Tohir Malik. Murdalar gapirmaydilar (qissa)  ( 190097 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 29 30 31 32 33 34 B


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:32:24

Nuriddin «meni yana o‘g‘irlikka tortgani kelgan», degan fikrda, rad javobini qanday qilib aytishni bilmay o‘tirganida Tengizning o‘zi mushkulini oson qildi:
— Seni olib ketgani kelganim yo‘q, qo‘rqma, — dedi u. — Sendan o‘g‘ri chiqmasligini bilardim. Seni u tomonlarda saqlab qolishning boshqa yo‘li yo‘q edi. Men yurtingdan ozroq qarz bo‘lib qolgan edim, to‘g‘rirog‘i, tovon to‘lashim kerak edi, shuni to‘lagani keldim. Ataganimni beramanu ketaman. Endi zamon bosh-qa, Hamzat, hayot ham boshqacha bo‘ladi. Sen bolalaringni o‘zingga o‘xshatib tarbiyalama. — Tengiz shunday deb mashinadan ixcham jomadon olib ochdi. Uning ichidagi pulu javohirni ko‘rib Nuriddin lol qoldi. Tengiz pullardan bir taxlamini olib Nuriddinga uzatdi:
— To‘yingga kelolmadim, bu senga to‘yona.
Nuriddin olmayman, deb chekingan edi, Tengiz pulni uning qo‘njiga solib qo‘ydi.
— To‘yonadan qaytmaydi, ahmaq! Sendan bitta iltimosim bor: o‘g‘illaringdan birining ismini Hamzat deb qo‘y, maylimi? — U shunday deb jomadonni yop- di. — Bunisi yurtingga to‘laydigan tovon...
Shunday deb ketdi...
Nuriddin uni boshqa ko‘rmadi...
Tengiz uning uchun shirin xotira bo‘lib qoldi...

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:32:38

AYTAR SO‘ZLARIM SHUKI:

Har bir narsaning ibtidosi bo‘lgani kabi intihosi ham mavjuddir. Tangri-taoloning buyuk lutfi, karami va marhamati ila bayonimiz shu yerda nihoyasiga yetdi. Shoni Aziym bo‘lgan Ollohga behad hamdu sanolar bo‘lsin. O‘qiganingiz mazkur bayonlarda yutuqqa arzirli jihatlar bo‘lsa — Ollohning marhamatidandir. Sizni ishontirmagan, g‘ashingizga tekkan, hafsalangizni pir qilgan yerlari bor ekan, bu qalamimiz ojizligi, e’tiborsizligimiz, loqaydligimiz va yana allaqancha ayblarimiz tufaylidir. Buning uchun siz, aziz kitobxonlardan uzr so‘rab, Yaratganning oldida tavbalar qilamizkim, shoyad tavbalarimiz qabul bo‘lib, bunday keyingi bitiklarda Haq yo‘ldan adashtirmasa.
Bayonlarda qora bo‘yoqlar ko‘proqmikin, deb ajablanarsiz balki? Ajablanmang, bu xato mahsuli emas. Atayin shunday qilindi. Zulmdan qochmoqlikning, zulmga nafrat qilmoqlikning yo‘llaridan biri — zulm aslan qanday ekanini yaxshiroq va aniqroq ko‘rish, anglash, tahlil qilmoqlikdir. Nafsning kelajagi — zulmdir, zulmning kelajagi esa — xorlikdir. Biz ana shu oddiy haqiqatni bayon qilmoqchi bo‘ldik. Badan pokligi badanga, ruh pokligi ruhga hayot bag‘ishlaydi.
Olloh Taborak va Taolo «Mulk» surasining ikkinchi oyatida marhamat qilib aytadiki: «Bismillahir Rohmanir Rohim. Allaziy xolaqol mavta val hayata liyabluvakum ayyukum ahsanu amalan. Va huval azizul g‘ofur.» (s.a.) (Ma’nosi: Ey Odam farzandlari! U o‘limni va hayotni sizlarning qaysi birlaringiz amalda yaxshiroq ekanliklaringizni sinash uchun yaratgandir. U barchadan g‘olibdir va gunohlarni kechuvchidir.) Qarang, insonni sinash uchun o‘lim va hayot yaratilgan ekan. Ajab, nima uchun bu oyati karimada avval «o‘lim», so‘ngra esa «hayot» kalimasi kelyapti? Ba’zi ulamolarning aytishlaricha, buning hikmati odamlarni yaxshi amallarga chorlash ekan. Boshqa ulamolar esa, «Tafsiri hilol»da ta’kid etilganidek, buning hikmatini «o‘lim» kalimasining mazmuni «hayot» kalimasining ma’nosidan teranroq, qamrovliroq ekanida, deb biladilar. Ya’ni, hayot — bu o‘tkinchi dunyoning qisqa davri, o‘lim esa boqiy dunyodagi abadiy hayotning boshlanishini bildirar ekan. Demakki, o‘lim — foniy dunyo intihosi va boqiy dunyo ibtidosidir. Shunga ko‘ra, o‘limni eslagan odam doimo unga tayyorgarlik ko‘rishi va foniy dunyoni tark etgach, sharmanda bo‘lmaslik uchun o‘zini yaxshi ishlarga safarbar qilmog‘i lozim ekan. Ammo, biz — ojiz, notavon, gunohkor bandalar bunga hamisha ham amal qilavermaymiz.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:32:55

Bu dunyoni tashlab ketganlar gapira olsalar edi, biz bu gaplarni eshita olsak edik, g‘aflatdagi yumuq ko‘zlarimiz moshdek ochilarmi edi...
Biz «gapirmaydilar», deymiz, aslida ular gapiradilar, ammo biz eshitmaymiz, eshitsakmi edik, qalblarimiz poralanib ketarmi edi... ularning afsuslari, chekkan nolalaridan quloqlarimiz qomatga kelarmi edi...
Suyukli payg‘ambarimiz Muhammad, sallallohu alayhi vasallam, shunday marhamat qilgan ekanlar: «Jonim qo‘lida bo‘lgan zotga — Ollohga qasamki, sizlar mening so‘zlarimni ulardan (ya’ni o‘liklardan) yaxshiroq anglaguvchi zmassizlar, faqat ular javob qila olmaydilar xolos...»
Bu muborak oyatu hadislarning ma’nosiga yetmog‘imizni Olloh barchalarimizga nasib etsin.
Necha kunlaringizni, tunlaringizni, soatlaringizni ayamay biz bilan hamsuhbat bo‘lganingiz uchun sizlardan benihoya minnatdormiz. Olloh barchalaringizning xonadonlaringizga qut-barakot berib, kullu ofatlardan asrasin.
Barchalarimizga ruh pokligi nasib etsin! Omiyn ya Robbil-olamiyn!

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Noyabr 2009, 11:04:35

Murdalar gapirmaydilar (qissa)



Muallif: Tohir Malik
Hajmi: 605 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan