Amir Alisherning tavbasi. Ibrohim G'afurov (hikoya)  ( 15703 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 B


Muhyiddin  21 Noyabr 2009, 20:15:34

Amir Alisherning tavbasi

Ibrohim G'afurov

«Hayo - xaloskor» to'plamidan


Falakning evrilishidanmi yo boshqa, bilmay qolasan: ba’zan atrofingni senga yot narsalar qurshab oladi. Rastalardan asta-sekin sen xaridor narsalar yo’qoladi. Qadim-qadimlarda bir nozanin cho’ri bozorda aytganday: Sen suymagan xaridorlar paydarpay keladi. Sen suygan xaridor esa topilmaydi.
Saroyda shohning eng yaqin mulozimlari tavozeda avvalgiday zarracha e’tinosizlikka yo’l qo’ymasalar-da, lekin ko’zlarini sendan olib qochadilar. Shoh esa hech yonarsani bildirmaydi. U hamon o’sha-o’sha — o’zini senga murid sanaydi. Lekin mamlakat ishlari maslahatiga seni avvalgiday dam-badam yo’qlatmaydi. Ba’zan vazirning shoh bilan uzoq-uzoq hufya suhbatlari ustidan chiqasan. Saltanatda sendan hufya ishlar paydo bo’ldimi, bilgilki, endi sening xizmatlaringga muhtoj emaslar.

Qayd etilgan


Muhyiddin  21 Noyabr 2009, 20:16:08

Navoiy shohlarning iltifoti og’u ekanligini biladi. Bu og’uga o’rgangan odam uni dam-badam qo’msashi tabiiy. Tinmay shohning iltifotini qozonish yo’llarini qidiradi. Bu iltifot shu qadar laziz, shu qadar shirinki!.. Uning domiga ilinmaydigan odam kam! Kamdan-kam! Bu iltifot ilinjida yuruvchilar esa ko’p! Haddan ziyod ko’p! Ular bu iltifotga erishgunlaricha o’zlarini haddan tashqari notinch va baxtsiz sezadilar. Iltifotga erishgach esa, boshlari osmonga yetadi, olamda ulardan ham baxtiyorroq zot yo’q! Go’yo ko’kning saodat yog’iladigan moviy darvozasi ochilib, undan sening qo’rang sari mislsiz boylik ortgan karvonlar shohona oq otlar yetagida to’xtovsiz yetib keladilar. Qanday shirin bu iltifot!
Lekin hamma balo shundaki, sen bu boyliklar, inoyatlardan rohatlanib ulgurmaysan. Qazoning qilichi boshqa choparlar, boshqa otlarni senga jo’natadi. Seni xash-pash deguncha yo qatl etadilar, yo badarg’a qiladilar yo mol-mulking talon-tarojda qoladi. Ana o’shanda sho’rlik iltifot shaydosining ahvolini ko’ring! U nimaligini anglab yetar-yetmay o’zini jahannam qa’rida ko’radi.

Qayd etilgan


Muhyiddin  21 Noyabr 2009, 20:16:48

Shoh iltifoti shunchalar nozik, shunchalar zaharli! Eng buyuk, eng odil shohlarning iltifotlariga ham shu g’aroyib og’u omuxta.
Ha, shohlarning iltifotlari tez so’nadi. So’nsa ham go’rga! Undan ham battar! Iltifot nafratga aylanadi. Shohlarning iltifot va nafratidan doim qon isi anqiydi. Alhazar! Alhazar bu iltifotlardan!
Navoiy to Darvesh Alining kutilmagan sarkashligi-ga qadar nechukdir o’zini Husayn Boyqaro bilan bir odam deb bilardi. Shohning nozik bir qarashidan va bu qarash saroy ahli uchun qanchalar katta ahamiyatga ega ekanligini sezdiki, bu yanglish ekan, hech qachon shoh bilan bir odam emas ekanlar! Bir odam bo’lolmas ekanlar! Navoiy hech qachon shoh manfaatidan o’zga manfaatni xayoliga keltirmagan edi. Shoh ham shunday deb bilsa kerak deb yurardi. Bu borada hech qachon zarracha ishtiboga borgan emasdi.
Lekin unda bu sovuqchiliklar qayerdan sizib chiqyapti?

Qayd etilgan


Muhyiddin  21 Noyabr 2009, 20:17:22

Navoiy birdan miyasiga kelgan kutilmagan fikrdan hayajonga tushdi: «Nahotki men ham shohning iltifotlari soyasida, shu omonsiz og’uni ichib yashashga o’rganib qolgan bo’lsam? Nahot mening hayot-mamotim shohning nogahon qosh chimirishi-yu labining chetida o’ynaydigan kinoyali tabassumiga bog’lanib qolgan? Nahot men shu yoshgacha ulug’ dargoxdan iltifot kutib yashadim? Axir birovning iltifotiga suyanib kun ko’rgan odam iltifotning suti kamaysa, qanday ahvolga tushadi?
— Hiridan ketmoq kerak, — deb tez-tez shu hakda o’ylaydi Navoiy. — Hiridan ketmoq kerak. Qirq beshga chiqibbiz. Lekin rohat ayyomida rohatimiz harom bo’libdir. Farog’atimiz saltanat yumushlariga zoye o’lmish.

Qayd etilgan


Muhyiddin  21 Noyabr 2009, 20:17:50

Navoiy hech qachon qo’rquv degan narsani bilgan emas. Lekin saroyda yaqin kishilarning o’zlarini undan olib qochayotganlari uni ortiq darajada qiynaydi. Temuriyzodalar hamon ilgarigidek shijoatli, zakiy va o’ta saxovatli esalar-da, lekin shohning maishatga tobora muk tushayotganidan, shahzodalarning haddan ortiq bachkana nizolarga kun-bakun boshlari bilan sho’ng’ib, mayda nizolar atrofiga mayda kimsalar ko’proq yig’ilib borayotganidan yuraging qon bo’ladi, ayniqsa, mirzolarning ayanchli bir tarzda maydalashib chiranchoq bo’lib ketayotganliklarini har damda his qilish juda-juda og’ir. Temuriyzodalarning quyoshi may va nizo ichiga botib turur. Qonga g’arq bu quyoshni kim qutqarur? Kim uni yana avji falakka ko’tarur? Vo ajab! Barcha shahzodalar uni o’zlariga pir deb biladilar. Uning barcha abyotlarini yod tutadilar. Uning pandu nasihatlariga quloq osadilar. Lekin saltanat shavqi ularning qonlarida har dam to’xtovsiz junbushga keladur. Saltanat shavqi qonda gupurganda har qanday dono so’z, har qanday piri murshid unut bo’ladur. Go’yokim har bir temuriyzodakim, dunyoga keladur, ona qornidan qilich yalang’ochlab tushadur. Ash’or aytadurlar, ash’or tinglaydurlar va qon to’kadurlar. Mirzolarning quvvati xaramlarda yitadur.

Qayd etilgan


Muhyiddin  21 Noyabr 2009, 20:18:28

Mirzolarning shavkati xaramlarda yotadur. Xaram-larda o’ladur. Shohlarning umri bitayotganda ularning tevaraklarini qalang’i-qasang’i mayda hasharotlar o’rab oladilar. Bular shohning inqirozini tezlashtiradilar. Fozillar shoh atrofidan chetlashadilar. Ular birin-sirin o’zga yurtlarga bosh olib ketadilar. Yo saroydan butkul uzoqlashadilar. Davlat idora ishlari bir to’da shuhratparast kalamushlarga qoladi. Ular shohning va shahzodalarning zaiflashib borayotganidan foydalanib, mamlakatni, el-yurtni talaydilar. Bog’-bo’stonlarni kemiradilar. Qadim shaharlarni yemiradilar. Shoh o’zidan aqli ancha past odamlarni atrofiga yig’adi. Aqli qosirlar bilan kengash quradi. Ular orasida o’z aqlidan mamnun bo’lib o’tiradi. G’ururini turli aldamchi yo’llar bilan alqaydi. Mening bobolarim bari temuriylar saltanatining gullab-yashnashi uchun jon kuydirganlar. El-yurt idorasida mustahkam va shar’iy tartibotni yo’lga qo’yganlar. Mening bobolarim temuriylar davlatining barcha katta-kichik sirlaridan voqif va har ishga chorasoz edilar. Men temuriylar xonadonining eng so’nggi yaqiniman va eng so’nggi chorasiman. Mendan so’ng temuriyzodalar xonadonlarida mirlar xonadonlaridan maxodim bo’lmagay. Bizning xizmatimiz bitgan o’xshaydur...
Hali sultoni mansurning bilagida kuch, yuragida dov ko’p. U hali-hamon o’zini qo’lga olsa bo’lur. Lekin xaramning tegirmoni uning butun vujudini so’rib oladi. Quvvatini qaytarish uchun esa tinmay maishat qiladi, mayxo’rlik bilan bari dardlarini yuvmoqchi bo’ladi. Ba-kovulga ulfat va sirdosh tutinadi. Bakovul... bakovul...

Qayd etilgan


Muhyiddin  21 Noyabr 2009, 20:19:05

Navoiy ikki-uch oy burun bo’lib o’tgan bir taajjub voqeani esladi. Yuragi qattiq siqildi. Sharmisorlik... sharmisorlik... — deb pichirladi u.
Atrofini sovuqchilik o’ragan odam juda qiyin ahvol-da qoladi. Atrofdagi ko’zlardan mehr va xayrixohlik ketganligini ko’rib u bu ko’zlarga qanday qarash kerakligini ancha vaqtlargacha anglab yetolmaydi. Atrofiga qattiq sovuqchilik tushgan odam yo ig’volardan qochib yolg’izlikni ixtiyor etadi. Yoxud o’zini o’tga-cho’qqa urib saroydagi ilgarigi mavqeini tiklashga, har qanday qilib bo’lmasin, sovuqchilikning manbaini topib, dushmanlarini yanchib tashlashga urinadi. Shunda u juda katta xatolarga yo’l qo’yishi mumkin. So’ng bu xatolardan umr bo’yi uyalib, ularni eslaganda o’zini qo’yarga joy topolmay yuradi. Yo tamom halok bo’ladi.
Navoiy saroydagi sovuqchilikning qaydan kelib chiqayotganligini payqadi. Lekin payqaganini hech kimga bildirmadi. O’zini asta saroydan chetga tortdi. Yangi vazir va uning mulozimlari ishiga aralashmoqni o’ziga ep ko’rmadi.
— Sharmisorlik... sharmisorlik... oh, ne yuzim qaro bo’ldi... — o’ziga-o’zi shivirlab aytdi Navoiy.

Qayd etilgan


Muhyiddin  21 Noyabr 2009, 20:19:53

Garchi oradan bir necha oylar o’tgan esa-da, hamon bu jarohat bitmaydi. Hamon sira yoddan ko’tarilay demaydi. Hamon o’sha og’riq. O’sha alam. O’sha kin...
U voqeaning barcha tafsilotlari xotirasida bunchalar qattiq muhrlanib qolganiga Alisherning o’zi ham ajablanadi.
Necha daqiqada bo’lib o’tdi ul yuz qarolik? Bir zum, yo o’n zum, yo ellik zum? Bir zum... bir zum... — pichirladi hazrat. — Ko’z ochib yumguncha... So’fiylar aytgan holga o’xshaydi bu bir zum. Yarq etib butun yashagan umring ko’z o’ngingda namoyon bo’ladi. Go’yo atoyi umrdan xulosa. Navoiy «bir zum», «bir zum» deb pichirlab birdan bu «bir zum» qayerdan kelib qolganligini esla-di. Yigitlik ayyomining boshlari Sulton Abusaid Mirzoning qisti-bastidan bezib Mashhadga borgan chog’lari-ni, bo’g’inlari zirqirab og’rib, og’riqning zo’riga chidolmay bir xonaqohda yiqilib yotib qolgani va isitma aralash muttasil: «Bir zum! Bir zum! Baxt bir zum! Taxt bir zum! O’tar bir zum!» — deb to’xtovsiz takrorlab yotgan chog’lari yodiga tushdi. O’sha og’ir zamonlarda ham, na Mashhad, na Astrobod, na Marv, na Samarqandda bunchalik parishon, oshufta va besarupo ahvolliqqa tushmagan edi. Nega, nega shunday bo’ldi? Nechun yugurdi? Nening tamasida yugurdi? Axir Navoiy qachon, kimdan neni tama qilib erdi? Kimning rizqi, kimning davlatiga bo’yin cho’zib erdi? Bobolaridan qolgan ne-ne mulku mulkatlar Xurosonu Movarounnahrning qaysi go’shalariga sochilmagan va qaysi el-yurt ul mulku davlatlardan bahramand bo’lmagan ekan? Navoiy o’z ojizliklarini biladi. Har ne ojizligi bor — nozukmizojligi va o’jarligida bor — bularni Alisher xo’b jilovlab olgan, uning ojizliklaridan o’zgalarga tirnoqcha zaxmu ziyon yetmas, Navoiy o’ziga ikki narsa: qo’rqinch va tama ham mutlaq begona ekanligini biladi. Qo’rqinch va tama odamlarni qanchalar xoru zabun qilganligini u kichik chog’laridan beri ko’p ko’rgan. Va neki yozgan — hargiz yaxshilarni tamadan ogoh qilgan. Xo’sh, unda ne? Ne bilan izohlamoq kerak bu ko’rgulikni?

Qayd etilgan


Muhyiddin  21 Noyabr 2009, 20:21:00

O’sha juma kuni u qulog’iga dam-badam chalinayotgan uzuq-yuluq ig’voga o’xshagan gap-so’zlardan yuragi bezib, barvaqt piyoda hazrat Abdulloh Ansoriy xonaqohiga otlandi. Unda yolg’iz o’zi juda uzoq ibodat qildi. O’z munojotiga berilib vaqt o’tganini ham bilmadi. Darvozaga qaytganda ko’cha to’la oppoq kiyingan odamlar masjidlardan juma namozidan to’da-to’da bo’lib chiqib kelardilar. Musulmonlar Alisherga tizza baravar egilib qulluq qilib o’tar, Navoiy yelkasini yengil egib ta’zim bilan javob qaytarardi. U o’z darvozasiga yaqinlaganda, nechukdir birdan orqadan shovqin-suron eshitildi. «Po’sht-po’sht! Tarriqu! Tarriqu! Tarriqu!» — deb to’rt barzangi g’ulom ko’targan taxti ravon paydo bo’ldi. Navoiy nima gap ekan deb orqasiga o’girilib-o’girilmay taxti ravon unga yetib keldi.
Kutilmaganda taxti ravon pardasi surilib, ko’zlari qiyiq, yuzi tuxumday yumaloq va sarg’ish-oq xushbichimgina chehra ko’rindi.
—   Maxdum, — dedi oq-sarg’ish xushro’y bu bashara, — maxdum, bugun hazrati Mirzo qoshlarida ajab gaplarni aytishdi...
Parda yana surildi. Xushro’y bashara parda ortida g’oyib bo’ldi. Zabardast g’ulomlar taxti ravonni shiddat bilan olib o’tdilar. Alisher hayratdan hang-mang bo’ldi. «Ne gap? Ne gap bo’lgan?» — deb iztirobga tushdi. Shunda bir necha oydan beri davom etayotgan, lekin hech uchi, sababini topib bo’lmaydigan ig’volarning zahari Alisherning boshiga urdi. U o’zining nima qilayotgani-ni anglamadi. Butun azobli o’ylariga hozir javob topilganday edi. Nihoyat, mana, gapning uchi chikdi. Mirzo ne deganlar? Mirzo musohiblari ne javob aylaganlar? Xayrmi? Xatarmi?

Qayd etilgan


Muhyiddin  21 Noyabr 2009, 20:21:30

Alisher nima qilayotganiga hisob bermay shaxd bilan o’tib borayotgan taxti ravon ortidan yugurdi. «Shosh-mang, maxdum! Mirhoji, to’xtang! Mirhoji!..» Zabardast g’ulomlar taxti ravonni shitob bilan eltib borar edilar. Taxti ravon to’xtamadi. Alisher ham uning ortidan yuguraverdi. «Mirhoji... To’xtang!..» Bir oz yugu-rib borgach, taxti ravon pardasi yana surildi. Yana boya-gi oq-sarg’ish xushro’y va archilgan tuxumday kalla ko’rindi. Kalla quyoshday charaqlab iljayardi.
—   Uzrlar bo’lsin! Uzrlar bo’lsin! Mirzo zarur ish bilan jo’natgan edilar. Shoshib turibman. Xayr, maxdum!
Ko’cha to’la juma namozidan qaytayotgan boshdan-oyoq oq kiyingan salobat va viqorga to’la odamlar bu voqeaga ajablanib qarashar, hech narsani tushunolmay ulug’ amirning shoh bakovuli ortidan qo’lini iltijo bilan cho’zib yugurib borishini tomosha qilishardi. Taxti ravon ja-dal ko’zdan g’oyib bo’ldi. Alisher ko’cha o’rtasida xayollari sochilgan ko’yi xaroson turib qoldi. Musulmonlar uning shamgin holiga, uyatdan oqargan ko’ziga ko’zimiz tushmasin deb, boshlarini past egib o’tardilar. Navoiy haddan ortiq kulgili va ayanchli ahvolda qolganini bir-pasdan so’ng angladi va boshini yerdan ko’tarmay hashamatli darvozadan ichkariga kirib ketdi. Anchagacha darvoza orqasiga holsiz suyanib turib qoldi.

Qayd etilgan