytganidek, siyosatdagi xatolar sil kasalligiga o‘xshaydi — davolab bo‘ladigan paytda ular hali sezilmaydi, yuzaga chiqib seziladigan bo‘lganida davolab bo‘lmaydi.

Stalin o‘zining hisob-kitoblarida butunlay chalkashib ketdi. Nafaqat bo‘lg‘usi dushmanlari, balki bo‘lg‘usi ittifoqchilari ham uni yolg‘on axborotlarga ko‘mib tashladi. Kalavasining uchini yo‘qotib qo‘ygan Stalin mamlakatni qo‘qqisdan qilingan hujumga tutib berdi va yana bir karra uni butunlay mahv qilishga sal qoldi. Qisqa bir muddat ichida bu sho‘rlik mamlakat boshiga shuncha falokatlar yog‘ildi. Hammayoqni kuydirib jizg‘inak qiluvchi nemis hujumi Moskvagacha, Volgagacha, Kavkazgacha yetib bordi, uning o‘rniga boshlangan qarshi hujum ham hamma narsani kuydirib jizg‘inak qilishda nemis hujumidan qolishgani yo‘q. Talangan, vayron qilingan, yaralaridan qoni sirqib turgan och mamlakat ustidan bahaybat taqdir toshi yana bir marta ezg‘ilab o‘tdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:18:34

26 million odam qurbon bo‘ldi, minglab shaharlar yer bilan yakson qilindi, qanchadan-qancha qishloqlarning kuli ko‘kka sovurildi, o‘n minglab sanoat korxonalari yo‘q qilindi, hududsiz, bepoyon qishloq xo‘jalik rayonlari kimsasiz huvillab qoldi, yuz minglab kilometr temir yo‘l majaqlab tashlandi. Bevosita yetkazilgan moddiy zarar 2 trillion 500 milliard so‘mni tashkil qiladi, harbiy xarajatlarga oltin hisobida 3 trillion so‘m sarflangan. Millionlab odamlar mayib, boshpanasiz, muhojir bo‘lib qolgan. Navbatdagi milliy halokat uchun Reyxstag ustiga qo‘ndirilgan G’alaba bayrog‘idan va Sharqiy Ovrupo mamlakatlarining bosib olinganidan jinday tasalli topish mumkin edi, ammo bular ham yangi-yangi muammolarni tug‘dirdi. Ular hal qilish qiyin bo‘lgan yanada dahshatliroq jumboqlar edi. (Germaniyaning Sovet Ittifoqiga hujumi bilan bog‘liq quyidagi voqea e’tiborga loyiq. Jamiki oltin, platina va qimmatbaho toshlarni davlat qo‘lida to‘plash haqidagi Stalin tomonidan qo‘yilgan vazifa g‘ayrat bilan bajarilmoqda edi. Qidirishlar jug‘rofiyasi borgan sari kengayib borardi. Agar Rossiyaning o‘zida va Ukrainada biron tilla soatmi yoki tilla tishlarni topish ilinjida 30-yillarning o‘rtasiga kelganda, hamma go‘rlar va qabrlar qayta qazilib, titkilab ko‘rilib bo‘lingan bo‘lsa, O’rta Osiyo respublikalari hududlarida bunga o‘xshash tadbirlar vaqti-soati kelguncha o‘tkazilmagan edi. Shariat qonunlariga qo‘ra qabristonlarni oyoq osti qilish, sag‘analarni tahqirlash eng og‘ir jinoyat sanalardi. O’rta Osiyoda 20-yillarning boshidayoq lovillab yongan ozodlik urushi hech to‘xtamay davom etib turgani va 1939 yilga kelibgina bostirilgani uchun Stalinni ham, uning joylardagi malaylarini ham mahalliy aholining g‘azabini qo‘zitmaslik uchun ortiqcha bahona-yu sabablar bermaslik kerakligiga aqllari yetdi. Keyinroq esa O’rta Osiyodagi muqaddas qadamjolarga ham navbat yetib keldi. Nomenklaturaning ochofat nigohini, ayniqsa Samarqanddagi Amir Temurning ulug‘vor va go‘zal sag‘anasi jalb qilar edi.

Rivoyatlarga ko‘ra, ulug‘ jahongir Amir Temur o‘z yurishlari davomida behisob xazinalarni qo‘lga kiritgan. Arxiv hujjatlari ham buni tasdiqlaydi. Emishki, Sohibqiron ularning ko‘p qismini o‘zi bilan sag‘anaga qo‘shib ko‘mishni buyurgan. 1941 yilning may oyida Moskva NKVDsining katta otryadi Leningrad Ermitajining mutaxassis xodimlari hamrohligida sag‘anani ochib ko‘rish uchun Samarqandga kelgan. Yodgorlikning shayxi sakson yoshli Mas’ud Alaev dahshatga tushib, kelgindilarga 1405 yilda, ya’ni Sohibqiron Temur vafot etgan yili sag‘anaga o‘yib yozilgan qadimiy yozuvni ko‘rsatgan. Bu yozuvda kimda-kim qudratli hukmdorning ruhini bezovta qilishga jur’at etib, sag‘anani ochadigan bo‘lsa, o‘z mamlakatining boshiga qonli urush balosini keltiradi deb ogohlantirilgan ekan. Har ehtimolga qarshi, baloga qolmaslik uchun bu to‘g‘rida Moskvaga xabar qilishadi. U yerdan darhol buyruq beriladi: yolg’on ovozalar va vahima gaplar tarqatgani uchun Alaev qamoqqa olinsin va sag‘ana zudlik bilan ochilsin. 1941 yil 19 iyun quni Temur qabri ustiga qo‘yilgan yashil nefrit tosh qo‘tariladi. Bu to‘g‘rida TASS axboroti butun dunyoga jar soladi. Axborotda istehzo bilan aytilgan shunday gaplar ham bor: «Hozirga qadar yashab kelgan rivoyatda aytilishicha, sag‘ana ichida qiron keltiruvchi dahshatli urush arvohlari yashar emish. Ularni erkinlikka chiqarib yuborish mumkin emas» emish. Bu axborotni juda ko‘p gazetalar e’lon qilgan edi. Shu jumladan, «Leningradskaya pravda» gazetasi ham 1941 yil 21 iyun sonida uni bosgan. Bu rivoyatning to‘g‘ri chiqib qolgani g‘alati. Harholda, oltin izlab yurganda hamma vaqt ehtiyot bo‘lish va me’yoridan chiqmaslik kerak. Ammo o‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas degan gap bor...)


Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:19:24

Gitlerning SSSRga qo‘qqisdan hujum qilishi gangib qolgan Stalinni Qo‘shma Shtatlar va Angliya quchog‘iga tashlanishga majbur qildi. Ular «Gitlerga qarshi ittifoqchilar koalitsiyasi»ni tuzishgandi. Bu niyat avvaldan bo‘lgan edi, faqat unga Stalinning aloqasi yo‘q edi. (1941 yilning mayida Amerika shahri San-Diegoda harbiy dengiz qurilishi masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘ldi. Seminar AQSh floti buyurtmalari bilan bog‘liq yirik kontsernlarning rahbarlari tomonidan uyushtirilgan edi. Bu seminarda Tinch okean floti qo‘mondoni lavozimini yaqindagina tark etgan admiral Richardson katta ma’ruza qildi. Rasman ma’ruzaning mavzui flotning harbiy dengiz bazalari tizimini tezroq zamonaviylashtirish zarurligi haqida bo‘lishi kerak edi. Ammo buning o‘rniga admiral xalqaro ahvol haqida ma’ruza qildi. U zarracha shak-shubhaga bormay, yaqin o‘rtada Gitler bilan Stalin o‘rtasida olishuv boshlanishini ma’lum qildi, keyin admiral Richardson kelgusida voqealar qanday rivojlanishini nazariy tahlil qiddi. «Shubha yo‘qki, — dedi u, — kimki birinchi bo‘lib hujum boshlasa, o‘sha yirik muvaffaqiyatlarga erishadi, chunki Vermaxt ham, Qizil Armiya ham yashin tezligidagi urush goyasi asosida o‘rgatilgan. Mudofaa janglarini ular yoqtirish bir yoqda tursin, umuman, bilmaydi. Bundan ikkita savol kelib chiqadi: bizning rejalarimizga qay biri qo‘proq muvofiq kelarkin - birinchi yurishni Gitler qilgani tuzukmi yoxud uni mister Stalin boshlab bergani ma’qulmi?.. Masala juda oson hal bo‘ladi. Ovrupo xaritasiga bir nigoh tashlasangiz kifoya — amin bo‘lasizki, agar Stalin qo‘qqisdan o‘zining 200 diviziyasini va 10 ming tankini (admiral Stalinning kuchlarini ancha kamaytirib aytgan — I. B.) Gitlerning ustiga tashlasa, Vermaxt majaqlab tashlanadi va oradan ikki oy o‘tar-o‘tmas Stalinning armiyasi Kanal bo‘ylarida va Jabalitariq sohillarida bo‘ladi. Agar bordi-yu, Gitler oldin boshlasa, ikki oydan so‘ng uning qo‘shini qaerda bo‘lishi yolg‘iz Xudoning o‘ziga ma’lum, chunki uning Rossiya kengliklarida chuvalanib qolishi muqarrar. Unda Gitlerni o‘z mamlakatidan haydab chiqarish uchun Stalin juda ko‘p vaqt sarflashga majbur bo‘ladi. Voqealarning bunday rivoji natijasida urushdagi tashabbus Gitlerning ham, Stalinning ham qo‘lidan ketadi va muqarrar tarzda boshqa erkinroq va faolroq kuchning qo‘liga o‘tadi. Ruslar bilan nemislar o‘zaro olishib horigach, butun dunyoning ahvoli ana shu uchinchi quchga qarab qoladi. Shunday bo‘lgach, janoblar, birinchi yurish qilish huquqini Gitlerga beraylik». Bu vaqtga kelganda admiral xususiy shaxs edi, shuning uchun nimani xohlasa gapiraverardi. Ammo seminarda ishtirok etgan Harbiy Dengiz kuchlari ministri Noks o‘z nutqining boshida shunday degan: «Admiral Richardson bizlar («bizlar» degani kim bo‘lsaykin? Ruzvelt hukumatimi? — I. B.) dunyodagi hodisalarning keyingi rivojidan nimalar kutayotganimizni juda aniq qilib bayon etib berdi».

Shunday qilib, Gitler birinchi bo‘lib boshladi.)


Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:20:16

Rossiyaning bepoyon kengliklarida Vermaxt bilan Qizil Armiya qismlari o‘rtasidagi uzluksiz qonli janglarda bir-birining ta’zirini berish bilan band ekan, Qo‘shma Shtatlar Perl-Xarborda o‘zining eskirgan linkorlarini yapon bombalariga ro‘para qilib, osongina Ikkinchi jahon urushiga qo‘shilib oldilar va bu urushda o‘zlarining jahonshumul rejalarini nazarda tutgan holda o‘zlari ishlab chiqqan ssenariyga mos tarzda jang qila boshladilar.

Albatta, shuni unutish kerak emaski, urushda ham, siyosatda ham hali hech kim hech qachon o‘ylagan rejalarini, hatto, eng qulay sharoit mavjud bo‘lganda ham yuz foiz amalga oshirolgan emas. Amerikaliklar ham bunga muvaffaq bo‘lolmadilar. Ammo ular o‘ylagan niyatlarini taxminan 60 foizini amalga oshirdilar. Britaniya imperiyasi nihoyasiga yetdi — Amerikaning harbiy quvvati qarshisida u quladi. Yapon imperiyasi chok-chokidan so‘kilib ketdi va ko‘p o‘tmay u ham hayotdan ko‘z yumdi. Oradan ko‘p o‘tmay Fransiya imperiyasi ham barham topdi. Tahlikaga tushgan, sillasi qurigan Ovrupo go‘yo bemor boladek, qo‘rquvdan dag‘-dag‘ qaltirab, qudratli Amerikaning pinjiga suqildi. Ovrupo okean ortidagi ulug‘ respublika timsolida o‘zining tezgina o‘nglanishi va kelgusidagi xavfsizligiga kafil bo‘la oladigan yagona davlatni ko‘rgan edi. Tinch, Atlantik va Hind okeanlarining bepoyon hududlarida Amerika floti hamma narsani o‘z nazoratiga olgandi. Ovrupoda, Afrikada va Osiyoda Amerika armiyasi juda katta hududlarni istilo etgandi. Hamma qit’alardagi harbiy bazalar bo‘g‘ma ilonning halqalaridek butun kurrai zaminni o‘rab olgandi. Bularning hammasiga bor-yo‘g‘i 400 ming kishini qurbon berib va atigi 535 milliard dollar xarjlab erishilgan edi. Qulagan va yemirilgan imperiyalar, yer yuzidan supurib tashlangan mamlakatlar va vayron bo‘lgan shaharlar o‘rnida paydo bo‘lgan bo‘shliqqa esa dollar yopirilib kirdi. Dollar urushning qonli yaralariga malham bo‘lib, butun jahon miqyosida to‘la xo‘jayinlikka erishish yo‘lidagi navbatdagi qadamga mustahkam zamin yaratdi. Erishilgan muvaffaqiyatlarning barqarorligi uchun kafolat sifatida urushning so‘ngida Xirosima va Nagasaki ustiga tashlangan atom bombalarining tutuni ko‘kka o‘rladi.

Agar urushda berilgan dahshatli talafotlarni va yana bir marta ildizlarigacha xarob bo‘lgan mamlakatni hisobga olmaganda, Stalin o‘zining urush arafasidagi rejalarini kamida ellik foizga bajardim deb hisoblash uchun hamma asosga ega edi. Germaniyaning naqd yarmi, Polsha, Chexoslovakiya, Vengriya, Ruminiya, Yugoslaviya, Koreyaning shimoliy qismi nafaqat sovet qo‘shinlari tomonidan bosib olindi, sovetlarning ta’sir doirasi sifatida Potsdam konferentsiyasi qarorlari bilan huquqiy jihatdan rasmiylashtirildi ham. Fursatni boy bermay, u yerlarda kommunistik tartiblar o‘rnatildi. Bu davlatlarning boshiga Stalin urush arafasidagi tozalashlarda omon qolgan yoxud hamma xalqlar dohiysi tomonidan zarur paytda ish berib qoladi degan maqsadda atayin saqlab kelingan eski baynalmilalchilarni qo‘ydi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:21:28

Sharqiy Ovruponi Stalinning qo‘liga tutqazar ekan, amerikaliklar o‘sha vaqtdayoq unga asta harakat qiluvchi mina sifatida qarashgan edi. U portlagach, Sovet Ittifoqini ham kunpayakun qilmog‘i kerak edi. Bu navbatdagi puxta o‘ylangan tadbir edi.

Ammo Iosif Vissarionovich haddan ziyod o‘ziga bino qo‘ygan ittifoqchilarni kutilmagan sovg‘a bilan hang-mang qildi — kommunistlar Xitoyda hokimiyatni qo‘lga oldi, bu esa Stalin bayrog‘i ostiga behisob odam to‘plash degan so‘z edi. Bu ham mayli-ya, Pekindan kommunistik illat shitob bilan avval Janubiy-Sharqiy Osiyoga, keyin esa undan ham nari - Hindiston, Yaqin Sharq mamlakatlari va Amerikaga tarqala boshladi. Eronda, Turkiyada, Gretsiyada kommunistik g‘alayonlar boshlandi. Bu amerikaliklar uchun kutilmagan hol edi. Stalinning qo‘lida vaqtincha yadro qurolining yo‘qligigina amerikaliklarga bu mamlakatlardagi ahvolni barqarorlashtirish imkonini berdi va Qizil Armiyani Shimoliy Erondan chiqib ketishga majbur qildi.

Ammo ular shu ishlar bilan mashg‘ul bo‘lib turishganida, kommunistlar Albaniyada hokimiyatni egallashdi. Shu bilan Bolqonning ko‘p qismidagi hokimiyat Stalin qo‘liga o‘tdi va unga O’rta dengizga chiqishga yo‘l ochildi. Urush vaqtida olamshumul hujum operatsiyalari o‘tkazib mazaxo‘rak bo‘lib qolgan Amerika generallari og‘izlaridan ko‘pik sachratib, hukumatlariga SSSRning «jilovini tortib qo‘yish» zarurligini isbot qila boshladilar. Hozircha atom quroli faqat Amerikada bor, shunday ekan, uni darhol SSSRga qarshi qo‘llamoq kerak. Prezident Trumenga batafsil ishlab chiqilgan rejani peshkash qilishdi. Unda SSSR hududidagi atom bombasi tashlanishi kerak bo‘lgan shaharlar qayd qilingan, Ittifoqning o‘zi esa bosib olinishi shart bo‘lgan bo‘laklarga bo‘lingan edi. Har qanday mamlakatda generallar shunday bir qudrat kasb etadiki, ular bilan hisoblashmaslik mumkin bo‘lmay qoladi va ularning tazyiqini to‘xtatish juda qiyin kechadi. Ammo bu gal generallar talab qilayotgan narsa avvaldan ishlab qo‘yilgan «dollar hujumi» rejasiga juda xilof edi, shuning uchun Stalinga razvedka yo‘li bilan atom qurolining sirini yetkazib, generallarning popugini bir oz pasaytirib qo‘yishga to‘g‘ri keldi. (Atom quroli tevaragidagi josuslik mojarosi juda qorong‘i. Hozir ma’lumki, atom sirlarini izlagan sovet josuslarining hammasi amerikaliklarga oshkor bo‘lgan ekan, ularning ishi nima bilan tugashini kutib, anchagacha hech kimga tegmagan ekanlar. Faqat SSSR o‘zida atom bombasi bor ekani haqida rasmiy axborot e’lon qilingandan keyingina kutilmaganda deyarli hammalarini qamoqqa olishgan. Mashhur Abelning guruhi boshdan-oyoq FRB va harbiy kontrrazvedka xodimlaridan iborat bo‘lgan. Ular Abelning aloqachilari bo‘lib ishlab, atom qurolining hamma sirlarini SSSRga ma’lum qilishgan. Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, demak bunga o‘xshagan qaror juda yuqori doiralarda qabul qilingan.) Dunyo bir tomonga og‘ib ketmasligi uchun tarozining shaynini hamma vaqt baravar tutmoq kerak.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:25:02

Ammo Amerika generallari hamma muammolarni strategik operatsiyalar yordamida hal qilishga ishtiyoqmand bo‘lib qolgan ekanlar. Stalin ham 1945 yilga kelib juda katta qudrat kasb etgan harbiy mashinasiga rosa mahliyo edi. Stalin hech qachon armiyada xizmat qilgan emasdi — 1915 yidda tibbiy komissiya uni «yaramaydi»ga chiqargan edi. Ammo u o‘zining harbiy faoliyatini bir yo‘la marshallikdan boshladi va ikki-uch yil o‘tmay Franko va Chan-Kay Shi kabi generalissimus bo‘lib oldi. Urushdan u 30-yillardagi, ya’ni o‘zining mashhur Ovrupo ustiga yurishini tayyorlayotgan kezlaridagiga qaraganda yanada battarroq jangari bo‘lib chiqdi. «Biz harbiy odamlarmiz, — dedi u feldmarshal Montgomerining yelkasiga qoqib, — harbiy odamlar sifatida bir-birimizni yaxshi tushunamiz».

Ko‘pchilik Stalin urushdan keyin ashaddiy urishqoq bo‘lib qolgan deb o‘ylaydi. Kunlarning birida Garriman unga «Ovrupodagi eng qudratli davlat Vatikandir» degan ekan, Stalin istehzo bilan jilmayib undan so‘rabdi: «Vatikanning qancha tank diviziyasi bor?» Shunday bir taassurot tug‘ilgandiki, butun dunyoga hukmdor bo‘lish dardiga yo‘liqqan Stalin chindan ham mamlakatlarning quvvati va ta’sirini faqat tanklaru boshqa qurol miqdori bilan hisoblardi.

Ammo bu uncha to‘g‘ri emas edi.

Urush, uning dastlabki ikki yilida muttasil harbiy halokatni kutib yashash, Cherchill, Ruzvelt va Ovrupo hamda Amerikaning boshqa davlat arboblari, sarkardalari bilan muloqot Stalinni juda o‘zgartirib yuborgan edi. Shu tufayli u urush arafalarida mutlaqo aqli yetmagan ko‘pgina narsalarni tushunish imkoniga ega bo‘ldi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:25:27

Urushga qadar Stalin haqiqatan ham hamma narsani harbiy kuchlarning qudrati bilan o‘lchardi. Rivoyatlarga ko‘ra, Richard III taxtga da’vogar raqiblarining shakl-shamoyilini mumdan yasar ekan-da, ularni o‘ldirib, birin-birin o‘choqqa uloqtirib, shundan huzurlanar ekan. Stalin ham ana shu Richardga o‘xshab o‘zining shakl-shamoyilini borgan sari taxtga yaqinroq surar ekan, urush arafalarida o‘zi emas, boshqalar tomonidan majaqlangan polyak, fransuz, golland, belgiya, norveg, yugoslav, grek kabi Ovrupo armiyalarini «o‘choqqa qalab» huzurlangan. Mana, Ovrupoda nemisnikidan boshqa hech qanday armiya qolmadi. Uni bir yoqli qilsa bas — butun Ovrupo dum bergan qovunday uning qo‘liga o‘tadi-qo‘yadi. Uning nazarida ingliz armiyasini e’tiborga olmasa ham bo‘laveradi. Amerika armiyasini ham. Negaki, inglizlar bilan amerikaliklar o‘zlarining linkor-pinkorlari bilan uning rejalariga xalal berolmaydi.

Ammo bunday bo‘lib chiqmadi.

Biror samara chiqadiganday bo‘lganda esa uning qarshisida o‘n besh millionli Amerika armiyasi namoyon bo‘ldi. U juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan, qorni to‘q, usti but, navqiron, yana buning ustiga atom bombasi ham bor...

Eng muhimi esa bu armiyaning ixtiyorida benihoya qudratli dollar quroli bor edi. Bu qurol bilan Stalinning xarob bo‘lib yotgan qashshoq imperiyasini bir zumda ilintirish mumkin edi. Stalin buni juda yaxshi tushunardi. Shaqir-shuqur bilan temir parda oraga tushdi. U mamlakatni tashqi dunyodan ajratdi-qo‘ydi, ayni choqda sovet bozorining bokiraligini saqlab, bu yerga dollar kirib kelishining oldini oldi. Qay bir miqdorda valyuta yoxud tilla tangalar saqlashni aholiga man qiladigan yana bir to‘p farmonlar chiqdi. Dunyodagi eng qudratli va eng badavlat davlatga qarshi beqiyos kurash boshlanmoqda edi. «Dollar» rejasidan xabardor bo‘lgani uchun va ehtimolki, masalaning ba’zi bir sof moliyaviy nozik tomonlariga aqli yetmagan Stalin o‘tkir zehni bilan shuni tushundiki, nima qilib bo‘lsa-da, G’arbni imkoni bor qadar ko‘proq dollarini behuda sovurishga majbur etish kerak. Shundagina qudratli valyuta to‘lqinining temir parda orqali yorib o‘tishini yo‘qqa chiqarish, SSSRga tazyiqni bo‘shashtirish va shu bilan vaqtdan yutish mumkin bo‘ladi.

Qayd etilgan