Mirhosil gaplari Rahmatullohga yoqmaganini fahmladi. Ko‘z qiri tashlab qo‘yganini ham sezdi. «Taqsirga ma’qul gap aytish mushkul. Uni aytsang, makruh deydi, buni aytsang, shayton vasvasasi, deydi. Pichirlab duo o‘qiyverar, o‘qiyverar... Durust, Ollohni zikr etmoq — muslim uchun farz. Ammo jihod degan tushuncha ham bor-ku?! Nechun eslamaydi buni?» deb xayoldan kechiradi. Tunov kuni Komissar shunday deganida Rahmatulloh unga qattiq tikildi-yu, indamadi. So‘ng xoli qolib, Mirhosil buni takrorlaganda, «Jihodga qanday ko‘tarilasiz? Chor-atrof g‘ayri din bo‘lsa, farosat egalari oz, kallakesar-muttahamlar ko‘p bo‘lsa, yana munofiqlar...» dedi.
Mirhosil sezib yuribdi: Rahmatulloh Komissarni yoqtirmaydi. Shundan bo‘lsa kerak, uning takliflariga bepisand qaraydi. Qochishdan qo‘rqadimi yo Komissarga ishonmaydimi? Barakda uni hech kim ismi bilan chaqirmaydi. Hamma «Komissar» deydi. Mirhosil uning chindan komissar bo‘lgan-bo‘lmaganini bilmaydi. Ammo katta papka qo‘ltiqlab izvoshlarda, so‘ng avtomobilda kerilib o‘tirganini ko‘rgan. Bu taqsir-ku, ma’lum — bolsheviklarni hazm qila olmaydi. Qizil komandir-chi? U nimaga ishonmayapti? Rahmatullohning o‘ng tomonida g‘ujanak bo‘lib yotgan sochu qoshlari sap-sariq bu odamni «Qizil komandir» deyishlari notanish kishiga g‘alati, hatto kesatiq kabi tuyuladi. Aslida esa u chindan ham qizil komandir bo‘lgan. Frunze taqdim etgan qilichini o‘ynatib, xo‘p davr surgan. Haqiqat deb qilich chopganida, rahmat eshitardi, haqiqat gapni aytib qo‘yib, o‘zini bu yerda ko‘rdi. Kecha yomg‘ir ostida mahbuslar yugurtirilganda yana bir haq gap aytdi, o‘zi kabi qilich chopgan, o‘zi kabi qizil komandir bo‘lgan, biroq, tilini tiya olgani uchun mahbus kiyimini kiymagan sobiq quroldoshi birgina musht bilan ko‘zi atrofini ko‘kartirdi. Bu ko‘k ketar, ammo qoringa tushgan tepkilar asorati ketmas ko‘rinadi. Kechadan beri og‘riq kuchaysa kuchaydiki, kamaymadi. Og‘riq zabtiga olganida beixtiyor ingrab qo‘yadi.