Partiyaning oltinlari. Igor Bunich  ( 154926 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 35 36 37 38 39 40 41 B


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 01:13:07

Xuddi shu paytning o‘zida, Artyom Tarasov «Alisa» firmasiga uch million so‘m o‘tkazgan, degan gap ham oralab qoldi. Bu firmaga general Sterligovning jiyani, yigirma uch yoshli German Sterligov boshchilik qilardi. Yaqindagina MGU talabasi bo‘lmish German Sterligovning ishi tergovda edi — u o‘lpon to‘lashni istamagani uchun kooperativ do‘konlardan biriga o‘t qo‘yib yuborgandi. Tergov avji qizigan bir paytda to‘satdan ishni to‘xtatadilar va noshud reketchi, sirasini aytganda, birinchi sovet birjasining boshlig‘i bo‘lib qoladi. Bu birja, albatta, «ixtiyoriy ionalar» hisobiga bo‘lsa kerak, juda tez rivoj topib, bir necha birjalar tizimiga aylandi va birinchilardan bo‘lib, mamlakat chegarasidan hatlab o‘tib, Yevropaga kirib bordi.

Shundan keyin Artyom Tarasov g‘oyib bo‘lib qoldi. Birovlar uni turmada deyishdi, boshqalar suiqasddan keyin kasalxonada o‘lim to‘shagida yotibdi deyishdi, yana kimlardir uni xorijga qochib ketdi deb gap tarqatdi. Hech kim biron tayinli narsa bilmasdi. Hatto, g‘oyib bo‘lgan millionerni qidirishga tushgan prokuratura bilan militsiya ham voqeadan mutlaqo xabarsiz edi. Kutilmaganda prezident Yeltsinning nomiga Fransiyadan Artyom Tarasov nomidan maktub keladi. U Rossiya prezidentiga o‘zining deputatlik guvohnomasini qaytarib yuboribdi, maktubda esa Gorbachyov mening hayotimni rasvo qildi, shuningdek, millionlab boshqa sovet kishilarining ham turmushini izdan chiqardi deb, uni rosa changitib so‘kibdi. Bir zumda Tarasov o‘ldirilgan, maktub soxta, deputatlik guvohnomasi esa ilgari o‘g‘irlab olingan degan mish-mish tarqadi. Oradan ko‘p o‘tmay, mamlakatni larzaga solgan boshqa dahshatli voqealar boshlanib ketdi. Ular tufayli birinchi sovet millionerining sarguzashtlari sekin-asta unutila boshladi. Keyin Artyom Tarasovning daragi to‘satdan Londondan chiqib qoldi — bu yerda u «Alisa» firmasining xorijiy vakili sifatida ish olib borayotgan ekan. Bu paytga kelganda «Alisa» birjalar tizimi milliardlab so‘m bilan muomala qiladigan qudrat kasb etgan edi. Shunday bo‘lgandan keyin Babelning mashhur iboralarini yana bir marta eslamay bo‘ladimi? «Benya qaerda tugaydi-yu, politsiya qaerdan boshlanadi? Yoki politsiya qaerda tugaydi-yu, Benya qaerdan boshlanadi?» Bizning hikoyalarimizda esa «Benya» kim-u, «politsiya» («Politsiya» degani — bu o‘rinda KGB generali Aleksandr Nikolaevich Sterligov bo‘lib, u — hatto, bizning davrimizda ham g‘oyat noyob nusxa. «Fitna» vaqtida u Oq uyning eng faol himoyachilaridan bo‘ldi va hatto, o‘zining boshlig‘i Kryuchkovni shaxsan qamoqqa oldi. Keyinchalik Sterligov son-sanoqsiz intervyularda har ne qilib bo‘lsa-da, Kryuchkovni yomonotliq qilishga ko‘p urindi. U, ayniqsa, KGBning sobiq boshlig‘i «ta’sir agentlari»ni ovlashga boshlamoqchi bo‘lganini ko‘p ta’kidladi. Fincha yengi kalta ko‘ylak kiygan yoxud oyog‘ida nemis krossovkasi bo‘lgan odamlar ham «ta’sir agenti» hisoblanishi hech gap emas edi. Bundan keyin Sterligov vitse-prezident Rutskoyning mahkamasiga rahbarlik qila boshladi. Bu ishda xizmat qilar ekan, u o‘ngdan ham, so‘ldan ham so‘kish eshitdi. So‘llar uning o‘tmishda «chekist» bo‘lgani uchun gunohidan o‘tmadilar, o‘nglar esa xususiylashtirish ishlariga ishtiyoqi baland bo‘lgani uchun kechirmadilar. Ularning gaplariga qaraganda, qisqa muddat ichida Sterligov davlatga qarashli ikkita chorbog‘ni va har biri 50 kvadrat metrli ikkita kvartirani xususiylashtirib, o‘zlashtirib olgan. Oxir-oqibatda general Sterligov hammaga tupurib, o‘zining «Rus partiya»sini tuzgan. Bu partiyaning g‘oyaviy dasturida sionizmga qarshi to‘la g‘alabaga erishgunga qadar kurashishdan tashqari hokimiyat tepasiga kelgandan keyin har bir rus oilasiga bir million dollardan berish va’da qilingan (aftidan «Alisa»ning jamg‘armalaridan bo‘lsa kerak). Istaganlarning hammasiga tegishli tarzdagi sertifikatlar berildi (ular hozirgacha berilmoqda). Nevzorovga bergan intervyusida general Sterligov turmada o‘tirgan xo‘jayinining «hammasiga» ta’sir agentlari «aybdor» degan taxminini quvvatladi. Dengizchilar tili bilan aytganda, KGB generali Sterligov so‘lga «koordinat» qilib, yana avvalgi yo‘liga tushib oldi. Bu quvonarlidir. Qashshoq va lekin muttaham bo‘lgandan ko‘ra badavlat va halol bo‘lgan yaxshi-da!) kim degan masalaning o‘zi qorong‘i.

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 01:13:55

Boshqa tomondan, KGB bir ish qildiki, uni milliardlab sovet so‘mini dollarga almashtirish ishiga xalaqit berish istagidan boshqa narsa emas deb atashga to‘g‘ri keldi. «Observer» degan Angliyada chiqadigan haftalik kutilmaganda Diana Miller deganning maqolasini e’lon qildi. Unda Amerikaning o‘nta yirik kompaniyasi juda katta miqdorda sovet so‘mini sotib olgani va bu pullarni sovet iqtisodiyotini izdan chiqarishga sarflamoqchi ekani aytilgandi-yu, lekin hech kim ishonmadi. Negaki, oradan ko‘p o‘tmay Diana Millerning yaqin o‘tmishda APNda muharrir bo‘lib ishlagani ma’lum bo‘lib qoldi. APN esa KGBning bir bo‘limi sifatida dong chiqargan edi. Diana Miller maqolasini e’lon qilgan kezlarda «Daynemik Transfer» qo‘shma korxonasining bosh direktori bo‘lib ishlar ekan. Qo‘shma korxonaga esa KPSS Leningrad viloyat qo‘mitasi Ishlar bo‘limining boshlig‘i Arkadiy Krutixin asos solgan edi. Sovet razvedkasining doimiy fojiasi shunaqa. Tarixning eng qaltis daqiqalarida unga hech qachon hech kim ishonmagan.

KGBning bir boshqarmasi «Observer»da Diana Millerning maqolasini uyushtirar, boshqa bir boshqarmasi esa uni KGBning agenti sifatida fosh qilar ekan, Lyutsern degan Shveytsariya shahrining bir chekkasida SSSR Moliya vaziri Vladimir Orlovning o‘zi paydo bo‘lib qoldi. U 140 million so‘mlik «Transfert»ning to‘rtinchi bosqichini shaxsan nazorat qilish va kelishilgan miqdordagi dollarni tegishli bank hisoblariga o‘tkazilganiga amin bo‘lish uchun kelgan edi.

Bu orada Mixail Gorbachyov Londondan qaytib keldi. U yerda Gorbachyov «yettilar» kengashida ishtirok etgan va do‘sti Robert Maksvell bilan ancha masalalar to‘g‘risida suhbatlashib, kelishib olgan edi. O’zining oliy mansabida o‘tirgan Gorbachyov fursat yetib kelganini ko‘rdi. Shundan keyin u: «Kemani tark etinglar», — deya buyruq berdi. Uning yonida butun dunyo bayroqlari ostidagi kemalar suzib borardi. Ular g‘arq bo‘lib borayotgan kemani, undagi odamlar va yuklarni shatakka olishga tayyor edilar. Qoyalar tobora yaqinlashib kelardi. Gorbachyov kapitanlik o‘rnini tark etmay, sharoitni diqqat bilan kuzatib bormoqda.

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 01:14:58

1991 yilning avgusti yetib keldi. KPSS amalda mamlakat hayotidan g‘oyib bo‘ldi. Vaqt-vaqti bilan televizor ekranlarida goh o‘rtoq Dzasoxovning nuroniy basharasi ko‘rinib qolardi — u milliy (!) madaniyatni saqlab qolish uchun Lenin haykallarini olib tashlamaslikka undardi, gohida esa Leningrad viloyat qo‘mitasining mafkura boshlig‘i Belovning qahru-g‘azabdan burishib ketgan aft-basharasi ko‘rinardi — u kimda-kim partiya mulkiga ko‘z olaytiradigan bo‘lsa, bu muqarrar ravishda fuqarolar urushiga olib kelishini aytib po‘pisa qilardi.

KPSS Markazqo‘mi Ishlar boshqarmasida shosha-pisha qolgan pullarni taqsimlashga kirishdilar: 10 million so‘mni Ijtimoiy fanlar akademiyasiga, bir milliondan ortiqroq pulni bir nechta Lenin muzeyiga berishdi. Siyosiy byuroda hali ham kimlarnidir ishga tayinlash, kimlarnidir ish joyini o‘zgartirish, elchilar ayirboshlash, shartnomalarni ratifikatsiya qilish, vazirlikka va Markazqo‘m instruktorligiga nomzodlar muhokama qilinardi. Siyosiy byurodagilar chunonam ishga berilib ketib, o‘z kapitanlarining: «Kemani tark etinglar!» — degan buyrug‘ini eshitmay qolishdi. Bahaybat kema o‘tkir qoyalar sari tezlagandan-tezlab borardi. Amerikalik va ovrupolik qutqaruvchilar juda katta qiyinchilik bilan shatakka oladigan zanjirning bir uchini halok bo‘layotgan kemaga bog‘lashga muvaffaq bo‘ldilar, ular kemaning tezligini loaqal sekinlatishga va qoyaga urilishini jinday bo‘lsa-da, kamaytirishga umid qilishgandi. Bir to‘da tentaklar kemaning tryumiga biqinib olib jon saqlamoqchi bo‘lishgan edi. Shu payt ular tryumdan otilib chiqishdi-da, shatakka olgan zanjirni uzib tashlashdi va Gorbachyovning qo‘lidan kemani boshqaradigan chambarakni tortib olishdi. Ular hamon kemani qutqarib qolish mumkin deb hisoblashardi. Ular kema machtalarida o‘roq-bolg‘ali qizil bayroqni ko‘tarib, shitob bilan olg‘a tashlandilar. Dunyoning oltidan bir qismiga to‘g‘ri keladigan kema zarb bilan qoyaga urildi. Urildi-yu, taraq-turuq, darang-durung qilib bo‘lak-bo‘laklarga ajralib ketdi. Hamon kapitanlik o‘rnida nima qilarini bilmay suratday qotib turgan Gorbachyov yiqilib tushdi. Biroq apil-tapil o‘rnidan turdi-yu, o‘zini suvga otdi. Shu sababdan qutulib qoldi. Ko‘plar, «kapitan bo‘la turib, kemani hammadan avval tark etding», deya uni ayblashdi. Lekin bu to‘g‘ri emas edi. U haqiqiy kapitanlar kabi o‘ziga kerakli odamlarning hammasi xatarsiz joyga chiqib olganiga, yuklar ham qutqarib qolinganiga ishonch hosil qilgandan keyingina kemadan ketgan edi. Bu voqea «avgust fitnasi» deb nom oldi.

Shu voqealardan to‘rt kun o‘tgach — 19 avgust kuni KPSS va RKP faoliyati rasman taqiqlandi, ularning molu-mulki musodara qilindi, banklardagi hisoblari xatlab qo‘yildi. 14 kishi qamoqqa olindi. Bu juda vaqtida qilingan edi. Jamiki nomenklatura bitta qolmay yangi hokimiyat tizimlariga ko‘chib ulgurgan edi. Bu bilan ular o‘zlarining anoyi emasligini va mangu yashashlarini isbot qilgandi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 01:17:09

Nikolay Kruchina Duradgorlar tor-ko‘chasidagi nomenklatura uyining beshinchi qavatida joylashgan xonadoni balkonidan tushib ketib halok bo‘ldi.

Uning ketidan Kruchinadan avval Ishlar boshqarmasining boshlig‘i bo‘lib ishlagan Georgiy Pavlov ham uyining balkonidan yiqilib o‘ldi.

So‘ngra o‘n ikkinchi qavatdagi uyidan Markazqo‘mning Xalqaro bo‘limining mas’ul xodimi Dmitriy Lisovolik o‘zini tashlab yubordi.

Har bir ishda, ayniqsa, ishning oxirida qat’iy tartib bo‘lmog‘i kerak. Bu qoida RSDRPning III s’ezdidayoq tasdiqlangan edi.

Dunyoning narigi burchida o‘zining bejirim kemasida Robert Maksvell jonsiz (yoki hali joni uzilmay) yiqildi. Hatto, u ham dunyoning bunaqa ishlariga dosh berolmadi. Milliarderning jasadini uch kundan keyin dengizdan topishdi hamda hukumat a’zolari va harbiylardan tarkib topgan faxriy qorovul ishtirokida Quddusi sharifda tantana bilan dafn qilishdi. Kam bilsang, ko‘proq yashaysan!

Nomenklatura ustidagi eski kommunistik terini uloqtirib tashlab, tomirlarida yangi ijodiy kuch jo‘sh urganini his qildi. Bu kuchni markscha-lenincha tavallolar xiralashtirgan emasdi.

Davlat banki darhol sovet so‘mining dollarga nisbatan yangi kursini e’lon qildi, unga ko‘ra bir dollarning qimmati 100 so‘mga to‘g‘ri kelardi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 01:17:48

Nomenklatura tomonidan to‘plangan dollarlar valyutani qon qaqshatib, halok bo‘lib borayotgan mamlakat ustiga yopirildi. Dunyoning har xil tomonlaridan turli valyutalar bizga ko‘makka kela boshladi. Halok bo‘lgan mamlakatning milliy boyligi arzimagan pulga sotib yuborildi. Abjir nomenklatura hamma narsani xususiylashtira boshladi. Bu hozirgacha davom etmoqda. Nomenklatura fuqarosi 73 yil mobaynida g‘ayriqonuniy tarzda nimagaki egalik qilib kelgan bo‘lsa, hammasini xususiylashtirib, o‘ziniki qilib oldi.

Endilikda, albatta, hech qanaqa vositalar bilan bu boylikni qaytarib olib bo‘lmaydi. Asqotsa, faqat Lenin qo‘llagan vosita asqotishi mumkin. Xususiy mulkning daxlsizligi — bozor iqtisodiyotining asosidir. Aslida o‘zi shu maqsad ko‘zlangan edi. O’zining deyarli bir asr mobaynida to‘plagan tajribasiga tayanib, nomenklatura jami oziq-ovqat omborlarini egallab oldi-da, tovarning hammasini yakka o‘zi egalik qilayotgan valyuta birjalariga jo‘natdi. 800 tadan ortiq birja (AQShda bor-yo‘g‘i yettita birja mavjud) jazavaga tushib tovarlarni bir-biridan olib, bir-biriga sotib yotibdi, har gal olib sotganda ularning narxini osmonga chiqarib qo‘yadi va bu bilan milliy iqtisodiyotni o‘ldirib, tamom qiladi. Ichki savdoning deyarli yarmi dollarga o‘tdi. Kommunistik orzu o‘rnini dollar orzusi egalladi, ammo mamlakatdagi million-million qashshoq aholi uchun bu orzu erishib bo‘lmaydigan cho‘qqi bo‘lib qoldi. Bepoyon, yadroviy, o‘ta qudratli davlat bo‘lgan SSSR dollarning bosqini ostida parchalanib ketdi va butunlay barbod bo‘ldi. Dunyodagi eng katta armiya, minglab strategik raketalar, o‘n minglab o‘ta zamonaviy tanklar va jangovar samolyotlar, bahaybat avianosetslar va raketalar bilan qurollangan suv osti kemalari halokatning oldini olishga qurblari yetmadi. Endilikda halok bo‘lgan mamlakatning puchmoqlarida bekorga zang bosib yotibdi. Bironta ham o‘q uzmay, bironta ham askarini yo‘qotmay Amerika Qo‘shma Shtatlari tor-mor keltirishning batamom yangi usullarini namoyish etib, Uchinchi jahon urushida ajoyib g‘alabaga erishdilar, jahon xaritasidan o‘zlarining asosiy raqiblarini butkul o‘chirib tashladilar, uni tor-mor keltirib, parcha-parcha etib, yer bilan yakson qildilar. Bugungi kunda, u, endi o‘zining kechagi dushmaniga yalinib-yolvorib, undan yordam berishini o‘tinib so‘ramoqda. Aslida butun harakat shunga qaratilgan edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 01:18:42

* * *

Qo‘shma Shtatlar o‘z o‘yinini, nomenklatura o‘zinikini o‘ynagan edi. Ular ham, bular ham g‘alabaga erishdi. Navbatdagi qurbon — Rossiya yutqazdi.

1991 yilning yozida yaxshi izga solingan, hozirgi hokimiyat bilan korruptsiya tufayli chambarchas bog‘lanib ketgan, ko‘zga ko‘rinmaydigan juda katta partiyaviy bir yurt — Nomenklatura va uning iqtisodiyoti yashirin holatga ko‘chdi. Kechagi siyosiy va mafkuraviy zulmning o‘rnini iqtisodiy zulm egalladi va xalqqa qarshi darhol eski zamonlar ruhidagi iqtisodiy terror amalga oshirila boshlandi. Partiya o‘z qullarini bir amallab boqib turishga chor-nochor rozi edi, ammo o‘zini erkin deb bila boshlagan odamlarni zinhor-bazinhor boqmas edi. Nomenklatura esa avvalgiday o‘zini-o‘zi ta’minlaydi va G’arbning qo‘liga qarab turadi. Fikrlash va ishlashni unutishga majbur etilgan xalq esa qirilsa qirilib ketar. Endilikda xalq qanday sifatga ega bo‘lmasin, hech kimga kerak emas.

Kommunistlar bizning mamlakatga 1917 yilda bosqinchilar sifatida kelgan edi, yetmish yildan ortiqroq muddat davomida ular istilochilar sifatida ish yuritishdi. Davronlari o‘tib ketganiga aqllari yetgandan keyin esa, yana bir marta xalqni qaqir-ququrigacha talab, davlatni barbod etib, oddiy xashaki o‘g‘rilarday tumtaraqay qochib qolishdi. Hatto, jug‘rofiy jihatdan ham Rossiya joyi jannatda bo‘lgur podsho Ivan IV Vasilevich zamonlariga, ya’ni XVI asrga uloqtirildi. Holbuki, hademay XXI asr boshlanadi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 01:19:40

Biz unchalik chuqur ketganimiz yo‘q, faqat sirtdangina nazar tashladik. Ammo ana shu sirtda yotgan narsani ham sobiq KPSSdan hech kim tortib olish niyatida emas.

Fitnadan keyin ma’lum bo‘ldiki, davlat xazinasida bor-yo‘g‘i 240 tonna oltin qolibdi. Rossiya parlament komissiyasining a’zolari bo‘lgan qay bir abjir yigitlar fitnadan keyingi ko‘tarinki kayfiyat bilan partiya oltinlarini qidirib, G’arbga otlandilar. G’arbda ularni sovuqqina kutib olishdi.

«Qo‘lingizda KPSSning jinoyatkorona tashkilot ekani va uning oltinlari jinoyatkorona yo‘l bilan qo‘lga kiritilgani to‘g‘risida sudning qarori bormi? Yo‘qmi? Unday bo‘lsa, sizlarga xayr. Hech qanday axborot bermaymiz. Demokratiyaga o‘rganinglar, yigitlar. 1918 yil allaqachon o‘tib ketgan!»

Ular Yevropani kezib chiqqunlaricha, u yoqqa SSSRdan yana 6 tonna oltin «uchib ketdi». Ana shunaqa! Ketish jafosiga, hikoyamizning ba’zi bir qahramonlari boshiga tushgan ishlar bilan tanishaylik.

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 01:20:28

Nikolay Kruchina halok bo‘ldi. (1991 yilning avgustidan oktyabrigacha SSSR hududida nomenklatura amaldorlaridan 1746 kishi sirli ravishda o‘z-o‘zini o‘ldirdi. Bu raqam — KPSS tuzgan qo‘shma korxonalarning soniga yaqinlashib qoladi. Ammo ularning har biri to‘g‘risida gapirib berishga imkon yo‘q.)

Kruchinaning yordamchisi V. Leshchinskiy esa «Oktyabrskaya» mehmonxonasini xususiylashtirib olgan «Arbat» hissadorlik jamiyati kengashiga a’zo bo‘ldi.

Tarixdagi beqiyos «Transfert» qahramoni, sobiq moliya vaziri V. Orlov Butunrossiya birja banki boshqaruvining a’zosi bo‘ldi. Bu bank egasining ismi yozilmaydigan depozit sertifikatlar chiqaradi. Bunday sertifikatlar esa shaxsiyatini tasdiqlovchi hech qanday hujjat ko‘rsatmay, daromad manbalari haqida hech qanday deklaratsiya yozmay valyutani dunyoning istagan mamlakatiga olib chiqib ketishga imkon beradi. Shu tarzda hech qanday nazoratsiz oltinni davlatdan olib chiqib ketishga yoxud olib kirishga yo‘l ochiladi. Iosif Vissarionovich zamonlaridan beri nomenklaturaning orziqib orzu qilgani shu emasmidi? Ha, chindan ham bolsheviklar voqelikka aylantirolmaydigan hech qanday muammo yo‘q!

KPSS Leningrad viloyat Qo‘mitasi Ishlar boshqarmasining boshlig‘i Arkadiy Krutixin, o‘zining Moskvadagi xo‘jayinidan farq qilaroq, sihat-salomat yuribdi. To‘g‘ri, uni «Rossiya» bankining boshqaruvidan yana bir marta haydab yuborishdi. Bank bir marta xatga tushib, esi og‘ib qolay dedi va shu ahvolida Krutixinni viloyat qo‘mitasi Ishlar boshqarmasining boshqaruvchisi sifatida emas, «Daynemik — Transfer» firmasining vitse-prezidenti sifatida bank boshqaruvi kengashiga rais qilib olishganini unutib qo‘ydi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 01:21:29

Ammo hushlari joyiga kelgach, adolat tiklandi. Ammo «Rossiya» banki hushidan og‘ib qolgani bilan Krutixinning o‘zi sovuqqonligini bir zum ham yo‘qotgani yo‘q. Uning boshlig‘i Gidaspov to‘g‘ridan-to‘g‘ri fitna kunining o‘zida viloyat Qo‘mitasi byuro a’zolarini to‘plab, kommunistlar armiyasini oyoqqa turg‘azishni va GKCHPni qo‘llab-quvvatlashni buyurdi. Krutixin esa shu kuni «Chayka» degan sog‘lomlashtirish majmuini va Solnechnoedagi dam olish bazasini o‘zi tashkil etgan «Vartemyaki» shirkati (mas’uliyati cheklangan shirkat) balansiga o‘tkazdi. Ularning balans qimmati 22 million so‘m. Hozirgi paytda Krutixin ularni xususiylashtirish bilan band.

Yuriy Prokofev ham Moskvada ayni shunday qilyapti.

KPSS Markazqo‘mining Xalqaro bo‘limida tergovchilar nafaslarini ichlariga yutib, Valentin Falinning temir sandig‘ini ochishdi, biroq unda yarmi ichilgan konyak shishadan boshqa hech narsa topmadilar.

O’rtoq Dzasoxov «menda, umuman, temir sandiqning o‘zi bo‘lmagan» dedi-da, allaqanday qudratli millatlararo kartelga maslahatchi bo‘lib o‘rnashib oldi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 01:22:02

Gorbachyov «Gorbachyov jamg‘armasi»ni tuzib, do‘sti akademik Yakovlevni o‘z panohiga oldi. Aytishlaricha, akademik yangi kitob yozayotgan emish. Uning 1986 yilda nashr etilgan oxirgi kitobi «Kapitalizmning so‘nishi» deb atalardi. Gorbachyovning o‘zi xususiy tashriflar bilan dunyoni kezib yuribdi, shu yurishida jamg‘armasiga ionalar to‘plash bilan birga har xil faxrli unvonlarni ham yig‘ayapti. Unga havas qilmay qo‘ya qoling — hammasi qilmishiga yarasha!

Butun boshli kommunistik tuzumni mahv etib, nafaqat omon qolish, balki turmani ham chetlab o‘tish, ishonavering, oson ish emas.

Partiyaning oltini esa ishonchli qo‘llarda qoldi.

Uni izlab ovora bo‘lmang, chunki uni mabodo topganingizda ham hech narsa qilolmaysiz. Nega deysizmi? Shuning uchunki, Ilich bilan Parvus orzu qilgan jahon inqilobi allaqachon amalga oshib bo‘ldi. Dollar butun dunyoni bosib oldi. Unga qarshi kurashda biz bilgan vositalarning hammasi ojiz. Uni tanklar bilan yanchib tashlayolmaysiz yoxud partizan otryadlari bilan sillasini quritolmaysiz. Uni faqat undan kuchliroq valyuta bilan yengish mumkin. Faqat shunday valyutagina dollarni kukunga aylantirib yubora oladi. Dollar so‘mni kukunga aylantirganidek. Ammo o‘zining hamma oltinini partiya amalda Qo‘shma Shtatlarga o‘tkazib yuborgan bo‘lsa, bunaqa valyutani qanday qilib barpo etish mumkin? Ishlash kerak. Ammo hech kim ishlashni bilmaydi va xohlamaydi ham. Mabodo birov xohlasa, uning ishlashiga yo‘l qo‘yishmaydi. Yo‘l qo‘yishsa, ishlaganni xonavayron qilishadi. Albatta, buni ongli ravishda atayin qilishadi.

Qayd etilgan