Partiyaning oltinlari. Igor Bunich  ( 154704 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 41 B


Musannif Adham  20 Sentyabr 2012, 01:16:05

Bu orada maxfiy iltimoslarni ko‘rib chiqish davom etaverdi.

«Mutlaqo maxfiy.                               
P 145/78 07.01.90
FKP (Finlyandiya) rahbariyatining a’zosi o‘rt. Sipsiloning iltimosi to‘g‘risida.
1. FKP rahbariyatining a’zosi o‘rt. Sipsiloning iltimosi qondirilsin va unga partiya qurilishi ehtiyojlari uchun 1 million 298 ming 307 fin markasi ajratilsin... »

«Mutlaqo maxfiy.                               
P 196/31 09.01.90
Hindiston Kompartiyasi rahbariyatining iltimosi haqida.
1. Hindiston Kompartiyasi rahbariyatining iltimosi qondirilsin va unga saylov kampaniyasini o‘tkazish uchun 2 million dollar ajratilsin...»

Qayd etilgan


Musannif Adham  20 Sentyabr 2012, 01:16:31

«Mutlaqo maxfiy.
12.01.90

Siyosiy muhojirlarga xarajatlar haqida.

Shu yil 1 yanvargacha bo‘lgan ma’lumotlarga ko‘ra, SSSRda 6643 ta siyosiy muhojir va ularning xorijdan kelgan oila a’zolari istiqomat qiladi. Ular ham muhojirlarga tenglashtirilgan... SSSRda istiqomat qiluvchi ba’zi bir atoqli xorijiy arboblar ham siyosiy muhojirlar toifasiga tenglashtirilgan. Bu arboblar KPSS Markazqo‘mining tashabbusi bilan qabul qilingan qarorlar asosida SSSRda istiqomat qiladi... Ularga moddiy yordam ko‘rsatib turiladi va ijtimoiy muammolarni hal qilishda (turar-joy, dala- hovlilari berishda, avtotransport va xizmat ko‘rsatuvchi odamlar bilan ta’minlashda) ko‘maklashib turiladi. Bu maqsadda sarflanadigan pullarning umumiy miqdori oyiga 1,5 million so‘mni tashkil qiladi. Bundan tashqari, KPSS Markazqo‘mining qaroriga muvofiq, partiya byudjetidan Ivanovo shahridagi  Ye. D. Stasova nomidagi baynalmilal internat maktab ham mablag‘ bilan ta’minlab turiladi. Bu maktabda siyosiy muhojirlarning va xorijiy kommunistik harakat arboblarining bolalari o‘qiydi. Siyosiy muhojirlar va ularning oila a’zolarining dam olishi hamda davolanishi uchun mo‘ljallangan «Do‘stlik» sanatoriysi ham mablag‘ bilan ta’minlanadi. Bu maqsadlarga sarflanadigan xarajatlar 1989 yilda 5,5 million so‘mni tashkil qildi. Mazkur mablag‘lar davlat byudjetidan olindi...»

Qayd etilgan


Musannif Adham  20 Sentyabr 2012, 01:17:42

Respublikalarda xalq jabhalarining vujudga kelishi KPSSni juda tashvishga solib qo‘ydi. Rossiyada ham shunga o‘xshash tashkilotni barpo etishga urinishlar bo‘ldi, ammo partiya buni xohlamas edi. Bunaqa jabhani antisemitizm yo‘liga burib yuborish uncha qiyin emasdi, ammo bu yo‘l bilan millat g‘ayratining ko‘p qismi behuda sovuriladi.

Ko‘cha-ko‘ylarda qora kiyim kiygan guruhlar saf tortib yura boshladi. Ba’zilar chor ofitserlarining mundirlarini kiyib olishdi. Ularning ko‘kraklarida allaqaylardan topilgan Georgiy nishonlari jiringlardi. Qo‘llarida qamchi, yonlariga qilich osgan kazak suvoriylari maydonga tushdi. KGB hali tirik edi, ammo bolsheviklar partiyasi mohiyatiga ko‘ra batamom yangi jangovar otryadlar tuza boshladi.

Ularning hammasi «Sionizmga yo‘l yo‘q!» degan otashin xitoblarni ko‘tarib olishgandi. Ularning qo‘lida avliyo Georgiy Muzaffarning surati ham bor edi. Unda avliyo Georgiy ajdarga nayza sanchib turgani tasvirlangandi: ajdarning boshi o‘rnida esa Dovud payg‘ambar yulduzi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  20 Sentyabr 2012, 01:18:21

«Sionizm nima?» — degan savolga juhudlarga qiron soluvchilarning hammasi bir ovozdan: «Bu — demokratiya», — deb javob berishdi. KPSS Mafkura bo‘limining bundan ortiqroq biron narsa o‘ylab topishga kuchi yetmadi. Shu bilan bir qatorda podshoparast tashkilotlar bolalab ketdi. Ular ikki boshli burgutlar tasvirini, so‘nggi imperator suratlarini ko‘tarib olib, ulug‘ knyaz Vladimir Kirillovich siymosida Romanovlar taxtini tiklashga chaqiruvchi xitoblarni aytishdi. Mamlakatni uzoq o‘tmishga qaytarish boshlangan ekan, bu na mamlakatning, na xalqning kelajagi yo‘qligini ko‘rsatadi.

Kelajagi bo‘lmasa-bo‘lmasin. Keragi yo‘q. Bu Eski maydondagi xayolparastlarga juda ma’qul edi.

KPSS mamlakatdagi ahvolni sinchiklab kuzatib turardi. Milliy respublikalarda sodir bo‘layotgan jarayonlar, muqarrar tarzda, SSSRning parchalanib ketishiga va halokatiga olib kelishi aniq bo‘lib qoldi. Shunda KPSS juda qiynalib, iztirob chekib bo‘lsa-da, yangi bir tashkilotni — Rossiya Kommunistik partiyasini vujudga keltirdi. Yangi partiya ham o‘zining Bosh kotibiga ega edi. Bosh kotib — Ivan Polozkov bo‘ldi. Avval u Krasnodar o‘lka qo‘mitasining Birinchi kotibi bo‘lib ishlagandi. Bu partiya ham o‘zining Siyosiy byurosiga va RKP Markazqo‘mi Ishlar boshqarmasiga ega edi. Hammasi qoidaga binoan. Lekin hamma ham yangi partiyani tan olmadi. Chunki birinchi qarashda, bu partiyaning tuzilishi KPSSning parchalanib ketganini bildirardi. Holbuki, RKP KPSSning bozor munosabatlariga sezilarli g‘ovlarsiz osongina kirib olishiga yordam berish maqsadida tuzilgan edi. Yangi kompartiyaning Markazqo‘mi va Siyosiy byurosi a’zosi Viktor Tyulkin to‘g‘ridan-to‘g‘ri s’ezd minbaridan shunday dedi: «R» harfini talaffuz etolmaydigan odamgina RKPning tuzilishiga qarshi bo‘lishi mumkin!» Ya’ni Tyulkin yahudiylarni aytyapti. S’ezdda ishtirok etayotgan KPSS Markazqo‘mi Siyosiy byurosining a’zosi va SSSR Bosh ministri Nikolay Rijkovdan Tyulkinning bolshevikcha murosasizlik bilan aytgan gapini sharhlashni iltimos qilishdi. Bosh ministr alamli tarzda qo‘llarini ikki yoniga yozdi: «Bu dahshat... Lekin iloj qancha?»

Qayd etilgan


Musannif Adham  20 Sentyabr 2012, 01:23:53

Darhaqiqat, biror ish qilishning iloji qolmagan edi.

1990 yil 13 mart kuni mamlakat Konstitutsiyasining 6-moddasi bekor qilindi —
KPSS SSSRning yagona mafkuraviy-siyosiy rahbari sifatidagi maqomini yo‘qotdi.
Partiya o‘zining siyosiy hukmronligidan voz kechdi. Nomenklaturaning hozirgi ahvoli uning joniga tegib ketgani uchun bu hol ro‘y berdi. Marksizm-leninizm uning me’dasiga urdi, axir uning imkoniyatlari tag-tugi bilan ishga solinib bo‘lgan edi. G’oya tugay boshladi, endi undan ortiq foyda yo‘q edi, aksincha, u borgan sari xatarli bo‘lib bormoqda edi.

Endilikda biror-bir demokratik jamiyatda burjuaziya bo‘lib olmoq ma’qulroq ko‘rinadi. Negaki, bunaqa jamiyatda hokimiyat yana puldorlar qo‘lida, lekin demokratik qonunlar va xususiy mulkning ustuvorligi erkinroq, badavlatroq va bexavotirroq tirikchilik qilish imkonini beradi.

Gorbachyovning qayta qurishidan keyin nomenklaturaning oyog‘i G’arbdan uzilmay qoddi. Nomenklatura u yerdagi hayotni ko‘rib amin bo‘ldiki, u SSSRda shuncha vaqtdan beri o‘z xalqiga qarshi urush qilib yurib, o‘zi uchun yaratgan turmush sharoiti G’arbdagi o‘rtacha burjua hayotidan, ba’zan esa ishchining turmushidan ham pastroq. Magazinlarni-ku gapirmay qo‘ya qolsa ham bo‘ladi. Arkanzas shtatining allaqaysi bir burchagidagi istalgan qishloq do‘koni eng oliy darajadagi maxsus taqsimlagichdagiga qaraganda ko‘proq va sifatliroq tovarlarga ega. Holbuki, bu taqsimlagichga, hatto, nomenklatura a’zolarining ham hammasi kiritilavermaydi. Hamma uchun bunday taqsimlagich o‘ziga xos o‘rnak bo‘lib xizmat qilardi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  20 Sentyabr 2012, 01:24:34

Partiya Konstitutsiyaning 6-moddasidan juda vaqtida voz kechdi. Ammo mamlakatda «demokratiya tomir yoyib ketgani»ga qaramay, KPSSdan boshqa hali bironta ham siyosiy partiya yo‘q edi. Partiya apparati hamon katta kuchga ega edi, u hamon KGB bilan armiyani boshqarar, milliy boyliklarga xo‘jayinlik qilar, aloqa vositalari va ommaviy axborot vositalari hamon uning nazoratida edi. Mamlakatda bironta siyosiy guruhning ana shu qudratli kuchga qarama-qarshi turishi haqida gap ham bo‘lishi mumkin emasdi. Mamlakatda hali KPSSning xo‘jalik yoki moliyaviy faoliyatini bir qolipga soladigan bironta qonun bekor qilingani yo‘q edi. Bu esa KPSSga o‘z raqiblarini osonlik bilan yo‘ldan olib tashlashga va bozorga partiyaviy bayroqlarini hilpiratib, tantanavor kirib borishga imkon berdi. Konstitutsiyaning 6-moddasi bekor qilingan kunning o‘zida Eski maydondagi teletayplar quyidagi maxfiy shifrogrammani jo‘natdilar:

«13. 02. 1990. KPSS Markazqo‘mi fevral (1990) plenumining yakunlari bilan bog‘liq ravishda partiya faoliyatining ba’zi bir huquqiy jihatlarini ko‘rib chiqish to‘g‘risida.

KPSS Markazqo‘mi plenumi SSSRda ko‘p partiyali tuzumga o‘tish mumkinligini e’tirof etgandan keyin, aftidan, yaqin kunlarda yangi partiyalarni tuzish boshlanadiganga o‘xshaydi. KPSS Markazqo’mining hamma huquqlarni belgilashga taalluqli qarorlarini inventarizatsiya qilish maqsadga muvofiq bo‘lur edi. Huquqiy masalalarni bir qolipga solishda muayyan kemtiklarni to‘ldirish zaruriyati tug‘ilib qolsa, yangi qonunlar chiqarishni taklif qilish huquqiga egaligimizdan foydalanish kerak yoki tegishli takliflarni SSSR Ministrlar Sovetiga kiritmoq lozim... Partiyadan uning mulkini olib qo‘yish haqidagi talablar kuchayishi mumkinligini ham nazardan soqit qilish mumkin emas. Bu mulk, birinchi navbatda, partiya qo‘mitalariga, KPSSning boshqa tashkilotlari va muassasalariga berib turiladigan imoratlari, nashriyotlar, bosmaxonalar, dam olish uylari, sanatoriylar va ijtimoiy sohaning boshqa ob’ektlari, transport vositalari va hokazolar bo‘lishi mumkin. Shu munosabat bilan shoshilinch sur’atda bir qator tadbirlar o‘tkazib, KPSSning yuqorida zikr qilingan mulkka egalik qilish huquqini mustahkamlash zarur... KPSS Markazqo‘mi, ittifoqdosh respublikalar kompartiyalari Markazqo‘mi va qator boshqa partiya qo‘mitalari ixtiyorida maxsus aloqa vositalari (jumladan, shifroaloqa, VCh, hukumat aloqasi liniyalari) mavjud. Kechiktirmagan holda ulardan foydalanish asoslari va tartiblari masalasini ko‘rib chiqish kerak bo‘ladi... Bundan tashqari, partiya faoliyatini axborot bilan ta’minlab turish muammolari, partiya sirlarini saqlash, KPSS rahbarlarini (oliy davlat mansablarini egallab turmaganlarni), KPSS imoratlarini, ittifoqchi respublikalar kompartiyalari Markazqo‘mlari, boshqa partiya muassasalari binolarini qo‘riqlash masalalarini ko‘rib chiqish zarur deb hisoblaymiz. Shuni e’tiborga olish lozimki, yangi sharoitda bu ishlarga SSSR KGB organlarini jalb qilish maqsadga muvofiq emasdir».

Qayd etilgan


Musannif Adham  20 Sentyabr 2012, 01:26:34

Ammo hozircha KGB hali jonajon partiyaning ixtiyorida. Hozircha undan juda unumli foydalansa bo‘ladi. KGB polkovnigi Veselovskiy kutilmaganda KGB raisining muovini general Bobkovning huzuriga chaqirildi. Veselovskiy KGBning Birinchi Bosh boshqarmasida (tashqi razvedka) xizmat qilar va g’oyatda noyob faoliyat bilan shug‘ullanardi. U ko‘p yillar mobaynida kompartiyaning faoliyati ham, o‘zi ham qonun bilan taqiqlab qo‘yilgan mamlakatlarga borib turardi. Veselovskiy bunday mamlakatlarda yashirin holatdagi partiyalar uchun tirikchilik qilishga imkon beradigan oshkora iqtisodiy manbalar barpo etar va SSSRdan kelgan yoxud oddiy talonchilik yo‘li bilan to‘plangan yashirin partiyaviy jamg‘arma pullarini halollab olish yo‘llarini ishlab chiqardi. Oshkora partiyalar-ku hech qachon o‘z mamlakatlarining qonunlari bilan hisoblashishni istagan emas. Yashirin kompartiyalar esa, umuman, hech qanaqa qonunni tan olmagan. Ular qurol ham olib sotaverganlar, giyohvand moddalar va qullar savdosi bilan shug‘ullanishgan, fohishalardan, qimorxonalardan, ko‘chada savdo qiladigan mayda chayqovchilardan, fermerlardan cho‘tal undirib turishgan. Qo‘ying-chi, ular hech narsadan hazar qilishmagan. Lekin ular qo‘lga tushib qolganlarida ahvollari juda nochor bo‘lardi. Masalan, Fransiyaga o‘xshagan mamlakatlarda misi chiqqan kommunistlarni sud va qonun himoya qilishi mumkin edi, lekin kommunistlar qonun bilan taqiqlab qo‘yilgan mamlakatlarda ular bilan pachakilashib o‘tirmasdilar. Temir g‘o‘lalar bilan nozik joylariga urishar yoki timsohlar boqib qo‘yilgan hovuzlarga uloqtirib yuborishardi. Boshqalarga ibrat bo‘lsin uchun.

Veselovskiy o‘zini tajribali iqtisodchi deb hisoblardi (tabiiyki, ilmiy darajasi ham bor edi), o‘zining hamsinf do‘stlariga yashirin moliyaviy-iqtisodiy tizimlar barpo etishga yordam berardi. Bu tizimlar ularning qo‘lga tushib qolmay, bexavotir ishlashlarini ta’minlashi kerak edi. Endi Veselovskiy chet ellarda to‘plangan tajribasini o‘z yurtida qo‘llashi zarur edi. General Bobkov KPSS rahbariyatidan o‘rtoq Ivashko va o‘rtoq Kruchinaning iltimosiga muvofiq hamda Kryuchkov bilan kelishilganiga binoan u, ya’ni polkovnik Veselovskiy, KPSS Markazqo‘miga Ishlar boshqarmasiga ishga o‘tkazilayotganini aytdi. Bu yerda polkovnik xo‘jalik xizmatlarining iqtisodiy faoliyatini markazlashtirish sektori mudiriga muovin bo‘ladi. Partiya askari unga ishonib topshirilgan har qanday lavozimda ham askar bo‘lib qolaveradi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  20 Sentyabr 2012, 01:28:21

KPSS Markazqo‘mi Ishlar boshqarmasi o‘z faoliyati mobaynida pul xarjlashni juda yaxshi o‘rganib olgan edi, ammo bu yerda hech kim pul ishlab topishni bilmasdi, albatta. Shuning uchun Veselovskiyga o‘xshash mutaxassislarni yordamga chaqirishga qaror qilishdi. Bu hech kimni xijolat qilgani yo‘q. Aslini olganda KPSS o‘zining butun faoliyati davomida mohiyati e’tibori bilan yashirin tashkilot bo‘lib qolavergan edi. U butun ishlarini hammadan sir tutardi. KPSS o‘z shon-shuhratining eng yuksak cho‘qqilariga ko‘tarilgan kezlarda ham biron hujjatni, masalan, Moskvada nechta abort qilingani haqidagi hujjatni «mutlaqo maxfiy» degan muhr bilan chiqarmasa, obro‘siga putur yetadi, deb hisoblardi. Mana shunday xulq-atvor tufayli g‘ayriqonuniy barpo etilgan nomenklatura mulkining hamma yozilmagan (va yozilgan) qonunlari vujudga kelardi.

Veselovskiy undan nima kutishayotganini yaxshi anglab oldi. O’zining g‘oyatda boy xorijiy tajribasidan foydalangan polkovnik odatdagicha qonunlarga osongina chap berib, tez orada Kruchinaga tahliliy maktub tayyorlab berdi. Bu maktubga partiyaviy uslubning eng yaxshi an’analariga mos tarzda shunday deb sarlavha qo‘yilgandi:

«Partiya mulkidan foydalanishni mustahkamlash va samarador qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida».

Qayd etilgan


Musannif Adham  20 Sentyabr 2012, 01:28:45

Maktubda shunday gaplar ham bor edi:

«... Moliyaviy hujjatlarda aksini topgan pul mablag‘larini oshkora tarzda faqat jamoatchilik, ijtimoiy yoki xayriya jamg‘armalariga o‘tkazishi mumkin. Shunday qilinsa, kelgusida ularni musodara qilish qiyinlashadi. Partiya kassasiga daromad tarzida kelib tushadigan va moliyaviy hujjatlarda aks ettirilmagan mablag‘lar ayrim kompaniyalar, korxonalar, banklar jamg‘armalarining anonim aktsiyalarini xarid qilish uchun sarflanishi kerak. Shunday qilinsa, bir tomondan, partiyaning keyingi ahvoli qanday bo‘lishidan qat’i nazar, barqaror daromad ta’minlanadi, ikkinchi tomondan esa, bu aktsiyalar istagan daqiqada jamg‘arma birjalarida sotuvga chiqarilishi mumkin. Undan keyin esa, sarmoyani boshqa sohalarga xarjlash mumkin bo‘ladi. Bundan maqsad — partiyaning ishtirokini pinhona tutib, nazoratni saqlab qolishdir... Mazkur tadbirlarni joriy etish uchun zudlik bilan alohida ishonchga sazovor odamlarni tanlab olish talab qilinadi. Bu odamlarga dasturning ayrim moddalarini bajarish topshiriladi. Shuningdek, xufiya partiya a’zolari toifasini barpo etish ham e’tibordan soqit qilinmaydi. Ular istalgan favqulodda sharoitda partiya faoliyatini ta’minlashga kirishadilar».

Bu gal o‘z mamlakati ichiga tashlangan tajribali xufiya razvedkachining fikrlari sodda va dohiyona edi. Ularni o‘qib, Kruchina zavqlanib ketdi. Azbaroyi xursandligidan, shu zahotiyoq KPSS Markazqo‘mi tipografiyasiga quyidagi tilxatdan 50 ming nusxa bosib chiqarishni buyurdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  20 Sentyabr 2012, 01:29:23

«KPSS oldida shaxsiy majburiyat.

Men,...,..., yildan KPSS a’zosi, partiya bileti â„– ... mazkur tilxat bilan tasdiqlaymanki, ko‘ngilli tarzda partiyaning ishongan odami bo‘lishga qaror qildim. Partiyaning ishongan odamlari toifasiga mansubligimni oshkor qilmagan holda partiya tomonidan ishonib topshirilgan vazifani istagan mansabda va istagan sharoitda ado etaman. Menga ishonib berib qo‘yilgan moliyaviy va moddiy mablag‘larni asrashga va partiya manfaatlari yo‘lida tejab-tergab sarflashga va’da beraman. Partiya jamg‘armalari yo‘lida iqtisodiy faoliyat ko‘rsatish mobaynida ishlab topgan hamma mablag‘ni partiyaning mulki deb tan olaman va istagan vaqtda hamda istagan joyda ularni topshirishni bo‘ynimga olaman. Menga ishonib bildirilgan ma’lumotlarni juda qat’iy tarzda sir tutishga va’da beraman va vakil qilingan shaxslar tomonidan menga yetkazilgan partiya topshiriqlarini bajarishni bo‘ynimga olaman.


KPSS a’zosining imzosi...
Majburiyatni qabul qilib olgan shaxsning imzosi ...»

Qayd etilgan