Masalaning yana bir murakkab jihati bor. Gap shundaki, hamma narsa haqidagi, xususan, tarix to‘g‘risidagi odamzodning - olimning, publitsistning, faylasufning mulohazalari beistisno nisbiy qimmatga ega bo‘ladi. Har bir odam o‘zi aytayotgan mulohazasini, chiqarayotgan xulosalarini haqli ravishda to‘g‘ri deb o‘ylaydi va bu tabiiy ham. Agar buning teskarisi bo‘lsa edi, bu odamdan shubhalanish mumkin edi. Lekin, ko‘plab faktlar asosiga qurilgan, uzoq va har tomonlama tekshiruvdan o‘tgan manbalarga suyangan bo‘lmasin, baribir, bizga eng to‘g‘ri bo‘lib ko‘ringan xulosalar ham nisbiydir. Chunki, dunyoning o‘zida xulosa yo‘q. Chunki olam va odam haqidagi insonning ojiz mulohazaga kirishuvi, to yaralibdiki, uzluksiz davom etayapti. Uning oxiriga yetdim, so‘nggi haqiqatni aytdim deganning zavoli tayin. Shu yerda o‘rni ekan, Kaykovusning «Qobusnoma»sida bayonini top-gan, podshoh Xisrav Parvezning dono vaziri Abuzurjmehrning ushbu so‘zlarini eslaylik: «Hamma narsani hamma bilur, ammo hamma narsa hanuz onadin tug‘ilmamishdur...»
Demak, odamga qoladigani, uni yupanishga undaydigani shuki, biz olam va odam haqida, garchi nisbiy bo‘lsin, iloji boricha ko‘proq haqiqat bitilgan asarlarni izlaymiz, shularga ishonamiz (ulardan-da to‘g‘riroq haqiqatlar topilgunga qadar!), ulardan ilmiy va ma’naviy ozuq topamiz.
Xususan, XX asr o‘lati bo‘lmish sotsialistik tuzum haqida, uning «dohiylari» qilgan xunrezliklar to‘g‘risida nisbatan batafsil, real manbalarga boy, eng muhimi -to‘g‘rm nuqtai nazardan turib bitilgan asarlar ichida rus muallifi Igor BUNIChning «Partiyaning oltinlari» kitobi alohida diqqatga loyiqdir.