Partiyaning oltinlari. Igor Bunich  ( 154913 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 ... 41 B


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 11:40:12

Andropovning stavropollik yurtdoshi bor edi. Fyodor Kulakov degan bu odam KPSS Markazqo‘mi Siyosiy byurosining a’zosi bo‘lib, Siyosiy byuroda qishloq xo‘jaligi uchun mas’ul edi. U hamma masalalarda maxfiy politsiya xo‘jayini bilan hamfikr edi. Siyosiy byuro a’zolari ichida Kulakov Andropov tayansa bo‘ladigan yagona odam hisoblanardi. Serg‘ayrat va qat’iyatli Kulakov qarib qolgan Kreml hukmdorlari orasida eng yoshi edi. Kulakovdan ko‘p narsa kutsa bo‘lardi. U keskin islohotlar tarafdori edi. Uning yudduzi Xrushchyov zamonlarida lov etib chaqnadi-yu, keyin to‘satdan yana so‘ndi-qoldi. Xrushchyov uni Stavropolga badarg‘a qildi. Bu yerda u Andropov bilan tanishdi. Kulakovning mamlakatni qutqarish borasidagi takliflari davlat-partiya apparatini tubdan islohot qilish, nomenklaturani yangi mansabdorlar bilan almashtirib, ularga oshkora imtiyozlar berish va davlat xizmatchilarining daromadlari ustidan jiddiy nazorat o‘rnatishdan iborat edi. O’z vaqtida Xrushchyov ham xuddi shuni rejalashtirgandi, biroq u bu borada biron keskin ish qilishga jur’at qilolmadi va hatto, buning oqibatlaridan cho‘chib, Kulakovni o‘zidan uzoqlashtirdi.

1964 yilda Xrushchyovni hokimiyatdan chetlatishga olib kelgan fitnada u faol ishtirok etdi. U Teberda shikorxonasiga fitnaning hamma asosiy ishtirokchilarini to‘plab, rejaning barcha tafsilotlarini pishitib oldi. Oradan ko‘p o‘tmay, uni Moskvaga qaytardilar. Ammo bu yerda u fitnachilar tomonidan aldanganini tushundi. Fitnachilar hech qanaqa islohot o‘tkazishni istamaganlaridan tashqari, hatto, Xrushchyov amalga oshirgan jinday ijobiy ishlarga ham xotima berdilar.

Andropov bilan hamfikr chiqib qolganidan Kulakovning ko‘ngli ko‘tarildi. Oliy hokimiyatning hamma shayinlari qo‘lga o‘tmaguncha, hech qanaqa islohotni amalga oshirib bo‘lmasligini ular ham yaxshi tushunardilar: «Agar kishiga noyob bir taqdir ato etilsa, u shunga munosib bo‘lishi kerak, - deb hisoblardi Kulakov. — Undan foydalanishga urinib ko‘rmaslikning o‘zi jinoyatdir». Andropov uning fikrlarini to‘laligicha ma’qullar edi. Ularning ikkovi ham chin kommunist bo‘lib, o‘z rejalariga astoydil ishonardilar. Holbuki, bu reja ham hamma kommunistik g‘oyalar kabi xomxayoldan o‘zga narsa emasdi. U amalda tuzukroq biron samara berishi amri mahol edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 11:41:02

Reja quyidagicha edi: mamlakatda quyidan yuqorigacha temir intizom o‘rnatiladi. Ayni choqda har qanday o‘zboshimchalar, mafiya tizimlari, nomenklatura tor-mor qilinadi. Quyidan yuqorigacha hamma ne’matlar yangidan taqsimlab chiqiladi, ammo buni juda qat’iy markazlashgan nazorat ostida va mehnat unumdorligining o‘sishiga xalal bermasdan qilish lozim. Qishloq xo‘jaligida hamma joyda mashhur «Ipatov usuli» joriy qilinadi. Kulakov ayni shu usul sababli dong qozongan edi. Ayovsiz tozalashdan keyin KPSS qaytadan barpo etiladi. Yangi KPSSda bitta emas, ikkita Bosh kotib bo‘ladi. Markazqo‘m uch baravar qisqartiriladi, apparatning yarmiga javob beriladi... Bir vaqtlar Gerbert Uelss «Kremldagi xayolparastlar» degan iborani aytgan edi. To‘g‘ri, u bu iborani boshqa munosabat bilan ishlatgandi. Ammo ular xayolparast emasdilar. Faqat bir yo‘la hamma narsadan judo bo‘lishni istamas edilar, xolos.

Ularning rejalari ikki nusxada bo‘lib, bor-yo‘g‘i to‘rt sahifani tashkil qilardi. Shu to‘rt sahifada «Temir intizom» iborasi 42 marta tilga olingandi. Yemirilib bo‘lgan mamlakatni ular «temir intizom» yordamida epaqaga keltirishni orzu qilishgan edi.

Bu rejaga xayrixohlik bilan qaragan uchinchi «xayolparast» Belorussiya kompartiyasining rahbari, Siyosiy byuro a’zoligiga nomzod Petr Masherov bo‘lib chiqdi. Ish o‘ngidan kelgan taqdirda unga Bosh ministr lavozimi va Siyosiy byuroga to‘la a’zolik va’da qilingan edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 11:41:34

Nomenklaturaga beriladigan navbatdagi zarba Sergey Medunovga yo‘naltiriladi. Medunov — Krasnodar o‘lkasining partiyaviy xo‘jayini, Brejnevning shaxsiy do‘sti bo‘lib, unga ishonib topshirilgan o‘lkani ochiqdan-ochiq o‘zining xususiy mulki deb bilardi. U o‘ziga hech kimning kuchi yetmasligiga mutlaqo ishonardi. Shuning uchun har qanday ehtiyotkorlikni unutib, oshkora pora olishga kirishdi, o‘lka boyliklarini dollarga sota boshladi, G’arbning bir qancha banklaridagi shaxsiy hisoblari bilan ochiqchasiga maqtandi, har qanday qonun-qoidalarni nazar-pisand qilmay, o‘z xodimlarini xohlasa jazolab, xohlasa peshonasini siladi. Kulakov bilan Andropov Medunovga qarshi bir necha yil mobaynida material yig‘ishdi. Bu ishda ularga Stavropol o‘lka qo‘mitasining yosh kotibi Mixail Gorbachyov yaqindan yordam berdi. Kulakov o‘zi Moskvaga ketayotib, uni Stavropol o‘lkasiga qo‘yib ketgandi. Bundan tashqari Krasnodar o‘lkasi qochib ketgan emas. Andropov bilan Kulakovning yosh kotibdan umidlari katta edi.

Andropovning o‘zi Gorbachyov bilan tez-tez suhbatlashib turdi va amin bo‘ldiki, Gorbachyov uning qarashlarini to‘la ma’qullar, unga sadoqati ham katta ekan. Qolaversa, Gorbachyov Andropov boshchilik qiladigan idora bilan ko‘pdan beri mustahkam aloqada.

Stavropol o‘lkasida mamlakatning asosiy dam olish hududi — Kavkaz ma’danli suvlari joylashgan edi. Noz-ne’matlarga serob bu o‘lkaning qishi yumshoq, yozi ham mo‘‘tadil bo‘lib, nomenklatura chorbog‘lari, sanatoriy va shifoxonalari shu yerda jam bo‘lgandi. Tabiiyki, oddiy odamlar ularga yaqin yo‘latilmasdi. Inqilobdan avvalgi rus zodagonlaridan qolgan qadimiy odat bor edi — butun oila bilan «suv»ga kelinardi. Shu odatni davom ettirib, Kremldagi rahbarlar, Markazqo‘m apparati xodimlari, ministrlar, yirik shaharlar va viloyatlarning partiya qo‘mitalari kotiblari, markaziy gazetalarning muharrirlari va generallar bola-chaqalari bilan salomatliklarini tuzatib olish uchun bu yerga yopirilib kelishardi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 11:42:09

O’lkaning partiyaviy xo‘jayini bo‘lmish Gorbachyov katta mehmonlarni shaxsan o‘zi kutib olar, ularga hamroh bo‘lib, hashamatli qasrlarga kuzatib qo‘yar, vaqt-vaqti bilan ulardan xabar olib turar va shu tariqa mamlakatning oliy rahbarlari bilan sekin-asta yaqindan aloqa o‘rnatib borardi. U benihoya qimmatli ma’lumotlar yig‘ar edi, chunki oddiy rahbariyat vakillari bilan istirohatda uchrashish boshqa gap-u, ular bilan Moskvada katta-kichik majlislarda uchrashish boshqa narsa edi. Istirohat chog‘ida ko‘proq narsadan xabardor bo‘lib olish va yana ko‘proq narsani ehtiyotkorlik bilan rahbarlarning qulog‘iga quyish mumkin edi.

Kislovodsk yaqinidagi oliy tabaqadagi partiya xodimlari dam oladigan «Qizil toshlar» degan shifoxonaga vaqt-vaqti bilan Andropov kelib turardi. U bu kurortni boshqalardan afzal ko‘rardi. Bu uning «kichik vatani» edi. KGBning qudratli xo‘jayini shu atrofda - Nagutskaya bekatida tavallud topgandi (1914 yilning 15 iyunida).

Andropov «Qizil toshlar»da qattiq qo‘riqlanadigan qasrda turar va hech kimni qabul qilmasdi. Moskvadan kelib turadigan KGB generallari bundan mustasno edi, albatta. Soqchilar Mixail Gorbachyovning mashinasini ham hech qanday to‘siqsiz o‘tkazib yuborishardi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 11:42:27

Gorbachyovning asosiy vazifalaridan biri, yuqorida aytilganidek, Medunovga qarshi fosh qiluvchi materiallar yig‘ish edi. Medunov haqidagi materiallar Gorbachyov to‘plagan hujjatlaru guvohlarning ko‘rsatmalari tufayli qappaygandan-qappaya bordi. Ma’lum bo‘ldiki, Krasnodar o‘lkasida, ayniqsa, Sochi hududida Qora dengiz sohilidagi afsonaviy kurortlar zonasida partiya-davlat apparatida korruptsiya va poraxo‘rlik mutlaqo rasmiy tus olgan. Mashina sotib olish uchun, kvartira olish uchun, xizmatda biron mansabni egallash uchun, o‘quv yurtiga kirish uchun, partiyaga a’zo bo‘lish uchun va hatto, mehmonxonaga joylashish uchun ham, albatta, pora berilgan. Har bir poraxo‘r mansabdor qanchasini olib qolib, qanchasini raykomga uzatishi kerakligini yaxshi bilgan. Raykomdagilar ham yuqoriga qancha uzatish zarurligidan yaxshi xabardor bo‘lgan. So‘mlardan tarkib topgan irmoqlar katta daryolarga aylanib, to‘g‘ri Medunovning kissasiga tushgan. Bu ham yetmaganday, ayni ana shu Krasnodar o‘lkasida qora ikrani xorijga valyutaga xufiya sotish keng yo‘lga qo‘yilgan. Ikra Tinch okean baliqlaridan bo‘shagan tunuka idishlarda sotilgan. Izlar to‘ppa-to‘g‘ri Moskvaga — ministrlarning ishxonalariga, u yerdan esa Kremlga olib borgan. Ammo Medunovning jinoyatkorona faoliyatini fosh qiluvchi hujjatlar har qancha aniq bo‘lmasin, ular ko‘p ahamiyatga ega emasdi. Krasnodar o‘lkasining xo‘jayini sudu tergovlarni mensimaydigan daxlsiz nomenklatura tabaqasiga mansub edi. O’nlab yillar davom etgan mudhish Stalin zamonasidan keyin tuzilgan bitim hukm surmoqda. Brejnev uni bekor qilish u yoqda tursin, hatto, unga zarracha o‘zgartirish kiritmoqchi emas. O’z xodimlarini avaylab ehtiyot qilish bilan Bosh kotib o‘zini asrab kelardi, uning hokimiyati boshdan-oyoq shu asosga qurilgandi. Ha, hammaga ayon ediki, Medunov Andropovni qiziqtirib qolgan bo‘lsa, dastavval bunga Brejnevga yaqinligi sababchi. Medunovni qulatib, Andropov Brejnevni ag‘darishni mo‘ljallagan, aks holda, ayni Medunov ishi bilan shug‘ullanishning nima hojati bor? Viloyat qo‘mitasi yoxud o‘lka qo‘mitalarining  kotibidan istaganini qo‘lga olsa bo‘laverardi, ularning hammasi jinoyatlar girdobiga botib ketgan. Hatto Gorbachyovning o‘zi ham bundan mustasno emas. Stavropoldagi yosh kotibning ishlaridan boshliqlarga qaraganda Andropov yaxshiroq xabardor edi. Masalan, Shevarnadze Andropov buyrug‘i bilan «o‘zining jonajon respublikasi»da tartib o‘rnata boshladi. U pastdan yuqorigacha hamma mansabdorlarni chekistlar bilan almashtirdi. Gruzin turmalari sobiq amaldorlarga va xufiya millionerlarga to‘lib ketdi. O’shanda Shevarnadze bor ovozi bilan hayqirib, «respublikadagi kapitalistik cho‘chqaxonani» tag-tugi bilan yo‘qotishga va’da bergandi. Ammo «xufiya ishlab chiqarish»ning ko‘pgina namoyandalari qochishga muvaffaq bo‘lishdi va hatto, o‘z korxonalarini ham ko‘chirib olib ketishdi. Qochganda ham ular uzoqqa ketganlari yo‘q — hammalari qo‘shni Stavropol o‘lkasiga borib qoldi. Ularning ko‘pchiligi mohir zargarlar edi. Ular tor-mor keltirilgan nomenklaturaning buyurtmasi bilan uzuklar, bilakuzuklar, marjonlar yasashardi. Ular o‘zlarining tillalari, kumushlari, platinalari, brilliantlari va boshqa duru javohirlarini ham olib kelishgandi. Ko‘pchiligi nomenklatura tomonidan omonatga berib qo‘yilgan oltin zaxiralarini, ya’ni «partiyaning oltini»ni ham olib chiqdilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 11:43:16

Ularni Gruziyadan qayoqqa qochganini aniqlash uncha qiyin emas edi. Kavkaz tog‘larining ort tomoniga o‘rnashib olgan «Gruziyadan kelgan qochoqlar» Stavropolda «xufiya iqtisodiyotni» muvaffaqiyat bilan rivojlantira boshladilar. Shevarnadze o‘z dushmanlarini ushlashga mohir edi. U zarur bo‘lganda, ularni, hatto, Brejnevning qabulxonasida ham ushlagan va maxsus samolyotlarda Tbilisiga qaytarib yuborgan. Bu gal ham u o‘ziga xos qat’iyat bilan harakat qila boshladi. U, albatta, Andropovning yordamidan umidvor edi. U Gorbachyovga qo‘ng‘iroq qilib, o‘lka prokuraturasiga jo‘natilgan maxsus ro‘yxatda qayd qilingan shaxslarning hammasini qamoqqa olib, Gruziyaga jo‘natishni talab qildi. Gruziya kompartiyasi Markazqo‘mining Birinchi kotibi bo‘lgandan keyin Shevarnadze o‘zining qudratiga shu qadar ishonib ketdiki, respublikada rus tiliga davlat tili maqomini berdi. Bu bilan u Moskvaning ishonchini oqladi, lekin respublikada, ayniqsa, gurji ziyolilari o‘rtasida juda kuchli norozilik bo‘ronini tug’dirdi. Shuning uchun ham Shevarnadze uchun allaqanday bir viloyat qo‘mitasining kotibiga qo‘ng‘iroq qilish zarurat tufayli emas, shunchaki oddiy byurokratik odob-axloq doirasidagi jo‘n ish edi. Gruziya hukmdori Gorbachyovning qat’iyat bilan «yo‘q» deganini eshitganda nechog‘li taajjubga tushganini tasavvur qilish mumkin.

(Xushomadgo‘ylarning tasdiqlashicha, Gorbachyovning qat’iyati shu bilan izohlanadiki, bo‘lg‘usi Bosh kotib o‘sha vaqtlardayoq Stavropolda bozor munosabatlarini joriy qila boshlagan. Shuningdek, tilini tiyolmaganlarning tasdig‘iga qaraganda, Gorbachyov gruziyalik quvg‘indi xufiya «iqtisodchilar»ni shuning uchun o‘z himoyasiga olganki, ular Gorbachyovning xotini Raisa Maksimovnaga qimmatbaho taqinchoq tuhfa qilib ulgurishgan ekan.

Bizningcha esa, bu yerda ish ancha murakkab. Brejnevga qarshi fitna tayyorlar ekan, Andropov pulga muhtoj bo‘lgan va «xufiya iqtisodiyot» korchalonlarining vaqtincha qo‘llab-quvvatlashiga erishmoqchi bo‘lgan. Va, albatta, kelajakda ularni butunlay qirib tashlash ko‘zda tutilganini ularga bildirmagan.)


Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 11:47:22

Shevarnadze g‘azabdan tutaqib, Gorbachyovga kim ekanini eslatib qo‘ydi («O’ylab ko‘r, sen kim-u, men kim?») va darhol Andropovga shikoyat qildi. Lekin bundan hech qanaqa ish chiqmaganini ko‘rib, Shevarnadze yana hang-mang bo‘lib qoldi. Partiya nomenklaturasida «rutbalar»ga juda qattiq rioya qilinardi. O’sha rutbalar darajasiga ko‘ra Shevarnadze o‘lka qo‘mitasining kotibini o‘zidan quyiroq deb hisoblar va bu fikrida mutlaqo haq edi. Ammo amalda boshqacha bo‘lib chiqdi — o‘lka qo‘mitasining kotibi Shevarnadzedan zo‘rroq chiqib qoldi. Holbuki, bu gal gap ochiqdan-ochiq qonunning buzilishi haqida bormoqda edi. Ikkalasining ham homiysi Andropov edi. Kelajakdagi kurashda gurji Shevarnadzedan Gorbachyov ko‘proq kerak edi.

Bu vaqtga kelib, Brejnev og‘ir xastalikka chalingandi. 1976 yilda miyasiga qon quyildi va vrachlar uni zo‘r-bazo‘r o‘limdan olib qolishdi. Vaqt-vaqti bilan davlat va partiya rahbarining miyasi aynib qolardi. Bunday paytlarda u butun dunyoga masxara bo‘lib, ordenlarga, yaltiroq taqinchoqlarga, xorijiy buyumlarga o‘chligini namoyish qilardi. Nomenklatura hamisha shunaqa miyasi aynigan Bosh kotibni orzu qilgan. Shuning uchun Brejnev hamma lavozimlarida muqim qolishini ta’minlash uchun hamma choralarni ko‘rishdi, chunki butun mamlakatni bemalol talon-toroj qilish uchun Brejnevdan yaxshiroq panoh topib bo‘lmasdi. Brejnevga Sovet Ittifoqi Marshali unvonini berishdi, «G’alaba» ordeni bilan taqdirlashdi. Mamlakat tarixi oyoq osti qilinib, tahqirlandi. To‘g‘ri, Stalinda «G’alaba» ordeni ikkita edi va u marshal emas, generalissimus bo‘lgandi. Ammo, Brejnevda hali bunga fursat bor edi.

Andropov bir necha marta Brejnevni nafaqaga jo‘natishga, yangi bosh kotib lavozimiga Kulakovni saylashga urinib ko‘rdi, ammo bu urinishlar muvaffaqiyatli chiqmadi. Nomenklatura Brejnevni jon-jahdi bilan himoya qildi. Lozim bo‘lganda kuch ishlatib, boshqa hollarda sinalgan partiyaviy nizolar usulini qo‘llab, har bir Siyosiy byuro a’zosiga Markazqo‘m a’zosi ustidan to‘plangan fosh qiluvchi materiallarni ro‘kach qilib, Andropov va Kulakov nomenklatura bilan murosaga kelishdi. Brejnev yaqinda SSSR Oliy Soveti Prezidiumining Raisi qilib saylangan edi, u shu mansabda qoladi, partiyaning Bosh kotibi lavozimi esa Kulakovning qo‘liga o‘tadi. Bu masala hal qilingan deb hisoblanardi, shuning uchun mamlakat va dunyoni oldindan shunga tayyorlay boshladilar. Avval G’arb gazetalari uchun axborot «chiqib ketishini» ta’minladilar, keyin esa yopiq partiya majlislarida va Markazqo‘m yo‘riqchilarining ma’ruzalarida bu haqda ochiq gapira boshlashdi. Andropov bilan Kulakov darhol ishdan olinishi kerak bo‘lgan nomenklatura xodimlarining maxfiy ro‘yxatlarini tayyorlab qo‘yishdi. Kulakov KPSS Markazqo‘mining Bosh kotibi lavozimini egallashi bilanoq, bu ish amalga oshirilishi kerak edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 11:48:53

1978 yil 16 iyundan 17 ga o‘tar kechasi maxsus aloqa telefonining chinqiroq ovozi Andropovni uyqudan uyg‘otdi.

Muovini general Pirojkov hayajonli ovozda Kulakov o‘lib qolganini ma’lum qildi. Hang-mang bo‘lgan Andropov qirq minutdan keyin KGBning ikkita operativ guruhi bilan Kulakov turadigan dala hovliga yetib bordi. Soqchilar o‘zlarini yo‘qotib qo‘ygan, ranglari qum o‘chgan. Marhumning sevimli ovcharka iti jon-jahdi bilan zanjirni uzib yuborguday bo‘lib akillaydi. Xotinining javdiragan ko‘zlari. Kulakov o‘zining shaxsiy saunasida tomirini kesibdi. Ko‘lmak qon ichida tibbiy nishtar yaltiraydi.

Markazqo‘mda Kulakovning o‘limiga uncha parvo qilishmadi. Bir kun avval uni qishloq xo‘jaligidagi ahvol uchun qattiq tanqid qilishgan edi. Sho‘rlikka bu tanqid malol kelibdi-da... Rasman «KPSS Markazqo‘mi Siyosiy byurosining a’zosi Fyodor Davidovich Kulakov to‘satdan yuragi to‘xtab qolgani uchun vafot etdi» deb e’lon qildilar. Kremldagi 4-tibbiy boshqarmaning boshlig‘i Yevgeniy Chazov imzo chekkan tibbiy hisobot shu darajada chalkash ediki, hatto, uni e’lon qilishga jur’at etishmadi.

Kulakovni Qizil maydonga dafn etishdi. Ko‘zga tashlangani shu bo‘ldiki, na Brejnev, na Suslov, na Kosigin, na Chernenko dafn marosimida qatnashdi. Siyosiy byuro a’zosini dafn etishga ularning qatnashmagani g‘alati edi. Holbuki, bunaqa yuksak darajadagi rahbarni dafn qilish yo‘riqlari allaqachon ipidan-ignasigacha ishlab chiqilgan va shu paytga qadar biron marta ham bu tartib buzilmagandi. Mavzoley minbaridan nutq so‘zlagan, nisbatan hali yosh, peshonasida tug‘ma qizil dog‘i bor yigitga hech kim tuzukroq e’tibor bermadi. Bu yigit dafn marosimiga Stavropoldan uchib kelgan Mixail Gorbachyov edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 11:49:30

KGBning katta sud-medeksperti general-mayor Lipatskiy Andropov nomiga yozgan shaxsiy dokladida komil ishonch bilan shuni tasdiqlaydi: Kulakov hushsiz yotgan vaqtida uning tomiri kesilgan. Andropov garchi Kulakovni o‘ldirib bo‘lishgandan keyin tomirini qirqish kimga zarur bo‘lib qolganini tushunmasa-da, Lipatskiyning gapiga ich-ichidan ishondi. Zero, Kulakov unga bir necha marta: «Agar biz yengilsak, tomirimni kesaman», — degan edi. Kimdir uning bu gapini aynan so‘zma-so‘z tushungan ko‘rinadi.

Oradan ko‘p o‘tmay avtomobil halokatida Masherov halok bo‘ldi. Uning zirhli yengil mashinasi samosval bilan to‘qnashib ketdi. Holbuki, respublikada partiya rahbari qaerga yo‘l oladigan bo‘lsa, darhol yo‘ldagi har qanday harakat to‘xtatib qo‘yilardi. Samosval qaerdan paydo bo‘lib qoldi? Mast haydovchi bir kolxozdan keladigan qishloq yo‘lidan kelib, ikki post oralig‘ida katta yo‘lga chiqqanini gapirib berdi. Ammo bunday postlar kichik yo‘l katta yo‘lga kelib qo‘shiladigan har bir chorrahaga qo‘yilishi shart edi.

Yana bir oz o‘tgandan so‘ng esa, Vitebsk rayonida Andropovning shaxsiy samolyoti yerga qulab tushdi. KGB xo‘jayini nima sababdandir so‘nggi daqiqada bu samolyotda uchmay qolgandi.

Pinhoniy urush e’lon qilingan edi.

Kimdir Brejnevning panohida bir qator qotilliklarni uyushtirib, 1954 yildagi nomenklatura bitimini oshkora buzishga kirishgandi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 11:50:44

Moskvaning markazida Eski maydonga qarab qurilgan juda katta bino butun bir rayonni egallaydi. Bu imoratda Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasining Markaziy qo‘mitasi joylashgan. Mamlakatda sodir bo‘layotgan hamma jinoyatlarning va dunyoda yuz berayotgan mudhish algov-dalg‘ovlarning izlari shu yerga kelib birlashadi. Shu yerdan behisob tomirlar taralib ketgan — ular bepoyon mamlakatning hamma shirasini so‘rib oladi, uning boyligini shaxsiy po‘lat sandiqlarga va xorijiy banklarga joylab beradi. Shu yerda o‘z xalqini mafkuraviy va jismoniy jihatdan ahmoq qilish borasidagi mislsiz dasturlar ishlab chiqiladi va butun dunyoga hukmdor bo‘lish orzulari ardoqlanib, parvarishlanadi. Bu yerda millionlab odamlarning va butun-butun davlatlarning taqdirlari hal bo‘ladi. Markazqo‘mning Boris Ponomaryov rahbarlik qiladigan Xalqaro bo‘limida ish bir lahza ham to‘xtamaydi. Bu yerda qo‘llanmalar va yo‘riqlar ishlab chiqilib, dunyoning hamma mamlakatlariga jo‘natib turiladi. Shu yerdan oshkora va yashirin kommunistik partiyalarni, isyonchi guruhlarni, terrorchi tashkilotlarni, so‘l va millatchi kommunistik gazetalarni, saylov jarayonlarini, poraxo‘r davlat arboblarini va davlat arbobi bo‘lishni orzu qiluvchi mohir jinoyatchilarni moliyaviy ta’minlash uchun behisob mablag‘lar yuboriladi. Avvalgi lenincha usul bo‘yicha Kambodjada hokimiyatni egallab olgan kommunistlar qizishib ketib, aholining yarmini — olti milliondan uch millionini qirib tashladilar. Habashistonda odamlar yalpi otilib, ochlikdan qirilyapti-yu, Addis-Abebada esa hech narsa bo‘lmagandek, Qurultoylar qasri barpo etilyapti, mahalliy kommunistik «dohiychalar» esa ag‘darib tashlangan imperator qasriga joylashib olib, shohona tarzda hayot kechirmoqdalar. Kommunistik tuzumni saqlab qolish uchun Angolaga Fidel Kastroning armiyasi tashlandi. Bu Kubaga berilayotgan moliyaviy yordamni kuniga 10 million dollargacha ko‘paytirish degan gap edi.

Rus oltini xorijga daryo bo‘lib oqmoqda. Uni nimaga xarjlashni yaxshi bilishadi. KPSSga qarashli xorijdagi eng katta bankda amalda rahbar o‘rnida Boris Ponomaryovning o‘g‘li Vladimir Ponomaryov o‘tirgani bejiz emas. Nomenklatura allaqachon o‘z hokimiyati va boyligini meros qilib qoldiradigan bo‘lgan. U yadro raketalari bilan qurollangan, dengiz hududlariga atom minalarini joylashtirib, o‘zini muhofazalab olgan. Shu bilan asoschisining telba ishini davom ettiryapti. Ularning sa’y-harakatlari bilan dunyodagi eng katta va eng boy mamlakat bepoyon bir botqoqqa aylandi. Ular o‘zlari ham jamiki g‘oyalari bilan shu botqoqqa botib borayotganligini hali bilmaydilar.

Andropov buni ko‘rib turardi. U liberal ham, demokratiya tarafdori ham emas edi. Aksincha, u kommunistik tuzumni jahondagi eng yaxshi tuzum deb bilgan, kelgusida butun dunyoda kommunizmning g‘alaba qozonishiga astoydil ishongandi. Shuning uchun ham hashamat hamda korruptsiya botqog‘iga botayotgan shu tuzumni halokatdan saqlab qolishga harakat qildi. Brejnev iftixor bilan SSSRni dunyodagi birinchi «rivojlangan sotsializm mamlakati» deb atar edi. Andropov esa shu mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealardan tashqari jahondagi kommunistik harakatning ahvoli qanday ekanligini ham yaxshi bilardi.

Qayd etilgan