Shokirbek  ( 12036 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 B


shoir  14 Yanvar 2010, 08:53:25

Shokirbek she'rlaridan. 8-qism

NAVOIY G’AZALIGA MUXAMMAS

Hajrida chektim ming ohu zor, ul ohu kelmadi,
Necha bor va’da etib, kuttirdi yohu, kelmadi,
Ko‘z tikib yo‘lig‘a ko‘z tindi, jafojo‘ kelmadi,
Kecha kelgumdur, debon ul sarvi gulro‘ kelmadi,
Ko‘zlarimg‘a kecha tong otquncha uyqu kelmadi.

Lahza o‘tkan sori dil o‘ynab, bo‘lib hol beqaror,
Xavfdin o‘zdin ketar holatg‘a yetdim necha bor,
Gar tovush kelsa umid birla qo‘pub man dilfigor,
Lahza-lahza chiqtimu chektim yo‘lida intizor,
Keldi jon og‘zimgavu ul sho‘xi badxo‘ kelmadi.

Ko‘kda oy balqib parivash orazin qilg‘anda yod,
Dilda ummed sho‘‘lasi yondi, ko‘ngul o‘rtandi bot,
Ming taassufkim, botib oy so‘ndi ummedi hayot,
Orazidek oydin erkanda gar etti ehtiyot,
Ro‘zgorimdek ham o‘lg‘onda qorong‘u kelmadi.

Kuydi paykar dastidin safro, yururman telbavor,
Emdi manga hech qiziq ermas ne yo‘g‘u, neki bor,
Javdirab har yon boqib, ko‘zdin oqur yosh shashqator,
Ul parivash hajridinkim yig‘ladim devonavor,
Kimsa bormukin anga ko‘rganda kulgu kelmadi.

Haddin o‘tti ishq o‘ti, Farhodu Majnunlar qani,
Bosh-oyoqni qopladi oning ayovsiz gulxani,
Qon toshib larzona dildin, tutti har yerni xuni,
"Ko‘zlaringdin nega suv kelgay", deb o‘lturmang meni,
Ki bori qon erdi kelgan, bu kecha suv kelmadi.

Ishqi sodiq uchramas, yo‘qsa kelur g‘ov dambadam,
Hamrahi qayg‘u, nadam bo‘lg‘ay, na rohat va na dam,
Aksari oshiqlarin bo‘lg‘ay borar rohi adam,
Tolibi sodiq topilmas, yo‘qsakim qo‘ydi qadam,
Yo‘lg‘akim avval qadam ma’shuqa o‘tro‘ kelmadi.

Shokiro, vayrona dil islohini qilma o‘yin,
Ul pari kelmay turub oning tuzalmog‘i qiyin,
Chunki dard bo‘lg‘ay ziyoda ayriliq ortqon sayin,
Ey Navoiy, boda birla xurram et ko‘nlung uyin,
Ne uchunkim boda kelgan uyga qayg‘u kelmadi.

Qayd etilgan


shoir  14 Yanvar 2010, 08:55:10

Shokirbek she'rlaridan. 9-qism

SAYYIDI OLAM HAQIDA SATRLAR...

Muqaddima

Olamlarni yo‘qdan bor etib,
Yerni sokin, barqaror etib,
Ne’matlarin indirgan Alloh,
Sha’niga hamd yuborgum har goh.
Qur’on, Sunnat tutqizib qo‘lga,
Sutdek oppoq charog‘on yo‘lga,
Yo‘llab ketgan Payg‘ambariga,
Sahobalar, izdoshlariga,
Ular yo‘lin tutganlarga ham,
Salomlarim borsin damodam.
Qardoshlarim, ko‘zim nurlari!
Yurt kelgusi, din botirlari!
Keling, so‘ylay ajib hikoyat,
O’rnak olmoq muhimdir g‘oyat.
Zulmatlarda odam yotganda,
Jaholatga olam botganda,
Charaqlagan Nurni keltirgan,
Bebaho bir durni keltirgan,
Payg‘ambarning hayotin o‘qib,
Ko‘zni namlab, dilga o‘t yoqib,
Bul chashmadan olib bahralar,
Dillar jo‘shib, yonib chehralar,
Simiraylik, qonsin yuraklar,
Muhabbatdan yonsin yuraklar...

Ibrohim alayhissalomning Makkaga kelishlari, Zamzam suvi chiqishi

Haq amrila Xalil payg‘ambar,
Makka tomon qildilar safar.
Hojar bilan Ismoilni ham,
Bu safarda qildilar hamdam.
Bog‘u rog‘lar tashlab ketdilar,
Oxirda bir yerga yetdilar..
Atrof quruq tog‘u tosh faqat,
Na daraxt bor, na suv, na ko‘kat..
Jazirama issiq taftidan,
Tog‘lar qaro edi aftidan..
Ana shundog‘ tog‘ orasida,
Qolib Hojar va norasida,
Qo‘l ko‘tarib ko‘kka Ibrohim,
Duo qilib dedi: "Allohim!!
Qup-quruq dasht, tog‘lar yonida,
O’tsiz, suvsiz biyobonida,
Shonli Ka’bang o‘rnida men zor,
Zurriyodim qoldirdim bedor...
Toki Senga qilib ibodat,
Namoz barpo qilishsin har vaqt..
Bandalaring ko‘rib qalbin Sen,
Ka’ba tomon burgin, talpinsin..
Mevalardan ato et, yo Rab,
Shukr etsalar bunga ne ajab".
Shunday qilib Haq amri birla,
Ismoilni tashlab Hojar-la,
Kelgan tomon yo‘ldan ketdilar,
Tog‘ orasi, cho‘ldan ketdilar...
Yolg‘iz qolib Hojar bu yerda,
Yeguligi tugab oxirda,
Safo Marva uzra yetti bor,
Suv axtarib kezdilar nochor...
Va nihoyat, holsizlanib jim,
O’g‘li tomon tashladi odim..
Ko‘rdilarki, o‘g‘li Ismoil,
Yonboshida turar Jabroil,
Yerni qattiq bir tepib shu choq,
Sharaqlatib chiqardi buloq..
O’shal damdan suv serob bo‘lib,
Odamlar ham boshladi kelib...


Ibrohim alayhissalom uchun bo‘lgan eng katta sinov - o‘g‘illari haqida ko‘rgan tushlari

Oilasin, o‘g‘lin ko‘rgali,
Ikkisining holin so‘rgali,
Fursat bo‘lgan mahalda doim,
Kelib turar edi Ibrohim..
O’g‘li go‘dak vaqtidan o‘tib,
Oq-qoraning farqiga yetib,
Qarab unga to‘ymaydigan chog‘,
Bir voqea yuz berdi mundog‘:
Ko‘zi ilib, ushbu ulug‘ zot,
Bir kun mudhish tush ko‘rdi hayhot!
O’g‘lin yerga yotqizib qo‘yib,
Pichoq bilan turganmish so‘yib!!
Bu ne holdir.. Bu ne sinoat?!!
Vojib erur qilmoq itoat!!
Zero Rosul ko‘rgan tush albat,
Vahy erur! Allohdan faqat!!
Shuning uchun qat’iyat ila,
Yuz rizoliq kayfiyat ila,
Kelib o‘g‘li tomon payg‘ambar,
Boshin silab yetkazdi xabar:
O’g‘lim! Bu kun bir tush ko‘ribman,
Unda seni so‘yib turibman!
Nima qilay, o‘ylagin, bolam!!
Javobini so‘ylagin, bolam!!
Javob berdi birdan bolakay,
Hech qo‘rqmasdan, hech ikkilanmay:
Buyrug‘in tez qiling, otajon!!
Pichoq olib keling, otajon!!
Inshoolloh, sabr qilaman..
Hech to‘polon qilmay o‘laman...
So‘yish uchun ketarkan olib,
Shayton keldi ro‘baro‘ bo‘lib..
Uni urib uch bora yo‘lda,
To‘xtadi tosh ko‘tarib qo‘lda..
So‘ngra o‘g‘lin yerga yotqizib,
Ko‘zlaridan yoshlar oqizib,
Tortdi pichoq bo‘g‘ziga evoh!!
Bunga birov bo‘lsaydi guvoh,
Manzaraning dahshatidan tez,
O’zdan ketib, bo‘lardi jonsiz!!
Pichoq tortgan mahal samodan,
Nido keldi Arshi A’lodan:
Ey Ibrohim!! Tashlang pichoqni!!
O’g‘lingizga oching quchoqni!!
Tushni juda tasdiq etdingiz!!
Imtihondan a’lo o‘tdingiz!!
Xalil uchun bu tanlov edi,
Juda ochiq bir sinov edi..
Bundan eson-omon o‘tdilar,
O’z sevgisin isbot etdilar...

Ka’ba qurilishi

Ko‘p oylaru ko‘p yillar o‘tdi,
Ismoil ham voyaga yetdi..
Otalari bir kun keldilar,
Niyatlarin bayon qildilar:
"Parvardigor menga bu yerda,
Baytullohni qur, deb buyurdi"..
Ota-o‘g‘il ikki payg‘ambar,
Bor kuchlarin etib safarbar,
Baytullohni qurib bitdilar,
Asnosida duo etdilar:
Yo Rab, bizga madadkor bo‘lgin,
Dargohingda maqbul deb bilgin...
O’shal kundan boshlab odamlar,
Ka’ba sari tashlab qadamlar,
Ibodatga suvdek oqdilar,
Dilni tavhid birla yoqdilar..
Sajda etib yolg‘iz Allohga,
Yuz burdilar shonli dargohga,
O’shal kundan bu ulug‘ dargoh,
Mo‘minlarga bo‘ldi qiblagoh...

Amr ibn Luhayning Ibrohim alayhissalom dini bo‘lmish Islomni buzib, butparastlikni tarqatishi

Yuzlab yillar shu ko‘yda o‘tdi,
Nihoyat, bu baxtga darz yetdi..!
Xuzoaning boshi ot olmish,
Amr ibn Luhay atalmish,
Kimsa yashar edi Makkada,
Oshin oshar edi Makkada,
Hojilarga berib suv, talqon,
Qozongandi hurmat, sharaf-shon,
Shuning uchun undan odamlar,
O’rnak olib, bosar qadamlar...
Alqissa, Shom tarafga bir kun,
Safar qilib bordi u mal’un..
O’shal joyda butlarni ko‘rib,
Ajablanib, juda yoqtirib,
Hubal nomli bitta but oldi,
Olib birga Makkaga keldi,
Dedi: "Shomda ko‘rdim ajoyib,
Shunday butga boshlarin qo‘yib,
Sajda qilib yotar odamlar,
Kunlari shod o‘tar odamlar,
Biz ham bunga sajda qilaylik,
Buni ulug‘ qurbat bilaylik..."
Ana shunday qilib ul mal’un,
Xalqni gumroh ayladi butun..
Yo‘ldan shunday ozib ketdilar,
Xalil yo‘lin buzib ketdilar...

Payg‘ambarimiz kelishlaridan avval dunyoda hukm surgan jaholatlar bayoni

Imom Muslim "saheh"larida,
Qudsiy hadislarning birida,
Rosululloh xutbada turib,
Ashoblarga ma’lumot berib,
So‘zlab Qodir Alloh nomidan,
Shunday hadis chiqdi komidan:
"Insonlarning barchasin mutloq,
Tavhid uzra yaratdim. Biroq,
Shayton yo‘ldan urdi ularni,
Dinlaridan burdi ularni,
Men halol deb aytgan ne ki bor,
Bandamga man’ etdi badkirdor.
Mendek Qodir Allohga minglab,
Maxluqlarim, qullarim tenglab,
Ibodatda sherik qilmoqni,
Bu illatni qurbat bilmoqni,
Nodon inson ko‘ngliga soldi,
Jilovlarin qo‘liga oldi.."
Yillar o‘tdi, shohlar o‘tdilar,
Payg‘ambarlar kelib, ketdilar,
Chaqirishib Yolg‘iz Allohga,
Aldanmang deb, shayton gumrohga..
Lekin botil tarqab bo‘lgandi,
Yerda qilar ishin qilgandi,
Hatto keyin kelgan payg‘ambar,
Iso yo‘lin tonib, darbadar,
Nasorolar gumroh bo‘ldilar,
Shirkka tamom hamroh bo‘ldilar..
Sharqda, uzoq Eron yurtida,
Undan nari - Turon yurtida,
Majusiylar hukm tutardi,
Olovlarga sajda etardi..
Arabiston yurtiga kelsak,
Ular nelar qilganin bilsak,
Kishi birdan yoqasin ushlab,
Hayrat ila barmog‘in tishlab,
Deyar: Nahot es-hushli inson,
Aqliga qulf urar beomon?!...
Ular turli butlar yasashib,
Xushbo‘ylatib, yuvib, bezashib,
Uy to‘riga ilar edilar,
Har kun sajda qilar edilar..
Safarlarga chiqsalar har dam,
O’zlariga qilishib hamdam,
"Xudolarin" xurjunga solib,
Ketardilar yelkaga ilib..!
Ba’zi birlar esdan chiqarib,
Uyda qolib ketganin ko‘rib,
Xurmoga sut sog‘ib yumshatib,
But shaklini yasab, o‘xshatib,
Keyin sajda qilar erdilar,
So‘ng ochqashib, butni yerdilar..!!
Hatto Ka’ba - muqaddas dargoh,
Butlarga liq to‘lgan edi, oh!
Yer yuzini aylab zimziyo,
Shirk hukmron bo‘ldi xalq aro..
Faqat u yoq, bu yoqda ozchil,
Shirkdan ko‘ngli bo‘lib tund, xijil,
Barmoq ila sanarli yorlar,
Maskan etib daralar, g‘orlar,
Zalolatdan qilishib nafrat,
O’zlaricha qilib ibodat,
Haq dinidan qolmasdan asar,
Yashardilar ojiz, darbadar...
Qo‘shilganda xalqlarga har goh:
"Shirk etmangiz, bo‘lmangiz gumroh",
Der edilar, lekin bir og‘iz,
Bu qisqa so‘z edi foydasiz..
Zero, tog‘dek uyulgan shirkni,
Qo‘rg‘oshindek quyilgan shirkni,
Qo‘pormoq-chun favqulodda bir,
Kerak edi zo‘r chora, tadbir...

Payg‘ambarimiz tavallud topishlari oldidan bo‘lib o‘tgan fil voqeasi

Bu zulmatni ko‘rib, Qodir Zot,
Rahmi kelib, ko‘rsatib imdod,
Qutqarmoq-chun elning barini,
Tanlib so‘nggi payg‘ambarini,
Ismoil bin Xalil zotidan,
So‘ng Hoshimning chin zuryodidan,
Muhammadni butun olamga,
Barcha jinu barcha odamga,
Oxirzamon Rasuli qildi,
Ergashganning tole’si kuldi..
Kelmay turib dunyoga hali,
Eng oxirgi Rasul bo‘lgali,
Tug‘ilajak yilida muhim,
Bir voqea bo‘ldi, tingla jim...:
Ko‘rolmasdan Ka’ba shonini,
Tutgan o‘rni, zo‘r makonini,
Hojilarning yo‘lin burmoq-chun,
Tarixda bir nom qoldirmoq-chun,
Abraha deb atalmish podshoh,
Turqi habash, bir aqli ko‘toh,
San’o degan joyda kattakon,
Cherkov qurdi, bir olamjahon..
"Qullays" degan nom berib unga,
Bezak berdi har bir ustunga..
"Hajga bunga kelishsin", dedi,
"Makkani tark qilishsin", dedi..
"Ko‘m-ko‘k o‘tloq, so‘lim joylarda,
Ko‘rkam bog‘lar, oqar soylarda,
Cherkov qurdim... Hojilar yonib,
Hajga kelar Makkani tonib..."!
Degan o‘yda mal’un Abraha,
Kutar edi ochib ishtaha...
Lekin Alloh nazari yetgan,
Ibrohimning duosi ketgan,
Ka’ba xalqlar qalbidan shunday,
Allaqachon olgan edi joy..
Bu tuyg‘uni yo‘q qilmoq uchun,
Butun olam yig‘sa-da kuchin,
Qilcha ta’sir o‘tkazolmasdi,
Qalblaridan ketkazolmasdi..
Shuning uchun arablardan bir,
Chapanisi turib, oshib qir,
"Qaydadursan San’o" deb ketdi..
Oxirda ul Qullaysga yetdi..
Shiddat ila u yerga kirib,
Cherkovning qoq belida turib,
"Senmi hali atrofin sozlab,
Uy quruvchi Ka’baga moslab!"..
Deya hojat ushatib ketdi..!
Ichini xo‘p bo‘shatib ketdi..!
Tabiiy, bu ish bo‘lib sabab,
Abrahani chulg‘adi g‘azab!
Cherik tortib Baytulloh tomon,
Qasam ichdi: "Qilurman yakson!
O’shal Ka’ba degan binoni!
Bu ish-la lol qilgum dunyoni!"
Yo‘lda barcha qabila, yovni,
Shahar qishloq, bilmam, nechovni,
Tor-mor qilib keldi Abraha,
Qo‘rquv solib keldi Abraha..!
O’zi bilan birga muttasil,
Olib yurar edi katta fil..
Bu bahaybat filning kelbati,
Oshirardi uning haybatin...
Xullas, kelib yaqin Makkaga,
Qo‘shinini qo‘yib chekkaga,
Dedi: "Chorlang oqsoqolini,
Azmim aytay, so‘ray holini!"
Shunda boshliq Abdulmuttalib,
Kirdi unga Makkadan kelib..
Benihoya xushro‘yligini,
Salobatli, sero‘yligini,
Ko‘rib, joydan turdi hurmat-la,
To‘rga qo‘ydi juda izzat-la..
So‘ngra dedi: "Nedur tilaging?
Bajargaymiz, aytgin istaging".
Javob qildi Abdulmuttalib:
"Sarbozlaring dalamga kelib,
Ikki yuzta tuyamni olib,
Oldlariga ketdilar solib..
Qaytib bersang menga yetadi,
Senga bo‘lgan arzim bitadi".
Taajjub-la qarab podishoh,
Dedi unga: "Ey aqli ko‘toh!
Eng muqaddas yering sanalgan,
Xalqing qalbin egallab olgan,
Ka’bangga azm qilgan bo‘lsamu,
Buzish uchun kelgan bo‘lsamu,
Qay yerdagi hayvonni so‘rab,
Turibdursan qarshimda qarab!
Kirganingda qilgan hurmatim,
Shakling ko‘rib qilgan izzatim,
Tuzsiz so‘zing ila yo‘qoldi,
Hurmat o‘rnin irganish oldi!"
Javob qilib dedi: "Ey podshoh!
To‘g‘ri, Ka’ba - muqaddas dargoh!
Lekin men bir bekuch, bequvvat,
Xo‘jayinman tuyaga faqat!
Ka’ba esa... uning Tadbirkor,
Qo‘riqlovchi Xo‘jayini bor!!"
Keyin chiqib Makkaga qaytdi,
Odamlarga bo‘lganni aytdi,
So‘ngra Ka’ba halqasin ushlab,
Duo qildi ko‘zini yoshlab:
"Ey Allohim, o‘z uyin barcha,
Qo‘riqlagay qo‘ldan kelgancha,
O’z uyingni qo‘riqla, yo Rab!
Bu balodan tez saqla, yo Rab!!"
So‘ngra xalqqa dedi: "Xaloyiq!
Uying tashlab, tezda chetga chiq!"
Huvillatib uylar, yo‘llarni,
Qasd etdilar tog‘u cho‘llarni..
Abraha o‘z dabdabasi-la,
Shonu shavkat, as’asasi-la,
Kirib keldi Makkaga kibor,
Yulib, talab, olib neki bor..
Ka’ba tomon qilarkan yurish,
Olazarak fil qilib tashvish,
Turgan joyda mix kabi qotdi,
Ka’ba tomon yo‘ldan bosh tortdi!
So‘l tomonga yo‘llashsa chopdi!
Cho‘l tomonga yo‘llashsa chopdi!
Burishganda orqaga hech ham,
Ikkilanmay tashladi qadam..
Lek Ka’baga undashsa, odim
Tashlamasdan turaverdi jim!!
Shu soatda bu zulm qo‘shini,
Tepasidan balo toshini,
Yog‘dirguvchi qushlar keldilar,
Bunda qilar ishin qildilar..
Har askarga bir qush otib tosh,
Kichik toshga qilolmay bardosh,
Ko‘ksin o‘qdek teshib o‘tdilar,
So‘ngra kelgan tomon ketdilar..
Fursat o‘tmay bir jon qolmadi,
Bir jangchi ham omon qolmadi..
Haq tomondan kelgan bu tadbir,
So‘nggi Elchi kelish uchun bir,
Ko‘rsatilgan zo‘r chora edi,
Hurmatiga ishora edi...

Oxirgi payg‘ambar bo‘lmish Muhammad sollallohu alayhi va sallamning dunyoga kelishlari

Hodisadan ellik kun o‘tib,
Saodatli fursatlar yetib,
O’n ikkinchi rabiul avval,
Dushanba kech, oy chiqqan mahal,
Dunyoda eng pokiza vujud,
Bahor oyi topdi tavallud..
Milodiyda sanasang aniq,
Besh yuz yetmish bo‘lar muvofiq..
Haq taolo hikmati ila,
Yozig‘lig‘i, qismati ila,
Tug‘ilmasdan oldin payg‘ambar,
Otalari qilgandi safar,
Shu safarda ajali yetdi,
O’g‘lin ko‘rmay dunyodan o‘tdi..
Ba’zi kelgan rivoyatlarda,
Naql etilgan hikoyatlarda,
Tug‘ilganda porlab tevarak,
Ulug‘likdan bergandir darak..
Kelinining tuqqanin bilib,
Yetib keldi Abdulmuttalib,
Xursand bo‘lib, quvonib, suydi,
"Muhammad" deb ismini qo‘ydi..
Abdullohdan qoldi deb yodgor,
Ko‘zlar to‘ymay, qarashib takror,
Amakilar xursand bo‘ldilar,
Shodliklarin izhor qildilar..
Abu Lahab bo‘lganidan shod,
O’z cho‘risin ayladi ozod..

Muallif: Shokirbek
Manba

Qayd etilgan