Partiyaning oltinlari. Igor Bunich  ( 154999 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 ... 41 B


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:25:55

Stalin atom qurolini qo‘lga kiritishga ulgurib-ulgurmay Koreyada urushni boshlab yubordi, bu mashmasha Shimoliy Koreyaning halokati bilan tugashi sezilib qolganda esa, urushga millionlab xitoyliklarni jalb qildi. Xitoyliklar amerikaliklarni ko‘p talafot berishga majbur qilishdi. Ular Janubiy Koreyaning mustaqilligini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lishdi. Ular har doimdagidek urushda o‘z dushmanlaridan ko‘ra yuz baravar kamroq qurbon berishdi, ammo yuz baravar ko‘proq pul sarflashdi. Moskvada xuddi shunday bo‘lishi rejalashtirilgan edi.

Biroq, Moskva Koreya mashmashasiga AQShga qaraganda ancha kam pul xarjlagan bo‘lsa, urushdan keyingi xarajatlar aql bovar qilmaydigan darajada ko‘payib borayotgan edi. Markaziy Ovrupoda juda katta armiyalar yuzma-yuz turishar, ular uzluksiz ravishda zamonaviy aslahalar bilan qurollanib borardi. Qo‘rquvdan dahshatga tushgan Ovrupo Amerika tevaragida birlashib, NATO degan mudofaa ittifoqini tuzdi. Bunga javoban Stalin hukmidagi Sharqiy Ovrupo mamlakatlarini Varshava shartnomasiga birlashtirdi. Bunaqa vaziyat Ovrupoda vaqt-vaqti bilan tanazzullar tug‘dirib turardi. Ayniqsa, Stalin kayfiyati buzuq paytlarda G’arbning jangovar tayyorgarligini sinab ko‘rish maqsadida kutilmaganda «yana bir marta G’arbiy Berlinni qamal qilamiz» deganga o‘xshash gapni aytib qolsa, bu hammayoqni alg‘ov-dalg’ov qilib yuborar edi. Sovet qo‘shinlari ishg‘ol qilib turgan joyda havo ko‘prigi orqali Amerika samolyotlari guvillab o‘ta boshlar, chegarada turgan tanklar tahdid bilan zambaraklarini mo‘ljalga to‘g‘rilay boshlar, bombardimonchi va qiruvchi samolyotlar motorlarini qizitishga kirishar, minglab to‘plar ustidan niqoblovchi g‘iloflar olib tashlanardi. Lekin hech kim o‘t ochmas edi. Hammaning xayolida Xirosima va Nagasaki ruhi hokim edi.

Biroq bunga benihoya katta xarajat sarflanardi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:26:29

Garchi Sovet Ittifoqida odatdagidek pul halokatli bir tarzda kamchil bo‘lsa-da, Stalin bu olamshumul nizoda tashabbusni o‘z qo‘liga olishni o‘ylay boshlagan edi. Buning ikkita yo‘li bor edi. Birinchi yo‘li — dushman ustidan juda katta harbiy ustunlikka erishish. Ikkinchisi esa — eski lenincha usullarni qo‘llagan holda dushmanni ichidan qulatish. Buning uchun oshkora, yarim oshkora va yashirin kommunistik partiyalardan qurol sifatida foydalanish kerak. Ular har gal Moskvaga zarur bo‘lganda, G’arb dunyosida ijtimoiy portlashlarni tug‘dirishga qobil bo‘lishlari zarur. Kerak paytda esa, nafaqat ijtimoiy portlashlar, balki haqiqiy portlashlarni ham uyushtirsinlar. Harbiy bazalarda, harbiy kemalarda, hukumat muassasalarida, qolaversa, gavjum ko‘chalarda ham.

Har ikkala yo‘l ham juda katta xarajatlarni talab qilardi.

Juda keng ko‘lamda harbiy kemasozlik dasturi ishlab chiqildi va amalga oshirila boshlandi. Chunki Amerikaning qudratli dengiz flotini bartaraf etmay turib, jahonga xo‘jayin bo‘laman deb o‘ylashning hojati ham yo‘q edi. Amerika Qo‘shma Shtatlarining floti urush yillarida namoyish qilgan strategik imkoniyatlar esa Stalinni avvaliga juda qo‘rqitib qo‘ygan edi (hali atom quroliga ega bo‘lmagan chog‘larida dohiy deyarli har kuni amerikaliklar Qrimga desant tushirib qoladi degan xavotirda yashardi), keyin esa dohiy Amerika flotiga taqlid qila boshladi. «Stalingrad»ga o‘xshagan bahaybat linkorlar qanday qurila boshlaganini hozirga qadar tuzukroq izohlab bo‘lmaydi. Yo urushdan keyin barcha xalqlar dohiysi butunlay aqldan ozib qolgan, yo bu bahaybat kemalarda oddiy odamning aqli yetmaydigan allanechuk ma’no bo‘lgan. Negaki, har biri ikki milliard so‘m turadigan linkorlarni urushdan keyingi yillarda qurish xuddi eshkakli kemalar flotini qurishdek behuda narsa edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:26:51

Bir vaqtning o‘zida strategik aviatsiyani barpo etish bo‘yicha ham ish olib borildi. Urush yillarida bunday aviatsiyaning yo‘qligi dohiyni ko‘p asabiylashtirgan edi. Amerika uchar qal’alarining Germaniya va Yaponiya osmonidagi harakatlari tabiatan juda ta’sirchan bo‘lgan o‘rtoq Stalinga o‘z kuchini qattiq ko‘rsatgandi. Har bir havo hujumida minglab samolyotlar ishtirok etar, ularning ko‘pligidan quyosh xira tortgandek bo‘lar, bombalar esa xuddi yomg‘irdek quyilardi. Stalin ham osmonda xuddi shunaqa qudratga ega bo‘lishni ixtiyor etdi va qamoqdan chiqarilgan Tupolevga amerikaliklarnikiga teng keladigan transtrategik bombardimonchi samolyot qurishni buyurdi. Moskva yaqinidagi aerodromga Amerikaning B-29 strategik bombardimonchi samolyoti olib kelindi. Bu samolyot 1944 yilda Xabarovsk yaqinida qo‘nishga majbur bo‘lgan edi. Stalin Tupolevga ana shu samolyotni namuna qilib olishni buyurdi. Dohiyning ishonchini oqlash uchun Tupolev o‘ljadan loyiha oldi-da, nomini «Tu—4» deb o‘zgartirib, ishlab chiqarishga qo‘ydi. Iste’dodli aviaixtirochi nusxa ko‘chirib o‘tirishga vaqt sarflashni istamadi. Uning ixtirochilik bo‘limida Tu—16 reaktiv strategik bombardimonchi samolyoti loyihasi ustida jadal ish olib borilayotgan edi. Tu—16 bilan birga Tu—14 dengiz samolyoti ustida ham ish ketmoqda edi. Boshqa ixtirochilik bo‘limlari ham ortda qolgani yo‘q. Myatishchevning strategik bombardimonchi samolyoti sinovdan o‘ta boshladi, birinchi reaktiv MIGlar esa Koreya osmonida Amerikaning «Seybr» samolyotlari bilan havo janglarida allaqachon sinab ko‘rilgan edi.

Turmadan bo‘shatilgan Korolyov esa amerikaliklarga yangi, kutilmagan sovg‘a tayyorlay boshladi — u o‘lja olingan «FAU-2» raketasi zaminida butunlay bir yangi raketa qurolini ixtiro etdi. Bu qurol bor-yo‘g‘i bir necha yildan keyin dunyodagi harbiy-strategik vaziyatni tubdan o‘zgartirib yubordi. Amerikaliklar birinchi marta o‘z yurtlarining jang maydoniga aylanib qolishi mumkinligini his qildilar va yana milliard-milliardlab dollar sarflashga majbur bo‘ldilar. Ammo bu gal endi ular bu pullarni dunyoni qayta taqsimlab olish kabi olamshumul maqsadlarga emas, balki o‘z mudofaalari uchun xarjladilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:27:35

Shu bilan birga G’arbiy Ovrupo mamlakatlari va AQShdagi demokratik hayot tarzidan foydalanib, u yerlardagi kompartiyalarni bevosita Moskvaga tobe etish yo‘li bilan bu mamlakatlardagi jamoatchilik hayotini izdan chiqarish rejasini o‘ylab topdilar, doimiy ravishda unga tuzatishlar kiritib bordilar va izchil amalga oshirdilar. Stalin Baynalmilalni tarqatib yuborganda ayni ana shuni nazarda tutgan edi. Asosiy e’tibor o‘sha paytdagi Ovrupoda ancha-muncha obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan Fransiya kommunistik partiyasiga qaratildi. Uning rahbari Moris Torez edi. O’sha yillarda Fransiya NATOning eng asosiy mamlakatiga aylangandi. Bu tashkilotning hamma shtablari va markaziy muassasalari Parijda joylashgan edi. Eng puxta rejalarda ko‘zda tutilganiga ko‘ra, kompartiya Moskva ko‘rsatgan muddatda umumxalq qurolli qo‘zg‘olonini boshlar va Qizil Armiyani yordamga chaqirardi. Bu eski usul bo‘lib, Polsha va Finlyandiya bilan bo‘lgan urush vaqtlaridayoq bir qolipga tushib qolgan edi. Hozir esa, ya’ni hali fursat yetib kelmagan bir chog‘da, Torez qo‘llanmaga muvofiq, har qanday bo‘lsa-da, ittifoqchilar-ning sirlarini oshkor qilib qo‘ymasligi kerak edi. Bu orada u ishchilarning ish tashlashlarini, ko‘cha namoyishlarini uyushtirmog‘i, turli tartibsizliklarni vujudga keltirib, tinchlik uchun kurashmog‘i, urush olovini yoquvchilarni fosh qilmog‘i, ommaviy axborot vositalarida Sovet Ittifoqini sharaflab, uning tinchliksevar tashqi siyosatini alqab, barcha xalqlar dohiysi, fashizm ustidan g‘alaba qozongan generallissimus Stalinni ulug‘lab, favqulodda g‘ayrat va shijoat bilan targ‘ibot ishlarini olib borishi talab qilinardi. Bu jarayonda imkoni boricha Fransiyadagi boshqa partiyalar va jamoat guruhlarini ham bu ishga jalb qilish kerak edi. Fransiya kompartiyasidan yana shuning uchun umid katta edi-ki, u urush yillarida Qarshilik ko‘rsatish harakatida ancha baquvvat qurolli guruhlarni uyushtirgan edi. Fransuz kompartiyasi ittifoqchilarning qo‘shinlari Normandiyaga bostirib kirganlaridan keyin shu qurolli guruhlar yordamida, hatto, hokimiyatni bosib olmoqchi ham bo‘lgandi. Endilikda esa bu guruhlar rasman tarqatib yuborilgan bo‘lsa-da, maxfiy ravishda o‘z tizimlarini va qurollarini saqlab qolib, Kreml tomonidan belgilab beradigan fursatni kutmoqda edilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:28:02

Moris Torez 1928 yildan beri Baynalmilal Ijroiya Qo‘mitasining a’zosi edi, shuning uchun u o‘z ishini yaxshi bilar va gap-so‘zsiz Moskvaga bo‘ysunardi. Ikkinchi jahon urushining boshlanishidayoq u Kremlning ko‘rsatmalarini bajarib, fransuz armiyasini ichdan buzish va tuzumni zaiflashtirish uchun qo‘lidan kelgan hamma ishni qildi. Shu sababdan Gitler Fransiyani osongina qo‘lga kiritdi. Torezning o‘zi esa armiyadan qochib, yashirin tarzda hayot kechira boshladi, nemislar Fransiyani bosib olgandan keyin esa fransuz ishchilarini ixtiyoriy ravishda Germaniyada mehnat qilish uchun borishga chaqirdi. Go‘yoki fransuzlar shu yo‘l bilan nemis xalqiga «ingliz-fransuz agressiyasi»ni qaytarishga yordam berarmish. 1941 yilning 22 iyunidan keyin Moskvadan yangi qo‘llanmalar olgan Torez nemis agressiyasini qaytarishda sovet xalqiga yordam berish uchun Qarshilik ko‘rsatish harakatini tashkil qilishga kirishdi. Qo‘ying-chi, bir kun ham ko‘rsatma-yu buyruqsiz qolgan emas.

1939 yilda taqiqlangan kompartiya urushdan keyin yana oshkora holatga o‘tdi, Torezning o‘zi esa hukumat a’zosi bo‘ldi. Bu uning faoliyati uchun juda yaxshi imkoniyatlar yaratdi. Biroq bularning hammasi juda katta sarf-xarajatni talab qilardi. Haddan tashqari katta partiya apparati uchun mablag‘ kerak edi, «Yumanite»ga o‘xshash qalin va daromad bermaydigan gazetalarni nashr qilish, yana turli jurnallar, varaqalar, xitobnomalar... Bularni hisobga olmagan-da, ish tashlashlarni uyushtirish uchun ham pul kerak edi, chunki kasaba uyushmalari — hamma ishchilarga ishga chiqmagani uchun, namoyishlar, yurishlar, mitinglarda qatnashgani uchun maosh o‘rniga haq berishni talab qilardi. Bunday paytlarda har bir ishtirokchi uchun kamida 300 frankdan berilardi. Bular hammasi qo‘shilganda yiliga millionlab frank mablag‘ni talab qilardi. Dovrug‘i olamni tutgan Raymonda Den o‘zini poezd yo‘liga tashlab, o‘q-dorilar ortgan sostavni to‘xtatdi. Uning bu sakrashi partiyaga 10 ming frankka tushdi — bu Raymondaga berilgan haq edi. Bundan tashqari yana temir yo‘lda yuk tashish grafigini buzgani uchun 30 ming frank jarima to‘landi. Tabiiyki, bu pullarning hammasini Moskva berar edi.

Parijning Usmoniy xiyobonida birinchi avlod muhojirlar xarid qilgan bir bino bor — unda muhojirlar asos solgan Yevrobank joylashgan. Bu bankda, jumladan, Oqlar harakatining oltin zaxirasi va ROVSning depozitlari saqlanardi. Ikkinchi jahon urushi tamom bo‘lgandan so‘ng g‘alaba kayfini surib yurgan, Qizil Armiya ofitserlarining yelkalaridagi tilla pogonlarni ko‘rib iyib ketgan yuqori rutbalik muhojirlar bu bankni Sovet Ittifoqiga tortiq qilish niyatiga tushib qoldilar. Bu davrda Oqlar harakati va muhojirlarning son-sanoqsiz jamoa tashkilotlariga Stalin ayg‘oqchilari suqilib kirib olgan edi. Ularni turli-tuman vatanga qaytish qo‘mitalari hamda GPUning eski ayg‘oqchisi bo‘lmish graf Ignatevning uddaburonlik bilan olib borgan targ‘ibotlari rosa yo‘ldan urgan edi. Muhojirlarning munkillab qolgan rahbarlari yolg’on-yashiq gaplarga laqqa tushib, Yevrobankni Sovet Ittifoqi ixtiyoriga topshirmoqchi bo‘lishdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:28:38

«Oqlar» oltinini Stalin qo‘liga topshirish uncha qiyin kechmadi — oltinning egalari nima qilaman desalar, ixtiyorlari o‘zida edi. Ammo bankning o‘zini o‘tkazish masalasida qiyinchiliklar tug‘ilib qoldi — fransuz qonunlariga ko‘ra mamlakat hududida Fransiya fuqarosi rahbarlik qilmaydigan bankning bo‘lishi mumkin emas edi. Biroq bu qiyinchilikni osongina bartaraf qilsa bo‘lardi. Bank sarmoyasining taxminan 0,3 foizini fransuz kompartiyasiga berishdi. Kompartiya o‘zining Markaziy Qo‘mitasi tarkibidan bir kishini ajratdi. O’sha odam nomiga bankka boshliq bo‘ldi. Sarmoyaning 99,7 foizini esa SSSR Davlat banki bilan Tashqi savdo banki o‘zaro bo‘lishib oldi.

Yevrobankni ba’zan Xalq banki deb ham atashardi. Bu bank imtiyozli foizlardan foydalanib, juda qisqa muddatda Fransiyaning o‘zi qo‘li yetadigan hamma jamoatchilik tizimlarini asoratga oldi. Fransuz kompartiyasi va unga aloqador tashkilotlarning hammasini doimiy ravishda mablag‘ bilan ta’minlab turishdan tashqari, bank kompartiyaga hech qanday aloqasi bo‘lmagan tashkilotlarga ham joriy hisob ocha boshladi. Turli-tuman kasaba soyuzlari, har xil ayollar, yoshlar va sport tashkilotlari bu imtiyozli bankda bajonidil joriy hisoblarini ochishdi. Hatto, mudofaa ahamiyatiga molik xususiy korxonalar tomonidan tuzilgan Umummehnat Konfederatsiyasi ham Yevrobank tuzoqlariga ilindi. Bundan tashqari «qardosh mamlakatlar»ning hamma elchixonalari o‘z mablag‘larini Yevrobank hisobida saqlashlari kerak edi. Fransiyadagi sovet razvedkasi rezidentlarining pullari ham shu yerda saqlanardi. Ular Davlat Xavfsizligi vazirligiga va Bosh razvedka boshqarmasiga qarardi. Bu ikki tashkilotning joriy hisobi alohida-alohida edi. Chunki ular hamisha bir-biri bilan hamkorlikda ishlashni xohlashmagan. Diplomatik pasportlar panohida harakat qiluvchi xos xizmat rezidentlari ham bankda o‘z hisoblariga ega edi. Bu hisoblarda juda katta miqdorda naqd pul saqlanar, bu pul qo‘qqisdan zarur bo‘lib qolganda ishlatilar, bundan tashqari, ayg‘oqchilarning haqi ham shu puldan to‘lanardi. Ayg‘oqchilar uchun alohida hisob ochib o‘tirishning ma’nosi yo‘q edi. Bu pullar taxminan bir million frankka yaqin edi va muttasil to‘ldirilib borilardi. To‘satdan zarur bo‘lib qolganda esa Moskvadan «oltin» choparlar yetib kelardi. Ular DXQ va BRBning zobitlari bo‘lib, diplomatik pochta niqobi ostida turli xil ajnabiy valyutada naqd pul olib kelishardi. O’sha kezlarda hammadan ko‘proq funt-sterling keltirishdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:29:00

Fransiyada ishlar shunaqa tarzda edi. Ammo ozmi-ko‘pmi darajada temir pardaning narigi tomonidagi boshqa mamlakatlarning hammasida ham ahvol shunday edi. Londonda, Bernda, Venada, Lyuksemburgda, Tehronda «Xalq banklari» paydo bo‘ldi. Ular VKP (b)ning qudratli bank tizimini vujudga keltirdi.

Istiqbol chindan ham juda bepoyon edi.

Kerakli partiyalar, jamoat tashkilotlari va odamlarni moliyaviy ta’minlash imkonidan tashqari, moliya yo‘li bilan xalqaro bank tizimiga suqilib kirishga yo‘l ochilgandi. Shuningdek, birja o‘yinlarida qatnashish, ko‘chmas mulk sotib olish, G’arb sanoatining kerakli sohalariga pul sarflash va hatto, u yoki bu muhim korxonalar ustidan, ularning keragida gullab-yashnashi yoxud sinib yakson bo‘lishi ustidan nazorat qilish imkoni paydo bo‘lgan edi. Xalqaro moliya sohasida jonbozlik bilan mehnat qilayotgan sovet diplomatlari va razvedkachilarining ijodiy fikrini Moskvadan keladigan talabchan qo‘llanmalargina bir oz cheklab turardi. Tez-tez har xil ko‘lamdagi g‘alvalar qo‘zib turardi. Gohi Bryusseddagi ayg‘oqchilik markazida xodimlarimiz o‘g‘irlik qilgani oshkor bo‘lib qolardi. Ular Ovrupoda boshpana topishdan umidvor bo‘lgan ekan. Zudlik bilan ularning hammasi qo‘lga olindi. Moskvaga keltirilib, tegishli jazoga mustahiq qilindi. Ular bu jinoyatni siyosiy maqsadlarda emas, faqat iqtisodiy g‘arazlarda qilishganini isbot etib, otuv jazosidan qutulib qolishdi — ularning hammasini 25 yilga kesishdi. Gohida qandaydir kapitan Sedikov deganga o‘xshash oltin chopar ichida 300 ming frank puli bor chemodan bilan g‘oyib bo‘lib qoladi-yu, ikki yil davomida uni izla-izla, quv-quv boshlanadi. Bu asnoda qanchadan-qancha otishmalar, sirli qotilliklar sodir bo‘ladi, qalbaki pasportlar ishga tushadi. Bu dovyurak muttaham baribir qochib qutula olmaydi — uni Montevideoda qo‘lga olishadi va Moskvaga olib kelib, «banditizm» uchun otib tashlashadi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:29:23

Birdan ayon bo‘ladiki, «Xalq banki»ning Neapoldagi bo‘limini amerikaliklar sotib olib qo‘yibdi — u amalda Markaziy Razvedka Boshqarmasining filialiga aylanib qolipti. Aybdorlarning qamoqqa olinishi juda katta moliyaviy yo‘qotishlarga olib keldi. Lekin chidash kerak. O’rtoq Stalin ishda tartib bo‘lishini yaxshi ko‘rardi, hammadan bir tiyingacha aniq hisobot talab qilardi va aybdorlarning kimligiga qaramay shafqatsiz jazolardi. Urushdan keyin Stalin hukmdorligi ostida o‘tgan yillardagi barcha maxfiy sud jarayonlari va operativ qidiruv harakatlari pul aralashgan g‘alvalarga to‘la. Yana shu narsa ayon bo‘ldiki, urushdan keyingi yillarda razvedkamizning yirik rezidentlaridan birontasi ham valyutada qilgan sarf-xarajatlari uchun hisobot berolmas ekan. Ularning hammasi ibratli jazolarga mubtalo qilindi. Yillar o‘tadi va bu rezidentlar xotiralar yozishib, ularda o‘z rahbarlari bilan, hattoki, Stalinning o‘zi bilan mafkuraviy ixtiloflarga borishganini ma’lum qilishadi. Aslida esa ularni asosan, kamomadda ayblashgan.

Masalan, «Qizil imperiya»ning sardori mashhur Leopold Trepler o‘z ixtiyoridagi 80 ming shveytsar frankidan iborat mablag‘ qaysi bankka qo‘yilganini sira-sira eslolmadi. GULAGda o‘tirib chiqdi va Stalin vafotidan keyingina, avval Polshaga, keyin Isroilga borib qolib, hisob nomerini esladi. Lekin shunda ham pullar o‘ziniki emasligini negadir yodidan chiqarib qo‘ydi. Sovet razvedkasining Shveytsariyadagi mashhur rezidenti Rado-chi? O’sha dong‘i ketgan Rado! Qanchadan-qancha jangnomalar va teleseriallar qahramoni. Urushdan keyin Qohirada qo‘lga olindi va Moskvaga keltirildi. Bu yerda ma’lum bo‘ldiki, u butun urush davomida kamyob aygoqchi Rudolf Roslerning xizmatlariga to‘lash uchun pul olib turgan-u, lekin unga bir tiyin ham to‘lamay, hammasini o‘z hisobiga qo‘yavergan. Rado o‘g‘irlagan pullarining hammasini qaytarib berdi va shu sababdangina yigirma besh yillik qamoq muddati bilan omon qoldi.

Xorijiy operatsiyalar uchun sarflanadigan har yilgi ko‘p milliardlik mablag‘, qurollanish uchun ketadigan milliard-milliard xarajat beixtiyor bir savolni keltirib chiqaradi: Moskvaning o‘zi shu urushdan xarob bo‘lib chiqdi. Shundoq ekan, to‘kin-sochin yashash uchun pulni qayoqdan olishgan? Bu savolni birinchi marta Amerika gazetalari ko‘targan edi. 1949 yilda Qo‘shma Shtatlar kompartiyasi tevaragida katta janjal ko‘tarildi. O’shanda federal soliq idoralarining aniqlashicha, o‘zlarini Amerika kommunistik partiyasi a’zosi deb atovchi bir guruh odamlar allaqayerdan 20 million dollar pul olgan, unga kattagina ko‘chmas mulk xarid qilgan, ammo na federal xazinaga, na uchta shtat xazinasiga bir tiyin ham pul to‘lashgan emas.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:30:20

Tergov boshlanib ketdi. Ma’lum bo‘ldiki, zanjir Nyu-Yorkdan Moskvaga olib borar ekan. AQSh kompartiyasining milliy kotibi Gess Xoll (ba’zi gazetalar uni «gaz kamerasi» deb atardi, chunki ismi bilan familiyasi shunaqa ma’noni anglatardi) firibgarlik uchun besh yil qamoqqa hukm qilindi. Yo‘l-yo‘lakay boshqa bir voqea ham oshkor bo‘ldi: Gess Xoll urush yillarida armiyaga borishdan bo‘yin tovlab, Meksikaga qochib ketgan ekan. Kommunistlar AQShning asosiy dushmani bo‘lishi mumkin bo‘lgan mamlakatdan pul olib turishlarini tan olishdi. Har ikkala fakt qo‘shildi-yu, jahon miqyosida bahs boshlanib ketdi; shundoq ekan, kommunistlarni «xorijiy davlatning agentlari» deb hisoblash kerak emasmi? Shunday deyiladigan bo‘lsa, bundan muayyan xulosalar kelib chiqadi. Jumladan, kommunistlar majburiy tarzda politsiyada ro‘yxatdan o‘tishlari kerak. Amerika demokratiyasining bag‘ri benihoya keng — u o‘z fuqarolariga faqat bitta narsani — soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashni kechirmaydi, xolos. Oliy sud kommunistlarning ham yashashga haqqi borligini tan oldi, faqat bundan buyon ularni xorijdan keladigan pullar masalasida qing‘irliklarga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.

Buning oqibatida kommunistlar hukumat tomonidan moliyaviy jihatdan qattiq nazorat qilina boshladi. Shu tufayli sovet gazetalarida katta shovqin-suron ko‘tarildi: «Amerika kommunistlari quvg‘in qilinmoqda», «AQShda fashizm quturmoqda!», «Alvasti ovi boshlandi», «Makkartizm dahshatli tusga kirmoqda» (bu so‘z AQSh kongressi tergov komissiyasining raisi senator Makkarti familiyasidan olingan. U kompartiyaning moliyaviy va siyosiy kirdikorlarini taftish qilgan edi). Shundan keyin Amerika kommunistlari pul topishda 30-yillarda AQShda ichkilik man etilgan kezlarda spirtli ichimliklar topish uchun qo‘llangan usullarni ishga solishiga to‘gri keldi. Choparlarni qo‘lga olishlar boshlandi. Sovet diplomatlarini mamlakatdan chiqarib yuborish, partiya xodimlarining qamoqqa olinishi, mutlaqo daromad keltirmaydigan kommunistik gazeta «Deyli Uorker»ning yopib qo‘yilishi bilan bog‘liq g‘alvalar yuzaga keldi. Bu gazetaning hamma nusxasi ba’zan SSSRda va «qardosh mamlakatlar»da bosilib, o‘sha yerda tarqatilardi. Sekin-asta, ana shunaqa bema’niliklar uchun Moskvaning qancha pul xarjlashi ayon bo‘lib qoldi va tabiiy savol tug‘ildi: Moskva bu pullarni qaerdan oladi?

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:30:47

Urushdan keyin Stalin razvedkasi tomonidan qo‘lga kiritilgan natsistlarning tillasi haqida chala-chulpa ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Urush yillarida abverning «Sharq» bo‘limiga rahbarlik qilgan sobiq gitlerchi general Gelen Amerika tergov komissiyasida so‘roq vaqtida sira kutilmaganda g‘oyat shov-shuvli bir bayonot berdi. Bu bayonot go‘yo rad qilib bo‘lmaydigan dalillar bilan tasdiqlanar emish. Bayonotning mohiyati quyidagicha edi: Fyurerning partiya bo‘yicha muovini Martin Borman aslida Baynalmilalning josusi bo‘lgan. Urushdan keyin u Stalinga natsistlar partiyasining hamma tillasini topshirgan, o‘zi esa xotirjamgina Moskvaga singib ketgan. U hozir ham Moskvada istiqomat qiladi. Nyurnberg tribunali uni sirtdan o‘limga hukm qilgan edi, Borman bemalol bu hukmdan ustun kelib yuribdi. Ehtimol, Gelenning bu gaplari to‘g‘ridir, ammo bu amerikaliklarda uncha katta taassurot qoldirmadi. Sababi, natsistlar oltini konsentratsion lagerlarda qiynab o‘ldirilgan yahudiylarning tilla tishlari va nikoh uzuklaridan eritib quyilgan bo‘lib, u juda ham oz edi. Amerika razvedkasi o‘z vaqtida to‘g‘ri ma’lumot bergan: 1942 yilning o‘rtalariga keliboq, Gitler moliyaviy jihatdan sinib bo‘lgandi. Shuning uchun go‘yo Stalinning qo‘liga tushgan natsistlar tillasi olamshumul ko‘lamda bemalol sarflansa, yarim yilga ham yetmas edi.

1950 yilda mashhur «numizmatlar» mashmashasi ko‘tarildi. Ovrupo numizmatlari o‘rtasida franko-ispan pistollari va fransuz luidorlariga talab juda katta edi. Bu oltin tangalar Ispaniya va Fransiyada XVII asrning birinchi yarmida nisbatan qisqa bir muddatda zarb qilingan edi. Har bir tanganing bahosi katalog bo‘yicha taxminan 30—50 ming dollarni tashkil qiladi. Holbuki, tanga tarkibidagi tillaning bahosi 200 dollardan oshmaydi. Siyqasi chiqmagan bir dona yoki qo‘shaloq pistolni topish numizmat uchun omadning kulib boqqani edi. To‘satdan ana shu tangalar turli mamlakatlarda maxsus magazinlarda, kimoshdi savdolarida va chayqovda ko‘p miqdorda paydo bo‘la boshladi-ki, oradan sal o‘tmay ularning kataloglardagi bahosi juda tushib ketdi. Tangalarning narxi zo‘r-bazo‘r 800 dollar bo‘lib qoldi. Bozorda paydo bo‘lgan tangalarning ba’zi birlarini maxsus tekshirishdan o‘tkazdilar. Ularning hammasi qalbaki bo‘lib chiqdi. Yo‘l-yo‘lakay ma’lum bo‘ldiki, tangalarni zarb qiladigan ikkita uskuna saqlanib qolgan edi. Ularning ikkovi ham Luvrda saqlanarkan. 1940 yilda nemislar ularni Berlinga olib ketishibdi, 1945 yilda esa ular Moskvaning qo‘liga o‘tibdi.

Qayd etilgan