Partiyaning oltinlari. Igor Bunich  ( 154724 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 41 B


Musannif Adham  24 Oktyabr 2009, 02:38:20

Igor Bunich

  PARTIYANING OLTINLARI

TOSHKENT «MA’NAVIYAT» 2005

Qo‘lingizdagi kitob yaqin o‘tmishdan, aytish mumkinki, tarixning eng kir, qora kunlari bo‘lmish keyingi sho‘ro zamonlaridan hikoya qiladi. Unda biyron tillarida xalq g‘amini yegan, uning manfaatlari himoyachisi bo‘lgan, amalda esa ayni xalq-ning so‘nggi burda nonigacha surbetlarcha tortib olib o‘zlashtirgan kommunistik firqa «dohiylari»ning misli ko‘rilmagan kirdikorlari tarixiy dalillar bilan ochib tashlanadi. Bu kitobni o‘qib dunyo ishlariga teranroq nazar tashlashga, g‘oya bilan amalni farqlashga, kimning kim ekanini bilishga o‘zimizda rag‘bat sezamiz.
    
Kitob keng o‘quvchilar ommasiga - uyg‘oq fikrli insonlarga ancha-muncha ma’naviy va ilmiy ozuqa beradi deb o‘ylaymiz.


    
Ruschadan Ozod Sharafiddinov tarjimasi.
    Maxsus muharrir Rahmon Qo‘chqorov

    M1
    B 4702620204-8
    M25(04)-05


    C «Ma’naviyat», 2005


Igor Bunich. Partiyaning oltinlari



Muallif: Igor Bunich
Hajmi: 18,3 Mb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan


Musannif Adham  24 Oktyabr 2009, 02:39:47

ASRNI HORITGAN HODISA

Poyoniga yetayotgan yigirmanchi yuz yillikning eng mash-hur, olamshumul, jamiki odamzodni lol qoldirgan voqealari ro‘yxatini har kim har xil tartibda tuzishi mumkin. Biroq, bu ro‘yxatlarning hammasiga, ayni asrda ikkita jahon urushining bo‘lib o‘tgani, yadro quroli kashf etilib insonning o‘ziga qarshi ishlatilgani, odamning koinotga parvoz qilgani, «Titanik» va Chernobil halokati yuz bergani, SPID kasalligining paydo bo‘lgani singari hodisalar, albatta, kiritiladi. Va aminmanki, barcha ro‘ixatlarning boshida bu asrning eng asosiy hodisasi sifatida bir mudhish voqea bitiladi. Bu — asrimiz tongotarida dunyoga kelib, uning so‘ngida o‘z-o‘zini mahv etgan «sotsializm» deb atalmish o‘latning insoniyat boshiga solgan hisobsiz kulfatlaridir. Boshqa olamshumul ishlarning aksariyatini ro‘y berishida ham uning qandaydir aloqasi borligi tufayli bu hodisani birinchi qilib yozishga to‘g‘ri keladi.

Xo‘sh, aslida bu qanday hodisa edi? Nega u yuz berdi va nima uchun insoniyatni bunchalar uzoq ovora qildi? Bolsheviklar qilgan kirdikorlar chindan ham kommunistik g‘oyalarning hayotiy ko‘rinishi edimi? Bugunga kelib bu og‘uli g‘oyalarning butkul yo‘q bo‘lib ketgani rostmi?..

Yetmish yillik yaqin tarix haqida tug‘ilayotgan murakkab savollarning cheki-chegarasi yo‘q. Ularga javob izlash maq-sadida moziy sari yo‘lga otlangan sayyohlarning ham. Biroq ularning ko‘pchiligi bunday «sayohat»da ilk bor yurgani tufaylimi yoxud buni bor-yo‘q sayohat deb o‘ylab, yo‘l davomida uchrashi mumkin bo‘lgan dahshatlarga ruhan tayyor emasliklari boismi, o‘ta tez ta’sirchanliklari, hayratlarining toshi yengilligi pand berib, yuzaki taassurotlarga, noto‘g‘ri hukm-xulosalarga yo‘l qo‘ymoqdalar. Holbuki, faqat qoralash, quruqdan-quruq inkor, tarixni his qilmaslik tamoyillari fanda ham, bugungi zamondoshimiz dunyo-qarashida ham jiddiy o‘zgarish yasamasligi barobarida, hatto, ularning zarariga xizmat qilishi ham mumkin...

Qayd etilgan


Musannif Adham  24 Oktyabr 2009, 02:41:21

Masalaning yana bir murakkab jihati bor. Gap shundaki, hamma narsa haqidagi, xususan, tarix to‘g‘risidagi odamzodning - olimning, publitsistning, faylasufning mulohazalari beistisno nisbiy qimmatga ega bo‘ladi. Har bir odam o‘zi aytayotgan mulohazasini, chiqarayotgan xulosalarini haqli ravishda to‘g‘ri deb o‘ylaydi va bu tabiiy ham. Agar buning teskarisi bo‘lsa edi, bu odamdan shubhalanish mumkin edi. Lekin, ko‘plab faktlar asosiga qurilgan, uzoq va har tomonlama tekshiruvdan o‘tgan manbalarga suyangan bo‘lmasin, baribir, bizga eng to‘g‘ri bo‘lib ko‘ringan xulosalar ham nisbiydir. Chunki, dunyoning o‘zida xulosa yo‘q. Chunki olam va odam haqidagi insonning ojiz mulohazaga kirishuvi, to yaralibdiki, uzluksiz davom etayapti. Uning oxiriga yetdim, so‘nggi haqiqatni aytdim deganning zavoli tayin. Shu yerda o‘rni ekan, Kaykovusning «Qobusnoma»sida bayonini top-gan, podshoh Xisrav Parvezning dono vaziri Abuzurjmehrning ushbu so‘zlarini eslaylik: «Hamma narsani hamma bilur, ammo hamma narsa hanuz onadin tug‘ilmamishdur...»

Demak, odamga qoladigani, uni yupanishga undaydigani shuki, biz olam va odam haqida, garchi nisbiy bo‘lsin, iloji boricha ko‘proq haqiqat bitilgan asarlarni izlaymiz, shularga ishonamiz (ulardan-da to‘g‘riroq haqiqatlar topilgunga qadar!), ulardan ilmiy va ma’naviy ozuq topamiz.

Xususan, XX asr o‘lati bo‘lmish sotsialistik tuzum haqida, uning «dohiylari» qilgan xunrezliklar to‘g‘risida nisbatan batafsil, real manbalarga boy, eng muhimi -to‘g‘rm nuqtai nazardan turib bitilgan asarlar ichida rus muallifi Igor BUNIChning «Partiyaning oltinlari» kitobi alohida diqqatga loyiqdir.

Qayd etilgan


Musannif Adham  24 Oktyabr 2009, 02:42:08

Hamma realistlar singari ulug‘ dramaturg Shiller dunyo-ni boshqaruvchi kuch deb ikki narsani sanagandi - muhabbat va boylik! Mana shu «qo‘sh jodugar» odamzodni har ko‘yga soladi deb bashorat qilgandi u. Bolsheviklar, ayniqsa, ularning o‘tda kuymas va suvda cho‘kmas yetakchilari ham o‘zlarini o‘ta realist sanardilar. Shu sabab ular dunyoni boshqarish uchun bir narsaning o‘zi ham yetadi deb hisoblashdi, bu ishga muhabbatni aratashtirmaslikni ma’qul topishdi; ortiqcha ko‘z yoshiyu diydiyoning kimga keragi bor? Axir nozikta’b Belinskiy ham aytib qo‘yibdi:

Nechun har narsaga ko‘z yosh daryosi?! Ko‘z yoshi darkordir buyuk ishlarga...

Ko‘ngil aralashmagan ishning esa, u har qancha «buyuk» bo‘lmasin, natijasi oldindan ma’lum...

I. Bunichning fikricha, g‘oyalarining asosiga xususiy mulkka qarshilik maqsadini qo‘ygan bolshevik rahbarlarning o‘zlari butun mamlakat mulkini shaxsiy ixtiyorlariga olishdan uyalmaydilar. Lenindan boshlab to GKChPchilarga qadar — partiyaning aksariyat rahbar va rahbarchalarining butun fikru yodi qanday qilib bo‘lmasin, qachon bo‘lmasin, kimniki bo‘lmasin, mamlakat boyligidan ko‘proq ulush yulib qolish bo‘lganini muallif qo‘l ostidagi faktlar bilan isbotlab ko‘rsatadi. Aslida bu tuzum, bu g‘oya egalari tanazzulining bosh sababi ham shunda edi - siyosiy munofiqlik, so‘zda bir xil, amalda mutlaqo boshqa xil qiyofada namoyon bo‘lish ularning hayot tarzi, sharmandali o‘limiga qadar hukmronlik qilish usuli bo‘lib qolaverdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  24 Oktyabr 2009, 02:42:57

Yodingizdadir, o‘z davrining mashhur pyesasi - «Miltiqli kishi» asaridagi bir epizodni xo‘p xotiramizga mixlashgandi. Go‘yo, Smolniyda boshi bilan ishga sho‘ng‘igan, kun bo‘yi tuz totmay o‘tirgan Ilichga oddiy askar o‘z rizqi - issiq choy va oq qandni taklif qilganida, bu «proletar ishiga fidokor»ning aytgan so‘zlarini eslang: «Choyingiz uchun rahmatu, lekin qandingizni bolalarga bering!»

Mana xalq g‘amida yashash, kelajak nasllarni o‘ylash, ana jonfidoligu mana kamtarlik!..

Endi bo‘lsa Bunichdan o‘qiymiz: «Har kuni Markaziy Qo‘mita oshxonasining talabnomalari va Kremldagi xizmat ko‘rsatuvchi har xil sohalarning qog‘ozlarini imzolar ekan, Lenin ularga berilayotgan oziq-ovqatlarning xillarini diqqat bilan kuzatib turgan. Bu ovqatlarning xillariga, albatta, uvuldiriqning uch navi, go‘shtning xilma-xil navlari, kolbasa, pishloq, tansiq baliqlar, Lenin o‘zi juda yaxshi ko‘radigan sho‘r bodringlar, quziqorinlar, uch xil kofe kirgan...»

Albatta, aytishimiz mumkin — Leninning kichkinagina qorni qancha ham narsani sig‘dirardi, yesa yebdi-da, deb. Afsuski, Lenin va leninchilarning qursoqlarining tubi teshik ekan. uning poyoni yo‘q ekan. Va bu qursoqlar shu qadar urchiganki, sal bo‘lmasa, dunyoning oltidan bir qismini yeb bitiray dedi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  24 Oktyabr 2009, 02:43:35

Jiddiy tilda aytadigan bo‘lsak, kommunistlar yetmish yildan ko‘proq hokimiyat tepasida o‘tirib, qo‘l ostidagi xalqlarni ekspluatatsiya qilishning boshqa birorta tuzumda kuzatilmagan usullarini o‘ylab topishgan, bu usullarni hech seskanmay millionlab odamlarning ustida, ularning joni evaziga sinashgan.

Ular uchun odam ulkan mashinaning «vintchasi va parragidan» boshqa narsa emas, uning umri bo‘lsa, bu mashina o‘txonasiga qalanadigan arzon o‘tin edi.

Sho‘ro tarixida biron yil bo‘lmaganki, xalqning biror qatlamini qatli om qilish uchun nedir kampaniya o‘ylab topilmagan bo‘lsin. Fuqarolar urushi, kollektivlashtirish, «xalq dushmanlari»ni tugatish, kosmopolitizmga qarshi kurash, ateizm, partiya saflarini tozalash singari o‘nlab yillarga cho‘zilgan kampaniyalarda bo‘lsa, millionlab begunoh kimsalarning aziz umri qurbon qilindi. «Xalq hokimiyati» nomini o‘ziga o‘zi taqib olgan bu rahbariyat ayni xalqni xohlagan ko‘yga boshlar, uning vakillarini bir-birlariga qayrab solib, har ikki tomon jasadi ustida quzg‘unday sovuq rohat tuyardi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  24 Oktyabr 2009, 02:44:38

Bolshevizm yuzlab millatlar boshiga solgan ko‘rguliklar tafsiloti bilan kitobning o‘zidan tanishish imkoniyati bo‘lgani tufayli men boshqa bir mulohazaga urg‘u berish bilan cheklanaman: xo‘sh, bu singari tarixiy-publitsistik asarlarning bugungi o‘quvchi uchun qanday ahamiyati bor?

Birinchidan, tarix, uning sahifalari qanday rang bilan bo‘yalgan bo‘lmasin, albatta, o‘qilishi va uqilishi ke-rakdir. Qolaversa, bu — bizning ham otalarimiz tarixi, ularning achchiq qismatlari bayoni.

Ikkinchidan, tarix xolis va halol o‘rganilmog‘i, uning bag‘rida kechgan hodisalar to‘g‘ri — insonparvarlik nuqtai nazaridan baholanmog‘i talab etiladiki, qo‘lingizdagi kitob bu jiddiy talabga ham javob beradi.

Uchinchidan, tarix faqat shu fan sohasi kishilari bilib-tekshirib qo‘yadigan ilm turi bo‘lmay, uni, ayni hodisalar taqdiriga daxldor bo‘lgan millatlarning barcha ongli vakillari bilishi lozim bo‘lgan muhim ma’naviyat mulki hisoblanadi. Bu bilim bizni bugungi kun qadriga yetishga o‘rgatadi, ertanga kun sarhadlariga to‘g‘ri qadam bosishimizga garov bo‘ladi.

Eng asosiysi esa, hayotga kirib kelayotgan avlodlarning «kommunizm» degan cho‘pchakka, «sotsialistik» degan g‘oyaga aldanmasliklari, bu kabi chiroyli atamalarning asl mohiyati nimada ekanini anglab hushyor tortishlari uchun ham «Partiyaning oltinlari» singari kitoblar mutolaasi zarurdir.

Qolaversa, siyosiy va iqtisodiy tanazzul holatini bo-shidan kechirayotgan ayrim qo‘shni mamlakatlarda kommunistik va hatto, «stalinchi» partiyalarning bosh ko‘tarayotgani, hokimiyatni qo‘lga olish uchun jiddiy urinayotganlari taraqqiyparvar har bir insonni tashvishga solmasligi mumkin emas. I. Bunich kitobida o‘z aksini topgan tarixiy haqiqat esa, bu talvasalarning yetakchilari qiyofasi va maqsadlarini ochib tashlashga yordam beradi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  24 Oktyabr 2009, 02:45:47

«Partiyaning oltinlari» kitobi to‘g‘risidagi qisqa mulohazalarni shu bilan tugatsa ham bo‘lar edi. Lekin, bu asarning o‘zbek o‘quvchisiga yetib kelishidan, bemalol aytish mumkinki, qahramonona mehnat qilgan ustoz adabiyotshunos, mohir tarjimon Ozod Sharafiddinovga tahsinlar aytmaslikning iloji yo‘q. Gap I. Bunich asarining ulkan hajmida ham, muallif hikoya uslubining murakkabligiyu uni tushunib o‘zbekchalashtirmoq uchun mutarjimdan talab qilingan bilim va tajriba salmog‘i ustida ham emas. Gap shundaki, ayni asar tarjimasini boshlagan kezlari Ozod aka og‘ir xastalikni boshidan o‘tkazayotgan edilar. Bir hafta uyda bo‘lsalar, bir oy bemorxonada, faqat yotgan holda davolanishga to‘g‘ri kelardi. Endi o‘ylang — uncha-muncha odamning ko‘ngliga shunday tahlikali paytda tarixiy, hajman yirik kitobni o‘qishgina emas, uni hatto tarjima qilish orzusi, bu orzuni amalga oshirmoq jahdi sig‘adimi?.. Ozod Sharafiddinovda mana shu keng ko‘ngil, tuganmas orzu, cheksiz ijodiy matonat, hamma-hammasi bor ekan. Biz u kishidan qanday yashashni, qanday ishlashni, umrni qanday e’zozlashni hamon o‘rgansak arziydi. Shu bilan birga, kitob tarji-masini o‘kib, uning naqadar o‘zbekcha lisonda «so‘zlayotgani»ni his qilib, Ozod akaning o‘zbek madaniyati rivojiga juda jiddiy ulush qo‘shayotganiga yana bir bor tan beramiz!

Endi esa XX asrning ne-ne odamlari aqlini, ruhini, umrini va orzusini poymol qilgan manfur kommunistik partiyaning oltin ko‘yida tushgan talvasasi haqida hikoya qiluvchi g‘oyatda qiziqarli tarixni o‘qishga marhamat qiling!
   
Rahmon QO’ChQOROV,
filologiya fanlari nomzodi

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Fevral 2011, 12:16:26

BIRINCHI QISM

BOSQIN

Vladimir Ilich Lenin jahon inqilobi haqidagi ardoqli orzulariga berilar ekan, ularni amalga oshirish uchun biror-bir davlatning butun boyliklari, iqtisodiy zaxiralari va tabiiyki, xazinadagi oltinlarini qurolli kuch yordamida qo‘lga kiritish zarurligini yaxshi bilardi. Shunisi borki, bularni o‘ylaganda u hech qachon Rossiyani nazarda tutgan emas. Sababi, Rossiyaning iqtisodiy ahvoli hamisha nochor, boshqa davlatlardan qarzi katta, xazinasi qup-quruq bo‘lgan. Lenin Shveytsariyani zimdan ko‘z ostiga olib yurgan. U dunyoga egalik qilish borasidagi rejalarini ro‘yobga chiqarish uchun mo‘‘jazgina bu mamlakatni juda qulay, deb hisoblagan. Ovruponing markazida joylashgan, aholisi har xil millatlardan tarkib topgan (tayyor baynalmilal!), xalqaro banklar tizimi orqali oltin changallari bilan butun dunyoni bo‘g‘zidan tutgan. Dohiyning rejalariga ko‘ra, ayni shu Shveytsariyadan inqilob butun Ovrupo bo‘ylab g‘olibona yurishini boshlamog‘i kerak. Inqilob Shveytsariyadagi minglab tonna oltinning kuchi bilan o‘ziga yo‘l ochishi mumkin edi. Mutaxassislarning chamasiga ko‘ra, Leninning hamyoni qoq-quruq bo‘lgan, shu sababdan uning ko‘nglida Shveytsariya haqidagi xomxayollar tug‘ilgan. Onasi vafot etgandan keyin unga Rossiyadan pul kelmay qolgan, dohiyning o‘zi esa tirikchiligini o‘tkazish uchun ishlab pul topishga ojizlik qilgan. Shuning uchun shirin-shirin orzular uning vasvasaga uchragan ongida Shveytsariya bankining zirhli sandiqlari tarzida namoyon bo‘lgan. Ammo, ming afsuski, proletariat dohiysining changaliga Shveytsariya emas, Rossiya tushib qoldi va juda uddaburonlik bilan zumda uni jahon inqilobi uchun bir maydonga aylantirdilar.

Hamma dohiyona ishlar kabi Leninning siyosati ham anchayin jo‘n edi. Bu siyosatga asos qilib K. Marks tomonidan «Kommunistik manifest»ida e’lon qilingan sotsializmning asosiy g‘oyasi olingan edi. Bu g‘oyaga ko‘ra «ishchilarning vatani yo‘q», shuning uchun sotsialistlar hech qachon va hech qanday sharoitda davlat manfaatlarini himoya qilmasliklari kerak. Ilich buni son-sanoqsiz nutqlari, maqolalari, ma’ruzalari, tezislari, qaydlarida takror-takror ta’kidlashdan erinmas edi. Masalaning bu tarzda qo‘yilishi bir zumdayoq yaxshi samaralar berdi. Bugun biz bema’ni mafkuraviy nazariyalarning qobiqlarini bir chekkaga surib qo‘yib, hodisalarga yetmish besh yillik masofadan nazar tashlab, ehtimolki birinchi marta — Rossiyada 1917 yilning oktyabrida nima voqea ro‘y berganini hamma anglaydigan sodda tidda tushuntirib berishga urinib ko‘ramiz. Shunda chorak kam bir asr o‘tgandan so‘ng — 1991 yilning avgustida sodir bo‘lgan voqealarni tushunish ancha oson ko‘chadi...

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Fevral 2011, 12:18:17

O’shanda quyidagi voqealar ro‘y bergan edi. Rossiyada monarxiya ag‘darib tashlangandan keyin demokratik boshboshdoqlik boshlandi. Bundan foydalangan xalqaro terrorchilar tashkiloti mamlakatda hokimiyatni bosib oldi. Moliyaviy jihatdan bu tashkilotni o‘zining tinchligini o‘ylagan Germaniya ta’minlab turardi. Insoniyat tarixida hali bunaqasi ko‘rilmagan edi. Bu jahon uchun mutlaqo kutilmagan bir voqea bo‘ldi. Ochig‘ini ayttanda, voqea ishtirokchilarining o‘zi ham, ya’ni talvasaga tushgan rahnamolari tevaragiga jipslashgan bir to‘da qalang‘i-qasang‘i muttahamlar ham omad bunchalik kulib boqishini kutishmagan edi. Ular yengib chiqish-lariga sira ishonishgan emas, shu tufayli fe’lu atvorlari va qilg‘iliklari ham shunga yarasha bo‘lgan. Bolsheviklar kissalariga xorijiy pasportni solib olib, qanday qilib kutilmaganda Rossiyada paydo bo‘lgan bo‘lsalar, xuddi shunday qo‘qqisdan juftakni rostlashga tayyor edilar. Shuning uchun ular mamlakatning milliy boyligini talon-toroj qilishga kirishdilar, uni to‘rt tomonga tortqilab, xorijga jo‘nata boshladilar.

Avvaliga bu ish shoshma-shosharlik bilan va uquvsiz tarzda qilindi. Bu talon-toroj ertaga davom etadimi-yo‘qmi — hech kim bilmas edi. Shuning uchun imkoni boricha bugun yulib qolish kerak. Shu bilan birga jinoyatchi unsurlarning raqo-batidan xalos bo‘lmoq zarur. Bu unsurlar yangi hokimiyatning «Talanganni tala!» degan shiorini bajonudil qabul qildilar-u, lekin o‘ljalarini hukumat bilan bo‘lishishni xayollariga ham keltirmadilar. Holbuki, bu shior ularga atalgan emas edi. Bunga ko‘p o‘tmay amin bo‘lishdi, chunki hech qanday sudu tergovsiz — qo‘lga tushgan joylarida shafqatsizlik bi-lan otib tashlana boshladilar.

Qayd etilgan