Partiyaning oltinlari. Igor Bunich  ( 154693 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 33 34 35 36 37 38 39 40 41 B


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 00:10:02

Razvedkachi-iqtisodchining ijodiy fikri esa, muttasil olg‘a parvoz qilib, aniq ishlarda o‘z tajassumini topa boshladi. Buni ko‘rib Kruchinaning boshi osmonga yetardi. U, hatto, Veselovskiyga general-mayor unvonini berish to‘g‘risida tavsiyanomalar yozdi, ammo bu masalalarda Kryuchkov juda tepsa-tebranmas chiqib qoldi — u bo‘sh lavozimlar yo‘qligini, pul taqchilligini bahona qilib ko‘nmadi. Kruchina o‘rinsiz bir tarzda KGB hisobida saqlanayotgan 50 tonna oltinni eslatdi va hatto, kalendar varag‘iga «bu masalaning tagiga yetish kerak» deb qayd qilib ham qo‘ydi.

Veselovskiy polkovnikligicha qoldi, lekin bundan zarracha ozurda bo‘lgani yo‘q. Generallar, admirallar... bularning bari o‘tkinchi. Yangi zamonlar kelyapti. Veselovskiy bor-yo‘g‘i bir soat ichida sovet millionerlarining namunali oilasini barpo etdi, bu oilaga partiyaning pulidan 400 million so‘m «sovg‘a» qilish zarurligiga Kruchinani ishontirdi. Buning natijasida Veselovskiyning qalin oshnasi, «Kauchuk» ilmiy ishlab chiqarish birlashmasining sobiq bosh texnologi M. Xotimskiy kutilmaganda birvarakayiga to‘rtta firmaning: «Galaktik» kichik korxonasi, «Jobrus» degan mas’uliyati cheklangan uyushma, «Xolding LTD» firmasi va Moskva munitsipal assotsiatsiyasining boshlig‘i bo‘lib oldi. Uning xotini M. Xotimskaya «Galaktik»ning muassisi, uning ukasi V. Kravets esa «Jobrus»ning bosh direktoriga aylandi. Kravetsning xotini raqqosa bo‘lishiga qaramay, har ikkala firmaga muassis bo‘ldi. Bu oilaga qarashli eng yirik firmaning bosh direktori KGB podpolkovnigi Grebenshchikov edi. U rasman KGB idorasidan bo‘shatilsa-da, yonida pistolet bilan yurar, KGB guvohnomasini ham topshirmagandi. Uning asosiy vazifasi yangi militsionerlarni kuzatib yurish va kutilmaganda biron kori hol qilib qo‘yishlariga yo‘l qo‘ymaslik edi. Tabiiyki, firmalar hech narsa ishlab chiqarmas edilar. Ular tahorat suvi va pivo olib sotish bilan shug‘ullanishgan, shu tufayli daromadi ham juda katta bo‘lgan.

Veselovskiy Kruchinaga shunday axborot beradi: «Har xil xorijiy kompaniyalar bilan aloqa o‘rnatish natijasida menda yanada jiddiyroq xo‘jalik vazifalarini hal qilish imkoniyati paydo bo‘ldi. Jumladan, xususiy moliyaviy guruhlardan moliyaviy qarz olishim mumkin (10-12 yilga 100 milliard dollarga qadar)... Qisman bu masalalar to‘g‘risida men og‘zaki va yozma shaklda Pavlovga, Sitaryanga, Znamenskiyga, Primakovga, Gereshchenkoga axborot berganman va og‘zaki shaklda bu shaxslarning roziligini olganman...»

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 00:10:54

Polkovnik Veselovskiyning to‘la-to‘kis ma’qullangan uslubi butun mamlakat bo‘ylab joriy qilina boshladi. Bor-yo‘g‘i bir necha oy ichida KPSS xufiya razvedkachining uslubi asosida o‘z mablag‘lariga 1453 ta xorijiy firmalar bilan birga qo‘shma korxona, aralash sarmoyaga ega bo‘lgan hissadorlik uyushmalari tashkil qilindi. KPSS tijorat tizimlariga 14 milliard so‘m va 5 milliard dollar sarfladi. Ammo iqtisodchi Veselovskiy o‘zining KGB polkovnigi ekanini bir lahza ham unutgani yo‘q. Mabodo unutishni istaganida ham, bunga yo‘l qo‘yishmas edilar. U jonajon partiyasining Markazqo‘mi qa’rida ham razvedkachilik vazifasini o‘tashda davom etdi. Partiya esa uning ko‘z o‘ngida ishchilar sinfi partiyasi libosini yechib tashlab, millatlararo kartelga aylanib bormoqda edi. Polkovnikning zimmasiga partiya sirlarini imkoni boricha ko‘proq bilib olish vazifasi yuklangandi. Ammo u bunga muvaffaq bo‘lmadi. Chunki yo Markazqo‘m o‘z ishlarini dunyodagi hamma razvedkalarga qaraganda yaxshiroq tarzda maxfiy saqlashga erishgan bo‘lib, KGBni laqillatuvchi yolg‘on axborotlar berib turardi, yoxud Kruchina Veselovskiyni o‘z foydasiga yollab olgandi. Har holda, Veselovskiyning bevosita o‘z boshlig‘i general Grushko (Bobkovning o‘rniga kelgan) nomiga yozgan axborotlari borgan sari ayanchli tus ola boshladi. Bu xabarlar Veselovskiy darajasidagi professional razvedkachiga munosib emasdi. «Markazqo‘mda ishlash davomida menga bir qator muhim masalalar ayon bo‘ldi:

1. KPSS mulki har xil darajadagi tashkilotlarga tarqatib yuborilgan. Shuning uchun tezlik bilan qaror qabul qilishning iloji bo‘lmadi... Markazqo‘m Ishlar boshqarmasida o‘z partiyasidagi ishlarning ahvoli to‘g‘risida tugal tasavvur yo‘q.

2. Moliyaviy mablag‘lar ham tarqatib yuborilgan. Ishlar boshqarmasi faqat markaziy byudjetni nazorat qilgan. Undagi taqchillik 1991 yilning o‘rtasiga kelganda 500 million so‘mga yetib borgan.

3. Partiyaning valyuta mablag‘lari masalasida ham hech qanday aniqlik yo‘q. Ularni qisman Markazqo‘mning xalqaro faoliyat bilan shug‘ullangan rahbariyati nazorat qilgan. Ammo shunday taassurot tug‘iladiki, na Dzasoxov, na Falin bu masala bo‘yicha aniq axborotga ega bo‘lgan emas. Eski rahbarlarda ko‘p narsa maxfiy qolgan. Ba’zi bir ma’lumotlarga qaraganda, ularning orasida xorijdagi ba’zi bir hisoblarni Brutents (Gorbachyovning maslahatchisi) nazorat qilgan».

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 00:11:31

Veselovskiyga berilgan alohida topshiriq shundan iborat bo‘lganki, u ilmiy-sanoat uyushmasi va «Simako» kontserniga oid tafsilotlarni aniqlashi kerak edi. Bu uyushma va kontsernga KPSS Markazqo‘mining rahbariyati va shaxsan Kruchinaning o‘zi alohida mehr bilan qaragan. Partiya uyushma va kontsernga juda katta miqdorda mablag‘ sarflagan, chunki ular aslida Harbiy sanoat kompleksining aynan o‘zi edi. Sovet sanoatining bu sohasi qurol-yarog‘lar ishlab chiqarar va hamon samarali ishlamoqda edi. Ilmiy-sanoat uyushmasi va «Simako» kontserniga KPSS Markazqo‘mi a’zosi Arkadiy Volskiy rahbarlik qilardi. O’tmishda partapparatda mayda amaldor bo‘lgan bu odam nimasi bilandir Andropovga ma’qul kelib qolgandi. U Volskiyni o‘ziga yordamchi etib tayinladi, keyin u Gorbachyov bilan ishlay boshladi.

Endilikda uyushma ham, kontsern ham qandaydir shubhali, lekin ko‘lami keng ishlar bilan shug‘ullanmoqda edi. Bosh Vazir bo‘lib olgan Pavlovning yordamida ular mamlakatning harbiy sirlarini sota boshladilar. Buning oqibatida aql bovar qilmaydigan bahoda, ya’ni bir dollarga 1,8 so‘m qimmatida so‘mlarni almashtirib olishdi. Ular boshqa g‘irrom ishlarda ham ishtirok etishgan. Masalan, ko‘plab miqdorda qurol-yarog‘ va harbiy anjomlar sotishgan. Kontsern o‘z xavfsizlik xizmatiga ega edi. Bu yerda KGBning zaxiraga chiqarilgan ofitserlari xizmat qilishardi. Ular xizmat guvohnomalarini saqlab qolgan bo‘lib, qurol olib yurishga ham haqli edilar.

Bular to‘g‘risida Veselovskiy Grushkoga ham, Kryuchkovga ham ma’lumot bergandi. Ularning ikkovi ham bu ma’lumotlarni sovuqqina tinglab, «haddan oshib ketmaslik»ni maslahat berishdi, olamshumul masalalar bilan shug‘ullanmay, faqat uslubiy ko‘rsatmalar yaratish ustida ishlash kerakligini uqtirishdi. Bir necha kundan keyin Volskiy KPSS Markazqo‘mi Ishlar boshqarmasiga shaxsan o‘zi kelib Kruchina bilan qattiq janjallashadi va partiyaning eng nozik joyidan «josus» Veselovskiyni darhol yo‘qotishni talab qiladi. Veselovskiy ikki o‘t orasiga tushib qolganini anglaydi: uni na KGB rahbariyati, na Markazqo‘m rahbariyati qo‘llamay qo‘ygan edi. Bunaqa ishlar sovet razvedkachisining boshiga tez-tez tushib turardi. Polkovnik o‘z hayoti uchun xavotir olib, yashirinib oldi. Ammo Veselovskiy uslubi partiya mulki borasida g‘olibona yurishda davom etardi. Hamisha butun mamlakatning eng oldingi saflarida bo‘lishga oshiqqan leningradlik o‘rtoqlar polkovnik Veselovskiy uslubiga munosib baho berdilar. Avvaliga sinab ko‘rish uchun VLKSMga qarashli tijorat tizimini soliqdan ozod qilishdi. Shundan keyin butun viloyat qo‘mitasi tijorat dardiga chalindi-qoldi. Ukalari — komsomol oldida yuzlari yerga qaramasligi uchun partiya apparati xodimlari tijorat bobida o‘z yo‘llarini izlay boshladilar. Hamma narsa xamirdan qil sug‘urganday jo‘ngina hal bo‘ldi. KPSS benihoya qudratli, ta’sir kuchi juda zo‘r tashkilot edi, shuning uchun yangi paydo bo‘layotgan ko‘pgina firmalar mamnuniyat bilan o‘zlarini uning qanoti ostiga olardilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 00:12:06

Smolniy ahli bilan ancha salmoqli mablag‘larga shartnomalar tuzilardi, buning evaziga esa, ular boshqa hamma uchun gap-so‘zsiz «qizil chiroq» yonib turgan joyda, «o‘z» firmalari uchun «yashil chiroq» yoqib berardilar. Imoratlarni qo‘lga kiritish borasidami, yaxshi buyurtmalarga ega bo‘lish, bankdan kreditlar olish, soliq yuzasidan imtiyozlar berish masalasidami, xullas, kerakli ishlarning hammasida viloyat qo‘mitasi muammoni juda tez samarali hal qilardi. Pulni vaqtida to‘lab, foydani baham ko‘rib turishsa bo‘ldi! «Rossiya» bankini barpo etar ekan, KPSS viloyat qo‘mitasi unga paychilar sifatida o‘z mijozlarini jalb etdi. Ularning qatorida «Rus videosi» degan ishlab chiqarish texnika uyushmasi bo‘lib, unga, hatto, Smolniyning o‘zidan joy ajratib berishgandi. Bundan tashqari «Rus» degan sug‘urta jamiyati va Politexnika institutining prorektori professor Shlepkov ham jalb qilingandi. Bank ta’sis etilayotganda ustav jamg‘armasidagi asosiy hissani, ya’ni 15 million so‘mni, tabiiyki, KPSSning viloyat qo‘mitasi berdi (Kruchina hali o‘zining 50 millionini yuborgani yo‘q edi). «Rus videosi» 13 million so‘m qo‘shishi kerak edi, ammo u bu mablag‘ni to‘play olmadi va viloyat qo‘mitasidan qarz olishga majbur bo‘ldi. O’z-o‘zidan ravshan-ki, yangi bank kengashi raisi qilib KPSS viloyat qo‘mitasi Ishlar boshqarmasining mudiri Krutixin tayinlandi.

Hamma narsa silliq ketayotgandi, ammo shu chog‘larda bank haqida qonun chiqib qoldi. Bu qonunni polkovnik Veselovskiy uslubini yaxshi o‘zlashtirgan Kruchina zo‘r matonat va qat’iyat bilan olg‘a surgandi. RSFSR Banklari haqidagi qonun KPSS viloyat qo‘mitasiga qo‘shgan hissasini qaytarib berishni talab qilardi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 00:13:10

Viloyat qo‘mitasiga 15 million so‘mni qaytarib berishdan avval bank kengashi tarkibidan kengash raisi — viloyat qo‘mitasi ishlar boshqarmasining mudiri Krutixinni chiqarib yuborishdi. Bu, albatta, tabiiy edi, pullar gum bo‘lganidan keyin uning farmonbardori ham gum bo‘ladi-da! Ayni choqda kengash tarkibiga «yangi odam»ni kiritishadi va uni kengash raisi qilib saylashadi. U «Daynemik Transfer» kompaniyasi boshqaruvining rais muovini A. A. Krutixin edi. Bu odam bankka avvalgi «partiyaviy» 15 million so‘m o‘rniga yangi «partiyasiz» 15 million so‘mni olib keldi. Bu «Daynemik Transfer»ning ulushi edi. Bank kengashi raisi Krutixinning bir zumda KPSS viloyat qo‘mitasi Ishlar boshqarmasi mudiridan «Daynemik Transfer» davrasiga mansub biznesmenga aylanib qolishi sehr-jodu bilan amalga oshganday bo‘ldi. «Partiyaviy» 15 million so‘mning ham yangi tusga kirishi shunday sodir bo‘ldi. Bu orada Kruchina jo‘natgan 50 million so‘m ham kelib qoldi-yu, ishlar yanada jo‘nashib ketdi. Mablag‘larning bir qismini Sovet — Belgiya qo‘shma korxonasi «Daynemik Transfer»ga o‘tkazdi. Uning xususiy manzili Politexnika institutida edi. (Shuning uchun ham professor Shlepkov muassislardan biri bo‘lgandi.) Qo‘shma korxona o‘z navbatida «Rus» sug‘urta jamiyatini tuzish uchun mablag‘ ajratdi, biznesmen Krutixin esa ayni shu jamiyat hisobidan muntazam ravishda Belgiyaga qatnay boshladi. Krutixin u yerda yangi qo‘shma korxonalar tuzish bilan shug‘ullandi, daromadlarni esa Belgiya banklariga qo‘ydi. Bu kompaniyani harakatga keltirib turgan asosiy siymo KPSS mafkurachisi Viktor Yefimov bo‘lgan edi. U xalq deputati bo‘lish uchun urinishlari zoe ketgandan keyin siyosatni yig‘ishtirib qo‘ydida, o‘zini biznesga bag‘ishlashga ahd qildi.

KPSSning Moskva shahar qo‘mitasi ustomonlik bilan ish yuritdi va faoliyat ko‘lamini kengaytirdi. Albatta, uning tajribasi kattaroq edi-da! Grishin davrida qanaqa ishlarni qilmadi bu qo‘mita?! Hatto, Yeltsin shahar qo‘mitasida partiya intizomini tartibga keltirishga urinib ko‘rganida, uning o‘zini ham yamlamay yutishdi. Moskva shahar qo‘mitasining Birinchi kotibi Yuriy Prokofev tabiatiga ko‘ra g‘alvalardan nari yuradigan, lekin juda makkor va aqlli odam edi. Xuddi shu sifati bilan u o‘zining leningradlik hamkasabasi Boris Gidaspovdan ajralib turardi. Gidaspov kimyo professori bo‘lsa ham, xuddi oddiy bir feldfebelday oldi-ketiga qaramay harakat qilardi. Prokofev KPSS Moskva viloyat qo‘mitasining kotibi Balashov bilan hamjihat ish olib borardi. KPSS Moskva shahar va viloyat qo‘mitalarining olisni ko‘ra oladigan bu ikki kotibi mutlaqo o‘rinli tarzda vahimaga tushib qolishdi. Ular hademay qonuniy va g‘ayriqonuniy yo‘llar bilan to‘plangan partiya mulkini musodara qilish boshlanadi degan tashvishda edilar. Shu munosabat bilan ular yuqoriga batafsil maktub yo‘llashdi va unda imkoni bor narsaning hammasini qanday qilib tez va samarali yashirib qo‘yish yo‘llarini bayon etib berdilar. Yuqori doiralarga Prokofev va Balashovning tashabbusi ma’qul bo‘ldi. KPSS Markazqo‘mi Ishlar boshqarmasining mudiri Kruchina mutlaqo maxfiy buyrug‘ida «Hissadorlik jamiyati» tuzish g‘oyasini ma’qulladi va partiya organlarining 116,6 million so‘mlik asosiy fondini uning hisobiga o‘tkazish haqida ko‘rsatma berdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 00:14:09

Oradan to‘rt kun o‘tgandan keyin esa Markazqo‘m Kotibiyati tegishli qaror qabul qildi:

«Mutlaqo maxfiy.
Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi Markazqo‘mi Kotibiyatining QARORI
O’rtoq Yu. A. Prokofev va B. I. Balashovlarning maktubi to‘g‘risida.

1. Partiyaning Moskva shahar qo’mitasi va viloyat qo‘mitasi Birinchi kotiblari o‘rtoq Yu. A. Prokofev bilan B. I. Balashovlarning shahar va viloyat partiya tashkilotlarining asosiy jamg‘armalarini ana shu partiya qo‘mitalari ishtirokida tuzilayotgan hissadorlik jamiyati hisobiga o‘tkazish haqidagi taklifiga rozi bo‘linsin. («Istisno tariqasida» degan so‘zlar ustidan o‘chirilgan.)

2. Ko‘rsatilgan hissadorlik jamiyati aktsiyalarining 60 foizi partiya Moskva shahar qo‘mitasi va viloyat qo‘mitasi siymosida KPSSniki bo‘lajagi e’tiborga olinsin.

3. Hissadorlik jamiyati barpo etish va ishlatish bilan bog‘liq masalalarni hal qilishda KPSSning mulkiy manfaatlari va huquqini ta’minlash uchun javobgarlik o‘rtoq Yu. A. Prokofev va B. I. Balashovga yuklatilsin».

Ammo KPSS viloyat qo‘mitalari va o‘lka qo‘mitalaridagi voqealar har qancha shiddatli tus olmasin, ular partiya-davlat tizimining eng yuksak nuqtalarida sodir bo‘layotgan voqealar qarshisida hech narsaga arzimay qolardi. Yuksak nuqtalardan hamma narsa ravshan ko‘rinib turardi. Partiya o‘z mulki uchun haddidan oshgan jamoatchilikka qarshi qaqshatqich urush olib bormoqda edi. Bu urushda u muntazam ravishda KGBning maxsus qismlari, desantchilar, ichki qo‘shinlar yordamiga tayanar, mulk qo‘ldan ketadigan darajaga yetganda esa, hatto, tanklarni ishga solishdan ham toymas edi. Allaqachon Vilnyus va Rigada o‘qlar gumburladi — bu shaharlarda partiya mulkiga qattiq xurujlar bo‘lgandi. Janubiy respublikalardan esa yanada mudhish xabarlar kela boshladi. To‘g‘ri, bu yerlarda hech kim partiya mulkiga ko‘z olaytirgani yo‘qday edi, biroq partiya apparatidagilarning o‘zlari Moskvaga o‘lpon to‘lamay qo‘ydilar, milliy mustaqillik haqidagi tavallolar eshitildi, Leninning nomini qo‘yib, ko‘proq Qur’onni tilga ola boshlashdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 00:16:05

Imperiyaparast kuchlarning so‘nggi qoldiqlari KGB raisi Kryuchkov va bir to‘da harbiylar hamda tepsa-tebranmas partiya rahbarlarining atrofiga to‘planib olib, bepoyon imperiya ustidan o‘z hokimligini saqlab qolish uchun jon-jahdlari bilan kommunizmni mafkura sifatida ushlab turishga urindilar. Holbuki, uning halokati muqarrar bo‘lib qolgandi. Nochorlikdan ular yana Saddam Husaynni eslashdi. Sovet qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqib ketilgandan so‘ng Iroq bilan Eron o‘rtasidagi urushga ehtiyoj qolmadi va u o‘z-o‘zidan barham topdi. Har ikkala tomon taxminan bir milliondan odam yo‘qotdi. Husayn Isroilni erinibgina so‘kishdan nari o‘tmagani uchun bekorchilikdan siqilib ketgandi. Unga ish topib berishdi. O’ylangan rejaning istiqboli porloq ko‘rindi. Husayn qo‘shini Quvaytga hujum qilib, uni bosib oladi. Quvayt amirining gvardiyasi nomigagina mavjud bo‘lib, tabiiyki, u Saddamning million kishilik armiyasiga durustroq qarshilik ko‘rsata olmaydi. Saddam armiyasi tish-tirnog‘igacha eng yangi sovet texnikasi bilan qurollangan va bundan tashqari Eron bilan salkam o‘n yillik urush tajribasiga ega. Saddam Quvaytning benihoya boy neft maydonlarini bosib oladi, Quvayt Iroqqa bir viloyat sifatida qo‘shiladi. Bu reja bir narsaga asoslangan edi: Qo‘shma Shtatlar bunaqa xalqaro bosqinchilikka indamay qarab turolmaydi va Iroqqa qarshi urush ochishga majbur bo‘ladi, agar shunday qilmasa, AQSh jahondagi qudratli davlat sifatida obro‘yini yo‘qotib qo‘yadi. AQSh Iroq bilan urusha boshlasa, xuddi Vetnamdagi kabi uzoq davom etadigan qonli urush botqog‘iga botib qoladi. SSSR bilan Iroq o‘rtasida esa do‘stlik haqida bitim bor. Shunday ekan, Qo‘shma Shtatlar bundan buyon SSSRda «demokratik islohotlar»ni izchillik bilan amalga oshirilgani uchun emas, SSSR betaraflik mavqeida turgani uchun haq to‘laydigan bo‘ladi. Bu esa bir zumda G’arbning SSSRga ko‘rsatayotgan iqtisodiy va moliyaviy tazyiqini susaytiradi va Gorbachyov boshlagan islohotlarni bir chekkaga surib qo‘yishga imkon beradi.

Husayn bajonidil rozi bo‘ldi. Uning o‘zi anchadan beri Quvayt va Saudiya Arabistonining behisob boyliklariga ko‘z olaytirib yurardi.

Husayn SSSRdan ma’naviy jihatdan yordam berishga va’da oldi va shaxsan o‘zi uchun «xizmat haqi» tarzida 2 million dollar undirdi. So‘ng armiyasiga Quvaytni bosib olish to‘g‘risida buyruq berdi. Armiya bu buyruqni 30 soat ichida hech qanaqa talafot ko‘rmay bajo keltirdi. Boshdan kutilganiday AQSh darhol o‘z qo‘shinlarini Saudiya Arabistoni tomon ko‘chira boshladi. Bu mamlakatning qo‘rqib ketgan qiroli Vashingtondan yordam so‘ragan edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 00:16:52

Saddam Husayn panasida partiya handaqlardan chiqdi va mamlakatda o‘zining avvalgi hokimiyatiyu shon-shuhratini tiklashga urinib ko‘rdi.

Ammo bu voqealar Gorbachyov bilan Shevarnadze AQSh hamda Yevropadan qarz olish to‘g‘risidagi muzokaralari ayni avjga chiqqanda ro‘y berdi. Ularning ikkovi ham darhol Quvaytning bosib olinishini qoralab chiqdilar. Saddam Husayn haddan tashqari bema’ni ahvolga tushib qolgan edi. Tepsa-tebranmas rahbarlar Gorbachyovga tazyiq o‘tkaza boshladilar, matbuotda va Oliy Sovetda unga qarshi janjal ko‘tardilar va hatto, Saddam Husaynning suratlari bilan namoyishlar uyushtirdilar. Har nima qilib bo‘lsa-da, AQShdan va G’arbdan yuz o‘girib, boshqarib bo‘lmay qolgan sovet kemasini yana eski Lenin-Stalin yo‘liga burib yuborishga harakat qilindi.

Ammo Gorbachyov ham anoyi emasdi — u umumiy yemirilish va tanazzul davridagi yirik siyosatchi edi. U o‘zining halokatini his qilib chuvvos solayotgan partiya rahbarlarining qiyofasiz olomonidan bir necha bosh yuqori turardi. U o‘rtamiyonachilik muhitida yo‘lini topib yurishni juda yaxshi o‘rgangan va bo‘ronlarni ham, to‘fonlarni ham o‘z izmiga solish mashqini olgan edi. Dadillik bilan harakat qilib, u har bir qadami bilan jon talvasasida yotgan tuzumga so‘nggi zarbalarni berdi va nomenklaturani salaflari olib kirib qo‘ygan boshi berk ko‘chadan qutqarib olib chiqdi. Shuning uchun nomenklaturaning ko‘pchiligi so‘nggi Bosh kotib siymosida o‘z xaloskorini ko‘ra boshladi va hech narsaning fahmiga bormaydigan tepsa-tebranmaslarni tarix axlatxonasi tomon surib qo‘yib, Gorbachyovning siyosiy nayranglarini qo‘llab-quvvatlay boshladi.

Ana shu voqealar avjga minganda, hatto, Shevarnadze ham ortiq chidayolmadi — u to‘g‘ridan-to‘g‘ri s’ezd minbaridan turib iste’fo berdi. U hademay SSSRning kunpayakun bo‘lishini ko‘rib turardi. Halok bo‘layotgan davlatning Tashqi ishlar vaziri bo‘lish endi uni qanoatlantirmasdi. Uning butun fikri zikri jonajon Gruziyasida edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 00:17:45

Bu orada amerikaliklar «o‘rtoq Husayn»ning armiyasini shu qadar tez va qat’iyat bilan tor-mor keltirdilar-ki, Moskvada hech kim nima voqea ro‘y berganini dabdurustdan payqamay ham qoldi. Janglarda chiniqqan minglab Iroq askarlari asirga tushdilar, Quvayt bir kecha-kunduz davomida ozod qilindi, Amerika tanklari uchun Bag‘dodga yo‘l ochiq edi. Ammo eng muhimi bunda emasdi. Inqiroz shunda ediki, AQSh mutlaqo yangi qurollar tizimini namoyish etdi. U elektron urushiga xos yangi uslublarni ko‘rsatdi, har xil qo‘shin turlarining boshini juda zo‘r mahorat bilan qovushtirdi. Bunaqa harbiy san’at va harbiy qurollardagi mukammallikni sovet generallari hamda Harbiy-sanoat kompleksi yetakchilari yetti uxlab tushida ham ko‘rmagandi.

Vashington iqtisodiy va moliyaviy hujum vositalaridan tashqari dollarni sovet tafakkuri yaxshiroq tushunadigan boshqa usullar bilan ham qo‘llab-quvvatlashi mumkinligini ko‘rsatib qo‘ymoqchiday edi. Butun dunyoda moliyaviy hukmronlikni o‘rnatish haqidagi rejaning oxirgi bosqichi boshlandi: bu bosqichda AQSh o‘zining po‘lat muskullarini namoyish qildi. Qo‘shma Shtatlarni uzoq davom etadigan urushga tortish rejasi barbod bo‘ldi. Bu esa mamlakat ichida va butun jahonda sodir bo‘layotgan voqealar oqibatida bir to‘da bo‘lib uyusha boshlagan Gorbachyovga qarshi muxolifat kuchlarini hang-mang qilib qo‘ydi. Muxolifat sarosimada yurar ekan, Boris Yeltsin RSFSRga prezident qilib saylandi. U Rossiyadagi jamiki davlat tizimini partiyadan xoli qilishga va’da berib, bu martabaga erishdi. Yeltsin prezident bo‘lishi bilanoq, partiyadan xoli qilish haqida maxsus farmon chiqarib, va’dasini bajardi. Shu vaqtning o‘zida Gorbachyov Umumqo‘shin partiya qo‘mitasini tuzdi va Kruchinaga bu yangi partiya hisobiga 600 million so‘m o‘tkazish haqida buyruq berdi.

Kruchina yangi vazir Orlov boshchiligidagi SSSR Moliya vazirligi bilan yaqindan hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishgan edi. Moliya vazirligining yordami bilan KPSS amalda juda yirik «Avtobank»ning xo‘jayini bo‘lib oldi. Shu tufayli uning hisobiga bir milliard so‘m o‘tkazdi. «Avtobank» boshqaruvi raisi Moliya vazirining birinchi muovini V. Raevskiyning xotini N. Raevskaya bo‘ldi. Ikki tomondan bunday kuchli himoyaga ega bo‘lgan «Avtobank»ning pichog‘i moy ustida. SSSR Moliya vazirligi Bosh byudjet boshqarmasining boshlig‘i V. Barchuk (hozir Rossiya Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi muovini) partiya homiyligidagi «Avtobank»ga hech qaysi davlatda bo‘lishi mumkin bo‘lmaydigan bir sovg‘a qildi: unga davlat tashkilotlaridan qarzlarni undirib olish huquqi berildi. Bu huquqqa erishish har qanday bankirning ham eng ardoqli orzusi edi. (Hozir o‘sha V. Barchukning o‘zi qanday qilib shunday voqea ro‘y berishi mumkinligini tekshiruvchi tergov komissiyasi raislaridan biri.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 00:20:06

Ammo «Avtobank» dengizdan tomchi edi, xolos. Kruchina KPSS tasarrufidagi yoxud unga qaram bo‘lgan banklarning maxfiy ro‘yxatini sinchiklab ko‘zdan kechirib chiqdi. Partiyaning pullarini shosha-pisha shu banklarga tiqishtirishgan edi.

1. Avtobank — yiliga 7 foizlik daromad bilan bir milliard so‘m.
2. SSSR Kasaba uyushmalari banki — 500 million so‘m, yiliga 4,5 foiz daromad bilan.
3. Tokobank — 150 million so‘m, 7 foizlik daromad bilan +70 million so‘m hissadorlik badali.
4. Yoshlar tijorat banki — 275 million so‘m, 9 foiz daromadi bilan.
5. Unikombank — 500 million so‘m, 10 foizlik daromad bilan.
6. Soat sanoati banki — 50 million so‘m, 7 foizlik daromad bilan.
7. Stankinbank — 50 million so‘m, 10 foiz daromad bilan.
8. «Rossiya» banki (KPSS Leningrad viloyat qo‘mitasi orqali) — 50 million so‘m, 6 foiz daromad bilan.
9. Glavmoststroybank (Qozog‘iston kompartiyasi Markazqo‘mi orqali) — 90 million so‘m, 10 foiz daromad bilan.
10. Qozoqkompartbank (Qozog‘iston kompartiyasi Markazqo‘mi orqali) — 100 million so‘m, 10 foiz daromad bilan.
11. Kichik korxonalarni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish Sovet jamg‘armasi — 40 million so‘m, 10 foiz daromad bilan.
12. «Logos» eksperimental birlashmasi — 40 million so‘m, 15 foiz daromad bilan.
13. «Shiva» savdo ishlab chiqarish korxonasi – 5 million so‘m.
14. Yangi xo‘jalik shakllari va ijtimoiy tashabbuslar Butunittifoq uyushmasi – 60 million so‘m, 10 foiz daromad bilan.
15. «Ittifoq - V» korporatsiyasi — 200 million so‘m, 6 foiz daromad bilan.
16. «Galaktik» kichik korxonasi – 250  million so‘m, 12 foiz daromad bilan.
17. Troitsk Innovatsion va termoyadro tadqiqotlar instituti («Galaktik» kichik korxonasi orqali) – 50 million so‘m.
18. «Jobrus» mas’uliyati cheklangan jamiyat – 50 million so‘m, 6 foiz daromad bilan.
19. «Xolding LTD» ishlab chiqarish-tijorat firmasi – 50 million so‘m, 6 foiz daromad bilan.
20. Moskva munitsipal tashkiloti – 50 million so‘m, 6 foiz daromad bilan.
21. «Vatan» Rossiya ijodiy uyushmasi – 1,125 million so‘m (kinofilm yaratish uchun), filmni namoyish etishdan tushadigan 25 foiz daromad bilan.
22. «O’choq» ijodiy uyushmasi – 10 million so‘m (kinofilm yaratish uchun), 25 foiz daromad bilan.
Hammasi bo‘lib 3 milliard 634 million 125 ming so‘m.

Bu birinchi ro‘yxat bo‘yicha. Bundan keyin №2, №2A, №2A—6, №3—V... raqamli ro‘yxatlar keladi.

Bu milliardu millionlardan kalla shishib ketadi. Ammo hali bular xamir uchidan patir.

Qayd etilgan