Tohir Malik. Ov (qissa)  ( 60590 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 B


shoir  16 Iyul 2006, 07:13:29

Ikkalasi baravar ovoz bergan odamga qarashdi. Ular qamoqxonada «Ayiq» degan laqab olgan, kelbati chindan ham ayiqni eslatuvchi, fe’li esa quturgan itnikidek bo‘lgan bu badaxloq odamni shu tomonga kelayotganini ko‘rishgan, ammo nariga o‘tib ketar, deb o‘ylashgan edi. Chunki «Ayiq»ning shu paytgacha ular bilan ishi bo‘lmagan edi.
«Ayiq» ularga zaharli nigohini qadab turardi:
— Meni ig‘vo qilyapsanlarmi?
Ular javob berishga ulgurishmadi. «Ayiq»ning uzun qo‘li cho‘zilib, Mirhosilning yoqasidan oldi. Rahmatulloh hay-haylab turgunicha Mirhosil bir-ikki musht yedi. Rahmatulloh «Ayiq»ning chayir qo‘llariga yopishdi. Lekin birodarini ajrata olmadi. «Ayiq» so‘kindi-da, tizzasi bilan uni turtib yubordi. Rahmatulloh tisarilib yiqildi, chekkasini so‘ri qirrasiga urib olib, bir necha nafas hushini yo‘qotdi. O’ziga kelganida «Ayiq» vazifasini ado etib bo‘lib, joyiga qarab qaytib borardi. Mirhosil esa yorilgan labidan oqayotgan qonni artish bilan mashg‘ul edi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:13:46

5

Komissar qaytganida Mirhosilning labidan oqayotgan qon to‘xtagan, Rahmatulloh ham hushiga kelib, joyida o‘tirgan edi. «Ayiq» hunarini ko‘rsatayotgan damda Qizil komandir tirsagiga suyanib qaddini ko‘targanicha qoldi — joyiga cho‘zilishga shoshilmadi. Uni hozir tan azobi emas, nochorlik azobi qiynoqqa olardi. Haqsizlikni ko‘rganida chiday olmaydigan Qizil komandir birodarlariga yordam bera olmaganidan ezilardi. «Haqiqat egiladi, bukiladi, biroq sinmaydi», deb qattiq ishongan bu odam, Yer yuzida adolat o‘rnatish qasdida ko‘pga qo‘shilib qilich yalang‘ochlagan sururli bu kimsa yuragida titrab turgan so‘nggi umid iplari shart uzildi. Umidsiz yurak egasi, garchi nafas olib tursa-da, murdadan farq qilmay qolgan edi.
Komissar joyiga qaytganida manzara shunday edi. Undan birov «Yana nima uchun chaqirishibdi?» deb so‘ramadi. U ham «Nima gap, tinchlikmi?» demadi. Notekis taxtalardan ishlangan karavotda xuddi omonat gapni aytib iziga qaytadigan odamday oyoqlarini osiltirib o‘tirdi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:13:53

— Bugundan bo‘lak qulay vaziyat bo‘lmaydi, — dedi u o‘ziga o‘zi gapirganday. — Uchinchi minorada o‘zimizning hamshahar yigit soqchilik qiladi. Uning otasi boshiga ham bizning qora kunimiz tushgan. Buni boshliqlari bilishmaydi. «To bilib qolishguncha yordam qilay, otam tushgan joyda ham zora menga o‘xshagani topilsa», deydi.
Rahmatulloh gaplarini eshitgisi kelmay, unga orqasini qilib, o‘girilib yotdi. Qizil komandir ham boshini yostiqqa qo‘ydi. Mirhosil barakdan tashqariga chiqib yomg‘ir suvida yuz-qo‘lini yuvib qaytganda Komissar ham joyiga yotib olgan edi. Uchchovining ko‘zlari yumuq: xuddi uxlayotganday, bir tekisda nafas olib yotishardi. Mirhosil ularning o‘rtasidagi bo‘sh joyga chiqib chordona qurib oldi. «Uchchovi — uch olam. Qaysi biriga ishonishni bilmaysan, — deb o‘yladi u.— Domla «Olloh ko‘rsatgan yo‘ldan chiqma», deydi. O’zi shunga amal qiladi. Men ham Xudoga qarshi biron nojo‘ya ish qilmadim. Odam o‘ldirmadim. O’g‘irlik qilmadim, halol yashadim. Bolalarni o‘qitdim. Vatanni sevishni, ozodlikni qadrlashni o‘rgatmoqchi bo‘ldim. Ustoz tuzumni hazm qila olmadilar. Menga ham yoqmadi bu tuzum. Ammo murosa qildim. Biz-ku, shu tuzumga g‘anim ekanmiz. Shu tuzumning egalari nima qilib yurishibdi bu yerda? Bizday odamlarning qanchasini u dunyoga jo‘natishdi. Qanchasini bu yoqlarga surgun qilishdi. Oxir-oqibat bizga hamtovoq bo‘lishdi. Ozodlikda yurishganida biz bilan bir dasturxon atrofida o‘tirishga or qilishar edi. Bizdan nafratlanishardi. Ko‘rgiligimiz bir ekan-ku? Endi birga qochmoqchimizmi? Qayoqqa qochamiz? Yana o‘sha buzuq yurtgami?

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:14:01

U yerda bizga kimning ko‘zi uchib turibdi? Xudoning qarg‘ishi tekkan bu joylardan qochib xorijga o‘tib ketishning nahot imkoni bo‘lsa?» Mirhosil bu savolni o‘ziga-o‘zi yuz bora bergan bo‘lsa, yuz bora, ming bora bergan bo‘lsa, ming bora javobsiz qoldirar, javob topa olmas edi. Rahmatulloh «Qiyomat kuni qachon?» degan savolga javob berolmaganidek, Mirhosil ham bu muammoni yecha olmas edi. «Tavakkal qilmoqdan o‘zga chora yo‘q!» — shu to‘xtamdan nariga o‘ta olmasdi.
Qizil komandir ko‘zlarini ochib, chordona qurib o‘tirgan Mirhosilga qarab yotdi. «Bu bola faqirga qiyin bo‘ldi. Hali go‘shanga ko‘rmay turib boshini ne azoblarga tutib berdi. Ustozi-ku, nodon ekan. Nima edi?.. — Qizil komandir Mirhosildan eshitgan satrni eslamoqchi bo‘ldi: — Ha.. «Ey, har turli qulliklarni singdirmagan hur o‘lka, nega sening bo‘g‘izingni bo‘g‘ib turar ko‘lanka?..» Esi butun bo‘lsa, shunaqa deb yozadimi? Bo‘lganda, shunaqa yoshlarga jabr bo‘ldi. Shoir-ku, o‘zi pishirgan oshni o‘zi ichibdi. Bu bolalarda nima gunoh edi? Ayni go‘shangada ayshini suradigan paytda-ya... Men bu yoshda adolat deb ot surib yurdim. Adolat faqat shu jamiyatda qadr topishi mumkin edi. Bular nima uchun ishonishmadi? Biz tushunmovchilik qurboni bo‘ldik. Buzuq fikrlilar ro‘yxatiga noo‘rin tushdik. Endi birga qochmoqchimiz. Domlaning maqsadi tayin. Bu yerdan qutulsa, xorijga qochadi. Lekin bu yerdan ketgisi yo‘q. Shunisi ajablanarli. Nima uchun qochib qutulishiga ishonmayapti? Komissarni oilasi kutib turibdi. Mirhosilning sevgilisi bor. Nima edi?.. «Men suygan suyukli shunchalar go‘zal. Oydan-da go‘zaldir, kundan-da go‘zal!..» Meni kim kutyapti? O’lsam kim aza ochadi?..»

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:14:10

Qizil komandirning xayolidagi bu savolga kimdir «Seni kim kutardi, Azroil kutyapti», deb shivirlaganday bo‘ldi. Vujudini muz xarsangi bosib o‘tganday, a’zoyi badani seskandi. «Bu ham to‘g‘ri, — deb taqdirga tan berdi u, — bu yerdan qochganim bilan uzoqqa yetmayman. Har holda qamoqda, sassiq barakda xunuk basharalar orasida o‘lgandan ko‘ra, erkinlikda o‘lganim durust-ku? Jonim kechqurun uzilsa, yulduzlarni ko‘rib qolarman. Kunduzi o‘lsam, balki quyoshni ko‘rarman. Osmonni bulut bossa hech bo‘lmasa o‘sha bulutni, daraxt shoxini, bittagina giyohni ko‘rib qolaman-ku? Balki yuzimga bittagina pokiza yomg‘ir tomchisi tushar? So‘nggi nafasim chiqayotganda balki tabiatning o‘zi labimga suv tomizar? Ollohning menga ko‘rsatgan marhamati balki shu bo‘lar? Olloh gunohlarimni kechirib, meni shu martabaga loyiq ko‘rar? Domla biz bilan qochsa yaxshi bo‘lardi. O’lsam, janozamni o‘qirdi. Uch kunlik chaqaloqligimda qulog‘imni azon aytib ochishgan ekan. Janozasiz ketsam durust bo‘lmas. Men halol yashadim. Xudo gunohlarimni kechiradi. Men Xudodan emas, nodon dindorlardan yuz o‘girganman. Xudodan yuz o‘girganlar qancha? Yurishibdi hammalari davru davronlarini surib. Men ularday munofiq emasman. Lekin domla meni aynan o‘sha munofiqlar qatorida ko‘radi. Unga haqiqatni tushuntira olmadim. Tushuntirolsam, insofga kelarmidi...

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:14:23

Xayolidan shu gaplar o‘tgan Qizil komandir Mirhosilning yelkasidan ushlab, o‘ziga qaratdi:
— Domlaga ayting, o‘jarlik qilmasinlar, — dedi muloyim ovozda.
Mirhosil unga javob berishga ulgurmadi, gapga Komissar aralashdi:
— Aytmang, zo‘rlamang.
— Domla menga keraklar, — dedi Qizil komandir o‘jarlik bilan.
— Nimaga?
— Yo‘lda o‘lguday bo‘lsam, janozamni bu kishidan boshqa kim o‘qiydi?

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:14:33

— Bunaqa bema’ni xayolga bormang. Siz komandirsiz, axir! Men sizni yolg‘izlatib qo‘ymayman. Komissarligimni unutganim yo‘q. Qancha yursak, sizni o‘zim suyab yuraman.
Qizil komandir bir oz jim qoldi. Komissar va’da bergani bilan ko‘ngli tinchimadi. Komissar mehribon odam, chindan ham suyab yuradi. Ammo o‘limga duch kelsa, u ham nochor... Azroilning changalidan saqlab qola olmaydi.
— Domla, — dedi Qizil komandir xayollaridan chekinib. Rahmatulloh indamadi. — Domla, uyg‘oqsiz, bilib yotibman. Agar sizga malol kelmasa, janozamni hozir o‘qing. Issiq jon, bilib bo‘lmaydi.
Rahmatulloh javob bermadi, hatto qimirlab ham qo‘ymadi. Unga javob berish yangi bahs darvozasini ochish bilan teng edi. Shu bois sukutni afzal bildi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:14:43

6

Qizil komandirning «Janoza o‘qib qo‘ying», deyishi Rahmatulloh ko‘ngliga bir jihatdan taskin berdi. «Har holda iymonini butunlay sovurib yubormagan ekan, dilida Olloh bor ekan», deb qo‘ydi. Ammo uning iltimosini yerda qoldirishga majbur edi. Mo‘ljallanayotgan qochish Olloh yo‘lida jihod uchun bo‘lsa ekan, bularga shahidlik martabasi nasib etsa ekan, oldindan janozalari o‘qib qo‘yilsa... «U Fir’avnning qismatini bo‘yniga olib yotibdi, — deb o‘yladi Rahmatulloh, — shu dard jonimni oladi, degan fikr xayolini egallagan. g‘ofil banda! Erta-indin o‘la qolishini qayoqdan bilibdi? Dard bergan Olloh shifosini ham beradi-ku?..»
Rahmatulloh turli xayollarga bandi bo‘lib uzoq yotdi. Mahbuslarning u yoqdan-bu yoqqa yurishlari tindi. Qo‘ng‘ir-qo‘ng‘ir ovozlar ham eshitilmay qoldi. Buning o‘rnini turli ohanglardagi xurrak, alahsirashlar egalladi. Tun yarimlaganda Rahmatullohning ko‘zi ilindi. O’n daqiqagina davom etgan uyqusida g‘alati tush ko‘rdi. Tushida mudarrisi — qaynotasi uch bo‘lak oq surpni unga uzatyapti. «Bittasi senga, qolgani sheriklaringga», dermish. «Menam bular bilan ketayinmi? Unda to‘rt kishi bo‘lamiz», dermish Rahmatulloh. «Bittangga lozim emas». U shunday deb shoxdor bug‘uga aylanib qolganmish. So‘ng Rahmatulloh unga minib olganmish. Bug‘u yeldek uchib, uni to‘g‘ri Ka’batullohga olib borganmish... «Xayriyat, bomdodga yetib keldik», dermish Rahmatulloh.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:14:49

Keyin muazzinning ovozi eshitilibdi: «Ollohu akbar!» Rahmatulloh Makkai mukarramada ekanida ba’zan shu azon tovushini eshitib uyg‘onardi. Subhi sodiqda yangragan azon ovozi uning ruhiga madad berar, yaxshi bir kayfiyatda boshini yostiqdan ko‘tarardi. Hozir ham qush uyqusidan shu holda uyg‘ondi. Qulog‘iga azon tovushi boshqa eshitilmadi. O’zini Ka’batullohda emas, yana sassiq barakda ko‘rib, yuragi ezildi. Komissarning «Bo‘laqolinglar», degan ovozini eshitdi. Qizil komandir bir ingrab, o‘rnidan turdi.
— Taqsir bilan xayrlashaylik, — deb pichirladi Mirhosil.
— UyQotmang, bilmagani ma’qul. Sotib qo‘yishi mumkin.
Shivirlab aytilgan gap qilichga aylanib, Rahmatullohning tanasini qiymalab tashlaganday bo‘ldi. Xoinlik ko‘chasidan o‘tish mumkinligini xatto xayol qilmagan odam uchun bunday gumon eng yomon haqoratdan ham battar edi. Komissarga esa aynan shu kerak edi. So‘nggi yo‘qlovda u «Qanday bo‘lmasin Mullani olib chiqasan», degan qat’iy topshiriq olgan, o‘ylay-o‘ylay Rahmatullohning jig‘iga tegishni reja qilgan edi. Rejasi amal berdi — Rahmatulloh o‘rnidan turib ularga ergashdi. «Shularga qo‘shilib jon berish yozug‘imda bo‘lsa, na chora», deb o‘yladi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:15:01

7

Boshliq qorong‘u xonada, deraza oldida yordamchisi bilan turardi. To‘qqizinchi barak eshigi ochilib, hovlida odam qorasi ko‘ringach, mamnun jilmayib ko‘ydi.
— Umrimdagi eng maroqli ov shu bugun bo‘ladi, — dedi-da, sharpalarga sinchiklab tikildi: — Kimni suyab yurishibdi, sudralayotgan kim?
— Kecha sizdan adolat talab qilib kelgan odam.
— Ikkita tepkili holi bor ekanmi? Shu ahvolda komandirlik qilgan ekanmi, e onasini... — Boshliq so‘kinib, yoniga tupurdi. — Nima qilardi sudrab, o‘lsa shu yerda ham o‘laverardi.
— Sir ochilib qolmasin, deb qo‘rqdi.
— Ha, bo‘pti. Bulari — senga. Mulla — menga.
— Bular deganingiz... Komissar hammi?

Qayd etilgan