Yigirma yilning naryog‘ida, qamoqxona boshqa yerga ko‘chirilgach, uning o‘rni xarobazorga aylangan edi. Qurilish boshlanib, qolgan-qutgan binolar ta’mir etildi, idoraga, yotoqxonaga aylantirildi va peshtoqiga «Shtab» deb yozib qo‘yildi. Bu yer garchi «Komsomol zarbdor qurilishi» degan nomda zikr etilsa ham, aslida unda og‘ir jazosi yengillashtirilib, majburiy mehnatga hukm qilinganlar ter to‘kishardi.
Uch kun ezib yoqqan yomg‘ir tunda tinib, ertalabga yaqin bulut choklari so‘kildi. Ola chalpoq bulutlar orasidan quyosh ko‘ringanda «Shtab» hali uyquda edi. Ikki kun burun markazdan kelgan Vakil ko‘ngil xumorini yozish maqsadida bu yerda tuni bilan muhim tadbir o‘tkazgan edi. Oqshomda boshlangan majlis zarbdor qurilishda komsomollarning vazifalarini muhokama qilib olgach, ziyofat boshlangan, so‘ng sarxush Vakil istagi bilan qarta o‘yiniga o‘tirishgan edi. O’n tiyindan tikib boshlangan o‘yin avjiga mindi. Qurilishning katta-kichik yetakchilari qimorga uquvsiz edilarmi, har holda ikki-uch mingdan yutqazib, mo‘‘tabar mehmon oldida «uyalib» qolishdi. Yutuq tug‘yonga keltirdimi yo ichilgan aroq miqdori me’yordan oshdimi, Vakil usta qimorboz ekaniga o‘zi ham ishonib, «Lagerning zo‘rini olib kelasan», deb turib oldi. Uzun bo‘yli, qomati kelishgan, sochlari orqaga taralgan, ko‘zlari kibr bilan boquvchi Vakilning istagi mezbon — komsomol zarbdor qurilish otryadining komissari uchun amri vojib edi.