9
Komissar sheriklaridan chamasi uch yuz qadam uzoqlashgach, doira yasab, orqaga qayta boshladi. Qamoqxona shu tomonda bo‘lsa-da, sezib qolishmasin, deb atayin qaramag‘arshi yo‘lni tanlagan edi. Bilishga-ku, baribir bilishadi, qarg‘ashadi, la’nat o‘qishadi. Lekin bu paytda ularning hayoti qil ko‘prik ustida, Komissarniki esa omonlikda bo‘ladi. Ularning qarg‘ishlari, la’natlari yomg‘ir tomchisi kabi yerga singib ketadi. Komissar shunday bo‘lishiga ishonardi.
U butalarni shitirlatmay yurishga harakat qildi. Endi shoshilmas, ko‘lmaklarni chetlab o‘tar, dam-badam to‘xtab, atrofga quloq tutar edi. Sheriklaridan ancha uzoqlashib, mo‘ljaldagi yo‘lga tushib olgach, o‘q ovozlarini eshitib yana to‘xtadi. O’q ovozining qay tomondan kelayotganini chamalayotganida bug‘uning o‘kirig‘i eshitilib, o‘zi kutmagan holda yuragiga qo‘rquv oraladi. U o‘q otilayotgan yerni aylanib o‘tish uchun ovoz kelayotgan tomonni aniqlamoqchi edi. Bug‘uning o‘kirig‘i uning rejasini parokanda qilayozdi. U o‘rmonzorda o‘q o‘tmas bug‘u borligini, bug‘u qandaydir ilohiy kuchga ega ekanini eshitgan, endi ham o‘q otayotganlarni, ham bug‘uni chetlab o‘tishga majbur edi.