Tohir Malik. Ov (qissa)  ( 41714 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 6 7 8 9 10 11 B


shoir  16 Iyul 2006, 07:22:47

— Kechagi zo‘rni ham chaqir. Kayfda meni aldadi. Bugun bir burnini yerga ishqay.
— Bugun o‘zimiz o‘tiraylik. Yigitlar suhbatingizni sog‘inishgan.
Vakil bu taklifga noiloj ko‘ndi.
Ular tushgan «Vezdexod» kichikroq bir yalanglik yonida to‘xtadi. Yalanglikka gilamlar to‘shalgan, o‘rtada to‘kin dasturxon mehmonga muntazir edi. Ular ovdan oldin qizishib olmoqni ma’qul ko‘rishdi. «Qizishib olish» marosimi mo‘ljaldagidan ko‘proq cho‘zildi. Vakil shirakayf bo‘lib, yonboshlab oldi. Komissar xizmatda bo‘ldi. Boshqalar «Vezdexod» panasida davra qurishdi. Bug‘u go‘shti nasiya bo‘lgani uchun shtabda ziralangan go‘shtdan kabob qilishdi.
— Urushdan ilgari bobom shu yerlarda xizmat qilgan ekan, — dedi Vakil. — Aksilinqilobchilar o‘qidan halok bo‘lgan ekan.
— Qabrlarini ziyorat qildingizmi? — deb so‘radi Komissar.
— Qabrlari yo‘q... Otishmadan so‘ng jasadlarini topisha olmagan ekan. Ha, aytmoqchi, biz sen bilan hamyurtmiz, desam ham bo‘ladi. Bobom yurtingni bosmachi g‘alamislardan tozalashda qon to‘kkan.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:22:55

— Shuning uchun ham biz sizni yaxshi ko‘ramiz-da. O’zbekiston — sizning uyingiz. Qachon borsangiz, yuragimiz shodlikka to‘lib kutib olamiz. Mana, qarang, siz keldingizu bu yerlarda ham oftob charaqlab ketdi. Yaxshi odamning nabirasi ekaningizni Quyosh ham tasdiqladi.
Ular o‘tgan yaxshi odam uchun ichishdi.
So‘ng Komissar tilga kirdi:
— Meni bu ishga taklif qilishganida, nima uchun yo‘q demaganimni bilasizmi? — U Vakildan javob kutmay, davom etdi: — Ko‘pchilik ko‘nmadi. Men uchun esa bu yerlar qadrli. Mening bobom ham shu yerlarda halok bo‘lgan ekanlar. Bobom fuqaro urushida komissar bo‘lganlar. Mening lavozimim ham komissarlik...
— Biz ota-bobolarimiz ishining davomchilarimiz, — dedi Vakil ko‘tarinki ohangda.
Otalar ishini davom ettirish uchun ichdilar.
— Sizning o‘g‘lingiz bor ekan, — dedi Komissar jo‘shib. — Mening qizim bor. Biz quda bo‘lishimiz mumkin. O’g‘lingizni O’zbekistonga olib kelasiz. Qizimning qulog‘ini tishlab qo‘ysin. Bizda shunday udum bor.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:23:04

— Ungacha men sening qulog‘ingdan tishlab qo‘ya qo-lay, — deb hazil qildi Vakil.
Hazildan zavqlanib, o‘pishdilar.
Kuda-andachilik uchun ichmoqchi bo‘lishganida korjomadagi bir yigit ularga yaqinlashdi.
— Komissar, qirq ikkinchi ob’ektni qaziyotganimizda odam suyaklari chiqdi.
Yigitning gapi Komissarning g‘ashini keltirdi.
— Chiqsa nima bo‘pti, bir chekkaga surib tashla.
— Bir bug‘u paydo bo‘lib qoldi. Hech kimni yo‘latmayapti.
Bug‘u paydo bo‘lib qolganini eshitib, ular bu yerga ov bahonasida chiqqanlarini eslashdi.
— O’lja o‘z oyog‘i bilan kelibdi-ku, ketdikmi? — dedi Komissar Vakilga qarab.
Shirakayf Vakil o‘rnidan turdi-da:
— Bug‘u ovlash jonu dilim, — deb g‘udrandi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:23:14

Ekskavator oldida uch kishi turardi. Odam suyaklari sochilib yotgan chuqurcha labida boshini egib olgan bug‘u xuddi tosh qotgandek edi. Komissar shoshib miltiqni o‘qladi-da, «Avval siz oting», deb Vakilga mulozimat qildi. Vakil miltig‘ini shoshilmay o‘qladi, shoshilmay nishonga oldi. Tepkini bosdi. Birinchi o‘qdan bug‘u qilt etmadi. Vakil ikkinchi tepkini ham bosdi. Bug‘u yana qimirlamadi. Vakil «Nahot tegmadi?» degan savol nazari bilan sheriklariga qaradi. Shoshilganicha miltiqni qayta o‘qlab yana tepkini bosdi. Bug‘u boshini ko‘tarib, o‘kirdi. Komissar ham uni nishonga olib o‘q uzdi. Bug‘uning tanasida jarohat izi sezilmadi. Ishchilar bu holdan ajablanib, ekskavator ortiga chekindilar. Bug‘u ham orqasiga tisarildi. Keyin hech kutilmaganda Komissar sari sapchidi. Ikki-uch sakrashda uning ro‘parasida paydo bo‘ldi. Avval Komissarni, so‘ng Vakilni shoxiga ilib uloqtirdi-da, daraxtlar orasiga kirib g‘oyib bo‘ldi. Ishchilar Komissar bilan Vakilni suyab turg‘azib, «Vezdexod»ga olib boramiz deb turishganida bug‘u yana paydo bo‘ldi. U suyaklar sochilib yotgan chuqurlik oldida bir oz turdi. Keyin kutilmaganda yonboshiga shart quladi. «O’q tekkan ekan-ku? — deb o‘yladi Komissar. — Unda nimaga qon chiqmadi?» Bug‘uga yaqinlashishni ham, yaqinlashmaslikni ham bilmay turishganida jonivor kichraya boshladi. Bir necha daqiqada dami chiqqan pufakdek undan hech nima qolmadi. U yotgan yerdan yengil hovur ko‘tarildi. Bu hodisadan qo‘rquvga tushib, tezda izlariga qaytdilar. Yaqinginada ziyofat yeb o‘tirgan yerlari toptalgan, idish-tovoqlar singan, yegulik-ichguliklari sochilib ketgan edi. Xizmat qilib yurgan yigitlar esa qo‘rqib, «Vezdexod» ichida o‘tirishardi. Ular bir bahaybat bug‘u payo bo‘lib hammayoqni yakson qilib ketganini aytib berishdi

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:23:25

Hamma narsa joy-joyida qoldi. Barchalari mashinaga o‘tirib, shoshqich ravishda shtabga qaytdilar. Kechga borib Komissar bilan Vakilning isitmasi ko‘tarildi. Ratsiya orqali vrach chaqirdilar. Vrach yetib kelganida ikkovi ham hushini yo‘qotgan edi. Ularni vertoletda olib ketishdi.
Shundan so‘ng qirq ikkinchi ob’ektdagi ekskavatorga ikki hafta davomida hech kim yaqinlasha olmadi. O’n besh kun deganda dadilroq ishchilar borib, suyaklarni qayta ko‘mishdi. Loyihani buzib, temir yo‘lni yuz qadam naridan o‘tkazadigan bo‘lishdi. Ziyofat bo‘lgan joyga esa birov qadam ham bosmadi. Shtabdan olib kelib yozilgan gilamlar namgarchilikdan chiriy boshladi.
Gilamlar to‘shalgan yer ostida ham uch kishining suyaklari borligini, bu yerda Vakilning bobosi — qamoqxona boshlig‘i va otryad komissarining bobosi — Komissar madfun ekanliklarini hech kim bilmadi. Bu sirni bug‘u o‘zi bilan birga olib ketgan edi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:23:45

Muxtasar xotima

«Unet» sayyorasi «1248» deb belgilagan Yer ahli sakson yil muqaddam Tungus yerlarida sodir bo‘lgan voqea yechimiga yetolmay garangsib yurganlarida falakda g‘aroyib hodisalarga duch keldilar. Yer sayyorasining turli joylarida ko‘rinishi ulkan laganni eslatuvchi jism paydo bo‘la boshladi. Birovlar bu jismni shunchaki odamlar ko‘zini aldovchi nur o‘yini deb isbotlamoqchi bo‘ldilar. Birovlar esa uzoq sayyoralar vakili deb ishondilar. Ikkinchi toifa odamlar yanglishmagan edilar. Chindan ham bu jism Unet elchilarini olib kelgan ikkinchi fazo kemasi edi. Ular yer atrofini aylanib, avval safar qilgan fazogirlarini izlar edilar. Ularga hali falokat sababi qorong‘u. Lekin fazogirlarning biri berayotgan xabar oqimi ularda ilinj uyQotgan edi. Avvalgi kema bepoyon o‘rmon ustida to‘xtaganini, fazogirlardan biri shu yerlarda ko‘p uchraydigan bug‘u jasadiga kirganini, kutilmaganda kema portlashi natijasida o‘z qiyofasiga qaytolmagani yoinki yerliklar shakliga kira olmaganini ana shu xabar oqimidan bilishdi. Xabar nihoyatda ojiz to‘lqinda edi. Shunda ular bu oqim ancha ilgari tarqagan, fazogir esa halok bo‘lgan degan taxminga borishdi. Ularga Yer bilan aloqa o‘rnatish man etilgan edi. Shu bois osmonda yog‘du taratib uchishdan bo‘lak imkonlari yo‘q edi. Bepoyon o‘rmonzor ustidan uchishayotganda ular so‘nggi xabar oqimini olishdi: «Men o‘zimiz kabi musulmon bandani uchratdim. Uni qutqarib qola olmadim. Armon bilan ketmoqdaman...»

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:24:05

Unet sayyorasidan kelgan fazo kemasi iziga qaytdi.
Uchinchi kema Yer vaqti bilan oradan ellik to‘rt yil o‘tgach keladi. Ular yerga tushadilar. Rahmatulloh ko‘milgan, bug‘u jon bergan joyni topadilar. O’sha yerda marhumlarga janoza o‘qiladi. Biz ham fotihaga qo‘l ochamiz: «Allohum mag‘firlihayyina va mayyitina va shahidina va g‘oibina va sog‘iyrina va kabiriyna va zakarina va unsana. Allohumma man ahyaytahu minna fa ahyihi a’lal-islami va man tavaffaytaxu minna  fatavaffahu a’la-l-iyman!» Omiyn!

1996 yil
Tohir Malik


TAMOM

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Noyabr 2009, 11:09:05

Ov (qissa). Tohir Malik



Muallif: Tohir Malik
Hajmi: 187 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan