Assalomu alaykum.
Mayli, yaramni yangiladizda lekin :-)))
Biz 8 oy O'zbekiston Milliy Universiteti harbiy kafedrasida o'qidik. Har hafta payshanba va juma kunlari institutga bormasdan harbiy kafedraga borardik. Maza davrlar edi.
Nihoyat vaqti-soati kelib, may oyining 28-sanasida Angren shahrida joylashgan 42219-sonli tog'-dala poligoni tomon 1 oylik o'quv-mashg'ulot yig'inlariga jo'nab ketdik. 1 oylik o'tgan vaqt hayotimda o'chmas iz qoldira oldi deb o'ylayman. Bu damlarni hech ham unutmasam kerak...
27-may 2009 yil. Toshkent.
Tongda g'alati kayfiyatda uyg'ondim. Ertadan boshlab, Toshkentda 1 oy bo'lmasligimni o'ylab yuragim hapqirib ketdi. Yo'q, yo'q... Bu qo'rquv, xavotir hissi emasdi. Sababi anchadan buyon viloyatlarga xizmat safafriga chiqib o'rganib ketgandim. Bu hissiyot ko'proq borayotgan joyim bilan bog'liq edi — Harbiy xizmat! Albatta 1 yillik armiya bo'lmasada, ammo baribir 1 oy harbiycha hayot, harbiycha intizom, harbiycha va h.k.larni ko'rishimiz tayin edi. O'zimda g'ayritabiiy kuch his qildim.
Ota-onam bilan nonushta qildim. Hazillashib "1 oydan keyin ham yana shunaqa birga nonushta qilish nasib qilsin" degandim, ayam yig'lab yuboray dedi. Ona zotini yaratmasin ekan...
O'qishga bordim. Potogimizda 15 ta bola harbiy kafedraga kirgandik. O'zimizcha "xayrlashuv kechasi" tashkil qildik. :-))) Garchand bizga kursdoshlarimiz non tishlatib qolmagan bo'lsalarda, garchand "Oy borib omon qayt" degan shiorlar yozilgan bannerlarni ko'tarib olishmagan bo'lsada, garchand qizlarimiz yig'lab bizni kuzatib qo'yishmagan bo'lsada, ammo do'stona xayrlashuv bo'ldi. :-)))
Kechki tomon sumkamga narsalarimni joylashni boshladim. Ertalab shoshganda esdan chiqib qolmasligi uchun. Dastlab kiyim-kechaklar, so'ngra kerakli buyumlar, aptechka, zerikkanimda o'qiyman deb kitoblarni joyladim.
Ana shundan keyin asosiy qism boshlandi. Ayam ikkinchi qo'shimcha sumkaga oziq-ovqat solishni boshladilar... Non, qovurilgan go'sht, qaynatilgan go'sht, dimlangan go'sht, bug'langan go'sht - hammasi bankalarga joylangan. Keyin yana tefal, bir pachka quruq choy, 15 tacha Big Bon, pechenye, tuzlangan bodring (zakuskaga deganmilar hayronman
), bankaga yopilgan salatlar, eeee, xullas, bir sumka oziq-ovqat. Bo'ldi desamam ko'nmaydilarey... Uni qanaqa ko'tarib ketaman axir desam, och qoganingdan ko'ra qiynalganing yaxshi deydilar. Xuddi men kimsasiz orolga ketayotganday...
Ona zotini yaratmasin ekan...
Aksiga olganday kechqurun Rim shahrida Yevropa Chempionlar Ligasi final uchrashuvi bo'lishi kerak edi. Axir qanaqa qilib, mening sevimli jamoam Manchester Yunayted finalda o'ynaydiyu, men bu o'yinni ko'rmayman?!
O'yinam quvonarli natija bilan tugamadi. Mag'lubiyat... Eng yomoni o'sha kuni kechqurun umuman uxlolmadim. Ertalab 5:00 da esa ko'ch-ko'ronimni ko'tarib, Shimoliy vokzal tomon yo'l oldim. Ota-onam bilan birga...
(davomi bor)