Partiyaning oltinlari. Igor Bunich  ( 154737 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... 41 B


Musannif Adham  15 Fevral 2011, 12:07:05

O’sha kezlarda bunaqa harbiy kuchga qarshi tura oladigan biror kuch yo‘q edi. U yillarda buni hech kim sir deb bilgan ham emas. Nemis askarlari va ofitserlari xizmatdan bo‘sh vaqtlarida Petrograd va Moskva bo‘ylab bemalol sayr qilib yurishgan, nemis ofitserlari uchun qimorxona ishlab turgan, gazetalar nashr etilgan. Hech kimda hech qanaqa shubha tug‘ilmasligi uchun nemis generali Kirxbax Pskovda hali man etilmagan «Rech» gazetasining muxbiriga intervyu berar ekan, «Nemis qo‘shinlari tomonidan Petrograd va Moskvaning ishg‘ol qilinishi mumkinmi?» degan savolga nemislarga xos cho‘rtkesarlik bilan: «Ha, agar bolsheviklar o‘rnatayotgan tuzumga xavf tug‘ilsa, ishg‘ol qilinadi», — deb javob bergan.

Shunday qilib, uch yuz mingta «baynalmilalchi-jangchi»  («Baynalmilal» deb atalmish qo‘shinlar, shaharlarda ommaviy qamashlar vaqtida, dehqonlarning isyonlari va ishchilarning chiqishlarini bostirish paytida o‘zini juda sadoqatli kuch sifatida ko‘rsatdi. Ulardan mashhur ChON, «To‘suvchi otryadlar», Qizil Armiyadan qochganlarni ushlovchi otryadlar, Chekaning maxsus otryadlari tuzilgan. «Mustaqil» mamlakat armiyasida shu qadar ko‘p miqdorda ajnabiylar mavjudligi bu «mustaqillik» qanaqa bo‘lganini ko‘rsatib turibdi) yo‘l-yo‘lakay mahalliy aholidan chiqqan har xil qalang‘i-qasang‘ilarni yoniga olib, Rossiya davlatini mahv etishni samarali ta’minladi. Son jihatidan ular nemis qo‘mondonligi Brest shartnomasi bo‘yicha o‘z tasarrufiga o‘tgan hududni nazorat qilib turish uchun ajratgan okkupatsion qo‘shinlardan ham ko‘p edi. Okkupatsion qo‘shinlar 280 ming kishidan iborat bo‘lib, 43 piyoda va yetti suvoriy diviziyadan tashkil topgan, 108 ta og‘ir zambarakka va 1614 mayda zambaraklarga ega edi. 2000 ga yaqin dengizchi sobiq rus flotini nazorat qilmog‘i kerak edi. Shartnomaga ko‘ra uning asosiy qismi nemislarga berilgan edi. Admiral Shatskiy flotni Gelsingforsdan Kronshtadtga olib ketdi va shu bilan Leninni o‘z xo‘jayinlari oldida mutlaqo ahmoqona ahvolga solib qo‘ydi. Shuning uchun uni otib tashladilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Fevral 2011, 12:34:59

Odessa va uning tevaragidagi rayonlarni general Bem-Ermolit qo‘mondonligi ostidagi 2-Sharqiy nemis-avstriya armiyasi egalladi. Bu armiyaning uchta korpusi okkupatsion shtablarini Odessaga, Xersonga va Kamenets-Podolskka joylashtirdi. Nemislarning «Kiev» degan armiyalar guruhi butun Ukrainani, Qrimni, Don qo‘shinlari viloyatini, Belorussiyaning janubiy qismini, Gruziyaning Qora dengiz sohilidagi rayonlarini qamrab oluvchi juda katta hududni ishg‘ol qildi. Bu armiyalar guruhi avval general Lizingen, keyin esa general-feldmarshal Eyxgorn qo‘mondonligi ostida edi. Keyinchalik Eyxgorn barcha nemis okkupatsion kuchlari ustidan qo‘mondon qilib tayinlandi, «Kiev» armiyalar guruhining oltita korpusi o‘zlarining okkupatsion shtablarini Gomel, Novgorod-Volinsk, Kiev, Xarkov, Taganrog va Simferopolga joyladi. Polesedan shimol tomonni «D» armiya guruhining 10-armiyasi va 8-armiyasi okkupatsiya qild; ularning shtablari Minsk, Dvinsk, Riga, Revel va Viborgda joylashgan edi. Shimoli-g‘arbiy yo‘nalishdagi nemis qo‘shinlariga atoqli general fon der Golts qo‘mondonlik qilgan. Avval u «temir grenaderlar» diviziyasining qo‘mondoni bo‘lgan. 1918 yilning 25 mayida nemislar Potiga uch ming kishilik desant tushirdilar, 10 iyunda esa german qo‘shinlari Tiflisga kirdi. Bir necha kun o‘ttach, 58-Berlin piyoda polki Kerch bo‘gozini kechib o‘tib, Tamanni ishg‘ol qildi. Allaqachon Sibir temir yo‘lini bosib olish va Xiva, Buxoro, Turkiston va Marvni «nemis manfaatlariga moslab maqsadga muvofiqroq tarzda qayta uyushtirish» rejalari tuzib chiqilgandi.

Nemis qo‘shinlariga Hindiston sari to‘g‘ri yo‘l ochildi. Bunaqa istiqbol odamni esankiratib, entiktirib qo‘yardi. Eng uchqur xayollar amalga oshayotganday, eng xufiyona orzular ro‘yobga chiqayotganday ko‘rinardi. Yangi olamshumul imperiya maydonga kelmoqda edi. Bunaqa imperiyani, hatto, Napoleon yetti uxlab, tushida ham ko‘rgan emas. Yana uning poytaxti Parij emas, Berlin ekanini aytmaysizmi? Ammo bolsheviklar berib qo‘ygan rayonlarning hammasini o‘zlashtirish uchun kuch yetishmasdi. G’arbiy front hamma zaxiralarni yamlab yutib bo‘lgan edi. Mavjud 280 ming kishilik harbiy xizmatchilar esa sira yetarli emasdi. Feldmarshal Eyxgornning shtabida bolsheviklar nazorati ostidagi hududlardan yuz minglab nemis soldatlarini qaytarib olib kelish istagi tez-tez qo‘zib turardi, chunki bu soldatlar kayzerona kaskalarini yechib, o‘rniga uslubiga ko‘ra «budyonnovka»ga o‘xshab ketadigan bir narsa kiyib olishgandi. Ular yana shuning uchun ham zarur edilarki, talon-toroj va musodara ishlarida ancha pishib qolgandilar. Ammo bu istakdan voz kechishga to‘g‘ri keldi. Nemislar lenincha uslubda ishlashga jur’at qila olmadilar. Buning ustiga oliy qo‘mondonlik ham «baynalmilalchilar»dan foydalanishga ijozat bermadi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Fevral 2011, 12:35:59

Bolshevikchasiga harakat qilishga jur’atlari yetmagan nemislar shunga qaramay o‘z usullari bilan ish olib bordilar. Bu usul bolsheviklarniki singari oshkora «qaroqchilik» usuli bo‘lmasa-da, yetarli darajada qat'iy, izchil va qattiqqo‘l edi. Faqat 1918 yilning 31 iyuliga qadar nemislar okkupatsiya qilingan viloyatlardan 60 million pud g‘alla va g‘alla mahsulotlari, yem va moyli o‘simliklarning urug‘i, 500 million dona tuxum, tirik vaznda 2 million 750 ming pud qoramol, bir yarim million pud kartoshka va sabzavot olib ketishdi. Bundan tashqari Angliya iskanjasida bo‘g‘ilib yotgan reyxga 3,5 million pud temir rudasi, 42 million pud marganets rudasi va har oyda 300 vagondan maxsus navdagi yog‘och jo‘natiddi. Hatto har xil latta-puttalar bilan temir-tersaklargacha olib ketildi. Olib ketiladigan boylik bor edi-da!

Nemis linkori «Geben» Sevastopolni o‘qqa tutib, shu bilan Turkiyaning Rossiyaga qarshi Germaniya tomonida urushga qo‘shilishiga bahona bo‘ldi. Bu esa Rossiyani ittifoqchilardan butkul ajratib qo‘ydi, chunki bo‘g‘ozlar yopilib qolgandi. Ruslarning tashqi savdosiga dahshatli zarba berilgan edi: rus eksporti 98 foiz, importi 95 foiz kamayib ketdi. Bu esa Rossiyaning harbiy jihatdan toliqib qolishi va oxir-oqibatda qonga botib, boshboshdoqlik ichida yemirilishiga asosiy sabablardan biri bo‘ldi. Chetga olib ketilishi kerak bo‘lgan mahsulot uch yil davomida omborlarda qolib ketdi, keyin esa nemislar va bolsheviklar tomonidan bosib olindi. «Kema kompasi ixtiro qilingandan beri, - deb eslaydi Cherchill, — hali hech qachon bitta jangovar kemaning harakati 1914 yilning avgust-oktyabr oyidagi nemis kreyseri «Geben»ning harakatidek katta va dahshatli oqibatlarga olib kelmagan edi».

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Fevral 2011, 12:37:02

U yer-bu yerini ta’mirlab oladigan dokka va hatto, tuzukroq boshpana bo‘ladigan qo‘nalg‘aga ega bo‘lmagan shavkatli «Geben» butun urush yillarida ruslarning Qora dengiz flotini zir titratib turdi va go‘yo o‘zining tantanavor zafarini namoyish qilgandek, 1918 yilning yozida nemis qo‘shinlari tomonidan bosib olingan Sevastopolga keldi. Kema butun urush davomida shu yerdagina birinchi marta dokda ta’mirlandi, chunki harbiy baza jamiki asbob-uskunasi bilan nemislarga gopshirilgan edi. Buni loaqal 1917 yilda hech kim tasavvur ham qila olmas edi.

Bolsheviklar bosib olgan hududdan ham Germaniyaga eshelon-eshelon poezdlar jo‘nab turdi. Petrograd portining qo‘nalg‘alariga nemis savdo kemalari, turli-tuman sirli shved va norveg paroxodlari, Daniya, AQSh va Argentinadan xususiy bayroqlar ostida allaqanday tushunib bo‘lmaydigan yukchi kemalar, Shveytsariyaning Qizil xoch jamiyatining bayrog‘ini tutgan soxta «gospital» kemalari kelib turardi. Port rayoni ChON tomonidan o‘rab olingandi. Kimda-kim ortiqcharoq qiziqib qolsa, o‘sha joyning o‘zida otib tashlanardi. Shimoliy dengizda o‘z bazalariga tiqib qo‘yilgan va inglizlardan qo‘rqqanlari uchun tumshuqlarini chiqarishga ham jur’at etmagan nemis floti Boltiq dengizida dorilomon harakat qilardi. Minalarga to‘lib-toshgan dengiz (urush yillarida har ikki tomon Boltiq dengiziga 120 ming dona mina qo‘ygan) juda xatarli edi, faqat haddan tashqari zarur bo‘lgandagina kema egalari Petrogradning chalajon portlariga o‘z kemalarini jo‘natardi. Shunday bo‘lsa-da, nemis floti bu yerdagi kemada yuk tashish ishlarini ta’minlab turdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Fevral 2011, 12:38:27

Dengizdagi ishlar chatoq bo‘lganiga yarasha temir yo‘llar uzluksiz ishlab turdi. Ular «Sovetlar va proletar diktaturasi» respublikasini Polsha, Belorussiya va Boltiqbo‘yining nemis qo‘shinlari ishg‘ol qilgan hududlari orqali Germaniya bilan bog‘lab turardi. Gelsingforsgacha va undan nari Skandinaviya mamlakatlarigacha shimoliy temir yo‘l tarmog‘i harakatda edi. Temir yo‘llarning uzluksiz harakat qilib turishini ta’minlash uchun nemislar bolsheviklarga 50 ming tonna ko‘mir yetkazib berishi kerak edi. 1918 yilning 18 aprelida kechqurun chegaradagi Orsha bekatida ikkita poezd uchrashdi: ularning biri Moskvaga yo‘l olgan — unda graf Mirbax boshchiligidagi nemis elchixonasining xodimlari bor edi. Ikkinchi poezd esa «ishchi-dehqon huqumatining muxbir vakillari»ni Berlinga olib ketmoqda edi. «Vakolatxona»ning tarkibi g‘alati edi. Uning boshlig‘i A. A. Ioffe degan odam bo‘lib, yumshoqroq qilib aytganda, u ko‘p ajabtovur edi. U 1883 yilda tug‘ilgan, 1900 yillarning boshida esa mashhur Parvusning ta’siriga tushib qolgandi. O’zining ulug‘ ustozidan ta’lim olgan A. A. Ioffe bir oddiy haqiqatni yaxshilab anglab oldi — u shundan iborat ediki, jahon inqilobini amalga oshirish uchun, avval, yetarli miqdorda pul yig‘ib olish kerak. Trotskiy, Uritskiy, Volodarskiy va Ganetskiy bilan birga Ioffe Leninning qoshidagi Parvus «gvardiya»sini tashkil qilardi. 1917 yilning oktyabriga qadar u nemislar bilan bevosita aloqani amalga oshirib turgan, keyin esa Brest-Litovskdagi sulh muzokaralarida «sovet» delegatsiyasiga rahbarlik qilgan. Va tabiiyki, ayni shu odam Berlinga jo‘natiddi. Buning ustiga Berlinda uni sevimli ustozi Parvus bilan uchrashuv kutardi.

Ular bilan birga «vakolatxona» tarkibida Ya. S. Ganetskiy ham bor edi. Lenin Krakovda «ezilib» yurgan kezlarida u «dohiy»ning o‘ng qo‘li bo‘lgandi. Ma’lumki, urushning birinchi kunlarida Krakovda Leninni rus josusi sifatida qamoqqa oladilar. Shunda Ganetskiy Berlinga yuguradi-yu, german poytaxtidagi va Venadagi hamma sotsial-demokratlarni oyoqqa turg‘izib, nafaqat Leninni qamoqdan ozod qilinishiga erishadi, balki uni shoshilinch poezdtsa Syurixga jo‘natishga ham muvaffaq bo‘ladi. 1915 yilda Parvus Ganetskiyni Stokgolmga chaqiradi - nemis razvedkasining Rossiyaga qarshi hamma qo‘poruvchilik ishlari shu yerdan boshqarilar edi. 1917 yilning martida, Lenin bilan Parvus o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, Ganetskiy «Markazqo‘mning xorijiy byurosi» tarkibida vaqtincha Stokgolmda qoladi. Nemislardan olinadigan pul mablag‘larini uzluksiz ravishda Rossiyaga - bolsheviklarga jo‘natib turish uning zimmasiga yuklangandi. Parvusning yordamida Ganetskiy ajnabiy banklar bilan aloqalar o‘rnatadi. Oktyabr to‘ntarilishidan keyin u banklarning bosh komissari va Moliya xalq komissarligining kollegiya a’zosi qilib tayinlanadi, ya’ni talon-torojga boshchilik qilgan va hamma talangan narsalarni qabul qilib olgan muassasaning rahbariyatiga kiradi. Bu lavozimda u nazorat ostidagi hududda hisob-kitob ishlarini olib boradi («Sotsializm —  hamma narsani hisob-kitob qilishdir»).

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Fevral 2011, 12:40:52

Vakolatxonaning uchinchi a’zosi mashhur Krasin edi. Agar so‘nggi 75 yil mobaynida bu kishi haqida loaqal bir og‘iz rost gap yozilganida ham uni tanishtirib o‘tirishga hojat bo‘lmasdi. U iste’dodli muhandis bo‘lgan, ammo butun ruhiyati-yu malakasiga ko‘ra professional jinoyatchi edi. Shuning uchun beixtiyor bolsheviklarga talpingan. 1905 yil inqilobi paytida u Parvusning odamlari bilan birga Volga-Kama bankining Peterburg bo‘limini talashda ishtirok etgan va o‘ljaning anchagina qismini urib qolgandi. Bu ishi Parvusni qattiq norozi qilgan edi.

Ammo oradan ko‘p o‘tmay Parvus zudlik bilan chet elga qochishga majbur bo‘ladi, Krasin esa Rossiyada qolgan va ikki inqilob o‘rtasida juda faol ish olib boradi. Uning qilgan ishlarini yozaman desa, bir necha jildli jinoiy ish bo‘ladi. U banklarning pul tashuvchi aravalariga bosqinlar uyushtirgan, poytaxtdagi elektr tarmog‘ini ishdan chiqarishga tayyorgarlik ko‘rgan, qalbaki pul yasash bilan shug‘ullangan, politsiyachilarni o‘ldirishda qatnashgan. Qaltis ishlarni yaxshi ko‘radigan, dovyurak va sarguzashtgalab Krasinning nima sababdandir Lenindan ko‘ngli qolgan va uning Syurixdan yuborib turadigan, Shveytsariyada inqilob qilishga undab yozilgan maqolalarini ochiqdan-ochiq masxara qilgan. Taniqli Georgiy Solomon muhojirlikda muhtojlikda yashayotgan jahon proletariatining dohiysi uchun (dohiy zarur paytlarda badjahlroq bo‘lsin deb Parvus unga beriladigan mablag‘larni cheklab qo‘yardi) mablag‘ yiqqani Peterburgga kelganida Krasin uning iltimosini eshitgan-u, yonidan hamyonini olib, undan ikkita besh so‘mlik chiqarib Solomonga uzatgan. Bundan Solomon qattiq g‘azablangan va Krasinga «sensiz ham kunimiz o‘tib qolar» degan. «O’zingiz bilasiz, - deb yelkasini qisgan Krasin, pulni hamyoniga qaytarib solib qo‘yar ekan. Va yana Solomonga do‘stona ohangda shunday degan:

— Achchig‘ingiz kelmasin, Georgiy. Lenin yordam berishga arzimaydi. U hamma narsani vayron qilish kasaliga uchragan. Ertaga qanday harakat qilishini oldindan aytib berib bo‘lmaydi. Uning kallasida ertaga qanaqa fikr tug‘ilishini hech kim bilmaydi. Keling, qo‘ying Leniningizni. Undan ko‘ra, yuring, tushlik qilaylik».

Qayd etilgan


Musannif Adham  16 Fevral 2011, 21:59:25

Ammo Lenin to‘ntarishdan keyin mamlakatdagi hamma savdoni mahv qilib bo‘lgach, nima sababdandir ayni Krasinni Savdo Xalq komissari etib tayinlaydi. Krasinning narkomatiga million-million mablag‘ bilan ish yurituvchi yirik savdo firmalaridan ham, bor-yo‘g‘i uch yuz so‘mlik savdo qilib ulgurgan kichkina do‘konlar va ustaxonalardan ham musodara qilingan pullaru mollar oqib kelardi. Pul bilan qimmatbaho buyumlar Xalq bankiga va uning qoshida tashkil qilingan «oltin jamg‘armasi»ga topshirilardi, buyumlar esa omborlarga jo‘natilardi. Urush tufayli tashqi savdoda paydo bo‘lgan turg‘unlik vajidan omborlar shiplarigacha buyumga to‘lib ketgan edi. Krasin «yopiq omborlar» tizimini o‘ylab topganlardan biri bo‘ldi. Buning ma’nosi shu ediki, mamlakatda hamma zarur narsa oshib-toshib yotganday ko‘rinsa-da, hech narsa sotilmas, balki taqsim qilinardi, xolos. Bu tizim bizning kunlarimizda ham yashab, avvalgiday samara bilan qo‘llanmoqda. Faqat farqi shundaki, u yillarda ochlik va muhtojlik tufayli pichoq suyaklariga borib qadalgan odamlar omborlarga hujum qilishardi. Hujum vaqtida ularni shafqatsizlik bilan pulemyotdan otishar, keyin esa har bitta o‘lgan odamni alohida inqilobiy tribunal hukmi bilan otilgan deb rasmiylashtirib qo‘yilardi. To‘g‘ri, omborlar hisobsiz emas edi. Vaqt-vaqti bilan aynigan mahsulotlar tun qorong‘isida va soqchilarning qattiq nazorati ostida shahar tashqarisiga olib borib, axlatxonaga tashlanardi. Yana ularning ustidan ohak to‘kilardi. Xudo ko‘rsatmasin, biron betamiz bu mahsulotlarga ko‘z olaytirmasin-da! Axlatxonaga yetib borguncha yo‘l-yo‘lakay, albatta, u-bu narsalar o‘g‘irlanar va keyin u bozorda paydo bo‘lardi. Aynigan mahsulotlar tufayli yalpi kasalliklar tarqalib turardi. Bunga esa, tabiiyki, chayqovchilarni aybdor qilishardi.

Aytgancha, yaqin orada omborlarning bo‘shab qolishi xavfi bor edi — Krasin xuddi shu maqsadda Germaniyaga yo‘l olgan edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  16 Fevral 2011, 22:51:16

Berlinga ketayotganlar orasida eng ajoyibi — «vakolatxona»ning to‘rtinchi xodimi Vyacheslav Menjinskiy edi. Shaxsan Leninning ko‘rsatmasiga muvofiq u nemis poytaxtida RSFSR Bosh konsuli mansabini egallashi kerak edi. Vyacheslav Menjinskiy — bolsheviklar rahbariyatidagi eng mash’um shaxs hisoblanadi. «Temir Feliks»ning birinchi muovini, VChK kollegiyasidagi eng ashaddiy qonxo‘rlardan biri bo‘lmish bu odam ayni choqda Moliya Xalq komissari mansabini ham egallab turar va «xalq banki»ning asosiy komissarlaridan biri edi. Bunaqa xilma-xil mansablarni egallab turish ko‘p g‘aroyib emasmi, a? Bir qo‘li bilan talasa va otsa-yu, ikkinchi qo‘li bilan talangan narsalarni jamlab, yashirsa! Aftidan, allaqanday muhim sabablar tug‘ilganki, Menjinskiy Rossiyadagi sermashaqqat va serdaromad ishlarni tashlab, Berlinga jo‘nashga majbur bo‘lgan (1916 yilning iyulida Menjinskiy Parijda chiqadigan «Bizning sado» degan muhojirlar gazetasida Lenin haqida g‘oyatda e’tiborga sazovor maqola e’lon qilgandi. Unda shunday deyilgan: «Lenin - siyosiy munofiq. Ko‘p yillar mobaynida u marksizmni hozirgi daqiqada o‘zi uchun zarur bo‘lgan qiyofaga solib kelmoqda. Hozirgi paytda u o‘z nazariyalari ichida uzil-kesil gangib qoldi. Lenin — rus absolyutizmining haromi farzandi. U rus taxti bo‘shab qolsa, bu o‘ringa o‘zini birdan-bir munosib nomzod deb hisoblaydi. Mabodo unga hokimiyat tegib qolsa, Pavel I dan kamroq noma’qulchiliklar qilmaydi... Leninchilar, hatto, fraktsiya ham emas, balki qamchilarning qarsillashi bilan proletariatning ovozini o‘chirishga tirishayotgan ot o‘g‘rilaridir». Kremlga xo‘b g‘aroyib ulfatlar to‘planib olmaganmi?) Berlinning Sileziya vokzalida vakillarni Germaniya Tashqi Ishlar vazirligining allaqaysi mayda xodimlari bilan birga ulug‘ Parvusning o‘zi kutib oldi. Rossiya taqdirida bu odamning ahamiyati shu qadar katta bo‘lsa-da, u haqda shu qadar kam bilishadiki, buni o‘ylasang, alam qilar ekan kishiga. Negaki, ayni Parvus Leninning muallimi va ustozi bo‘lgan edi. Ayni ana shu Parvus birinchi bo‘lib Ilich siymosida o‘zining benihoya boyib ketish borasidagi beqiyos rejalarini amalga oshirishga qurbi yetadigan odamni ko‘rgan edi. E’tirof etish kerakki, garchi Parvus, 1905 yilda qandaydir qora ishlar bilan shug‘ullanishga majbur bo‘lgan esa-da, aslida bunday ishlarga aslo tobi yo‘q edi. Parvusning haqiqiy familiyasi Gelfand deb hisoblanadi, lekin so‘nggi ma’lumotlar bunga shubha bilan qarashga undaydi. Bunaqa ko‘lamdagi xalqaro firibgarlarning haqiqiy familiyasini topib olish juda qiyin. U Lenindan uch yosh katta bo‘lgan. 1867 yilda Minsk gubernasidagi Berezino shahrida tug‘ilgan. Bolaligi Odessada o‘tgan, 1885 yilda shu yerda gimnaziyani tugatgan, keyin tahsilni davom ettirish uchun Germaniyaga ketgan. 1891 yilda Parvus iqtisod va moliya kursi bo‘yicha Bazel dorilfununini tugatadi. Shundan so‘ng bir necha yil mobaynida Germaniya va Shveytsariya banklarida xizmat qiladi. Aftidan, marksistik safsatadan istagan iqtisodiy va harbiy jinoyatni xaspo‘shlashda foydalanish mumkinligini birinchi bo‘lib anglagan ko‘rinadi. Rossiya tarixini, uning xo‘jaligi va moliyaviy ahvolini berilib o‘rgangan. U rus jamiyatining hamma tabaqalarini ich-ichidan yemirib yotgan chuqur ziddiyatga e’tiborni qaratgan va agar bu jamiyat dvoryanlar va ziyolilardan iborat omonat himoya qatlamidan mahrum bo‘lib qolsa, juda nochor va ojiz bo‘lib qolishini bashorat qilgan. Uning bu karomati Leninda juda katta taassurot qoldirgan.

Qayd etilgan


Musannif Adham  16 Fevral 2011, 22:52:13

Lenin «sotsial-demokratik» muhitda faqat Parvus bilangina bahslashishga jur’at etgan emas. Holbuki, kimda-kim marksizmni sal boshqacharoq talqin qiladigan bo‘lsa, Lenin unga dakang xo‘rozday tashlanib, dabdalasini chiqarar edi. Bunaqa paytda u raqibini ayab o‘tirmay, eng dag‘al iboralarni ham qo‘llayverardi. «Malay, oqsoch, yollangan, ablah, fohisha, sotqin» - raqiblari bilan bahsga kirishganda Lenin ana shunaqa haqu nohaq adabiy-munozaraviy iboralarni qo‘llashda sira tortinib o‘tirmasdi.

Ammo dohiy Parvusni hammadan ko‘ra yomon ko‘rardi, undan nafratlanardi, lekin shunday bo‘lsa ham na matbuotda, na og‘zaki unga til tekkizishga jur’at qilmasdi. Aksincha, uning gaplarini e’tibor bilan tinglar ekan, ko‘pincha «bo‘lmagan gap! O’ta bema’nilik! Lekin masalaga dialektik qaraladigan bo‘lsa, marksizm deganlari aynan shuning o‘zi bo‘ladi!» deb xitob qilardi. Amaliy marksizm, Parvusning fikricha, quyidagilardan iborat edi: butun jahon miqyosida hukmronlikka erishish; buni marksizm lahjasida «jahon inqilobi» deydilar. Bunga erishishning faqat bitta yo‘li bor - jahon moliya tizimi ustidan nazoratni qo‘lga olmoq kerak. Buning uchun eski tizimni, ya’ni mavjud moliya qurilmalarini, albatta, ag‘darib tashlash shart emas, deb hisoblardi. Parvus, balki bu tizimga bir amallab suqilib kirib olib, uni asta-sekin o‘z nazorati ostiga olish va shu zaylda o‘z maqsadlarini ro‘yobga chiqarishga e’tibor berish kifoya. Bunga erishmoqning yakka-yu yagona sharti shuki, birorta ozmi-ko‘pmi badavlat davlatni bosib olish zarur va uning jamiki boyligini, hamma ko‘chuvchi va ko‘chmas mulkini pulga aylantirib, xalqini sof Aflotun sotsializmida (ya’ni eng rasvo qullik sharoitida) yashashga majbur qilish lozim. Shu yo‘l bilan yig‘ilgan mablag‘ni esa jahon moliyaviy tizimiga singdirish kerak. Agar mablag‘ yetarli darajada katta bo‘lsa, uning yordamida jahonga o‘zi istagan mafkurani qabul qildirish mumkin. («O’ta bema’nilik!») Tabiiyki, buni ommaviy va shafqatsiz qirg‘insiz amalga oshi-rib bo‘lmaydi, ammo «proletariat diktaturasi», «sinfiy kurash», «o‘lib borayotgan sinflar», «yalpi tenglik», «to‘la erkinlik» kabi iboralardan mahorat bilan foydalanilsa va «muvaffaqiyatga erishish», «muvaffaqiyatni mustahkamlash», «muvaffaqiyatni rivojlantirish» degan juda jo‘n bir yo‘sinda puxta o‘ylanilgan harakat taktikasini qo‘llasa, bu bilan qirg‘inlarni niqoblash uchun juda keng imkoniyatlar tug‘iladi. O’z saflaringda temir intizom o‘rnatish kerak, ixtilof degan narsaga sira yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, rahbariyatning turmushi mutlaqo pinhona kechmog‘i lozim, bu rahbariyatni asta-asta ilhomlantirib borish shart. («O’ta bema’ni! Lekin masalaga dialektik qaralsa...»)

Qayd etilgan


Musannif Adham  16 Fevral 2011, 22:53:14

Bular hali farmonlar va dekretlar: ko‘rsatmalar va buyruqlar, maxfiy va mutlaqo maxfiy qo‘llanmalar, sirni oshkor qilib qo‘ysa o‘lim jazosiga mustahiq qilish bilan qo‘rqituvchi do‘q-po‘pisalar emas edi. Bular hozircha shinam kafelarda yoxud ko‘ngilochar ziyofatlarda o‘tirib qilingan bashoratlar edi, xolos. Bu o‘tirishlarda fortepyanoda «Varshavyanka»ni chalish yoxud «Yo‘qolsin hokimi mutlaqlik!» deganga o‘xshash umumiy xitoblarni aytish uchchiga chiqqan qahramonlik deb hisoblanardi. Ammo «stsenariy» qanaqa bo‘lishi haqidagi gaplar o‘rtaga tushgan edi. Darhol bir-biriga zid fikrlar tug‘ildi. Parvusning fikricha: dastlabki rejani amalga oshirmoq uchun Rossiyadan qulayroq mamlakatni o‘ylab ham topib bo‘lmaydi. Lenin esa bunga butunlay qarshi edi. Leninning fikricha, Rossiyada hech narsa qilib bo‘lmaydi. Parvus esa aksincha, Rossiyada hamma narsaga imkon bor, hatto, aslo mumkin bo‘lmagan narsalarni ham qilishga yo‘l topiladi deb hisoblardi. Rus-yapon urushidagi sharmandali mag‘lubiyatlar tufayli ming yillik rus qudrati zil ketdi. Shunda Parvus vaziyatga darhol baho berib, xalq chorizm tuzumini bu mag‘lubiyat uchun kechirmaydi dedi. Negaki, xalq asrlar davomida zo‘r-zo‘r g‘alabalarni ko‘rgan, yengil-yelpi jangarilik ruhida tarbiyalangan. Endi tahqirli mag‘lubiyatni ko‘rib o‘tiribdi. Bu yengilish imperiyaning iftixori bo‘lmish ulug‘ flotni barbod qildi - hozir uning yarmi yaponlar qo‘liga o‘tib ketdi va yapon bayroqlari ostida suzib yuribdi. Buni anglash uchun markschi bo‘lish shart emas edi. Gertsenning oddiygina so‘zlarini esda tutish kifoya edi: «Urushlarda alqaydigan narsa muzaffariyat emas, mag‘lubiyatdir... Negaki, xalq uchun eng baquvvat kishanlar muzaffariyat qilichlaridan yasaladi».

Yaponlardan ikki million funt-sterling pul olgach, Parvus fursatdan foydalanib, 1905 yil inqilobning dohiysi va rahbari bo‘lib oldi. Yapon pulidan Leninga ham jinday ulush tegdi — ularning kuchi bilan RSDRPning uchinchi qurultoyi o‘tkazildi va «Vperyod» gazetasi tashkil qilindi. Ammo Lenin Rossiyaga ishonmaganidan, Parvusning ko‘ziga norozi ko‘rinsa-da, ko‘nglida unga qoyil qolgani holda, uning xatti-harakatlarini xorijdan kuzatib turdi.

Qayd etilgan