Farog’at qasri  ( 3096 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


AbdulAziz  21 Noyabr 2009, 09:51:03


Rivoyat qilishlaricha, Imomi A'zam Abu Hanifaning otalari Sobit bir kuni tahorat olmoqchi bo‘lib, ariq bo‘yiga kelibdilar. Shu payt ariqdan oqib kelayotgan bir qirmizi olmaga ko‘zlari tushibdi. Sobit olmani olib, bir tishlabdilar. Tishlabdilar-u, "Ie, bu qaysi bog‘ning olmasi ekan, egasini rozi qilmay yeb qo‘yibman-ku! Oxiratda buning javobini qanday beraman?" deya o‘ylanib qolibdilar.

Va olma oqib kelgan tomonga yuribdilar. Biroz yursalar, ro‘paradan bir bog‘ chiqibdi. Bog‘da suv tarab yurgan bog‘bondan so‘rabdilar:

- Mana shu olma sizning bog‘ingizdanmi?

- Ha, mening bog‘imning hosilidan.

- Unda yo olmaning haqini oling yoki rozi bo‘ling. Men olmani bilmasdan yeb qo‘yibman.

Bog‘bon ro‘parasida halol, odil va insofli yigit turganini sezibdi. Dilida tug‘ilgan niyati tiliga ko‘chibdi:

- Bitta shartim bor. Agar shu shartga ko‘nsangiz, men olma uchun rozi bo‘laman.

- Shartingizni ayting, - debdilar Sobit.

- Bir qizim bor: ikki ko‘zi ko‘r, tili gung, ikki oyog‘i va ikki qo‘li shol. O‘shani nikohingizga olasiz.

Sobitning ko‘ksidan "e, voh" degan nido otilib chiqibdi. Shartga ko‘nay, desalar, bir olmani deb hayotlarini bir umrga majruh qiz bilan bog‘lash og‘ir. Ko‘nmasalar, olma egasi rozi bo‘lmay, qiyomatda azobga qoladi. Sobit o‘ylab-o‘ylab, oxiri o‘sha qizga uylanishga rozilik beribdi. Oqshom guvohlar ishtirokida nikoh o‘qilib, kuyov qiz haramiga kiribdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, qarshisida bir parivash ta'zim bilan salom berib turibdi.

- Ey qiz, siz kimsiz? - so‘rabdilar Sobit.

- Men bog‘bonning qiziman, bugun sizga nikohlashdi-ku, - debdi sohibjamol qiz.

Voqea sababini bog‘bondan so‘rabdilar. U esa o‘z shartini shunday sharhlabdi: ko‘r deganim - esini taniganidan buyon harom ishlarni ko‘rmadi; gung, soqov deganim - hanuzgacha yomon va beodob so‘zlarni tilga olmadi; ikki qo‘li shol deganim - o‘zgalar haqqiga qo‘l uzatmadi; ikki oyog‘ining sholligi - ostona hatlab gunoh ishlarga qadam qo‘ymaganidir, debdi. Sobit bu baxtdan xursand bo‘lib, o‘ziga bunday pokdomon, halol juftni ro‘para qilgani uchun Alloh taologa beadad shukronalar aytibdi. Ana shu ikki pokiza va halol insonlardan Imomi A'zam rahmatullohi alay­hidek buyuk zot dunyoga kelgan ekan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Noyabr 2009, 09:51:14

Oila - muqaddas dargoh. Uni pok saqlash uchun esa turli buzuq ishlardan yiroq bo‘lish, xususan, farzandlarni halol yo‘l bilan boqish, tarbiyalash talab etiladi. Ota-bobolarimiz bu narsaga alohida e'tibor qaratganlar. Chunki farzandning kelajakda kim bo‘lib yetishishi, asosan, oiladagi muhitga, ota-onaning tarbiyasiga bog‘liq ekanligini ular yaxshi bilishgan.

Dinimizda oila qurishga alohida rag‘bat ko‘rsatiladi. Imkon bo‘lganda har bir insonning oila qurishi, hatto, ulkan savob qozonish imkoniyati sifatida targ‘ib qilinadi. Jumladan, payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) bir hadisi shariflarida shunday deganlar: "Ey yigitlar jamoasi, sizlardan kim uylanishga qurbi yetsa, uylansin, chunki uylanish ko‘zni ayollarga qarashdan va farjni yomon, harom ishlardan saqlaydi. Agar qaysi birlaringiz uylanishga qurbi yetmasa, ro‘za tutsin, ro‘za tutish u uchun yaxshidir" (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Darhaqiqat, insonning chiroyli tarz­da shar'iy nikohdan o‘tishi uni yomon yo‘llardan asraydi. Bu esa o‘z-o‘zidan jamiyatda ayrim xunuk illatlarning urchishiga to‘siq qo‘yadi. Shuning uchun uylanish, pok oila qurish nafaqat inson ma'naviy olamining, balki jamiyat ravnaqi va obodligining ham garovidir.

Lekin bugungi rivojlangan dunyoning "madaniyatli" insonlari hayotida oilaning qadri tobora yo‘qolib borayotgandek. Bu narsa dunyo afkor ommasining haqli ravishda tashvishiga sabab bo‘lmoqda. Hatto, G‘arb oilalarida o‘tkazilgan tadqiqotlar oila institutining yashab qolish ehtimolini jiddiy muammo tarzida talqin qilyapti.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Noyabr 2009, 09:51:22

XX asrning ikkinchi yarmida G‘arb mamlakatlarida ayrim guruhlar "hurriyat", "shaxs erkinligi" degan shiorlarni ko‘tarib, "oilaning keragi yo‘q, nikoh shart emas, u insonning erkini cheklab qo‘yadi" degan da'volar bilan chiqishdi. Ana shu bema'ni harakatga qo‘shilgan millionlab kishilar hozir bu safsata keltirgan kulfatlarning azobini chekayapti. Minglab oilalar parokandalikka yuz tutdi, ko‘plab bolalar tirik yetim bo‘ldi, jamiyatda zino, fahsh, turli buzuqliklar avjiga mindi. Har xil bedavo kasalliklar, jumladan, OITS kabi balolar insoniyat boshiga balo yog‘dira boshladi. Fahsh ishlarni targ‘ib qiluvchi mafkura radio, televidenie, matbuot sahifalari, hatto bolalar o‘qiydigan kitoblarga ham «chang» soldi.

Bugun ongli insoniyat mazkur asoratlardan qanday qutulishni bilmay hayron. Oxir-oqibat, o‘sha "hurriyat" tarafdorlarining o‘zlari ham oilaning, undagi pok hayotning qanchalik zarur ekanini anglab yetishdi. Ayni kunlarda oilaning afzalligini targ‘ib qilish, erkak va ayollarni oila quchog‘iga qaytarish uchun millionlab mablag‘lar sarf­lanyapti, maxsus qonunlar chiqarilayapti.

Quyida Odam Ato yaratilganidan beri amal qilib kelgan oila tizimining buzilishi natijasida vujudga kelgan insoniy fojealarning ayrim ko‘rinishlaridan misollar keltirmoqchimiz.

Ikkinchi jahon urushidan keyin "ommaviy madaniyat" niqobi ostida amalga oshirilgan "jinsiy inqilob" nafaqat an'anaviy oila shakllariga jiddiy zarar yetkazdi, balki zino, fahsh ishlarining haddan ziyod urchib ketishiga sabab bo‘ldi. Hatto, bugungi kunda ayrim davlatlarda zinoga qonuniy ruxsat berilib, ularda rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan ko‘plab fohishaxonalar faoliyat yuritmoqda. Bu narsaga ayrim odamlarning erk, huquq nuqtai nazaridan tabiiy qarayotgani, ayniqsa, achinarlidir. Oilada ota-ona va farzand munosabatlarining azaliy an'analariga putur yetdi. Jamiyatda ajralishlar soni keskin oshib ketdi. Masalan, birgina Buyuk Britaniyada 1970 yil tug‘ilgan bolalarning 40 foizga yaqini o‘z hayotining qaysidir davrida oilada faqat onasi yoki otasi bilan yashagan. Shuning­dek, oila buzilishlari farzandlar ruhiyati, tarbiyasiga salbiy ta'sir o‘tkazgan. Ayni shu masala bo‘yicha G‘arb tadqiqotchilari 60 ta ajrashgan oilalarning bolalari hayotini o‘rganib, ularning qariyb barchasi ota-onalari ajrashgan paytda kuchli emotsional holatda bo‘lganligini aniqlashdi. Maktabgacha yoshdagi bolalar esa ba'zan sodir bo‘lgan voqealar uchun o‘zlarini ayb­dor sanashgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Noyabr 2009, 09:51:41

Keyingi paytlarda nikohsiz yashash g‘arb jamiyati uchun tabiiy holga aylanib bormoqda. Masalan, Shvetsiya, Germaniya kabi mamlakatlarda yoshlarning nikohga kirmay birga yashashlarini tabiiy qabul qilishadi. Bunday "oila"lar soni Buyuk Britaniyada o‘tgan asrning 70-yillarida 300 foizga o‘sgan.

Hozirgi Buyuk Britaniyada "birga yashash" nikohga kirishdan oldingi «tajriba» bosqichi hisoblanadi.

Oilaviy hayotning bunday tarzda o‘zgarib borishi ongli insonlarni o‘sha davrlardayoq jiddiy tashvishga solgan. Masalan, 1859 yilda "Boston Kuarterli Revyu" jurnali xodimlaridan biri shunday deb yozadi: "Eski ma'nodagi oila hayotimizdan yo‘qolmoqda va bu nafaqat institutlarimizning erkin xarakteriga xavf soladi, balki jamiyatimizning mavjudligini ham xavf ostida qoldiradi". Shuningdek, 1980 yili Buyuk Britaniyada Konservatorlar partiyasi oila tushunchasini siyosat darajasida muhokama qilgan. 1986 yilda Bosh vazir Margaret Tetcher xonim xotin-qiz konservatorlar konferentsiyasida: "Bizning siyosatimiz oiladan, uning erkinligidan va xotirjamligidan boshlanadi", deb hayqirgan edi.

Xullas, jamiyatning sog‘lom va yashovchan qolishi uchun oilaning qanchalik zarur ekanligini bugun adashgan insoniyatning o‘zi yana tan olmoqda. Lekin endi boy berilgan vaqtni ortga qaytarishning iloji yo‘q, bil'aks, yangi avlod ixtiyorida esa asl insoniy hayotdan og‘ishmaslik imkoniyati bus-butun turibdi. Zora, undan to‘g‘ri foydalansa...

Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) shunday deganlar: "Qaysi qavmda zino tarqalsa, Alloh taolo ularni ota-bobolari bilmagan kasalliklarga mubtalo qiladi". Bugungi kundagi saraton, zahm, OITS kabi asrimiz vabolari ilgari bo‘lgan emas. Ularning hammasi bandalar qilayotgan qilmishlar uchun yuborayotgan ofatlari emasmikan? Ha, oiladek pok, muqaddas dargohni toptash, uni turli buzuq yo‘llarga almashtirish hech qaysi din, xalq, tuzum va falsafada oqlangan emas.

Biz muqaddas oila dargohini butun va pok saqlab, uning asl qadr-qimmatiga yetishimiz kerak. Shunda u biz uchun betakror, jozibali, mehru muhabbatga to‘la, fayziyob farog‘at qasriga aylanadi.

Behzod Mamadiyev
"œMa’rifat" gazetasidan olindi.

Qayd etilgan