Partiyaning oltinlari. Igor Bunich  ( 154690 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 ... 41 B


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 11:52:52

Fransiya Kompartiyasiga har yili SSSRdan bevosita Yevrobank orqali 2 million dollar jo‘natiladi. Ular har xil «ishonchli odamlar», soxta korxonalar va tashkilotlarning hisoblari orqali esa yana 4 million dollar oladi. Bir vaqtlar Torez zamonasida bo‘lganidek, bu pullar ko‘pdan beri na kommunistik harakatga, na ishchilar faoliyatiga sarflanadi. Fransiya Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining Bosh kotibi Marshe (aslida, e’tiqodiga ko‘ra natsist), partiyaning bosh xazinachisi Gosna, «Yumanite» gazetasining bosh muharriri Andrie va «fransuz proletariatining boshqa dohiylari» kompartiyani allaqachon birja bilan o‘g‘rixona o‘rtasidagi bir narsaga aylantirib olganlar. Sho‘roviy hamkasblaridan orqada qolmaslik uchun ular ham katta imoratlar va qasrlar xarid qilishib, hashamatu farog‘at ichida hayot kechiradilar. Ular, hatto, o‘zlarining gazetasi «Yumanite»ni tarqatishga ham erinishadi. Tirajning to‘rtdan uch qismini yakshanbalik ilovalari bilan birga Moskvaga jo‘natishadi. Ular bir necha vaqt Moskva do‘konlarida yotadi-da, keyin makulaturaga topshiriladi. Lekin bu ham holva. Moskvadan dollarlar olar ekan, fransuz kompartiyasi rahbarlari bu pullarga eng nufuzli fransuz va boshqa yirik kompaniyalarning aktsiyalarini xarid qiladilar. Undan katta daromad ko‘rishib, bir qismini o‘zaro taqsimlashadi, qolganini esa SSSRdagi valine’matlari hisobiga o‘tkazishadi.

Shunday yo‘l bilan orttirilgan pullarga esa, yana aktsiyalar sotib olishadi va shu zaylda G’arb iqtisodiyotini mustahkamlashga xizmat qilishadi. Pullarning bir qismini fransuzlar oshkora tarzda qimor va fahsh ishlar biznesiga sarflashadi, bundan juda katta daromad ko‘rishadi va uni yana o‘zaro hamda sho‘roviy valine’matlari bilan arra qilishadi.

Amerika Kompartiyasi esa o‘zining ikkita gazetasini nashr etishni istamadi. Ularning materiallarini Moskvada yozib, o‘zini KPSS bosmaxonasida chiqarishadi. Gazeta bosilgandan keyin uni, asosan, SSSRning o‘zida tarqatishadi. Bu gazetalarni oliy o‘quv yurtlaridagi ajnabiy tillar kafedralari va talabalar xarid qiladi. Talabalar chet tilidan imtihonni shu gazeta bo‘yicha topshiradilar. AQSh Kompartiyasi allaqachon tekinxo‘rlikni kasb qilib olgan bir guruh odamlar to‘dasiga aylanib qolgan. Ular mutlaqo qo‘lini sovuq suvga urmagan holda, har yili Moskvadan ikki million dollarni qurtday sanab olardilar. Buning evaziga sira uyalib-netib o‘tirmay, AQShning ijtimoiy hayotida qozongan muvaffaqiyatlari haqida Moskvaga xabar berib turadilar. Prezidentlikka saylovlar chog‘ida esa har gal Gess Xoll g‘alaba qozonadi deb va’da qilishadi va saylov kompaniyasini o‘tkazish uchun yana bir-ikki million dollar talab qilishadi. Aftidan, Gess Xoll Moskvadagi «AQSh va Kanada instituti» xodimlaridan allaqaysilariga pora qistirish havosini yaxshi olgan ko‘rinadi. Negaki, har gal prezidentlikka saylovlar bo‘lganida, bu institut Amerika kommunistlari nomzodining prezidentlikka o‘tish-o‘tmaslik imkoniyatlari to‘g‘risida taxminan quyidagicha tavsiya beradi: «Hukmron doiralarning qattiqqo‘l siyosatiga qaramay, AQSh Kompartiyasining obro‘-e’tibori muntazam ravishda o‘sib bormoqda. Kompartiya o‘z atrofiga million-million ishchilardan iborat AQSh ishchilar sinfining ilgor otryadini jipslashtirmoqda. Shuning uchun saylovlarda proletariatning qudratli ovozi yangramoqda».

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 11:54:17

G’arbiy kompartiyalar Moskvadan muttasil olib turgan pulning bir qismi sovetlarning partiyaviy nomenklaturasiga sarflanishini hamma bilar edi. Ammo AQSh Kompartiyasi bu borada hammani ortda qoldirdi. Gess Xoll o‘zining hech kimga ma’lum bo‘lmagan xizmatlari uchun Moskvadan yiliga 100 ming dollarlik nafaqa undirdi. Buning uchun u Moskvada ellik ming dollar sarfladi. Pulning qadrsizlanishi tufayli bu nafaqa yil sayin ko‘payib, hatto, ikki million dollargacha yetib bordi. Garchi Gess Xoll Markazqo‘m apparati uchun AQShda allaqanday ko‘chmas mulk xarid qilayotgani va an’anaga ko‘ra bu jarayonda soliq to‘lamayotgani hammaga ma’lum bo‘lsa-da, unga nisbatan biron chora ko‘rishning iloji yo‘q edi. Faqat uni soliq idoralariga ushlab berish qolgan edi, xolos. «Shunday qilib qo‘ya qolsammikin?» — degan o‘y tez-tez Andropovning ko‘ngliga kelib turardi.

AQSh Kompartiyasi orqali biron tarzda razvedka ishlari olib borishning mutlaqo iloji yo‘q edi. Chunki u ham FQBga, ham Isroil razvedkasiga xizmat qiluvchi ayg‘oqchilarga to‘lib ketgan ekan. Amalda kompartiya nomigagina mavjudligi uchun Moskvadan mablag’ olar va buning uchun KPSS Markazqo‘mi apparatida kimlargadir pora berilar ekan.

GFR Kompartiyasidan jinday foyda bor edi. U «Qizil Armiya fraktsiyasi» va shunga o‘xshash terrorchi guruhlarni pul bilan ta’minlashda dallollik vazifasini bajarardi. Shu kanal orqali Italiyadagi «Qizil brigadalar» va hatto, Yaqin Sharqdagi buzg‘unchilar ham ta’minlab turilardi. GFR Kompartiyasi boshqa hech qanday faoliyat bilan jonini koyitmasdi, faqat ba’zi-ba’zida GDRlik ShTAZIning chuvi chiqqan ayg‘oqchilariga boshpana berardi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 11:57:03

Finlyandiya Kompartiyasi har yili Moskvadan bir yarim-ikki milliongacha dollar olardi. Bu yerda ham alohida manfaatlar bo‘lib, ularning marksizm-leninizmga hech qanday aloqasi yo‘q edi. Bu partiya ham Suomi mamlakatidagi kommertsiya tizimlari bilan KPSS apparati o‘rtasida vositachilik vazifasini o‘tar va fin buyumlarini rivojlangan sotsializm mamlakatining bepoyon hududlari bo‘ylab tarqatishga yordam berardi. Tabiiyki, u nomenklaturani va u bilan bog‘liq chayqovchilarni fin muzlatkichlari, mebellar, saunalar, tutilgan G’arb mashinalari bilan birinchi navbatda ta’minlar edi. O’z mamlakatida esa kompartiya sovet buyurtmalarini kema quruvchi firmalar, matbaa va qog‘oz ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘rtasida taqsimlash, shuningdek, Sovet Ittifoqidan taxta yetkazib berish bilan shug‘ullanardi. Xullas, Finlyandiya Kompartiyasi o‘ziga ajratiladigan pullarni birmuncha halol ishlab topishgan. To‘g‘ri, ular pora yo‘li bilan ham jinday pul olganlar. Shuningdek, o‘z hisoblaridan KPSSning sarkash pullarini saqlash va oqlab olishda foydalanishga ham ijozat berishgan. Bu ishda ular ancha insof bilan bor-yo‘g‘i 7 foiz atrofida shirinkoma so‘rashgan.

Isroil Kompartiyasiga yiliga million dollar atrofida mablag‘ ajratilardi. Bu kompartiya a’zolarining ko‘pchiligi kuni kechagina SSSR va Polshadan kelgan odamlar bo‘lib olingan pullarni oshkora tarzda o‘z kissalariga urardilar. Buning evaziga ular knessetlarda jinday g‘alva ko‘tarishar, arab aholisini itoatsizlikka chaqirib xitoblar qilishardi. Ammo bu eng asosiysi emasdi. Partiya rahbariyati va ayniqsa, uning Bosh kotibi Vilner hukumat doiralari va jahon moliya doiralari bilan aloqalarga ega edi. 1967 yilda SSSR bilan Isroil o‘rtasida diplomatik aloqalar uzilib qoldi. Shunday sharoitda Vilner olmos biznesida sovetlarning manfaatlarini himoya qildi va sovet zodagonlari Isroildagi rak kasalliklarining oldini olish markaziga bemalol kelib-ketishini uyushtirib turdi. Buning uchun, albatta, alohida haq oldi.

Butun jahon mamlakatlari bo‘ylab bu ro‘yxatni davom ettirish mumkin. KPSSning bunday olamshumul moliyaviy faoliyatini ko‘rib, taajjubga tushmaslik yoxud g‘azabga kelmaslik mumkin emas. Bu faoliyatning yana bir ajabtovur jihati bor — hamma narsa mamlakatdan tashqariga chiqqan. Hatto, KPSS allaqachon Sovet Ittifoqini xususiylashtirib olib, endi o‘zining boyishini ta’minlashdan tashqari, jahon kapitalistik tizimini har tomonlama mustahkamlashga otlangandek taassurot tug‘iladi. Har qanday jinoyatkor tashkilot kabi bolsheviklar partiyasi ham o‘z xavfsizligini har jihatdan puxta o‘ylagan. Shuning uchun unga biror tomondan zarba berib, ishkalini chiqarish g‘oyatda amri mahol. Kulakov bilan Masherovning halokati bu fikrni juda ravshan tasdiqlaydi. Andropov bularning hammasini yaxshi tushunar edi. U faqat bir narsani anglayolmasdi — nima uchun kattalardan hech kim partiyaning muhtasham binosi poydevori cho‘kayotganini ko‘rmayapti (yoki ko‘rishni istamayapti). Bu ahvolda bino qulab tushishi muqarrar-ku! Bino qulasa, uning xarobalari partiyaning o‘zini ham, xayoliy ideallarini ham ko‘mib yuboradi. Partiya partiyalikdan chiqib, amalda qotillar, o‘g‘rilar va chayqovchilar to‘dasiga aylanib qolgani ayon.

Balki biron joyda bu imoratning qulashini rejalashtirib qo‘yishgandir? Qaerda shunday qilishganiykin?

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 11:57:25

Kulakov halok bo‘lgandan so‘ng Andropov kutishga ortiq fursat yo‘qligini angladi. Yo u allaqanday favqulodda ishlarni amalga oshiradi, yo halok bo‘ladi. Uning farmoni bilan KGBning alohida maqsadlarga xizmat qiluvchi jangovar guruhlari tuzila boshladi. Ular go‘yoki terrorchilikka qarshi kurashga mo‘ljallangan edi. Bu guruhlar «Alfa», «Gamma», «Delta» degan nomlarni olishdi. Ularning har biri taxminan uch yuztacha kallakesardan iborat bo‘lib, juda yaxshi o‘rgatilgan, har qanday mulohazakorlikdan uzoq, istagan topshiriqni darhol ado etadigan kimsalar edilar. Bundan tashqari, ikkita harbiy desant diviziyasi va bitta tank diviziyasini KGB ixtiyoriga berishga Brejnevni ko‘ndirishga muvaffaq bo‘lishdi. Armiya bu haqoratga miq etmay chidadi. KGB bilan armiya o‘rtasidagi munosabatlar hamisha qasdma-qasdiga o‘zaro nafrat asosida shakllantirilar edi. Armiya 1938 yilni unutgani yo‘q. O’shanda chekistlar armiyaning deyarli hamma qo‘mondonlarini, shu jumladan, uchta marshalni mahv etgan edi. Chekistlar esa o‘z navbatida 1954 yilni yodda saqlashardi — shu yili armiya chekistlardan o‘chini olgan, DXM rahbariyatini bitta qoldirmay otib tashlab, qarshilik ko‘rsatmoqchi bo‘lganlarni tanklar bilan yanchib tashlagandi.

Ammo hozirgi paytda armiya juda yomon ahvolda edi. Uning rahbariyati aql bovar qilmaydigan hashamat qo‘ynida rasvo bo‘lib ketgandi. Buni, ayniqsa, mudofaa ministri Ustinov rag‘batlantirardi. Ustinov harbiy odam bo‘lmagan, marshallik kiyimlarini eplab kiya olmasa-da, Stalin nomenklaturasi saflarida obdan chiniqqan edi. Bu mansabga uni Brejnevning o‘zi qo‘ygandi. Brejnev o‘zi marshal bo‘lib olgandan keyin qolgan marshallarning hammasiga ishonqiramay qaray boshladi. Shuning uchun u qurolli kuchlar rahbarligiga partiya nomenklaturasidan chiqqan odamni qo‘yishga qaror qildi. U — harbiy odam emas, nima qilibdi? Harbiy ishlarda omiroq, lekin shaxsan Brejnevga sadoqati zo‘r. Shu tarzda armiyaning rahbariyati zaiflashib borar ekan, uning quyi qismi ham shitob bilan chiriy boshladi, Stalin barpo etgan bepoyon GULAG allaqachon jinoyatchilar fe’l-atvorini va jinoyatchilar tilini butun sovet jamiyatiga tarqatib bo‘lgan edi. Hatto, akademiklar ham ba’zan o‘zlari sezmagan holda jinoyatchilar lahjasida gapirishga tushardilar. Tabiiyki, bu illat birinchi galda armiyaga yopishdi. Armiyada eng vahshiy jazo zonalarining rasm-rusmlari va tartiblari joriy bo‘la boshladi. Ular sekin-asta jangovar an’analarni va harbiy intizomni siqib chiqardi. Askarlar bir-birlarini ayamasdan tahqirlar va allanechuk qattol shafqatsizlik bilan bir-birlarini o‘ldirar edilar. Ofitserlar piyonistalikka qattiq ruju qo‘yishgandi. O’zlarining yashash tarzlari bilan ular askarlarga mudhish namuna ko‘rsatardilar. Ofitserlar soldatlarni tahqirlar va tabiiyki, o‘zlari ham boshliqlari tomonidan muntazam tazyiq ostida yashar edilar. Armiyada oshna-og‘aynigarchilik avjiga chiqqan, o‘g‘rilik esa aql bovar qilmaydigan darajada edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 11:58:20

Andropov o‘z xatti-harakatlarini oqlash uchun keltirgan asosiy dalil juda jiddiy bo‘lsa-da, armiyadagi parokandalikka bevosita aloqador emasdi. Siyosiy byuroning navbatdagi majlisida KGBning xo‘jayini bir to‘p hujjatlar ko‘rsatdi. Ular respublikalarda Ittifoqdan ajralib chiqish mayllari keskin ravishda kuchayib borayotganini isbot qilardi. Bu tamoyillar yuqoridan — respublika kompartiyalari Markaziy Ko‘mitalari tomonidan uddaburonlik bilan boshqarib turilgandi. Buning sababi oddiy edi — respublikadagi nomenklatura Moskvaga o‘lpon to‘lashni ortiq xohlamay qolgandi. Ular to‘la mustaqil bo‘lishni va o‘z xatti-harakatlari uchun birovning oldida hisob bermaslikni istar edilar. Agar vaqtida ularning tanobi tortib qo‘yilmasa, Ittifoq barbod bo‘lishi tayin. Kremldagi qariyalarning yoshlanib turgan ko‘zlarida oshkora qo‘rquv chaqnadi. Ular Andropovga umidvor nigoh bilan qarab turishar, undan najot choralarini kutishardi. Andropov esa o‘zining bir tekis va tussiz ovozi bilan mamlakat boshidagi kulfatlarni sanashda davom etdi. Qishloq xo‘jaligi butunlay xarob bo‘lgan. Agar Amerika va Kanada g‘alla yetkazib berib turmaganida, SSSRda allaqachon oziq-ovqat mahsulotlari uchun kartochka tizimini joriy qilishga to‘g‘ri kelardi. Brejnev kutilmaganda ko‘zini ochib, yarim falaj jag‘larini zo‘rg‘a qimirlatib dedi:

«Axir Siyosiy byuroda qachon siyosatboz muxolif emas, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha haqiqiy mutaxassis paydo bo‘ladi?»

Bu marhum Kulakovga ishora edi.

Andropov darhol Bosh kotibni ishontirib, bunaqa odamni topganini aytdi va uni xohlagan paytda o‘rtoqlari — Siyosiy byuro a’zolari qarshisida namoyon qilishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Qariyalar taajjub ichida bir-birlariga qarab olishdi va maxfiy politsiya boshlig‘iga savol nazari bilan tikilishdi. Kimni nazarda tutyapti u? Andropov Gorbachyovning nomini aytdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 11:58:56

Qariyalarning ko‘zida mamnuniyat chaqnadi. Gorbachyov deganda ular Stavropol shifoxonalarida rohatu farog‘atda o‘tkazgan kunlarini esladilar. Hammalari o‘sha yerdagi Birinchi kotibning xushmuomalaligini, har bir istakni bajo qilishga tayyorligini, tortinchoqligini, kamsuqumligini xotirlashdi. Yana uning navqironligini aytmaysizmi? Ularning har biriga o‘g‘il bo‘lsa bo‘lguday. Undan qo‘rqadigan joyi yo‘q. Bemalol Moskvaga olsa bo‘ladi. Mutaxassis bo‘lsa, mayli, qishloq xo‘jaligini ko‘tarsin. (Ko‘pgina odamlarning fikricha, agar Gorbachyov boshqa istagan joyda, masalan, Voronej viloyat qo‘mitasida kotib bo‘lganida, Andropov uni bunchalik osonlik bilan Moskvaga o‘tkazolmas edi. Bu gapda jon bor. Qiyin masala. Agar Andropov istasa o‘tkazish qo‘lidan kelardi. Lekin hamma masala shundaki, u buni istarmidi — yo‘qmi?)

1978 yilning 19 sentyabr oqshomida KPSS Markaziy Qo‘mitasining Bosh kotibi va SSSR Oliy Soveti Prezidiumining Raisi o‘rtoq Brejnevni Bokuga olib ketayotgan maxsus poezd kutilmaganda Mineral suvlar temir yo‘l bekatida to‘xtadi. KGB xodimlari tomonidan qurshab olingan kurort shaharchasi perroniga shaxsiy soqchilar boshlig‘i general Jarovning qo‘liga suyangan holda Leonid Ilich Brejnev zo‘rg‘a tushdi. Uning yonida yordamchisi Konstantin Chernenko ham bor edi. Ularni Andropov bilan Gorbachyov kutib olishdi. Bu tarixiy uchrashuv edi. Shimoliy Kavkazning mo‘‘jazgina temir yo‘l bekatida uchrashgan bu to‘rt odamning qismatida yaqin kelajakda partiya va davlat rahbari mansabida bir-birini almashtirish bor edi. Ularning bittasining qismatida esa KPSSni ham, Sovet Sotsialistik Respublikalar Ittifoqi deb atalgan bepoyon bir davlatni ham mahv etish yozilgan edi. Uchta o‘rtamiyona odam orasida siyosiy o‘yinlarning chinakam ustasi paydo bo‘lgan edi. Bunaqa mohir siyosatbozni dunyo o‘rta asrlardan beri ko‘rmagandi. Bir necha daqiqa mobaynida Gorbachyovning Moskvaga o‘tishi masalasi hal bo‘ldi. Stavropollik yosh kotib qo‘lini qisar ekan, Brejnev lablarini shapillatib dedi: «Qishloq xo‘jaligi — juda muhim. Sen mutaxassissan. Mamlakatni qutqar». «Mamlakatni qutqaraman», — deb javob berdi Gorbachyov, partiyaning «xudosi» oldida ehtirom bilan bosh egib. Gorbachyovning sochi to‘kila boshlagan, manglayidagi qonga o‘xshagan dog‘ Bosh kotib ko‘ziga juda xunuk ko‘rindi. Ammo u qizil rangda edi, buni esa yaxshilik alomati desa bo‘lardi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 12:02:11

Brejnev Bokuga ketmoqda edi. Bu yerda u Andropovning odamlari milliy respublikalarda poraxo‘rlikni tag-tugi bilan yo‘q qilib, ajralib chiqish haqidagi har qanday fikrni tubdan yulib tashlash orqali tartib o‘rnatayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rmoqchi edi. (Oradan birmuncha vaqt o‘tgach, Brejnevni Bokuda kutib olgan «Andropovning odami» Gaydar Aliev, hatto, Ozarboyjondan Naxichevan viloyatini ajratib, mustaqil deb e’lon qilmoqchi bo‘ldi. O’lpon hammaning ham sillasini quritgan edi-da.) Andropov bir narsadan umidvor edi — Bokuga kelib ketgandan keyin Brejnev Andropovni qo‘llab-quvvatlab, O’rta Osiyoda ham xuddi Kavkazdagiga o‘xshash tadbir o‘tkazishga imkon beradi, keyin esa Ukrainaga zarba tushadi. Axir u yerda ko‘pdan beri Brejnevning sodiq odami — o‘tda yonmaydigan, suvda cho‘kmaydigan Shcherbitskiy o‘tiribdi.

Partiyaviy ixtiloflar ichida pishib ketgan, ko‘p yillik xizmat jarayonida rosa toblangan Andropov yulduzi charaqlab chiqadigan kun yaqinlashayotganini sezib turardi. Bu fursat kelishini tezlashtirish uchun bepoyon imperiyani bir silkitish lozim edi. Uni uyqudan uyg‘otish kerak, partiya rahbariyatining munkillab qolganidan foydalanib, hamma jilovlarni qo‘lga olish zarur. Buning uchun bir favqulodda sharoit yuzaga kelishi shart edi. Andropov KGBning xo‘jayini bo‘lishi bilanoq shunday sharoit yuzaga kelishiga ishongan edi. Xuddi shu umidda u Chexoslovakiyaga askar kiritishni tavsiya etgandi. Ammo kapalagi uchgan chexlar uning rejasini buzib qo‘ydi. Hozir boshqa bir imkoniyat yuzaga keldi. Eronda shoh ag‘darib tashlanganidan keyin hokimiyat tepasiga islom mutaassiblari keldi-yu, butun O’rta Sharq mintaqasida ahvol beqaror bo‘lib qoldi. Islom mutaassibligi to‘lqinday taralib, O’rta Osiyo respublikalari ustiga yopirildi...

Respublikalarda millatchilik va ruslarga qarshi kayfiyatlar ustalik bilan qo‘llab-quvvatlana boshladi. Hozircha bu ishlarda kommunizmga qarshi kayfiyatlar ko‘rinmasdi. Larzaga tushgan va tarqoq holda yotgan bu mintaqa aslida sovetlarning aralashuviga mushtoq edi. Bu yerda Eron ahvolni barqaror qilib turgan asosiy omil hisoblanardi. U harbiy jihatdan baquvvat bo‘lib, AQSh bilan ittifoqi tufayli esa yanada qudratli edi. Islom inqilobi tufayli paydo bo‘lgan keyingi boshboshdoqlikda Eron butunlay barbod bo‘ldi. AQSh islomning asosiy dushmani deb e’lon qilindi, Tehronda Amerika elchixonasi tor-mor keltirildi, ammo u bilan birga mahalliy kompartiya ham mag‘lub bo‘ldi, uning rahbarlari xalq oldida osildi. Afg‘onistonda g‘alayonlar boshlandi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 12:04:22

Ajoyib imkoniyat tug‘ildi. SSSR bir zarba bilan Afg‘oniston orqali Eron va Pokistonga o‘tib, oz fursatda iliq Hind okeani sohillariga va jahon nefti zaxiralariga chiqib olishi mumkin edi.

Qisqa muddatli g‘olibona tadbir boshqa hamma foydalaridan tashqari mamlakatda tartib o‘rnatish imkonini berardi. Mamlakatni halokat yoqasiga olib kelgan tinch-totuv yashash siyosatini ham, turli-tuman «Xelsinki jarayonlari»ni ham bartaraf qilish, g‘alamislarni jilovlab qo‘yish, G’arbning buzg‘unchi ta’siriga barham berish, ishlab chiqarish intizomini mustahkamlash, odamlarni hushyor torttirish, partiyani jipslashtirib, yana jangovar kurash yo‘liga olib chiqish mumkin bo‘lardi. Andropov bu rejani amalga oshirish uchun Afg‘onistondan ko‘ra tuzukroq joyni izlab topolmasdi.

1978 yilning 27 aprel kuni Afg‘onistonda kommunistik to‘ntarish sodir bo‘ldi. Bu to‘ntarishni Andropovning xodimlari bir necha yil mobaynida tayyorlagan edilar. Muhammad Dovudning demokratik hukumati «Afg‘oniston Demokratik xalq partiyasi» degan nom bilan ataladigan kommunistik fraktsiya tomonidan ag‘darib tashlandi. Moskvaning bevosita ayg‘oqchisi Taraqqiy prezident bo‘ldi. Darhol SSSRdan juda keng ko‘lamda iqtisodiy va moliyaviy yordam keldi, Afgonistonga sho‘rolarning minglab «maslahatchilari» yopirildi. «Yagona chin ta’limot» asosida harakat qilgan Taraqqiyning kommunistik hukumati darhol odamlarni otishga, masjidlarni buzishga, xalqni yalpi talashga kirishdi. Bunga javoban xalq isyon ko‘tardi. Uchchiga chiqqan kaltafahm odamgina musulmon mamlakatida shunday bema’niliklarni qilishi mumkin edi. Isyon tobora zo‘rayib bordi, kommunistik tuzumning ag‘darilishi aniq bo‘lib qoldi. G’arb hech qanday munosabat bildirmadi. U yerdagilar Moskvani cho‘chitib yubormaslik uchun nafaslarini ichlariga yutdilar. Tabiiyki, Kobulning kommunistik rahbarlari o‘rtasida darhol nifoq boshlandi. 1979 yilning 14 sentyabrida yangi tuzumning Bosh ministri Amin prezident Taraqqiyni otib tashladi va o‘zini-o‘zi prezident deb e’lon qildi. Taraqqiy qo‘zg‘olon ko‘targan xalqni bostirish uchun Sovet Ittifoqidan qo‘shin kiritishni so‘rab, bitimga imzo chekmoqchi edi. Amin bunga qarshi chiqdi. U Moskvaning Afgonistonga qo‘shin kiritishi juda katta xato bo‘lajagiga, uning oqibatlari halokatli ekaniga, isyonni o‘zi ham bostira olishiga ishontirmoqchi bo‘ldi. U Afg‘onistonda isyon odatdagi voqea, o‘tmishda Abdulla degan qirol zo‘r bir gapni aytib ketgan: «Afg‘oniston arining ini. Lekin unda ari ko‘p-u, asal yo‘q». Moskva sharoitni tushunmaydi, deb turib oldi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 12:05:02

Aminning bunday kayfiyati Andropovning hamma rejasini chippakka chiqardi.

Moskvada Siyosiy byuro majlisida Andropov Aminning ko‘pdan beri Markaziy Razvedka Boshqarmasining josusi ekanligidan dalolat beruvchi hujjatlarni namoyish qildi. U SSSRdan yordam berishni iltimos qilmayapti, sababki u amerikaliklardan yordam so‘ramoqchi. Amerikaliklarning ta’limini olgan, amerikaliklar tomonidan qayta qurollantirilgan afg‘on armiyasi darhol bizning chegaralarimizda ig‘vogarlikni boshlaydi. Ular Amerikaning raketa bazalari va aerodromlariga tayanib ish yuritishadi. «Qaysi aerodromlar» deysizmi? Amerikaliklar afg‘on tuprog‘iga kelgach, bir zumda ularni qurib tashlashadi-da! Bular qanday oqibatlarga olib kelishini tasavvur ham qilib bo‘lmaydi.

Kengashda ishtirok etgan SSSR Tashqi ishlar ministri Gromiko o‘z kanallari orqali olingan materiallarga qo‘ra, Amin chindan ham amerikaliklarga yordam so‘rab murojaat qilmoqchi ekanini tasdiqladi (Gromikoning xotini g’ayriqonuniy tarzda mamlakatdan javohir olib chiqib ketayotganda qo‘lga tushgan, shuning uchun Gromiko biron og‘iz gap bilan Andropovga qarshi chiqolmasdi). Kobuldagi sovet rezidentining ma’lumotiga ko‘ra, Amin bir kuni, hatto, shunday degan emish: «Xudoga shukur, tez orada amerikaliklar kelib, bizda tartib o‘rnatishadi!» Uning bu xitobini sovet razvedkasi, hatto, plyonkaga ham yozib olibdi. Bularning bari g‘irt uydirma edi. Kobuldagi rezident ma’lumot ustiga ma’lumot jo‘natib, sovet qo‘shinlarini kiritmaslikka da’vat etardi. Sovet rezidenturasining qo‘liga shunday materiallar tushdiki, ular Taraqqiyning ham, uning partiyasining ham boshqalar qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lganini isbot qilardi. Ular bu qo‘g‘irchoqlar faoliyatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri SSSRni biron yirik mintaqaviy mojaroga tortishga yo‘naltirishgan. Buning uchun Taraqqiy 40 million dollar olgan. Bu pulni u sheriklari bilan taqsimlashi kerak edi. Ammo u bunday qilmadi va shu sababli halok bo‘ldi. Hafizulla Amin bu to‘da ichida milliy kayfiyatdagi yagona arbobdir. U hammadan ortiq SSSR va AQShning Afg‘oniston tuprog‘ida o‘zaro to‘qnashuvidan qo‘rqadi. Bu hujjatlarga hech kim ahamiyat bermadi, holbuki ularni Andropovga ma’lum qilishgan edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 12:06:03

Andropov hech qachon Amerikada bo‘lmagan, hatto, uni xufiya tarzda ham borib ko‘rmagandi. Brejnev esa Amerikaga borgan, borganda ham rasmiy tashrifning hamma rasm-rusmlarini o‘rniga qo‘yib borgandi. Amerika unga ma’qul kelgandi. U birinchi bo‘lib qimmatbaho fin javonining tokchalarida Amerikaning chiroyli shishalari va Amerika sigaretalari saqlashni odat qilgandi. Bu rasm nomenklatura o‘rtasida juda tez tarqadi. (Axir dohiyning qiliqlariga taqlid qilsa arzimaydimi?) Ularga qarab, savdo ahlining zodagonlari ham shunday qila boshladilar. Keyin kimda-kim bunaqa qimmatbaho narsalarga kuchi yetsa, u ham bu rasmni ushladi. Shuning uchun. «amerikaliklar kelib tartib o‘rnatadi» degan so‘zlarni eshitib, Bosh kotib horg‘in xo‘rsindi. Keyin marshal Ustinovga savol bilan murojaat qildi: «Armiya Afg‘onistonda qancha muddatda tartib o‘rnatishga kafolat beradi?» Ustinov, aftidan, Afg‘onistonni Chexoslovakiya bilan aralashtirib yuborgan chog‘i, qat’iy ohangda ikki haftada to‘la tartib o‘rnatiladi deb vada berdi. «Juda nari borsa, bir oyga borar, - deb ilova qildi Andropov, - keyin qo‘shinlarni uyga qaytaramiz». Lekin dilida bunday qilish fikridan batamom uzoq edi. «Tinch-totuv yashash masalasi qanday bo‘ladi? — deb so‘radi Chernenko. — Ular bizga berayotgan qarzlarini to‘xtatib qo‘yishadi-ku, Leonid Ilich?» Brejnev Gromikoga qaradi. U o‘zining tortinchoq ma’yus tabassumi bilan jilmaydi. «Tinch-totuv yashash nimasi, Leonid Ilich? Axir, ular mustaqil Afg‘oniston hududidan turib, raketalarini pesh qilib, bizni qo‘rqitmoqchi bo‘lishyapti-ku!»

Brejnev ko‘zlarini yumib o‘tirardi. Uning ko‘kragida Qahramonlik yulduzlari xira yaltillab turibdi. Bosh kotib ko‘zlarini ochmay dedi: «Bizga harbiy yordam so‘rab qilingan murojaat, albatta, bo‘lsin. Tamom!» Sapchib turgan xos soqchilar Bosh kotibni o‘tirgan joyidan turg‘izib qo‘shni xonaga olib chiqib ketishdi. Ukol qiladigan vaqt bo‘lib qolgandi. Quruqlikning oltidan biriga hukmronlik qiluvchi odam ukollar bilan jon saqlardi. Ammo Amin o‘jarlik qilib turib oldi. U o‘z mamlakatining hududlariga biron ajnabiy armiyaning kirishi haqidagi gapni eshitishni ham istamasdi, chaqirib olib kirishga esa ikki dunyoda ham rozi bo‘lmasdi.

Qayd etilgan