«O’lishmasa-chi? Qochib qutulishsa-chi? — dedi o‘sha noma’lum kuch. — Hech bo‘lmasa bittasi qochib qutulsachi?..»
Komissar bu savolga darrov javob qaytara olmadi. «Qutulib ketish qiyin», — deb o‘ziga o‘zi dalda bermoqchi ham bo‘ldi. Ammo bu javobda qat’iylik yo‘q edi. U noma’lum kuch bilan bahslashishni bas qilishga o‘zida kuch topdi-da, tavakkal qilib qamoqxonaga olib borishi mumkin bo‘lgan eng qisqa yo‘lni tanladi. Bu safar qadamini tezlatdi. Vujudini tark etmayotgan qo‘rquv, tezroq jon saqlash qasdidagi hovliqish uning ziyrakligini mahv etgan edi. U tobora telba odam holiga kirib borardi. Endi ko‘ziga ko‘lmaklar ham, yuzg‘o‘lini tirnovchi butalar ham ko‘rinmas edi. Hozir uning panoh topadigan joyi — qamoqxona. O’y-xayoli bir — o‘sha yerga tezroq yetib olish... Bir mahal sayoz tuyulgan ko‘lmakka oyoq qo‘ydi-yu, munkib, yuztuban yiqildi. Avvaliga hech nimani sezmadi. Darrov o‘rnidan turib, yuziga yopishgan loyni yengi bilan sidirib, bir-ikki qadam tashladi-yu, chap oyog‘ida uyg‘ongan og‘riqqa dosh berolmay baqirib, yana yiqildi. Bu safar tez turmadi. To‘pig‘i atrofidagi og‘riq avval boldiriga chiqdi, keyin hamma yog‘i zirqirab og‘riy boshladi. «Eti uzildi shekilli», deb o‘yladi u. Asta qaddini ko‘tardi. Ehtiyotlik bilan qadam bosmoqchi bo‘ldi. Og‘riq uni yana yuztuban qulatdi. Bir oz hushini yo‘qotdi, hushiga kelib, sudrala boshladi. «Yaqin qoldi, sudralsam ham bir amallab yetib olaman», deb o‘yladi. Ust-boshi bo‘kib ketdi. Miyasi qiziy boshladi. Og‘riq kuchaya bordi. Bir ko‘lmak yonida to‘xtab, yuzini yuvdi. Sal yengil tortganday tuyuldi. Yana sudralmoqchi bo‘lganida butaning shitirlaganidan cho‘chib, atrofga alangladi: shoxlar orasida miltiq milini ko‘rdi.