Ekskavator oldida uch kishi turardi. Odam suyaklari sochilib yotgan chuqurcha labida boshini egib olgan bug‘u xuddi tosh qotgandek edi. Komissar shoshib miltiqni o‘qladi-da, «Avval siz oting», deb Vakilga mulozimat qildi. Vakil miltig‘ini shoshilmay o‘qladi, shoshilmay nishonga oldi. Tepkini bosdi. Birinchi o‘qdan bug‘u qilt etmadi. Vakil ikkinchi tepkini ham bosdi. Bug‘u yana qimirlamadi. Vakil «Nahot tegmadi?» degan savol nazari bilan sheriklariga qaradi. Shoshilganicha miltiqni qayta o‘qlab yana tepkini bosdi. Bug‘u boshini ko‘tarib, o‘kirdi. Komissar ham uni nishonga olib o‘q uzdi. Bug‘uning tanasida jarohat izi sezilmadi. Ishchilar bu holdan ajablanib, ekskavator ortiga chekindilar. Bug‘u ham orqasiga tisarildi. Keyin hech kutilmaganda Komissar sari sapchidi. Ikki-uch sakrashda uning ro‘parasida paydo bo‘ldi. Avval Komissarni, so‘ng Vakilni shoxiga ilib uloqtirdi-da, daraxtlar orasiga kirib g‘oyib bo‘ldi. Ishchilar Komissar bilan Vakilni suyab turg‘azib, «Vezdexod»ga olib boramiz deb turishganida bug‘u yana paydo bo‘ldi. U suyaklar sochilib yotgan chuqurlik oldida bir oz turdi. Keyin kutilmaganda yonboshiga shart quladi. «O’q tekkan ekan-ku? — deb o‘yladi Komissar. — Unda nimaga qon chiqmadi?» Bug‘uga yaqinlashishni ham, yaqinlashmaslikni ham bilmay turishganida jonivor kichraya boshladi. Bir necha daqiqada dami chiqqan pufakdek undan hech nima qolmadi. U yotgan yerdan yengil hovur ko‘tarildi. Bu hodisadan qo‘rquvga tushib, tezda izlariga qaytdilar. Yaqinginada ziyofat yeb o‘tirgan yerlari toptalgan, idish-tovoqlar singan, yegulik-ichguliklari sochilib ketgan edi. Xizmat qilib yurgan yigitlar esa qo‘rqib, «Vezdexod» ichida o‘tirishardi. Ular bir bahaybat bug‘u payo bo‘lib hammayoqni yakson qilib ketganini aytib berishdi