Tohir Malik. Ov (qissa)  ( 43517 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 11 B


shoir  16 Iyul 2006, 07:11:43

Bu safar manzara o‘zgacha bo‘ldi — itlar dumlarini qisib inlariga kirib ketmadilar, aksincha, Rahmatulloh bilan Komissar atrofida jon-jahdlari bilan vovullayverdilar.
Boshliq bu manzarani ham hayrat, ham G’azab bilan kuzatdi. Mushtumini qattiq qisdi — hatto barmoqlari qisirlab ketdi.
— Men it emasman, mendan qochib qutulib bo‘psan!— U o‘zicha shunday dedi-da yordamchisini chaqirdi:
— Ikki soatdan so‘ng Komissarga ayt: operatsiya ertaga tongga belgilanadi. Tayinla: tosh yog‘sa ham qoldirilmaydi. «Ayiq»qa aytib qo‘y: bugun ularni bir ermak qilsin.
«Ayiq» qamoqxonaning azroili hisoblanadi. U kimnidir ermak qildimi — demak, u bechoraning umr shomi yaqinlashibdi. Boshliq to‘qqizinchi barakdagilarni bekorga «Ayiq»qa topshirmadi. Ertangi «ov» oldidan ularning sillasini quritib, o‘zining yumushini picha osonlashtirmoqchi edi. Yordamchi buni tushunib, iljayib qo‘ydi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:11:55

4

«Tunnel»dan o‘tib olishganidan so‘ng Komissar Rahmatullohning chap yelkasidan asta ushlab, uni o‘ziga qaratdi:
— U badbaxt bilan yomon o‘chakishdingiz. Endi tinch qo‘ymaydi. Qochmasangiz, o‘ldim, deyavering.
Rahmatulloh to‘xtab, atrofga quloq tutdi: bug‘uning zorli o‘kirig‘i ham, qulog‘i ostida jaranglayotgan «Ollohu akbar!» degan ovoz ham tingan, hammayoq birdaniga osudalik bag‘riga singgan edi. Rahmatulloh Komissarga qaradi — uning qo‘rquvdanmi yo izg‘irindanmi, rangi oqargan, lablari bilinar-bilinmas titrar edi.
— Yana o‘sha gapmi? — deb yelkasidan Komissarning qo‘lini oldi. — Sizga bir hikmat aytayinmi? Siz Qul Xoja Ahmad ismli zoti bobarokatni bilarsiz? U kishi bola choqlarida maktabdagi ustozlari ilm toliblariga bir yumush buyuribdilar. Aytibdilarki, «Bolalar, sizlar ertaga bittadan xo‘roz so‘yib olib kelasizlar. Ammo xo‘rozni Ollohning nazari tushmaydigan joyda so‘yingizlar». Ertasiga bolalar ustozlari vazifasini bajarib kelibdilar. Birovi ko‘prik ostida, birovi esa oshxonadami so‘yibdi-da, Qul Xoja Ahmad esa xo‘rozni tirigicha ko‘tarib kelibdilar. Ustozlarining «Siz nima uchun so‘yib kelmadingiz?» degan savollariga u zoti bobarokat: «Men Ollohning nazari tushmaydigan joyni topa olmadim», degan ekanlar. Komissar, siz bu hikmat yong‘og‘ini bir chaqib ko‘ring, ma’qulmi?..

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:12:03

Komissar Rahmatullohdan ko‘zlarini olib qoch-di.
O’sha qo‘lansa hidli barakka oldinma-keyin kirib borishdi. Qizil komandir hamon ingrab yotar, Mirhosil esa chordona qurib olgan, tirsagini tizzasiga, mushtumini esa iyagiga tiraganicha o‘yga botib o‘tirar edi. Rahmatullohni ko‘rib, chaqqonlik bilan o‘rnidan turdi-da, unga peshvoz chiqib, uzoq safardan qaytgan odamni qarshilaganday, quchoqlab oldi.
— Bu chaqiruvning boisi nima ekan, deb ko‘nglim bir alag‘da bo‘ldi, tinchlikmi ekan?
— Ko‘rib turganingizdek, — dedi Rahmatulloh uni quchog‘idan bo‘shatib. — So‘raydirgan so‘roqlari bor ekan. Ularning yumushi shu-da. Komissar akangiz tilmochlik qilib berdilar.
— Xayriyat, ziyon yetkazmabdi, — dedi Mirhosil uning yelkalarini mehr bilan silab.
«Ziyon yetkazmabdi, deb Boshliqni nazarda tutyapti, — deb o‘yladi Rahmatulloh. — Ollohning o‘zi asraganini bu bilmaydi. Komissar-chi? Uning fahmi yetdimikan bunga?» Rahmatulloh shu xayolda orqasiga o‘girildi. Komissar hech narsa anglamaganday, ko‘zlarini chetga olib, uning yonidan o‘tdi-da, joyiga borib cho‘zildi.
— Komandir qiynalyapti, — dedi Mirhosil Rahmatulloh joyiga borib o‘tirgach. — Bir nima qilsangiz-chi?
— Men nima qilay? Tabiblik qo‘limdan kelmasa... Men ham Ollohning siz kabi ojiz bandasiman.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:12:10

— O’qisangiz-chi? Em bo‘lmasmikin?
— O’qisammi? — Rahmatulloh bosh chayqadi. — Bu kishi Ollohni tan olmasalar, aqidalari bo‘lak bo‘lsa... Avval iymonga kalima keltirsalar edi...
Qizil komandir ko‘zlarini ochdi.
— Kerakmas, — dedi u xasta ovozda. — Kerakmas... Endi foydasi yo‘q. Taqsir, Fir’avnning qismatini eslaysizmi? — Qizil komandir «uh-h» deb yubordi. So‘ng qiynalib yutindi. — O’lim oldida kalima keltirganida, Xudo «Bo‘ldi, endi kech», degan ekan.
Rahmatulloh unga ajablanib qaradi.
— Buni siz kimdan eshitgansiz?
— Eshitmaganman... o‘qiganman, — U bir oz tin oldi. — Men... madrasa ko‘rgan odamman.
— Astag‘firulloh! Shunday bo‘la turib?..
— Ha... Nikolay podshoni duo qilish, u falokatning nomini xutbaga qo‘shib o‘qish durust emas, deganim uchun haydashgan. Meni haq so‘zim uchun ko‘kragimdan itardilaringmi, men endi senlar bilan bir dinda qololmayman, deb xudosiz bo‘lgan odamman. Bu yog‘iga endi men emas, ular gunohkordirlar.
— Bu yog‘i yolg‘iz Ollohga ma’lum.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:12:25

— Ha, ma’lum. Men ular bilan... — Qizil komandir Rahmatullohga qattiq tikildi. — Siz bilan ham birga bo‘lmadim. To tirik ekanman, birga bo‘lmayman. Ammo... ammo... kambag‘alning qonini so‘rib yotgan boylarni sizlarga o‘xshab duo qilmadim. Sizlar Ollohning kalomini bir tuguncha noz-ne’mat evaziga sotib kun ko‘ruvchi chayqovchisizlar. Boy yelkangizga chopon tashlasa «Ey Olloh, mana shu saxiy bandangga jannatdan joy hozirlab qo‘y», deb ertayu kech duo qilasizlar. Ha... a, Mirhosil, siz yana bu zotga «O’qib qo‘ying», deysiz. Agar chopon yopsam, iymon keltirganmanmi, yo‘qmi, surishtirib o‘tirmay o‘qib tashlayverardilar...
— Astag‘firulloh! — Rahmatulloh azob iskanjasidagi odam bilan bahslashishni o‘ziga ravo ko‘rmadi. O’zini oqlashni ortiqcha deb bildi. Gunohkor odamgina o‘zini oqlashga kirishib ketadi. Qizil komandir isbotsiz, tuzsiz gaplarni aytdi. Bir-ikki og‘iz gap bilan uning toshga aylangan qalbini erita olarmidi?
Mirhosil Rahmatullohning sukut saqlashini o‘zicha tushundi. Rahmatullohdan arzirli javob kutib bezovtalandi. Javobga Qizil komandir ham ilhaq edi. O’zi istamasa-da, holi bo‘lmasa-da, qandaydir kuch uni bahsga da’vat etardi. Rahmatullohga zahrini sochsa, go‘yo dardi yengillashadiganday edi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:12:34

— Javob bermaysizmi, taqsir?
— Birodar, shu sharoitda, shu holatda bahs joizmikin?
— Joiz! — Qizil komandir shunday deb tirsagiga suyanib, qaddini ko‘tardi. — Men haqiqatni yanada oydinlashtirib olmoqchiman.
— U holda javob shuki...— Rahmatulloh bir oz sukut saqlab, so‘ng davom etdi:
— Deydilarki, «Burgaga achchiq qilib, ko‘rpa kuydirma»... Siz ko‘rpani emas, iymonni kuydirib qo‘yibsiz. Qiyomatda dalillaringiz, uzrlaringiz inobatga olinmay qolsa-chi, degan hadikdaman.
— Uh-h... — Qizil komandir ingrab, boshini qattiq yostiqqa qo‘ydi.
— Bas qilinglar,— dedi Komissar yotgan yerida.— Bu yer haqiqatni oydinlashtiradigan joy emas. Bekorga falsafa so‘qmay, jonni omon saqlash choralarini o‘ylanglar. Bittagina yo‘l qolgan. Hozir biz «tunnel»dan o‘tib keldik. Itlarning qorni to‘qroq ekan, tegishmadi. Bola-chaqamga «Otang itlarga talanib, yem bo‘lib o‘ldi», degan xabar borishidan isnod qilaman. O’lsak ham, odamga o‘xshab o‘laylik.
U shunday deyishga dedi-yu, bularga qo‘shib o‘zini ham otib tashlashlari mumkinligini o‘ylab, ichidan qirindi o‘tdi.
— Odamlar qochishyapti, — dedi u sir boy bermaslikka harakat qilib. — Quvib chiqishdi. Ammo bo‘sh qaytishdi. Yetib olishsa, yo tirigini, yo o‘ligini keltirishardi. Bu yerlar ovloq bo‘lgani bilan yo‘l bor-ku? — U bir oz jimlik saqladi-da, qat’iy qilib qo‘shib qo‘ydi: — Ha, yo‘l bor!

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:12:42

Rahmatulloh uning gaplarini eshitgisi kelmadi. Uning mo‘ljalida asr namozining vaqti bo‘lgan edi. Eskirib, titila boshlagan junchoyshabga kaftini urib qo‘yib tayammum qildi-da, devor tomonga o‘girilib,tiz cho‘kib o‘tirdi. U namozni o‘qib bo‘lguniga qadar suhbat uzildi. Qizil komandir bir-ikki ingradi. Komissar qo‘lini boshiga bolish qilib, shipga tikilganicha jim yotdi. Mirhosil yana chordona qurib, qaddini bukibroq o‘tirib oldi. Rahmatulloh namozni o‘qib bo‘lgach, yonboshladi.
Ahli muslim orasida esini tanigan bu odamning Ollohni unutgan bandalar bilan birga sassiq barakda yotishi inson bolasi uchun og‘ir sinov edi. Yaratganning huzuriga qaytish kuni yaqinlashayotganini uning ko‘ngli sezib turardi. Vujudini allaqanday g‘ashlik tobora mahv etardi. Uning tanasi bu ovloqdagi qamoqxonada, yuragi esa ko‘krak qafasida tutqun. Faqat xayoli ozodlikda. Ruhi ham erkinday go‘yo, ammo tutqun vujudni, ko‘krak qafasida qon qaqshayotgan notinch yurakni tashlab uzoqqa keta olmaydi. Yaxshi hamki, tutqunlikni bilmas xayol bor. Parvardigorning zikridan bo‘shadi deguncha, xayol unga avval huzur baxsh etadi, keyinroq esa iskanjaga olib qiynaydi.
Hozirgiday yonboshlagan chog‘ida maylini xayol ixtiyoriga beradi. Xayol uni bir zumda kindik qoni to‘kilgan Makkai mukarramaga eltadi. Parishon o‘tirgan zavjasini ko‘radi. Rahmatulloh ota yurtini qoralab safarga chiqqanida u yukli edi. Yaratganning irodasi bilan eson-omon ko‘zi yorib olgandir, hozir farzandi arjumandi yugurgilab o‘ynab yuradigan yoshga yetgandir... Rahmatulloh avvaliga uni ham birga olib ketmoqchi bo‘lgan edi. Onasi ham «Xotiningni qoldirma», deb yalindi. Rahmatullohning o‘zi o‘jarlik qildi. «Tug‘iladigan bolam o‘zimga o‘xshab musofir bo‘lib tug‘ilmasin», dedi. Ana shu gapi uchun keyin yuz afsus chekdi, ming nadomatlar qildi. Nodon ekan. Uning bolasi o‘zining ota yurtida musofir bo‘lib tug‘ilar ekanmi? O’jarlikni, jahlni jilovlay olmadi. Aql ojizlik qildi o‘shanda.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:12:49

Rahmatulloh taqdiridan nolimas edi, nolish gunoh ekanini bilardi. Ayni choqda hayotidan ko‘ngli to‘lmas edi. Otasi ham savdo vajhidan, ham Ollohning farzini bajarayin, deb yo‘lga chiqqan, shu niyatda xotinini ham yoniga olgan edi. Yo‘l azobimi yo Makkai mukarramadagi ob-havo ta’sir etdimi — Rahmatullohning onasi betoblanib qoldi. Bir tomonda betoblik, bir tomonda oy-kuni yaqinlashayotganidan darak beruvchi yuzdagi dog‘larning quyuqlashuvi ortga qaytish masalasini muammo qilib qo‘ydi. Otasi bu yerda orttirgan birodarlari — Makkada muqim turib qolgan o‘zbeklar maslahati bilan xotinini tashlab ketishga majbur bo‘ldi. Rahmatulloh otasi ketgach, bir oydan so‘ng tug‘ildi. Unga Rahmatulloh ibn Inoyatulloh Andijoniy deb ism berishdi. Shu ism bilan ulg‘aydi, kamol topdi. Ammo ota diydorini ko‘rmadi. U shunisidan dog‘da edi. Onasi Andijon tomonlardan keluvchi savdogarlardan erini so‘roqlab, «Eson-omon yuribdi» degan javobni olardi. Bir necha marta yurtiga otlandi, biroq, turli sabablar bilan bora olmadi. Rahmatulloh madrasani hatm qilgach, mudarris uni xush ko‘rib, yelkasiga kuyovlik sarposini yopdi. Ana shundan keyin onaning ko‘ngli bir oz taskin topib, andijonlik savdogarlarga qo‘shilib yurtiga borib kelmoqni ixtiyor etdi. Rahmatulloh onasini yolg‘iz yubora olmas edi. Ham bu sabab bo‘lib, ham qon ota yurtiga tortib, ham otani bir ko‘rish istagi ustun kelib — barchasi taqdir yozug‘ida mujassam bo‘ldi-yu, tug‘ilgan muqaddas shahrini o‘z nazarida bir oz muddatga tark etdi. Tark etish u o‘ylaganicha bir oz muddatga emas, balki (buni yana Olloh biladi!) umrbodga ekan. Ota yurtga keldi ham, otani, o‘gay ukalarini ko‘rdi ham. Biroq, zamon alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib iziga qayta olmadi. Ahli mo‘‘minga va’z aytib yurib edi. Chustdagi birodarinikida mehmon bo‘lib turganida hibsga olishdi. Bir necha kun Namangan turmasida ushlashdi, so‘ng Toshkentga olib ketishdi. Qo‘rboshilardan birontasining xizmatini qilmagan bo‘lsa ham, «Bosmachilar bilan qanday aloqangiz bor edi», deb qaytag‘ayta so‘rayverishdi. Qiyin-qistovga olmay shunchaki so‘rab-so‘rab qo‘yishlaridan angladiki, qo‘rboshilarga aloqasi yo‘qligi bularning o‘ziga-da ma’lum. Faqat nimaningdir ilinjida uni sarson qilishar edi. O’sha «nimadir» ko‘p o‘tmay aniq bo‘ldi: unga bir necha sahifa qog‘oz berishdi. «Ertalabgacha muhlat: Xudo yo‘q, deb yozasan. Makkada hech qanday muqaddas tosh yo‘q, hammasi Muhammad degan savdogarning uydirmasi, Qur’on osmondan tushmagan, o‘sha savdogar to‘qib yozgan, deysan. Shularni yozsang — ozod bo‘lasan. Yozmasang — suyaklaring qamoqda chiriydi...».

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:13:06

Rahmatulloh bu buyruqni eshitib, o‘z quloqlariga ishonmadi. Ollohning sherigi bor yoki Iso masih Ollohning o‘g‘li, deb yozishni talab etishsa balki bunchalik hayratga tushmas edi. Qon-qoniga singib ketgan haqiqatni rad etish, yozish u yoqda tursin, xayolga keltirishning o‘ziyoq u uchun benihoya dahshatli hol edi. Ular aytganni qilsa balki chindan ham chiqarib yuborishar. Yana yigirma yilmi, o‘ttiz yilmi yashar. Ammo qiyomatda o‘zini Ollohga shirk keltirganlar, Rasulillohga qarshi qilich ko‘targanlar yoki o‘z onasini zino qilganlar qatorida ko‘radimi?! Shu fikrning o‘ziyoq vujudini muz holiga keltirib, uni bir necha nafas murdaga aylantirib qo‘ydi. U buyruqqa itoat etaymi yo yo‘qmi, deb fikrlab ham ko‘rmadi. Chunki shunday fikrning o‘ziyoq imonini darz ketkazib qo‘yar edi.
Buyruqqa itoat etmagach, bu daxriy so‘zlarni ularning o‘zlari yozib berishdi. Imzo cheksa bas — ozodlikka chiqadi. U ko‘zlarini chirt yumib, Ollohga munojot etdi: «Ey Olloh, shunga imzo chekadigan qo‘limni bu imonsizlarning o‘zlari qayirib sindira qolishsa, shu xatni o‘qigan ko‘zlarimga qum sepib ko‘r qilishsa yaxshi bo‘lmasmidi! Olloh, hozir ko‘zimni ochganimda hech narsani ko‘rmayin, qo‘llarimni shol qilib qo‘ygin, aqlimni ham olgin...» Yolborishlari zoe ketdi. Ammo Yaratgan unga madad berdi — aqlini olmadi, shaytonga qul qilib qo‘ymadi.
Uni ota yurtdan yanada uzoqroq sovuq o‘lkalarga jo‘natishdi. Kindik qoni issiq tuproqqa to‘kilgan edi, joni sovuq o‘lkada chiqarmikin?..

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:13:19

U shaytonga qul bo‘lmaganidan xursand edi. Qiyinchiliklarga uchraganida mana shu quvonch unga dalda berardi. Biroq Ollohning bu sodda bandasi bir narsani bilmas edi: imzo chekmagan kunning indiniga gazetda Rahmatulloh Inoyatulloh o‘g‘lining Xudodan yuz o‘girgani haqidagi maqolasi chop etildi. Oradan o‘n besh kun o‘tgach, uning «mutaassib ruhoniylar» tomonidan o‘ldirilgani haqida kichkina xabar chiqdi...

Soqchi barak eshigini ochib, Komissarni chaqirdi. Komissar bu chaqiruvdan ajablanib, erinibgina o‘rnidan turdi. Hammalari «Bugun ko‘p yo‘qlab qolishdimi?» degan savol nazari bilan unga qarashdi. Komissar bu qarashlarni sezmagandek, indamay eshik tomon yurdi.
Mirhosil Rahmatullohga yaqinroq surilib, faqat hamsuhbati eshita oladigan past ovozda so‘radi:
— Hali nima uchun «Ehtiyot bo‘l», deb ketdingiz?
— Hech nimani sezmayapsizmi? — Rahmatulloh shunday deb Komissarning bo‘sh o‘rniga qarab qo‘ydi.
— Unga ishonmayapsizmi?
— Iymonsiz bandaga ishonish mumkinmi?
— Sotadi, deysizmi?
— Maqsadi menga qorong‘u.
— Nimaga pichirlashib qoldilaring?!

Qayd etilgan