So'rovnoma

"Kutilmagan mehmon" - Forumdoshlardan maxsus intervyular..." loyihasining navbatdagi mehmoni kim bo'lishini xohlardingiz?


-
  0 (0%)
-
  0 (0%)
-
  1 (50%)
-
  1 (50%)
-
  0 (0%)
-
  0 (0%)
-
  0 (0%)
-
  0 (0%)
-
  0 (0%)
-
  0 (0%)

Foydalanuvchilar ovoz berdi: 2



"Kutilmagan mehmon" - Forumdoshlardan maxsus intervyular...  ( 123779 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 ... 25 B


AbdulAziz  26 Mart 2011, 16:09:16

Mas'ud aka bilan intervyu nihoyasiga yetish arafasida turibdi. Qolgan-qutgan savollaringiz bo'lsa berib oling.

Intervyudan iqtiboslar:

- Rasm fanbidan "3" olardim...
- She’rning matematik tasavvuri ham o’zgacha; simmetrik, qatorlar teng bo’lgan va go’zallikni ifoda etgan “figura”
- Raqamlar va she'riyat ortida yashiringan go’zallikni ko’ra olishimiz kerak.
- Virtual olamdagi do’stlik haqiqiy bo’la oladi.
- “Shoir”, deb atashsa, go’yo uni menga kasb qilib “tamg’a”lashayotgandek, go’yo.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Mart 2011, 15:27:41

Intervyuga yangi ma'lumotlar qo'shilmoqda. Yaqin kunlarda o'qing:

Mas'ud:
- Atirgullarni rasmga olishni juda yoqtiraman... To’plamimda 50 ka yaqin turdagi atirgullarning 500 dan ortiq olgan rasmlarim bor.

- Mushtlashmaganman, yuzim ham ko’karmagan.

- Germaniya, Rossiya, Turkiya, Angliya, Shotlandiyada bo'lganman.

- Yolg’izlik, charchash, atrofga nazar va kuzatuvlar natijasida yoza boshladim.

- Shoirlar tez sevib, tez sovib qoladi, shu rostmi? degan savolni yoqtirmayman.

- O’sha sevgan paytimni o’ylasam, ba’zida "œyosh bola bo’lgan ekanman", "œShoshqaloq bo’lgan ekanman", degan fikrlar keladi...

Qayd etilgan


Mahdiyah  29 Mart 2011, 14:45:24

Yangiliklardan orqada qoldikmi yo o'zgartirishlar kiritildimi?

Xozir intervyular bir kunda emas bir necha kun mobaynida olinmoqdami diman?

Qayd etilgan


muxlisa  29 Mart 2011, 15:34:25

Intervyular bir necha kun emas, 1 oylada tayyor bo'lyapti. bizani o'zbekligimizdan, sabr-toqatli halqligimizdan foydalanib shoshilishmayapti, hurmatli jurnalistlarimiz : )

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Mart 2011, 19:00:46

HAYOT FORMULASI

Suhbatdoshimizni 5-6 yildan beri taniyman. Ochiqko’ngil, doimo kulib turuvchi, do’stlarining quvonchlaridan suyunib, tashvishlaridan kuyunuvchi, yangiliklarga, ayniqsa, yangi texnologiyalarga o’ch, ko’pincha adabiy tilda gapiruvchi, ba’zi shoirlarga xos telbanamolik, majnunlikdan xoli, har qanday mavzuda go’zal suhbatdosh, yordamsevar va kamtarin bu insonning asl kasbi aniq fanlar bilan bog’liq matematik, iqtisodchi ekanini eshitganimda men ham biroz hayratlangandim. Keyinchalik aniq fanlar bilan shug’ullanuvchilar ijtimoiy yo’nalish oshnolaridan ko’ra ko’proq qalbning tenglamalariyu, misollarini yecha olishini tushundim.

Lirik chekinish:

Hayot – sinovlardan iborat muddat,
Yillar – yoshimizni o’lchovchi mezon.
Afsus – tavbalarga tayangan fursat.
Shukr – talvasaga eng yaxshi qalqon.

Idrok – yo’l-so’qmoqni yoritguvchi sham,
Hislar – zulmat aro yumilgan ko’zlar.
Duo – aziyatni olguvchi malham,
Qarg’ish –  alamzada aytilgan so’zlar.

Sevgi – qalb toriga uyg’un bir maqom,
Nafrat – parchalangan ko’ngil shishasi.
Mehr – inson hecham to’ymagan taom,
Qadr – har yurakning ustki parchasi.

Vido – umididan ajralgan qayg’u,
Diydor – asrlarga tatuvchi tug’yon.
Xijron – yiroqdagi yaqin his-tuyg’u,
Sog’inch – dil tubida ajib g’alayon.

Hayot – sog’inchlardan iborat tuhfa...

© Mas’ud

Qisqacha tarjimai hol:

Mas’ud 1981 yilning iyunida Farg’ona viloyatining Bag’dod tumanida xizmatchi oilasida tavallud topgan. Oilada to’rt o’gilning kattasi. Maktabga olti yoshida borib, 5-sinfgacha tahsil oldi. So’ngra tumanda tashkil etilgan iqtidorli o’gil bolalar litseyiga qabul qilinib, 16 yoshida ushbu dargohni tamomlab Andijon Muhandislik iqtisodiyot oliygohiga o’qishga kirdi. 2001 yili bakalavr diplomini olib, bank sohasida bir yil Andijonda faoliyat ko’rsatdi. Kelasi yili Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universitetiga magistraturga kirgan bo’lsa-da, safarlar, loyihalar tufayli uni to’rt yildan so’nggina tamomladi. So’ngra ana shu dargohda o’zining kandidatlik ishini boshladim. Hali uylanmagan. Oqsoqol bo’ydoqlardan :)

Blts-ma’lumotlar:

Eng sevgan kitobi - Qur’oni karim
Eng sevgan shoirlari - Navoiyni mutoala qiladi. Pushkinga hurmati baland.
Eng sevgan yozuvchilari - Qodiriy, Tolstoy, Aleksandr Dyuma (ota)ni o’qishni yoqtiradi.
Xobbisi - She’riyat, kitob mutoalasi
Eng sevgan sport turi - Suzish, shaxmat
Eng sevgan filmlari - “O’tgan kunlar”, “Moskva ko’z yoshlarga ishonmaydi”

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Mart 2011, 19:02:03

YOSHLIK BEBOSHLIK EMAS

AbdulAziz: - Maktabda qaysi fandan “2” olgansiz? Qaysi fandan doim natijalaringiz yaxshi bo'lmagan?
- Hech qaysi fandan “2” olmaganman. Rasm chizishda sal no’noqroqman, “3”, “4” bahoga yarasha chizar edim :), ammo rasm o’qituvchimiz boshqa fanlar “hurmati” “5” qo’yar edilar, shunga doim o’zimni noqulay his qilar edim... :)
Ximiya fanidan ham “a’lo”ga yarasha bilmasdim; ximiya formulasini bir do’stim tuzib bersa, men uning arifmetikasini “qoyillatar” edim. 

IbnUyayna: - Yoshligingizda mushtlashuvdan yuzingiz ko`karganmi?
Yo’q, mushtlashmaganman, yuzim ham ko’karmagan. Oiladagi tarbiyam ko’proq murosa qilishga chaqirar edi, shu sabab bo’lsa kerak, har qanday kelishmovchilikni yaxshi muomala bilan yumshatishga harakat qilganman.

SHE'RLARIM YOZAMAN... SHU QOLAR MENDAN

Sa’dulla: - She'riyatga bo'lgan qiziqish sizda qachon paydo bo'lgan va bunga kim sababchi?
- She’riyatga bo’lgan qiziqish menda juda erta – 4-5 yoshlarimda paydo bo’lgan, desam, ishonmasangiz kerak. Padari buzurgvorimning kechki ovqatdan so’ng Navoiy, Fuzuliy, Ogahiy, Mashrablardan o’qib bergan g’azallari, Erkin Vohidov, Abdulla Oripovlarning she’rlari meni nazm dunyosiga olib kirgan bo’lsa, maktab yillarida adabiyot o’qituvchimning o’gitlari, ko’rsatmalari, darslari uning rivojlanishiga sabab bo’ldi. 6-7 sinfligimizda, hatto, she’riyatdan to’garak ham tashkil qilingandiki, uning samarasi sifatida sinfdoshlarimdan 2-3 tasi, keyinchalik ajoyib she’rlar ham yozishdi, kitob nashr etishdi.
O’zimning she’r yozishimga kelsak, 17-18 yoshligimda, Oliygohda o’qib yurgan paytlarimda boshlangan. Bunga sabab, o’zimning ichimdagilarni qatorlarda ifoda etish, she’rsifat bir nimalar yordamida ichki kechinmalarimni ifodalash bo’lgan bo’lsa, keyinroq, ko’proq asarlar o’qish, nazm dunyosi bilan kengroq tanishish barobarida she’riyatning kishi bir qarashda tushuna olmaydigan nozik qirralarini o’rganba bordim. Inson ruhiyatini oddiy so’zlar bilan ifodalashga harakat qildim. Yolg’izlik, charchash, atrodga nazar va kuzatuvlar natijasida o’z ichki kechinmalarimni yoza boshladim. Oxirgi 2-3 yilda yozganlarim ancha ko’payib qolgani uchun ham do’stlar, qadrdonlar tashabbusi va yordami bilan o’tgan yili oxirida “Ko’ngil chashmasi” degan to’plamimni ozroq tirajda nashrdan chiqardim.

Lobar Aziz: - Nega sizni shoir deb atashsa, hamisha "Men shoir emasman" deb inkor qilasiz? Sizga "shoir" sifatida murojaat etishlarini xohlamaysizmi yo...
- Avvalo, men shoir darajasiga ko’tarilishim uchun hali ko’p ko’ylak yirtishim kerak, shuning uchundir balki... Qolaversa, hozirgi kunimizda kishilarda “shoir” degan prototip aslidan ancha boshqacha tasavvur etilishidandir, balki.... She’riyat  - ko’nglim xohishi xolos... “Shoir”, deb atashsa, go’yo uni menga kasb qilib “tamg’a”lashayotgandek, go’yo...

AbdulAziz: “She'r yoza olgan odam albatta oliy matematika misolini yecha oladi yoki aksincha”. Shu fikrga qanday qaraysiz?
-  O’zimdan misol qilib olsam, bu fikrga to’liq qo’shilaman. She’r yozish – matematikadan miya charchaganda charchoqni oladigan ajoyib usuldir.
Matematikada qiyin misolni soatlab izlanib, yechimini topishdan oladigan rohat... Kechasi bedor o’tirib yozilgan she’rni ertalab bir marta o’qiganingizdagi shukuh...va kuchli raqibni shaxmatda qiynalib yutgan paytingizda oladigan zavq... O’z ruhiyatimda shu uchalasini bir qatorga qo’ya olaman.
She’rning matematik tasavvuri ham o’zgacha; simmetrik, qatorlar teng bo’lgan va go’zallikni ifoda etgan “figura” :)

Lobar Aziz: - Nima uchun she'rlaringizning deyarli 90%ini tushkun kayfiyat egallab olgan?
- Bilmadim, menga qanday kelsa, shuni yozaman-da :) (Hazil, albatta)
Ish, o’qishdan, atrofdagi voqealardan charchaganimda yolg’iz qolib barcha hissiyotlarimni ana shu tarzda chiqarib yuborsam kerak.  Sho’xchan, xushchaqchaq kayfiyat o’zimni egallab olgan, she’rimga boshqalarga ko’rsatmagan, ko’rsatolmaydigan taraflarimni yozaman... Chunki, atrofdagilarning hammasi bilan ham ichki tuyg’ularni o’rtoqlashib bo’lmaydi; hammaning ham o’z tashvishi, dardlari bor. Shu sabab bo’lsa kerak,  tunlari yolg’iz qolib qog’oz bilan mana shunday dardli sirlashsam, ne ajab.

AbdulAziz: Raqamlar va she'riyat. Qanday bog'liqliklar his qilasiz?
- Raqamlar va she’riyat... Bir biridan ayro bo’lgan yashirin sirlar... Birinchisi inson miya hujayralarining faoliyatini charxlasa, keyingisi ko’ngil zarralariga orom baxsh etadi, taskin beradi... Biz esa ikkisi ortida yashiringan go’zallikni ko’ra olishimiz kerak xolos

AbdulAziz: - O'zingiz muallif bo'lgan, o'zingizga eng ma'qul bo'lgan 3 ta to'rtlik she'ringiz qaysi?
- 1.
...Iltimos, ichingda to’planib qolgan
Turli tugunlarni yechib kel, gulim.
Qo’l siltab bariga, bor-budung tashlab,
Mening yuragimga ko’chib kel, gulim

2.   
Atrof sariq tusda, xiradir osmon,
Daraxtlar shivirlab so’ylamoqda sir.
Sinoatga to’lgan shu fasli xazon,
Hassos yuragimning tarjimasidir...

3.
Osmonlar, osmonlar uzoqib ketgan,
Yer qattiq; kirishga yetmaydi kuchim.
Evoh, ruhim zulmat komiga yutgan,
O'zing imon bilan yoritgin ichim.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Mart 2011, 19:07:27

ZIYO ISTAR KO’NGIL DARDLARI

IbnUyayna: - Islomiy dunyoqarash deganda nimani tushunasiz?
- Islomiy dunyoqarash, deganda men Qur’onga ko’ra olamni tasavvur qilish, fikrlash va uning ko’rsatmalari asosida faoliyat yuritishni tushunaman.

IbnUyayna: - Ilmoniylik haqida fikringiz?
- Qalbida nuri, ziyosi, imoni bor odam ilmoniylikni rad qilishi tabiiy. 60, 70 nari borsa 90 yillik halovatni deb abadiy rohatdan voz kechish, dunyoviy huzurni hayotining asosiga qo’yishga qaror qilgan har kimsa, tabiiyki, jannatning bir qismini ham tasavvur qila olmaydi. Shu sabab, har birimiz ularga ziyo tarqatish, xushmuomala bo’lib ularning qalbiga imon nurini olib kirish, ularga nisbatan chidamli bo’lib, har qanday holatda ham ularni yaxshilikka chorlashni o’z oldimizga maqsad qilib olishimiz kerak.

Sa’dulla: - Hayot yo'lingizda sizga kuchli ta'sir qilgan biror voqea yoki holat haqida gapirib bersangiz.
- O’tgan yili yoz oylarida qo’shni Qir’gizistonning O’sh shahrida ichki to’qnashuvlar bo’lib o’tgani ko’pchilikka ma’lum. Undan talofat ko’rgan ko’plab millatdoshlarimizni yurtimiz munosib qarshi olib, ularga katta yordam qo’lini cho’zdi. Qayg’u odamlarni birlashtiradi, degan hikmatli gap bor. O’sha paytda men Angliyaning London shahrida o’qib ishlab yurar edim va ushbu voqealar menga qattiq ta’sir qilgani bois, do’stlar bilan maslahatlashib, o’tgan voqealardan zahmat chekkan o’zbeklarimizga kichik hayriya tashkil qilmoqchi bo’ldik, tanish-bilishlarga xabar berdik...  O’sha paytda men o’zbeklarimizning qanchalik hamjihat ekanini tushunib yetdim: Biz tashkil qilib, Elchixonamiz yordam bergan 10 kunga yaqin davom etgan o’sha tadbirda 8 tonnaga yaqin kiyim kechak, uy-ro’zg’or mollari, texnika va moddiy mablag’lar yig’ildi va jabr chekkanlarga yetkazildi. O’zbekiston Havo yo’llari ma’muriyati 2-3 reysni boshqa yuk olmay, faqat bizning hayriya yuklarimizga band qildi...
 Menga eng qattiq ta’sir qilgan narsa, xayriya uchun bel bog’lagan, o’zlari talaba bo’lgan ko’plab do’stlarimiz kechani kecha, kunduzni kunduz demay harakat qilishdi. Hamma yoqdan qanday yordam berishi mumkinliklarini so’rab juda ko’p do’stlarimiz qo’ng’iroq qilishdi... O’sha paytda kichik doirada tashkil qilgan tadbirmiz bu qadar katta bo’lib ketishini kim ham xayoliga keltirgan, deysiz... O’sha xayriya kunlari ichimda his qilgan iftihor, g’urur, shukuhni oddiygina so’zlar bilan ifoda etish judayam qiyin...

AbdulAziz: - Sizningcha, virtual olamdagi do'stlik haqiqiy do'stlik bo'la oladimi? Sizning virtual do'stlaringiz ko'pmi yoki haqiqiy ko'rgan-bilgan do'stlaringizmi?
- Menimcha, virtual olamdagi do’stlik haqiqiy bo’la oladi. Umuman olganda, do’stlik – insonlarga, hech bir ta’masiz yaxshilik qilish va o’z navbatida samimiy qilgan xayrli ishlarni qabul qilishdir. Buning uchun hozirgi davrimizda masofaning unchalik ham ahamiyati yo’q.
Mening virtual do’stlarim talaygina. Shu sabab bo’lsa kerak, qayerga bormay, nima ish qilmay – shukrki, hecham qiynalmaganman.

AbdulAziz: - Odatda sizga ko'p beriladigan va sizga yoqmaydigan savollar qaysi?
1. Kinoya bilan, “shoirmisiz?” deb beriladigan savol :)
2. Kitob chiqarmaysizmi? degan savol.
3. Nega iqtisod sohasini tanlagansiz? degan savol (Chunki, inson kasbi bilan qiziqishlari boshqa-boshqa... Kasbni hayotda o’lib qolmaslik uchun moddiylikni keltiruvchi dastak, ijod esa ruhni oziqlantiruvchi vosita, deb bilaman).
4. Shoirlar tez sevib, tez sovib qoladi, shu rostmi? degan savol.

AbdulAziz: - Matematik va adabiyot muhibi sifatida hayotda o'zingiz kashf etgan formulalar bormi?
- Mana, ba'zi topgan "formulalar"im:
Ijod = Yurak * ( Kalom + Ilm + Xayolot) - Moddiylik
Kasb = Aql ( Kalom + Ilm + Tajriba) - Xayolot
Ishq = Ixlos + Mehr + Iroda
Hayot = Halollik (Ilm + Harakat + Sabr + Ijod) - Hasad

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Mart 2011, 19:08:30

GO’ZALLIK QIDIRIB

AbdulAziz: - Eng sevgan mashg’ulotingiz qaysi?
- Fotografiya. Tabiatni, tabiiylikni rasmga olishga juda qiziqaman. Yaratgan egamning qo’li bilan yaratilgan har bir narsa takrorlanmas, beqiyos. Daraxlarni, tog’larni, quyoshni, dengizni, gullarni suratga olishga harakat qilaman... Gullardan, ayniqsa, atirgullarni rasmga olishni juda yoqtiraman... To’plamimda 50 ka yaqin turdagi atirgullarning 500 dan ortiq rasmi bor. Shu bilan birga, o’zimga yoqqan ilgari ko’rmagan 2-3 xil atirgul turidan O’zbekistonga ham olib keldim. Yaqinda gullab qolsa kerak, forumga rasmini qo’yaman, xudo xohlasa :)

AbdulAziz: - O’zingiz suratga olgan va o’zingizga eng yoqqan 3 ta surat qaysi?
- Rasmlarni ajratish juda mushkul. Menga har biri aziz. Eng yoqqanlari shular:







Zeynab: - Safarga chiqqaningizda o'zingiz bilan birinchi bo'lib oladigan narsa nima? Safarda, sayohatda yurgan odam tasurotlardan va bilimdan tashqari yana nimalarga ega bo'lishi mumkin?
- Safar oldidan eng zarur narsalardan keyin, birinchi oladigan narsam – fotoapparat.
Safarda yurgan joylarimning tarixini, madaniyatini, odamlarini o’rganishga harakat qilaman. Ularning menga qiziq tuyulgan jihatlarini albatta yon daftarchamga yozib qo’yaman. Sayohatda yurgan odam taassurot va bilimdan tashqari, yaxshi do’st orttirish imkoniyatiga ham ega bo’ladi. :)

AbdulAziz: - Qaysi yurtlarda bo'lgansiz? Ulardan o'rgansa bo'ladigan qaysi jihatlarni ayta olasiz?
- Germaniya, Rossiya, Turkiya, Angliya, Shotlandiyada bo'lganman.
Nemislardan tozalik, tartib va  mehnatsevarlikni o'rganish mumkin, shu bilan birga ular atrof-muhit muhofazasiga juda katta e'tibor berishadi.
Ruslardan bilimga intilishning kuchliligi, zakovatni maqtash mumkin.
Turklardagi mehmondo'stlik, xushmuomalalikni aytib o'tish mumkin.
Inglizlardagi samimiylik, ro'stgo'ylik, o'z kasbiga bo'lgan yuqori hurmatni alohida ko'rsatib o'tish mumkin. Shu bilan birga ular o'zlarining azaliy tartib-qoidalariga doim sodiq bo'lib, zamonaviylashuvga sovuqqonlik bilan qarovchi xalqdir.
Shotlandiyaliklar esa o'z an'analariga juda sodiq qolgan xalq sifatida taassurot qoldirdilar. Shu bilan birga ular ko'chadagi, ishxonadagi davralardan ko'ra vaqtlarini oilalari bilan o'tkazishni afzal ko'rishadi...

SEVGI – SIZ TUYMAGAN TUYG’U UMMONI

AbdulAziz: - Yoshligingizda kimnidir sevganmisiz? Yosh o'tib borar ekan, muhabbat to'g'risidagi fikrlar ham o'zgarib boradi. Sizda qanday bo'lgan?
- Ha, sevganman.
Yosh o’tib borgan sari muhabbat to’g’risidagi inson tasavvuri o’zgarib borishi haqidagi fikrga to’liq bo’lmasa-da, qo’shilaman. O’sha sevgan paytimni o’ylasam, ba’zida “yosh bola bo’lgan ekanman”, “Shoshqaloq bo’lgan ekanman”, degan fikrlar keladi...
Haqiqiy insoniy sevgi esa o’zaro tushunish, dunyoqarash, e’tibor, mehr, ishonchga tayanar ekan... Achinish, rahm hissi yoki bir tomonlama muhabbatga asoslangan sevgi, doim ham o’zining mazali mevalarini beravermaydi.

Lobar Aziz: - Muhabbatni his etmay turib muhabbat haqida, dardga yo`liqmay turib dardli she'r yozish mumkinmi?
- Umuman olganda, mumkin emas. Lekin, inson tasavvuriga ko’ra, ijodkor o’qigan asaridagi qahramon yoki biror do’stining dardini ma’lum darajada his qilib  yozishi mumkinligiga ishonaman.

AbdulAziz: -Ko'nglingizdagi yor qanday fazilatlar egasi bo'lishini xohlardingiz?
- Ko’nglimdagi yor, avvalo, imonli, insofli, hayoli, yaxshi tarbiya ko’rgan inson... Shuning barobarida aqlli, kelajakda, nasib qilsa, farzandimga munosib ona bo’la oladilar. Irodasi kuchli, erkak kishidan bir pog’ona pastda tura oladigan, mulohazali, ko’p kitob o’qigan, halol va xaromni farqlay oladigan, chin o’zbek qizining ko’plab fazilatlarini o’zida mujassam etishi bilan birga o’z sohasining yetuk mutaxassisi.
 Va nasib qilsa, qarigan chog’imizda ham doimo menga qiziqarli bo’lib qoladigan qiz... Baxtimga sog’ bo’lsinlar.   


Forumdoshlarga tilaklarim: Doimo yaxshilik, yaxshilik va yaxshilik. O’zgalarga qilgan xayrli  ishlaringizni unutib, o’zgalar qilgan zarra yaxshilikni ham barchaga maqtang, ularni duo qiling. Atrofingizdagilarga ziyo ulashing, har bir insondan kichik bo’lsa-da, fazilatlarini olishga harakat qiling. Zero, ortimizdan ham faqat yaxshi nom bilan eslashsin... Faylasuflardan biri shunday degan ekan:  Shunday yashaginki, bu olamdan ketganingda sening o’rningni boshqa hech kim bosa olmasin...

Qayd etilgan


muxlisa  29 Mart 2011, 20:31:24

 :as:

Intervyu haqida xech kim fikr bildirmabdi, shunga o'zim mulohazalarimni yozgim keldi.. aybga buyurmisla endi:)

Qizqarli suhbat bo'libdi juda. Avvalgi intervyulargan o'zgacha desa ham bo'ladi. Huddi intervyuni ko'plashib, hammamiz baravar Mas'ud akadan olgandek chiqibdi. :) O'zi Abdulaziz akani doim  boshqalardan ajralib turishlariga e'tibor berardim. Ya'ni havas qilsa arzigulik ishlarida. huddi shunday intervyu olishlarida ham ajoyib bir yangi uslubni ko'rdim..

Suhbatni o'qib turib, Mas'ud akaning olamiga tushib qoldim... qiziqarli, ammo shu bilan birga murakkab bir olam desam ham bo'ladi... gapirishdan ko'ra ham, ko'proq o'ylaydigan insonga o'xshatdim ularni:)...

Abdulaziz aka, ajoyib suhbat uyushtirganiz u-n tashakkur.
Mas'ud aka, bizga aytgan tilaklariz, ya'ni yaxshilik o'zingizga ham doimo hamroh bo'lsin. Raxmat.

Qayd etilgan


Lu`lu`  30 Mart 2011, 03:57:45

Яхши интервю булибди.Маъсуджонни десрли билмас сдим. Айтишув булимидаги шеърларидаги мазмун ва Лобархонни шу шеърларга жавоблари кизикишимни орттирганига Маъсуджон "адабиётчими ё адабиётшуносми" деган фикр мисмга келаверарди.Лекин кунгил бу кун жавобини  топди.

Ishq = Ixlos + Mehr + Iroda


Юкоридаги "ишк формуласи" форумдошимизни ишкка булган "сирри"ни ошкор килган булса,Лобархонимни жавоби сса буни тасдиклади :D

Hijronning olovi-
Ishqdan chiqqan o`t.
Men ikki kuyganman, siz bir yonguncha!
Siz-ku, dardlaringiz qilasiz homcho`t...


Мехнатлариз хайрли булибди АЗИЗ ФОА УМДОШЛАА .

Qayd etilgan