Partiyaning oltinlari. Igor Bunich  ( 154708 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 ... 41 B


Musannif Adham  01 May 2011, 01:45:35

General Denikin hasrat bilan eslaydi: «Chayqovchilik beqiyos ko‘lamda yoyildi. U o‘zining jinoyatkorona doirasiga turli-tuman toifalar, har xil partiyalar va turli kasb-korga mansub odamlarni jalb qildi... Hech shubha yo‘qki, qimmatchilik va u bilan chambarchas aloqada bo‘lgan chayqovchilikning tub sabablari ayrim odamlarda emas, balki xalq hayoti va xo‘jalikning umumiy hodisalaridadir. Ularni vujudga keltirgan narsa, umuman, pul muomalasi va tovar almashtirishning izdan chiqqani, mehnatdan putur ketgani, urushu inqilob oqibatida kirib kelgan yana boshqa ko‘pgina moddiy va ma’naviy omillardir... Davlat mablag‘larini o‘g‘irlash, poraxo‘rlik, haromxo‘rlik oddiy hodisa bo‘lib qoldi, butun boshli birlashma va uyushmalar bu dardga chalindi. Maoshlarning kamligi va o‘z vaqtida berilmasligi bu hodisalarning sabablaridan biri bo‘ldi. Masalan, temir yo‘l transporti o‘z xodimlari tomonidan ayovsiz talandi. Oddiy yo‘l bilan poezdda yurish va unda yuk jo‘natishning iloji bo‘lmay qoldi.

Don hukumati Kubandan to‘g‘ri yo‘l bilan g‘alla olishga erisholmagach, uni xarid qilishni yirik ishbilarmon Moldavskiyga topshirdi. G’alla Don hukumatiga haddan tashqari qimmatga tushgan bo‘lsada, chindan ham katta miqdorda kela boshladi. Moldavskiyning odamlari oddiy stanitsa mirzasi-yu, temir yo‘lning moylovchisidan boshlab eng kattalarigacha og‘izlarini moyladi. Hatto, Kuban Radasida Moldavskiy butun ma’muriyatni aynitib yuborgani haqidagi masala ko‘tarilgan edi. Ammo menga shunday tuyuldiki, Radaning zorlanishi uncha o‘rinli emas, negaki oluvchilarni ham, beruvchilarni ham birini-biriga ursa bo‘ladi. Qonunga chap berish an’anasi butun xalq hayotiga singib ketgan edi. Bu har xil katta-kichik firibgarlar va muttahamlarni paydo qildi. Shaharlarda buzuqchilik, jinoyatchilik, piyonistalik, qimorbozlik uchchiga chiqdi. Frontdan kelayotgan ofitserlar bu botqoqqa boshlari bilan sho‘ng‘idilar. «Hayotning ikki pullik qimmati yo‘q. Bir kun bo‘lsa ham yashab qol!» O’lat vaqtidagi maishat edi bu!»

Hatto mana shunday sharoitda ham asr boshidagi iste’dodli rus sarkardasi o‘z qo‘shinini shiddat bilan Moskva sari boshlab borgan. General Denikinning armiyasi qudrati ravnaq topgan yillarda ham 150 ming kishidan oshgan emas, shunga qaramay, u bir necha oy mobaynida juda katta hududni bolsheviklardan tozaladi. U Xarkov, Poltava, Kievni ozod qildi (nemislar Ukrainadan chiqib ketayotib, Kievni Leninga berib ketishgandi). Voronej va Oryolni egalladi. Kuchlarini yangidan saralash maqsadida to‘xtagan Denikin Moskvani ishgol qilish uchun kazak generali Mamontovning 7000 qilichga ega bo‘lgan otliq korpusini yubordi. Mamontovga berilgan buyruqda uning vazifasi aniq ko‘rsatilgan edi: «Siz yo‘l-yo‘lakay aholining aksilbolshevistik kayfiyatdagi toifasi hisobiga saflaringizni to‘ldira borib, Moskvaga hujumni kuchaytirishingiz kerak. Hujum vaqtida dushmanning orqa tomonini tor-mor qilish va Moskva yo‘nalishidagi asosiy yo‘llarni nazorat ostiga olish zarur. Toki bu yuqorida zikr etilgan yo‘nalishda armiyaning umumiy harakatiga qulaylik tug‘dirsin».

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 May 2011, 01:46:13

Qizil baynalmilalchilar frontini osongina yorib o‘tgan Mamontov chavandozlari Rossiyaning qadimiy poytaxti sari yo‘l oldi. Ammo uning hujumkorlik ruhi bir lahzada so‘ndi. Har bir shaharda, aholi yashaydigan har bir manzilda mahalliy chekalar va inqilobiy qo‘mitalarning yerto‘lalari Alibobo g‘oridagidek afsonaviy boylikka to‘la edi. Kazaklarning nigohi oldida behisob oltin, duru javohirlar, zargarlik buyumlari, tangalar, yombilar, san’at durdonalari namoyon bo‘ldi. Bir zumda kazaklar oltin vasvasasiga uchradilar. Hamma harbiy vazifalar bir zumda esdan chiqdi. Moskvaga yurish qilish o‘rniga Mamontov uyushgan qarshilikka deyarli duch kelmay, ChK va RVK yerto‘lalarini tozalash bilan shug‘ullandi.

Bu voqealarga shohid bo‘lganlarning so‘zlariga qaraganda, kazaklar o‘ljani qo‘lga kiritgach, orqaga — Denikin armiyasi bilan qo‘shilishga emas, balki uyiga - Donga qarab yo‘l olganida, Mamontovning karvoni 60 chaqirimga cho‘zilib ketgan ekan. Tinch Donning shonu-shavkatga to‘lgan kunlari, XVI—XVII asrdagi dorilamon zamonlar go‘yo qaytib kelganday edi. U paytlarda Donning shunqor yigitlari uzoq-yaqin elatlar ustiga tez-tez bosqin qilib turishar va har gal o‘z kulbalariga boy o‘ljalar bilan qaytishardi. Mamontovning korpusi armiya qanotini yalang‘och qoldirib o‘z yurtiga qaytib keldi. Kazaklar o‘zlarining stanitsalari va xutorlariga tarqab ketishdi. Novocherkasskda butxonalarning qo‘ng‘iroqlari chalinib, bosqindan qaytgan Mamontov korpusini qutladi. Zabardast general 2000 kazakni o‘zi bilan olib keldi, besh ming kazak yo‘l-yo‘lakay tum-taraqay bo‘lgan edi. Hamma behad shod edi. General Mamontov o‘ljaning shaxsan o‘ziga tegadigan ulushidan Novocherkassk cherkovlarining butlari va gumbazlari uchun 20 pud tillani iona qildi. (O, bu tillalarning g‘alvasi hali keyin chiqadi. GPU va NKVDning favqulodda tergov komissiyasi 1941 yilga qadar sobiq mamontovchilardan bu tillani astar-avrasi bilan birga sug‘urib oladi. Ularning hammasi xatga tushadi. Hatto xorijga qochib ketganlar ham qolmaydi. Mamontovning omadi kelib, ko‘p o‘tmay o‘lib ketadi. U partiya oltiniga qo‘l ko‘tarib, Oqlar ishini barbod qilganini anglamay, olamdan ko‘z yumadi.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 May 2011, 01:46:48

Qozonda avj olgan qizil terror sakkiz oy mobaynida partiya xazinasini oltinga to‘ldirdi. Ammo Qozondan shu qadar zudlik bilan shataloq otib qochishga to‘g‘ri keldiki, oqibatda hech narsani olib ketishga imkon bo‘lmadi. Garovga olingan mahbuslarni otib tashlashga bazo‘r ulgurdilar, xolos. Chekaning yerto‘lalari murdalarga to‘lib ketgan edi, shuning uchun oltinlarni mahalliy bankning keng yerto‘lalariga qo‘ygan edilar. Bolsheviklar shahardan chiqib ketgan, oqlar esa hali shaharga kirib ulgurmagan bir paytda, olg‘ir olomon naqd to‘rt soat mobaynida bankni rosa taladi. Yirtqich bir qiyofa kasb etgan olomon eshiklarni parchalab, bir-birlarini bosib-yanchib, suyaklarini sindirib, qiyqirib, baqirib-chaqirib, ensizgina aylanma zinada duch kelganlarni toptab o‘ldirib, oltinlarga va qimmatbaho toshlarga tashlandi. Tilla tangalar va duru javohirlarni chelaklarda, qalpoqcharda, etiklarda, tog‘orachalarda, ko‘ylaklardan qilingan xaltalarda, hovuchlarida tashidilar. Ammo olomonning bu ur-yiqit taloni Lenin uyushtirgan muntazam va izchil talovchilikdan shu bilan ajraladiki, olomon talonida unchalik ko‘p narsani olib ketolmaysan.

Oq askarlar o‘q uzib olomonni quvlagach, bank binosini o‘z himoyasiga oldilar. Bu bankdagi oltinlar keyinchalik yomonotliq bo‘lib dong‘i chiqqan Kolchak qo‘liga o‘tgan edi. Bu tillalarning izini hanuzga qadar topolmaydilar. Admiral Kolchakning armiyasi uncha ko‘p shaharni egallagan emas, ammo qo‘lga kiritgan shaharlarida admiral 8878 pud, ya’ni 142 tonna oltin to‘plagan. Uning bir qismi qurol-aslaha sotib olishga sarflangan, bir qismini esa Kolchak o‘z hayotini xavf ostida qoldirib, xorijga chiqarib yuborgan va u yerda tillalarni o‘g‘irlab ketishgan.

Moskva vahimada qolgandi, biroq Petrograddagi ahvol ham bundan kam emas edi. Shaharga janub tomondan yarim gimnazist yigitchalardan tashkil topgan kichikkina armiya bilan Yudenich yaqinlashib kelmoqtsa edi. Bolsheviklar hali otib ulgurmagan odamlarni shoshilinch ravishda yo‘q qilishga kirishdilar. Butun-bugun oilalarni otib tashlashdi. «Agar yengib chiqsa, bizni uzoq vaqt eslab yurishsin!» Zinovev qo‘rqqanidan joni chiqib ketguday ahvolda edi. Lenin telegrammalar yo‘llab unga madad bergan bo‘ldi. Telefammalarda ishchilarni qurollantirib, Yudenichga qarshi tashlashga, chekinishni xayollariga ham keltirmaslik uchun «baynalmilalchi»larning pulemyotlarini qo‘yishga maslahat berilgandi. Safarbar qilingan ofitserlarning oilalarini garovga olish kerakda, agar Yudenichning hujumi to‘xtatilmasa, oilalari otib tashlanishi haqida ularni ogohlantirib qo‘yish shart. Hammasini otish kerak. Ayniqsa, sobiq yirik harbiylar va amaldorlarning hammasini yoshiga qaramay otib tashlash zarur. Ularning yonida hech mirisi yo‘q, lekin har baloni kutsa bo‘ladi. Ommaviy qatllar bo‘ronida ajoyib rus sarkardalari, flot boshliqlari, olimlar nobud bo‘ldi: Admiral Skridlov, Iessen, Shtakelberg, Baxirev va Razvozovlar... Ammo faqat ommaviy qirg‘inlar bilangina bo‘lg‘usi halokatning alamini olish mumkin emas edi. Boshqa choralar ham ko‘rildi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 May 2011, 01:47:28

Avvaliga hamma narsa odatdagidek o‘ta uquvsizlik bilan qilindi. Dag‘-dag‘ qaltirab otilishini kutib turgan garovga olingan badavlat odamga ko‘chmas mulkini boshqa bir shaxsga sotish taklif qilinardi. Xaridor ko‘pincha ajnabiy fuqaro bo‘lardi. Har ikki tomonning imzolari va shaxsiy muhrlari qo‘yilgan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilardi. Bu ko‘chmas mulk (zavodlar, magazinlar, kemalar, temir yo‘llar, nashriyotlar va hokazolar) allaqachon tortib olib qo‘yilganini hech kim eslamas edi. O’limga mahkum qilingan odam ham hech qanaqa ortiqcha savol berib o‘tirmas edi, chunki mulkini sotishi evaziga uning hayotini saqlab qolish va’da qilinardi. Ish bitgandan so‘ng esa garovga olingan odam otib tashlanar, unga taalluqli hamma hujjatlar yo‘q qilinardi. U odam dom-daraksiz g‘oyib bo‘lganga chiqarilardi. Uning hamma mulkiga esa boshqa odam egalik qilaverardi.

Shunday qilib bolsheviklar, hozirga til bilan aytganda, begonalarning mulkini privatizatsiya qilish yo‘li bilan bozorga kirmoqchi edilar. Agar, aytaylik, oqlar g‘alaba qozonsalar, birinchi navbatda qisqa fursatlarda xo‘jalikni izga solib yuborishlari kerak bo‘lardi. Biron zavod xususiy odamning qo‘lida bo‘lsa, oqlar buni, albatta, ma’qullagan bo‘lardi. Zavodning xo‘jayini avvallari hech kim tanimagan janob N. degan odam bo‘lib chiqdi. Ammo bu zavod Paramonov degan savdogarniki ekanini hamma yaxshi eslaydi. Janob N. hujjat ko‘rsatadi. Unda aytilishicha, savdogar Paramonov zavodni unga 1916 yildayoq sotib yuborgan ekan. Nega buni hech kim bilmagan? Bu tijorat siri. Gap shundaki, zavodning sobiq xo‘jayini juda og‘ir moliyaviy ahvolga tushib qolgan va bundan odamlar voqif bo‘lishini istamas edi. Qaerda u hozir? Noma’lum. Janob N. aytadiki, savdo pishgandan keyin u Rossiyadan xorijga ketgan edi, janob Paramonovni 1916 yildan beri ko‘rgani yo‘q. Qanaqa zamonlar bo‘lganini bilasiz-ku? Hamma har yoqqa tirqirab ketdi. «Ammo shunday ma’lumotlar ham borki, Paramonov bolsheviklarning qo‘liga gushgan va butun oilasi bilan otib tashlangan». «O, Parvardigor! Qanday vahshiylik-a! Juda ajoyib odam edi marhum!»

Albatta, ba’zan bunday ishlarning pachavasi ham chiqqan. Har xil fosh qilishlar bo‘lib turgan. Har narsani kavlashtiradigan jurnalistlar bunaqa ko‘zbo‘yamachilik qanday amalga oshirilgani haqida biron dadil farazni o‘rtaga tashlashlari ham ehtimoldan xoli emas edi. Ular guvohlar ham topishi va mamlakatning butun iqtisodiyoti bolshevik josuslarning qo‘lida deb shovqin ko‘tarishlari mumkin edi. Ammo aksariyat hollarda dalil-isbot topishning iloji bo‘lmasdi. Dalil-isbot topilmadi, deb o‘z iqtisodiyotingni xarob qilmaysan-ku! Hammasi ishlab turibdi. Yana nima kerak? Zavod egalarining siyosiy e’tiqodlariga kelsak, bu endi ikkinchi darajali masala.

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 May 2011, 01:48:18

Bir oz keyinroq ChKda fafologlar va qalbaki pul yasovchilar bo‘limi paydo bo‘lgandan so‘ng garovga olinganlarga hech qanaqa taklif  bilan murojaat qilmay qo‘ydilar - endi ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri otib tashlashar, kerakli hujjatlarni esa juda o‘xshatib mustaqil yasab, o‘zlari rasmiylashtirar edilar. Juda katta miqdorda soxta bank daftarlari, veksellar, qarz haqidagi tilxatlar, oldi-sotdi hujjatlari rasmiylashtirildi. Ular 1912 yilgacha har xil sanalarga ega bo‘lib, ancha-muncha mashhur odamlar nomidan yasalgan edi. Bu odamlarning bir qismi o‘z ajali bilan o‘lib ketgan, yana bir qismi esa mahv etilgandi. Bunday odamlar ko‘pincha nafaqat oilasi bilan yo‘q qilinardi, agar qo‘lga tushib qolishsa, yaqin xodimlari ham otib tashlanardi.

Bularning barini, tuzum barbod bo‘lib, mamlakatdan qochishga to‘g‘ri kelib qolganda amalga oshirish rejalashtirilgan edi. Ammo bolsheviklar o‘zlarining 74 yillik hukmdorlik davrlarida hech qachon ertangi kunlari uchun bexavotir yashamadilar. Shu paytga qadar o‘zlarini uloqtirib tashlamaganlari uchun ularning o‘zi ham ko‘p hayron qolganlar. Shu sababdan reja doimiy ravishda yangilanib, tuzatilib borilgan va u, hatto, bizning kunlarimizgacha ham yetib kelgan. Ammo afsuski, tuzum qulamadi. «Biz Rossiyada to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bevosita tarzda onasini, otasini, akasini, qizini, o‘g‘lini yoki umuman, bironta yaqin odamini o‘ldirmagan bitta ham xonadon yo‘q, - deb taajjub bilan yozadi Buxarin. — Shunday bo‘lsa ham Feliks juda xotirjam tarzda deyarli hech qanday soqchilarsiz (hatto, ba’zan kechalari) Moskva ko‘chalarida piyoda yuradi. Biz unga bunaqa oliftagarchilikni taqiqlaydigan bo‘lsak, u ijirg‘anib kuladi-da: «Nima? Chog‘lari kelmaydi itvachchalarning», - deb javob beradi. Ha, unish gapi to‘g‘ri: jur’atlari yetmaydi... Ko‘p qiziq mamlakat-da!» Va bu mamlakatda chindan-da ko‘p g‘alati voqealar sodir bo‘lgan. Xorijdan Moskvaga quyidagi mazmunda maxfiy ma’lumotlar kelgan: «Kroyz va Funa (Bern) bankidagi hisob shifrini yechishga muvaffaq bo‘lindi. V - lotincha, S - lotincha, uch yuz qirq sakkiz o‘n besh to‘qson olti nol-nol o‘n yetti, zet — lotincha, T. Joriy hisobdagi bir million 800 ming shveytsariya franki Nikodim Panteleevich Parfenovniki. U «Kavkaz va Merkuriy» jamiyatining hissadori. Hisobning devizini aniqlashning iloji bo‘lmadi. Kerd». Dzerjinskiy Shveytsariyaga bejiz bormagan edi. Parvusning urinishlari ham behuda emasdi. Banklar nafaqat qon yuqi saqlanib qolgan tillalarni qabul qilgan, balki o‘zlarining mijozlariga ChKni gij-gijlatishdan ham toymagan. Negaki, yuqoridagiga o‘xshash xufiya xatni faqat bank xodimigina yuborishi mumkin. Maxfiy maktubga quyidagi ma’lumotnoma biriktirib qo‘yilgan: «Nikodim Panteleevich Parfenov ko‘prik quruvchi injener, zavod egasi, Volga-Kaspiy daryo kemachiligi uyushmalarining hissadori. Hozirgi paytda Kievda oqlar qo‘li ostida».

Hechqisi yo‘q. Kutamiz. Hech qayoqqa ketolmaysan, azizim. Devizingni ham, pulni olish uchun zarur bo‘lgan boshqa narsalarni ham o‘zing aytib berasan. Kerak bo‘lib qolsa, xorijdan ham seni topib olamiz.

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 May 2011, 01:49:21

Albatta, yangi hokimiyat boshliqlari bilan qay bir darajada aloqada bo‘lgan odamlarning hammasi karmonlarini valyuta va tilla tangalarga to‘ldirib olishgan edi. Negadir u paytlarda bu kimga mumkin-u, kimga mumkin emasligi hali uncha aniq emas edi. Ajnabiy valyuta bilan qo‘lga tushganlar orasida, hatto, Finlyandiya temir yo‘lining 293-nomerli «mashhur» parovozining haydovchi-mashinisti Yalava ham bor edi. U to‘ntarish arafasida Leninni o‘z parovozida Petrogradga olib kelgandi. Bir-birini takrorlovchi ko‘pdan-ko‘p dekretlar va farmonlarda ajnabiy valyutani va oltinni saqlagani uchun hech qanday sudu tergovsiz otib tashlash ko‘zda tutilgan edi. Bordi-yu, juda omading kelib qolsa, molu mulking musodara qilinardi. Mashinist sho‘rlikni shaxsan Leninning o‘zi qutqarishga jazm qildi. Taniqli chekist-jallod Unshlixtga jahon proletariatining dohiysi yozadi: «O’rtoq Yalavani 1917 yildan beri shaxsan taniyman. Uning halolligiga shak-shubha yo‘q ekanini tasdiqlayman. Undan olib qo‘yilgan pullarni darhol qaytarib berish to‘g‘risida ko‘rsatma berishingizni iltimos qilaman. Ko‘rsatmangizdan bir nusxasini uni bajarishga javobgar odamning ism-familiyasi bilan birga menga jo‘natishingizni so‘rayman.

Ikkinchi: o‘rtoq Yalavaning uyida o‘tkazilgan tintuv haqidagi hamma hujjatlarni talab qilib olsangiz-da, menga jo‘natsangiz. Ilovani qaytarishingizni so‘rayman. Kommunistik salom bilan Lenin».

«O’rtoq Leninga, - deb shoshilinch telegramma jo‘natadi Unshlixt. — Mavjud qoidalarga ko‘ra ajnabiy valyuta musodara qilinishi kerak. Petrograd Guberna ChKsi shunday qilgan ko‘rinadi. Yalavaning qachon va qaerda qamoqqa olingani ko‘rsatilmagan. Bu Sizning topshirig‘ingizning zudlik bilan ijro etilishiga ta’sir qiladi. Kommunistik salom bilan Unshlixt».

Telegramma ustida Leninning rezolyutsiyasi bor: «O’rtoq N. Gorbunov!.. Natijasini menga ma’lum qiling: 1) Pullar qaytarildimi? 2) Yalava qanday jazoga tortildi va uni qachon o‘tab bo‘ldi? 11—V.I. Lenin».

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 May 2011, 01:50:00

Ish boshqaruvchining so‘roviga VChK «Tilla, kumush va ajnabiy valyutadan boshqa hamma narsa qaytarib berildi», deb javob bergan.

Shunday qilib, Skandinaviya banklariga tilla olib borib turgan Yalava qo‘lga tushib qolgan, negaki, uncha-muncha pul uning «hamyoniga ham o‘tib qolgan». Tabiiyki, bu ma’lum bo‘lgan va pulni olib qo‘yishgan.

Ammo eski xizmatlari bor odamlarning hammasi ham bunaqa oson, ya’ni oddiy musodara bilan qutulgan emas. Kronshtadt ChKsining raisi dongdor knyaz Andronikov bunga misol bo‘la oladi. Knyaz katta o‘g‘irlik qilar, lekin o‘lguday ishlar ham edi. Kronshtadt orqali yuklarni Germaniya va Skandinaviyaga va undan nari, Amerika Qo‘shma Shtatlariga jo‘natishdan tashqari, u yana mashhur Kronshtadt turmalaridagi har bir mahbusni qo‘lidan o‘tkazardi. Bu yerga eng ashaddiy, eng o‘jar, har qanday qiynoq ostida ham molu-mulkini berishni istamagan, oldi-sotdi hujjatlariga imzo chekmagan, o‘z hisob raqamini aytmagan mahbuslar jo‘natilardi. Sobiq knyaz ularning har biri bilan shaxsan o‘zi alohida ish olib borar, ularning ichidagi hamma gapni sug‘urib olar, lekin boshliqlariga bilib olganlarining hammasini ham aytavermas edi. Bu borada uning o‘z maxfiy hisob-kitob daftari bor edi. U ikki marta Uritskiyning ishidan ham, Bokiyning ishidan ham omon chiqdi, juda ustalik bilan pullarini Shveytsariya va Shvetsiya bankidagi o‘z maxfiy hisobiga o‘tkazdi, ammo u ham soddaligiga borib, banklardan Kremlga maxfiy axborot kelib turishidan bexabar edi... «Haddan tashqari muhim» va maxfiy ishlarni knyaz-chekist to‘ntarishdan oldin ham, keyin ham bajargan. Kronshtadt ChKsiga Lenin va Dzerjinskiyning tavsiyasi bilan tayinlangan knyaz Kronshtadt sohillaridan allaqanday anglab bo‘lmaydigan bayroqlar ostida, ko‘pincha esa, hech qanday bayroqsiz Boltiq dengizining tumanli zulmati qa’riga ketayotgan sirli kemalar qayoqqa yo‘l olganini va qanday yuk olib ketayotganini juda yaxshi bilardi. Shuning uchun Germaniya halokatga uchrashi bilanoq, u bilan ham hisob-kitob qilish fursati keldi. Ammo knyaz Andronikovga o‘xshagan odamni oradan ko‘tarib tashlash uncha oson ish emasdi. ChKda juda katta obro‘-e’tiborga ega edi. Shuning uchun ishni haddan tashqari noziklik bilan olib borish kerak edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Iyul 2011, 19:46:05

Leninning huzurida bunaqa nozik ishlarni bajaradigan maxsus guruh bor edi. Bu kichkina guruhning ChKga hech qanday aloqasi yo‘q bo‘lib, Xalq Komissarlari Soveti Boshqarmasi qoshida hisobda turardi. Ular partiyaning ichki mojarolarini hal qilish bilan, ayniqsa, partiyaga inqilobdan oldin kirgan eski bolsheviklarning nojo‘ya ishlarini taftish qilish bilan shug‘ullanardi. Partiya nazorati komissiyasiga sal-pal o‘xshab ketardi-yu, lekin juda katta vakolatlarga ega edi. Knyazning kirdikorlarini ChK emas, ana shu guruh tekshirdi. Buning uchun Lenin Petrogradga — Zinovevga quyidagi mazmunda maxfiy xat jo‘natdi: «O’rtoq Zinovev! Tajribali, mutlaqo ishonsa bo‘ladigan partiya a’zolaridan iborat bir komissiya tuzib, unga Kronshtadtda ChKda xizmat qilayotgan sobiq knyaz (Rasputinning, Dubrovinning oshnasi va hokazo) Andronikovning xulqini taftish qilish topshirilsin. Xalq Komissarlari Sovetining Raisi V. Ulyanov (Lenin)».

Sobiq knyazning hamma kirdikorlarini esga olishdi — uning Rasputin bilan oshnachiligi ham, Dubrovin bilan hamtovoq bo‘lgani ham, Sinodda ishlaganlari-yu, podsho saroyidagi ishlari ham tilga olindi, lekin uni Germaniya foydasiga josuslik qilgan deb otib tashlashdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Iyul 2011, 19:46:34

1919 yilning 1 martida Moskvada so‘l sotsial-demokratik partiyalarning xalqaro s’ezdi ochildi. 4 mart kuni s’ezd o‘zini Kominternning Birinchi Kongressi deb e’lon qildi. Bunga havasi kelgan va qoyil qolgan jahondagi jamiki sarguzashttalab unsurlar insoniyat tarixidagi beqiyos talondan o‘ziga biron ulush olmoq ilinjida va o‘z mamlakatlarini ham shunday talab yulqimoq bobida yo‘l-yo‘riq berilarmikan degan umidda Moskvaga yopirildi. Lenin o‘zining jahonga xo‘jayin bo‘lish borasidagi rejalarini hech qachon yashirgan emas edi. Endi u jazavaga tushdi: «Biz hech qachon yashirmaganmiz - bizning inqilobimiz ibtido, xolos. Biz butun dunyoni ana shunday inqilob alangasi bilan yondirganimizdan keyingina bu inqilob o‘zining g‘olibona intihosiga yetmog‘i mumkin... Sovet hokimiyatini o‘rnatib, biz proletariat diktaturasining xalqaro olamshumul shaklini topa boshladik. Bizning ishimiz - butun jahon proletar inqilobining ishidir, Butunjahon Sovet Respublikasini barpo etish ishidir... Xalqaro proletariatning burjuaziyaga qarshi kurashi shafqatsiz ashaddiy sinfiy kurash xarakteriga ega bo‘lmog‘i kerak. Hatto, hozir (1919 yilda) Rossiyada proletariat burjuaziyaga qarshi fuqarolar urushi olib borayotganini (va bunday urush butun dunyoda pishib, yetilib kelayotganini) faqat uchchiga chiqqan nodon odamgina tushunmaydi, chunki fuqarolar urushida mazlum sinf ezuvchi sinfni oxirigacha mahv etish uchun, bu sinfning yashashiga imkon beruvchi iqtisodiy sharoitlarni butunlay mahv etish uchun harakat qiladi!» Butunjahon miqyosida bosqin uyushtirishga shunaqa otashin chaqiriqlar yangrab tursa, qanday qilib Moskvaga yopirilmaslik mumkin?

1919 yilning 5 martida Katta Kreml saroyida kongress vakillarining sharafiga qabul marosimi bo‘ldi. Qasr devorlaridagi arxitektor Ton yaratgan qadimiy o‘ymakor bezaklar elektr nurlarida tovlanadi. Stollar ustida turli nozu ne’matlar: uvuldiriq solingan naqshin likopchalar, butun pishirilgan osetr, dasturxonning uchdan bir qismini egallagan beluga, cho‘chqa bolalari, ananasu uzum, ko‘hna sharoblar (ularning ko‘plarida hali xususiy kollektsiyalarning muhri saqlanib qolgan). Lenin shaxsan imzo chekib, Gorbunovga Xalq Komissarlari Sovetining zaxiralaridan «110 pud uvuldiriq, cho‘chqa bolalaridan 800 pud, qizil baliqdan 200 pud» olib, dasturxonga qo‘yish to‘g‘risida qo‘rsatma bergan. Eng so‘nggi ovrupocha bichimda kiyingan erkaklarning bejirim kostyumlari-yu, ayollarning yalang’och yelkalari «xalq» komissarlarining rasmiy kiyimlariga ters bo‘lsa-da, allanechuk bir joziba kasb etgandi. Bularning barini ko‘rib, jahon inqilobi unchalik yomon ish emas ekan-da, modomiki bu narsa Rossiyada sinab ko‘rilgan ekan, uning yo‘lida jinday tavakkal qilsa arziydi, deb o‘ylash mumkin edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Iyul 2011, 19:47:38

Holdan toygan va talangan mamlakatda ochlik g‘ujg‘on o‘ynamoqda edi, odamlar bir-birini yeya boshlashgandi, sudsiz va tergovsiz ommaviy qirg‘in bormoqda, Butir turmasiga yalpi yo‘q qilish uchun «badavlat sinflar»ning farzandlari keltirilmoqda, ichterlama kasalligi quturib xuruj qilmoqda, garovga olinganlar tiriklay chirib-irib bormoqda edi. Qor bosgan ko‘chalarda isitilmagan va yoritilmagan uylar bamisli jonsiz tanaday so‘ppayib turardi. Bu yerda esa, allaqachon yolg‘ondakam bir kichik davlat barpo etilgan, mahv etilgan Rossiyaning o‘rtasida kommunizm qurib bitirilgandi. U hammaning ko‘zidan pinhon bo‘lib, har qanday davlat va harbiy ishlardan ko‘ra qattiqroq qo‘riqlanardi.

Ishchilar sinfining baxti uchun, shuningdek, boshqa mazlum sinflarning baxti uchun kurash o‘z samaralarini berayotganiga hech kimda hech qanday shubha qolmasligi uchun mehmonlarni Goxranga olib borishdi (Xuddi shu vaqtda, ya’ni 1919 yilning martida arzon safsataga uchgan, ochlik va nochorlik tufayli qulga aylantirilgan ishchilar «ishchilar» hukumatining e’tiborini o‘z ahvoliga jalb qilish uchun qo‘rqa-pisa urina boshlagan edilar. Ular tinch ish tashlashlar uyushtirishdi. Bu voqea ko‘pgina shaharlarda yuz berdi, ammo hamma joyda uning natijasi bir xil bo‘ldi - ishchilarni qonga botirdilar. Astraxanda o‘n ming kishilik miting bo‘ldi. Unda mahalliy zavodlar va baliqchi artellarning ishchilari o‘zlarining haddan tashqari og‘ir moddiy ahvollarini muhokama qildilar. (Kremldagi ziyofatda dasturxonga qo‘yilgan beluga va osetr baliqlarini eslang). Birinchi notiqlar nutqlarini tugatib ulgurmay, maydonni ChK qo‘shinlari qurshab olishdi. Ishchilarga qarab pulemyot va miltiqlardan ogohlantirib o‘tirmay o‘t ochdilar, qo‘l granatasi otildi. Ishchilar tum-taraqay qochishdi, maydonda 2000 kishining o‘ligi qoldi. Mitingning deyarli hamma qatnashchilari qamoqqa olindi va ChKning oltita komendaturasida yerto‘lalarga tashlandi, langar tashlab turgan «Gogol» kemasining tubidagi omborlarga, barjalarga joylashtirildi. Isyon haqida Moskvaga xabar qilindi. Moskvadan darrov lo‘nda javob keldi: «Shafqatsizlik bilan bartaraf qilinsin!!!» Ish qizib ketdi. Odamlarni ChK yerto‘lalarida otdilar. Bir-birlariga bog‘lab Volgaga tashladilar. Murdalarni go‘ristonga olib borishga zo‘rg‘a ulgurishardi. U yerda ularni yarim yalang‘och, hamma yog‘i qonga belangan holda qoq yerga to‘p-to‘p uyib qo‘yilardi. 13—14 mart kunlari faqat ishchilar otildi, keyin hukmdorlar eslarini yig‘ib oldilar shekilli, aybni «ig‘vogar burjuylarga» ag‘darmoq uchun ziyolilarni, sobiq uy egalarini, savdogarlarni, baliqchifurushlar va baqqolarni yalpi qamoqqa ola boshladilar. Yuzlab otilgan «burjuylar»ning ro‘yxati e’lon qilindi. Ishchilar ro‘yxatini e’lon qilmay otishdi. Bu ish aprelning o’rtasigacha davom etdi. Shunday taassurot tug‘iladiki, bolsheviklar butun mamlakat bo‘ylab 1919 yil martida sodir bo‘lgan zabastovkalar uchun Astraxan ishchilaridan alam olmoqchi bo‘lishgan. Tula, Petrograd va Bryanskda ham ko‘p ishchilar otildi. Angliyada e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, 1919 yilning dastlabki uch oyi davomida 138 ming odam otilgan. «Ammo bu raqam, — deb yozadi bolsheviklarning vahshiyliklarini xolis tadqiq qilgan S. Melgunov, - Rossiyada haqiqatda ro‘y bergan voqealar haqida juda yuzaki tasavvur beradi»). Bu tashkilotni Lenin 1917 yildayoq tuzgan edi. Bu markaziy ombor bo‘lib, talab olingan boyliklarning hammasi shu yerga olib kelinar va so‘rg‘ichlangan yashiklarda yana allaqayoqlarga jo‘natilar edi. Har qanday uchqur xayol egasi ham bu omborda nimalar borligini tasavvur qila olmas edi. Unda mamlakat va uning aholisi tomonidan bir necha asrlar mobaynida to‘plangan boyliklar jamlangan edi. Ivan Grozniy ingliz qirolichasi Yelizaveta tomonidan Moskvaga yuborilgan elchiga o‘z xazinasining bitmas-tuganmas boyliklarini ko‘z-ko‘z qilib maqtangan edi. Ammo Goxrandagi boyliklar qarshisida Ivan Grozniyning maqtanishi hech gap bo‘lmay qoladi. U Leninning boyliklarini ko‘rganida edi! Uni ko‘rib delegatlarning esi og‘ib qoldi. Kominternchilardan biri, hatto, asabiylashib, jazavaga tushdi. Shu bilan u o‘zining mayda burjua mohiyatini fosh qilib qo‘ydi. Uni qamoqqa olishga to‘g‘ri keldi. Faqat uch yildan keyin — 1922 yilga kelibgina mamlakatdan chiqarib yuborishdi. Taftish qilishgan-da!

Qayd etilgan