Kutubxona > O'zbek adabiyoti

Amir Alisherning tavbasi. Ibrohim G'afurov (hikoya)

(1/3) > >>

Muhyiddin:
Amir Alisherning tavbasi

Ibrohim G'afurov

«Hayo - xaloskor» to'plamidan

Falakning evrilishidanmi yo boshqa, bilmay qolasan: ba’zan atrofingni senga yot narsalar qurshab oladi. Rastalardan asta-sekin sen xaridor narsalar yo’qoladi. Qadim-qadimlarda bir nozanin cho’ri bozorda aytganday: Sen suymagan xaridorlar paydarpay keladi. Sen suygan xaridor esa topilmaydi.
Saroyda shohning eng yaqin mulozimlari tavozeda avvalgiday zarracha e’tinosizlikka yo’l qo’ymasalar-da, lekin ko’zlarini sendan olib qochadilar. Shoh esa hech yonarsani bildirmaydi. U hamon o’sha-o’sha — o’zini senga murid sanaydi. Lekin mamlakat ishlari maslahatiga seni avvalgiday dam-badam yo’qlatmaydi. Ba’zan vazirning shoh bilan uzoq-uzoq hufya suhbatlari ustidan chiqasan. Saltanatda sendan hufya ishlar paydo bo’ldimi, bilgilki, endi sening xizmatlaringga muhtoj emaslar.

Muhyiddin:
Navoiy shohlarning iltifoti og’u ekanligini biladi. Bu og’uga o’rgangan odam uni dam-badam qo’msashi tabiiy. Tinmay shohning iltifotini qozonish yo’llarini qidiradi. Bu iltifot shu qadar laziz, shu qadar shirinki!.. Uning domiga ilinmaydigan odam kam! Kamdan-kam! Bu iltifot ilinjida yuruvchilar esa ko’p! Haddan ziyod ko’p! Ular bu iltifotga erishgunlaricha o’zlarini haddan tashqari notinch va baxtsiz sezadilar. Iltifotga erishgach esa, boshlari osmonga yetadi, olamda ulardan ham baxtiyorroq zot yo’q! Go’yo ko’kning saodat yog’iladigan moviy darvozasi ochilib, undan sening qo’rang sari mislsiz boylik ortgan karvonlar shohona oq otlar yetagida to’xtovsiz yetib keladilar. Qanday shirin bu iltifot!
Lekin hamma balo shundaki, sen bu boyliklar, inoyatlardan rohatlanib ulgurmaysan. Qazoning qilichi boshqa choparlar, boshqa otlarni senga jo’natadi. Seni xash-pash deguncha yo qatl etadilar, yo badarg’a qiladilar yo mol-mulking talon-tarojda qoladi. Ana o’shanda sho’rlik iltifot shaydosining ahvolini ko’ring! U nimaligini anglab yetar-yetmay o’zini jahannam qa’rida ko’radi.

Muhyiddin:
Shoh iltifoti shunchalar nozik, shunchalar zaharli! Eng buyuk, eng odil shohlarning iltifotlariga ham shu g’aroyib og’u omuxta.
Ha, shohlarning iltifotlari tez so’nadi. So’nsa ham go’rga! Undan ham battar! Iltifot nafratga aylanadi. Shohlarning iltifot va nafratidan doim qon isi anqiydi. Alhazar! Alhazar bu iltifotlardan!
Navoiy to Darvesh Alining kutilmagan sarkashligi-ga qadar nechukdir o’zini Husayn Boyqaro bilan bir odam deb bilardi. Shohning nozik bir qarashidan va bu qarash saroy ahli uchun qanchalar katta ahamiyatga ega ekanligini sezdiki, bu yanglish ekan, hech qachon shoh bilan bir odam emas ekanlar! Bir odam bo’lolmas ekanlar! Navoiy hech qachon shoh manfaatidan o’zga manfaatni xayoliga keltirmagan edi. Shoh ham shunday deb bilsa kerak deb yurardi. Bu borada hech qachon zarracha ishtiboga borgan emasdi.
Lekin unda bu sovuqchiliklar qayerdan sizib chiqyapti?

Muhyiddin:
Navoiy birdan miyasiga kelgan kutilmagan fikrdan hayajonga tushdi: «Nahotki men ham shohning iltifotlari soyasida, shu omonsiz og’uni ichib yashashga o’rganib qolgan bo’lsam? Nahot mening hayot-mamotim shohning nogahon qosh chimirishi-yu labining chetida o’ynaydigan kinoyali tabassumiga bog’lanib qolgan? Nahot men shu yoshgacha ulug’ dargoxdan iltifot kutib yashadim? Axir birovning iltifotiga suyanib kun ko’rgan odam iltifotning suti kamaysa, qanday ahvolga tushadi?
— Hiridan ketmoq kerak, — deb tez-tez shu hakda o’ylaydi Navoiy. — Hiridan ketmoq kerak. Qirq beshga chiqibbiz. Lekin rohat ayyomida rohatimiz harom bo’libdir. Farog’atimiz saltanat yumushlariga zoye o’lmish.

Muhyiddin:
Navoiy hech qachon qo’rquv degan narsani bilgan emas. Lekin saroyda yaqin kishilarning o’zlarini undan olib qochayotganlari uni ortiq darajada qiynaydi. Temuriyzodalar hamon ilgarigidek shijoatli, zakiy va o’ta saxovatli esalar-da, lekin shohning maishatga tobora muk tushayotganidan, shahzodalarning haddan ortiq bachkana nizolarga kun-bakun boshlari bilan sho’ng’ib, mayda nizolar atrofiga mayda kimsalar ko’proq yig’ilib borayotganidan yuraging qon bo’ladi, ayniqsa, mirzolarning ayanchli bir tarzda maydalashib chiranchoq bo’lib ketayotganliklarini har damda his qilish juda-juda og’ir. Temuriyzodalarning quyoshi may va nizo ichiga botib turur. Qonga g’arq bu quyoshni kim qutqarur? Kim uni yana avji falakka ko’tarur? Vo ajab! Barcha shahzodalar uni o’zlariga pir deb biladilar. Uning barcha abyotlarini yod tutadilar. Uning pandu nasihatlariga quloq osadilar. Lekin saltanat shavqi ularning qonlarida har dam to’xtovsiz junbushga keladur. Saltanat shavqi qonda gupurganda har qanday dono so’z, har qanday piri murshid unut bo’ladur. Go’yokim har bir temuriyzodakim, dunyoga keladur, ona qornidan qilich yalang’ochlab tushadur. Ash’or aytadurlar, ash’or tinglaydurlar va qon to’kadurlar. Mirzolarning quvvati xaramlarda yitadur.

Navigation

[0] Message Index

[#] Next page

Go to full version