Shokirbek  ( 12035 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 B


shoir  09 Dekabr 2009, 10:02:59

Foydalanuvchi nomi: Shokirbek
Asl ismi-sharifi: Sayfulloh Nosirov
Tug'ilgan sanasi: 1968 yil iyun
Tug'ilgan joyi: Surxondaryo viloyati, Denov tumani
Ota-onasining yurti: Namangan viloyati
Ma'lumoti: Oliy (1997 yil Madinada Islom universitetini tamomlagan, 2002 yil mazkur unversitetda hadis fanlari bo'yicha magistrlikni, 2008 yilda PhDni tugatgan.)
Forumga a'zolik sanasi: 27 Iyun 2006
Emaili: [email protected]


Avatari:


Imzosi: (mavjud emas)

Birinchi posti:
Nadur qulliq? Aning mushtoqi bo'lmoq,
O'zidin foniy, Haqqa boqiy bo'lmoq.
So'fi Ollohyor.

Qayd etilgan


shoir  09 Dekabr 2009, 10:03:32

 
Shokirbekka berilgan savollarga javoblar:

1. Savol: Ихлос билан боғлиқ ҳаётда сзингиз гувоҳ бслган қандай ибратли воқеликни сслай оласиз?

Javob: "O'zimda yaqinda shunday voqea bo'ldi. Hajga kelganlar orasida Qirg'izistondan kelgan bir nechta o'zbek yosh yigitchalar bor ekan. Universitetga hujjat topshirish uchun kelishganda meni yana uchratib qolishib, telefon raqamimni so'rashdi. Berdim. Bir-ikki kun o'tgach, tel. jiringladi:
- .... aka, bu sizmisiz?
- Ha.
- Bir arab sotuvchisi bizni tushunmayapti, shunga tarjima qilib tushuntirib yuboring.
- Xo'p, nima dey?
- Biz bundan 25 (7 dollarga yaqin) riyolga bir narsa olib, 10 dollar beruvdik, bizga 348 riyol qaytarib berib, pulni shuncha qaytarsak ham, omayapti, 100 dollar berdi deb o'yladi, shekilli.. Shuni aytib yuborsangiz unga..

Sotuvchi haqiqatan ham 100 dollar berdi deb o'ylab, ular pulni qaytarishsa kamsinishayapti, shuning uchun qaytarayapti, deb o'ylagan ekan.

Gaplashib bo'lgach, u yigitdagi amonat, iffatni o'ylab, ichimda unga tahsinlar aytdim, yigitligidanoq bunday amonatdor bo'lgan, birovning haqidan qo'rqadigan kishi kelgusida ummati uchun albatta foydali shaxs bo'ladi. Odamlar haqini turli yo'llar bilan tortib olayotganlar, bunday qulay kelib qolgan fursatdan emas, balki yolg'onchilik, firibgarlik evaziga pul yig'ayotganlar mana bunday yorqin namunalar borligini ham bilib qo'yishsa yomon bo'lmas edi.."


2. Savol: Ҳаётда сзингиз гувоҳ бслган сизнинг наздингизча снг ибрат олса арзигулик бслган инсон ким?

Javob: Ulamolarning aytishlaricha (bunga tarix ham guvoh), payg'ambar sallallohu alayhi va sallam o'z ummatlarining barcha jabhalarida harakat qiluvchi kishilari uchun o'rnak va namuna edilar. U kishidan muallimlar (olimlar) ta'lim sohasida, tarbiyachilar tarbiya borasida, zohidlar zuhdda, botirlar shijoatda, qo'mondonlar boshqarish borasida, qozilar hukmda, taqvodorlar taqvo va parhezkorlik - vara' bobida, va h.k. juda ko'p o'rinlarda o'rnak olar edilar. Shuning uchun u zotga birkitilgan vazifa benihoya katta va og'ir edi, shuning uchun ham buning uhdasidan eng a'lo darajada chiqqan Rosululloh sallallohu alayhi va sallam Alloh taolo bergan eng ulug' maqomga haqli ravishda loyiq bo'ldilar.
U zot rafiqi a'loga ketganlaridan so'ng Islomni tablig' etish, dinni tarqatish zimmasi u zot izdoshlariga, ulardan so'ng ummat ulamolariga yuklandi. Rasululloh (sallallohu alayhi va sallam)ning vazifalarini bir kishi uddalay olish imkoni bo'lmaganidek, har tomonlama yetuk bo'lgan, barcha ezgu axloqlarni o'zida bekamu ko'st jamlagan mutlaq olim, ideal kishi uchrashining imkoni yo'q.
Shu yuqoridagi haqiqatga suyangan holda men o'zim ko'rishish va muloqot qilish sharafiga muyassar bo'lganim ulamolarning har biri ham umumiy holda namunali va o'rnak olsa bo'ladigan ulamolar bo'lib, biri ixlos bobida bizni qoyil qoldirgan bo'lsa yana biri saxovatda, boshqasi esa tavozu' va shikastanafslikda, tag'in bittasi behudalikdan qattiq uzoq bo'lishda, boshqa birlari zohidlik va tarkidunyochilikda ibrat bo'lganlar.
To'g'ri, ular ichida yuqorida zikri kelgan va kelmagan xislatlarning aksarini jamlagan kishilar ham bor bo'lib, bular ham bir nechta kishilardan iborat edi.

Eng muhim va biz uchun kerakli bo'lgani - Rasullulloh va sahobalar xislatlaridan o'shalar o'zlarida jamlagandek jamlay olishga urinishimiz, xislatda serqirra bo'lgan kishilar bo'lishga intilishimizdir.


3. Savol: Ўлим ҳақ. Унга борар йсл ҳақ.
Ҳеч сйлаб ксрганмисиз? Сиз қандай слим топишни истардингиз?

Javob: Albatta, o'lim haq. Musulmon kishining vazifasi - o'limni ko'p esga olish. Payg'ambarimiz "Lazzatlarni kesuvchi o'limni ko'p yodga olinglar" der edilar (Termiziy, Nasoiy va boshqalar rivoyat qiladilar). Men ham boshqa musulmon kabi hayotim yaxshilik bilan tugashini, chiroyli xotima topishimni orzu qilaman. Imom Muslim Sahl ibn Sa'd (r.a.) dan rivoyat qilgan hadisda payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam "Kim Allohdan shahidlikni chindan (chin yurakdan) so'rasa Alloh uni (Jannatda) shahidlar turadigan o'rinlarga yetkazadi, garchi to'shagida vafot etsa ham" deydilar. Alloh bizlarni shunday martabalardan bebahra qilmasin.


4. Savol: Hayotda o'zingiz qadrlagan eng yaqin kishingizni qabrga qo'yganmsiz? Yaqinlaringiz uchun qabr kovlab ko'rganmisiz? O'sha vaqtlarda qalbingizda o'tgan kechinmalaringiz qanday bo'lgan?

Javob: Qabr kovlab ko'rmaganman. Lekin qabrga tushgan vaqtlarim bo'lgan. Oxirgi bor qabrga tushganim bundan ikki yil ilgari Ramazon oyida ko'pchilik xabardor bo'lgan Abdulquddus qori (Abduvali qori aka o'g'illari) vafot etganida uning qabriga kiruvdim (mendan boshqa bir Makkalik asli o'zbek domla, Abdulquddusning bir qarindoshi bor edi). Hozirgidek esimda. O'sha kunlari Abdulquddus kelganidan keyin menga tel. qildi, bir necha bor gaplashdik. O'sha vaqtlarda Makkada edim. "Aka, Makkada ko'rishar ekanmiz unda, mana biz ham 13-Ramazonlarda Madinadan chiqayapmiz" dedi. Ha...  :( Makkada ko'rishdik, lekin qabristonda, qabr ichida ko'rishdik.. Ehromda jon taslim qilgani uchun boshi, yuzi yopilmagan, shunday kulimsirab yotar edi.. O'shanda o'pka to'lib ketganidan ancha vaqt o'zimizni yig'idan to'xtata olmagan edik.. Bir yoqda mahramlari uning onasini qo'yishayotgan, yana bir tomonda uning o'g'lini yerga berishayotgan edilar...
Unday paytda dunyo bir muddat odamning xotiridan ko'tarilib, oxiratdagi holatlarni eslab qoladi kishi.. Yurak dunyo ishlaridan sovib, barcha narsadan eng muhimi - qoldirilgan foydali amal ekanini chin dildan his qiladi odam...  Xotimamiz chiroyli bo'lsin Ilohim..

Qayd etilgan


shoir  09 Dekabr 2009, 10:03:55

5. Savol: O'zlaringizni e'tiroflaringizcha forum arbuzda ko'p vaqtdan beri ishtirokchi ekansizlar.Shu ishtirokinglar davomida forum sizga nima berdiyu sizlar forumga (yoki forumdoshlar sizlarga ,sizlar forumdoshlaringizga) nima berdinglar?

Javob: Forumdan ko'p narsa o'rgandik. Birinchi navbatda shaxsan men o'z g'azabimni jilovlashni, yaxshi gaplar bilan birga yomon gaplarni hazm qila olishni o'rgandim desam noto'g'ri bo'lmaydi, buni men juda katta foyda deb bilaman. Forumga nima berganimiz esa postlarimizdan ma'lum, yaxshi narsa bergan bo'lsak Xudoga ming bor shukrlar aytamiz, agar boshqacha bo'lgan bo'lsa Alloh taolo o'zi kechirsin, qo'limizdan kelgan narsalarni yozishga harakat qildik.


6. Savol: Бола бслса - шсх бслсин, деган гап бор. Ашлигингиздаги қилган қайси шсхлиг(лар)ингизни ҳалигача сслаб юрасиз? Ўшанда қандай воқеа юз берган сди?

Javob: - Yoshligimda sho'xliklar ko'p bo'lgan. Ko'plari yillar o'tib xuddi oftobda turaverganidan rangi uchib, yupqarib ketgan kiyimdek eskirib ketgan, elas-elas yodga keladigan, hayotda ularni qo'zg'ovchi turtki bo'lmasa yodga ham kelmaydigandek xayol tokchalarining bir chetida yotibdi.. Lekin bir voqea borki, u umuman yodimdan o'chmaydi, xotiramga qo'rg'oshindek quyilib qolgan, har safar uni qo'rquv va alam, afsus va nadomat bilan eslayman (agar buni sho'xlik deb atash mumkin bo'lsa..)..
Ikkinchi yo uchinchi sinflarda o'qir edik.. O'sha paytlar ayni yoz boshlangan vaqtlar bo'lib, tomorqamizda yeryong'oq pishgan palla edi.. Yeryong'oq ekkanlar biladi - avval egatlarga yeryong'oq urug'i (o'zimiz yeydigan yeryong'oq) har 8-10 smga ko'mib chiqiladi, sal o'tmay yeryong'oqning barra bargchalari yerni yorib chiqadi, bir necha kun o'tmay tomorqa ko'm-ko'k yo'l-yo'l ko'katlar bilan bezanib, ko'rganning ko'zini quvontiradigan holga yetadi. Bir-ikki oy davomida ishlov berish natijasida tomorqa ko'm-ko'k bedasimon yeryong'oq o'simligiga, yer tagi esa tuproq ostida yetilib chiqadigan yong'oqlarga - yer yong'og'iga to'ladi.. Ehh... Men gapirib bermoqchi bo'lgan voqea ham ayni yeryong'oq pishig'iga to'g'ri kelgan bo'lib, hosilini yig'ishtirish asnosida bo'lgan edi.. Bir kuni uydagilar (kattalar) yeryong'oqni yig'moqchi bo'ldilar, bunga vaqti, fursati bor qo'shnilar ham yelkalariga shoxa (panshaxa emas, balki temirlari uzun, ingichka qoziqdek qilib ishlangan besh uchli shoxa, beshlik. Buni o'tin ko'tarishga, g'ozapoya yig'imida ko'p ishlatishadi) qo'yishib kirib kelishdi. Tomorqamiz anchagina katta edi.. Bir chetdan har bir kishi xuddi belkurak orqali yer qazigandek shoxa bilan o'zining egatidagi yeryong'oqni yeri bilan ag'daradi, yerdan esa yeryong'oq tomirlariga osilib chiqqan, g'ij-g'ij pishgan hosillar oltindek tovlanib ko'zga quvonch beradi, tevarakka yangi qazilgan yer hidi, hali qurib ulgurmagan ho'l yeryong'oqning o'ziga xos jozibador ifori tarqaydi... Ba'zan yer uncha qumloq bo'lmay, loyi ko'proq bo'lsa hosillar loyga aralashib, qorayib chiqadi.. Biz yosh bolalar esa o'sha tomirlarga osilgan yeryong'oqlarni sitib, paqirlarga yoki kichkina qoplarga solamiz, keyin hovlidagi sementlangan maydonlarga yoyib chiqamiz... Kattalar yetarli egatlarni qazib bo'lib, to biz bularni yig'ib olgunimizcha tomorqani tark etishgan.. Shunday qilib bir-birimizni quvib, g'ala-g'ovur, qiy-chuv bilan ish qilib yurganimizda sheriklarimizdan biri "pishak!!" (janubliklar mushukni pishak deydi) deb baqirib yubordi! Hammamiz sherigimiz ko'rsatgan tomonga qarab chopdik.. Bir-ikkita sherigim kattalar ishlatgan shoxa bilan yugurib keldi.. Hali qazilmagan egatlardan birining orasiga kirib ketgan bu jonivor kichkinagina mushuk bolasi ekan... Bolalarning hay-huylariga uchib, o'zim ham qiziqqanimdan bo'sh turgan shoxalardan bittasini qo'lga olib, 5-6 ta bola mushukchani qurshovga ola boshladik.. Avval quvib, egatlardan tashqariga, yeryong'og'i qazib bo'lingan shudgor bo'lib qolgan yerga haydab keldik, keyin har tomondan hamla qilib o'ynay boshladik.. Mushukcha kichik bo'lganidan, atrofidagi vahshiylarning shoxalar bilan hamla qilaverganidan dovdirab qolgan edi, qochaman deb qalqib ketar, bundan qiyqirishib biz yana unga hamla qilar edik, oxiri qo'rqqanidan qaltiray boshladi, bir-ikki marta shoxa kelib tegib achchiq-achchiq chiyilladida, o'lishga ko'zi yetib, kim hamla qilsa unga sapchiy boshladi, axiyri ko'pchilikning qo'li baland keldi - biz g'olib bo'ldik, mushukchani o'ldirdik!!  :-[
Har doim mushuk haqida so'z borganida yoki shunday vahshiyliklar haqida so'zlanganda lop etib o'sha jon berayotgan mushukcha yodimga keladi, tomog'imga g'ip etib bir nima tiqiladi.. Alloh taolo o'zi kechirsin usiz ham dunohga g'arq bo'lib yotgan bu osiy bandasini...  :2

Qayd etilgan


shoir  09 Dekabr 2009, 10:05:08

Shokirbek she'rlaridan. 1-qism

SOG’INCH

Qishlog‘im sog‘indim juda ham,
Ufqqa tutashgan dalalar.
Oftobda qorayib chinakam,
Chiniqqan sarpoychan bolalar...

Yodimda: ko‘chani changitib,
O’ynardik charchamay chiliklar.
Otamiz, onamiz gangitib,
Qochardik ko‘rsatib qiliqlar..

Esimda: suv kechib, shalabbo,
Kanalda boldirg‘on o‘rganim,
Yodimda tutgayman doimo,
Maykamga qulupnay terganim.

Yoshligim! Vujudim qaltirar,
Bo‘g‘zimga tiqilar hayajon.
Ko‘zimda achchiq yosh yiltirar,
Ko‘rmasman seni men hech qachon!

Muallif: Shokirbek
Manba

Qayd etilgan


shoir  11 Dekabr 2009, 11:35:42

Shokirbek she'rlaridan. 2-qism

BOLALIKNI ESLAB...

Esimda: har kuni changga belanib,
Sarpoychan g’ildirak surardik tinmay.
O’tardi soatga soat ulanib,
Oxir kun botganin qolardik bilmay.

Yodimda: tuganmas, quyuq paxtazor,
Oralab chekanka qilardik uchin.
To’rt uchlik, besh uchlik ko’sakni yig’ib,
Poylardik qizlarni "siylamoq" uchun.

Hanuz yodimdadir: chor atrof dala,
Boshpana bo’lgudek yo’q edi bir joy.
Osmondan sharillab quygandi jala,
Hamma yoq jiqqa ho’l, kiyim-boshlar loy.

Hozir u damlarni hapriqib yurak,
Eslayman ko’zda yosh, ovozim bo’g’iq.
Mayli, jala quysin, loy bo’lsin, biroq,
Qaytib kelsin o’sha yorqin bolalalik!

Lekin, afsus, o’sha shirin damlardan,
Faqat xotiralar qolibdi hayhot!
Hatto o’shal totli xotiralar ham,
Yillar o’tgan sayin uzilar bot-bot!

Ey, shamol misoli yugurgan yillar!
Aziz xotiramga kelsin rahmingiz..
Yoshligimdan qolgan aziz yodgor bu,
Usiz men uzimni his etgum yolg’iz..
Usiz bu dunyodan ketaman izsiz..

Muallif: Shokirbek
Manba

Qayd etilgan


shoir  23 Dekabr 2009, 09:39:39

Shokirbek she'rlaridan. 3-qism

ISYON GULI

Tog‘u adirlarni quchgan qalin qor,
Iliq kun taftidan eriy boshladi.
Go‘zallik, nafosat, gul ramzi - bahor,
Bizning diyorga ham qadam tashladi..

Ilk bor bosh ko‘tardi boychechak yerdan,
Isyon darsin undan o‘rganmoq kerak..
Ajab, bu shijoat keldi qaerdan?.
Bu g‘urur, bu jur’at nelardan darak..?

Kunlar isib biroz, uyg‘ondi olam,
Gullar hidi butun borliqni tutdi.
Qushlar quvnoq sayrar, hammayoq ko‘klam,
Boychechakni esa barcha unutdi...

Bu vaqt vazifasin o‘tab bo‘lgan gul,
Qovjirab, so‘nmoqda edi hayoti.
Ko‘rgan umri qisqa ersa-da butkul,
Lekin gullar ichra yangraydi oti!

Uyg‘ongani uchun barchadan burun,
"Bahor ramzi" derlar olqishlab uni.
Berilmish bu unvon o‘limidan so‘ng,
Shu yo‘lga tikkani uchun umrini!

Qayd etilgan


shoir  14 Yanvar 2010, 08:50:39

Shokirbek she'rlaridan. 4-qism

QATAG’ON

Qavmimni qiyratdi qatag‘on,
Qardoshlar qabrga quladi..
Qaroqchi qo‘llari qizil qon,
Qolgan-qutganlarni quvladi..

Qondoshim! Qanoat qo‘rg‘oni!
Qalbingda qotmasin qo‘rquvlar!
Quzg‘unlar qalbingdan qo‘rqajak!
Qasosing qilarlar qiy-chuvlar!
Qaroqchi qashqirni qirgani,
Qilichlar qinlarin qirqajak!

Qularlar qabrga qo‘ng‘izlar!
Qahramon qardoshlar qolajak!
Qiqirlab qaqajon qor qizlar,
Qiyqirib quvnoqlik qilajak!

Qalblarga Qur’onni qo‘ndirib,
Qaqragan qalblarni qondirib,
Qardoshlar qavmimni qo‘rajak!
Qimmatli qismatin qurajak!

O’shal kun albatta kelajak!
O’shal kun albatta kelajak!


TASVIR...

Sokin subhidamda sip-siyoh sochi,
Sutdek suratiga soya solibdi.
Sirli sinoatga suqlarin sochib,
Sabo sochin sekin silab suyibdi.

Saboyu sochlari sozanda sozi,
Singari sehrli so‘zlar so‘ylabdi.
Sunbul sochlarining savdoyi so‘zi,
Silliq sirtmoq solib seni siylabdi.

Qayd etilgan


shoir  14 Yanvar 2010, 08:51:17

Shokirbek she'rlaridan. 5-qism

IYMONGA CHORLOV

Sokin tun"¦
Betinim porlab samoda..
Yulduzlar nuqradek jilva qiladi..
Hammayoq osuda..
Yengil shabboda,
Atrofdan gul hidi olib keladi"¦

Biroq bu sukunat"¦
Tengsiz jamolni..
Xayollar to'lqini chilparchin qilar..
Kim ham to'sa olar..
Kelgan xayolni..?
O'zi shoh"¦Xohlagan vaqtida kelar"¦

-Hayot o'zi nima?..
Yaralding butun"¦
Ozmidir yo kopmi — yasharsan bunda..
Aytginchi..
Dunyoga kelding ne uchun?!
Qaysi maqsad uchun yaralmish banda??

Bilib qo'y!
Yaratgan Egang-chun har vaqt"¦
Sajdaga bosh egib turmas esang zor..
Qilgan ezguliging..
Bir pulga qimmat"¦
Zero, IYMON bo'lmay, ezgulik bekor..

Shunday ekan..
Do'stlar, hazir bo'laylik..
Doim intilaylik IYMON yo'liga..
Yaxshi amallarda hozir bo'laylik,
Birga g'ov solaylik shayton yo'liga!


SO’Z TIG’I...

Ajab nozik ekan ko‘ngil shishasi,
Salga kirlanadi, salga darz ketar.
Inson ko‘nglin ovla, der yurak sasi,
Shunda malham bo‘lib, dardlari bitar.

Ushbu ezgu sifat rostgo‘y, ko‘ngli oq,
Oliyjanob, mo‘min insonlarga xos.
Ammo Yaratganni bilmagan nopok,
Kimsalar axloqi bunaqa emas.

Ularning maqsadi oxirat emas,
Ushbu damda kelar hoyu havasdir.
Yemoq hamda ayol, lazzat bo‘lsa bas,
Nasihat kor qilmas, o‘git abasdir.

Zero, qalblar qurum bosgan mo‘ridek,
Gunohlar qurumi birla to‘ladir.
Bu yoqda Iblis ham o‘tirmasdan tek,
Ularga vasvasa tinmay soladir:

«Qo‘yaver, darz ketsin, yorilsin, jo‘ra,
Ezilib suv bo‘lsin zormanda yurak,
Nasiya bo‘lgan ming ajrdan ko‘ra,
Oldingda naqd turgan manfaat kerak».

Mo‘minlar bir jonu, bir tan ekanin,
Qalbi so‘qir kimsa qayoqdan bilsin.
Birovga qadagan so‘zlar tikanin,
O’lik qalb egasi qaydan his qilsin!

Asli, mo‘min kishi til va qo‘lidan,
Boshqalarga ozor bermagan zotdir.
Shunda yurgan bo‘lar Islom yo‘lidan,
Ana shunday zotning qalbi hayotdir!

Qayd etilgan


shoir  14 Yanvar 2010, 08:52:02

Shokirbek she'rlaridan. 6-qism

BEVAFOGA

Ey ko'zim quvonchi, qalbim sururi!
Ey ertam ishonchi, sevgim g'ururi!
Ey dilim yupanchi, jonim, shuurim!
Murod-maqsadingga endi yetdingmi?!

Olis-olislarga ko'z tikib nochor,
Tunlar yulduz sanab o'tarman bedor,
Sevgim poymol etib, itqitib, beor,
O'zga yor ilkini tutib ketdingmi?!

Kolxoz qartasida paxta tergani,
Borganda qilgan ahd-paymoning qani?
Derdingku: "Sevgi bu — hayot gulshani"!?
Sevgimiz bir chaqa pulga sotdingmi?!

Qalbim oh chekadi, yig'larman besas,
Keng dunyo ko'rinar go'yo tor qafas,
Axir senga tengmas edi u nokas!
Nahot o'zing shunday tuban etdingmi?!
Hayotimdan endi chiqib ketdingmi"¦.


SAFARNOMA

Borsang Toshkentga agar,
Mahmudjonni mahkam tut,
Tilidan yog'ar shakar,
Dardlaring bo'lar unut.

Dangasa, ayyorligin,
Qo'shmasak ham bo'ladi.
Yaxshi fe'llar borligin,
Aytsak o'rni to'ladi.

Har bir yo'l, har dahani,
"G'izillab" topar shovvoz,
Yotargachi, joy qani?
Desang, deydi: juda soz.

Mehmonxona, - der - yaqin,
Topgaymiz, - der- g'izillab.
So'ng yurar xuddi chaqin,
Qolar yurak bezillab.

Lek moshinlar karvoni,
Unga yo'l bermaydi hech,
Halqumga kelar joni,
Chunki vaqt bo'lmoqda kech.

O'ngga, so'lga boradi,
Mahmudjon xo'b pitirlab,
Tag'in ancha yuradi,
Necha kilometrlab.

Oxir topadi bir joy,
Turadi to'kib savlat.
Oddiy emas, naq "saroy",
Chiqdik uchinchi qavat.

Joylar zo'r, shinam, toza,
Ko'rsang ko'zing quvonar.
Uxladik qilib maza,
Toki bo'lguncha sahar.

Shunda birov soati,
To'xtamay jiringladi.
Men toq bo'lib toqatim,
Uyqusirab tingladim.

Dedim: Buncha urar do'q,
Insof bormi loaqal?!
Hali tong ham otgan yo'q,
Nechun dodlar bemahal?!

Keyin bomdod vaqtida,
Birov hojatga kirdi.
Yastangandek taxtida,
O'nbesh minut o'tirdi.

Bu yoqda bo'lib tarang,
Biz kutib o'turibmiz.
Mushtumni qisib arang,
Zo'rg'a chidab turibmiz.

Va nihoyat bizga ham,
Kirishga navbat yetdi.
U esa chiqib beg'am,
Kulib xonaga ketdi.

Hangomalashib xullas,
Hazillashib o'tirdik.
Suhbat qilishib bir pas,
So'ng uyquga erk berdik.

To'qqiz bo'lganda soat,
Apil-tapil turishib,
Yengil taranib faqat,
Tez ketdik yo'lga tushib.

Ancha yurgach, bittamiz:
To'xtang ey do'stim, dedi.
Axir qayon ketamiz?
Qobketdi kostyum! dedi.

So'ngra xijolat bo'lib,
Xo'rsinib boqib chetga.
Dedi o'pkasi to'lib:
Qolibdir yana setka.

Ortga qaytdik jadallab,
Oldik kostyum, setkani.
So'ng yana bir amallab,
Yo'lga tushdik ketgani.

Alqissa tush pallada,
Toshkentdan ketdik chiqib.
Har xil o'y har kallada,
Borarmiz jim, toliqib.

Goh adirdan, goh cho'ldan,
Har xil suhbat qilindi.
Eyarmiz deya yo'lda,
Shirin taom olindi.

Goh chindan, goh hazildan,
Gaplarga gap ulandi.
Ba'zan sekin, ba'zida,
Xandon otib kulindi.

Shunday qilib safardan,
Keldik to'rtovlon do'stlar.
O'tib gina-kadardan,
Kechirishib kam-kostlar.

She'rim oxirin ular,
Madhi ila bezatsam,
Shirin-shirin tuyg'ular,
So'zlar ila kuzatsam.

Har biri olamga teng,
Do'stlar ekanin bildim.
Qalbi pok, fe'llari keng,
Rostlar ekanin bildim.

Yo Rab, mahshar kuni ham,
Ham Firdavs jannatida.
Bizlarni qilib hamdam,
Payg'ambarlar qatida.

Aylab bizni jovidon,
Qullaringni shodon qil!
Mangu baxt etib ehson,
Mangu jannatmakon qil!

Qayd etilgan


shoir  14 Yanvar 2010, 08:52:50

Shokirbek she'rlaridan. 7-qism

G'AZALLAR

Dilda g'am, ko'zimda nam, ko'p o'rtadi jonim mani,
Qayda ul yorimki, kelsa, bo'lsa darmonim mani.

Oh, ul oyni hajridin bag'ri dilim ming poradur,
Bir ko'rub, ilkini tutsam, yo'qtur armonim mani.

Dilbarim, ko'p fursat o'tdi, zarra parvo qilmading,
Rahm etib, noz etmayin, kelsangchi, cho'lponim mani.

Korvondin ayri qolg'on tevadek devonavor,
Ishq sahrosida yondim, qayda sarbonim mani.

Qo'rqamen toptab bu Shokir ishqini etsang xarob,
Qolmag'aysanmu uvolig'a qadrdonim mani.


* * *

Bir qiyo aylab pari qildi ulug‘ holim zabun,
Onchakim, hajrida yosh o‘rnig‘a ko‘zdin oqdi xun.

Ko‘zlarin ohug‘a mengzatgum, qoshin yov yoyig‘a,
Kiprigikim sanchilur nashtar kibi bag‘rimg‘a chun.

Gar qizil rang istar ersam, bormag‘ayman chor taraf,
Yor labi bo‘lg‘ay kifoya mengakim, chun lolagun.

Ul parining ishqida devonadurman, do‘stlar,
Ayriliq o‘ti yurak-bag‘rim yaro qildi butun.

Shunda bir sohibdilim aydi: "Unut, hech yodlama",
Man dedim: "Kosh, balki bul kundin batardur erta kun".

Garchi ul zolimni hech parvosi yo‘qdur holima,
Rabbima yolvoraman har kech oning baxti uchun.

Tangrig‘a shukr et, ayo Shokir, sabrlik banda bo‘l,
Ko‘p kishining baxti bul dunyoda hech o‘lmas butun.


* * *

Dilim g‘ash, ko‘zlarim yoshliq, samog‘a yetdi faryodim,
Na bo‘lg‘ay bir nazar tashlab nigorim aylasa yodim.

Kecha-kunduz aning yodida rangim za’faron o‘ldi,
Qani dardim bayon aylarg‘a topsam xushsuxan nodim.

Nahot orzuyima yetmay ko‘yida xonumon kuysa,
Nahot Shirin kabi yorim demas: "Kel munda, Farhodim".

Taajjub etmangiz gar bunda jonim tez chiqar bo‘lsa,
Ne tong, novaklari-la dilni teshkan o‘lsa jallodim.

Ayo do‘stlar, bu Shokirbekni emdi beklig‘i yo‘qdur,
Nechukkim, aylamish ruxsorig‘a bandi parizodim.

Qayd etilgan