«Demak, Komiscarni ushlashmabdi», deb o‘yladi Mirhosil.
— Biz uch kishimiz...
— Komissarlaring qani? — dedi Yordamchi Rahmatullohga qarab.
— Net ponimash...
— Tushuntirib qo‘yaymi?
Shunday deb Rahmatullohga musht tushirish qasdida qo‘l ko‘tardi-yu, ko‘zi uning nigohiga tushgach, qo‘lini qandaydir kuch siltab tashlaganday bo‘lib, urolmadi. Sir boy bermaslik uchun kulimsiradi:
— Xo‘p, tushunmasang tushunmabsan. Qani, oldimga tushlaring!
Mirhosil Qizil komandirni suyab turg‘azdi. Ularning qiynalayotganini ko‘rib, Rahmatulloh ham Qizil komandirning qo‘ltig‘idan oldi. Askar yigit oldinda, Yordamchi orqada bordi. Bir chaqirim yo‘l bosishgach, askar to‘xtab, orqasiga qaradi. Yordamchi unga, chetroq o‘t, deb imlab, mahbuslarga buyurdi:
— To‘g‘riga yurlaring!