Partiyaning oltinlari. Igor Bunich  ( 104296 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 41 B


Musannif Adham  15 Fevral 2011, 11:58:28

Bosib olingan shaharlardagi ahvol shunaqa edi. Ammo Rossiya qishloq mamlakati — aholining ko‘pchilik qismi Rossiyani to‘yg‘izadigan million-million dehqonlar. Ular ham talanmasligi va yanchib tashlanmasligi mumkin emasdi. Negaki, ularning ham ozmi-ko‘pmi yig‘ib qo‘ygan tillalari bor edi. Ma’lumki, «tilla» deganda Ilichning  jini qo‘ziyveradi, tinchini yo‘qotadi. Lekin dehqonlar tilladan ham qimmatliroq boylikka ega — ularning g‘allasi bor. G’allaga egalik qilmasa «jahon proletariatining dohiysi» nima qilishini bilmay qolardi. Garchi u davrda hokimiyatni qo‘dda saqlab qolish imkoniyati ancha shubhali ko‘rinsa-da, aholining shuncha katta qismini talamay qoldirish ham aqlga sig‘masdi.

Lenindan taralgan ommaviy tentaklik g‘ayrati eng ma’qul yo‘lni topishga yordam berdi. «Bizning eng muhim vazifamiz, — deb e’lon qiladi dohiy, - avval dehqonlarni pomeshchiklarga qarshi qayrab solish, keyin esa, hatto, keyin ham emas, balki o‘sha vaqtning o‘zida ishchilarni dehqonlarga qarshi qayrab solishdir».

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Fevral 2011, 11:59:05

Ammo vazifa aholining turli toifalarini bir-biri bilan urishtirib qo‘yishdan iborat emas edi. Bu bolsheviklar tilida «sinfiy kurash» deb atalardi. Vazifa vasvasa ichida shu kurashda ishtirok etuvchi tomonlarning hammasini ipidan ignasigacha ship-shiydam tunash edi. Qanaqasiga aylantirmang, masala ochiqchasiga ko‘ndalang qo‘yilgan edi: dehqonni g‘alla sotish huquqidan mahrum qilish kerak va tabiiyki, bir tiyin ham to‘lamasdan davlat nomidan bu g‘allani egallab olish zarur. Buni faqat bir yo‘l bilan — kuch ishlatib amalga oshirish mumkin, chunki dehqon g‘allasini shundoqqina tep-tekinga berib qo‘yishiga hech kim ishonmas edi. Shuning uchun tezlik bilan oziq-ovqat otryadlari tuza boshladilar. Bu otryadlar qishloq aholisining qo‘lidagi g‘allani tortib olishi kerak edi, tabiiyki, yo‘l-yo‘lakay boshqa boyliklar ham e’tiborsiz qoldirilmasdi. Ammo qishloq joylarida ish shaharlardagidek silliq ko‘chmadi. Dehqonlar darhol qatgiq qarshilik ko‘rsata boshladilar. Markaziy Rossiyadagi 20 ta rayonning o‘zida 1918 yilda dehqonlarning 245 ta yirik g‘alayoni bo‘ldi. Qishloqlarda haqiqiy janglar ro‘y berdi. Lenin rejasining mohiyati har qanday qilib bo‘lsada «g‘alla monopoliyasi»ni ta’minlash edi, chunki bu monopoliyasiz ulkan mamlakatning ikki yuz millionli aholisini qullarga aylantirib bo‘lmasdi.

«Biron pud g‘alla ham, — deb ko‘rsatma beradi dohiy, — egalarining qo‘lida qolmasligi kerak. Ortiqcha g‘allaga ega bo‘lgan va uni belgilangan omborlarga olib borib topshirmaganlarni xalq dushmani deb e’lon qilish kerak, ularni inqilobiy sudga berish zarur. Sud esa ularni 10 yildan kam bo‘lmagan muddatga qamoqqa hukm qilmog‘i kerak. Ular jamoadan butunlay haydab chiqarilsinlar, molu mulklari esa to‘laligicha musodara qilinsin...»

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Fevral 2011, 11:59:45

Ammo «10 yildan kam bo‘lmagan muddatga qamoq» va hamma molu mulkini musodara qilish — faqat debocha edi, xolos. Bir necha muddat o‘tgach, yalpi talonlarga qarshilik ko‘rsatilayotganidan qattiq g‘azablangan Lenin o‘ngu so‘liga quyidagi mazmunda buyruqlar bera boshlaydi: «... Juda ajoyib reja! Uni o‘rtoq Dzerjinskiy bilan birga qiyomiga yetkazing. O’zingizni «yaxshilar» qiyofasida ko‘rsating (keyinchalik biz hammasini ularga to‘nkaymiz). Otda 10-20 chaqirim o‘tib boring-da, hamma quloqlarni, ruhoniylarni, pomeshchiklarni osing. Har bir dorga tortilgan odam uchun mukofot - 100000 so‘m».

Qishloqlardagi bosqin shahardagidan dahshatliroq edi. Dehqonlarning uylarida tintuvlar o‘tkazildi. G’alla bilan birga jo‘ngina dehqon kulbalaridan topilgan har qanday qimmatbaho narsalar musodara qilindi. Pullar-ku, albatta, tortib olinardi, ammo ular bilan birga ayollarning tilla suvi yugurtirilgan taqinchoqlari ham, o‘z vaqtida uezd yarmarkasidan xarid qilingan mayda-chuydalar ham olib qo‘yilardi. G’alla, odatda, uezd markazidan nariga olib ketilmasdi, u yerga olib borib, to‘g‘ri kelganicha omborga to‘kilardi va shu yerda chirib, nobud bo‘lardi. G’azab o‘tida yongan dehqonlar panshaxa va so‘yillar bilan pulemyotlarga qarshi tik borishardi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Fevral 2011, 12:00:14

«Tog‘-tog‘ murdalarga qaramasdan, — deb xabar qiladi Moskvaga ijrochilardan biri, — ularning qahru g‘azabini tasvirlashga qalam ojiz». Ko‘pgina oziq-ovqat otryadlari qishloqqa yetib bormay, yo‘ldayoq qirib tashlangan. Bunday hollarda qishloqqa jazo otryadlari yuborilgan. Ular o‘n besh-yigirma dehqonni otib tashlab, qolganlarini qamoqqa olgan va shaharga haydab ketgan. Keyin yangi otryad kelgan, ammo uni ham kelgan kuniyoq qirib tashlashgan. Yana yangi jazo otryadi yetib kelgan va hamma narsa boshidan boshlangan. Shu tarzda bu hodisa dahshatli xalq urushi tusiga kira borgan.

1918 yilning yozida Lenin dehqonlarning qarshiligini bostirish uchun qishloqlardan garovga odam olishni taklif qilgan. U, asosan, ayollar va bolalarni garovga olish kerakligini aytgan. «Badavlat dehqonlar orasidan 25-30 tasini garovga olish kerak, - deya ilhom bilan ko‘rsatma bergandi Ilich o‘zining bezorilariga. - Ular g‘allani yig‘ish va jo‘natish uchun o‘z hayotlari bilan javob bersin». Holbuki, hali «qizil terror» e’lon qilingani yo‘q edi. Ammo rus dehqonlari o‘zlarini shaharlardagi burjuaziya va ziyolilardek nochor his qilgani yo‘q. Bunaqa yo‘llar bilan qishloqni bo‘ysundirib bo‘lmas edi. Bu jazolarga dehqonlarning bergan birinchi va mutlaqo tabiiy javobi shu bo‘ldiki, ular ekin ekishni butunlay yig‘ishtirib qo‘ydilar. Sodda rus dehqonlari bunday qilinsa, hukmdor bezorilarga qo‘l kelishini xayollariga ham keltirmagan edilar. Mamlakatda sun’iy ravishda ochlik uyushtirildi, buning uchun ayb dehqonlarga to‘nkaldi, keyin «g‘alamis»lardan o‘n— o‘n besh millioni qirib tashlandi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Fevral 2011, 12:01:07

Nemis nayzalari panohi ostida davlat tepasiga kelgan Lenin mazkur hududda nima ishlar qilish borasida aniq-ravshan ko‘rsatmalar olgan edi: o‘zlariga bino qo‘ygan nemislar bolsheviklarning qancha muddat hukmronlik qilishi o‘z qo‘limizda deb o‘ylardilar. Shu hukmdorlik davrida ular bir qator tadbirlarni amalga oshirmog‘i kerak. Buning oqibatida quloq eshitib, ko‘z ko‘rmagan darajada talon-toroj qilingan Rossiya butunlay holdan toyib, ulug‘ imperiya sifatida jon taslim qiladi. Shu tarzda Germaniya reyxiga tahdid soluvchi bir davlat g‘oyib bo‘ladi. Nemislar ham, bolsheviklar ham o‘zlarining o‘yinlarini o‘ynashgan. Ammo ular o‘zaro kelishib, o‘zaro hamkorlikda o‘ynaganlar.

Yaroslavl gubernasida dehqonlarning birinchi yirik isyoni bostirilgandan keyin bir mo’‘jiza bilan omon qolgan dehqonlar nemislarga taslim bo‘lishdi — o‘sha kezlarda «Sovet Rossiyasi»ning hamma gubernalarida nemis komendaturalari bor edi. Bu komendaturalar Brest shartnomasining maxfiy qaydnomalariga asosan tuzilgan edi. Yaroslavl gubernasidagi nemis komissiyasining raisi nemis leytenanti Balk 1918 yil 21 iyul kuni chiqarilgan buyrug‘ida (4-son) Yaroslavl shahrining grajdan aholisiga Shimoliy ko‘ngilli dehqon armiyasining otryadi German komissiyasiga taslim bo‘lganini e’lon qiladi. Taslim bo‘lganlar bolsheviklar hukumatiga topshiriladi. Topshirilgan 428 kishining hammasi o‘sha zahotiyoq nemislarning ko‘z o‘ngida otib tashlanadi. Leytenant Balk o‘z komendaturasi orqali o‘tgan, bolsheviklarga qaytarib berilgan va otib tashlangan odam-larni sof nemislarga xos sinchkovlik bilan hisobini olib borgan. Shu hisob-kitobi asosida u o‘z qo‘mondonligiga ma’lumotnomalar yuborib, bolsheviklar Germaniya qarshisida zimmalariga olgan hamma majburiyatlarini og‘ishmay bajarayotganlarini xabar qilib turgan. Komissiya (komendatura) Yaroslavl gubernasidan ko‘chirib yuborilgan vaqtga kelib leytenant Balkning hisob-kitobida 1918 yil martidan noyabrigacha otib tashlangan 50247 kishi qayd qilingan edi. Sho‘ring qurg‘ur dehqonlar - kelib-kelib nemis qo‘mondonligidan panoh izlaydimi?!

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Fevral 2011, 12:01:35

Urush borgan sari avj olaverdi — uning o‘z qonun-qoidalari bor edi. Musodarachi otryadlar uezd shaharlariga joylashib olib va baynalmilal garnizonlarga tayanib, qishloqlar ustiga ochiqdan-ochiq bosqinchilik yurishlarini uyushtirar va dehqonlarni ko‘ngillariga siqqanicha talab, o‘ldirar edilar. G’alla yonar, qishloqlar kul bo‘lar, odamlar qirilardi. Bunga javoban dehqonlar mudofaa qo‘mitalari tuzishar, musodarachi otryadlarni qirib tashlashar, ko‘pincha uezd shaharlarini bosib olishar va o‘z navbatida ularni talab, mal’un hokimiyatning hamma vakillarini Pugachevu Razin zamonlaridagidek shafqatsizlik bilan qirib tashlashardi-Ikkala tomon ham qatl qilishda o‘rta asrlarga xos usullarni qo‘llashardi - tiriklay yondirishar, qoziqqa o‘tqazishar, ikki oyog‘idan ikki daraxtga bog‘lab, chotidan yirib tashlashardi. Leninga xush yoqadigan fuqarolar urushi avj oldi. Rossiya esa shitob bilan vahshiylik zulmatiga cho‘ma boshladi. Sirasini aytganda, Ulyanov 1917 yilning martida Germaniya orqali kelayotganida ayni shuni va’da qilgan edi. «Proletar» matbuoti isyonchi dehqonlardan tortib olingan uezd shaharlaridan mahobat bilan reportajlar berdi. «Pravda»ning muxbiri Livnada dehqonlar isyonining tor-mor qilinishi haqida shunday xabar beradi: «Shahar nisbatan kam talafot ko‘rdi. Hozir shahar ko‘chalaridan murdalar va yaradorlarni yig‘ib olishyapti. Keyinroq yetib kelgan madadchilar orasida yo‘qotishlar nisbatan kam. Faqat shavkatli baynalmilalchilargina og‘ir talafotlarga uchradilar. Lekin o‘zlari ham quloqlarning murdalarini tog‘dek uyib tashladilar -shahar ko‘chalari ularga to‘lib ketdi».

Rossiyaning ichki gubernalariga, hatto, mo‘g‘ul istilolari vaqtida ham dushmanning qadami yetib bormagan edi. Xo‘sh, shu ichki gubernalarni qilichdan o‘tkazgan, unga o‘t qo‘ygan, Rossiyaning boy g‘allakor maskanlarini kultepalarga, huvillagan sahroga aylantirgan «shavkatli baynalmilalchilar» kimlar?

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Fevral 2011, 12:03:30

Ularni barpo etish tarixi mana bunday: 1917 yilning mart oyidayoq Leninni va uning sheriklarini Rossiyaga Germaniya orqali o‘tkazib yuborish masalasi hal qilinayotganda va bo‘lg‘usi Brest shartnomasining dastlabki shartlari kelishib olinayotganda, german qo‘mondonligi bolsheviklarga qo‘poruvchilik faoliyatlari uchun zarur mikdorda pul ajratish bilan bir qatorda, hokimiyat qo‘lga kiritilgan taqdirda ularga darhol harbiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risida ham qaror qabul qiladi. Shu maqsadda 1917 yilning aprelida soxta shved pasporti bilan Petrogradga german Bosh shtabining polkovnigi Genrix fon Ruppert keladi. U nemys va avstriya harbiy asirlariga bolsheviklarga qurolli yordam ko‘rsatish to‘g‘risida maxfiy buyruq olib keladi. Asirlarni qurol bilan bolsheviklar ta’minlamog‘i kerak edi. Germaniya va Avstro-Vengriya Bosh shtablarining boshliklari tomonidan imzolangan bu buyruqlarni amerikaliklar Ikkinchi jahon urushidan keyin nemis arxivlaridan topishgan edi. Bu hujjatlar KPSS Markazqo‘m arxivlaridan ham topilsa, ajab emas.

Petrograd yaqinida nemis va avstriya harbiy asirlarining bir nechta lagerlari joylashgan edi. Masalan, Koltushi qishlog‘ining yonida, Katta Oxta bilan shundoqqina yonma-yon imperator Vilgelmning Z-Kirasir polki deyarli to‘la tarkibda lager qurgan edi. O’z vaqtida bu polk general Rennenkamf kazaklari tomonidan asirga olingan edi. Ularga yaqin joyda 142-Brandenburg polki joylashgandi. Garchi hech qanday qiyinchilik tug‘dirmasa-da, harbiy asirlar lagerlaridagi nemis va Avstro-Vengriya harbiy qismlarini sanab chiqish uncha shart emas. Muvaqqat hukumat barpo etgan demokratik boshboshdoqlik tufayli harbiy asirlarni yaqin kelajakdagi vazifalari bilan bemalol tanishtirishga va bu ishlarga ularni yaxshilab tayyorlashga muvaffaq bo‘lindi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Fevral 2011, 12:04:05

Hamma narsa mayda-chuydasigacha puxta o‘ylangan edi. Hatto, nemislar rus beshotarlari, naganlari va boshqa qurollari bilan tanish emasligi ham e’tibordan chetda qolmadi. Shu munosabat bilan ruslarning «Lochin» degan soqchi kemasi Fridrixsxafenga borib, u yerdan 12000 nemis miltiqlari va millionlab o‘qlarni roppa-rosa 25 oktyabrga yetkazib olib keldi. Shuning uchun bu kema «Ulug‘ Oktyabr kemalari» ro‘yxatiga mangulikka yozib qo‘yildi. Bundan tashqari, «Lochin» o‘zidan ikki baravar katta bir solni shatakka olib keldi. Eng halol sovet tarixchilari bu solda nima olib kelingani noma’lumligini e’tirof etishadi. Boshqa tarixchilar uni tilga olmay qo‘ya qoladilar, uchinchi toifa olimlar esa bu solda «inqilobiy matroslar desanti» keltirilgan deyishadi. Bu matroslar Fridrixsxafenga qayoqdan borib qolgan? Holbuki, hozir «Lochin» miltiqlardan tashqari Petrogradga nemis zambaraklarini olib kelgani unchalik sir bo‘lmay qoldi. Agar bironta odam hamon anoyilik qilib, Petrograddek katta shahar Kronshtadtdan «Amur» kemasida kelgan ikki mingtagina matros bilan nazorat ostiga olingan deb o‘ylashda davom etayotgan bo‘lsa, yoki harb ishlaridan mutlaqo bexabar bo‘lgan ishchi oliylari shaharni zabt eta oladi deb hisoblayotgan bo‘lsa, u bilan munozara qilib o‘tirmaylik. Bugun shu narsa ham ravshan bo‘lyaptiki, o‘sha ishchi oliylari to‘ntarishni dushmanlik kayfiyati bilan qarshi olgan ekan.

Ha, garnizon to‘laligicha noqobil bir ahvolga kelib. tartibni himoya qiluvchi organlar butunlay izdan chiqqan bo‘lsa, bunday hodisa nazariy jihatdan yuz berishi mumkin. Lekin shunday taqtsirda ham bolsheviklar hokimiyati bir kundan ortiq yashayolmas edi, chunki to‘ntarishning ertasigayoq general Krasnovning suvoriylari shaharga yaqinlasha boshladi. Krasnov kazaklari to‘plardan ikki marta o‘q uzib, Pavlovsk va Sarskoe Selodagi «qizil gvardiyachilar»ni tirqiratib yuborgach, Pulkovo adirlari tomonidan poytaxtga siljiy boshladilar. Oldinda harakat qilayotgan O’rol kazaklarining ilg‘orlari dabdurustdan adirlarni egallashga urinib ko‘rdilar, ammo juda yaxshi uyushtirilgan va ustalik bilan boshqarilayotgan zambaraklar zarbasiga duch kelib, chekinishga majbur bo‘ldilar. Urush olovlarida toblangan kazak ofitserlari adirlarda mudofaa marralarini kimlar egallaganini bir zumdayoq bilib oldi. Nemislar! Ularga ishonmagan general Krasnov shaxsan qo‘riqchi-kuzatish marrasiga bordi. Shubhaga o‘rin yo‘q edi. Nemis piyodalari bilan zambaraklari «inqilobiy» Petrograd yo‘lini to‘sib turardi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Fevral 2011, 12:04:45

Nemis va avstriya soldatlari hech qiynalmasdan Petrograddagi harbiy bilim yurtlari isyonini zo‘r mamnuniyat bilan bostirishdi. Ular sho‘rlik rus yigitchalarini zambarakka tutib, nayzalar bilan ilma-teshik qilishgandi. Har tomonga tomir otgan vayronalik va loqaydlik sharoitida bilim yurti talabalarining ashaddiy istibdodga qarshi mardona chiqishlarini hech kim qo‘llab-quvvatlamadi.

Lenin 29 oktyabr kuni nemis batalonlarini ko‘rikdan o‘tkazmoqchi bo‘ladi. «Jahon proletariati dohiysi»ning rejasiga ko‘ra «baynalmilal»chilar Smolniyning zinapoyalarida turgan Lenin va «ishchi-dehqon» hukumatining boshqa a’zolari oddidan shaxdam qadam bilan o‘tishi kerak edi. Dohiylarning oldidan o‘tayotgan kechagi harbiy asirlar «Yashasin jahon inqilobi!» deb xitob qilishlari shart edi. Albatta, nemis tilida. Dohiyning o‘zi ham, uning tevaragidagilar ham bu tilni juda yaxshi, hatto, rus tilidan yaxshiroq bilishardi. Ammo ishning pachavasi chiqdi. Qaddi-qomatlari kelishgan, nemis askarlarigagina xos shaxdam qadam tashlagan jangchilar inqilob dohiylari yonidan o‘tib borar ekanlar, bir ovozdan: «Yashasin kayzer Vilgelm!» deb hayqirdilar. Bundan Lenin qattiq tahqirlandi. Nemislar bu bilan sodir bo‘layotgan voqealarni mutlaqo to‘g‘ri tushunayotganlarini namoyish qilgan edilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Fevral 2011, 12:05:44

Oradan ko‘p o‘tmay tuzilgan Brest shartnomasida harbiy asirlarni repatriatsiya qilish ko‘zda tutilgan edi, biroq undan keyin general fon Lyudendorfning maxfiy buyrug‘i chiqdi. Buyruqda nemis va avstriya harbiy asirlariga bolsheviklar hukumatini qo‘llab-quvvatlaydigan otryadlar tuzish tavsiya qilingan. Buyruq shunday tuzilganki, bunday otryadlarga soldatlar va ofitserlar go‘yo ko‘ngilli tarzda kirishi shart bo‘lgan. Biroq nemis armiyasidagi tartiblarni va «ko‘ngilli» qismlarni shakllantirish usullarini bilgan odam bu sharoitda, loaqal dastlabki davrlarida, to‘g‘ridan-to‘g‘ri buyruq bilan ish qilinganiga shubhalanmaydi.

Yarashish va sulh tuzish bo‘yicha german missiyasining a’zolari general Gofman va yuqorida nomi zikr etilgan polkovnik Ruppert bir nechta lagerga tashrif buyurib, harbiy asirlarga vazifalarini tushuntirib berishdi. Fayerlandga xizmat qilish va ayni choqda begona hududda odamlarni talash imkoni ko‘plarning ko‘ngliga ilhom soldi va hamma harbiy tizimlar dabdala bo‘lib yotgan bir sharoitda bolsheviklar go‘yo biror sehrgarning fatvosi vojib bo‘lganday, juda yaxshi o‘rgatilgan va yaxshi uyushtirilgan armiyaga ega bo‘lib qoldi. Uning tarkibida uch yuz ming kishi bor edi.

Qayd etilgan