To‘rtinchidan, yigitning ikkinchi oilasi ham buzilish xavfi ostida qolganligida yuqoridagi sabablardan tashqari yoshlari orasidagi farqning ham o‘rni bor. Ammo, eng asosiysi, yigirmadan endi hatlab o‘tgan kelinchakning ruhiy daldaga, suhbatlarga ehtiyoj sezishidir. Qolaversa, o‘ttizdan oshgan yigitning mijozi ancha sust bo‘lib qolishiga ham mehmonlarning ko‘nglini olaman deb oilasiga, vujudiga zulm qilayotganligi sabab bo‘lgan.
Bu yigitni tekshirishlardan o‘tkazib, unga «Murakkablashgan mijoz sustligi, surunkali prostatit, asab-ruhiy beqarorlik» degan tashxis qo‘ydik. U o‘z hayotida ikki inqilobiy o‘zgarish yasashga sabot-imkon topib, hayotini butkul yangi izga soldi:
Birinchidan, u o‘z vujudidagi dardlardan qutulish uchun astoydil harakat qilib, maqsadga erishdi. Ulfatchiliklardan, maishatdan, ichkilikbozliklardan voz kechib, ilmiy ishini qaytadan boshladi. Sport, ibodatni o‘ziga yo‘ldosh qildi.
Ikkinchidan, markazdagi bir xonali uyini bozorlardan yiroq, shahar chetidagi ikki xonali uyga almashtirdi. Rafiqasini, farzandlarini atrof-muhitning zararli ta’sirotlaridan xalos qilib, oilasini tubdan isloh qildi. Hozir ularning xonadoniga faqat yaqin qarindosh-urug‘largina onda-sonda tashrif buyurishayotgan ekan, xolos. Bog‘chada tarbiyachi bo‘lib ishlayotgan rafiqasi endilikda eri yo‘q paytda mahram bo‘lmagan mehmonlarning xonadoniga avvalgiday surbetlarcha kirib kelishiga izn bermayotganligi ham aslida ibratli holdir.