Partiyaning oltinlari. Igor Bunich  ( 107236 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 ... 41 B


Musannif Adham  01 May 2011, 01:31:27

Raqamlar to‘g‘ri kelmayapti. Bo‘lishi mumkin emas! Bo‘li-shi mumkin emas? Mana, o‘zingiz ko‘ring. Xo‘b, g‘alati ish bo‘liptida! Yetmish besh... yo‘q, kechirasiz... yetmish sakkiz million tilla so‘m. Darhol tergov boshlandi. Har tomonga maxfiy telegrammalar uchdi. Dzerjinskiy Moskvada (Shveytsariyaga borib kelib turadi), Menjinskiy Berlinda. Tekshirish natijalari aql bovar qilmaydigan bo‘lib chiqdi. O’g‘irlik Petrogradda sodir bo‘lar ekan, «Yuk»ni allaqayoqqa Skandinaviyaning xususiy banklari orqali jo‘natayotib urib qolishar ekan. Aybdorlarni ham tez topishdi. Uritskiy, Volodarskiy va Kronshtadt ChKsining raisi Andronikov (Knyaz Andronikov Rasputinning do‘sti, Sinodning oberprokurori qoshida maxsus topshiriqlarni bajaruvchi sobiq mansabdor, podsho oilasi bilan bordi-keldisi bor. Pikul tomonidan «So‘nggi hudud oldida» romanida zavq-shavq bilan tasvirlangan: «Jahon proletariati» xo‘b g‘alati ijrochilar guruhiga ega bo‘lganda! Oktyabr to‘ntarishidan keyin Andronikov qonli Kronshtadt ChKsining boshlig’i bo‘lganiga shubha qiladiganlar bo‘lsa, «Lenin va VChK» degan kitobni ko‘rishsin. Moskva, 1975, 225). Parvusning chuqur xo‘rsinishdan boshqa iloji qolmagan edi. Uritskiy bilan Volodarskiy uning sevimli shogirdlari. Buyuk inqilobiy g‘oyalarga juda ham berilgan ko‘rinishardi. Boshqa ko‘plar qatori Leninning yoniga maxsus qo‘yib qo‘yilgan edi. Ularning nazoratida bo‘lsa Lenin biron kutilmagan nojo‘ya ish qilib qo‘ymaydi deb o‘ylashgan edi. Tekshirib ko‘rishni va’da qilishdi. Chindan ham juda tez fursatda hamma narsani aniqlashdi... Bir oydan keyin Volodarskiyning surobini to‘g‘ri qilishdi.

Berlindagi muzokaralar silliq o‘tmoqda edi. Ganetskiy moliyaviy ishlarga Berlin, Geydelberg va Syurix universitetlarida bejiz o‘qimagan edi. U qat’iy valyutani qaerda, qanday qilib, qaysi shartlar asosida joylashtirish kerakligini juda yaxshi bilardi. Lenin haqidagi zavqu shavqqa to‘la xotiralarida Ganetskiy huzurlanib o‘sha kunlarni eslaydi. Huzurlanmay o‘lsinmi — 1932 yilda GPU Shveytsariya banklaridan birida shaxsan Ganetskiyning nomida 60 million frank borligini aniqlagan. Ganetskiy yozadi: «Garchi zangori stol tevaragida nemis banklarining Mendelson, Glazenap va boshqa kazo-kazolari bilan uchrashishga unchalik ko‘nglim chopmayotgan bo‘lsa-da, delegatsiyamiz muzokaralarni chakki olib bormadi. Bu muzokaralar natijasida Brest-Litovskiy shartnomasiga qo‘shimcha bitimlar imzolandi. Bu bitimlarga ko‘ra, Germaniyaning moliyaviy da’volari bo‘yicha to‘lanadigan to‘lovlar miqdori aniq belgilangan va ayni chog’da, ichki iqtisodiy siyosat sohasida sovet Rossiyasining to‘la mustaqilligi ta’minlangan edi». Serzarda nemis bankirlari va ularning shveytsariyalik hamkasblari pullarni topish yo‘llari masalasida nimalardir deb e’tiroz bildirishga urinib ko‘rishgan. «Ammo biz ularning yuziga ro‘yirost aytdik — bizning ishlarimizga aralashmanglar, janoblar!» («Keksa bolsheviklarning xotiralarini o‘qisang, maza qilasan-da!»)

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 May 2011, 01:31:59

Ganetskiy bankirlarning ko‘nglini ovlash bilan band ekan, Krasin sanoatchilar bilan shug‘ullandi. Rossiyada juda ko‘p mulkidan judo bo‘lgan va buning uchun biror-bir tovon undirish ilinjida yurgan dong‘i dunyoga ketgan Simens — uning o‘z so‘zlari bilan aytganda, Krasin bilan uchrashuvga german sanoatining ko‘zirlaridan «butun bir polk»ini taklif qilgan. Ular juda jiddiy odamlar sanaladi, o‘zlarining xalqaro obro‘-e’tiborlarini ko‘z qorachig‘iday avaylab ehtiyot qilishadi (bankirlar bu masalada jinday andishasizroq bo‘lishadi). Sanoatchilar avvaliga sergakroq turishdi. Shu tufayli ular yangi bino bo‘lgan Savdo Xalq Komissarining o‘tmishi bilan tanishib chiqishdan ham erinishmadi va narkomning «mana-man» deb turgan jinoyatlarga to‘la hayot yo‘li sanoatchilarga uncha ma’qul kelmadi.

Ammo tanlash uchun imkoniyat yo‘q - boriga qanoat qilish kerak edi. Bir tomondan quruqlikdagi frontlar iskanjasida, boshqa tomondan dengizdagi ingliz qamali tufayli bo‘g‘ilib qolgan Germaniya jon talvasasida edi — uning qo‘shinlari G’arbda Fransiyaning yarmini egallab turgan va sharqda Tiflis ko‘chalarida gursillatib qadam tashlayotgan bo‘lsalar-da, bu ularning ahvolini yengillatolmas edi. Dengiz savdosi 1914 yiddayoq to‘xtab qolgandi. Germaniyaning iftixori bo‘lgan va Kayzer juda boshqacha mehr qo‘ygan dengiz floti esa butun urush davomida mamlakatning burnidan ingliz sirtmog‘ini olib tashlash uchun bor-yo‘g‘i bir martagina qo‘rqa-pisa urinib ko‘rdi, xolos. Sanoatni qayta tiklamasa bo‘lmas edi. Krasin esa ularga xom ashyo taklif qilyapti. Yana shunaqa miqdordaki, buncha xom ashyo nemislarning tushiga ham kirmagan. Taklif qilinayotgan xom ashyo miqdorini ular 1917 yilning boshiga kelganda Rossiyada strategik xom ashyo zaxiralari qancha qolgani haqidagi razvedka ma’lumotlari bilan solishtirib ko‘rishadi. Yo Parvardigor! Butun urush yillarida rus sanoati ming mashaqqat bilan to‘plagan xom ashyoning hammasini supurib-sidirib olib ketishni taklif qilishmoqda. Shu gaplarning hammasi chinmikan? U yerda hokimiyat tepasiga kelganlar qanaqa odamlarikin? Bu ishlarda allanechuk firibgarlik yo‘qmikin? Bu takliflarni yana biron odam tasdiqlashi mumkinmi? Marhamat! «Germaniyaga tovarlar sotish va xarid qilishga taalluqli hamma masalalarda bevosita general konsullikka, janob V. R. Menjinskiyga murojaat qilinsin». Leninning aytishicha, bu odamning obro‘-e’tiborida tangadek dog‘ yo‘q... Xuddi shu paytda Ioffe bilan Menjinskiy qo‘li qo‘liga tegmay, vakolatxona va general konsullik nomiga ham quruqlikdan, ham dengiz yo‘lidan kelayotgan behisob yuklarni qabul qilish bilan ovora edilar. Ba’zi bir yashiklar bilan konteynerlarni tushirib ham o‘tirmay, to‘g‘ri Shveytsariyaga jo‘natib yuborishardi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 May 2011, 01:35:17

Parvus hamma gapdan xabardor bo‘lganida bu ishlardan mamnun bo‘lardi, albatta. Ammo u ancha-muncha ishlardan bexabar edi. Bir amallab uning homiyligidan qutulib olgan Lenin sobiq ustoziga hamma rejalarini batafsil ma’lum qilish niyatida emasdi. Har tomoni diplomatik so‘rg‘ichlar bilan qoplangan ba’zi bir yashiklarda bolsheviklar tomonidan xorijga olib ketilayotgan tilla tangalar, yombilar, zargarlik buyumlari va san’at asarlari, platina hamda qimmatbaho toshlar yo‘q edi. Aksincha, bolsheviklar nemis tilida apil-tapil bosib chiqargan risolalar va varaqalar joylashgan edi. Ularda esa Germaniya ishchilari va dehqonlari o‘z mamlakatlarida hozir Rossiya boshidan kechirayotgan qonli boshboshdoqlik holatini joriy etishga chaqirilgandi. Ba’zi yashiklarda esa miltiqlar ham bor edi. Butun jahonga vabo tarqatishi mumkin bo‘lgan ajal urug‘i borgan sari yoyilib bormoqda edi. «Agar Rossiya boshiga solgan kunlarimizni Germaniya boshiga ham solish imkoniyati tug‘ilib qolsa, biz bu imkoniyatdan mutlaqo yuz o‘girmaymyz?» — deb e’tirof etgandi surbet Radek.

Xo‘sh, Menjinskiy-chi? U qanday gunoh qilgan ediki, xo‘jayini Dzerjinskiy Lubyankadagi ishlarini tashlab, kutilmaganda Shveytsariyaga kelishga majbur bo‘ldi? Gap Vorovskiy, Volodarskiy va keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Zinovev ham o‘g‘irlikka qo‘l urganida ham emas. To‘g‘rirog‘i, faqat shunda emas. Gap shu yoqda ediki, Parvus endi Leninga malol kela boshlagan edi. Yo‘q, yo‘q, u jahon proletariatining dohiysi bo‘laman deb da’vo qilayotgani yo‘q yoki matbuotda Ilich bilan nazariy bahslar olib borgani jur’at ham qilmadi (tabiiyki, Parvus «partiyaviy publitsistika» deb atalgan maraz haqida o‘ylashni allaqachon xayolidan ham chiqarib yuborgan edi). Ammo Lenin Parvus o‘z hayotida qanaqa rol o‘ynaganini va maxsus vagonda urushayotgan Germaniyadan o‘tar ekan, uning oldida zimmasiga qanday majburiyatlar olganini bir daqiqa bo‘lsin unutgani yo‘q edi. Lenin Parvusni juda xavfli guvoh deb bilar va bu fikrida jon bor edi. Bundan tashqari, rejaning muallifi Parvus edi, ammo reja o‘ng kelib, amalga oshib qolgandan keyin Leninning o‘zi unga muallif bo‘lishni xohlab qoldi.

Ammo bu ham hali eng asosiy sabab emasdi, asosiy sabab shunda ediki, Parvus o‘z baqaloq gavdasi bilan G’arb banklarining keng tarmoq yoygan tizimi bilan aloqa qilinadigan hamma yo‘llarni to‘sib olgan edi. Shu tarzda u qandaydir o‘yin qilar va buning oqibatida o‘z hamyoniga qancha urib qolayotgani ma’lum emasdi. Lubyanka yerto‘lasida xalqaro tajribaga ega bo‘lgan ancha-muncha keksa va pixini yorgan moliyachilar to‘planib qoldi. Ular qiynoqqa olingach (ko‘pincha esa qiynoqsiz ham) moliya dunyosidagi juda katta sirlarni va aloqalarni aytib berishdi. Bu esa Parvus ko‘zda tutgan ishlarni yanada kattaroq ko‘lamda Germaniyasiz ham amalga oshirish imkonini berardi. Ammo bu kelajakdagi ish, hozircha esa Parvus kerak edi. Shuning uchun uni yo‘qotish masalasi oraga tushgan bo‘lsa ham, hali fursati yetgani yo‘q deb tan olindi va kechiktirildi. Mutlaqo xolis bo‘lmoqlik uchun yana shuni e’tirof etish kerakki, 1918 yilning 19 iyulida Kremlda bo‘lib o‘tgan majlisda (shu majlisdan keyin Nikolay II va uning oila a’zolari otilgani haqidagi dastlabki ma’lumotlar butun dunyoga tarqagan edi) Parvusning familiyasi tez-tez tilga olinib turgan bo‘lsa-da, uni tugatish munosabati bilan emas, balki uning «Kam!» degan mashhur luqmasi va puxta o‘ylanmagan hamda nazoratsiz amalga oshirilgan ekspropriatsiya (milliylashtirish) haqidagi mutlaqo haqli mulohazalari munosabati bilan aytilgandi. Keyinchalik Leninning o‘zi ham bunaqa xitoblarda ruscha bo‘lmagan so‘zlarni qo‘llash ma’qul emasligini tan oldi va «Talanganni tala!» degan mashhur shiorini o‘rtaga tashladi.

Xullas: Eshitildi. Qaror qilindi. Keyin esa «qizil terror» boshlanib ketdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 May 2011, 01:38:58

Uritskiyni tugatishni buyurib va o‘ziga qarshi uyushtirilgan suiqasddan foydalanib, Lenin insoniyat tarixida birinchi marta aholining butun-butun qatlamlarini ommaviy qirib tashlashga fotiha beradi. O’shanda o‘limga mahkum qilinganlarning ijtimoiy ahvoli «burjuy» degan mujmal bir tamg‘a bilan belgilangan edi. Bo‘lg‘usi qurbonlarning ro‘yxati to‘ntarishdan keyinoq tayyorlana boshlangan edi. O’shanda «badavlat sinflar»ga mansub odamlar turar joyi bo‘yicha shaxsan Leninning buyrug‘i bilan ro‘yxatga olib chiqilgandi. Garchi «badavlat sinflar»ga mansub odamlar deyilgan bo‘lsa-da, amadda mamlakatning hamma aholisi to‘la-to‘kis qamrab olingandi. Leninning rus xalqining 90 foizi qirilsa qirilib ketsin, atigi 10 foizigina jahon inqilobiga yetib borsa bas, degan mashhur iborasi mislsiz bir ko‘lamda amalga oshira boshlandi. Bu ibora Leninning hamkorlarini juda qoyil qoddirgandi, to‘g‘ri, ular bu iborani mubolag‘a deb hisoblashgandi. Bu paytga kelib, bolsheviklar nazorati ostida bo‘lgan hududlar turli-tuman uezd, guberna va bo‘lis ChKlarning shunaqangi qalin to‘rlari bilan o‘rab olindiki, hatto, «Pravda» gazetasi ham «sho‘rolar hokimiyati» amalda «chekalar hokimiyati» bilan almashtirib bo‘linganini og‘zidan bol tomib qayd qilgan edi. Butun mamlakatni qoplab olgan ana shu idoralarga Moskvadan e’lon qilingan terrorning ma’nosini tushuntirib beruvchi qo‘llanmalar yuborildi: «Biz ayrim shaxslarga qarshi urush olib borayotganimiz yo‘q. Biz burjuaziyani sinf sifatida qirib tashlamoqdamiz. Tergov vaqtida ayblanuvchining sovet hokimiyatiga qarshi ish bilan yoxud og‘izda harakat qilganini isbotlovchi materiallar izlab o‘tirmanglar. Siz aybdorlarga beradigan birinchi savol uning ijtimoiy kelib chiqishi, olgan tarbiyasi, ma’lumoti va kasb-kori haqida bo‘lmog‘i kerak. Shu savollar ayblanuvchining taqdirini belgilab bermog‘i shart. «Qizil terror»ning ma’nosi va mohiyati ana shunda!»

Ammo uning ma’nosi rasmiy qo‘llanmaning bir shapaloq matnida ifodalanganiga qaraganda ancha chuqur edi. «Otib tashlash uchun bizga na dalil, na so‘roq, na gumon kerak. Biz lozim ko‘rsak bas, otib tashlayveramiz, vassalom!» — deb tobelariga uqtirgan Dzerjinskiy. Shu bilan u o‘z xodimlariga bu tadbirga «badavlat sinflar»ni shunchaki mahv etish deb emas, balki ancha kengroq qarash zarurligiga ishora qilgan. Gap, umuman olganda, butun xalq to‘g‘risida bormoqda edi. «Qizil terror» bilan bir paytda garovga olinganlar to‘g‘risidagi mashhur Buyruq ham e’lon qilinadi. Unda shunday deyilgan: «Burjuaziya va ofitserlardan juda ko‘p odam garovga olinmog‘i kerak. Oq gvardiyachilar orasida qarshilik ko‘rsatishga qaratilgan jinday urinish yoxud jinday xatti-harakat bo‘lsa, bunga qarshi hech qanday gap-so‘zsiz ommaviy otish tatbiq qilinmog‘i zarur». Terror bir zumda tizginsiz qonli qirg‘in tusini oldi. Mamlakatda uzoq yillar cho‘zilib ketadigan dahshatli va sertomir o‘zboshimchalikning poydevori o‘shanda qo‘yilgan edi. Biz bugun ham uning samaralarini ko‘rib turibmiz.

Ammo masalaga yanada chuqurroq qarasak, «qizil terror» bolsheviklarning shunchaki navbatdagi moliyaviy tadbiri bo‘lgan edi. Bolsheviklar aholining qo‘lida hali xalq banklari va Moliya Xalq Komissarligi tomonidan tortib olinmagan oz-moz pul qolganiga alam qilib, shu tadbirni o‘tkazgan edilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 May 2011, 01:41:20

Inqilobdan oldin falokat bosib dvoryan, savdogar, faxriy fuqaro, advokat, ofitser deb atalib qolgan, endilikda esa «burjuy» deb nom olgan sho‘rliklar istiqomat qiladigan uylarning hammasiga boshdan-oyoq qurollangan bolsheviklar yarim tunda bostirib kirar, sinchiklab tintuv o‘tkazar, pul va qimmatli ashyolarini tortib olar, odamlarning na jinsi, na yoshi, na sog‘lig‘iga qaramay, ba’zan esa, hatto, terlama bilan yotganlarni ham yupun kiyimda ko‘chaga sudrab olib chiqishar va avvaldan tayyorlab qo‘yilgan aravalarga o‘tqazib, soqchilarning miltiqlari ostida shahardan tashqariga olib chiqib ketishardi. Ularning bir qismini, ayniqsa, yosh va baquvvat yigitlarni joyida otib tashlashar, qolganlarini turli qamoqxonalarga tiqib tashlar edilar. Juvonlarni ko‘pincha zo‘rlashar, keyin o‘ldirib yuborishardi. «Burjuy»larning molu mulki go‘yo «ishchilarga tarqatish uchun» musodara qilinardi. Ammo o‘sha paytlarda, ya’ni butun mamlakat bo‘ylab ish tashlaganlar ommaviy tarzda otib o‘ldirilayotgan bir sharoitda keyinchalik ishchilarga nima tekkanini gapirib o‘tirmasa ham bo‘ladi. Oltin bilan qimmatbaho buyumlar topshirilar edi (ijrochilarning hamyoniga o‘rta hisobda ularning 15 foizidan ortig‘i kirmas edi), kitoblar, qo‘lyozmalar, iste’dodli loyihalar, bebaho arxivlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri tashlab yuborilar, bir qismi o‘g‘irlanar, bir qismi esa chayqovchilarga sotilardi. O’z navbatida chayqovchilar bu buyumlarni sotayotganlarida qo‘lga olinib, ko‘pincha xaridorlar bilan birgalikda otib tashlanardi. Bularning bari u yoki bu ko‘rinishda butun mamlakat bo‘ylab sodir bo‘lardi. Ammo bular quyi darajada yuz berayotgan ishlar edi. Bir bahya yuqori darajada ish «salmoqliroq» asosda olib borilardi. Mabodo birorta odamning puli ko‘p deb taxmin qilinsa va hatto, ajnabiy banklarda yashirib qo‘ygan mablag‘i bor deb o‘ylansa, uni chaqirib olib, ochiqchasiga gaplashilardi: unga «sen ijtimoiy kelib chiqishingga, olgan tarbiyangga yoxud kasb-koringga ko‘ra tugatilishga mahkumsan, bundan qutulib qolishning iloji yo‘q. Ammo sho‘ro hukumati insonparvar hukumat, u o‘zining qonun-qoidalariga xilof bo‘lsa-da, sening hayotingni va erkinligingni saqlab qolishni taklif qiladi. Buning uchun sen tilla bahosida 400 ming so‘m to‘lashing yoki shunga baravar istagan valyutada pul berishing kerak. Buning evaziga to‘g‘ri xorijga jo‘nab ketaverasan», deyishardi. Kimda-kim bunga darrov ko‘nsa-yu, puli va qimmatbaho ashyolarini yashirib qo‘ygan joyini aytib bersa, uni boyliklarini hukumatdan yashirib kelganlikda ayblab otib tashlashardi. Agar bordi-yu, o‘jarlik qilib aytmasa, uni beqiyos qiynoqlarga duchor qilishar, ko‘z o‘ngida butun oila a’zolarini qiynashar, keyin esa, natija qanday bo‘lishidan qat’i nazar, baribir, butun oilasi bilan birga otib tashlashardi. Asta-sekin taslim bo‘lib borganlarni turmada 1934 yilgacha ushlab turishgan va undan millionlarini oz-ozdan sug‘urib olishgan.
 
Lekin, rostini aytaylik — ba’zi odamlarni turmadan chiqarishgan ham, chunki ularning molu dunyosi behisob bo‘lgan, «inqilob shunqorlari» esa allaqachon poraxo‘rlik botqog‘iga shu qadar botib ulgurgan edilarki, ko‘pincha nafs balosi oldida tiz cho‘kishgan. Bu masalada, ayniqsa Petrograd ChKsi va uning inqilobiy Kronshtadt bo‘limi ajralib turgan. Bu bo‘limga biz yuqorida tanishgan knyaz Andronikov boshchilik qilgan. Uritskiy o‘ldirilgandan so‘ng «inqilob beshigi» hisoblanmish shahar ChKsiga Gleb Bokiy boshchilik qildi. U Dzerjinskiyning arzandalaridan edi, o‘zining sobiq boshlig‘i Uritskiyga qarshi suiqasdni zo‘r mahorat bilan uyushtirganidan so‘ng xizmat pillapoyalaridan juda tez ko‘tarila boshladi. Garovga olinganlardan pulini sug‘urib olish mahorati Moskvadagilarning hasadini qo‘zg‘agandi. Poytaxt hayvonot bog‘idagi jonivorlarni otilganlar go‘shti bilan boqish haqidagi fikr ayni shu Bokiyning miyasidan chiqqan. Olis mamlakatlardan keltirilgan hayvonlar qimmat turardi va bolsheviklar o‘ng kelib qolganda ularni kimlargadir pullashni ko‘ngillariga tugib qo‘ygandilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 May 2011, 01:42:21

Ammo eng muhimi bunda emas edi, albatta. Muhimi shunda ediki, Petrogradda garovga olinganlarni pul evaziga qo‘yib yubora boshlashdi. Moskvadagilar bu haqda Bokiyning muovinlaridan biri mashhur Yakovlevning maxfiy axboroti orqali xabar topishdi. Ma’lum bo‘ldiki, imperiyaning sobiq markazida sirli ishlar amalga oshirilayotgan ekan. Garovga olinganlarni pinhoniy ravishda qamoqqa oladilar, ularni allaqaylarda yashirin xonadonlarda saqlaydilar, juda katta miqdorda garov haqi haqida kelishib olishadi, keyin uni maxfiy ravishda fin chegarasidan o‘tkazib yuborishadi. Ulardan olingan pul hech qaysi kassaga kelib tushmaydi va rasmiylashtirilmaydi. Shu tarzda aslo xorijga chiqarib yuborilishi mumkin bo‘lmagan bir qator shaxslar omon qoldi. «Hozirgi paytda, — deb xabar qiladi Yakovlev, — Petropavlovsk qal’asida tutib turilgan sobiq ulug‘ knyazlar Nikolay Mixaylovich, Dmitriy Konstantinovich va Pavel Aleksandrovichlar bilan maxfiy muzokaralar olib borilmoqda. Ularga juda katta tovon evaziga ozodlik va xorijga jo‘natib yuborish va’da qilingan. Allaqachon katta miqdorda pul olingan. Kelishuvga muvofiq sobiq ulug‘ knyaz Aleksandr Mixaylovich, xotini Kseniya Aleksandrovna (sobiq podshoning singlisi) va oltita farzandi bilan xorijga o‘tkazib yuborilgan. U serfarzand odam bo‘lgani uchun aka-ukalar, u birinchi bo‘lib xalos bo‘lmog‘i kerak, degan to‘xtamga kelishibdi»(Ulug‘ knyaz Nikolay Mixaylovich jahon miqyosida tanilgan tarixchi. M. Gorkiy uning uchun iltimosnomalar yozgan. Lenin zo‘r javob bergan: «Inqilobga tarixchilarning keragi yo‘q!» Ulug‘ knyaz Georgiy Mixaylovich ham dunyo miqyosida tanilgan arxeolog, ko‘pgina ilmiy asarlar muallifi). Yakovlevning axborotidan ayon bo‘ladiki, Petrogradda shaxsiy boylik orttirish maqsadida aksilinqilobiy fitna amalga oshirilmoqda.

Sharmandali g‘alva ko‘tarildi. Gunohdan xoli bo‘lish uchun hamma ulug‘ knyazlarni zudlik bilan otib tashlashdi. Leninning bevosita ko‘rsatmasi tufayli shoshilinch o‘tkazilgan tergov bu «maxfiy operatsiya»ga Dzerjinskiy boshchiligida ChKning yuqori doiralari aloqador ekanini aniqladi. Dzerjinskiy, Bokiy va yana bir qator shaxslar egallab turgan lavozimlaridan vaqtincha chetlashtirildilar. Lenin Dzerjinskiyga baqirib, ChKni tarqatib yuboraman deb do‘q urdi. Dzerjinskiy tirjayganicha indamay turdi. U hazilni bilar edi. Baloga qolgan «surnaychi» topila qoldi. Petrogradda dabdabayu-as’asa bilan hammayoqqa jar solishib, ChK rayon bo‘limlaridan birining boshlig‘ini qamoqqa oldilar. U Kozirev degan odam ekan. Maxfiy xonadonda allaqanday ajnabiylardan zargarlik buyumlarini funt-sterlingga almashtirib olayotganda qamoqqa olindi. Uni oshkora, inqilobiy tarzda sud qilishdi. Buni qarangki, «o‘rtoq Kozirev juda tubanlashib ketgan ekan, u, hatto ChKning oshxonasidagi tilla tarelkalar, qoshiqlar va sanchqilarni o‘g‘irlagan». Ayblov hukmi bu tilla buyumlar ChK oshxonasiga qaerdan kelib qolganini aniqlagani yo‘q. Tabiiyki, sud vaqtida bu to‘g‘rida savol beradigan bironta mard topilmadi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 May 2011, 01:42:55

Germaniya poytaxtiga qimmatbaho buyumlar daryoday oqib bormoqda edi. Mamlakatda qon bilan birga so‘rib olingan boyliklar G’arbga, xalqaro banklarning keng tarmoqlariga quyilardi. Davlatning asosiy boyligini tashkil qiluvchi tashabbuskor, tadbirkor, iste’dodli, mehnatkash xalqni ming-minglab go‘rga tiqishmoqda edi. Bironta mard bo‘lsa, mayli, chiqib aytsin: mamlakatni bosib olgan jinoyatchilar to‘dasining bu yurtni talab mahv etishdan boshqa biron maqsadi bo‘lganmi-yo‘qmi? Hamma narsani ikir-chikirigacha aniq hisob-kitob qilib yuradigan nemislar o‘zlarining 1918 yil noyabr oyidagi halokatlariga qadar «sovdepiya»dan olib chiqib ketgan narsalarini xatlab qo‘ygan ekanlar: 2 million pud qand, 9132 vagon g‘alla, 841 vagon yog‘och materiallari, 2 million pud kanop tolasi, 1218 vagon go‘sht, 294 vagon mo‘yna va hokazolar.

Bunga minnatdorlik yuzasidan nemislar baynalmilal armiyaga Don sari keng yo‘l ochib berishdi. Qanotlarida nemislarning madadini his qilgan baynalmilalchilar armiyasi Don kazaklari o‘lkasiga yorib kirdilar. Ularning qo‘lida Lenin bilan Sverdlov imzo chekkan dasturilamal bor edi: «Kazaklar muammosini... ularni yalpi qirib tashlash yo‘li bilan hal qilish kerak... Badavlat kazaklarga qarshi ommaviy terror o‘tkazib, hammasini bitta yo’q qilish kerak... Yonidan yo uyidan qurol chiqqan kishilarni, otib tashlash kerak... Hamma pul va qimmatbaho buyumlarni musodara qilib, daromad daftariga yozish va topshirish zarur...» Ayni shu kezlarda sho‘ring qurg‘ur Gitler bemorxonada yotib, inglizlarning gazli hujumidan keyin endigina o‘ziga kelmoqda edi...

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 May 2011, 01:43:35

1918 yilning noyabrida Germaniya quladi va taslim bo‘ldi. Bundan avvalroq sovet elchisi Ioffe varaqa tarqatayotganda qo‘lga tushib qolib, mamlakatdan chiqarib yuborilgan edi.

To‘g‘ri, ko‘p o‘tmay u yana qaytdi, ammo bu gal to‘g‘ridan-to‘g‘ri sovet elchixonasining hovlisida varaqa emas, miltiq tarqatdi. G’arbiy ittifoqchilar tomonidan nemislar zimmasiga yuklangan taslim shartlari ancha qattiq edi - unga ko‘ra Germaniya tomonidan bosib olingan hamma hududlardan nemis qo‘shinlari tezlik bilan olib chiqib ketilishi zarur edi. 1918 yil 3 noyabrda yarim kechada Petrograddagi nemis konsuli Zinovevning huzuriga xayrlashuv tashrifi bilan bordi. O’tgan yil davomida ularning hamkorligi chakki bo‘lmagandi. Kominternning raisi bo‘lgan Zinovev Petrograddagi Andronikov, Uritskiy va Volodarskiy bilan bog‘liq mojarolarga aralashib qolgan edi. Lenin buni «xalqaro» janjalga aylanishini istamaydi va Zinovevni shu g‘alvalardan omon-eson olib chiqib ketadi.

Zinovev konsul bilan bir oz asabiy holatda xayrlashdi. Har jihatdan puxta o‘ylangan olamshumul reja nihoyasiga yetmoqda edi. Bu reja har ikki tomonga ham beqiyos darajada katta daromad keltirdi. Hozircha Boltiq bo‘yi orqali aloqa yo‘li ishlab turipti. Uni fon der Goltsning «temir grenaderlari» muhofaza qilishmoqda, ammo shunday bo‘lsa-da, hamma orzu-umidlar chippakka chiqib bo‘lgandi. Hozirgi sharoitda, hatto, fon der Goltsning ham hech narsaga kuchi yetmasligi aniq edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 May 2011, 01:44:02

Germaniyaning istiqboli va taqdiri g‘oyat tumanli edi. Bolsheviklar ham undan battarroq ahvolda qolgandi. Nemislarning madadidan mahrum bo‘lgach, ular nima ham qila olardi? Nemislar juda katta ish qilishdi - hang-mang bo‘lib qolgan rus jamiyatidagi har qanday kuchlarning bolsheviklarga qarshi uyushgan tarzda bosh ko‘tarishga urinishiga aslo yo‘l berishmadi. Shu jumladan, Don va Kuban kazaklari bilan Ko‘ngilli armiya o‘rtasida tug‘ilib kelayotgan qudratli ittifoqni yo‘q qilishdi.

Ammo nemislar Kremldagi to‘dani faqat urush tugaguncha saqlab turishini o‘ylashgan edi. Nemislar urushni harholda g‘alaba bilan yoki hech bo‘lmaganda o‘zlari uchun faxrli sulh bilan yakunlashni mo‘ljal qilishgandi. Bir tomondan, Kremlda Libknext va Lyuksemburg tomonidan berilgan kafolat bor edi - unga ko‘ra Germaniya bugun bo‘lmasa, ertaga Rossiya singari chohga qulatilmog‘i kerak edi. Shuning uchun Germaniyaga qochish rejasi deyarli o‘zgarmasdan qolgandi. 1917 yildayoq ishlab chiqilgan bu reja bo‘yicha afsonaviy tarzda juda tez g‘oyib bo‘linardi. Ikki marta bu reja harakatga kelayozdi. Birinchi marta nemis elchisi Mirbax o‘ldirilganda - o‘shanda nemislar Moskvani bosib oladi deb o‘ylashgandi, chunki nemislarning sabr-toqati tamom bo‘ldi, deb hisoblashga hamma asoslar bor edi. Ikkinchi marta esa inglizlarning Arxangelskka askar tushirgani haqidagi xabar yetib kelganida. Negaki, ularga qarshi turadigan hech qanday kuch yo‘q edi. Ammo inglizlar Kremldagi vahima-yu, haqiqiy ahvoldan mutlaqo bexabar edilar. Ular biror yoqqa hujum qilishni xayollariga ham keltirishgani yo‘q. Ularga urushning oxirgi yilida Arxangelsk portida to‘planib qolgan tog‘-tog‘ qurolni nazorat ostiga olish yuklatilgandi, chunki inglizlar bu qurollarni bolsheviklar nemislarga berib yuborishidan xavotirda edilar. Endi esa uchinchi marta yana o‘sha rejani amalga oshirishga ehtiyoj paydo bo‘ldi - hozir «tayyorgarlik davri» e’lon qilingandi, chunki nemislar ketgandan keyin mamlakatdagi ahvol qanday bo‘lishi mutlaqo noma’lum edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 May 2011, 01:44:54

Nemis konsuli har qanday diplomat zimmasiga yuklatiladigan burchni o‘tab, o‘tgan yil davomida Germaniya va RSFSR hukumatlari o‘rtasida juda samarali hamkorlik bo‘lganini aytdi va endi bu faoliyat nihoyasiga yetgani uchun taassuf bildirdi. Surbet Zinovev esa diplomatik odob doirasida qolishni lozim ko‘rmadi — sirasini aytganda, u bu odobni bilmas ham edi. Kominternning boshlig‘i bir zamonlar boshlang‘ich inqilobiy ma’lumotni Odessa baqqollaridan olgan edi — hozir konsulga o‘shalarning tilida xitob qildi: «Nimasiga taassuf qilasiz? Brest sulhiga ko‘ra ancha narsa o‘mardinglar. Mamnun bo‘lsalaring ham bo‘laverardi».

Kayzer diplomatiyasining eski maktabi o‘z vakillari har qanday vaziyatda ham temir bardoshli bo‘lishini, bosiqligini yo‘qotmasligini juda qadrlardi. Konsul o‘zini bosdi, lekin shunday bo‘lsa-da, Zinovevga javob berishda diplomatik odobga jinday xilof ish tutdi: «Brest sulhi kimga ko‘proq foyda keltirdi — sizgami, bizgami? Bu hali ma’lum emas». Shunday deb ular xayr-ma’zur qilishdi.

Nemislarning ketishi bolsheviklarga qarshi kurashayotgan milliy kuchlarni ilhomlantirib yubordi. Ular tarqoq va kuchsiz edilar, qurollari ham yo‘q darajada edi. Ularni nemis nayzalari va ittifoqchilarning befarqligi tiyib turardi, lekin, shunday bo‘lsa-da, ular Rossiyaning boshiga tushgan bu kasofatni uloqtirib tashlashga jon-jahdlari bilan urinib ko‘rishdi. Sobiq imperator armiyasidagi bir hovuch katta ofitserlar o‘zlarining oz sonli askarlari bilan dadil harakat qilib, Rossiyaning bosib olingan Markaziy va Sharqiy rayonlariga shiddatli hujum qila boshladilar. Ammo afsuslar bo‘lsinki, bolshevizmning zaharli mikroblari oq armiyaning orqa tomonini ham va undan ko‘proq darajada armiyaning o‘zini ham zaharlab ulgurgan edi. Leninning «Rossiyaga tupurdim, chunki men bolshevikman» degan so‘zlarida aniq ifodalangan bu mikrob yalpi tenglik hakidagi ayyuhannoslar bilan birga rus jamiyatining Lenin dekretlarida «dushman sinflar» deb atalgan va ayamay mahv etilayotgan tabaqalarini ham qamrab olgandi.

Qayd etilgan