Partiyaning oltinlari. Igor Bunich  ( 154958 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 32 33 34 35 36 37 38 39 40 41 B


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 00:01:13

Gidaspov hamisha juda serg‘ayrat va jo‘shqin faoliyat kishisi bo‘lgan. Yaqindagina Leningradga shaxsan Gorbachyovning o‘zi kelgan edi. U viloyat qo‘mitasining avvalgi kotibi Solovevni qayta qurish mohiyatini tushunmagani uchun ishdan olib, o‘rniga Gidaspovni qo‘yib ketgandi. Gidaspovning birdan burni ko‘tarilib ketdi — yiliga 3-4 foiz daromad bilan qo‘yiladigan 500 million so‘m hazil gapmi? Gorbachyov Gidaspovni yoqtirgan bo‘lishi ham mumkin, lekin u Kruchinaga ma’qul emasdi — uni g‘o‘r deb hisoblardi. Kruchina Leningrad viloyat qo‘mitasining Ishlar boshqaruvchisi Krutixinni ham yoqtirmasdi. Nima uchun deysizmi? Sababi — noma’lum. Yoqtirmas edi, tamom-vassalom.

«KPSS Markazqo‘mi Ishlar boshqarmasi Leningrad partiya viloyat qo‘mitasining iltimosiga qisman rozi bo‘lish mumkin deb hisoblaydi va «Rossiya» tijorat bankining depozitiga KPSSning sug‘urta jamg‘armasidan ikki yilga yiliga 6 foizlik daromad bilan 50 million so‘m o‘tkazishi mumkin.

KPSS Markazqo‘mi Ishlar boshqaruvchisi N. Kruchina».

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 00:01:48

Leningrad viloyat qo‘mitasining hakalak otgan ishtahasini jinday o‘rniga tushirib qo‘ygach, Kruchina boshqa muhimroq ishlarga sho‘ng‘ib ketdi. Transfert yo‘li bilan yaqin fursatlar ichida 280 milliard so‘mni dollarga aylantirish kerak edi. Taxminan bir dollarga 15—18 so‘mdan to‘g‘ri keladi. Buni kechiktirib bo‘lmaydi, chunki yaqin kelajak ichida so‘mga nisbatan dollarning kursi keskin oshib ketadi. Shuning uchun G’arb banklaridagi hisoblarda juda katta miqdordagi valyuta yig‘ilib qolgan bo‘lishi kerak. Toki bu valyuta bilan nafaqat butun partiya mulkini, balki butun Sovet Ittifoqini ham xususiylashtirib olish mumkin bo‘lsin. Shunday qilinsa, hamma narsa partiyaning qo‘lida qoladi. Yaqindagina — 1990 yilning iyul oyida Kruchina KPSSning XXVIII s’ezdida otashin nutq so‘zladi. To‘g‘ri, u hali XXVIII s’ezdning eng oxirgi s’ezd ekanidan voqif emas edi. U KPSSning xorijdagi valyuta operatsiyalari masalasida tuhmatchilar aytgan hamma bo‘htonlarni rad etdi; Kruchina qasamlar ichib, partiya faqat a’zolik badallari hisobiga yashayotganini aytdi: «KPSSning xorijda hech qaysi bankda jamg‘armasi yo‘q, hech qaysi mamlakatda mulkka ega emas. Bizga tushadigan valyutaning faqat bitta manbai bor: bu — xorijda ishlaydigan kommunistlar to‘laydigan a’zolik badallaridir. Ular maoshlarining valyutada olinadigan qismidan valyutada a’zolik badali to‘laydilar. Bu pullar davlatning valyuta daromadiga qo‘shiladi. Partiya byudjetiga bu pullar so‘mga aylantirilib o‘tkaziladi. Partiya organlarining valyuta ehtiyojlari uchun mablag‘ bizga ham boshqa ministrliklar va muassasalar kabi umumiy asoslarda o‘tkaziladi. Keyinchalik biz Minfinga uning qiymatini sovet pullarida qaytarib beramiz...»

Xullasi kalom, agar bizda biror-bir imtiyoz bo‘lsa, bu — pulemyotchilarga qarshi birinchi bo‘lib ko‘krak kerib borish imtiyozidir.

70 yil mobaynida partiya yolg‘on gapiraverib shu darajaga yetgan ediki, endilikda uning gaplariga ishonish qiyin bo‘lib qolgandi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 00:03:15

«Mutlaqo maxfiy.                           
P 286/72 30.10.1990
AQSh Kompartiyasi Bosh kotibi o‘rt. Gess Xollning iltimosi to‘g‘risida.
1. AQSh Kompartiyasining Bosh kotibi o‘rt. Gess Xollning iltimosi qondirilsin va unga 1991 yilda 2 million dollar o‘tkazilsin...»

Gorbachyov nigohini qog‘ozdan uzib, Kruchinaga qaradi: «Nima uchundir Gess Xollga tez-tez pul o‘tkazadigan bo‘lib qoldikmi?»

«Bu unga emas, — deb tushuntirdi Kruchina, — bu o‘zimizga. O’zaro yordam tariqasida».

«Do‘stona firmalar uchunmi?» — deb qiziqsindi Bosh kotib. U o‘ziga foyda keltiradigan bo‘lsa, hamisha hech narsani tushunmaganga olar edi.

Aytganday, «do‘stona» firmalar to‘g‘risida. Ular ketma-ket sinyapti. Ularga to‘lashga pulimiz yo‘q. Davlat byudjetidan olmasa bo‘lmaydi. Gerashchenko bilan Pavlov esa berishmayapti. Ularning nimalargadir katta xarajati bor emish. O’rtoq Falin bu masalada yana axborotnoma tayyorlagan:

«1989 yilning oxiridan beri «do‘stona» firmalar (Fransiya, Portugaliya, Gretsiya, Kipr, Avstriya, Shvetsiya, Urugvay) borgan sari zo‘rayib borayotgan to‘siqlarga duch kelmoqdalar. Buning asosiy sababi shundaki, sovet vakillari bizning mamlakatimizga jo‘natilgan tovarlar uchun pul to‘lashmayapti. Bir necha marta shu sabab bilan firmalar sinish yoqasiga borib qoldilar, faqat o‘rt. A. Kunyal, G. Plisane, G. Xristofias, D. Zilmermaerlar, Gretsiya Ishchi partiyasi rahbariyati, Shvetsiya Ishchi partiyasi rahbariyatining KPSS Markazqo‘miga bevosita murojaat qilishiga javoban M. S. Gorbachyovning shaxsan aralashuvigina tanazzul vaziyatini vaqtincha yumshatishga imkon berdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 00:03:46

So‘nggi haftalar ichida qarzlarimizni to‘lash borasida, ayniqsa, Fransiya, Avstriya, Shvetsiyadagi «do‘stona» firmalarning ahvoli keskin tarzda og‘irlashib ketdi. 1990 yil 10 oktyabr kuniga «do‘stona» firmalarga qarzimiz borasidagi ahvol quyidagichadir:

Fransiya Kompartiyasi — «Interagra» kompaniyasi (SSSRga maxsus savdo tarmog‘i uchun g‘alla, yog‘, go‘sht va go‘sht mahsulotlari yetkazib beradi). Bu kompaniya to‘lov uchun 138 million dollarga qog‘oz jo‘natgan. Bundan 60—70 million dollari muddati o‘tib ketgan qarzlardir. Bu masala shu yilning 8 oktyabr kuni M. S. Gorbachyovga yetkazilgan. «Tashqi iqtisodiyot banki»ga tezlik bilan chora ko‘rish to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan. Bankning ma’lumotiga ko‘ra (Yu. S. Moskovskiy), 9 million dollar Parijga 11 oktyabrda o‘tkazilgan va yana 15 million dollar bugun o‘tkaziladi. Qolganlari Fransiyadan olinadigan qarz hisobidan to‘lanadi. Ammo Fransiyadan olinadigan qarz haqida hali muzokaralar boshlanganicha yo‘q.

Shvetsiya Ishchi partiyasi — «Vig Tryuk produkt AB» partiya matbaasi «Tashqi savdo nashriyoti»dan 3 million shved kroni miqdoridagi qarzini undirib ololmayapti. Sovet elchisining ma’lumotiga ko‘ra qarzni to‘lash yana cho‘ziladigan bo‘lsa, matbaa 7—10 kun ichida butkul sinadi. U taqdirda «Norshensflamman» degan partiya organini nashr etish xavf ostida qoladi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 00:04:28

Avstriya Kompartiyasi — «Kraus va Ko» kompaniyasi (maxsus savdo tarmoqlari uchun keng iste’mol mollari yetkazib beradi). Muddati o‘tib ketgan qarzimiz 30 million dollar va yana 31 million Avstriya shillingini tashkil qiladi.

Portugaliya Kompartiyasi — «Kommersio internasional», «Espor/Exosua» (Ispaniya), «Metalime», «Tagol» kompaniyalari (o‘simlik yog‘lari, poyabzal, qo‘lqoplar, polietilen qoplar va po‘lat tasmalar yetkazib beradi). Qarzimiz qisman to‘langan, qolgani hozirgi paytda 11 million dollarni tashkil qiladi.

Gretsiya Kompartiyasi — «VEK» firmasi (maxsus savdo tarmoqlari uchun poyabzal yetkazib beradi). Iyul oyida qarzimiz qisman to‘langan (3 million dollargacha), hozirgi paytda qolgan qarzimiz 8 million dollar hajmida.

Qarzimizning bu jihatining o‘ziga xosligi shundaki, gap, odatda, davlat miqyosida olinadigan bo‘lsa, arzimagan pul miqdori ustida boradi; biroq ana shu arzimagan miqdor «do‘stlarimiz» uchun hayot-mamot masalasini hal qiladi. (Esingizdami, Chernobil bolalari uchun zudlik bilan 3000 dollar kerak, Afg‘oniston veteranlari uchun aravacha va protezlar kerak, zilzila qurbonlari uchun bir marta ishlatiladigan ukol ignalari zarur. Bor-yo‘g‘i arzimas 10000 dollar kerak, xolos. Ammo qani o‘sha pul? Uni qaerdan olish mumkin? Yoki g‘arbiy firmalar xayr-ehson qilarmikin? Qilishmasa-chi? Yo‘q bo‘lsa, yo‘q-da! O’rtoq Falin bu masalada iltimos qilib o‘tirmaydi. — I. B.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 00:05:14

«Tashqi iqtisodiyot banki» doimiy ravishda «do‘stona» firmalarga qarzimizni navbatdan tashqari to‘lashga rozi bo‘lsa yaxshi bo‘lardi. Bu masalalarni hal qilishga aralashing, deb har gal M. S. Gorbachyovga murojaat qilib bo‘lmaydi-ku! V. Falin».

Falinning maktubiga quyidagi mazmundagi muxtasar ma’lumotnoma ham ilova qilingan:

«Shu yilning 17 iyul kuni «VEK» degan Gretsiya firmasining vakili Moskvada magazinlar ochish borasidagi rejalari bilan o‘rtoqlashgan va bu masalada yordam so‘rab partiyaga murojaat qilib shunday yozgan edi:

«Imkondan foydalanib, biz KPSSning bu soha uchun mas’ul bo‘limi savdo-sotiq masalasida hamkorlik qilishga tayyor ekanimizni izhor etmoqchi edik. Ishonchimiz komilki, o‘zaro foydali hamkorlikni rivojlantirish sohasida juda ko‘p mushtarak manfaatlar mavjuddir.

O’rtoqlar, partiyangiz tomonidan bizga ko‘rsatilgan yordam uchun chin yurakdan minnatdorlik bildiramiz. Bu yordam tufayli Moskvadagi vakolatxonamiz partiyamizning daromadlarini ta’minlovchi asosiy manba bo‘lib qoldi».

Gorbachyov Falinning maktubini sinchiklab o‘qib chiqdi. «Maktub menga yo‘llanganmi yo Pavlovga?»

«Pavlov pul bermaydi», — deb javob berdi Kruchina.

«U bermasa, menda pul nima qiladi?» — deb so‘raydi Gorbachyov.

«Bizda pul yo‘q, - deb rozi bo‘ladi Kruchina. - Bu xarajatlarning hammasi hamma vaqt davlat byudjeti hisobidan qoplanardi».


Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 00:06:45

Ko‘p yillar mobaynida «do‘stona» firmalar nomenklaturani tovarlar va oziq-ovqat mahsulotlari bilan arzon baholarda ta’minlab kelardi. Hatto, suvni ham maxsus idishlarda jo‘natishardi, chunki nomenklatura mutlaqo haqli ravishda vatanimizning zaharlangan suvidan iste’mol qilishni istamasdi. Tovarlar, albatta, G’arbning qarichi bilan o‘lchaganda ikkinchi navli edi, ammo sovet mezoni bilan o‘lchansa, benihoya yuksak edi. Tabiiyki, ular xalqning tushiga ham kirmagan. Faqat Avstriyadan keltirilgan allanimabalo ayollar etigining bir jufti maxsus taqsimlagichda 18 so‘mdan sotilayotgani to‘g‘risida ovozalar yurardi. Endilikda esa bozorga trillion so‘mlik sarmoya bilan kirib borayotgan, o‘zining hissadorlik jamiyatlarini, savdo firmalarini, banklarini tashkil qilayotgan partiyani «do‘stona» firmalar qanoatlantira olmay qoldilar. Paydo bo‘lgan yangi imkoniyatlar shu’lasida kechagi valine’matlar ayanchli va juda nochor ko‘rinib qoldi. Boshqa qarzlarni ularga to‘lamay qo‘ya qolishdi. Oddiy odamlar tilida buyumni olib, pulini to‘lamay ketgan odamni «firibgar» deyishadi. Odatda bunaqa hollar yirik janjallarga sabab bo‘ladi, hatto, otishmalar, portlatishlar, o‘t qo‘yishlar yuz beradi. Bu janjallarda odamlar nobud bo‘ladi, bolalar o‘g‘irlanadi. Firibgarlik to‘lqinlari poraxo‘rlik va boshboshdoqlik to‘lqinlari bilan qo‘shilib, butun mamlakatni to‘fonday bosa boshladi. Partiya mamnun bo‘lishi mumkin edi. O’n yillar mobaynida KPSS o‘zi o‘rnak bo‘lib, xalqini shu ruhda tarbiyaladi. Hali bironta mamlakat bunaqa past darajadagi ma’naviyat bilan bozor munosabatlariga qadam qo‘ymagan edi. KPSS Markazqo‘midan eng so‘nggi kooperativ do‘konigacha shu ahvolda edi. Shunday bo‘lgandan keyin «do‘stona» firmalar uncha o‘kinmasalar ham bo‘ladi — tarix g‘iddiraklari tagida yanchilish ularning qismatida bor ekan. Yolg‘iz Valentin Falingina goh Kruchinadan, goh Pavlovdan pul so‘rab, ularni eslatib turdi (buni u beminnat qilgan deb ishonamiz).

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 00:07:48

Aytish kerakki, Pavlovda pul bor edi. Ammo u bu pullarni xalqaro ishchilar harakatiga sovurmoqchi emasdi. Xuddi shu kezlarda Moliya ministri Pavlov (oradan ko‘p o‘tmay, u Bosh ministr bo‘ladi), uning birinchi muovini Orlov va Davlat banki boshqaruvining raisi Gerashchenko bir xilvat go‘shada Syurixdan uchib kelgan Shmid degan odam bilan do‘stona dasturxon tevaragida o‘tirishardi. Shmid Xerigisvil degan joyda uncha mashhur bo‘lmagan «Byurogemaynshaft» firmasida xizmat qilardi. Xerigisvil Shveytsariyadagi soliqlar tartibi eng yumshoq joy sifatida dovruq taratgandi. «Byurogemaynshaft» firmasi esa butun dunyo miqyosida eng badkirdor ishlarda dallollik qilishi bilan ma’lum edi. Shmid ma’lum maqsadlarda Moskvaga uchib kelgandi. Moskva haddan tashhari fantastik tarzdagi bir transfertni taxt qilgan — bu chindan ham shundaymi yoxud Interpoldagi ustasi faranglar qo‘ygan tuzoqmi — Shmid shaxsan o‘zi bunga ishonch hosil qilishi kerak edi. Amaldagi ishlar uning kutganidan o‘n chandon ortiq bo‘lib chiqdi. Unga 280 milliard so‘mni xarid qilishni taklif etishdi. Shmid gap taxminan biror yuz milliard ustida borsa kerak, deb o‘ylagan va bunaqa taklifni kutmagandi. Bunday miqdordagi pulni sotishga aql bovar qilmaydi — bu SSSRga G’arb tomonidan dahshatli moliyaviy zarba berishga yo‘l ochadi. Shmid moliyachi edi va SSSRning moliyaviy ahvolidan ozmi ko‘pmi xabardor edi. Jumladan, u butun SSSR bo‘ylab muomalada 139 milliard so‘m yurishidan xabardor edi.

«Sizlar bu pullarni muomaladan chiqarib olmoqchimisizlar?» —deb so‘radi u Pavlovdan. «Qisman, — deb javob berdi Moliya vaziri lablarini cho‘chchaytirib. — Lekin siz bizni ahmoq ekan deb o‘ylamang. Biz badavlatmiz. Bizning tashvishimizni qilmay qo‘ya qoling».

Shmid yelkasini qisdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 00:08:30

To‘rt bosqichda harakat qilishni kelishib olishdi.

Birinchi bosqich — 1990 yil dekabrida 100 milliard so‘m. Bahosi 5,5 milliard dollar.
Ikkinchi bosqich — 1991 yilning yanvarida — 25 milliard so‘m.
Uchinchi bosqich — 1991 yilning mayida — 15 milliard so‘m.
Ikkinchi va uchinchi bosqichlar — bahosi 2 milliard dollar.
Nihoyat, to‘rtinchi bosqich — 1991 yil iyulida 140 milliard so‘m. Bahosi 4,5 milliard dollar.

Hammasi bo‘lib 280 milliard so‘m. Bahosi — 12 milliard dollar.

«Siz yuborgan odamlar, — deb kengashni yopdi Pavlov, — hisob raqamlarini bilishadi. So‘nggi bosqichda ishning holatini janob Orlov shaxsan nazorat qiladi. Shu bilan hamma ish bitadi deb o‘ylamang. Hali pulimiz juda ko‘p».

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 00:09:24

Pavlov rost gapirgan edi. Pul bosib chiqaradigan uskuna to‘laligicha uning ixtiyorida. Agar zarur bo‘lib qolsa, aholining pulidan ham bir qismini olish mumkin. Hechqisi yo‘q, o‘lib qolishmaydi. Mabodo o‘lib qolishsa, nachora, qismatlari shu ekan-da!

Bu gaplarga lol qolib, hang-mang bo‘lgan Shmid yurtiga uchib ketdi. U o‘z hayotida ko‘p narsani ko‘rgan, lekin hali bunaqasiga duch kelmagandi. Sirasini aytganda, u bor-yo‘g‘i 12 milliard dollarga butun Sovet Ittifoqini sotib oldi-ya!

Nikolay Kruchinaning ham puli bor edi. Ammo u har gal fursat kelganda davlat byudjetidan o‘marishini qo‘ymasdi. Garchi u Leningrad viloyat qo‘mitasidagi arboblarni jini suymasa-da, ularga so‘ralgan 500 million o‘rniga 50 million so‘m bergan ekan, buni ochko‘zligidan qilgani yo‘q. Pavlov unga bunaqa arzimas pulni berishdan hech qachon bo‘yin tovlamasdi. Kruchina Gidaspov va uning ish boshqaruvchisi Krutixinga nisbatan ko‘proq narsa bilardi. Leningradlik o‘rtoqlar «Rossiya» bankining muassislari bo‘lishdi. Bir tomondan bu yaxshi, albatta. Ammo ikkinchi tomondan — partiya banklari yaxshi o‘rnak ko‘rsatishayotgani yo‘q. Ularni ko‘rib erinmagan har bir odam bank ochish harakatiga tushib qoladi. Bunaqasi ketmaydi. Siyosiy byuroda jamoat tashkilotlariga banklar ochishni va vositachilik faoliyati bilan shug‘ullanishni taqiqlash masalasi ko‘rib chiqildi. Lekin KPSS ham jamoat tashkiloti-ku! Bu taqiq KPSSga taalluqli emas. Har nima deganingizda ham partiya har qanday maxfiy tashkilotga qaraganda yashirin faoliyat olib borishga mohirroq. Shuning uchun leningradliklar so‘ragan 500 millionni hozircha ularga bermay turgan ma’qulroq. Birdan sirlari ochilib qolsa, nima bo‘ladi? Har holda, shuncha pul bekor ketsa, alam qiladi-da! Leningradlik o‘rtoqlar hamisha birinchi safda yurishni istashadi. Undan ko‘ra Moskvada o‘rtoq Veselovskiyning ish uslubidan jinday o‘rganishsa bo‘lardi.

Qayd etilgan