Boya olma tepasida turib qizning yuzini ko’rganda, uning ikki yonog’i benihoya nafis yasalgan ko’zacha kabi o’ta nozik chiziqcha hosil qilganini ko’rgan va yuragi nogahon titrab ketgandi. Hozir, mana savatni uning qo’liga tutqazayotib yana nogoh uning chehrasiga ko’z qirini bir zum tashladi va bu oq-sariqqa moyil qirg’izcharoq chehra dunyodagi barcha eng nafis ko’zachalardan ham go’zalroq va otashinroq ekanligini ko’rdi. «Sadbarg... sariq sadbarg...» — xayolidan o’tkazdi u. Zumda onasini esladi va ko’z o’ngiga keltirdi. U qizni shu zahoti, shu tobda yana ko’rgisi keldi. Uning lolaruh yuziga to’yib-to’yib qaragisi keldi. «Onamning isi kelayotir, — deb o’yladi u. — Onamning isi kelayotir... O’zing kechir, rabbimo».
U go’zal narsalarni ko’rsa, titrab dunyoga sig’may ketardi.
Boborahim yana o’zining hech qayerga sig’may borayotganini his qildi. Bu tarovatli olmazor, bu qushlar xonishi, bu Kubro, G’azzoliy va Attor haqidagi savol-javoblar — hamma-hammasi hech narsaga keraksiz, arzimas aql o’yinlari bo’lib, injiqlik, soxtakorlik bo’lib tuyuldi unga.