Partiyaning oltinlari. Igor Bunich  ( 154736 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 ... 41 B


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 12:29:19

Bunday ma’lumotlarni o‘qigach, Brejnev ancha vaqtgacha indamay qolar, keyin Andropovdan Afg‘onistondagi urush qachon tamom bo‘lishini so‘rardi. Bu urush, axir, uch yildan beri davom etyapti, g‘alabadan esa hamon darak yo‘q. Axir Andropov bu urushni bir oy mobaynida tugatishga va’da bergan edi-ku!

«Buning uchun avval mamlakat ichkarisida tartib o‘rnatish kerak», — deb javob beradi Andropov.

Albatta, Andropov keltirib turgan ma’lumotlarni o‘qish Brejnev uchun oson ko‘chmas edi — xasta qariya so‘nggi kuchlari ham tugab borayotganini his qilardi. Ammo Andropovga ham oson tutib bo‘lmasdi — unga kelayotgan ma’lumotlar ham odamni xursand qiladigan xushxabarlar emasdi. Nima deganda ham, Yuriy Vladimirovich 68 yoshga kirdi. U o‘qishga majbur bo‘lgan ma’lumotlar partiya va davlat rahbarlarining o‘g‘risifat oila a’zolarini fosh etuvchi ma’lumotlardan battarroq edi.

Varshava shartnomasi barbod bo‘lyapti. Polshadagi «Solidarnost» Sharqiy blokning hamma mamlakatlarini rasvo qilib bo‘ldi. Polshada harbiy holat joriy qilinib, davlat tepasiga general Yaruzelskiy boshchiligidagi harbiylar kelgandan keyin, armiyada g‘alati voqealar sodir bo‘la boshladi. Afg‘onistonda uch yildan beri yovvoyi tog‘liklarni yenga olmay qoniga belanib yotgan buyuk davlat armiyasining marshallari Polsha misolida qiyinchiliklarni bartaraf etish imkonini ko‘rganday bo‘lishdi. Buning uchun Varshava shartnomasi mamlakatlarining hammasida, jumladan, SSSRda ham harbiy holat joriy qilish kerak. Materiallar muntazam ravishda to‘planib turibdi, haddan tashqari ehtiyot bo‘lish kerak.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 12:30:44

Armiya bilan hazillashib bo‘lmaydi, lekin uni taltaytirib ham yubormaslik zarur. KGBning Andropovga bo‘ysunadigan Maxsus bo‘limlari sarkardalarning har bir harakati va fikrlarini qattiq kuzatib turibdi. Jinday shubha tug‘iladigan bo‘lsa, ular bilan pachakilashib o‘tirilmaydi. «To‘satdan vafot etdi», vassalom.

(Armiya butun sotsialistik lager bo‘ylab harbiy to‘ntarish yasashga tayyorlanayotgani to‘g‘risida guvohlik beruvchi anchagina dalillar bor. Bu yomon bo‘larmidi, yo‘qmi — ma’lum emas, chunki boshqa mamlakatlarning tajribasi shuni ko‘rsatadiki, totalitarizmdan demokratiya sari faqat muvaqqat harbiy diktatura orqali o‘tib boriladi. Fitna o‘ngidan kelmadi — KGB hushyorlik qilib qoldi. Bu Andropov vafot etishi bilanoq sodir bo‘ldi. Bu o‘rinda tafsilotlarni keltirib o‘tirish joiz emas. Faqat rasmiy ma’lumotlarni keltirish bilan cheklanamiz:

«1984 yil 2 dekabrida GBSP Markazqo‘mi Siyosiy byurosining a’zosi, GDR milliy mudofaa ministri, armiya generali Gofman to‘satdan yuragi to‘xtab qolib vafot etdi».

«15 dekabrda VSIP Markazqo‘mining a’zosi, VXR mudofaa ministri armiya generali Olax 59 yoshida yuragi to‘xtab qolib, to‘satdan vafot etdi».

«16 dekabrda 66 yoshida ChSSR milliy mudofaa ministri, ChKP Markazqo‘mi a’zosi, armiya generali Dzur yuragi to‘xtab qolish oqibatida to‘satdan vafot etdi».

«20 dekabrda KPSS Markazqo‘mi Siyosiy byurosining a’zosi, SSSR Mudofaa ministri, Sovet Ittifoqi Marshali Ustinov vafot etdi».

Mudofaa ministrlariga qiron kelganmi, nima balo? G’alati-a, shunday emasmi?)


Hozir nechundur marshal Ustinovning choparlari va yugurdaklari Polsha, Vengriya, GDR va hatto Mo‘g‘uliston bo‘ylab g‘imirlab qolishdi. Har ehtimolga qarshi do‘stona armiyalar harakatini bir-biriga muvofiqlashtirishyapti. Lekin boshqa ma’lumotlar ham bor.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 12:32:51

Brejnev G’arbda yahudiylar muhojirligi va xoin-dissidentlarga jazoni yumshatish evaziga bir amallab to‘plagan qarzlarni berish to‘xtab qoldi. To‘xtasa to‘xtasin, biz ham boshqa hech kimni chiqarmaymiz, birov g‘ing desa darrov turmaga tiqamiz. Agar birortasini turmaga tiqib bo‘lmasa, mamlakatdan haydab yuboramiz va fuqarolikdan mahrum qilamiz. Ulug‘ mashshoq, dunyoning birinchi violenchelisti Mstislav Rastropovich bilan uning xotini, atoqli opera xonandasi Galina Vishnevskayani sovet fuqaroligidan mahrum etishganlarini eshitib, butun dunyo angrayib qoldi. AQSh prezidentining o‘zi ularni aerodromda kutib oldi va bunday fuqarolarga ega bo‘lish Amerika uchun buyuk sharaf, dedi. Sovet Ittifoqida esa almashtirib bo‘lmaydigan odamlar yo‘q. Rahmatli Iosif Vissarionovich shunaqa deyishni yaxshi ko‘rar edi. G’arbda esa hamma jazavaga tushgan, aksilkommunizm va aksilsho‘roviylik avjida edi. G’arbiy Ovrupo kompartiyalari allaqanday «ovrukommunizm» degan narsani o‘ylab chiqarishdi, shu bilan ular bir oz bo‘lsa-da, o‘zlarini Moskvadan va uning jinoyatlaridan nariroq olishganday bo‘lishdi.

65 yil mobaynida ularni kim boqib kelganini va hozir kim boqayotganini unutishgan ko‘rinadi. Qaysi pulga boqishgan? Hatto Andropov ham, KGB raisi bo‘lishiga qaramasdan, mamlakatning oltin zaxirasi qancha ekanini va bir yilda qancha oltin chiqarilishini aniq bilolmadi. «Mutlaqo maxfiy» degan yozuv ostida oltita idora mutlaqo bir-biriga o‘xshamagan ma’lumot berishardi. Ma’lumotlarda, bir mingdan o‘n ming tonnagacha raqamlar tilga olinardi. Hech kim har yili nimaga va qancha oltin sarflanishini aniq aytib berolmasdi. Davlat banki va Tashqi iqtisodiyot bankining ma’lumotlari g‘oyatda mavhum edi. Markazqo‘mning Xalqaro bo‘limi va Ishlar boshqarmasi yig‘ma ma’lumotlarning yo‘qligini ro‘kach qilishadi, Oliy Sovetning moliya komissiyasi qo‘rquvdan ko‘zini pirpiratar, Moliya ministrligi esa o‘z manbalariga tayanib turib, mamlakatning oltin zaxirasi 2100 tonna deb ma’lumot berdi. Shunday deganda yuzi qizarmadi ham. Qolgan oltinni faqat tintuvlar yordamida topish mumkinligi ayon ko‘rinib turardi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 12:33:29

Qimmatbaho toshlar borasidagi ahvol ham bundan yaxshi emasdi. Yoqutiston Ministrlar Soveti Raisining muovini Stepan Platonov shaxsan tashabbus ko‘rsatib, Andropovga olmos ishlab chiqaruvchi sanoatdagi ahvolni, har yili qancha ishlov berilmagan olmos topilishini va ular sirli ravishda qayoqqa g‘oyib bo‘lishini aytib bermoqchi bo‘lgan. Ikki kundan keyin u ovda otib o‘ldiriladi. Bu qotillikni Yoqutiston shahar partiya qo‘mitasining kotibi Solomov bo‘yniga oladi. Sud Solomovni ruhan xasta deb tan oladi va «jinnixona»ga jo‘natadi. Ikki oydan keyin u jinnixonadan chiqadi va Magadan viloyat partiya qo‘mitasiga bo‘lim boshlig‘i qilib jo‘natiladi. KGB o‘z yo‘li bilan taftish o‘tkazadi va aniqlaydiki, Platonovni KPSS Markaziy Qo‘mitasining mas’ul xodimi otib o‘ldirgan ekan. Ovni mahalliy partiyaviy rahbarlar shu mas’ul xodimning sharafiga uyushtirgan ekanlar. Yo‘l-yo‘lakay yana shu narsa aniqlandi-ki, Platonov ovga bormoqchi emas ekan, ammo uni KPSS Yoqutiston oblast qo‘mitasining birinchi kotibi Chiryaevning buyrug‘i bilan ovga olib ketishgan. KPSS Markaziy Komitetining mas’ul xodimi bamaylixotir Moskvaga qaytib keldi. Andropovning qo‘lidan kelgani shu bo‘ldiki, u «Yoqutolmos» ishlab-chiqarish ilmiy birlashmasining hamma soqchilarini almashtirdi va ularning direktori qilib general Vasilevni tayinladi. Andropov generalga shaxsan ishonardi. Olmos ishlab chiqaruvchi sanoat ob’ektlarini qo‘riqlash bo‘yicha maxsus militsiya boshqarmasi siyosiy ishlar bo‘yicha muovinining xizmat kabinetida, 1981 yil 21 yanvar kuni general Vasilev Makarov to‘pponchasidan otib o‘ldirildi. Uni siyosiy ishlar bo‘yicha muovin, polkovnik Seluykoning o‘zi otgan edi. Seluyko Vasilev o‘zini o‘zi otdi deb da’vo qildi. Vasilevning kabinetida tintuv o‘tkazdilar va u Moskvaga jo‘natish uchun tayyorlab qo‘ygan olmoslarni o‘g‘irlash haqidagi maxfiy materiallarni olib ketishdi. Shundan keyin yana bir qator qotilliklar, o‘z-o‘zini o‘ldirishlar, baland qavatlardan sirli yiqilishlar sodir bo‘ldi, ammo Andropov, baribir, olmoslarning qayoqqa g‘oyib bo‘lishini bilolmadi. «Tintuvlarda topamiz», — deya u o‘z tobeinlariga taskin berardi.

E-e, olmosni gapirasiz-a! Million-million tonna neft allaqayoqqa g‘oyib bo‘lardi va uning izini topishning iloji yo‘q edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 12:34:22

Ammo mutlaqo aniq raqamlar ham bor edi: ular mamlakatda mehnat samaradorligi juda tez sur’atlar bilan pasayib ketayotganini, pulning qadri tez tushib borayotganini ko‘rsatardi. Yil sayin sodir bo‘layotgan hosilsizlik borgan sari tahdidli ko‘lamlarga kirib bormoqda edi, ammo hozircha, hech kim Gorbachyovning mushugini pisht demasdi. Qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanishga uning vaqti yo‘q, uning boshqa zarurroq ishlari bor.

Kremldagi nifoq hal qiluvchi bosqichga ko‘tariladi. Andropovni Oliy hokimiyatdan ajratib turgan eng so‘nggi to‘siqni — Brejnevning o‘zini yo‘qotish kerak.

Andropov bilan Gorbachyov Siyosiy byuroning navbatdan tashqari majlisini chaqirib, unda «Brejnev shaxsiga sig‘inishning mamlakat uchun salbiy oqibatlari to‘g‘risida» degan masalani kun tartibiga qo‘ymoqchi bo‘ladilar. Bu masalada Andropovning o‘zi doklad qilishi, Gorbachyov muzokarada uni qo‘llab chiqishi kerak edi. Keksa, xasta Bosh kotib bo‘yniga Afgonistonni ham, polyaklarning «Solidarnost»ini ham, SSSR mavqeining Yaqin Sharqda zaiflashib qolganini ham, jahonda kommunistik harakatning xarob bo‘lganini ham, ichki ishlarda «yahudiy, arman va nemis muhojirligiga ijozat berishda ifodalangan» liberalizmni ham (bu esa «ittifoqdosh respublikalarda millatchilik kayfiyatlarini uyg‘otishga va SSSRdan chiqish tamoyillarini kuchaytirishga olib kelgan»), poraxo‘rlikni ham, shuningdek, «mehnatkashlarni mafkuraviy tarbiyalashning susayganini, ularning kommunizm g‘oyalariga ishonchi deyarli tag-tugi bilan mahv etilganini va mavjud tuzumga yoppasiga tanqidiy munosabat kuchayganini» yuklash mo‘ljallangan edi. Shundan kelib chiqib, izzat-ikromini o‘rniga qo‘ygan holda Brejnevni nafaqaga jo‘natish va mamlakatni yangi yo‘nalishga solib yuborish ko‘zda tutilgandi, Siyosiy byuro quyidagi uzoq muddatga mo‘ljallangan davlat siyosatini tasdiqlashi kerak edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 12:35:22

«Tashqi siyosat sohasida:
1. Afg‘onistondagi urushni to‘la harbiy g‘alaba bilan yakunlash.
2. Polyaklarning «Solidarnost»ini butkul va uzil-kesil yo‘q qilish.
3. Polsha va Afg‘oniston misolida ko‘rinib turibdi-ki, Sovet Ittifoqining xatti-harakatlariga qarshi turishda G’arb mamlakatlari sustkashlik qilmoqdalar. Shundan kelib chiqadigan ustunliklardan to‘la foydalanish kerak. Butun dunyodagi xalq ozodlik harakatlariga, Yaqin Sharq, Lotin Amerikasi va Afrikadagi kommunistik hamda aksilimperialistik kuchlarga imkoni boricha to‘la darajada harbiy yordam ko‘rsatish darkor. Afg‘onistonni uzil-kesil sovetlashtirishdan keyin ikki yil mobaynida butun O’rta Sharq mintaqasi ustidan nazorat o‘rnatishni ta’minlash lozim. Bunga Fors qo‘ltig‘ining neft zaxiralari ustidan o‘rnatiladigan nazorat ham kiradi.
4. AQSh va NATO mamlakatlari o‘rtasida vujudga keladigan kelishmovchiliklar beradigan hamma ustunliklardan foydalanish kerak. Bu mamlakatlar o‘rtasiga nifoq solish va kapitalistik dunyoda AQShni butunlay yakkalatib qo‘yishga erishish zarur.

Ichki siyosat sohasida:
1. Dissidentlik harakatini, diniy mazhablar va diniy jamoalarni ayamay bostirish.
2.  Muhojirlikning hamma shakllarini to‘xtatish.
3. Ishga yaroqli barcha aholini to‘la hisobga olish va ishchi hamda xizmatchilarni ularning korxonalari, kolxoz va sovxozlariga doimiy birkitib qo‘yish. Bu iqtisodiy ahvolni keskin darajada yaxshilashga imkon beradi va oziq-ovqat mahsulotlarini sanoat taqsimlagichlari tarmog‘i orqali faqat mehnatkash aholi o‘rtasida taqsimlashni kafolatlaydi.
4. «Yashirin iqtisodiyot»ni va aksilsho‘roviy hamda kapitalistik kayfiyatlarning boshqa ko‘rinishlarini butkul mahv etish. Bu maqsadda bir qator namunali sud jarayonlarini o‘tkazib, ularda o‘lim jazosini chiqarish va hukmni elu yurtning ko‘z o‘ngida ijro etish kerak.
5. Yangi ichki va tashqi siyosatning vazifalari munosabati bilan sovet armiyasining sonini ko‘paytirish ko‘zda tutilsin. Bunga muddatli xizmat davrini quruqlikdagi qo‘shinlarda ikki yildan besh yilgacha, harbiy-dengiz flotida uch yildan yetti yilgacha ko‘paytirish yo‘li bilan erishilsin...»

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 12:36:54

Bu loyiha bilan tanishib chiqqan Gorbachyov Andropovga qo‘rqa-pisa fikrini aytdi: bunday olamshumul niyatlarni amalga oshirish uchun AQShdan kattaroq qarz olinsa yaxshi bo‘lardi. Aks holda loyihani ro‘yobga chiqarib bo‘lmaydi. Pul yo‘q.

Andropov jilmaydi: «Pul topamiz. Eng muhimi, qo‘qqisdan harakat qilish, belgilangan rejaning hammasini qat’iyat bilan, izchil va ayovsiz amalga oshirish kerak».

«Albatta, — deb uning gapiga qo‘shiladi Gorbachyov. — Muhimi boshlab olish, keyin jarayon yurishib ketadi. Ammo loyihani hali ishlash, ekspertlarga ko‘rsatish zarur. Xullas, shoshish yaramaydi. Menimcha, hozirgi Siyosiy byuro uni tasdiqlamasa kerak».

«Brejnevmi? - deydi Andropov. - Albatta, bu loyiha Brejnev uchun emas».

Kutib turishga qaror qilishdi.

Bir haftadan keyin bu loyiha Amerika matbuotida bosilib chiqdi.

Katta janjal ko‘tarildi.

Materiallarning bosib chiqarilishini Markaziy Razvedka Boshqarmasi tomonidan uyushtirilgan razil soxtakorlik deb e’lon qildilar. MRB aksilsho‘roviy jazavaning yangi to‘lqinini tug‘dirish uchun shunday qilganmish.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 12:38:44

Loyiha mashinkada to‘rt nusxada bosilgan edi. Uning to‘rttala nusxasi ham Andropovning o‘zida saqlanardi. Loyiha bilan u to‘rt kishini tanishtirib ulgurdi. Ulardan qaysi biri loyihani g‘arbga oshirib yubordiykin? Mashinkada loyihani bosgan kotibi fransuz razvedkasining josusi ekanini Andropov bilganda bormi?

Brejnev hali tirik. Brejnev Andropovni huzuriga chaqirib: «Bu nimasi?» — deb so‘radi.

Andropov imperialistik matbuotda paydo bo‘luvchi hamma yolg‘on-yashiqlar uchun mas’uliyatni ololmayman, deb javob berdi.

«Mening o‘lishim mumkin emas, — dedi kutilmaganda qat’iy ohangda Brejnev. — Mening vafotimdan keyin bironta odam shunaqa bema’ni rejalarni amalga oshirmoqchi bo‘lsa, qanday o‘lasan? Ular butun mamlakatni uzil-kesil halok qiladilar».

Andropov indamadi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 12:39:18

Brejnev esa jon taslim qilish u yoqda tursin, aksincha, o‘zini ancha bardam his qila boshladi. U o‘zini shu darajada bardam his qildiki, hatto, Toshkentga do‘sti Rashidovning huzuriga borib kelmoqchi bo‘lib qoldi. Qariyani ahdidan qaytarishga harakat qilishdi, ammo u so‘zida qat’iy turib oldi. Albatta, bu shunchaki bir injiqlik emas edi, ammo Brejnevning ko‘zlagan maqsadi noma’lumligicha qoldi. Sharof Rashidov o‘zining do‘sti, himoyachisi va valine’matini juda katta dabdaba bilan kutib oldi. Brejnev xalq bilan gaplashmoqchi edi. Aviatsiya zavodining bahaybat sexida «faollar»ning mitingi bo‘ldi. O’rtadagi minbarga Brejnev general Jarovning yordami bilan bir amallab ko‘tarildi. Brejnev nutqini odatdagicha chaynala-chaynala boshlaganida sexda siqiq havo quvuri yorilib ketdi. Quloqlarni qomatga keltirgan gumburlash eshitildi, keyin chiyillagan hushtak ovozi yangradi. Bu shovqin-suronni portlash deb o‘ylashdi. «Faollar» va soqchilar qo‘rquvdan hushlarini yo‘qotib, sex bo‘ylab yugura boshladilar. Xos soqchilardan biri kuch bilan Brejnevni polga yiqitib, uni pana qilib, ustiga yotib oldi. Bu voqea Brejnevni sarosima qilib qo‘ydi, xos soqchilarning harakatidan u qattiq aziyat chekdi. Bularning bari navbatdagi insultga sabab bo‘ldi. Kasalxonaga olib kelishganda, Bosh kotib klinik o‘lim holatida edi. Ko‘p yillar davomida xasta dohiydan bir qadam ham jilmagan reanimatsiya guruhi bu gal ham uning joniga oro kirdi. Brejnev tirik qoldi, ammo uning na tili bor edi, na harakat qila olardi. Lekin uning sira o‘lgisi yo‘q edi. U yana tuzala boshladi va hatto 1982 yilning 7 noyabr kuni Mavzoley minbarida oxirigacha turib berdi.

Ikki kundan keyin partiya va davlat boshlig‘i bir to‘da mashinalar hamrohligida Kremlning Bronevitskiy darvozasidan chiqdi. Mashinalar Moskva yaqinidagi Jukovka qishlog‘i tomon yo‘l olgandi. Bu yerda hukumat chorbog‘lari joylashgan edi. Mashinalar to‘pining boshida har doimgidek, signallarini vang qo‘yib, chiroqlarini yalt-yult qilib GAIning maxsus mashinalari borardi. Ularning orqasidan soqchilar tushgan qora mashinalar va Brejnevning mashinasi. Keyin yana soqchilar tushgan ikki mashina ortidan sadoqatli reanimatsiya brigadasi. So‘nggi olti yil ichida bu brigada necha martalab Brejnevning jonini asrab qoldi. Mashinalar shahar ichidan ketib borar ekan, reanimatorlar mashinasidagi bir g‘ildirakning dami chiqib ketdi. Tezlik katta bo‘lgani uchun mashina bir tomonga og‘ib, bir imoratga borib urilishiga sal qoldi. Qo‘llanmaga ko‘ra ketayotgan mashinalarning hammasi to‘xtashi kerak edi. Lekin negadir bunday bo‘lmadi. Tezlikni kamaytirmasdan hamma mashinalar tezroq Moskvani tark etishga oshiqishdi. Birdan Brejnevning ko‘ngli aynib, qayt qila boshladi. Mashinaga chiqishdan avval u bir stakan sut bilan bitta kulcha non yeb olgan edi. Bosh kotib sutning allanechuk g‘alati ta’mi borligidan zorlanibdi. Chernenko buni eshitibdi. Ammo ovqat masalasida Brejnevning injiqligi ma’lum edi, shuning uchun hech kim bunga e’tibor qilmadi. Brejnevning ahvoli borgan sari yomonlasha boshladi. Mashinalar to‘xtadi. Ma’lum bo‘ldiki, reanimatorlarning mashinasi yo‘q. Ularning mashinasi avariyaga uchragani to‘g‘risida loaqal radiotelefon orqali ham xabar qilishmabdi. Bosh kotibning mashinasida birga kelayotgan navbatchi vrachning yonida tez yordam chemodanchasidan boshqa narsa yo‘q ekan. Aytishlaricha, vrach qo‘lidan kelgan hamma narsani qilibdi. Chorboqqa olib kelishganda Brejnev olamdan o‘tgan edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 12:42:26

KPSS Markazqo‘mining yangi Bosh kotibi qilib bir ovozdan Andropovni saylashdi. Mamlakat bo‘ylab bir zumda bu saylovlar qanday o‘tgani haqida latifa tarqaldi:

«O’rtoqlar! O’rtoq Andropovni Bosh kotib qilib saylashga rozilar devor yonidan uzoqlashib, qo‘llarini yonlariga tushirib, yuzlarini bizga qaratishlari mumkin!»

Andropovning birinchi oshkora farmoyishi «Fuqarolarga mo‘ynali hayvonlarni saqlash va urchitishni man etish haqidagi» farmon bo‘lgan edi. Farmon suxsur va boshqa mo‘ynali hayvonlarga doir edi (mo‘yna ham partiyaning oltini-da!), ammo u shunday tuzilgan ediki, unga qarab mushuklar ham mo‘ynali hayvonlar qatoriga kiradimi-yo‘qmi — bilib bo‘lmas edi.

Bepoyon mamlakatning shaharlari va qishloqlari bo‘ylab esa allaqachon jiddiy farmoyishlar tarqala boshlagandi.

Qayd etilgan