Partiyaning oltinlari. Igor Bunich  ( 154950 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 ... 41 B


Musannif Adham  18 Sentyabr 2012, 11:08:34

Ammo maynavozchilikka o‘xshagan bu valyutalarning hammasini ezib-yanchib, nimjon sotsialistik iqtisodiyotni va o‘lik mafkurani majaqlab, odamlarning ongini uyg‘otib, mamlakat bo‘ylab DOLLAR odimlay boshlagandi. Bu pul «bo‘lishi mumkin bo‘lgan, ehtimoldagi dushman»imizning puli edi. U allaqachon hech qanday qarshilikka duch kelmay nomenklatura mamlakatini bosib olgan, uning kanallari orqali esa yashirin iqtisodiyot va savdoga, barcha turdagi moddiy-texnika ta’minoti sohasiga, armiyaga va xavfsizlik idoralariga yorib o‘tgandi.

Qoloqlikda bo‘g‘ilib yotgan sanoat dollar talab qilardi.

Ilm-fan va tibbiyot dollar talab qilardi.

Harbiy sanoat qurilmasi dollar talab qilardi,

Dollar allaqachon butun mamlakatni «Levis» va «Montano» jinsilariga, «Adidas» sport kostyumlariga, turli kurtkalar va etiklarga kiyintirib ulgurgandi.

Dollar kommunistik «madaniyat»ni G’arb kinofilmlari va o‘yinlari to‘lqini bilan ezib qo‘ydi — qashshoq mamlakatda hech kim ular bilan raqobatlasha olmadi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Sentyabr 2012, 11:09:44

Hamma idoralar bor ovozda va bor qat’iyati bilan hukumatdan dollar talab qilar, aks holda ahvol yomon bo‘ladi, deb qo‘rqitardi. Nomenklaturaniku qo‘yaverasiz — uning dollarga muhabbati hech qanday ta’rifga sig‘maydi.

Faqat chatoq joyi shunda ediki, so‘mdan farq qilaroq, dollarni mehnat qilib topish kerak edi. Nomenklatura esa ko‘pdan beri mehnatdan chiqib qolgan va mehnat qilishni bilmas ham edi. Hozircha uning qo‘lidan sotish kelardi, xolos. Chunki bu mamlakatdagi hamma narsa, shu jumladan, aholi ham hozircha unga qarashli edi. Biroq dollarga sotish mumkin bo‘lgan narsaning hammasi allaqachon sotib bo‘lingan edi. Xalq esa ortiq nomenklatura uchun ishlashni istamasdi. Natijada nomenklatura mulkidagi hayot darajasi sharmandali darajada pastga tushib ketdi. Oliy darajadagi maxsus taqsimlash shoxobchalarida qish faslida qulupnay va tarvuz masalasida uzilishlar bo‘la boshladi. Butun mamlakatda esa allaqachon oddiy kolbasani ham unutib yuborishgan edi, sut va yog‘ talonlar bilan beriladigan bo‘lib qolgandi. Och aholi har tomondan Moskvaga yopirilib kelar va u yerda o‘zining sho‘r peshona puliga biron arzigulik narsa xarid qilishdan umidvor edi. Xalqni loaqal nonga to‘ydirish uchun ham yana dollar kerak. Shularning hammasiga qaramay, mamlakat — mana olti yildirki — Afg‘onistonda urush olib bormoqda. Bu yerda generallar allaqachon mazaxo‘rak bo‘lib, dollar ishlash yo‘lini o‘rganib olishgan, shuning uchun ular har qanday qilib bo‘lsa-da, urushni to‘xtatmaslik payida edilar. Bu urushda dollarga hamma narsa sotilardi — qurol ham, operativ rejalar ham, harbiy sirlar ham, oltin, zabarjad va tabiiyki, askarning hayoti ham. Bu juda g‘aroyib urush edi — o‘lib borayotgan imperiyaning so‘nggi urushi. Ana shunday bir sharoitda Mixail Sergeevich Gorbachyov KPSS Markazqo‘mining Bosh kotibligiga saylandi.

U o‘z salaflaridan uch kishini — Brejnev, Andropov va Chernenkoni yerga qo‘ydi. Chernenkoni hisobga olmaganda, ulardan juda ko‘p narsa o‘rgandi. Oqibatda u shunga amin bo‘lgan ediki, Brejnev va Andropov usullari bilan ish yuritib bo‘lmaydi. Bu yo‘l muqarrar halokat yo‘li — Brejnevning usuli mamlakatni halokatga olib keladi, Andropovning usuli esa shaxsan uning o‘zini halok qiladi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Sentyabr 2012, 11:11:24

Partiya nomenklaturasi yashirin iqtisodiyot bilan shu darajada chatishib ketganki, mafiyaga qaratilgan har qanday tadbirni buyuk Lenin partiyasiga qarshi qaratilgan ish deb biladi. Chunki, bu partiyaning o‘zi hamisha mafiya bo‘lgan va mafiya qonunlari asosida yashagan edi. Xo‘sh, nima bo‘pti? Partiya jinoyatchilar dunyosi bilan birgalikda yashirin iqtisodiyot barpo etsa, buning nima yomon joyi bor? Bu axir mudhish mamlakatda omon qolishning oqilona bir yo‘lida! Umuman olganda, Brejnev negadir yoqtirgan va Andropovning nafratini qo‘zg‘agan yashirin iqtisodiyot deganining o‘zi nima? Bu — juda jo‘n narsa. Nimjon va samarasiz sotsialistik iqtisodiyot bilan bir qatorda iqtisodiyotning o‘ta mahsuldor, samarali, bozor tizimi barpo etiladi. Ha, bu sof kapitalistik ishlab chiqarish! Odamlar bu yerda yaxshi mehnat qilishadi, yaxshi topishadi, shunday narsalar ishlab chiqarishadi-ki, hatto, G’arbda ham unga talab bor. Tabiiyki, bizning ulushimizni ham berib turishadi. Ularga ishlashga imkon berganimiz uchun, xom ashyo va asbob-uskunalar bilan ta’minlaganimiz uchun. Bunday sharoitlarda, atbatta, reket degan narsa chiqadi. Biz ularni «reket»dan himoya qilamiz, ba’zan oralariga tushib qozilik qilamiz. U yog‘ini surishtirsangiz, bu ishlarimiz jamoat foydasiga ham xizmat qiladi, chunki yashirin iqtisodiyotning mahsulotlari ichki bozorda ham tarqaydi. Unda «qora bozor» degan bir dunyo borki, bu aholining ko‘pgina qatlamlariga durustgina tirikchilik qilish imkonini ochadi. Yashirin tizimlarning Harbiy-sanoat majmuasiga deyarli daxli yo‘q, ammo unga o‘z ishini bemalol qilish imkonini beradi. Biroq rasmiy iqtisodiyotning shirasini suzib olayotgan va shu yo‘l bilan uni halok qilayotgan ana shu yashirin tizimlar emasmi? Ha! Biroq bu rasmiy iqtisodiyotimizning kimga keragi bor? Ko‘pdan beri ma’lumki, u aslida haq to‘lanadigan ishsizlikdan boshqa narsa emas. Odamlar ertalabdan kechgacha nima bilandir band bo‘lishlari kerak. Buning uchun ular oladigan haq AQShdagi ishsiz negr oladigan nafaqadan yuz baravar kamdir.

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Sentyabr 2012, 11:43:45

«Ehtimol, biz butun iqtisodiyotni bozor izlariga ko‘chirib, samarali iqtisodiyotga aylantirib qo‘ya qolarmiz? O’rtoqlar bu masalaga qanday qarashadi? Yashirin iqtisodiyotni oshkora iqtisodiyotga aylantiramiz, uning yoniga rasmiy iqtisodiyotni qo‘shamiz. Eng muhimi — boshlamoq, chuqurlashtirmoq, u yog‘i yomon bo‘lmaydi — jarayon boshlanib ketadi. Qani, nima deysizlar, o‘rtoqlar?»

O’rtoqdar — jim.

«Eng muhimi, o‘rtoqlar, — deb davom etadi yana Bosh kotib, — biz iqtisodiyotni ko‘tarmog‘imiz kerak. Chunki boshqa hamma narsa shundan boshlanadi».

«Bu ishga dollar kerak. Ko‘p dollar kerak. Uni qaerdan olamiz?»

«Qaerdan deysizmi? Imperialistlardan olamizda!»

«Boshqa berishmaydi. Siz — Mixail Sergeevich, Andropov bilan birga shunaqa ishlarni qilib qo‘ydilaringki, endi boshqa berishmaydi. Marhum Leonid Ilich ular bilan til topishishga usta edi. Andropov hammayoqni rasvo qildi. Nimaning evaziga qarz so‘raymiz endi? Shundoq ham 30 milliarddan ortiqroq qarz bo‘lib qolganmiz, qirq milliard dollardan ortiqroq pulning kafolatini olganmiz. Joni jannatda bo‘lgur Leonid Ilich: «Agar qarzlarini qistayversalar, urush boshlab yuboraversa ham bo‘ladi. Boshqa iloji yo‘q», — degan gapni qayta-qayta aytishni bejiz yoqtirmagan».

«Shunday bo‘lishiga qaramay, yana bir masala borki, shuning yuzasidan ular qarz beradi».

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Sentyabr 2012, 11:45:48

O’tirganlar hayron bo‘lib, sergaklanib sip-silliq uzun stolning to‘rida Leninning katta surati tagida o‘tirgan Bosh kotibga tikilib qolishdi.

«Inson huquqi masalasida. Albatta, berishadi. Oshkoralik masalasida ham berishadi. Jamiyatimizni boshdan-oyoq qayta quramiz desak, berishadi».

«Bu ishdagi eng muhim jihat shundaki, — deb sheriklarining gapiga yakun yasaydi Gorbachyov, — sotsializm ko‘proq bo‘lsin. Xalqimiz 1917 yildayoq tarixiy yo‘lini tanlab olgan, undan qaytish yo‘q».

«Kim qo‘shiladi, kim qarshi, kim betaraf? Tushiringlar. Bir ovozdan».

Badarg‘a qilingan akademik Saxarovning Gorkiydagi kichkinagina kvartirasida bir yildan beri telefon ishlamas edi. Gorkiy KGBsining xodimlari va Moskvadan muntazam kelib turadigan mutaxassislar bu uydan kechasiyu kunduzi ko‘zlarini uzmasdilar. Saxarovning o‘zi yaqindagina «xos jinnixonadan» chiqarilgan edi. Bunaqa jinnixona marhum Andropov bilan bamaylixotir umrguzaronlik qilayotgan sovet psixiatrlarining birgalikda yaratgan dohiyona kashfiyotlari edi. Bu yerda Tinchlik uchun Nobel mukofotining laureati, dunyoga taniqli olimga kuchli ta’sir etuvchi psixotrop dorilardan ukol qilishgan, yotqizib qo‘yib, burnini temir qisqich bilan qisib, zond orqali majburan ovqatlantirishgan. Sovet matbuotida Saxarovga va uning xotini Yelena Bonnerga qarshi yo‘naltirilgan shiddatli hujum bormoqda edi. Xalqaro jamoatchilik quldorlik tartiblari hukmron bo‘lgan mamlakatda inson huquqi uchun kurashishga jur’at qilgan bu mard olimga ko‘maklashish uchun qo‘lidan kelgan hamma ishni qilmoqda edi. AQSh Prezidenti Reygan, hatto, Qo‘shma Shtatlarda «Saxarov kuni» e’lon qilib, butun dunyoning e’tiborini uning taqdiriga jalb etmoqchi bo‘ldi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Sentyabr 2012, 11:47:06

«Gorbachyov akademik Saxarovni ozod qildi!» — deb hayqirardi gazetalar sayyoradagi hamma tillarda.

«Moskvaning bu qadami shubhasiz shundan dalolat beradiki, SSSRda ko‘p yillar davom etgan turg‘unlik va o‘zboshimchalikdan so‘ng yana iliqlik fasli boshlandi. Bu iliqlik pishib yetgan iqtisodiy va siyosiy islohotlarni amalga oshirish zaruriyatidan tug‘ilgandir. Bu islohotlar Xrushchyov qilgan islohotlardan o‘tib ketadimi — yo‘qmi? Ko‘p narsa G’arbga bog‘liq. Iqtisodiy tanazzuldan, surunkali qurg‘oqchiliklardan, poraxo‘rlikdan, mislsiz maqtanchoqliklardan va nihoyat, Afg‘onistondagi adoqsiz urushdan sillasi qurigan xasta sovet tuzumiga G’arb qancha sarmoya sarflashga rozi... Ammo nima bo‘lganda ham hammaga shunisi ayonki, Moskva yangi yo‘nalish sari yuz o‘girmoqda».

Ammo Sovet imperiyasining beso‘naqay, bahaybat, boshqarish qiyin bo‘lgan kemasining «yangi yo‘nalish sari yuz o‘girmoqqa» o‘nglanib olish uchun kuchi yetmay qolgandi. Oqim uni qoyalar sari shiddat bilan surib ketib borardi. Fursat allaqachon boy berilgandi. Kema kapitani o‘rnida turgan Gorbachyov buni aniq-ravshan ko‘rib turardi! U imkoni boricha qoyaga sekinroq urilish tadorikini ko‘rardi. Aks holda, yadro qurollari bilan to‘lib-toshgan kema portlashidan uning o‘zi ham, butun jahon ham halok bo‘lishi hech gap emasdi. Bu haddan ziyod og‘ir vazifa edi. Lekin bir amallab bajarsa bo‘lardi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Sentyabr 2012, 15:35:02

Ovrupodagi hamma mamlakatlarning poytaxtlarida va Vashingtonda kutilmaganda Moskvadan esib qolgan iliq o‘zgarish shamollariga G’arb hukumatlarining munosabatlari qanday ekanini diplomatik yo‘llar bilan o‘rgana boshladilar. Qayta qurish va oshkoralik — bundan buyon Moskva o‘zining ichki va tashqi siyosatida ana shu ikki shiorga amal qilish niyatida. G’arbda unchalik ishonishmadi. Brejnev umrining oxiridagi siyosat. Andropov yurgizgan siyosat G’arbda hokimiyat tepasiga kommunizmga qarshi murosasiz kurashchilarni olib keldi. AQShda Prezident Reygan va Angliyada Margaret Tetcher shular jumlasidan edi. Ularni ortiq quruq va’dalar va gaplar bilan avrab bo‘lmasdi. Muayyan ish kerak edi. Boshlanishi uchun — hamma siyosiy mahbuslarni ozod qilish va Afg‘onistondagi urushni to‘xtatish kerak. Sirasini aytganda, biz bunga tayyormiz, lekin pul kerak.

Yetmish yildan beri qotib qolgan ma’muriy-byurokratik mashinani qayta qurish uchun katta mablag‘ zarur. Sovet matbuoti mutlaqo to‘g‘ri qayd qilmoqda: hamma narsa G’arbga — uning qayta qurishimiz va oshkoraligimizga qancha pul sarflashga roziligiga bog‘liq. Avvalgi hukmdorlar tomonidan va yaramas iqtisodiy tuzum tufayli mamlakat xarob qilinib bo‘lingan. Qayta qurish va oshkoralik — o‘z-o‘zicha maqsad emas, balki mamlakatning bozor iqtisodiyotiga silliq o‘tishi uchun bir vosita. Lekin pul yo‘q. Bironta dastur uchun ham pul yo‘q. Hatto, qamoqlar va lagerlardan siyosiy mahbuslarni ozod qilish uchun ham pul yo‘q. Bunda eng muhimi — ishni boshlab yuborish, jarayon o‘z-o‘zidan yurishib ketadi, chunki u ko‘p narsani boshlab beradi. Yordam bering.

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Sentyabr 2012, 15:35:46

KGB to‘s-to‘polon bo‘lib ketdi. Nechuk? Qanday qilib? 70- va 190-moddalar bo‘yicha ishlarni to‘xtatib, siyosiy mahbuslarni ozod qilish kerakmi? Axir yashirin politsiyaning butun-butun boshqarmalari shuning ketidan tirikchilik qiladi-ku! Indamay, «he yo‘q, be yo‘q» bo‘shatib yuboraveramizmi? Yo‘q, bunaqasi ketmaydi. Undan ko‘ra, kelinglar, avvaliga ba’zi bir ishlarni qayta ko‘rib chiqaylik, afv etish yo‘li bilan uch-to‘rt odamni bo‘shatsak bo‘shataylik, uch-to‘rt kishining muddatini qisqartiraylik (ba’zi birovlarining muddatiga qo‘shib beraylik). Generallar Afg‘onistonni tark etish haqidagi gapni eshitishni ham istamas edilar. Urush g‘alabagacha davom etishi kerak. Partizanlarning qo‘lida Amerika va Angliyaning «Yer—havo» tipidagi raketalari paydo bo‘ldi. Janubda ularning harakatini Pokiston aviatsiyasi qo‘riqlab turibdi. Eron radiolokatsion tarmog‘i ularning xizmatini qilmoqda. Hamma tomonlarning valyutadagi daromadlari ortib bormoqda edi. SSSRga kelayotgan qo‘rg‘oshin tobutlarning oqimi esa ko‘paygandan-ko‘paymoqda.

Partiya ko‘rsatmalari KGB bilan armiyani junbushga keltirayotgan, diplomatlar G’arbning byurokrat ma’murlar tomonidan xarob qilingan mamlakatga qanday shartlar bilan qancha qarz berishi mumkinligini aniqlab turgan holatda yangi Bosh kotib KPSS Markazqo‘mining bepoyon xo‘jaligini bir ko‘zdan kechirishga ahd qildi. Nihoyat u, nomenklatura deb atalgan mo‘‘jazgina go‘zal mamlakatning toj kiymagan qiroli bo‘lib olgach, bu yurtning hamma siru asrori uning ko‘z oldida namoyon bo‘ldi. Quruqlikning oltidan birini egallagan katta mamlakat xarob bo‘lib, axlat ichida, qonga belanib, tikanli simlar ortida yotibdi. Kichkina nomenklaturada esa, Xudoga shukur, hozircha hamma ishlar joyida. Ammo bu yerda ham yashash darajasi qay bir darajada pasaya boshladi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Sentyabr 2012, 15:36:03

KPSS Markazqo‘mining ishlar boshqaruvchisi Nikolay Kruchina Bosh kotibga nomenklaturadagi joriy moliyaviy va xo‘jalik ahvoli haqidagi hujjatlarni haftada ikki marta — dushanba va juma kunlari taqdim etardi. Payshanba kunlari Siyosiy byuro to‘planib, Kruchina va uning boshqarmasi oldidagi vazifalarni belgilab berardi. Bu boshqarma Granevskiy ko‘chasidagi juda katta imoratga joylashgandi. Bosh kotib hamma moliyaviy hujjatlarni shaxsan o‘zi ko‘zdan kechirib, imzo chekardi. Xorijiy valyuta bilan bog‘liq hujjatlarni, ayniqsa, sinchiklab ko‘rardi. Yangi Bosh kotib hamma narsani ipidan-ignasigacha surishtirar, har bir dollarning tagigacha yetmoqchi bo‘lardi.

KPSSning Moskvadagi xo‘jaligi juda katta bo‘lib, Butunittifoq ko‘lamida oladigan bo‘lsa, chindan ham quloch yetmas darajada edi. Faqat poytaxtdagina KPSS umumiy maydoni 137 ming kvadrat metr keladigan 5 ming imoratga egalik qilardi. KPSS Markazqo‘miga qarashli 114 nashriyot va 80 bosmaxonada 80 ming odam mehnat qilardi. Ular faqat poytaxtning o‘zida har yili partiya xazinasiga 450 million so‘m foyda keltirar edilar. Markazqo‘m ixtiyorida 19 ta hashamatli sanatoriy va 40 ta dam olish uyi, yuzlab poliklinika va kasalxonalar bor edi. Faqat Moskva yonidagi Serebryaniy Borda Markazqo‘mning 1800 dala hovlisi va qasrlari joylashgandi. Markazqo‘mga garajlar, oshxonalar, magazinlar, kushxonalarda, oziq-ovqat sanoati fabrikalarida maxsus sexlar, novvoyxonalar, sartaroshxonalar, ximchistkalar, kiyim tikadigan atelelar va yana boshqa ko‘pgina narsalar qarardi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Sentyabr 2012, 15:36:26

Bularning bari juda katta xarajatni talab qilardi, chunki asbob-uskunalar, stanoklar, maishiy va sanitariya buyumlari chet eldan keltirilgan bo‘lib, doimiy ravishda qismlarini almashtirib turishni talab qilardi. Qismlar ko‘p ishlatilish natijasida yaroqsiz holga kelib qolar yoki G’arb bozorida bunga o‘xshash buyumlarning yangilari muomalaga chiqardi. Butunittifoq ko‘lamida har yili barcha nomenklatura xo‘jaligini yaxshi ahvolda saqlab turish uchungina taxminan 5 milliard so‘m sovet puli va 1,5 milliard dollar valyuta kerak bo‘lardi. Bundan tashqari, ayni hozirgi joriy yilda xarajatlar juda ko‘payib keta boshladi. Negaki, birinchidan, G’arbda juda ko‘p buyumlar va xizmatlarning narxi keskin ko‘tarilib ketdi, ikkinchidan esa, o‘zimizda yangi dala hovlilari qurish dasturlari kengaydi. Nega desangiz, Stalin zamonida qurilgan ko‘pgina dala hovlilari butunlay eskirib, yashab bo‘lmaydigan holga kelgan edi. Axir, ularda na hovuz bor, na sauna, na tennis maydonchasi. Boshqa narsalarni-ku aytmay qo‘ya qolaylik. Mana, Gorbachyov ham Qrimdagi yangi dala hovlisining qurilishi qanday borayotganini surishtiryapti. «Dala hovli» deb shunchaki nomiga aytiladi. Aslida, gap bir qator garaj qurilishlariga, turli xizmatlar binolariga, xizmatkorlar va soqchilarning turar joylariga, liftlarga, dengiz sohiliga olib tushadigan marmar zinapoyalarga, to‘lqin qaytargichlarga ega bo‘lgan butun boshli katta qurilish haqida ketyapti. Bunday «dala hovli» baland devor bilan o‘rab olinishi, unga olib keladigan yo‘llar bekamu ko‘st, aloqa vositalari benuqson ishlashi zarur. Ishlar Siyosiy byuro tasdiqlagan muddat bo‘yicha boryapti... Xarajatlarni smetada ko‘rsatilganicha, 3 million dollardan oshirmaslikka harakat qilamiz.

O’rtoqlarning xorijiy xizmat safarlari va oilaviy tarzda davolanish uchun yoxud boshqa maqsadlarda xorijga chiqish bilan bog‘liq xarajatlar ham muttasil ko‘payib bormoqda. Bu modda bo‘yicha xarajatlar yiliga taxminan 500 million dollarni tashkil qiladi. 500 million dollar-a! Ko‘plik qilmaydimi bu? Bunaqada... Mana, varaqalarni o‘zingiz ko‘ring, Mixail Sergeevich! Har yiliga 50 ming odam, har biriga bor-yo‘g‘i 10 ming dollardan to‘g‘ri keladi. Xorijda bunaqa pulga unchalik yayrab yashayolmaysan. G’arbda narx-navo juda ko‘tarilib ketyapti. Rejada ko‘rsatilgan miqdorni bir amallab zo‘rg‘a ushlab turibmiz. O’rtoqlar uni oshirish masalasini Siyosiy byuroga qo‘yish zarurligini aytishyapti. Endi xalqaro ishlar haqida.

Qayd etilgan