GO’ZALLIK QIDIRIB
AbdulAziz: - Eng sevgan mashg’ulotingiz qaysi? - Fotografiya. Tabiatni, tabiiylikni rasmga olishga juda qiziqaman. Yaratgan egamning qo’li bilan yaratilgan har bir narsa takrorlanmas, beqiyos. Daraxlarni, tog’larni, quyoshni, dengizni, gullarni suratga olishga harakat qilaman... Gullardan, ayniqsa, atirgullarni rasmga olishni juda yoqtiraman... To’plamimda 50 ka yaqin turdagi atirgullarning 500 dan ortiq rasmi bor. Shu bilan birga, o’zimga yoqqan ilgari ko’rmagan 2-3 xil atirgul turidan O’zbekistonga ham olib keldim. Yaqinda gullab qolsa kerak, forumga rasmini qo’yaman, xudo xohlasa
AbdulAziz: - O’zingiz suratga olgan va o’zingizga eng yoqqan 3 ta surat qaysi? - Rasmlarni ajratish juda mushkul. Menga har biri aziz. Eng yoqqanlari shular:
Zeynab: - Safarga chiqqaningizda o'zingiz bilan birinchi bo'lib oladigan narsa nima? Safarda, sayohatda yurgan odam tasurotlardan va bilimdan tashqari yana nimalarga ega bo'lishi mumkin? - Safar oldidan eng zarur narsalardan keyin, birinchi oladigan narsam – fotoapparat.
Safarda yurgan joylarimning tarixini, madaniyatini, odamlarini o’rganishga harakat qilaman. Ularning menga qiziq tuyulgan jihatlarini albatta yon daftarchamga yozib qo’yaman. Sayohatda yurgan odam taassurot va bilimdan tashqari, yaxshi do’st orttirish imkoniyatiga ham ega bo’ladi.
AbdulAziz: - Qaysi yurtlarda bo'lgansiz? Ulardan o'rgansa bo'ladigan qaysi jihatlarni ayta olasiz? - Germaniya, Rossiya, Turkiya, Angliya, Shotlandiyada bo'lganman.
Nemislardan tozalik, tartib va mehnatsevarlikni o'rganish mumkin, shu bilan birga ular atrof-muhit muhofazasiga juda katta e'tibor berishadi.
Ruslardan bilimga intilishning kuchliligi, zakovatni maqtash mumkin.
Turklardagi mehmondo'stlik, xushmuomalalikni aytib o'tish mumkin.
Inglizlardagi samimiylik, ro'stgo'ylik, o'z kasbiga bo'lgan yuqori hurmatni alohida ko'rsatib o'tish mumkin. Shu bilan birga ular o'zlarining azaliy tartib-qoidalariga doim sodiq bo'lib, zamonaviylashuvga sovuqqonlik bilan qarovchi xalqdir.
Shotlandiyaliklar esa o'z an'analariga juda sodiq qolgan xalq sifatida taassurot qoldirdilar. Shu bilan birga ular ko'chadagi, ishxonadagi davralardan ko'ra vaqtlarini oilalari bilan o'tkazishni afzal ko'rishadi...
SEVGI – SIZ TUYMAGAN TUYG’U UMMONI
AbdulAziz: - Yoshligingizda kimnidir sevganmisiz? Yosh o'tib borar ekan, muhabbat to'g'risidagi fikrlar ham o'zgarib boradi. Sizda qanday bo'lgan? - Ha, sevganman.
Yosh o’tib borgan sari muhabbat to’g’risidagi inson tasavvuri o’zgarib borishi haqidagi fikrga to’liq bo’lmasa-da, qo’shilaman. O’sha sevgan paytimni o’ylasam, ba’zida “yosh bola bo’lgan ekanman”, “Shoshqaloq bo’lgan ekanman”, degan fikrlar keladi...
Haqiqiy insoniy sevgi esa o’zaro tushunish, dunyoqarash, e’tibor, mehr, ishonchga tayanar ekan... Achinish, rahm hissi yoki bir tomonlama muhabbatga asoslangan sevgi, doim ham o’zining mazali mevalarini beravermaydi.
Lobar Aziz: - Muhabbatni his etmay turib muhabbat haqida, dardga yo`liqmay turib dardli she'r yozish mumkinmi? - Umuman olganda, mumkin emas. Lekin, inson tasavvuriga ko’ra, ijodkor o’qigan asaridagi qahramon yoki biror do’stining dardini ma’lum darajada his qilib yozishi mumkinligiga ishonaman.
AbdulAziz: -Ko'nglingizdagi yor qanday fazilatlar egasi bo'lishini xohlardingiz? - Ko’nglimdagi yor, avvalo, imonli, insofli, hayoli, yaxshi tarbiya ko’rgan inson... Shuning barobarida aqlli, kelajakda, nasib qilsa, farzandimga munosib ona bo’la oladilar. Irodasi kuchli, erkak kishidan bir pog’ona pastda tura oladigan, mulohazali, ko’p kitob o’qigan, halol va xaromni farqlay oladigan, chin o’zbek qizining ko’plab fazilatlarini o’zida mujassam etishi bilan birga o’z sohasining yetuk mutaxassisi.
Va nasib qilsa, qarigan chog’imizda ham doimo menga qiziqarli bo’lib qoladigan qiz... Baxtimga sog’ bo’lsinlar.
Forumdoshlarga tilaklarim: Doimo yaxshilik, yaxshilik va yaxshilik. O’zgalarga qilgan xayrli ishlaringizni unutib, o’zgalar qilgan zarra yaxshilikni ham barchaga maqtang, ularni duo qiling. Atrofingizdagilarga ziyo ulashing, har bir insondan kichik bo’lsa-da, fazilatlarini olishga harakat qiling. Zero, ortimizdan ham faqat yaxshi nom bilan eslashsin... Faylasuflardan biri shunday degan ekan: Shunday yashaginki, bu olamdan ketganingda sening o’rningni boshqa hech kim bosa olmasin...